Turkiy xalqlar tarixi qanchalar qadim, turkiy dunyo hududi naqadar bepoyon, turk tili boy, rangin bo‘lmasin, turk dunyosining adabiyoti ham shunchalar yuksakdir. Bu yuksaklik belgilarini biz yolg‘iz madaniy omillar doirasida olib qarasak, bu muhtasham tarixga va cheksiz hududga, “qavoiyidi mukammal” til va go‘zal adabiyotga nisbatan tor ko‘ngillilik qilgan bo‘lamiz. Zero, turkiy xalqlar tarixining ko‘hna va boy qatlamlarini kuzatganda yolg‘iz hayrat va g‘urur emas, balki hasrat va nadomat tuyg‘ularimizni ham yashira olmaymiz. Boy, lekin taqdiri qadar baxtsiz til; cheksiz, lekin hozirda yuzlab chegaralar ortida bo‘lingan hudud; ulug‘vor, lekin yagona bir qudratli mo‘jizaga aylana olmagan adabiyot — bularning bari turkiy dunyo tamadduni (tsivilizatsiyasi) bilan bog‘liq sevinch va qayg‘ulardir.
“Turk dunyosi o‘rtoq adabiyoti” umumiy rukni ostida chop qilinayotgan kitoblar, asosan, to‘rt yo‘nalishda bo‘lib, ularning biri “Turk dunyosi adabiyoti matnlari antologiyasi”dir[1]. Aytish kerakki, turk noshirlarining bu sohadagi tajribasi ulug‘ va o‘rganishga loyiqdir. O‘ngso‘zdan ma’lum bo‘lishicha, 1991 yilgacha chop qilingan majmualar 1200 dan ortiq nomda. 1430-40-yillarda tartib berilgan O‘mar ibni Majidning “Majmuatu-n-nazoyir”idan tortib 2000 yilda o‘n jildda “Go‘zal yozuvlar” umumiy nomi ostida nashrdan chiqqan majmua (Ismoil Porlatir va.b.)larning nomlari yoki mualliflari ro‘yxatini keltirish ham birgina maqola doirasida mumkin bo‘lmagan ishdir. Bu birgina Turkiya jumhuriyatida bajarilgan ishlar, agar buning qatoriga Toshkent va Almati, Bishkek va Asxabad, Qozon va Ufa, Urumchi va Bokuda chop etilgan majmualarni qo‘shsak, turk dunyosi adabiyotining targ‘iboti ham keyingi davrlarda yomon kechmaganini ko‘ramiz.
XX asr boshlaridagi Ismoil Hikmatning “Turk adabiyoti tarixi” (1926), Fitratning “Eng eski turk adabiyoti namunalari” (1927) va “O‘zbek adabiyoti namunalari” (1928), Fuod Ko‘pruluning “Devon adabiyoti” (1934) yoki “Turk soz shoirlari” (1940) kitoblari majmuachilik birgina targ‘ibot ishi bo‘lmay, balki tadqiqot ishi ham bo‘lganini anglatadi.
1-jild Otaturk Yuksak Qurumi boshqoni prof. Sodiq Turalning “Bir Antolojinin var o‘lushi” (“Bir majmuaning yaratilishi”) maqolasi bilan ochiladi. So‘ng prof. Shukri Elchinning “O‘ngso‘zi”dan keyin majmuaga kiritilgan matnlar “Anonim” adabiyot sarlavhasi bilan miflar, afsonalar va manqabalardan namunalar hududlar bo‘yicha tartiblashtirilgan: dastlab Turkiya va balkanlar, Ozarbayjon, Qora dengiz va Shimoliy Kavkaz turklari, Turkiston, Idil — Ural va Janubiy va Shimoli Sharqiy Sibir hududlari bo‘yicha folklor asarlaridan namunalar keltirilgan. Chunki turk asotirlarining qamrovi dunyoning paydo bo‘lishidan tortib, kundalik maishiy hayotning ikir-chikirlarigacha bo‘lgan mazmunni o‘zida aks ettiradi. Qariyb 700 sahifani tashkil etgan kitobning atigi 50 beti Turkiya turklari folkloriga bag‘ishlangani majmua mualliflarining o‘z sohasiga insof bilan yondashganini ko‘rsatadi.
