Hamidjon Ikromov. Uni Farhod der edilar (Zulfiyaxonimning dostoni va qahramoni haqida)

Frontdan kelgan xabar

1943 yilning yoz oylarida urushdan yarador bo‘lib qaytgan bir askar bastakor Imomjon Ikromovni so‘rab O‘zbekiston radiosiga keladi. O‘shanda Imomjon Ikromov Respublika radiosi Milliy ansamblining badiiy rahbari edi. I. Ikromov efir yaqinligi bois, paysallamay darhol eshikka chiqadi. Qo‘ltiqtayoqli bir askar postdagi militsioner bilan gaplashib turardi. Askar Imomjon Ikromovni ko‘rishi bilanoq unga tomon quchoq ochib intildi. “Tanidim, tanidim, tanidim-a, ustoz! Siz Imomjon aka bo‘lasiz, shundaymi-a, domla! Tavba, xuddi Qobil qori chizgan qiyofa-ya! Keling, ustoz, keling, birinchi topshiriqni bajaray”, – degancha, go‘yoki o‘z otasini quchgandek, Imomjon Ikromovni bag‘riga oldi. Ustozni allaqanday vahima bosdi. “Qobil qoridan kelibdi, anchadan beri undan xabar yo‘q edi, ishqilib, yaxshilik bo‘lsin-da”. Ular kursilarga omonatgina o‘tirdilar. Usta unga savol nazari bilan tikildi. Nihoyat, askar gap boshladi: “Aka, Qobil qori siz haqingizda ko‘p gapirardi. Ashulalaringizdan Qobil qorining xonishi orqali bahramand bo‘lganman, deyarli ikki yil front zahmatlarini birgalikda tortdik. Shu yil boshida Qobil qori og‘ir yaralandi. Men uni sudrab panaroqqa oldim. Qobil qori sekin: “Xudo xohlasa omon qolsang, Toshkentga yetganingda vokzaldan to‘g‘ri radioga bor, uzoq emas. U yerda senga ko‘p bor gapirganim Imomjon akani so‘ra. Ustozimni men uchun mahkam quchoqla. Ustozga ayt, nuridiydam qizalog‘imning peshonasidan men uchun o‘pib qo‘ysinlar”, – deb shivirladi. So‘ng qaddini bir oz ko‘tarishimni so‘radi. “Nega hammayoq suv quygandek jimjit?” – dedi. Vaholanki, o‘shanda atrof to‘s-to‘polon, snaryadlar yomg‘irdek yog‘ar, yerni o‘g‘irdagi dondek yanchib, ezg‘ilayotgandi. Qobil qori osmonga tikilib qoldi, so‘ng yaxshi ko‘rgan ashulasi “So‘lim”ni boshladi: “Yorni oynakdin qarang, noz uyquda yotganmikan…” Yurtimizni sog‘inganimizda u shu ashulasini aytardi, biz qo‘limizdan kelgancha jo‘r bo‘lardik. Qobil qori jimib qoldi. Sezdimki, bu uning so‘nggi nafasi edi…”

Askarning, hikoyasidan o‘sha atrofda turganlarning ko‘zlari namlandi. Sal narida gapga quloq solib turgan mashhur xonanda Mavludaxonim chidolmay ho‘ngrab yubordi. Ha, bu chindan ham o‘zbek san’ati uchun katta yo‘qotish edi. Zero, Qobil qori endigina yigirma yetti yoshga kirgandi. Efir vaqti yaqinlashayotganlini sezgan Imomjon aka mehmonga: “Siz shu yerda o‘tira turing, kontsertni eshiting, hech qayerga ketib qolmang”, – deb tayinladi-da, studiyaga qarab yo‘naldi. Yo‘l-yo‘lakay shogirdlaridan biriga Qobil qorining plastinkasini efir xonasiga keltirishni topshirdi. Diktor va muharrir Hamid G‘ulomdan voqea haqida axborot va ta’ziyanoma tayyorlab, rahbarlar nazaridan o‘tkazib kelishni so‘radi.

Qobil qorining halok bo‘lganligi haqidagi xabar barchaning yuragini o‘rtab yubordi. Chunki u O‘zbek musiqali teatriga o‘tguniga qadar, hofiz sifatida shu yerda, shu ansamblda tanilgandi. Mahorati, yoqimli ovozi, go‘zal xulqi, insoniyligi bilan ko‘pchilikning mehrini qozongandi.

