Rus dramaturgi Nikolay Pogodin Abdulla Qahhorning “Yangi yer” (“Shohi so‘zana”) dramasini “talantli komediya” deb atagan edi. Bu bahoda katta haqiqat bor. Kichik hikoyalari bilan shuhrat qozonib, “o‘zbek Chexovi” degan nomga muyassar bo‘lgan, romanchilikda ham mashhur Abdulla Qahhor adabiyotning qiyin janrida katta yutuqlarga erishgan edi.
Shu komediya tufayli adibning nomi butun mamlakat va jahonga tarala boshladi. “Yangi yer” Davlat mukofoti (1951) bilan taqdirlandi, yuzga yaqin teatrlarning sahnasini bezadi, chet ellardagi katta teatrlarda sahnaga qo‘yildi.
“Yangi yer”ning muvaffaqiyati Abdulla Qahhorga yangi-yangi dramatik asarlar yozishga ilhomlantirdi. Izlanish, janrning o‘ziga xos tomonlarini o‘rganish, badiiy mahoratni yanada oshirish tufayli yana uchta sahna asari – “Og‘riq tishlar” (1954), “So‘nggi nusxalar” (“Tobutdan tovush”) (1962), “Ayajonlarim” (1967)ni yozdi. Shunday qilib u Hamza, Yashin, Maqsud Shayxzoda, Uyg‘unlar qatorida o‘zbek adabiyotini dramatik asarlari bilan boyitdi.
Adib drama janrida birinchi marta “Tashvish” komediyasi orqali (1939) qalamini sinab ko‘rgan edi. Ammo bu asar oxiriga yetkazilmadi, chunki muallif undan qoniqmadi.
Abdulla Qahhor o‘z hikoyalarida kulgidan mahorat bilan foydalanib, katta muvaffaqiyat qozongani ma’lum. Kulgi, yumor, hajv ruhi u yaratgan sahna asarlarining bag‘riga chuqur singib ketgan. Kulgi uning dramalari syujetiga, voqealar oqimiga, qahramonlar xarakteriga, konfliktlarning mohiyatiga katta mahorat bilan yedirib yuborilgan.
A.Qahhor “Attor o‘qisa ham, bir joyda ko‘p o‘tirib zerikib, kerishib uyqu bosgan” kishilar o‘qisa ham kuladigan asarlar yaratishga katta e’tibor bergan.
“Yangi yer” komediyasida kishilarning bo‘z va qo‘riq yerlarni o‘zlashtirishda ko‘rsatgan fidokorliklari tasvirlanadi.
Bu komediya o‘ziga xos originalligi, uslubi bilan ajralib turadi. U qo‘riq yerlarni o‘zlashtirish, qishloq hayotidagi o‘zgarishlarni aks ettirish, katta ishlarning ma’no va mag‘zini chaqib berish borasida o‘zbek adabiyotiga yangi hayotiy mazmun, mavzu olib kirdi.
Adib 1948 yilda Mirzacho‘lga ko‘chib kelib, uzoq vaqt shu yerda turadi, zamondoshlarining mehnat qahramonliklarini zavq bilan kuzatadi, tabiatni o‘zgartirib, o‘ziga bo‘ysundirayotgan, suvsizlikni yengayotgan, cho‘l-dashtlarni serhosil paxtazorlarga, bog‘u bo‘stonlarga aylantirayotgan fidokorlar timsolini yaratish uchun ko‘p hayotiy materiallar to‘playdi. U o‘z asarining yaratilish tarixi to‘g‘risida bunday yozadi: “Tabiatni o‘zgartirish, yangi yerlar ochish mavzui meni juda qiziqtirdi, obod qishloqlarda yurib, bo‘layotgan bu ulug‘vor ishlarni o‘z ko‘zim bilan ko‘rdim. Menda shu ishlarni qilayotgan odamlarni ko‘rsatish orzusi tug‘ildi. Shuning natijasida “Shohi so‘zana” pesasi maydonga keldi”.
A..Qahhor Mirzacho‘ldagi fidoyilar to‘g‘risida yirik asar yozishdan avval ishni kichik janrdan boshlaydi. Adib “Mirzacho‘lda kuz” ocherkida bir xo‘jalikda 18 yil ichida yuz bergan katta o‘zgarishlar — dehqonlar ongida sodir bo‘layotgan yuksalishlar orqali qishloqning har tomonlama obodlashib borayotganini ko‘rsatadi. Adib ularning mehnatdagi fidokorliklari manbaini ochib bunday deb yozadi: “…bu odamlarda cheksiz g‘ayrat, bu yerlarga otashin muhabbat, porloq kelajakka komil ishonch bor. Shuning uchun yoshu qari, erkak-ayol, hamma har ishga o‘n qo‘llab yopishadi” (“Qizil O‘zbekiston” 1948 yil 21 noyabr.) Buning natijasida reja oshirib bajariladi, davlatga bir qancha tonna oshiqcha paxta topshiriladi. Shu bilan birga ocherkda paxtakorlarning boy tajribasi ham yoritib berilgan.
“So‘z Yoanisherga” (“Qizil O‘zbekiston” 1948 yil 11 dekabr) ocherkida esa, qishloqdagi ayrim nuqsonlar tanqid qilinib, hozirgi vaqtda baxshilarning dostoniga, qo‘shiqlariga tushadigan ishlar bo‘layotganligi, Mirzacho‘lni Mirzagulboqqa aylantirishga harakat qilinayotganligi zo‘r ehtiros bilan kuylanadi.
