Sharqshunoslar, tarixchilar va mumtoz adabiyot mutaxassislari orasida Zahiriddin Muhammad Boburning saxovati, himmati balandligi, hatto raqib va dushmanlariga nisbatan ham xayrixohlik bilan yondoshgani ma’lum bahs-munozaralarga sabab bo‘lgan.
Sharq xalqlari madaniyati va tarixida hamisha saxovat, ochiqqo‘llik insonning eng yaxshi xususiyati sifatida qadrlanib kelingan. Zahiriddin Boburning “Boburnoma”sida ham muallif o‘zining qalamravidagi oddiy odamdan boshlab otasi Umar Shayx, temuriy shahzodalar va beklar xususiyatidagi karam, xayru saxovatni olqishlagan, bu xususiyat ularning ijobiy jihatlarini to‘ldirgan. Boburning o‘zi ham yoshligidan saxovatni umr mazmuni deb bilgan, bir umr shunga amal qilgan. Biroq, Boburning saxovatga bo‘lgan munosabati va ochiqqo‘lligi uning shaxsiyati va ijodini o‘rganuvchi olimlar, tarixchilar tomonidan hamisha ob’ektiv baholanmagan, aniqrog‘i allomaning bu xususiyati mavjud iqtisodiy, siyosiy, ma’naviy va mafkuraviy sharoitni yaxshi tahlil etmasdan qilingan xulosa sifatida baholanishi mumkin.
Mazkur maqolada keltirilgan dalillar, voqealar tasviri juda qadimdan Sharq xalqlari, alalxusus bizning yurtimizda mehr-muruvvat ko‘rsatish, beva-bechoralar boshini silash, kamchiligini to‘ldirishga xayrixoh bo‘lish ota meros ekanligidan ham dalolat beradi. Mazkur mavzuni oydinlashtirish uchun L. P. Sharmaning «Boburiylar saltanati» kitobida keltirilgan parchaga diqqatingizni tortmoqchimiz: “Bobur esa davlatning iqtisodiy asoslarini mustahkamlash o‘rniga xazinani o‘g‘li, amaldorlari va askarlariga saxiylik bilan taqsimlab berdi, bu esa saltanatdagi moliyaviy vaziyatni qiyin ahvolga solib qo‘ygan edi. Shuning uchun ham Humoyunga otasidan iqtisodiy inqirozga yuz tutgan, poydevorlari nurab turgan saltanat meros qolgan edi. Buning ustiga, otasining vafoti oldidan o‘z ukalariga nisbatan g‘amxo‘r va shafqatli bo‘lishi haqidagi vasiyati itoatkor o‘g‘ilni ko‘p mushkilotlarga duchor qildi”.
Asosiy maqsadga o‘tishimizdan oldin L. P. Sharmaning bu bahosidagi ayrim jiddiy jihatlarga diqqatni tortmoqchimiz. Birinchidan, L. P. Sharmaning Zahiriddin Boburning davlatchilik siyosatiga oid yuqoridagi fikrida ob’ektiv baho berilmaganligini ko‘ramiz. Bobur to‘ng‘ich o‘g‘li Humoyunga «iqtisodiy inqirozga yuz tutgan, poydevorlari nurab turgan saltanat”ni emas, iqtisodiy jihatdan bemalol boshqarishi mumkin, yaroqli davlatni qoldirgan edi. Ikkinchidan, L. P. Sharma Boburning to‘ng‘ich o‘g‘li Humoyunga yozgan tarixiy maktubi-vasiyatnamo o‘giti Sharq axloqi va tarbiyasida yuksak o‘rin tutgan bebaho hujjatdir. Otaning davlatchilik ishlariga ancha kirishgan, saltanat boshqaruvida ma’lum kamchiliklarga yo‘l qo‘ygan o‘g‘illarini bir yoqadan bosh chiqarib, mamlakatni bamaslahat kichikka kattaning ehtiromi, katta kichikka muruvvat asosida davlatni boshqarishini ta’kidlab aytganki, bugun ham davlat boshqaruvida o‘z kuchini yo‘qotgan emas. L. P. Sharma esa Boburni farzandlari tarbiyasida nojo‘ya qarorga kelganlikda ayblamoqdaki, yana bir karra bu Harb olimining Sharq odobi va falsafasini tushunmasdan baho berganligini ko‘rsatadi. Yana bir iqtibosni keltirmoqchimiz: L. P. Sharma Zahiriddin Bobur davlatchiligida moliyaviy masalalar haqidagi yuqoridagi fikrini yanada isbotlash va quvvatlash uchun ingliz tarixchisi Rashbruk Uilyamsning quyidagi fikrini keltiradi: Bobur «… o‘z o‘g‘liga faqat urushlar tufayligina ushlab turish mumkin bo‘lgan, tinchlik paytlarida esa moliyaviy jihatdan kuchsiz va kelajagi noaniq bo‘lgan saltanat qoldirgan edi».