Imomjon Ikromov qo‘lida g‘ijjak sozi bilan kontsertga bosh bo‘lmoqda-yu, ammo xayollari uni uzoqlarga olib ketardi: 1941 yil iyun oyining o‘rtalarida Imomjon Ikromov, Yunus Rajabiy, To‘ychi hofiz va yana bir necha o‘zbekistonlik san’atkorlar Yaltadagi “O‘zbekiston” sanatoriyasida dam olmoqda edi. Dengizda dovul ko‘tarilgan, jala yog‘moqda, tashqariga chiqishning iloji yo‘q, derazalar zich yopilgan. To‘fonning osmono‘par to‘lqinlari shiddat bilan ketma-ket bostirib kelar va baland qirg‘oqlarga shunday zarb bilan urilardiki, go‘yo dengiz osmonga ko‘tarilgandek kishining vahmini keltirardi. Suvning rangi ham go‘yo ko‘mirdek qorayib ketgan, dengiz tubidagi ming yillik balchiqlar qo‘zg‘algan, hammayoqni badbo‘y hid bosib ketgandi. Sanatoriyada ishlovchi shu yerli keksalar: “Dengizning bunday holatini hech ko‘rmaganmiz, ammo dengizning bu daraja bezovtaligi yaxshilik alomati emas” – deb tashvishlanishardi. Chindan ham, oradan 5-6 kun o‘tar-o‘tmas urush boshlanganligi to‘g‘risida xunuk xabar tarqaldi. Barcha qatori ular ham jo‘nash taraddudiga tushishdi. Amallab Moskva poyezdiga bilet olib yo‘lga chiqishdi. Temir yo‘llar harbiy extiyojlar uchun kechayu kunduz band. Mamlakat ichkarisiga ko‘chirilgan zavodlar, ishchilar, oddiy xalq tinimsiz oqib kelardi. Poyezd ikki kunlik yo‘lni o‘n olti kunda bosib o‘tib, nihoyat Moskva vokzaliga kirib keldi. Imomjon Ikromov Yaltadan chiqayotganida Moskva konservatoriyasida o‘qiyotgan shogirdi Qobil qoriga telegramma berib qo‘ygandi. Qobil qori ularni vokzalda kutib olib, mehmonxonaga joyladi. Ular uchun Toshkent poyezdiga bilet ham olib qo‘ygan ekan. Ertasiga Qobil qori kech soat oltilarda mehmonxonaga keldi. Ko‘pchilik shahar aylanishdan hali qaytmagandi. Faqat O‘zbekiston san’at tashkilotchilaridan bo‘lgan Zubayda opa ismli ayol shu yerda ekan. Unga “kech soat o‘nlarga tayyor bo‘lib turinglar, sizlarni olib ketgani mashina keladi”, deb tayinladi. So‘ng, sizda gapim bor, deb Imomjon Ikromovni olib ko‘chaga chiqdi, u yerda uzunchoq yengil avtomobil kutib turardi. Mashina bir zumda chog‘roq restoranlardan biriga olib borib qo‘ydi. Rus haydovchi yigit Ustaning jomadoni bilan Qobil qorining kichkinagina tugunchasini olib vokzal tomon ketdi. Qobil qori ikki kishilik kechki ovqat buyurtirgan ekan. “Ikki kundan beri faqat seni ko‘ramiz, qolganlar qani?” – deb so‘radi Usta. “Ular Toshkentga jo‘nab ketganlariga ancha bo‘ldi, – deb javob berdi Qobil qori. – Men ham ishlarimni bitkazib ketmoqchi bo‘lib turgandim, bu yerdagi ba’zi maydagaplar orqamizdan g‘iybat boshlab qolishdi. Emishki biz qo‘rqoqlar, yaxshi kunlarda yonlarida bo‘lib, xavf-xatar kelishi bilan qochib qolarmishmiz. Chidolmadim, ko‘ngilli bo‘lib frontga yozildim. Bularga o‘zbek qanday bo‘lishini ko‘rsatib qo‘ymoqchiman. Hozir Moskva atrofidagi harbiy bazalardan biridamiz. Boyagi avtomobil ham o‘sha bazaga tegishli. Imomjon aka Siz menga otamdeksiz. Mendek bir havaskorga ajoyib ashulalar o‘rgatib, elga tanitdingiz. Sizdan o‘rgangan mumtoz navolar teatrdagi ijodim uchun katta maktab bo‘ldi. Farhodni, Majnunni ijro etdim. Bu yerda – konservatoriyada ham o‘z o‘rnimga ega bo‘ldim. Hammasi uchun rahmat, ustoz, mendan rozi bo‘ling. Olloh nasib qilsa, urushdan omon chiqsam, uchrasharmiz. Bo‘lmasa diydor qiyomatda”, – deb jimib qoldi. Qobil qori ham, Usta ham yig‘lardi… Shunda Usta o‘zini tutib olib: “Sen faqat o‘zinggagina emas, butun o‘zbek san’atiga tegishlisan, senda katta iqtidor bor, bekorga senga imtiyoz berilmagan, shu bois o‘zingni asrashga majbursan, biz bilan birga poyezdga chiqaver, seni O‘zbekiston asraydi”, – dedi. Qobil qori bir so‘zli edi, ko‘nmadi. “Arslon izidan, yigit so‘zidan qaytmas”, – deb javob qildi. Chunki uning tomirlarida erkparvar, mard va jasur o‘zbek qoni oqar edi. Jaloliddin Manguberdi, Amir Temur, Zahiriddin Muhammad Boburlardan o‘tib kelayotgan vatanparvarlik, jo‘mardlik hislari gupirib, millat sha’ni, g‘ururini har narsadan ustun qo‘ygan Qobil qori qismatini hayot-mamot masalasiga tikdi. Garchi imtiyozga, muayyan bir huquqqa ega bo‘lsa-da, bir og‘iz millat sha’niga aytilgan noloyiq so‘z uchun chidab turolmadi.

