Hamidulla Boltaboyev. Hayotdan tashqaridagi hayot

Shunday bo‘lishi mumkinmi?

Er yuzida hayot – umr borki, inson undan tashqarida yashay olmaydi. Yer osti va fazodagi hayotni gapirmasa ham bo‘ladi. Biroq osmon va Yer orasidagi oddiy turmushdan tashqariga chiqib, uning katta-kichik hayotiy tashvishlarini unutib, boshqa hayot bilan yashayotganlar borday.

Taniqli adib Ibrohim G‘afurov yozadi:

– Hamma narsa hayotning ichida, hayotning o‘zida. Davron to‘xtovsiz aylanib turadi. Bir nimadan boshqa nimani… ikkinchi, uchinchi… cheksiz nimalarni yaratib turadi. Hammasi hayotning ichida. Uning oqimida.

– Suvrat chizib bitirgan edim. Hayotdan tashqaridagi hayotni chizgan edim…

Yigit uzoq o‘ylanib qoldi. U hech hayotdan tashqaridagi hayotni tasavvur qilolmas, ko‘z o‘ngiga keltira olmasdi. Vallohu a’lam, bormi shunday hayot?[1]

Qiz nimaning suratini va qanday chizganini bilmaymiz. Biroq shunday hayotdan tashqaridagi hayot bilan yashayotganlar haqida tasavvur olamiz, adib ham bizni mana shunday hayotga boshlayotganday bo‘ladi. Aslida moddiy-maishiy turmushimizdan tashqarida ziyoli inson qalbida shunday botiniy hayot kechishi mumkin. Shunday yashayotganlar borligiga qahramoni ham ishonadi va bizni ham ishontira oladi adib. Bunday hayotda umrguzaronlik qilayotganlar uchun mansab, shavkat, tirikchilik –  kun ko‘rishlik muhim emas. Muhimi, shu hayotning ichida yashab turib hayotdan tashqaridagi hayotni yaratmak. Ana shu kabi yaratuvchanlik ruhi bilan yashagan frantsuz rassomi Andre Malro “Agar biz ruhga shakl bersak, undan o‘zimizni qutqaramiz”, deb yozgan ekan. Ruhning shaklini topish va uni o‘z shakli bilan yashatish rassomning orzusi! Ehtimol, nafaqat rassom, boshqa ijodkorlarning ham ishtiyoqi shundadir. Ruhga shakl berish xuddi hayotdan tashqaridagi hayotning suratini chizishday gap. “Agar ko‘zingiz o‘tsa va kuchingiz yetsa, – deb yozadi F.Dostoyevskiy, – hayotning kichik bir zarrasidan ham Tolstoyda yo‘q ulug‘vorlikni topishingiz mumkin, lekin hamma gap kimning ko‘zi o‘tishi va kimning kuchi yetishida”.

Ibrohim G‘afurov “romanlari”ning qahramonlari ana shunday favqulodda shaxslar – intellekt odamlari. Ular: “Yomon bo‘lsa ham hayot yaxshi. Tirik yurganga nima yetsin” deya kunlik turmushi bilan qoniqmaydilar, ular yerdagi hayot tugul “yulduzlarning oppoq shu’lasida qaynagisi” keladi, “ruhiyat harakatlarining toshbitiklari”ni o‘qiydi, “tarixning toshlarda qolgan sasi”ni tinglaydi. Mana shuning o‘zini hayot va o‘lim orasidagi o‘zining mangu rizqi deb biladi. Tarixlar qa’ridan ham, zamonining ko‘zidan ham millatning ruhiy rivojini izlaydi. Intellekt dunyosi unga ruhi ravonni emas, “so‘lim-so‘lim suyak ovozini ro‘paro‘” qilganda ham ota tarix bilan tillashishdan tiyilmaydi.

Ishq oldida o‘lim toru mor bo‘ldi,
O‘lim o‘ldi, sevgi barqaror bo‘ldi,

deya bo‘zlagan shoir Muhammad Iqbol so‘zlaridan najot topadi.

O‘limni o‘ldirib yashash – ruhiyat iqlimi nufuziga tegishli. Ibrohim G‘afurov ijodiy dunyosi sari yaqinlashganingiz sari shu kabi favquloddaliklar to‘sinda oldingizdan chiqaveradi. Ularni izlash, topish va tushunish nasib qilarmikin?!