Yuqoridagi ingliz olimlarining fikrlarini yevropalik tarixchilarning fikri-da, deb qoldirish mumkin emas, nazarimizda. Bu masalani aynan Boburning shaxsiy xarakteri, uning davlatchilik siyosati, qolaversa, bir umrlik g‘oya va maqsadi – bobosi Amir Temur saltanatini avvalgidek tiklash uchun ko‘pgina cheklanishlarga majbur bo‘lgan hukmdorning uyg‘un yondoshuvining mahsuli sifatida baholanishi mumkin.
Aslida, Zahiriddin Boburning tabiatida yoshligidan saxovat g‘olibmidi yoki Afg‘oniston va Hindistonga yurish qilib, katta boylikni qo‘lga kiritib, cheksiz xazinalarning hisob-kitobini bilmay, uning qalamravidagi temuriyzodalar, bekdan tortib fuqarogacha taqsimlab berdimi? Yoki, bunga o‘sha paytdagi tarixiy-ijtimoiy, siyosiy jihat, nomuvofiq tabiiy holat asos bo‘ldimi? Boburning mulk, boylik bo‘lish siyosatida uning shaxsiyati qay darajada o‘z aksini topgan? Mazkur maqolada imkonimiz yetguncha shu savollarga javob berishga intilamiz. Bunda Boburning badiiy mahorati, ruhshunosligi, siyosatdonligi va bu xislatlarining «Boburnoma”da mohir adib sifatida yoritilganligiga ham e’tibor qaratdikki, bu Bobur shaxsiyatiga ancha oydinlik kiritadi deb o‘ylaymiz.
Bobur saxovatining ilk kurtaklari. “Boburnoma”ning dastlabki sahifalari va voqealarini mutolaa qilar ekanmiz, Bobur otasi Umar Shayxning vafotidan so‘ng temuriyzodalar orasidagi juda murakkab toj-taxt talashish, yurtga egalik qilishdek qaltis mexanizm qurshovi va ziddiyatlari orasida qoladi. 1497 yilda 14 yoshida birinchi marta bobosi Shohrux mirzo hukmronlik qilgan Samarqand taxtiga o‘tiradi.
Maqsadga ko‘chishimizdan oldin temuriylar saltanatida mulk taqsimlash, qo‘lga kiritilgan o‘ljani bo‘lish, saroy ahli va sulton (podshoh) qarindoshlari, beklar, lashkarboshi va zobitlar, askarlar va hatto kayvoniylargacha qaysi miqdor va tartibda mablag‘, mulk belgilash qonuni rasm bo‘lganligini ta’kidlamoqchimiz.. Ayniqsa, lashkarlarga ular tomonidan bir hudud, viloyatlarni egallaganlaridan so‘ng qo‘lga kiritilgan mulkni bo‘lish tartibi ikir-chikiri bilan belgilangan va bu o‘ljalar ma’lum mas’ul shaxs tomonidan tayinlangan, berilgan. Bir sarlashkar, sulton, bek va yuzboshiga askar bo‘lib kirish, dasta, guruh , gohida juda katta miqdordagi lashkarlarning birlashishi eng avvalo ana shu ulushning miqdori, kafolatlanganlik darajasi va albatta, sarkardaning mahorati va saxiyligiga ko‘proq bog‘liq bo‘lgan.