Bu ocherklar “Yangi yer” komediyasining ijodiy mag‘zi bo‘lib xizmat qildi. Muallif komediyasida ocherklaridagi ayrim dalillardan, ba’zi vaziyatlardan foydalandi va ularni rivojlantirdi.
Dramaning yaxshi chiqishiga yana bir asosiy sabab hayotdagi xarakterli konfliktlarni tanlab, ularni umumlashtira olishdadir. A.Qahhor kamchiliklarni, oldinga siljishimizga to‘sqinlik qiladigan narsalarni dadillik bilan keskin tanqid ostiga olib, ularni kulgi yordami bilib ochib tashlaydi.
Yozuvchi Mirzacho‘lni gulistonga aylantirishga otlanganlarning jiddiy qarama-qarshiliklarga uchrashlarini va bunday qarama-qarshiliklarning kelib chiqish sabablarini yoritadi.
To‘qnashish va konfliktlarga olib borgan asosiy narsalar ayrim kishilar ongida saqlanib kelayotgan eskilik sarqitlari edi.
Bunday sarqitlar Hamrobuvi, Xolniso va Mavlon obrazlarida yaqqol namoyon bo‘ladi. Har biri o‘ziga xos xarakterga ega bo‘lgan bu kishilar jamiyatimizda yuz berayotgan katta voqealar, ulug‘ ishlar mohiyatini tezdan tushuna olmaydilar. Natijada, xato va nuqsonlarga yo‘l qo‘yadilar, oldinga ketishimizga to‘sqinlik qiladilar.
Aslida devordarmiyon qo‘shni, qadrdon do‘st Hamrobuvi va Xolnisolar quda bo‘lishga ahdlashganlar. Ularning farzandlari ham bir-biriga moyil. Biroq Mirzacho‘lga yoshlarning ketishi, ikki kampirni dastlab sarosimaga solib qo‘yadi.
Xolniso o‘z fazilatlari bilan Hamrobuvidan farq qiladi. U o‘z xatosini Hamrobuviga nisbatan tezroq sezib oladi va uni yengishga, tuzatishga harakat qiladi. U o‘g‘lining Mirzacho‘lga ketishiga xayrixohlik qiladi va Hamrobuvini ham qizini Mirzacho‘lga yuborishga ko‘ndiradi. Xolniso fikrida qat’iy, qarorida mustahkam turadi. Ko‘ngli ancha yumshoq bo‘lgan Hamrobuvi esa, turmushda yuz berayotgan o‘zgarishlarni uzoq vaqtgacha payqab ololmaydi, fikri o‘zgarib turadi.
Ikki kampir o‘rtasidagi kelishmovchilik, bahs-munozaralar, ular orasidagi munosabatlarning yomonlashishi va uzilishi, shirin so‘zlarning kuchli kesatiqlarga, achchiq-achchiq kinoyalarga aylanishi dramada nihoyatda hayotiy va jozibali tasvirlangan.
A.Qahhor kurashda va to‘qnashuvda qahramonlarning ongida, psixologiyasida yuz berayotgan o‘sish-o‘zgarishlarni, ruhiy kechinmalar shiddatini o‘quvchi va tomoshabinlarga katta mahorat bilan yetkaza olgan.
Dramaturg o‘z qahramonlari ichki dunyosida ro‘y berayotgan o‘zgarishlarni, takomil jarayonini jamiyatdagi voqealar bilan, xalqimizning umumiy kurash yo‘li bilan bog‘lab aks ettiradi.
Xolniso va Hamrobuvi xarakteri muallif tomonidan o‘ta jonli va jozibador tarzda gavdalantiriladi, chunki bu obrazlar boshqa personajlarga nisbatan ko‘proq ziddiyatlar orqali ifodalanadi. A.Qahhor bu shaxslar xarakteridagi zaif va kuchli tomonlarni asar g‘oyasiga mos keladigan kulgili vaziyatlar, badiiy vositalar bilan ochib beradi.
Dehqonboy va Hafiza dastlabki kuchli qarshiliklarni yenggandan keyin Mirzacho‘lga kelib, ikkinchi jiddiy to‘qnashuvga duch keladilar. Bunga Hafizaning tog‘asi brigadir Mavlon sababchi bo‘ladi.
Nima uchun muallif yangi konfliktning yuzaga kelishini Mavlon faoliyati bilan bog‘laydi?
Mavlon — cho‘l o‘zlashtirishdagi katta xizmatlari bilan shuhrat qozongan ilg‘or brigadir. Paxtadan mo‘l hosil olib, dong taratgan. Ammo bu yutuqlar uni esankiratadi, o‘z kuchiga ortiqcha baho berishga olib boradi, mag‘rurlantirib yuboradi. U erishilgan muvaffaqiyatlar bilan kifoyalanib qolib, yangi yerlarni o‘zlashtirish, hosilni yana ham oshirish to‘g‘risida g‘amxo‘rlik qilmay qo‘yadi. U oldinga, kelajakdagi vazifalarga qarab emas, balki o‘tmishda qilgan xizmatlariga suyanib maqtanadi va kibrlanadi. Mavlon jamiyatning o‘sishidan, hayot taraqqiyoti va ilg‘or kishilardan orqada qola boshlaydi.
Mavlon butun jamoa, butun tuman bo‘yicha paxta rejasini bajarishga harakat qilish o‘rniga faqat o‘z brigadasi va o‘z shuhratini oshirish, boshqa brigadalar ichida “ko‘zga yaqqolroq” ko‘rinish uchun kurashadi. U, “o‘z brigadamni hammadan oldin yuksaklikka olib chiqaman” deb maqtanadi.