 

Bolalikni o‘qish

Ibrohim G‘afurovning bolaligini tarjimai holidan o‘qib bo‘lmaydi. Garchi hamma qatori bola bo‘lgani, 1944 yilning kuzida maktabga borgani va maktabni a’lo baholarga tugatgani kabilar tashqi tavsiflar xolos. Bu axboriy voqealar zamirida Ibrohim G‘afurovday ulkan adib va munaqqidning beg‘ubor va pokiza qalbini topib, ko‘rishlik…

Bolalik qissalarini o‘qishda tajribakor bo‘lganimiz holda Lev Tolstoy (“Bolalik. O‘smirlik. Yoshlik”)dan tortib Abdulla Qahhorning ertakka yo‘g‘rib aytib berganlari (“O‘tmishdan ertaklar”)dan muallif “men”ini izlab topishga qanchalik uddaburon bo‘lmaylik, G‘afurov tarijimai holidan bolalikni uqib bo‘lmaydi. Xuddi bir paytlar urf bo‘lgan adib Temur Po‘latovning jajji qahramoni beshikda mushtchasini so‘rib, dunyoning muammolarini o‘ylab yotgani kabi hasbi holdan ham bola bo‘la turib ulg‘ayib qolgan zukko ustoz qaydlarini o‘qiymiz: “3-4 yasharlik paytlarimni es-es xotirlayman… Qichqiriq besh-o‘n quloch paytda pishqirib, uvvos solib chakalakzorlar orasidan buralib-buralib oqadi. Ayniqsa, uning uvillashlari kechasi odam ko‘ngliga vahima soladi va uzoqlardan eshitiladi”. Ehtimol, Qichqiriq suvining “uvillashi” qulog‘imizga qandaydir og‘ir eshitilar, g‘ayritabiiydek tuyular. Biroq bu bolaligiga urush muhrlanib qolgan avlodning qora kunlar manzarasini qayta idrok etishi, uni butun vahimasi va shovqini bilan kitobxon ko‘z o‘ngida aks ettirishning mahoratli adib tomonidan ijrosidir. Ehtimol, qishning kunida oyoq og‘rig‘iga chiday olmay, loyga botgan “juhud kalish”ni joyida qoldirib, yengil tortgan bolaning tasavvuridir: “Tiriklik qon silqib turgan oyoq bo‘lib ko‘rinardi bizga”. Bu bola nigohi emas, balki bolalik zavqini azobga alishgan avlod tasavvuri. Keyinroq u kunlarni qayta ko‘nglidan kechirgan adib “qiyinchiliklar yuraklarimizni ipakday yumshatib qo‘ygan edi” deb yozadi. Endi qahraton qishdagiday qaqragan tasvir bir oz yumshaganday bo‘ladi, buning boisi tasvirda endi Ona ko‘rina boshlaydi: “Onam sochlari qorday oqargan, ikki yuzi naqsh olmaday qip-qizil…” Boshqa bir o‘rinda: “Onam juda ham ma’yus va juda kichrayib ketganday ko‘rindi ko‘zimga” deb yozadi bemorlik holatini chizib. Tasvirni o‘qiyotib, xayol har kimning o‘z onasi tomonga olib qochadi. Uning siymosini ko‘z o‘ngiga keltirarkan, yana muallif tasviriga qaytadi… Ayni tasvirlar nafaqat bir adib bolaligi, balki urush davrida bolalikni boshdan kechirgan avlod tarixiday tasavvur beradi.

“…Mansuraday ochilar gullar!” Ehtimol mutolaaga ishtiyoqmand kitobxon qalbida mansuralar gullarday ochilar, biroq muallif tashbeh ob’ektini almashtiradi. Buni keyingi satrlarda asoslaydi: “Bilasizmi, to‘kmas ekan gullarini olmalar, mevasining uchida doim saqlar gulini. Olmada sadoqat bor o‘z guliga”. Xuddi shu kabi mansuraday ochiladi olma gullari, ehtimol, shu olma guliga mengzagan sadoqati tufayli bu bit­iklarni muallif “Mansuralar – mening romanlarim” degan xulosaga kelgandir. Ularni muallif shu janrga kiritib, sadoqat bilan bizga xizmat qildirib, zamondosh qahramonimizga aylantirgani kabi romanlarday sadoqat va salobat bilan xizmat qilmoqda adabiyotimizga…

Bugungi kunda go‘zal miniromanlarday o‘qilayotgan mansuralarda biz Qur’on kalomlari sehri, “Zabur”da aks etgan Dovud (a.s.) tarannumi, Imom G‘azzoliy tasavvufi, Navoiy unsiyati, Mashrabning o‘tli baytlari, Nitsshe shiddatini his qilamiz. Ular bizni o‘sha muqaddas manbalarni qayta o‘qishga chorlaydi, bir bora yoki vaqtida yuzaki o‘qish orqali biz topmagan yangi ma’nilarni topishga undaydi.