Bundan tashqari, sulton, shohning o‘z hukmi, rag‘bati, bevosita xohishi bilan ma’lum shaxslarning saltanatga qilgan xizmati, muhorabadagi jasorati va mardligi, o‘z shohiga yuksak sadoqati uchun turli miqdorda moddiy mukofotlar ham berilgan, ular yuksak vazifalarga tayinlangan. Bu ham belgilangan umumiy tartibga ega bo‘lib, sultonlar saroyida qat’iy tartib asosida bajarilgan.
«Boburnoma”da ta’kidlanganidek, Bobur Samarqand taxtini egallar ekan, Sulton Abusaidning o‘g‘li Boysunqur mirzo yetti oy bu shaharda qamal holatida qolib, shaharning iqtisodiy imkoniyati juda nochor bo‘lib qolgan, ayniqsa, oziq-ovqat yetishmasligi lashkarni tang holatga kiritgani haqida yozadi. Shunday og‘ir sharoitda Samarqandga egalik qilgan Boburning ham ahvoli tang edi ( «Cherik elining o‘ljasi tugandi. Samarqandni olg‘onda Samarqand andoq xarob erdikim, madad va tuxum va taqovig‘a ehtiyoj bor edi»).
Shunga qaramasdan, uning atrofidagilar – bek va lashkarboshilar undan moddiy va ma’naviy shafqat kutganlar. Aynan shu holatda ham u qo‘l ostidagilarga, hatto uning Andijon taxtiga ko‘z olaytirgan dushmani, raqibi Ahmad Tanbalga ham mukofot beradi, bu kamlik qilganidek uning mansabini «ulug‘ beklar chargasi”gacha yetkazadi. Aynan ana shu himmat va saxovatni amalga oshirayotgan davrda Zahiriddin Bobur “burung‘idek –o‘q rioyat va inoyat qildim” der ekan, bu xislatni Olloh uning tabiatida bolaligidan ato etganligini, qo‘lga kiritilgan boylik, tuman va viloyatlar manfaatidan ko‘ra Amir Temurning yagona imperiyasini qayta tiklash unda asosiy maqsad va harakatlari g‘oyasi bo‘lganligini ko‘ramiz: “ Samarqand taxtig‘a o‘ltirg‘och, Samarqand beklarini burungudek-o‘q rioyat va inoyat qildim. Bizning bila bo‘lg‘on beklarni ham faroxo‘ri hollarig‘a yarasha tarbiyat va shafqat qildim. Sulton Ahmad Tanbalning borasida rioyat ko‘prak voqi’ bo‘ldi. Ichki beklar chargasida edi, ulug‘ beklar chargasida rioyat qildim».
Zahiriddin Boburning saxovati darajasini uning zamondoshlari, ayniqsa, temuriyzodalar, bek va zodagon xonimlar xarakterini tasvirlashi orqali ham anglab olishimiz mumkin. Bu tasvirlarda Bobur mohir adib sifatida kishilarning ichki dunyosi, jamiyat, boylik, mansabga bo‘lgan qarashlarini ham yaqqol ochib beradi. Masalan, uning Xusravshohga bergan bahosi buning yaqqol dalilidir. Bunda Bobur juda murakkab, nochor ma’naviy, iqtisodiy ahvolga tushib qolgan, boshqalarning madadiga muhtoj bo‘lgan payti. Biroq, Xisravshoh –Bobur amakivachchasi Sulton Mahmudning martabali beki , “saxovat va karam bila ma’ruf va mashhur” shaxs sharoitga qarab, buqalamunga aylanib Boburga nojiz himmat qiladiki, buni himmat deyish ham amrimahol: “Manga bir furudroq ot yiborib, o‘zi ham kelmadi. Bizga yetganda saxovat bila mashhur bo‘lg‘on el xasis bo‘lur. Muruvvat bila mazkur bo‘lg‘on elning muruvvati unutulur. Xisravshohkim, saxovat va karam bila ma’ruf va mashhur edi, Badiuzzamon mirzog‘a ne nav’ xizmatkorliqlar qilg‘oni mazkur bo‘ldi».