Bu hol ikki kuch, ya’ni yangilik bilan eskilikning to‘qnashuvi kuchli hayotiy ziddiyatni yuzaga keltiradi. Eski qarashlar o‘z o‘rnini yangi tamoyillarga osonlikcha bo‘shatib berishni istamaydi, aksincha, yangi kuchlarga qarshi kurashga kirishadi. Mavlonning quyidagi gapi butun ichki dunyosini ochib beradigan kalitga aylanadi. U: “Zanglagan mix, meni sug‘urib tashla, deb kallasini ombirga tiqmaydi”, – deydi. Mavlon eski kuchlar timsoli sifatida jon saqlab qolishga, yo‘qolib borayotgan mavqeini tutish va mustahkamlashga zo‘r berib urinadi.
“Yangi yer” pesasida, eskilik tarafdorlari bo‘lgan Hamrobuvi, Mavlon va Xolnisoning kamchiliklarini yo‘qotish uchun Dehqonboy va Hafiza kabi ilg‘or yoshlar ko‘p harakat qiladi.
Dehqonboy — frontda mardlarcha jang qilib, urushdan so‘ng o‘z qishlog‘iga qaytgach, aql-farosati, ishchanligi bilan tez kunda dehqonlarning “ko‘rki” bo‘lib tanilgan yigit.
Hafiza ham mehnatda o‘sgan faol qiz. Urush vaqtida frontga ketgan dehqonlarning o‘rnini bosish uchun minglab xotin-qizlar kabi, Hafiza ham dalaga chiqib, o‘z mehnati bilan g‘alabamizni tezlashtirishga hissa qo‘shgan yosh paxtakor.
Dehqonboy va Hafizalar xalq ommasining cho‘lni o‘zlashtirish to‘g‘risidagi chaqirig‘iga javoban oldingi marrada, eng qiyin jabhada bo‘lishni istaydilar. Mirzacho‘lga yurish boshlanishi bilan bu harakatga birinchi bo‘lib qo‘shiladilar. Chunki Mirzacho‘lda davlatga, xalqqa yana ham ko‘proq foyda yetkazishlarini yaxshi anglaydilar.
Mirzacho‘lni gulistonga aylantirish maqsadida bo‘lgan Dehqonboy va Hafiza u yerga borib, dashtu biyobonlarni ko‘rib qo‘rqib ketmaydilar, qiyinchiliklar oldida dovdirab ham qolmaydilar. Ular bor kuchlari bilan g‘ayrat qilib, paxta rejasini bajaradilar, zovurlarni qazish va tozalash, bo‘z va qo‘riq yerlarni o‘zlashtirish tashabbusi bilan yashaydilar.
Dehqonboy, Hafiza singari ilg‘or kishilar yangilikni tez sezadilar va darhol qabul qiladilar. Shuning uchun ham ular doim oldingi marraga intiladilar.
A.Qahhor pesasi chuqur mazmuni, xarakterlarning yorqinligi, tilining shiraliligi, serbo‘yoqligi, yumorning o‘tkirligi bilan maftun qiladi.
San’atkor “Og‘riq tishlar”da o‘zining qadrdon janri – satiraga yana qaytadi.
Ma’lumki, Ikkinchi jahon urushidan keyin ba’zi adabiyotchilar konfliktsizlik “nazariya”sini zo‘r berib targ‘ib qildilar. Ular hayotimizga dog‘ tushirayotgan illatlarni, kamchiliklarni tanqid qilishni taqiqladilar, bularni tipik hodisalar emas, deb adabiyotga chalkashlik olib kirdilar.
Holbuki, hayotda ijobiy narsalar bilan bir qatorda salbiy hodisalar ham hamisha mavjud bo‘ladi, ko‘pincha gullar bilan birga chaqirtikanaklar ham o‘sib chiqadi.
Satiraning o‘tkir qurolidan foydalanmay turib, bunday chaqirtikanaklarni yo‘qotish mumkin emas edi. Shuning uchun ham, satirik asarlar yaratish adabiyot oldidagi muqaddas vazifalardan biriga aylandi. Hayotni haqqoniy tasvirlashga intilgan o‘zbek adabiyoti bu sohada ham jiddiy yutuqlarni qo‘lga kiritdi.
Adib bu sohada, ayniqsa, samarali ijodiy mehnat qildi. Shuni ham aytib o‘tish kerakki, garchi “Yangi yer” va “Og‘riq tishlar” komediya janrida yaratilganiga qaramay, ularda fosh etish xarakteri, kulgining yo‘nalishi va mazmuni bir xilda emas. “Yangi yer” hayotbaxsh yumor bilan sug‘orilgan bo‘lsa, “Og‘riq tishlar” asosida fosh qiluvchi o‘tkir satira yotadi.
Abdulla Qahhor “Og‘riq tishlar”da turmushda har doim uchrab turadigan real voqealarni, kishilar ongida yashab kelayotgan qoloq tushunchalarni yaramas qilmishlarni qamray oldi va umumlashtirdi. Hayot A.Qahhorni eski mavzuni yangicha tarzda, yangi voqealar asosida yoritishga da’vat qildi. “Og‘riq tishlar”da satira tig‘i nihoyatda o‘tkir. Yozuvchi boshqa asarlarida kishilardagi nuqsonlar, hayotda uchragan illatlarni “Og‘riq tishlar”dagidek keskin, shiddatli, jiddiy, keng ochib tashlagan emas edi. Bu asar satira janrida muallifning jiddiy evolyutsiyaga erishganini, kamolot darajasini ham ko‘rsatadi.
