Yanglish Egamova. Gyote va Shiller yozishmalari

http://n.ziyouz.com/images/gyote2.jpg

Gyote va Shiller… Xo‘sh, bu ikki buyuk zotning munosabatlari qanday bo‘lgan? Ayrim adabiyotlarda qayd etilganiday juda silliq kechganmi yoki… 

Ikki yillik Italiya safaridan qaytgach, san’atning barcha sohalarida keskin o‘zgarishlar yasash niyatini ko‘ngliga tukkan Gyote hali Germaniyadagi sharoitning qandayligini o‘ylab ham ko‘rmagan edi. Bu davr mobaynida allaqachon yangi badiiy ijod namunalari dunyoga kelgan va ular ommaning, ayniqsa, yoshlarning ongiga o‘z ta’sirini o‘tkazib bo‘lgan edi. Shoir shulardan biri sifatida Shillerning “Qaroqchilar” pesasini tilga oladi. “Bu asar mening nafratimni shuning uchun ham qo‘zg‘agan ediki, – deb yozadi u, – ulkan, ammo hali pishib yetilmagan talant egasi o‘z vatani boshiga axloqiy va sahnaviy paradokslarning shunday oqimini yog‘dirdiki, men bunday ta’sirlardan saqlanishga harakat qilardim”. Avvalboshdanoq ularning dunyoqarashlari, ayrim masalalarga nisbatan nuqtai nazarlari, xarakter-xususiyatlari, yashash va ishlash tarzlari, odatlari bir-biriga zid bo‘lgan. Ular dastlab Vaymarda qo‘shni bo‘lib yashab ham muloqotda bo‘lishmagan, Gyote mudom Shillerdan o‘zini olib qochgan. Yor-do‘stlar ularni yaqinlashtirishga qanchalik urinishmasin, foydasi bo‘lmagan. Shunga qaramasdan, ularni ruhan va qalban bir-biriga yaqinlashtirgan narsa – har biridagi o‘ziga bo‘lgan qat’iy ishonch va har biridagi ulkan zakovatdir.

 Shiller bilan qanday til topishib, do‘st bo‘lib ketishgani haqida Gyote keyinchalik “Baxtli hodisa” nomli esdaliklarini yozgan va buni qisman shunday bayon qilgan: “… Shiller Yenaga ko‘chib ketdi, u yerda ham men u bilan uchrashmay yurdim. O‘sha paytda botanik olim Batsh favqulodda harakatchanligi tufayli tabiatshunoslar jamiyatini tashkil qildi, Jamiyat a’lo darajadagi kollektsiya hamda eng yangi apparaturaga ega edi. Men odatda ularning yig‘inlarida qatnashib yurardim. Bir kuni u yerda Shillerni uchratib qoldim, nima bo‘ldi-yu, ikkovimiz bir vaqtda chiqdik, gapimiz qovushib ketdi. Aftidan, Shiller ma’ruzaga qiziqib qolgan, shekilli, xiyla oqilona  mulohazalar bildirdi, uning fikrlari menga ma’qul bo‘ldi. Uningcha, tabiatga bu taxlit bo‘lak-bo‘lak holda munosabatda bo‘lish havaskor tabiatshunosni, u buni har qancha xohlamasin, o‘ziga jalb qilolmaydi.

Bunday qarash mutaxassisga ham ma’qul kelmaydi, dedim men, axir tabiatga boshqacha munosabat zarur, ya’ni uning ayrim qismlarini emas, balki uni tirik, harakatda tasavvur qilib, bir butunlikdan bo‘laklarga tomon borish lozim. Shiller buni yanayam aniqroq tushuntirishimni istadi, o‘z shubhasini yashirmadi va men o‘z tajribalarimga asoslanib bu xulosaga kelganimga ishongisi kelmadi.

Uning uyiga yetib keldik, suhbatga qiziqib ichkariga kirdim. Unga o‘simliklar metamorfozasi haqidagi qarashlarimni darhol bayon qildim va ramziy o‘simlikni xarakterli belgilarda chizib ko‘rsatdim. U chizmalarimni diqqat bilan kuzatdi, gaplarimni jon qulog‘i bilan tingladi, biroq men gapirishdan to‘xtagach, boshini chayqadi-da: “Bu tajriba emas, bu g‘oya!” dedi. Men dovdirab qoldim, ko‘nglim biroz xijil bo‘ldi, negaki bizni ajratib turgan nuqta shu yerda yaqqol namoyon bo‘lgan edi. Eski g‘azabim yana nish ura boshladi, lekin o‘zimni qo‘lga oldim-da, dedim: “O‘zim hatto xayolimga keltirmagan g‘oyalarim borligidan va hatto uni o‘z ko‘zlarim bilan ko‘rib turganimdan behad mamnunman”.