Fikrimiz tasdiqi uchun yana bir misol keltiramiz. Bobur tasvirida Muhammad Valibek mansabparast shaxs, yuqori lavozimga ega bo‘lishi bilan o‘zining bosar-tusarini bilmay qolgan. Lekin Boburni adib, shaxs sifatida hamisha yuksaklikka ko‘targan jihat u kim haqida gapirmasin, u haqida faqat rostini so‘zlash printsipiga amal qiladi.Ana shu bois bu shaxsning tabiatida saxovat, bechoralarga yordam qo‘lini cho‘zish ijobiy jihati ekanligini alohida ta’kidlaydi. Demak, saxovat, mehr-muruvvat kishining yuksak xislati, odati. Bu sifat kishini bezaydi, ko‘rkamlashtiradi, Bobur: “Navkarni bir shiq va ranga saxlar edi. Faqir va miskinga o‘z iligi bila g‘alaba xayr qilur edi» deb Muhammad Valibekning ijobiy jihatini uning saxiyligida deb biladi va alohida ta’kidlaydi.
Zahiriddin Bobur kishilarning baxillik bois tangdastligi, muruvvatni atayin ravo ko‘rmasligini inson tabiatidagi eng salbiy xislat sifatida baholagan. Bu noqislik kimning tabiatida sodir bo‘lmasin, Bobur buni ochiq-oydin, ikkilanmay bayon etgan. Masalan, u o‘zining buvisi Shohbegim haqida gapirar ekan, faqatgina o‘zini emas, balki butun avlodi bu zodagon ayolga yuksak e’tibor bilan qaraganligini, hatto Bobur Afg‘onistonni egallagandan keyin bu yurtning eng ko‘rkam, Kobul shahri tog‘ yon bag‘ridagi so‘lim go‘shasi Pag‘monni Shoh Begimga tortiq etganligini aytadi. Bu bilan biz yana bir karra Bobur tabiatida saxovat avlod meros ekanligiga ishonamiz.
Aksincha, Shohbegim Bobur nochor qolganda emas, u Kobul taxtida bo‘lganda unga xiyonat qilib, taxtni suyukli nevarasiga olib berish uchun isyonga rahbarlik qiladi, saltanat yaxlitligini saroy ichining kichik masalalariga qurbon qilmoqchi bo‘ladi. Bobur yozadi: «Mening inim Mirzoxonning va onasi Sulton Nigorxonimning ayn va ma’mur viloyatlari bor edi, men va onam viloyat xud tursun, bir kent va bir necha qush egasi bo‘la olmaduk. Mening onam Yunusxon qizi va men nabirasi emasmu edim?».
Bunday misollarni «Boburnoma”dan anchagina keltirish mumkin. Demak, Boburda saxovat va muruvvat xislatlari uning qonida bo‘lgan, avlodidan meros tarzida o‘tgan. Buning ustiga, temuriy davlatchilik tartibi hamisha qo‘lga kiritilgan boylik va mulkka mutasaddiy kishilarni tayinlashni ham taqozo etar edi. Lekin, «Boburnoma”dagi dalillar asar muallifining inson qadri, uning jamiyatdagi mavqei, Bobur saltanatiga fidoiyligi va hatto oddiy jangchi sifatidagi xususiyatlariga qarab ham yuksak mukofotlar, mulklarni berganligini ko‘ramiz. Bu, Boburni unga zamondosh hukmdorlardan farq qildiradi, bugungi til bilan aytsak, Boburning inson omiliga e’tibori yuksak bo‘lgan.