Oilaviy munosabatlarda ilg‘or axloqning katta qiyinchiliklar bilan – eskicha urf-odatlarni, illatlarni yengib, o‘ziga yo‘l ochib, g‘alaba qozonishi – asarning asosiy g‘oyasidir.
A.Qahhor qahramoni tilidan bunday yozgan edi: “Yomon odamlarni qalamimning uchiga sanchib, butun mamlakatga ko‘rsataman, sharmanda qilaman”.
Haqiqatan ham A.Qahhor yaramas kishilarni, firibgarlarni qorong‘idan yoruqqa, xalq hukmiga olib chiqib, ularning jirkanch qiyofalarini fosh etdi.
Bular Marasul, Zargarov, Fotima, Rizamat, Xumorxon kabi nusxalardir. Ularning o‘ziga xos qiyofasini, xatti-harakatlarini chizishda dramaturg katta muvaffaqiyatga erishdi. Illatlarni bir kishi qiyofasida mujassamlashtirishda Hamza, Yoafur Youlomlarga xos yo‘ldan bordi. Birinchi ustozi N.Gogolning quyidagi so‘zlari unga hamisha hamroh bo‘ldi. “Kulgi – ulug‘ ish. U kishini na hayotidan, na mulkidan mahrum qiladi. Lekin uning oldida aybdor o‘zini xuddi bog‘langan quyondek his qiladi”.
A.Qahhorning har bir hajviy timsoli xuddi shu yo‘sinda yaratildi. Kulgining kuchini salbiy personajlar doim sezib turadilar, undan hayiqadilar, chap berishga urinadilar.
Gapni “Og‘riq tishlar”dagi Marasul Huzurjonovdan boshlaylik. U kim o‘zi?
Marasul — muttaham, yolg‘onchi, ayyor kimsa. Muallif buni to‘ydan keyin “va’dalari”ni qanday bajarganligi misolida aniq ko‘rsatadi. U xotini Nasibaning o‘qishini “juvonmarg” qiladi, ilmli bo‘lishiga qarshi chiqadi, past nazar bilan qaraydi, insonga xos har qanday haq-huquqlardan mahrum qiladi, uydan chiqarmay qo‘yadi, cho‘riga aylantiradi. Nasiba bolali bo‘lganidan so‘ng battar kamsitiladi. Marasulning butun qoni va ongi eskilik sarqitlari bilan sug‘orilgan. Bular uning eskicha to‘y qilishida, axloqiy jihatdan buzuqligida ko‘rinadi. Marasul Nasibani olgandan keyin ham Xumorxon bilan o‘ynashishdan tiyilmaydi, xotinini qo‘yib, boshqa qizga uylanmoqchi bo‘lganidan keyingina qiyofasi to‘la ochiladi.
Marasul o‘zga oilalarni buzishdan, er-xotin o‘rtasida janjal chiqarishdan tap tortmaydi. U Zargarov Oqilani qo‘yib, Xumorxonga uylanishiga yordam beradi. Uning asosiy maqsadi kam ishlab, ko‘p pul topishdan iborat. Asar qahramonlaridan biri: “Bir ko‘zing odamlarning tishida, bir ko‘zing cho‘ntagida” deb uni to‘g‘ri tavsiflaydi. Marasulning faoliyatidagi bu yaramasliklarni muallif qattiq satira tig‘iga olib, jamoatchilik tanqidiga, “katta ombir”ga ro‘para qiladi.
“Katta ombir”sirab qolganlardan yana biri — qo‘shxotinli Ahadjon Zargarovdir.
“Burungi vaqtda, – deb yozadi A.Qahhor “Mushkul” feletonida, – “Eshak minganning oyog‘i tinmaydi, ikki xotinlikning qulog‘i tinmaydi” deyishar edi. Demak, u vaqtlarda ikki xotinli kishi kundoshlarning mashmashasi-yu, bir-birining ustidan qiladigan arz-shikoyatidan boshqa tashvishni bilmas ekan. Uning qulog‘igagina emas, oyog‘iga ham, tiliga ham, diliga ham tinim yo‘q. Buni udda qilish uchun qirqoyoqning oyog‘i, quyonning qulog‘i, ilonning tiliga ega bo‘lgan er kerak. Adib asar qahramonlaridan biri Zargarov va unga o‘xshaganlar to‘g‘risida to‘xtalib, ularning haqiqiy qiyofasini shunday ochib tashlaydi.
“…Hozirgi Xudoyorxonlar shlyapa ham kiyar ekan, papka ko‘tarib ham yurar ekan, qonunlarga chap berish, jamoatni chalg‘itish uchun mana bunaqa joylarda minbarga chiqib mast tuyaday og‘zidan ko‘piklar ham sochar ekan”. Zargarovning gapi bilan ishi boshqa. Aytganini qilmaydi, qilganini aytmaydi. Zargarov minbardan turib, oilani, kishilarimizning yuqori axloqi, xotin-qizlarning erkaklar bilan teng huquqqa ega ekanligi to‘g‘risida vaysaydi-yu, turmushda aytganlariga zid ish qiladi. Uch bolasini tashlab, “juda halol, mehnatkash; farzandlariga juda mehribon… bahosi yo‘q xotin”dan voz kechib, yengiloyoq Xumorxon bilan hayotini bog‘lashning o‘zi qay darajada tubanligini ko‘rsatadi. O‘xshatmay uchratmas, deganday Zargarov hayotda Marasul, Xumorxonlarga o‘xshash tuturuqsiz, betayin odamlarni o‘z atrofiga to‘playdi, ular bilan do‘stlashadi. Zargarovning yordami bilan Nasiba qonunsiz ravishda ZAGS dan o‘tkaziladi, “maktabdan yulib” olinadi. “Nasibaning oyoq-qo‘lini” bog‘lashda Huzurjonovga Zargarov “arqon eshib” beradi. U xotin-qizlarga yengiltaklik bilan qarovchi va ularni haqorat qiluvchi maxluq. Do‘ppisi tor kelganda, ikkinchi xotin Xumorxonga: “Meni o‘ynashim degin” deb maslahat berish darajasigacha boradi.