Tabiiyki, Turkiston hududi bizni qiziqtirgani holda bu ruknda berilgan o‘zbekcha mif, afsona va rivoyatlar mundarijasiga e’tibor qaratamiz. Majmuada To‘maris, Zariadr va Odatida, Shiroq, Ibn Sino (uch afsona), Mirzo Ulug‘bek (ikki afsona), Navoiy va Qora Bo‘g‘roxon nomlari bilan bog‘liq afsona va rivoyatlarning qisqa bayonlari keltiriladi (bularning nashr manbalari aytilmay, barchasi prof. B. Qosimovning arxividan olingan deb ko‘rsatilgan). Buning ustiga matnlarning fonetikasi o‘qishga moslashtirilgan o‘zbek tilida berilishi (turkcha tarjimasi bilan) kitobxonlar tomonidan ularni tushunishni yengillashtiradi. Biroq matn parchasi olingan manba aniq ko‘rsatilsa, ilmiy jihatdan to‘g‘ri bo‘lur edi. Har yili maktab darslik — majmualarida millionlab nusxada e’lon qilinib, o‘zbek o‘quvchilarining qalb mulkiga aylangan To‘maris va Shiroq kabi afsonalarning “arxiv mulkiga aylantirilishi” o‘zbek ziyolilarning sha’niga ham durust ish emas. Ko‘p ming yillik tariximizdan tanlab olingan bu mif va afsonalar o‘zbek madaniyati va tamadduni qirralarini o‘z tilida dunyoga namoyish qiladi. Biroq umumiy hajmi 100 bosma taboqqa yaqin mif va afsonalar jildligidan atigi 8 sahifalik o‘ntacha qisqa asarning joy olishi turk dunyosida o‘zini butun ko‘rishni istagan o‘zbek kitobxonlarini qoniqtirmaydi, albatta. “Avesto” yoki “Tarixi Tabariy” va “Jome’u-t-tavorix” tarkibidagi mif va afsonalarning o‘zi mingdan ortiq. Ularda zoti basharning olam va odam haqidagi poetik tafakkuri ibtidosi aks etgan. Birgina “Jome’u-t-tavorix”da dunyoning paydo bo‘lishi haqidagi qarashlar Sh. Ibrav tayyorlagan qozoq afsonalaridan (66 bet) hamda Tuva turklari (78 bet) afsonalaridan ko‘hnaroq va turk tamadduni taraqqiyotiga doxilroqdir. Majmuadagi rivoyatlarning vujudga kelish davri cheklanmagan ko‘rinadiki, undan XX asr boshlarida yaratilgan ayrim aytimlar ham o‘z aksini topgan. Shunday ekan, birgina Islom mifologiyasi bilan bog‘liq Turkistondagi rivoyatlar (majmua sarlavhasiga imkonni kengaytirib “manqabalar” so‘zi ham qo‘shilgan) sanog‘iga yetib bo‘lmaydi. Ana o‘shalarning ayrimlariga ham majmuadan joy berilganda turk mifologiyasi tarixida O‘zbek fenomenining o‘rnini to‘g‘riroq belgilash imkoni bo‘larmidi?
“Antologiya”ning 2-jildidan dostonlar o‘rin olgan bo‘lib, uning Turkistonga bag‘ishlangan bo‘limida Turkmaniston (347-599 b.), O‘zbekiston (600-687 b.) va Uyg‘ur turklarining (688-715 b.) dostonlari berilgan. O‘zbek dostonchiligining shoh asari “Alpomish”ning jilddan o‘rin olishini tabiiy deb bilganimiz holda asardan olingan uch qisqa parcha va uning Turkiya turkchasiga tarjimasining berilishi bu buyuk daho asarga bo‘lgan hurmatning natijasidir. “Alpomish”ning o‘zbek tilida bir necha rivoyat va variantlari mavjudligi, ularning turli xil baxshilar tomonidan kuylanib, turli yillarda bir necha martalab nashr etilganidan o‘zbek o‘quvchisi xabardor. Biroq kitobda bu parchaning qaysi nashrdan olingani yoki kim tomonidan aytilgan variant asosida matn tayyorlangani ko‘rsatilmagani uchun uning sifati haqidagi fikrlarimizni kimga qarata aytishni bilmaymiz. Jildning ichki muqovasida esa, “Bu jildning yozarlari” sarlavhasi bilan O‘zbekiston uchun mas’ul prof. B. Qosimov va L. Qayumov familiyalari keltirilgan. Taassufki, bu olimlar ham ushbu matn qaysi manbadan olinib, nashr etilganidan bexabar ekanlar.