Keng saxovat darvozasining ochilishi. “Boburnoma”dagi ma’lumotlarga asoslansak, Zahiriddin Bobur saltanati iqtisodiy holatining yuksaklikka ko‘z tutishi Kobuldagi hukmronligi davrining oxirlariga to‘g‘ri keladi. Ungacha, qo‘lga kiritilgan shahar va qishloqlarning mayda-chuyda mol-boyliklari, chorvalari va uy-ro‘zg‘or buyumlarini taqsimlash mavjud lashkarlarni saqlab turishga arang yetgan, xolos. Shu bois, Bobur o‘sha paytda bu yurtning eng katta, nisbatan boy viloyati bo‘lgan Qandahorga – Shayboniyxon egalik qilishni orzu qilgan shaharga undan oldin kirib, egallab, o‘zi ta’kidlaganidek katta boylikka ega bo‘ladi.
Ana shu kundan boshlab Boburning yuksak saxovatiga eshik ochiladi. Bemalol aytish mumkinki, bu saxovat keyingi paytda, eng avvalo Kobul hokimiyatida Boburning atrofida iqtisodiy jihatdan qiyinchilik tortayotgan beklar, lashkarboshi va askarlar ko‘nglini topish, o‘ziga ular va boshqa safdoshlarining sadoqatini oshirishga qaratilganligi aniq. Boburning boylik taqsimlashiga diqqat bilan nazar solsak, shuni anglaymizki, u podshoh bo‘lishiga qaramasdan, gohida hatto qo‘l ostidagilarning moliyaviy tartiblarni buzganliklariga e’tibor bermay, hatto Nosir mirzodek yaqin temuriyzoda undan so‘ramasdan xazinaga chang solganligini ham kechirib, u bilan murosa qilganki, bu – davlatchilik nizomiga uncha mos kelmagan. Boshqa jihatdan, agar bu masala oddiy xalq manfaatini himoya etadigan bo‘lsa, nojiz moddiy manfaat bo‘lsa ham qattiq jazolagan. Masalan, Afg‘onistonning Ningarhor yo‘lida bir askar yo‘lovchi afg‘onning qo‘lidan oilasi zarurati bois olib borayotgan bir xumcha yog‘ini zo‘ravonlik bilan tortib olganligi uchun Bobur bu askarni hammaning oldida o‘limga mahkum etadi va bu ishni boshqalarga ibrat bo‘lsin deb qilganligini bildiradi.
Boburning temuriyzoda Nosir mirzo va boshqalarga qilgan yuksak saxovatini ko‘rib chiqsak. Bu davrdagi Bobur davlatining moliyaviy ahvoliga nazar solsak, saltanat moddiy jihatdan nochorroq, Qandahorda o‘ljaga olingan anchagina boylik Boburning ko‘zlagan maqsadlari: Hindistonga qarab yurish qilish, lashkarning qurol-aslaha, oziq-ovqat bilan ta’minlashga yetmaydi. Lekin, Bobur tabiatan boylik orttirish, to‘plash maqsadida yashamagan, undan ko‘ra mustahkam saltanatni qayta yaratish maqsadida odamlarning ko‘nglini topishga diqqatini qaratgan. Mana bu misol uning yorqin dalilidir: “Tonglasi Farruxzodning chahorbog‘igakim, o‘rdu anda edi keldim. Qandahor viloyatini Nosir mirzog‘a berdim ( Shuning o‘zi ham katta mukofot edi-ku! – H.Q.) Xizonalarni zabt qilib, yuklab chiqar mahalda, arktag‘i xizonadin bir qator teva yuki oq tanga Nosir mirzo olib qolibtur. Ani tilamay, Nosir mirzog‘a –o‘q inoyat qildim” – (Ta’kid bizniki H.Q.).