* * *

Shu o‘rinda bahonai sabab lirik chekinish. Yaqinda Rossiyaning markaziy telekanallaridan birida chiqish qilgan Rossiya Kommunistik partiyasi (RFKP) rahbari G.Zyuganov bir g‘alati gap aytdi. Nima emish go‘yoki ikkinchi jahon urushidagi erishilgan g‘alaba taqdiri faqat Rossiya va Stalin faoliyati bilan bog‘liq emish. Agar bular bo‘lmaganda sobiq postsovet hududidagi mamlakatlarning ishtiroki hech narsaga arzimas emish va hokazo, hokazo… Qisqasi, gapirishga ham arzimaydigan asossiz, mayda gaplar… Mayda bo‘lsa ham ozgina haqiqati bo‘lganda, jindek bo‘lsa ham xolislikka amal qilinganda, bu o‘rinda eslab o‘tirmagan bo‘lardik.

Avvalo urush yillarida o‘zbek  xalqi hozirgidek o‘ttiz bir millionlik katta xalq emas, balki bu nufusning uchdan bir qismini tashkil etar edi. Bir hovuchgina aholiga ega bo‘lgan mamlakat bor quvvati zaxirasini urushga tikdi. Yov qochganda botir ko‘payadi. Bu maqolni eshitmagan Zyuganov janoblari bir narsani bilib qo‘ysalar yomon bo‘lmasdiki, o‘sha bir hovuch aholining ishga yaraydigan asosiy qismi urushga ketdi. Keta olmaganlari, yoshi yetmaganlari ko‘ngilli bo‘lib, o‘zi tashabbus ko‘rsatib jangga jo‘nadi. Fashizmga qarshi bo‘lgan urushda bir yarim milliondan ortiq vatandoshimiz ishtirok etgan bo‘lsa, qolgan aholi – yetti yoshdan yetmish yoshgacha bo‘lgan har bir fuqaro qishin-yozin ochlik, mashaqqat, g‘urbatlarga chidab ona zamin saodati uchun mehnat qildi. Kurashdi, duo qildi. Mamlakatdan bu yillarda olib chiqib ketilgan millionlab tonna oziq-ovqat, issiq kiyim-kechak va boshqa mahsulotlarning aniq hisobini bilish tiliga zo‘r beradigan bu siyosatchi uchun muammo bo‘lmasa kerak. Va, bu ne’matlar millionlab mehnatkashning, qo‘llari qadoqqa aylangan o‘zbek ayolining zahmati evaziga binoga kelganini bilish uchun unchalik ko‘p aql talab qilinmaydi. Aslida do‘ppini boshdan olib, xayolni bir joyga qo‘yib, hovliqmay, xolisona, adolat, vijdon bilan fikr yuritilsa, qurbonlikning katta-kichigi, qahramonlikning chegarasi bo‘lmaydi. Bir yarim milliondan ortiq guldek farzandini borsa-kelmas safarga jo‘natib, ularning olti yuz mingdan ziyodini boy berishi o‘zbek xalqining ulkan fojiasi emasmi?!