Antologiyaning 3-jildidan “Qo‘blandi botir”, “Er Targ‘in”, “Qo‘zi Ko‘rpesh-Bayan Suluv”, “Qizjibek”, “Ko‘ro‘g‘li” (Jambul nusxasi), “Beket Botir” singari qozoq dostonlaridan namunalar keltirilgan, ularning nashri, aytuvchisi va nashrga tayyorlovchisi ham o‘rinli ko‘rsatib borilgan. Shu kabi 4-jild qirg‘iz dostonlariga bag‘ishlangan. O‘zbek kitobxoni bu o‘rinda ham yuzlab dostonlarimiz orasidan birgina “Alpomish”dan kichik bir parcha olinsa-yu, u ham haminqadar yengil-elpi nashr qilinganini ko‘rib achinadi. Ehtimol, Antologiyaning keyingi jildlarida bu kemtik to‘g‘rilanar degan umid bilan uning davomini intiq kutadi.
“Turk dunyosi adabiyoti tarixi” deb nomlangan ko‘pjildlikning birinchi kitobi[2] “Anonim so‘zli adabiyot” rukni bilan turk mifologiyasi va dostonlari tadqiqiga bag‘ishlangan. Jilddagi prof. Sodiq Turalning “O‘rtoq adabiyot tariximiz” va “Turk tilining dunyo tillari orasidagi o‘rni va tarixi” nomli kirish maqolalari, prof. O‘nder Go‘chgunning o‘ngso‘zidan tashqari asosiy qism O‘zkul Cho‘pono‘g‘lu tomonidan (470 b.) yozilgan.
“Turk mifologiyasi bobi” mif va mifologiya istilohlarining sharhi bilan ochiladi. Olim bu jihatdan Richard Chanzening “Adabiyot va mif” (1960), B. Malinovskiyning “Primitiv filologiyada mif” (1955) kabi fundamental tadqiqotlariga tayanadi. Mif nafaqat tamaddun tarixi, balki insoniyat tarixining noma’lum qatlamlarini ochib beruvchi kalit ekani uqtiriladi. Miflarning vujudga kelishi bilan bog‘liq fandagi tarixiy, allegorik, fizik va kontseptual nazariyalar talqini jihatidan turk mifologiyasining vujudga kelishi va mavzular ko‘lami tahlilga tortiladi. Muallif turk mifologiyasi manbalarini o‘rganishda V. Radlov, N. Katanov, A. Anixin, A. Vamberi, V. Bang, K. Brokelmann, N. Bichurin, V. Yeberxard, S. Malov, Ye. Divayev, K. Inostrantsev kabi tadqiqotchilar ishlaridan xabardor ravishda tadqiqga kirishgan.
Jild muallifi O‘. Cho‘pono‘g‘luning qarashlari o‘ziga qadar bu mavzuga qo‘l urgan M.F. Ko‘prulu, Z.V. To‘g‘on, R.R. Arat, A. Inon, N.S. Banarli, F. Sumer, A.B. Erjilasun, D. Yildirim, B. Seyido‘g‘lu, M. O‘roz, X. Gungo‘r, N. Yildiz, A.A. Chinar kabi olimlarning ishlaridan qaysi jihatlari bilan farq qiladi? – degan savol qiziqtiradi. Muallif qarashlarining jo‘g‘rofiy kengligi, ilmiy chuqurligi tadqiqotning sifatini belgilagan. Turkiston, Kavkaz, Qipchoq va Sibir turklarining mifologiyasi tadqiqi bilan mashg‘ul olimlar A. Avezov, A. Bakixanov, M. Qasimbey, F. Ko‘cherli, Y.V. Chamanzaminli, I. Muradov, S. Asalov, A. Aslanov, S. Mumtoz, X. Zeynalli kabi turli davrlarda yashagan o‘nlab tadqiqotchilarning nomlari qatorida o‘zbek olimlarining ishlarini uchratmasak-da, O‘. Cho‘pono‘g‘lu turk mifologiyasining asoslarini belgilashda Markaziy Osiyoda S.V. Kiselev, S.S. Chernikov tomonidan o‘tkazilgan arxeologik qazishmalarga tayanib, turk mifik tafakkurining o‘q ildizlari Turkiston bilan bog‘liq ekanligini haqqoniy ravishda anglatgan. Mifologiya va yozma adabiyot o‘rtasidagi munosabatlar o‘rganilar ekan, O‘zbekiston hududida birgina G‘ulom Akramov (1978) tayyorlagan majmuanigina eslatadi. Yuqorida atigi o‘n bir mif va afsona berilgani, ularning adresi sifatida B. Qosimov arxivi ko‘rsatilishining o‘ziyoq bizda mif va afsonalar nashri yetarli emasligini anglatuvchi dalildir. Keyingi vaqtda olimlarimiz mif va afsonalarning ayrim viloyat va hududlar bo‘yicha tadqiqi (J. Yusupov “Xorazm ertak va afsonalari”, 1991; M. Jo‘rayev, R. Saidova “Buxoro afsonalari”, 2002 kabi)ga berilib, umumturk mifologiyasining tipologik tadqiqidan yiroqlashganini qaysidir ma’noda esga soladi.