Shu tarixiy sahnadan mavzuimizga oid yana bir parchaga diqqatingizni tortamiz. Bunda ham Boburning ortiqcha saxovati hukmron. Bobur qo‘lga kiritilgan boylikni na oldindan hisobga oladi, na uni me’yori bilan taqsimlaydi va na moddiy tejamkorlikni ishga soladi, balki bu muhorabadagi yutuq, mardonaligi uni sarxush etgan. Shu bois ayrim g‘arb olimlarining nazarida uning saxovatining cheki yo‘q, bu harakatlari ortiqchadek ko‘ringan. Aslida, u o‘z tarafdorlarini imkon qadar ko‘nglini topishga, atrofidan ketkizmaslikka, Hindiston safari oldidan harbiy kuch to‘plashni bosh maqsad etgan; “Qandahor navohisida xizona ulashgucha fursat bo‘lmadi. Qorabog‘da to‘rt-besh kun turub, xazinani ulashildi. Sanamog‘ning ishkoli bor edi, tarozi bila tortilib ulashildi. Bek va bekot, navkar va tobin xarvor-xarvor va qop-qop oq tangani vajh ulufalarig‘a yuklab, ko‘tarib eltarlar edi (Ta’kid bizniki – H.Q.) Qalin o‘lja va mol, ulug‘ obro‘ va nomus bila Kobulg‘a kelildi”.
Aslini olganda Zahiriddin Boburning Afg‘onistondagi saltanatini yaqinlariga qoldirib Hindistonga kelishidan maqsadi Amir Temur saltanatini tiklash bo‘lgan, albatta. Ammo, bunday keng va yirik saltanatni asrash uchun o‘sha davrdagi eng qurollangan armiyani saqlash, zobitu askarlar, beklaru davlat arkonlarining sarf-xarajatlarini qoplovchi moliyaviy qudrat ham zarur ediki, bu Hindiston fathining ikkinchi sababi edi.
Hindistonni tasarrufiga olgan Bobur “dushanba kuni rajab oyining yigirma to‘qqizida xizonani ko‘rmak va ulashmak bunyod bo‘ldi,” deydi. Bu tadbir o‘sha davrda o‘ziga xos shukuh va shavkat ramzi bo‘lib, ma’lum moliyaviy aniqliklar kiritilgandan so‘ng uni ulashish boshlangan. Bunda mazkur muhorabalarga hissasi bo‘lgan yoki bilvosita haqqi bor deb bilganlarga xazinadagi pul va boyliklar me’yorga binoan taqsimlab berilgan. Boburning bu mulk taqsimlashi avvalgilaridan ancha farq qilgan. Bu ulush bo‘lishning past-balandligidan shoh Boburning atrofidagilariga munosabati, ularga mehri va yoki beparvoligi, himmatining darajasi, aniqrog‘i har kimning qo‘shgan ulushga qarab tosh-tarozisini belgilovchi me’yorni ham anglash mumkin. Masalan, Bobur to‘ng‘ich o‘g‘li Humoyun mirzoni juda suygan va unga “… yetmish lak ( yetti million – H. Q. ) xizonadin berildi. Yana bir bitilmagan, tahqiq qilmagan xizona uyini o‘shandoq-o‘q Humoyung‘a in’om qildim», deydi. Agar diqqat bilan e’tibor bersak, Bobur xazinadan berilgan juda katta mablag‘dan tashqari, Humoyunga hali hisobga olinmagan, ichidagi boyligi saltanat ro‘yxatidan o‘tmagan xazinani ham in’om etgan. Xuddi shu dalilning o‘zi ham ingliz olimi L. P. Sharmaning Boburdan Humoyunga iqtisodi yemirilgan taxt qoldi degandek fikrini mutlaqo inkor etadi. Zero, Boburning hayotlik paytida Humoyundek behisob xazina va mulkka ega bo‘lgan kishi bo‘lmagan.
Xazina bo‘lishning ikkinchi darajasi beklarga berilgan ulush bo‘lgan. Endi ularga berilgan miqdor agarchi kam emas, bir million, yuz ming, yetmish ming, oltmish ming tangani tashkil etganki, o‘sha davrning hisobida bu juda kata mablag‘ hisoblangan. Xazina miqdorining uchinchi pog‘onasini millatu najotidan qat’iy nazar (afg‘on, hazora, arab, baluj va boshqalar) “har jamoatqa qadri hollarig‘a yarasha xizonadin naqd in’omlar» berilgan.