Statistik ma’lumotlarga qaraganda, 1941–1945 yillarda bir millionga yaqin aholi, xususan, ikki yuz ming nafar bola urush bo‘layotgan maydondan  O‘zbekistonga  evakuatsiya qilingan. Ayrim o‘zbek xonadoni ikki va undan ortiq yetim bolalarni o‘z himoyasiga oldi. O‘zbek xalqi esa ularni bag‘ri kenglik, kengfe’llik bilan qarshi oldi,  uyi, dasturxoni, qalbining to‘ridan joy berdi. O‘zbekiston urush yillarida front uchun 2100 ta samolyot, 17342 aviamotor, 2318 ming dona aviabomba, 22 mln. dona mina, 1 mln. dona granata, 3 mln. dona radiolampa yetkazib berdi. Bu xamir uchidan patir bo‘lgan faktlar.  Bu haqda sobiq ittifoqning o‘zida, qolaversa, dunyo miqyosida qanchalab maqola-ocherklar, publitsistik asarlar, hatto romanu qissalar  yozilgan. Bu voqea millionlab qalblarda aks-sado bergan. Bu haqiqatlarni tarix sahifalaridan o‘chirib bo‘larmikan?! Mamlakat mustaqillikka erishgach, urush qatnashchilari xotirasini tiklash maqsadida poytaxt markazidagi Mustaqillik maydonida “Xotira xiyoboni” tashkil etildi. 35 jildlik “Xotira kitobi” tayyorlanib, nashr qilindi. Bu kitoblar “ulug‘ rus og‘asi” sha’niga yozilgan madhiyalar yoki sevgi-muhabbat  haqidagi monologlar emas, balki ming-minglab zavol topgan begunoh insonlarning ayanchli taqdirlari yig‘masi edi. Bu kitoblarni oxirigacha o‘qishga janob siyosatchining yuraklari dosh bera olarmikan? Bilmadik, har qalay poytaxtimiz markazida qad rostlagan maxsus majmuaga kelib, bu kitoblarni bir varaqlab chiqqan bo‘lganlarida, eng kamida kaltafahmlik bilan bunday gaplarni aytmagan bo‘lardilar.  Shovinizm, xudbinlik va ichki alamzadalik achchig‘ida aytilgan gaplarini eshitib, “Holvani hokim, kaltakni yetim yeydi” degan maqol yodga tushadi. “Yaxshilik qil, suvga ot, bilsa baliq, bilmasa Xoliq biladi”, deydi ko‘pni ko‘rgan  xalqimiz. O‘zbek xalqi urush davrida birovdan qo‘rqqanidan emas, ko‘ngli yaxshilik, ezgulik, mardlik, saxovat, oliyjanoblik tuyg‘ulariga to‘la bo‘lgani uchun shunday javonmardlik ko‘rsatdi. O‘zbek xalqi  o‘sha yillarda ham, urushdan keyin ham, istiqlol yillarida ham bu oliy matlabdan, yuksak rutbadan, ezgu a’moldan bir qadam ortga chekingani yo‘q. Buni o‘zbek xalqining tarixi va ayniqsa, bugungi kunlarimiz yaqqol ko‘rsatib turibdi.

Mavzuga qaytsak. Qobil qori ko‘kragida yoli bor millionlab o‘zbekning bir  vakili edi. U ayni paytda o‘zining, ayni paytda xalqning g‘ururi, hamiyati, nomusi uchun kurashish maqsadida ulug‘ yo‘lga otlandi. Imomjon aka bilan quchoqlashib xayrlashdi. “Oilamga salom ayting, qizalog‘imning peshonasidan o‘pib qo‘ying, tushuntiring, mendan xafa bo‘lishmasin, shunday qilishim zarur, omon bo‘lsam boraman, bo‘lmasa mendan rozi bo‘lishsin. Vokzalga borganda ustozlarga indamay qo‘yaqolaylik, chunki ular ham meni to‘xtatishga harakat qilishlari tayin. Men bir qarorga kelib bo‘lganman, shuni keliningizga berib qo‘yarsiz”, deb Ustaning qo‘liga tuguncha tutqazdi. Shularni xayolidan o‘tkazarkan, “Attang, o‘shanda men bilan ketasan, deb qattiq turib olsam, oldimga solib olib kelsam bo‘larkan”, deya Imomjon aka qattiq afsuslandi…