Menga nisbatan ancha mulohazaliroq va vazminroq bo‘lgan Shiller, o‘zidan nari itarishdan ko‘ra, endi chiqarish niyatida bo‘lgan “Horen” jurnaliga meni ham jalb qilish maqsadida o‘ta bilimdon kantchidek javob qaytardi va men o‘z realizmimda qat’iy turib olganim qizg‘in bahslarga sabab bo‘ldi, hech birimiz o‘zimizni g‘olib hisoblayolmasdik, chunki bizni yengib bo‘lmasligiga har birimizning ishonchimiz komil edi… Ob’ekt va sub’ekt o‘rtasidagi hech qachon barham topmaydigan bahsga qaramasdan biz butun umrimiz bo‘yi davom etgan, o‘zimizga ham, boshqalarga ham ko‘p foyda keltirgan ittifoqni tuzdik.

Gyote xatlarida, kundaliklarida, esdaliklarida Shillerning o‘z ijodiy faoliyatida tutgan o‘rni va xizmatlariga yuksak baho beradi. Ayniqsa, “Faust” fojiasini yozishni ma’lum muddatga to‘xtatib qo‘yganida Shiller asarni tezroq tugatishga undagani, uning tahriri va tahlili ustida katta ishlar qilganini alohida ta’kidlaydi. Gyote uning qistovi bilan asar ustidagi ishni tezlashtirib, uni nihoyasiga yetkazadi. Ular 1794 yildan to Shiller vafotigacha, ya’ni 1805 yilgacha hamkor, hamfikr bo‘lib qolishadi. Shiller vafot etgach, bu achchiq yo‘qotish Gyote ruhiyatiga qattiq ta’sir qiladi va bu judolik izlarini u har qadamda, hayotining har bir soniyasida his etib turadi.

Gyote Shiller bilan aloqalari yaxshi izga tushganini bahorga qiyoslab, ramziy ma’noda shunday ifodalaydi: “Men uchun bu mutlaqo yangi bahordir, hamma kurtaklar quvonch-la ko‘z ochdi, yangi shoxchalar unib chiqa boshladi, Bizning yozishmalarimiz buning eng yorqin, eng mukammal isbotidir!”

Tarjimondan

 

GYoTE ShILLERGA

Vaymar, 1797 yilning 27 iyuni

“Polikrat uzugi” balladasi juda yaxshi chiqqan. Qirolning do‘sti hamda tinglovchi ko‘zi o‘ngida kechayotgan hamma voqealar, ro‘yobga chiqishi hali mavhum bo‘lgan xotima ham – barcha-barchasi juda zo‘r tasvirlangan. “Faust” haqidagi mulohazalaringiz meni behad quvontirdi. Ular mening niyat va rejalarimga monand, shunday bo‘lishi shubhasiz, faqat bu hadsiz-hududsiz kompozitsiyani ixchamlashtirishimni xohlagansiz. Shu tariqa aql-idrok va zakovat ikki munozarachi yanglig‘, kechqurunlari osoyishta hordiq chiqarish maqsadida beayov olishadilar. Men qismlarning yoqimli va qiziqarli bo‘lishini ta’minlashga, butun asarda epik she’rning yangi nazariyasi menga qo‘l kelishini o‘ylab ko‘rishga harakat qilaman.

Barometr o‘ynab turibdi, bu faslda barqaror ob-havo bo‘lmaydi, shekilli. Odam ochiq havoda emin-erkin yashashga ehtiyoj sezmaguncha bu noqulaylikni his etmaydi, kuz biz uchun eng yaxshi fasl.

Sog‘-salomat bo‘ling, almanaxingizni ro‘yobga chiqarishda davom etavering. Men “Faust”ning vazn-qofiyasini kelishtirib bo‘lsam, tag‘in u-bu narsa jo‘natarman. Ko‘ramiz, dahoning kemasi qaysi sohilda langar tashlarkan.