Zargarov tuman ijroiya komitetining raisi o‘rinbosari, ammo ongi, bilim doirasi juda past. U hatto, ma’ruza matnini ham o‘zi tuza olmaydi. Mana uning bilim darajasi:
“Marasul – O‘rtoq Chernishevskiy hozir qayerda ishlaydilar?
Zargarov (o‘ylab) – Tilimning uchida turibdi-ya! Xayr, mayli keyin aytaman..”
Shuni aytish lozimki, A.Qahhor qahramonlardagi illatlarni fosh qilishda, ular ustidan kulishda, ularning faoliyatini tadrijiy ko‘rsatishda mumtoz san’atkorlar ijodidan ilhomlangani, o‘qib-o‘rgangani yaqqol seziladi.
Adibning hajviy qalamini charxlashda ulug‘ rus yozuvchisi N.V.Gogol asarlarining roli katta bo‘lgan. Bu jihatdan N.Gogolning “Ivan Ivanovich va Ivan Nikiforovich oralarida bo‘lib o‘tgan nizolar hikoyasi” qissasi haqida bildirgan fikri diqqatga sazovor.
“Bu kitob menga, bir tomondan, rus tilini o‘rganishda birinchi darslik bo‘lgan bo‘lsa, ikkinchi tomondan, meni yangi bir olamga, kitobga emas, hayot, odamlarning tovushi eshitilib, qiyofasi yaqqol ko‘rinib turgan, ularning ichki dunyosini oynaday aks ettirgan adabiyot olamiga yetakladi”. Shu bilan birga A.Qahhor “Revizor” va “Uylanish” kabi sahna asarlarini tarjima qilish asnosida ustozidan saboq oldi. Bu hol A.Qahhor satirasining o‘ziga xos yo‘nalishida o‘z aksini topgan. Shu bilan birga adib Hamza ijodini chetlab o‘tmadi. Ammo Hamza kulgisi bilan A.Qahhor kulgisi mazmunan bir xil emas, albatta. Zamon o‘zgarishi, jamiyat taraqqiy etishi bilan birga, insonlar o‘zgarib, xarakterlari ham takomillasha boradi. Demak, satira, kulgining ham mohiyati o‘zgaradi, rivojlanadi, u yangi mazmun bilan boyiydi.
Agar Hamza salbiy personajlar – Qozi, Mullaro‘zi, Hidoyatxon (“Maysaraning ishi”), Imom domla, Sulton (“Tuhmatchilar jazosi”)ga nisbatan yakson qiluvchi kulgini ishlatgan bo‘lsa, A.Qahhor kulgi yordami bilan salbiy obrazni fosh qiladi, shu vositada uning xatolarini, illatlarini ochib beradi va to‘g‘ri yo‘lga tushishini, qayta tarbiyalanishini ko‘rsatadi.
Marasul, Zargarovlarning kirdikorlarini qoralash hayotda ularni oyoqqa turg‘izish g‘oyasi bilan ulanib ketadi. Bu o‘rinda Zargarovning so‘nggi pushaymoni xarakterlidir. U, asar oxirida qilmishlari haqida bunday deydi: “Qani endi shularning hammasi tushim bo‘lsa-yu, uyg‘onib ketsam… Qadamimni bilib bosar edim: shu vaqtgacha kalla deb jun chiqqan qovoqni ko‘tarib yurgan ekanman. Jun chiqqan qovoqni”.
“Og‘riq tishlar”da ijobiy qahramonlarning yuksak fazilatlari salbiy personajlarning kirdikorlarini ochib tashlashda, ularga qarshi faol kurashda namoyon bo‘ladi. Nasiba, Oqila, Zuhra, Rohilalarning ongi to‘qnashuvda, ziddiyatlarda o‘sib boradi. Bu jihatdan Nasiba timsoli diqqatga sazovordir. U oilaviy turmush nimaligini bilmasdan, Marasul va’dalarining qurboni bo‘ladi. Tajribasizligi orqali aldanganligini sezmay qoladi, bokira qiz: “chumchuq bola ilonning og‘ziga” tushadi. Nasiba Marasul ta’sirida qolib, erining boyligi bilan maqtanchoqlik ham qiladi. U jamoani aldab, kasalman deb, qalbaki hujjat to‘g‘rilattiradi. Lekin aqlli, ziyrak Nasibaning ko‘zi mudhish oilada tezda ochiladi. U o‘zi kelin bo‘lib tushgan xonadondagi iflos ishlarni ko‘rib, undan nafratlanadi. “Qoqilgan” Nasiba do‘stlarining yordami bilan “yiqilishgacha” borib yetmasdan, oyoqqa turib oladi.
“Eski ong, eski urfu odat, – deb yozgan edi A.Qahhor maqolalaridan birida, – oila uchun bir ofat. Bu ofat, oldi olinmasa, shumg‘iyaday, oilani quritadi, hatto g‘unchaligida xazon qiladi”. Adib illatlar qanday qilib Nasiba turmushini xazon qilganligini badiiy shaklda, ishonarli qilib ochib berdi. Eskicha, yaramas sarqitlarga, ular bilan ongi zaharlangan kishilarga qarshi kurashishga chorladi.