…Ibrohim G‘afurov Mashrab haqida: “Qatlgohda o‘ynagan bola” deb fikr qiladi, yoki “Pastda ro‘mol o‘ragan, qizil nimcha va qizil ko‘ylak kiygan (Mashrabning bayti esga keladi: To kiydi qizil o‘zini zebo qilayin deb – H.B.) o‘n besh yoshlardagi bir qiz uning tanburini shoxdan olib havas bilan ohista chertadi. Boborahim sharpa berdi…” deb yozadi. Bunday tasvir “Shoh Mashrab” qissasida yo‘q va bu qizg‘in tasvirni “Boborahimning sariq gullari” deb xulosalashga izn bermaydi, biroq birgina “Ko‘rdim yuzingni devona bo‘ldim…” misrasi tarixini mana shu tasvir – “qissa”da o‘qiysiz. Shoh Mashrabning “isyonlaridagi ifrot jo‘shqinligi”ga, o‘zini xolis qilib, tushida ko‘rgan Majnunday nazar topganiga ishonasiz. Hatto Majnunning “ikki ko‘zachaga o‘xshagan yuzi”ga termulib, Ibroim G‘afurov tasvirlagan “U ko‘zalarga Majnun ko‘zlaridan yosh quyulib oqar, ko‘zachalar to‘lib-toshib tinimsiz Majnun ko‘ksiga shovullab oqardi” deganiga ishonasiz. Shuuringizga arxetipday o‘rnashgan Mashrab siymosini I.G‘afurovning “dunyoning barcha baytlarini oyga aytgan virdi zabon shoiri” bilan solishtira boshlaysiz. Garchi bu butunlay yangi, hech qaysi siyratda o‘qimagan tasviringiz bo‘lsa ham Sizning ko‘nglingizdagi Mashrabingizga yaqinlashib kelayotganini his qilasiz! Mashrab Mansur Halloj yo‘lini tutsa-da, Imom G‘azzoliyning “Yaratganning yo‘li bandalarining ko‘ngillaridan o‘tadi” degan hikmatiga shoir Mashrab kabi ishonasiz. Nega endi “Boborahimning sariq gullari” sarlavhaga chiqqani haqida to‘liq anglamga kelmasangiz ham devona shoir Sizga qadrdon do‘st bo‘lib qoladi, u Sizga tanburini tiring-tiring qilib sirli qo‘shiq aytayotganday tuyulaveradi:

Icholing bodani gullar so‘liyur…
Umrimiz oqibat tuproq bo‘liyur…

 

Tanqid va tarjima

 Agar shu ikki ijodiy yumushni Ibrohim G‘afurov faoliyatining bosh yo‘li deb belgilasak, ular o‘zaro uyg‘un keladi, xuddi o‘zi Shoh Mashrab haqida yozganiday: “Daryo daryoga qo‘shilganday uning g‘azallari ulug‘larning abyotlariga uyg‘un va teran oqimda qo‘shilib ketar, nimasi bilandir ularni to‘ldirar va nimalari bilandir ularni davom ettirar, allaqanday tomonlari bilan ularning barchalaridan ajralib turar edi”. Odatda, tarjima asaridan mutarjim uslubini uqish qiyin. Ko‘p tarjimonlar o‘z bisotidagi so‘zlaru o‘zining butun tajribasini tarjima qilinayotgan asar muallifining uslubini berishga qaratishadi. O‘zini, o‘zligini unutib bo‘lsa-da, tarjima ob’ektini xuddi muallif shu tilda yozganida qanday yozadigan bo‘lsa, shunga o‘xshatishga harakat qiladilar. Biroq Ibrohim G‘afurov tarjimalaridan biror parcha o‘qiganingiz hamono tarjimondagi o‘ziga xoslikni ilg‘aysiz. Bu asliyat muallifining “men”ligini yopib qo‘ymaydi yoki “ko‘rinishi”ga monelik qilmaydi, aksincha, kitobxon muallif o‘ziga xosligini tarjimonning mahoratli o‘zligi orqali taniydi. Shuning uchun ham u kitobxon qalbida tarjima asari bo‘libgina qolmay, balki asliyat kabi o‘rin oladi. Ibrohim G‘afurov tarjimongina emas, tarjimashunos sifatida yozadi: “Tarjimon bu – uslub. Uslub esa jumla. Jumla yaratish mahorati. Jumlasi yo‘q odam yozuvchi, shoir, dramaturg bo‘lolmaganidek, jumlasi yo‘q kimsa ham hech qachon tarjimon bo‘lolmaydi. Ishning tugal zamiriga kelsak, roman – bu jumla, she’r ham – jumla… yozuvchiga ham, tarjimonga ham eng muhimi – jumlani, o‘z jumlasini chiqara olishda… Jumlasidan yozuvchini tanib oladilar”[2] .