Tarixning salmoqli qismi turk dostonlariga bag‘ishlangan. Epik doston tushunchasi va atamasi talqinida bu istilohning turkiy xalqlarda qo‘llanilayotgan “qissa, masal, xalq hikoyasi, manzum masal, biografik va diniy roman, diniy hikoyalar, tasavvufiy asarlar, mansur tarixlar, voqeanomalar” bilan nisbatini aniqlaydi. Dostonga ta’rif berishda uni “bir millat ruhidan kelib chiqqan, millatning menligi, jo‘g‘rofiy hududi, turmush tarzi bir qahramon hayotidan bahs yuritgan manzum asar” (S. Tural) deb berilgan ta’rifga munosabatini anglatadi. So‘ngra turkiy doston tashakkuli (shakllanishi), tasnifi, til, uslub va kompozitsion go‘zalliklarini tavsiflaydi.
Tasnifda xalq dostonlari juda ibtidoiy tarzda (eski dostonlar, yangi dostonlar) sinflarga ajratilib, eski dostonlar sifatida Alp Erto‘nga, O‘g‘uz xoqon, Atilla, Bo‘zqurt, Moniylakning qabul qilinishi, Go‘ch, Ergeno‘ko‘n va Turayish dostonlari keltirilgan. Bu o‘rinda asosiy ilmiy tamoyil bo‘lmasa-da, tasnif mezoni sifatida bizgacha yaxlit, mushakkal (shakllangan) doston shaklida emas, balki parcha-parcha holida, ayrim qismlarigina saqlangan asarlar, eski dostonlar istilohi bilan beriladi. Albatta, tasnif asosiga jiddiy ilmiy tamoyil qo‘yilmagani uchun muallif bilan bu jihatdan ham bahslashish mumkindek tuyuladi. Yangi dostonlar qahramonlik va tarixiy dostonlar kabi guruhlanib, Oltin Yoruq dostonidan Nuri Maodirgacha yetmish doston nomlari keltiriladi, 122 qahramonlik dostonlari orasida Go‘ro‘g‘li, Alpomish, Qirq qiz, Rustamxon, Murodxon, Kuntug‘mish, Avaz botir kabi o‘zbek va qoraqalpoq epik she’riyatiga doxil yetti dostonni uchratamizki, bu o‘zbek dostonchiligi tarixidan muallif qarashlari u qadar boy emasligini ko‘rsatadi. 14 tarixiy doston orasida Ernazarbek va Temur haqidagi dostonlar nomlarining keltirilishi ham yuqoridagi fikrni tasdiqlaydi.
So‘ngra esa dostonlarning tamal va mavzulari, bosh tip (qahramon)lari, mushtarak motivlari sharhlanadi. Dostonlardagi mushtarak xususiyatlarni belgilashda, asar qahramonlarining ilk botirliklari, ilk muhabbati va sevgilisi bilan uchrashuvlari singari asosli misollar orqali ish ko‘rilgan. Keyingi doirada qahramonlarning kurashlari, mag‘lubiyat va alamlari, g‘oliblik sabablari keltirilsa, alohida doirada sevgilisini qutqarishi voqealari keltirilgan. Seziladiki, syujet tiplarinigina asos qilib olgan bunday ilmiy urinish tadqiqotdan ko‘ra tadqiqot uchun materiallar, chizgilar tarzida tartiblangan.