Kontsertning oxirgi nomeri o‘rniga “Jangchi san’atkor salomi” rukni bilan Qobil qori Siddiqov ijro etgan “So‘lim” ashulasining plastinkasi qo‘yib eshittirildi…

Oradan ko‘p o‘tmay radio rahbariyatiga boyagi askar, I.Ikromov va boshqa ijodkorlar yig‘ilib, Qobil qorining jasorati haqida radioeshittirish tayyorlash masalasini muhokama qildilar. Bir kecha-kunduzda tayyorlangan ushbu musiqali eshittirish jamoatchilikda kuchli aks sado bergan. Unda askar yigit Qobil qorining qahramonligi, so‘nggi nafasigacha yurtiga, xalqiga sadoqati va mehri haqida, ayniqsa, sehrli ashulalari bilan jangchilarning hamisha ruhini ko‘tarib yurgani to‘g‘risida hayajon bilan gapirib berdi. I.Ikromov shogirdining iqtidori va mahorati haqida, san’atkorning ovozini avlodlarga saqlab qolgan “So‘lim” ashulasining yaratilishi va Respublika ko‘rigida Qobil qori ijrosidagi ushbu ashula bosh sovringa ega bo‘lgani haqida gapirdi. Eshittirish davomida Qobil qori ijrosidagi “So‘lim” ashulasining plastinkasi bir necha bor qo‘yib eshittirildi.

Ushbu eshittirish to‘g‘risida matbuot sahifalarida qator chiqishlar bo‘ldi, oradan ko‘p o‘tmay yosh shoira Zulfiyaxonimning “Uni Farhod der edilar” dostoni e’lon qilindi.

 

Doston va qahramon

“Uni Farhod der edilar” (1943) dostoni shoiraning shaklan va mazmunan go‘zal, romantik tasavvur va hissiyotlarga boy yirik asarlaridandir. Doston ikkinchi jahon urushi janggohlarida butun dunyo erkparvarlari qatorida sozini, sahnasini, she’riyatu mo‘yqalamini bir chekkaga qo‘yib, fashizmga qarshi mardonavor kurashayotgan o‘zbek o‘g‘lonlariga bag‘ishlangan edi. Shuningdek, asarda O‘zbekistonning mehridaryo, saxiy, san’atsevar xalqi, fusunkor tabiati, ajoyib bog‘u rog‘lari badiiy aks etgan.

O‘tgan asrning mashhur hofizi va mahoratli aktyori Qobil qori Siddiqov dostonning bosh qahramoni. U qisqa vaqt ichida oddiy talaba-shogirdlikdan mashhur hofiz, musiqali drama va opera teatrining yetuk xonandasi sifatida elga tanilgan katta iqtidor egasi edi. Shunday bo‘lsa-da, professional mahoratini oshirish maqsadida Moskva konservatoriyasi qoshidagi O‘zbek studiyasiga o‘qishga kiradi. Ammo bir yil o‘tar-o‘tmas qirg‘inbarot urush boshlanadi…

Hofizning birinchi ustozi, O‘zbekiston xalq artisti, mashhur bastakor Imomjon Ikromov teleko‘rsatuvlarning birida shogirdini yodga olib, jumladan shunday degandi: “Qobil qorining juda kuchli, tiniq va jozibali ovozi bor edi. Shuningdek, uning odobi, o‘tkir zehni, kelishgan bo‘yi-basti ham har jihatdan ayni sahnabop, san’atbop edi. Imonim komilki, Qobil qori urushdan omon qaytganida hozir eng mashhur va sevimli hofizlarimizdan biri bo‘lardi…”

Doston uch bobdan iborat. Birinchi bobda o‘ttizinchi yillarning ikkinchi yarmida O‘zbek musiqali (1939 yildan O‘zbek opera) teatrida sahnalashtirilgan “Farhod va Shirin” spektakli va undagi Qobil qori Siddiqov yaratgan Farhodning afsonaviy obrazi yorqin badiiy bo‘yoqlarda, romantik jo‘shqinlik bilan tasvirlangan. Qobil qoriga tengdosh bo‘lgan shoira yosh ijrochining sahna mahorati, ovoz imkoniyatlari va kechinmalarini o‘ta zukkolik bilan ilg‘ay olgani, ko‘rgan va his etganlarini she’riy satrlarda yuksak mahorat bilan ifodalagan.