“Og‘riq tishlar” komediyasi betayin, yolg‘onchi, muttaham, ongi eskilik sarqitlari bilan sug‘orilgan kishilarning “chirib, irib” ketmasliklari uchun, ularni “shamollatib” turish, tarbiyalashda katta xizmat qildi.
A.Qahhor diqqat-e’tiborini poraxo‘rlikni fosh qilishga qaratishi ham bejiz emas. Chunki poraxo‘rlik keyingi vaqtlarda yanada jirkanch, yanada yovuz qirralari bilan namoyon bo‘lmoqda. Shuning uchun ham A.Qahhor poraxo‘rni sahnaga olib chiqib, haqiqiy basharasini ko‘rsatib, satira qamchisi bilan savalab, jamoatchilikning qahrini yanada oshirishni niyat qilib oldi. Buning oqibati o‘laroq “Tobutdan tovush”, — “So‘nggi nusxalar” hajviy komediyasi maydonga keldi.
Asarning nomidan ham bilinib turibdiki, muallif hayotimizga dog‘ solib, soddadil insonlarni qaqshatib, sof havomizni bulg‘ayotgan, so‘nggi nafaslarini olayotgan, umrlarini cho‘zish uchun jon-jahdlari bilan kurashayotgan razil kimsalarni qattiq savalaydi. U bunday kimsalarning puxta timsolarini yaratib, poraxo‘rlikning tub ildizini ochib tashlaydi. Bu o‘rinda, ayniqsa, Nusrat Suxsurov timsoli ko‘zga yaqqol tashlanadi.
Suxsurovda Marasul qilmishlarining davomi va rivojini ko‘ramiz. Bular garchi turli qiyofada bo‘lsalar-da, mohiyat jihatidan egizak, jamiyat tanasiga qurt bo‘lib yopishib olgan kimsalardir.
Suxsurov muttahamlikda Marasuldan o‘tadi. Uni bir cho‘qishda qochiradi. U — uchiga chiqqan poraxo‘r.
Yangi davrda poraxo‘rlarni birinchi bo‘lib Hamza qalamga olgan edi. U poraxo‘rni gapirtirib qo‘yib, ichki olamini ochadi:
So‘zda quruq qonun, dilda poralar,
Pora bermaganlar bo‘lur qoralar.
Shuning uchun ko‘kragumdur yoralar,
Olg‘on chervonlarim yodimga tushdi.
Ziyofatga aytsa ishi to‘g‘ridur,
Quruq so‘zli kishi shaksiz o‘g‘ridur.
Tomog‘im yog‘lansa hukmim joridur.
Bu yolg‘on qarorim yodimga tushdi.
Suxsurov timsolida Hamza tasvirlagan poraxo‘r bilan hamohanglik bor. Suxsurov ham u kabi poraxo‘r, tekin boylik topish bilan kun ko‘radi. “Ajdahodek poraga” og‘iz ochishi, iltimoslarni “porasiz o‘tmas”ligi, “er ostidan qo‘lga” qarashi, “pora bermaganlar”ning qora bo‘lishi, “to‘g‘ri so‘zli kishi”ning o‘g‘ri qilinishi kabi illatlar Suxsurovda ham keng palak otgan.
Suxsurov – yangi libos va yangi niqobga o‘ralgan o‘sha eski “tanish” timsol. Yangi davrdagi muttahamda poraxo‘rlikning oqibatlari chuqurroq ochildi va yanada shafqatsiz fosh qilindi. “Hech bir jinoyatni poraxo‘rlikka teng ko‘rib bo‘lmaydi. O‘g‘ri kechasi yo‘lingizni to‘sib, cho‘ntagingizga qo‘l soladi, pulingizni oladi, oladiyu, qochadi-ketadi. Poraxo‘rlar kuppa-kunduz kuni, yana hukumat idorasida o‘tirib, cho‘ntagingizga qo‘l soladi-da, pulingizni oladi-yu, qochib ketmaydi, jinoyatiga sizni sherik qiladi. Poraxo‘r… korxona, muassasa eshigida yo‘limizni to‘sib pora so‘raydi”, — deb yozgandi adib.
Suxsurovning poraxo‘rlikda suyagi yo‘q, porani “qildek sug‘urib, ilikdek” yutadi. Qahramonlardan biri unga bunday ta’rif beradi: “Jonini olgani kelgan Azroildan ham pora so‘raydi. Poraxo‘r degan naycha qo‘yib so‘rar edi, bu muttaham o‘ttiz ikki tishini baravar botiradi”. U o‘z xodimi Yusufdan porani oqizib oladi, akasi qamalgan. Shobarotni esa yordam beraman, deb toza talaydi. Pora uning miyasiga, suyagiga, butun vujudiga singib ketgan. “Nafsimga qoziq qoqib, arralab tashlayman” deb lof uradi, lekin nafs balosi, pora “aqlini yalab”, “vijdonining ko‘zini ko‘r, qulog‘ini kar” qilib qo‘ygan. Suxsurov pora, haromlik yo‘li bilan bir necha dang‘illama uchastka, yengil mashinalar, mol-dunyo orttiradi, bulardan oqqan moyni esa Netayxon va Qorilar itdek yalaydilar.