Adabiyot tarixining 2-jildi “Afsona” (B. Seyido‘g‘lu), “Turk dunyosida afsona” (M. Ergun), “Manqabalar” (N. Yildiz), “Masallar” (S. Saqao‘g‘lu), “Xalq hikoyalari” (B. Alptekin) ruknlari bo‘yicha tartiblangan. Afsonalar ta’rif va tasnifida o‘zbek olimi K. Imomovning “O‘zbek xalq prozasi” (1986) kitobi, 1990 yilda mualliflar guruhi tomonidan nashr etilgan “O‘zbek xalq og‘zaki poetik ijodi” darsligidagi fikrlarga munosabat bildirilgan. Tasnifda esa Yaratilish (dunyoning — H.B.) afsonalari, tarixiy va noreal shaxslar, borliq va ilohiy kuchlar haqidagi diniy afsonalar kabi tasniflarga asoslanib fikr bildirilgan. Afsona-mif, afsona-masal, afsona-doston, afsona-xalq hikoyasi munosabatlari oydinlashtirilgan. Afsonalar haqidagi ilmiy ishlar va kitoblar bibliografiyasi ancha izchil ishlangani holda o‘zbek afsonalari haqidagi o‘nlab rus olimlari qatorida Sh.Shonazarov, G‘.Akramov, G‘.Jalolov, K.Imomov, B.Sarimsoqov, M.Murodov, U.Jumanazarov, M.Hoshimov, M.Jo‘rayev va boshqa o‘zbek olimlarining maqola va kitoblari qisqa izohlar bilan keltirilgan. Taassufki, ushbu ro‘yxat 1991 yilga kelib to‘xtab qolgan. Taajjublanishga o‘rin bor: yoki bizda afsonalar haqidagi kitoblar keyingi 12 yil ichida yaratilmagan yoki muallif bulardan bexabar ko‘rinadi.
Arabcha “manqaba” so‘zi – “obro‘, izzat, maqtovga munosib sifat; taqdirlanarli ish” ma’nolariga ega[3] bo‘lib, Adabiyot tarixida bu istiloh “tarixiy yoki afsonaviy shaxslarning hayotiga oid hikoyalar” deb talqin qilingan. Hadislarda Payg‘ambarimiz ashoblari tarixiga oid ayrim boblarga “manoqib” nomi berilib, bunda y asarlar turkumi “manoqibnoma” deyilgan. Manqabalarga ilk namuna sifatida Xoja Ahmad Yassaviy haqidagi “Javohir-ul-abror min Amvoju-l-bihor”dan so‘ngra “Manoqibi Xoja Bektosh Vali”, “Manoqibi Shayx Badriddin” singari asarlar namuna sifatida keltirilgan. Qardosh turk xalqlaridagi manqabalar haqida so‘z ketganda muallif “Shoh Mashrab”, “Qissayi Ibrohim Adham”, “Manoqibi Xoja Bahovuddin Naqshband” singari xalq kitoblari mavjud bo‘lgani holda “Pari bilan dev”, “Xorazm vohasi va Amudaryoning paydo bo‘lishiga oid latifalar”, “Hazrati Nur” afsonalarini keltirish bilan cheklangan. Manqabalar o‘zbek adabiyotida ham keng tarqalgani har bir turk ziyolisiga kunday ravshan-ku?!
Turklarda “masal” istilohi bilan “ertak” tushuniladi. Shunday ekan, bu bo‘limda 1960-94 yillarda nashr etilgan ertak kitoblar ro‘yxati keltirilib, ularni majoziy (hayvonlar haqidagi), sehrli va maishiy ertaklar qabilida tasnif qilingan.
“Xalq hikoyalari” bobida bu adabiy istiloh o‘rnida “o‘zbeklarda doston yoki xalq dostoni anglashiladi” deyish bilan cheklanilib, misol tariqasida “o‘zbek, qoraqalpoq va turkmanlar orasidagi “Sayatli-Hamro” dostoni borligi aytilgan. Ayni bobda qardosh xalqlar folkloridagi “Go‘ro‘g‘li” tsikli dostonlari tahlil etilgani holda ushbu syujet munosabati bilan ham biror o‘zbek dostoni tilga olinmagan. Jild so‘ngida foydalanilgan manbalar ro‘yxati ilova qilingan.