Xazinadin bahramand bo‘lgan yuqoridagi tabaqaga mansub kishilar Bobur bilan birga muhorabalarga qatnashgan, yoki o‘z hissalarini qo‘shganlardir. Xazina nasib etgan to‘rtinchi pog‘onani shoh Bobur bilan safarda birga bo‘lganlarga tashkil etgan: “Har savdogar va har tolibi ilm va balki har kishikim, bu cherikda hamroh edilar, barcha in’om va baxshishdin havzi vofir va nasibi komil elttilar.”
Yuqoridagi jarayonga diqqat bilan nazar solsak, shoh Boburning «Saltanat va jahongirlig‘ beasbob va olot dast bermas. Podsholiq va amirliq benavkar va viloyat mumkin emas», degan qimmatli fikri yodimizga keladi. Hindistonning diqqinafas ob-havosidan bardoshi tugagan, uy, ahli ayolini sog‘ingan askarni ushlab turish, uning ko‘nglini hech bo‘lmasa moliyaviy tanglik tashvishidan ozod etish chorasini shoh Bobur yuqoridagidek, yuksak muruvvatni masala yechimining kaliti deb bilgan.
Bobur harbiy mahoratining eng diqqatga moligi, uning urush orti masalalariga alohida e’tibor bilan yondoshganidir. Lashkarni zaxira kuchlari bilan ta’minlash, ot-ulov yemishi, oziq-ovqat ta’minoti, lashkar safini to‘ldirish uchun ayg‘oqchilik xizmatini yo‘lga qo‘yish va juda ko‘p muammolar mavjud bo‘lganki, xazinadan yetarlicha mablag‘ talab etilgan. Buning ustiga qo‘lga kiritilgan o‘lja va boylikdan urush ortida bo‘lganlarni ham benasib qoldirish – yuksak strategik rejani buzish bilan teng edi. Temuriy davlatdorlik nizomiga ko‘ra shahzoda va zodagonlar muhorabaga qatnashmagan bo‘lsalar ham bunday yirik yurishlardan o‘z hissalarini kutar edilar. Boburning bu boradagi yozishmalarini kuzatar ekanmiz, bu in’om oluvchilar «geografiyasi”ning naqadar kengligiga, shoh Bobur hech kimni e’tiboridan chetda qoldirmaganligiga guvoh bo‘lamiz. Ayni paytda, bu satrlar Boburning behad saxovati kengligining belgisi hamdirki, kishini hayratga soladi: «Cherikta bo‘lmag‘onlarg‘a ( ya’ni g‘ayri harbiylarga, muhorabaga qatnashmaganlarga – H. Q. ) ham bu xizonadin qalin in’om va baxshishlar bordi. Misli, Komrong‘a yetti lak, Muhammad Zamon mirzog‘a o‘n besh lak, Askariyg‘a va Hindolg‘a ( barchalari Boburning farzandlari – H. Q. ) va balki jami’ uruq-qayosh, o‘g‘lon-ushoqqa qalin qizildin, oqtin, raxttin, javohirdin, bardadin savg‘otlar bordi. Ul yuzdag‘i (ya’ni Xuroson va Movarounnahrdagi kishilar – H. Q.) beklarga va sipohiylarg‘a qalin in’omlar bordi…”
Zahiriddin Boburning saxovatpeshaligi, bu ishni mutlaq beminnat, in’om berayotgan shaxsning kimligini bilmasdan sof ko‘ngli bilan bu yumushni ado etganligini, haqiqatan ham bu xislat unga Olloh tomonidan ato etilganligini quyidagi satrlar yana bir karra isbotlaydi. Bunda Bobur odamlarning na kasbu kori, na jinsi va na jamiyatdagi mavqei, na saltanatga munosabatidan qat’i nazar, hatto bandixonadagi mahbuslarga ham bir shohruxiy bo‘lsa ham in’om tarqatishga amr berganki, bunday saxiylikning namunasini tarix kitoblaridan topish amri mahol: «Samarqand va Xurosondagi mashoyixqa nuzur bordi. Makka va Madinag‘a ham nazr bordi. Kobul viloyati bila Varsak sadasining jondor boshig‘a erdin va xotundin, banda va ozoddin, bolig‘ va nobolig‘din biror shohruxiy in’om bo‘ldi”.