Netayxonning bu harom mol-dunyolar ichida ongi, miyasi, dili va hattoki tanasi chiridi. Uning ham birdan-bir maslagi dunyo orttirish, maishat. Netayxon o‘qish va mehnatning ko‘chasidan o‘tmagan, shaxsiy tor manfaatlari yo‘lida farzand ko‘rishdan ham voz kechib, baliqsiz ko‘l, kiyiksiz cho‘lga aylangan. Axloqiy buzuqlikda esa Xumorxonlardan ham o‘tib ketgan.
A. Qahhor poraxo‘rlik bilan axloqiy buzuqchilikning egizak ekanligini, pora qayerga tumshug‘ini tiqsa, u yerga o‘zi bilan birga buzuqchilikni olib kirishini dramada chuqur tasvirladi.
Yangi hayotimizning “so‘nggi nusxalari” bo‘lgan Suxsurov, Netayxon, Qorilar o‘zlarining qabih qilmishlari bilan allaqachon o‘limga mahkumdir degan g‘oya asarga singib ketgan.
Ularga go‘r qaziganlardan biri Netayxonning o‘gay ukasi, frontchi Obidjondir. Ba’zi adabiyotshunoslar, adabiy tanqidchilar satirada ijobiy qahramon bo‘lmasa ham bo‘laveradi degan fikrlarni bildirishgan. A.Qahhor esa o‘z ijodida ijobiy qahramonga katta ahamiyat bergan. U iloji boricha, bunday timsollarni yorqin tasvirlashga uringan.
A.Qahhor dramada, ijobiy qahramon Obidjonga keng o‘rin bergan. Muallif bu qahramonni shunday gapirtiradiki, uning har bir so‘zi Netayxon, Qori, Suxsurovlar qalbiga zaharli o‘qday otiladi. Obidjonning Netayxonga javoblarini tinglaylik. “Ha, aytganday, pul shirin degan edingiz, pul shirin bo‘lsa nega ishlamaysiz? Yo ishlab topilgan pul taxirroq bo‘ladimi?”. Gap o‘gay degan so‘z ustida ketganda, Obidjon shunday javob beradi. “… bu so‘z o‘lganini bilar edim-u, qayerga ko‘milganini bilmas edim. Endi bilsam, sizning ko‘ksingizga ko‘milgan ekan!”. Uchastka haqida gap ketganda Obidjon: “Siz-chi, uchastka berib, meni irib-chirib ketgan hayotingizga qopqoq qilmoqchisiz-ku!” Hojarni qoralamoqchi bo‘lgan Netayxonga: “Ie, o‘zingiz ulgurji qilib, unga chakanani o‘rgatibsiz-da”…
A.Qahhorning sahna asarlari shunga o‘xshash o‘tkir iboralarga boy. Bu misollarni keltirishdan maqsad, A.Qahhor satirada ijobiy qahramonni inkor etmoqchi bo‘lganlarga zarba berib, bu borada ham puxta qahramon yaratish mumkinligini isbot qilgan.
Suxsurov ustomon bo‘lishiga qaramasdan, unda nodonlik xislati ham yo‘q emas. U Norqo‘zi (“Mayiz yemagan xotin”)ga o‘xshash xotinining “pokligi”ga tariqcha ham shak-shubha qilmaydi. Netayxon usta, mug‘ambir, erini Hojar bilan o‘ynashadi, degan yolg‘on gapni mahkam ushlab olib, uni puflab shishirishidan maqsadi ham sirini yopib turgan niqobning ichiga chuqurroq kirish edi.
Qori bo‘lsa, firibgarlik va qabihlikda Suxsurovni ham, Netayxonni ham bir cho‘qishda qochiradi. U har ikkalovining tumshug‘idan ip bog‘lab, o‘z manfaatlari yo‘liga qarab tortadi. Bulardan yaqqol ko‘rinadiki, har bir obraz bir-biridan individual xususiyatlari bilan ajralib turadi. Bu obrazlar mohiyatiga ko‘ra A.Qahhorning boshqa personajlari – Marasul, Zargarov, Xumorxonlarga o‘xshamaydi. A.Qahhor ijodida juda ko‘p rang-barang hajviy obrazlarni uchratamiz. Hattoki, u bir xil turdagi shaxslarga ham o‘ziga xos libos bichdi, xarakterlariga turlicha mazmun berdi, obrazlarning individualligini ta’minladi.
A.Qahhor so‘nggi komediyasi “Ayajonlarim”da ham kulgini katta kuchga aylantira olgan.
Asar qahramoni, oliy ma’lumotli, madaniyatli Karimjon uchun turmush qurishdagi asosiy omil – sevgi. Bo‘ston buvi esa o‘ziga xizmat qiladigan kelin olish payida, kelinni ona tanlashi, yoqtirishi kifoya. Uningcha o‘g‘il, bu masalada ham onaning chizgan chizig‘idan chiqmasligi, aytgan gapini qonun sifatida qabul qilishi shart.
Ona-bola o‘rtasida chiqqan bunday ziddiyat qisman “Yangi yer”dagi to‘qnashuvni esga tushiradi. Oldingi asarda Xolniso va Hamrobibilar yoshlarning Mirzacho‘lga ketishiga qarshi chiqqan bo‘lsa, keyingisida ona o‘g‘lining boshqa qizga uylanishiga rozi bo‘lmay, oyog‘ini tirab turib oladi. Har ikki asarda ham yechim – yoshlarning g‘alabasi, o‘z niyatlariga yetishishi bilan hal qilinadi.
Turmushga yangicha ilg‘or axloq talablaridan kelib chiqqan, hozirgi qishloq kishilarining ibratli fazilatlarini o‘zlarida mujassamlashtirgan yangi tipdagi yoshlar Karimjon va Umida obrazlari orqali beriladi.