Shoiraning badiiy timsollar bilan to‘lib toshgan jo‘shqin satrlarini o‘qir ekansiz, nogahon ko‘z o‘ngingizda o‘sha spektakl, o‘sha manzara, Farhod – Qobil qorining sadoqati, matonati, aql-zakovati va jasoratidan ko‘zlari hayrat va hayajon bilan yongan tomoshabin jonlangandek bo‘ladi.

Parda tushdi… muhtasham zalda
Yangrab ketdi qarsak baralla.
Tashlay berdi qizlar guldasta,
Sahna gulga to‘ldi birpasda.

Ikki yulduz chaqnab ko‘zida,
Zo‘r hayajon sezib o‘zida
Tabassum-la tashakkur izhor
Etdi Qobil qori san’atkor.

Ko‘p yog‘ildi har yondan olqish,
Ketgan edi tabiatdan hush.
Ofarin deb qari-yosh qoldi,
Ofarin deb tog‘u tosh qoldi…

Dostonning ikkinchi bobi hajm jihatidan ancha mo‘jaz bo‘lib, unda urush arafasidagi hayot tarzi, mehnat, o‘qish, izlanish, ijod lahzalari tasvirlangan. Biroq go‘yoki chaqindek borliqni titratib urush boshlangani haqida yoyilgan mudhish xabar ko‘pchilik qatori Qobil qorining ham orzulariga raxna soladi va u ko‘ngillilardan bo‘lib yovga qarshi urushga ketadi.

Shunda bizning Qobil qori ham,
“Labbay” deya yurt chaqirgan dam,
San’atiga dedi: “Yaxshi qol!”
Jangga kirdi qo‘lida qurol.

Dostonning uchinchi bobi fashistlarga qarshi jang maydonida og‘ir yarador bo‘lgan qahramonimizning hayot bilan vidolashuv onlarini iztirob va hayajonga to‘la og‘riqli satrlarda hikoya qilinadi.

Yov o‘qidan azob chekkan jon
Imkon bermas olg‘a yurishga,
Dushmaniga o‘qin uzishga.
Ko‘kragini o‘pirgan olov
Azob berar unga beayov.

Shoira yaratgan doston ham Qobil qori aytgan “So‘lim”day ta’sirli, ehtiroslarga boy, alamli, dardli. Garchi, ba’zi satrlar zamona zayli bilan, o‘z davriga xos ranglarda chizilsa-da, dostonning milliy, badiiy-estetik mazmun-mohiyatiga soya tashlamaydi.

San’at edi dilim band etgan,
Sahna edi jonajon uyim;
San’atimga chang solgach dushman
Jangga kirdi yuragim, kuyim…

Aziz xalqim, farzandlik haqqi,
Kurashingga ruhim-la yorman.
Dushmanni yengolgan xalqim
Zafarida, bag‘rida borman…

Doston urush davrida bir necha bor turli nashrlarda e’lon qilingan, kitobcha shaklida chop etilgan. Hali-hanuz o‘z qadrini yo‘qotmagan ushbu asar, ikkinchi jahon urushida jon olib-jon bergan ota-bobolarimiz jasorati va shon-shavkatini madh etuvchi dilbar asar bo‘lib qolaveradi.

 

Ota-ona orzusi

O‘tgan asrning o‘ninchi va yigirmanchi yillarida Shayxontohur va Hastimom Eski Toshkentning eng gavjum jamoa markazlaridan bo‘lgan. Qator masjidu madrasalar, tabarruk qadamjolar, gavjum bozorlarning mavjudligi bu maskanga alohida fayz bag‘ishlagan. Aynan shu maskanda unib-o‘sgan Qobiljon zehnli, quntli, tirishqoq bola edi. U hali maktabda o‘qib yurgan chog‘laridayoq Qur’oni karimni yod olgan. Ovozining qo‘ng‘iroqdek jarangi, shirin va ta’sirli qiroati odamlarni o‘ziga rom qilardi. Inchunin, qori nomini unga el-yurt bergan.