“Boburnoma” satrlarini varaqlar ekanmiz uning muallifining beqiyos hotamtoyligi, saxovatni umr mazmuniga aylantirganligiga guvoh bo‘lamiz. Bu haqda juda ko‘p fikr bildirish, mulohazalar yuritish mumkin. Biroq, butun jahonda uning «Ko‘hi nur» – olmosini to‘ng‘ich o‘g‘li Humoyun mirzoga baxsh etganligidek himmatni kam uchratish mumkin va bunga to‘xtalmasdan o‘tsak, Bobur saxovati haqidagi fikrimiz to‘liq bo‘lmagandek ko‘rinadi.
Hindistonni zabt etish jarayonida bu mashhur olmos dastlab Boburning qo‘liga emas, aynan Humoyun tasarrufiga kiradi va u bu noyob olmosni otasi Boburga tortiq qiladi. Bir qaraganda, bu ganjina aslida Humoyunning o‘ziga taalluqli. Ammo, u otasi shoh Boburdan o‘tib unga egalik qilolmasdi ham. Bobur uni o‘g‘liga qaytarib berar ekan, yozadi: «Agraga kelganda Bikramajitning xaylxonasining qochar xayoli bor ekandurkim, Humoyun qo‘yg‘on kishilar tutub ehtiyot maqomida bo‘lurlar, Humoyun ham tolog‘ali qo‘ymas. Yoz rizolari bilan qalin javohir va jarov Humoyung‘a peshkash qilur. Bu jumladin, bir ashhar shuhratiy olmos edikim, Sulton Alovuddin keltirgan ekandur. Andoq mashhurdurkim, bir muqayyim muning qiymatini tamom olamning ikki yarim kunluq xarji debtur, g‘olibo sekkiz misqoldur. Men kelganda Humoyun menga peshkash qildi, men Humoyung‘a o‘q bag‘ishladim».
Zahiriddin Boburning saxiyligi, uning mulk bo‘lish, in’omlar ulashish, saltanat birligi bois hatto dushmanlariga ham behisob tuhfalar berganligiga guvoh bo‘lamizki, bu alohida mavzudir.
Yuqoridagi misollar shundan guvohlik beradiki, zikr etilgan Harb olimlarining Bobur saxovatpeshaligi, uning davlatchiligidan keyin, farzandlarining saltanatni boshqara olmaganligiga asosiy sabab bo‘lgan, degan fikriga qo‘shilib bo‘lmaydi. Agar Boburdan keyin uning farzandlari Humoyun, Komron va boshqa beku shahzodalar orasida paydo bo‘lgan murosasizlik, dushmanga qarshi bir yoqadan bosh chiqarib kurashishga kuch topa olmaganliklari va albatta, otalari shoh Boburdek yuksak tajriba, mardlik, harbiy mahoratga ega emasliklari sabab bo‘lishi mumkin. Yana bir misol: Boburga otasidan yuksak meros qolganmidiki u Hindistongacha borib shunday yuksak saltanatni yaratdi?! Aksincha, XU1 asrning to‘rtinchi choragiga borib boburiylar saltanati aynan uning asoschisi Zahiriddin Boburning saxiypeshaligi, inson taqdiriga beparvo emasligi, qo‘l ostidagilarning ijtimoiy jihatdan himoyalashdek xislatlari bois Hindistonda 335 yil saltanat qildi, bu yurtning kamol topishida muhim o‘rin tutdi.
Hasan Qudratullayev, filologiya fanlari doktori, professor
“Jahon adabiyoti” jurnali, 2008 yil, 8-son