Ibrohim G‘afurovning tarjimalari bizga Dostoyevskiyning o‘qilishi og‘ir kechgan jumlalarini uqishga o‘rgatdi, uning romanlari (“Jinoyat va jazo”, “Qimorboz”, “Telba” va “Iblislar”) qatidagi turfa qahramonlar kelbati va “miqyosan olganda olamga sig‘dirib bo‘lmaydigan azob falsafasi”ni his qilishga o‘rgatdi. Dostoyevskiy asarlaridagi “og‘riq ongning og‘ir haqiqatlari” bilan o‘zbek kitobxonini tanitar ekan, “romanchilik dahosining ulug‘ Ruhi” yozganini uning aytganidek qabul qilaverish shart emasligini, uni og‘riqli bo‘lsa-da ongli idrok etish lozimligini ham uqtirib qo‘ydi. Chunki muallif yozishicha: “Daho hamma narsani o‘zi aytadi… O‘zi ko‘radi. O‘zi tavba qiladi”.

Asrning eng murakkab siymolaridagi daholik sirlarini uqishga kirishar ekan, Ibrohim G‘afurov Nitsheni, Joysni, Markesni tushunishga va tushuntirishga harakat qildi. G‘afurov tarjimalari shunchaki g‘ayri tilidagi matnni o‘zbekchaga o‘girish emas, balki o‘sha daholar sinoatining o‘zbek kitobxoni uchun talqinlari hamdir. Ba’zi o‘rinlarda munaqqid G‘afurov talqinlari asliyatdan yiroqlashishi, tarjima qilinayotgan asarga so‘zma-so‘z, satrma-satr va sahifama-sahifa mos kelmasligi mumkin. Biroq “Evropa falsafasi va sotsiologiyasining tom ma’nodagi kashfiyotchilik ruhi”ni o‘ziga singdirgan Fridrix Nitshening o‘zidan salkam uch ming yil avval yashagan Zardusht kalomi orqali aytgan falsafasini o‘zbekka boriday berib bo‘larmikin?! Har qanday zukko kitobxon ham shu o‘rinda tarjimon talqinlariga suyanadi. Qadimgi lotin tilidagi “ferosia animi”ning “ko‘ngil g‘alayoni” deya o‘zbekchalashtirilishi kifoya emas, Nitshe hikmatlaridagi “ko‘ngilning terisi”, “mustabidning dahosi” mohiyatini anglash uchun o‘quvchining mutarjimga murojaat etishi tabiiy. Mana bu holni oldindan sezgan mutarjim talqinlar bilan tarjima qiladi, to‘g‘risi, mutolaa zahmatini yengillashtirishga kitobxonga yordam beradi. Bu kitobxon zavqi saviyasi uchun ham taraqqiyot imkoni. Nitshe yozadi: “Yiqilayotganni yiqit”. Bu jumlani shunday yalang‘och holda qabul qilishlik g‘ayriinsoniy xulosalarga olib boradi. Shunda kitobxon mutarjim talqiniga yuzlanadi. Ibrohim G‘afurov yozadi: “Nitshedan kelib chiqsak, bu inson yiqilib, yiqilish azobini boshidan kechirsin, oqibatda chiniqsin, tajriba orttirsin va hech qachon qayta yiqilmaydigan bo‘lsin deganidir”.