Qobil qorida musiqa va ashulaga bo‘lgan qiziqish juda yoshligidan, ota­si bilan bozor maydonlarida o‘tkaziladigan turli sayl-tomoshalarda, to‘y-hashamlarda mashhur sozandayu hofizlar, dorbozu qiziqchilar san’atiga mahliyo bo‘lgan kezlarida uyg‘ongan. Bora-bora bu qiziqish kuchayib, hayotining mazmuniga aylangan. Mirpo‘lat hofiz, u kishining otalari Mirxoliq hofiz singari nomdor hofizlar Qobil qori, Mahamatjon, Turg‘unxo‘ja, Tojixo‘ja va yana bir qancha yosh iste’dodlarning san’at yo‘liga kirishlariga katta hissa qo‘shgan. Ular mahalla guzarida yoshlarga o‘zlari ijro etib kelgan kuylar va ashulalardan o‘rgatishgan.

Asosiy xizmati Chorsu bozoridagi ichki ishlar bo‘limida bo‘lgan Mirpo‘lat aka 1929 yilning erta kuzida maktabni endigina bitirgan Qobil qori uchun yangi gap topib kelgan. Uning so‘zlariga qaraganda, “yaqinda Toshkentda TUZ (TYuZ) deb atalguchi, maxsus teatr ochilarmish. U o‘zbek bolalariga atalganmish. Shu kunlarda, o‘sha teatr uchun zarur bo‘lgan aktyorlarni tayyorlaydigan o‘quvxona (studiya) ish boshlabdi. U mahalliy yoshlar orasidan teatrga yaroqlilarini qidirayotganmish…”

Shu tariqa Qobil qori Siddiqov o‘sha yili Toshkent Rus yosh tomoshabinlar teatri qoshida ochilgan, bo‘lajak O‘zbek yosh tomoshabinlar teatri uchun aktyorlar tayyorlovchi o‘quv studiyasiga qabul qilinadi. Ko‘p o‘tmay, sahnabop tashqi qiyofasi, shirali ovozi, kuchli aktyorlik va xonandalik iqtidori bois o‘quv studiyasining umidli a’zolaridan biriga aylanadi.

Studiya murabbiylari orasida Moskvadagi ikkinchi O‘zbek teatr studiyasining bitiruvchisi Afandixon Ismoilov ham bor edi. Yigitchaning ashulaga bo‘lgan layoqatini sezgan studiya rahbarlaridan biri Afandixon Ismoilov o‘sha davr o‘zbek musiqasining yirik namoyandalaridan bo‘lgan bastakor Imomjon Ikromovdan Qobil qorini eshitib ko‘rishni so‘raydi. Usta yigitchani tekshirib ko‘rgach, uning barcha registrlarda birdek go‘zal jaranglovchi kuchli va yorqin ovoz, noyob musiqiy qobiliyat egasi ekanini tushunadi. Shu tariqa Qobil qori I.Ikromovga shogird tushadi. Ustoz uni o‘zi ishlaydigan Radio milliy ansambliga olib keladi va u avval xorda, so‘ng O‘zbek ansamblida ishlay boshlaydi. Kunlarning birida yosh jurnalist va shoir G‘iyosiddin Soatiy o‘zining “Yorni oynakdin qarang…” radifli g‘azalini bastakorga taqdim qiladi. Bu haqda Imomjon Ikromov shunday eslab o‘tgan edi: “G‘azal o‘zbek mumtoz an’analar asosida yozilganligi, unda Navoiyning “Farhod va Shirin” dostoni qahramonlari nazarda tutilganligi, Farhod va Majnunlardagi kabi yuksak ma’noli ishq kuylanganligi diqqatimni tortdi. G‘azalning yettinchi bandidan tashqari barchasi menga yoqdi. Oxirgi bandda g‘azalning umumiy-hazin kayfiyatiga zid bo‘lgan ruhiyat bor edi. Shu bois uni qisqartirdim. G‘azal menga ilhom bag‘ishladi. Ashulaning kuyi juda tez pishdi. Uni shogirdim Qobil qoriga o‘rgatdim. Ashula yaxshi chiqdi, uni badiiy kengashga ko‘rsatdik. Ammo ashulaning nomi hanuz yo‘q edi. Shunda o‘sha paytlar radio xoriga bosh bo‘lgan Abdulhaq Sultonov: “Imom aka, kuyingiz juda so‘lim bo‘libdi, uning nomini “So‘lim” deb qo‘yaqolaylik”, dedilar. Bu nom hammaga ma’qul bo‘ldi. Ashulani 1933 yilda o‘tkazilgan Respublika ko‘rigiga tavsiya etishdi. Qobil qori ijrochi, men kuy muallifi, G‘iyosiddin Soatiy shoir sifatida ko‘rikning bosh sovrini sohiblari bo‘ldik. Ashula ikki bor – 1935 va 1939 yillarda bir necha million nusxada plastinka bo‘lib chiqarildi. Ashulaning plastinkaga yozilgan variantidan o‘zimning ko‘nglim to‘lmagan. Sababi komissiya a’zolari o‘ychanroq tempda yaratilgan ashulani tezroq-sho‘xchanroq bo‘lsin, deb turib olganlar. Keyinchalik ashula 1958 yili Orif Alimaxsumov ijrosida magnit lentasiga yozilganda, ko‘nglimdagidek bo‘lgan..”.