Adabiyot tarixining 3-jildi xalq teatri, fikralar (latifalar), olqish va qarg‘ishlar, otaso‘zlari (maqollar), takrorlamalar, bilmeje (topishmoq)lar, ninni (alla)lar, turku (qo‘shiq)lar, ag‘it (marsiya)lar va oshiq adabiyotiga bag‘ishlangan. “Latifalar” istilohi O‘zbek tilining izohli lug‘ati orqali sharhlanib, Mulla Nasriddin haqidagi bir necha latifalarni eslatish bilan muallif o‘z vazifasini bajargan deb hisoblaydi. Olqish va qarg‘ishlar o‘rnida ayrim turk xalqlarida duo va badduo (duoyibad)lar qo‘llanilishi o‘rinli izohlanib, mavzu jihatidan ularning tasnifi keltirilgan. Ushbu yo‘nalishda yetarli tadqiqotlar kamligidan hatto turkiy xalqlardagi bu janrdagi asarlarga alohida misollar berilmagan. Maqol, takror, topishmoqlarga ajratilgan bo‘limlarda bunday o‘zbek folklor janrlariga to‘xtanilmagan. Faqatgina bir necha allalar keltirilib, ularning ma’nolari sharhlanilgan, xolos. Muzayyana Alaviyaning qo‘shiqlar haqidagi tadqiqotidan ayrim namunalar berish bilan bu janrdagi kuzatishlar ham tugaydi. Marsiyalar xususida ozar olimi Ozod Nabiyevning “Ozarbayjon-o‘zbek folklor aloqalari” (1978) kitobidan kichik bir parcha berish orqali bunday janr o‘zbeklarda “motamnoma” (?) deyilishi eslatilib ketiladi.
Jildning salmoqli qismi Oshiq adabiyoti, ya’ni baxshilar xususida bo‘lib, bu jihatdan “Qadimgi davrdan hozirga qadar Turkiya tashqarisidagi turk adabiyoti antologiyasi” (2000)ning “O‘zbek adabiyoti” qismi (muallif Tohir Qahhor)dan foydalanilgani holda Ergash Jumanbulbul, Fozil Yo‘ldosh, Islom shoir, U. Safarov, X. Abdukarim o‘g‘li, Tilla kampir, Po‘lkan, Yodgor baxshi kabi o‘nlab baxshilar haqida biografik ma’lumotlar berilgan.
O‘zbek xalq og‘zaki ijodi naqadar boy va rangin ekani uning namunalaridan ma’lum. Agar mana shu boy og‘zaki adabiyot namunalarini keng va izchil tahlil qilinganda ham o‘zbeklarning hech bir turk qavmlaridan qolishmaydigan adabiyoti mavjudligi ushbu kitoblar vositasida ma’lum bo‘lar edi. Biroq uni tanitishga kelganda, turkiy xalqlar hamdo‘stligidagi madaniy ildizlari va adabiy aloqalarini kuzatganda mana shu boy rangin dunyoga yarasha tadqiqotlar yetarli bo‘lmagani “Turk dunyosi o‘rtoq adabiyoti” ruknidagi bir necha kitoblarni o‘rganganda ma’lum bo‘lib qolmoqda. Ye.M. Meletinskiy “xalq og‘zaki adabiyotining vujudga kelish tarixini o‘sha xalqning tamadduni tarixi” bilan bog‘laydi. Shunday ekan, o‘zbek tamadduni asoslari haqida so‘z ketar ekan, og‘zaki milliy adabiyotimizga ham yetarli e’tibor berilishi nazarda tutiladi.
“Turk dunyosi adabiyoti tarixi” va “Turk dunyosi adabiyoti matnlari antologiyasi”ning navbatdagi jildlari mualliflaridan o‘zbek tamadduni asoslari kengroq va ilmiyroq yoritilishini kutib qolamiz.
————
[1] Turk Dunyasi Edebiyat Metinlari Antolojisi. Cild 1-4. Ataturk Kultur Merkezi Baskanligl Yayinlari. – Ankara, 2001-2003.
[2] Turk Dunyasi Edebiyat Tarihi. Cild 1-3. Ataturk Kultur Merkezi Baskanligl Yayinlari. -– Ankara, 2001-2003.
[3] An-naym. Arabcha-o‘zbekcha lug‘at. — T.: Abdulla Qodiriy nomidagi xalq merosi nashriyoti, 2003.