A.Qahhor barcha sahna asarlarini zamonaviy mavzuda yozdi, hayotdagi dolzarb masalalarni ko‘tardi, ijobiy ideallarni keng targ‘ib qildi. Bu narsa adib dramalarining istiqbolini belgilab berdi. “Yangi yer”, “Og‘riq tishlar”, “So‘nggi nusxalar” va “Ayajonlarim” deyarli yarim asrdan beri kishilarni ezgulik, olijanoblikka chorlab, illatlarni fosh qilib kelmoqda.
A.Qahhorning dramalari ham, nasriy asarlari ham xalq orasiga chuqur singib ketdi, qahramonlarining nomi sevimli ismlarga aylandi.
O‘zbekistonda Dehqonboy, Hafiza ismlari keng tarqalgan. Jaholat, eskilik sarqitlaridan qutula olmagan kimsalar ko‘p suhbatlarda Marasul, Zargarovga, poraxo‘rlar Suxsurovga qiyoslanadi. Ayrim yozuvchilar A.Qahhor qahramonlari yoki dramalari nomidan foydalanib, asar g‘oyasini kuchaytirishga intilganlar. Bu jihatdan S.Zunnunovaning “Og‘riq tishlar” hikoyasi diqqatga sazovor. Muallif xotinini kamsitib, cho‘riga aylantirishga uringan Marasulga o‘xshagan Usmonov tipini chizib bergan. Hikoya nomi “Og‘riq tishlar” deb qo‘yilishi ham bejiz emas. Usmonov Marasul, Zargarov kabi hayotdagi “Og‘riq tishlar”dan biridir. Adiba xuddi A.Qahhor singari bunday kishining jazosi ombir, degan xulosani chiqaradi. Usmonovning “Og‘riq tishi”ni sug‘urib tashlash uchun A.Qahhor asari yordamga chaqiriladi.
S.Zunnunova hikoyada tush vositasidan foydalanib, “Og‘riq tishlar” komediyasining hayotdagi muhim roliga urg‘u beradi.
“Radioda “Og‘riq tishlar” pesasi eshittirilayotgan edi. – Tavba, – dedi Usmonov, – zap yozuvchilar bor-da, shu ham gap bo‘ldimi? Yozuvchi bu bilan nima demoqchi? Hayotimizda o‘zi tushungan bo‘la turib, ayollarni hurmat qilmaydigan, ularning mehnatini qadrlamaydigan erkaklar ham bor demoqchimi? Endi bir kamimiz xotinlarni boshimizga ko‘tarib yurish qoldi, shekilli. Urmasang, so‘kmasang, kuni ko‘chada o‘tsa, ishlasa… Bundan ortiq nima kerak bu xotinlarga? Yozuvchilar ham yozaverar ekan-da.
Usmonov jahl bilan priyomnikni o‘chirib qo‘ydi. Anchadan keyin uning ko‘zlariga qum sepilganday bo‘ldi… Uning tushiga o‘sha yozuvchi kirdi. Uning qo‘lida kattakon ombir. Usmonovning yarmini qurt yeb sarg‘aytirib yuborgan jag‘ tishini sug‘urib olayotganmish. Usmonov, o‘ziga qarab og‘zini ochib kelayotgan haybatli ombirni ushlab qolay desa, qo‘llari ishlamas, butun vujudi chirigan tishga aylanib qolgan emish… U alaxsirab uyg‘onib ketdi”.
Hayotda “Og‘riq tishlar” asari eskilik sarqitlariga qarshi o‘tkir tig‘ sifatida ishlatilganligini ko‘rsatuvchi boshqa misollar ham keltirish mumkin. Bu o‘rinda “Mushtum” jurnalida bosilgan bir latifani eslatish bilan kifoyalanamiz.
O‘z vazifasiga mas’uliyatsizlik bilan qarab, ish vaqtida choy ichib o‘tirgan, adabiyotdan xabarsiz kitob do‘konidagi sotuvchi “Og‘riq tishlar” yordami bilan tanqid qilinadi. Buni sotuvchi bilan xaridor o‘rtasidagi suhbatda ko‘ramiz:
— “Og‘riq tishlar” bormi?
— Kechirasiz, singlim, 32 ta tishim ham soppa-sog‘”.
A.Qahhor pesasining xanjarday tig‘i faqat oiladagi yaramas kishilar – “Og‘riq tishlar”gagina emas, shuningdek, xalq xo‘jaligining har bir sohasidagi jarohatlarga, qoloqlarga, nuqsonlarga qarshi qaratilgandir. Shunga o‘xshash, “Yangi yer”ning ham g‘oyaviy yo‘nalishi faqat qishloqda uchragan nuqsonlarni yo‘qotishgagina qaratilib qolmay, fosh qilish quvvati bilan keng ko‘lam kasb etgan. “Tobutdan tovush” komediyasining qiymati borgan sari oshib bormoqda. Mazkur asar poraxo‘rlarga qarshi otilgan o‘qday xizmat qilmoqda. Bu esa A.Qahhor dramaturgiyasining katta badiiy kuchi, obrazlarining hayotiyligi va haqqoniyligidan dalolatdir.
Ustoz san’atkor A.Qahhor dramalari jasorat va badiiy mahorat maktabi sifatida hamisha zamon xizmatidadir. Ular umrboqiy asarlardir.
Hafiz Abdusamatov, filologiya fanlari doktori
“Jahon adabiyoti” jurnali, 2007 yil, 9-son