Ko‘p o‘tmay Qobil qori O‘zbek davlat musiqali (keyinroq opera) teatriga solist-vokalist bo‘lib qabul qilindi. Teatrda qisqa muddat ichida to‘rtta yirik opera va musiqali drama spektakllarida bosh qahramonlar (Farhod, Qodir, Qays, Jo‘ra) partiyalarini ijro etib, mutaxassislar va tomoshabinlar e’tirofiga sazovor bo‘ldi. U 1940 yili Moskva konservatoriyasi qoshidagi O‘zbek opera studiyasiga muvaffaqiyatli qabul qilindi. Ammo mash’um urush uning umriga zavol bo‘ldi.

 

Hofizning avlodlari

Qobil qorining otasi – Siddiq aka o‘z davrining o‘qimishli, hurmatga sazovor, ziyoli kishilaridan edi. Onasi Oynisaxon Umar qizi ham o‘qimishli oilaning farzandi bo‘lgan.

Siddiq aka va Oynisaxon oilasida uch farzand – Sobir (1913), Qobil (1916) va Bo‘riniso (1919) dunyoga kelgan.

Oynisaxon o‘sha – besaranjom davrning har jihatdan mashaqqatli va zahmatli sharoitida norasidalari bilan beva qolgach, nochorlikdan ikkinchi bor turmush qurishga rozilik bergan. Eshmuhammad aka Oynisaxonning farzandlariga o‘z bolalariday mehr ko‘rsatgan. Oynisaxon ikkinchi turmushidan yana uch o‘g‘il farzand ko‘rgan: Zikrilla (1924), Sunnatilla (1931) va Hikmatilla (1936). Ularning o‘rtanchasi – Sunnatilla aka hozir hayot. Mashhur hofizning avlodlari va oila a’zolariga tegishli ma’lumotlarni shu kishidan olganmiz.

Qobil qori Siddiqov O‘zbek davlat musiqali (opera) teatriga ishga o‘tgach, shu teatrning solist-vokalistlari tarkibida ishlovchi Salomatxon ismli qizga ko‘ngil qo‘yadi. To‘y qilib, shirin hayot kechira boshlashadi. Qiz ko‘rib, unga E’tiborxon deb ism qo‘yadilar. Salomatxon uzoq yillar O‘zbek opera teatrida ishlagan. E’tiborxon Toshkent qishloq xo‘jaligi institutining agronomiya fakultetiga o‘qishga kirib, uni muvaffaqiyatli bitirgach, Qibray tumanidagi Paxta selektsiyasi ilmiy-tadqiqot institutiga ishga yuborilgan. O‘sha yerda samarali mehnat qilib, hayotdan ko‘z yumgan.

Qobil qorini muxlislari Farhod deb atashgan. Chindan-da, uning ijrosidagi Farhod ham, Farhodning sof muhabbati tajassum etgan “So‘lim” ashulasi ham o‘sha davr ijro san’atining nodir namunalaridan edi. Bu asarlar necha yillardan beri turli avlod san’atkorlari tomonidan ijro etilib, o‘zbek san’atining mumtoz namunasiga aylanib qoldi. Bunda, shubhasiz, uning ilk ijrochisi Qobil qorining ham xizmatlari katta.

Hamidjon Ikromov,

O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiysi,

san’atshunoslik fanlari nomzodi, professor

Jahon adabiyoti, 2015 yil, 3-son