“Uzuk”ni chorshanba kuni kurer orqali jo‘nataman.

Gyote

 

ShILLER GYoTEGA

Yena, 1797 yilning 27 iyuni

Kecha almanaxga kelgan ikkita she’rni Sizga yuborayapman. Qarab chiqib, ular haqida, muallif haqida fikringiz qanday, ikki og‘iz so‘zda bayon qilsangiz. Bu taxlit qoralamalar haqida o‘zim aniq bir hukm chiqarolmayman. Ularning qandayligini aynan tasavvur qilishni istayman, negaki, mening maslahat va ko‘rsatmalarim muallif uchun muhimdir.

Sog‘ bo‘ling. Bizda ob-havo chatoq, yomg‘ir yog‘ayapti.

Shiller

 

GYoTE ShILLERGA

 Vaymar, 1797 yilning 28 iyuni

Menga yuborilgan ikkita she’rni qaytarib jo‘natayapman, ular haqidagi fikrim unchalik yomon emas, ular bosilsa, o‘z muxlislarini topadi. To‘g‘ri, Afrika sahrosi va Shimoliy Qutb na hissiy, na ruhiy kuzatuvlar orqali tasvirlangan, ularga ko‘proq salbiy munosabat bildirilgan, asl maqsad ularni yoqimli, xushmanzara nemis tabiatiga qarama-qarshi qo‘yish bo‘lganu, ammo bu amalga oshmay qolgan. Shuningdek, ikkinchi she’r ham shoironalikdan ko‘ra ko‘proq tabiiy-ilmiy ko‘rinishga ega, u barcha hayvonlarning jannatda Odam Ato atrofida to‘plangani tasvirlangan kartinaga o‘xshab qolgan. Har ikkala she’r ham soddalikka yo‘g‘rilgan dilbar bir intilishni ifoda etadi. Shoir tabiat haqida aniq qarashga ega, biroq buni u birovlardan eshitib bilganga o‘xshaydi. Ayrim jonli manzaralar kishini ajablantiradi, go‘yo uyg‘onayotgan o‘rmon sahroga nisbatan zid manzara sifatida uncha o‘xshamagandek tuyuladi. She’riy o‘lchovlarga tegishli ayrim o‘rinlarda biroz bosh qotirilsa yaxshi bo‘lardi.

Muallif haqida ko‘p narsalarni bilmay, u boshqa she’riy shakllarni ham qo‘llaydimi-yo‘qmi, ko‘rmay turib, unga qanday maslahat berishni ham bilmayman. Aytishim mumkinki, ikkala she’rda ham poetik belgilar bor, ammo yolg‘iz shulargina shoirni shoir qilolmaydi. Ehtimol, muallif oddiygina idilliyani tanlab tasvirlasa, ma’qulmidi, o‘shanda uning san’atkorlik qudrati qanday natija berishini ko‘rsa bo‘lardi. She’rlarning bittasini (“Samo”) almanaxda, ikkinchisini (“Sayohatchi”) “Horen” jurnalida chop etilsa bo‘lar deb o‘ylayman.

Bunaqa seryomg‘ir ob-havoda Sizga salomatlik tilayman.

Gyote

 

ShILLER GYoTEGA

Yena, 1797 yilning 30 iyuni

Mening do‘stim va homiyligimdagi insonga unchalik salbiy baho bermaganingizdan xursandman. Undagi tanqidtalab jihatlar yaqqol ko‘zimga tashlangan edi, biroq mening nazarimda yaxshi tuyulgan narsa shu bahoga arziydimi-yo‘qmi, bilmayman. Ochig‘i, bu she’rlarda o‘zimning shaxsiyatimga tegishli ko‘p belgilarni payqadim, muallifning menga o‘z-o‘zimni eslatishi birinchi marta emas. Unda o‘ziga xoslik kuchli, buni u ma’lum bir falsafiy tushuncha va teran fikr bilan bog‘laydi. Ushbu yangi mashqlarda men, agar ularni avvalgilariga qiyoslaydigan bo‘lsam, ijobiy tomonga siljish boshlanganini sezaman. Qisqasi, bu Siz ilgari mening huzurimda ko‘rganingiz Holderlingning o‘zi. Uni o‘rab turgan muhitdan olib chiqish va uning uchun foydali hamda uzluksiz ta’sir eshiklarini ochish imkonini topolsam edi, undan sira voz kechmagan bo‘lardim. U hozir Frankfurtda, bir savdogarning uyida yollanma o‘qituvchi, did va she’riyat masalalarida o‘z qobig‘iga o‘ralib qolgan, bu holat borgan sari chuqurlashaveradi…