G‘arbning murakkab dunyosini tarannum qilgan adiblar ijodi o‘z yo‘liga. Shu bilan birga biz bilan bir muhitda yashab, o‘sib, bizlardan osmon qadar yiroqlashib ketgan Aytmatov dunyosini ham G‘afurov talqinlarida qabul qilish naqadar maroqli. Ayniqsa, ulug‘ qirg‘iz adibining so‘nggi vidosiga aylangan “Qulayotgan tog‘lar”, vaqtida “Asrga tatigulik kun” romaniga sig‘may, undan yigirma yilcha keyin mustaqil asar sifatida dunyo yuzini ko‘rgan “Chingizxonning oq buluti” singari asarlar tarjimasini munaqqid talqinlari bilan birga o‘qigandagina bu asarlar tubidagi mangu haqiqatni anglash sari yo‘l topish mumkin.

… Hamma munaqqidlar ham mutarjimlikni o‘ziga ep bilishmaydi, hamma tarjimonlar ham munaqqidlik tajribasidan o‘tmagan. Biroq I.G‘afurovda shu ikki yo‘l tutashib, o‘ziga xos teranlikni hosil qiladi. Tarjimon tajribalari munaqqid tanqidini to‘ldirib, ajib bir joziba kasb etadi. Shuning uchun Ibrohim G‘afurov tarjimalari she’rday o‘qiladi, mansuralarining ichki ritmikasi kitobxon qalbining tepishiga hamohang keladi. Tarjima shunchaki til bilib, matnni o‘zga tilda berishlik emas, o‘zi o‘qiganini boshqalarga o‘qitish, o‘zi suyganni o‘zgalarga suydirish, o‘zi aziz bilganni boshqlarga ham sog‘inish hissi bilan yashashdir. O‘qiganda, tarjima qilganda ham, shunchaki mashhur asarlarni emas, milliy ehtiyojni hisobga olib dunyo adabiyotining ulug‘larini saylaydi. Agar Xeminguey yoki Dostoyevskiy o‘zbek bo‘lganida qanday qilib o‘zbekcha gapira olishini ko‘rsatadi. Munaqqidlikda ham shu kabi o‘zi tuyganlarini boshqalar ham his qilishi uchun, o‘zi anglaganlarini boshqalar ham tushunishi uchun tilda o‘zbekona yozib, timsolda esa asl matnga yaqinlashadi.

Munaqqid Ibrohim G‘afurov haqida ko‘p yozishgan. Biroq tanqid mutolaasiga kirishgan kitobxon borki “Go‘zallikning olmos qirralari”dan boshlangan nafis va go‘zal talqinlarni sevib qoladi. Davrida Yoshlar ittifoqi mukofotiga sazovor bo‘lgan “Yonar so‘z” kitobxonlarga she’r o‘qishnigina emas, balki yaxshi she’rni tanishlikni ham o‘rgatadi. Tanqidchining “Adabiy qahramonlarga maktublari” o‘zbek talqinshunosligida yangi sahifani ochgani hech kimga sir emas. Odatan, asar mualliflariga maktub bitilar, shu bahona bitikchi kitobdan olgan taassurotlarini muallif bilan o‘rtoqlashar, maktub yozuvchi va munaqqidning samimiyati asosiga qurilar edi. Ibrohim G‘afurov O‘lmas Umarbekov qahramonlariga maktub yo‘llab, ularga tirik insonday munosabatda bo‘lgani, qahramonning tirikligi asarning o‘qishliligini ta’minlovchi asos bo‘lishi kerakligini tanqidchilikda singishiga ko‘mak berdi. Tanqid deklarativlikdan, minbarda turib, adibga aql bo‘lishlikdan chekindi, u tom ma’noda yozuvchi va kitobxonning do‘sti bo‘lishi kerakligini tushundik. Ayni muddao bilan yozilgan “Adabiy o‘qishlar” – mutolaa sirlari va mahorati haqida tasavvurimizni to‘ldirdi. Dunyo adabiyotshunosligi retseptik estetika deya kitobxon mutolaasiga e’tibor qaratayotgani sir emas. Chunki kitob kitobxon uchun yozilar ekan, muallif, matn va munaqqid munosabatlarida kitobxonning o‘rni juda muhim. Munaqqid ham avvalo kitobxon, agar u asardagi badiiyat sirlaridan oziqlanmasa, uning yozganlari o‘quvchi qalbiga yetib bormaydi. Kitobxon uchun mutolaa burch yoki tahsil azobi emas, balki hech narsaga almashtirib bo‘lmaydigan bir zavqli yumushga aylanishi kerak. Mutolaa mashaqqati haqida yozganlar (Asmus: “Chteniye – eto trud”) uning zavqli mashg‘ulot ekanini bir zum ham unutishmagan. Tanqid ham mutolaa ob’ekti. She’r haqida yozilgan maqola she’rday o‘qilishi, roman talqinidagi tadqiqot romanday salobat va muhtashamlikni kitobxonga yuqtira bilishi kerak. Mana shu ma’noda Ibrohim G‘afurovning maqolalari: XX asr o‘zbek adabiyoti ustunlari G‘afur G‘ulom, Oybek, Qahhor, Usmon Nosir, Shayxzoda, Mirtemir, Zulfiya, Asqad Muxtor, Said Ahmad, Erkin Vohidov haqida yozgan maqola va kitoblarini hayajonsiz o‘qish mumkin emas. Tanqid muallifni nafaqat to‘g‘ri tushunishi, balki tushuntira olishi ham kerak. Mutolaaga kirishayotgan bugungi kitobxon XX asr o‘zbek adabiyotini badiiy asarlar bilan tanishi barobarida munaqqidning sharh va talqinlarini o‘qir ekan, badiiy matn sari o‘zini yetaklovchi beminnat ustozni topganday bo‘ladi. Uning yordamida “go‘zallikning olmos qirralari”ni kashf etadi, badiiy matn “joziba”siga maftun bo‘ladi, “nasrning shoiri” ham bo‘lishi mumkinligiga imon keltiradi.