Istagim shuki, ikkimiz lazzatlangan o‘sha behad gashtli ikki kun mendan ko‘ra Sizga ko‘proq samara keltirsin. Bir necha kundan beri tomir tortishishim kuchaygan, hech uxlayolmayapman. “Faust” haqida o‘ylay desam, iblis deganlari she’riyatga mutlaqo yo‘l bermayapti.

Sizga sog‘lik tilayman.

Shiller

 

GYoTE ShILLERGA

Vaymar, 1797 yilning 19 iyuli

Siz xayrlashuv oldidan menga yonimda o‘tkazganingiz sakkiz kundan o‘zga biron-bir quvonchli va dilga malham bo‘lguvchi narsa berolmagan bo‘lardingiz. Bu galgi uchrashuvimiz behad sermahsul bo‘ldi, desam adashmagan bo‘laman, ayni payt uchun ko‘p ishlarni amalga oshirdik va kelajak uchun belgilab oldikki, men g‘oyatda qoniqish bilan jo‘nab ketyapman, ishonamanki, yo‘l bo‘yi ko‘tarinki kayfiyatda bo‘laman va huzuringizga qaytib kelganimda Sizning men bilan yana hamfikr bo‘lishingizga umid bog‘layman. Agar biz shu taxlit xilma-xil ishlarni o‘z vaqtida tahlil qilib, kattaroqlarini sekin-asta oldinga siljitsak-da, kichikroqlari orqali ruhlantirib, qo‘llab-quvvatlashda davom etsak, ko‘p narsalarga erishish mumkin.

“Polikrat uzugi”ni qaytarib yuborayapman. “Ivik  turnalari” balladasi tez orada menga yetib keladi degan umiddaman, shanba kuni mening jo‘nab ketishim haqidagi aniq xabarni olasiz. Sizga salomatlik tilayman, rafiqangizga mening samimiy salomimni yetkazing. Shlegelga bugun maktub jo‘natdim.

Gyote

 

ShILLER GYoTEGA

Yena, 1797 yilning 21 iyuli

Qalbimda biron-bir tuyg‘u tomir otmay turib men Sizdan nari ketolmayman. Siz menga baxsh etgan juda ko‘p narsalar uchun Sizni va butun ichki olamingizni to‘lqinlantira olish istagi menga quvonch bag‘ishlaydi. Bir-birimizni ma’naviy yuksaltirishga qaratilgan bunday munosabat hamisha bardavom bo‘lishi va tobora serqirralik kasb eta borishi lozim. Ikkovimiz hamma masalalarda asta-sekin bir-birimizni tushunishimizga ishonaman, buni sezib turibman, tabiatiga ko‘ra tushunish qiyin bo‘lgan holatlarga esa, biz his-tuyg‘u bilan yondoshamiz.

Siz bilan o‘zaro muloqotlarimizdan foydalanishim va uni o‘zlashtirishimning eng yaxshi va eng samarali usuli shuki, men ularni bevosita hozirgi faoliyatimda qo‘llayman, ayni chog‘da ulardan unumli foydalanaman.

“Vallenshtayn” dramam ham, kelgusida yaratadigan ahamiyatga molik asarlarim ham bizning aloqalarimiz jarayonida mening borlig‘imga aylanib ketadigan narsaning butun bir tizimi ekanligini yaqqol ko‘rsatishi va o‘zida mujassam etishi zarur… “Ivik turnalari” ustida ishlash niyatim bor, sentyabrdan boshlab fojiaga kirishaman.

Sizdan keladigan xabarlar mening hozirgi g‘aribona holatimga jo‘shqinlik olib kiradi va Siz yetkazib berayotgan yangi narsalardan tashqari biz o‘zaro tahlil qilgan eskilari menga qaytadan ilhom bag‘ishlaydi.

Sog‘-salomat bo‘ling va do‘stimiz Meyer bilan birga hamishagidek meni ham eslang.

Shiller

Olmon tilidan Yanglish Egamova tarjimasi          

Jahon adabiyoti, 2015 yil, 11-son