Ibrohim G‘afurovning “Hayo – xaloskor” degan so‘zlari Dostoyevskiyning “Dunyoni go‘zallik qutqaradi” shiori kabi mashhur bo‘lib, adabiyot, san’at – insoniylik ilmidagi ko‘p mohiyatlarni anglashga yo‘l ochdi. Aslida bir mo‘jazgina talqinga asos bo‘lgan jumla imonning sarlavhasiga aylandi. “…uyat, hayo, nomus – axloqning jilvasi. Erkin Vohidov o‘zining xalq mentalitetini tasvirlab bergan mashhur she’rida “odamiylik dini” degan tushunchani qo‘llagan:

Odamiylik dini birla toza iymon o‘zbegim…

Axir odamiylik dini nima? U insoniyatga nima beradi? Bu she’rda shu favqulodda tushuncha ilk bora dunyoga keldi. Odamiylik dinida balki inson har narsadan afzalroqdir… Bu Navoiyning “Odami ersang…” deb boshlanadigan hayotiy ulug‘vor g‘oyasining davomi, balki undan tug‘ilayotgan tushunchadir. Odamiylik dinida adab, sharmu hayo, xalqparvarlik, oddiy odamlarning dardlariga darmon bo‘lish, barcha odamlarni bir odam deb qarash hukmron bo‘ladi. Odamiylik dinida odamlik eng qimmatli, eng qadrli hodisaga aylanadi. Bizning bu yerda hayo deb aytayotgan barcha gap­larimizdan murod ham shuning o‘zi”[3] .

Munaqqid tushunchani anglatish uchun Suqrotdan Cho‘lponga qadar o‘tganlar ijodidan talqinlar beradi, nihoyat kitobxon anglashi kerak bo‘lgan haqiqat yuzaga chiqadi: “Yalang‘ochlikka xushomad qilayotgan hirsiy tilyog‘lama san’at naqadar yuzaki va naqadar odamiylikdan yiroq. Yalang‘ochni yer ham qabul qilmaydi. Odamiylikda hayo xaloskor. U hamisha razolatdan qutqaradi”.

“Jahon adabiyoti”, 2017 yil, 12-son

[1] G‘afurov I. Mening romanlarim / Hayo – xaloskor. – Toshkent, “Sharq” NMAK, 2006. – B. 86.

[2] G‘afurov I. Tarjimonlik mutaxassisligiga kirish. – Toshkent, 2008. – B. 56.

[3] G‘afurov I. Mangu latofat. – Toshkent, “Sharq” NMAK, 2008. – B. 330.