“Romanga qo‘shilgan qissa”. “Chingizxonning oq buluti” qissasi janrini Aytmatov “Asrni qaritgan kun” romanini nazarda tutib shunday belgilaydi: roman yetmishinchi yillar oxirida yozilib, “1980 yilda Novыy mir” jurnalida e’lon qilingan edi. Muallif avval so‘zida yozgandi: “Mafkuraviy ta’qib-tazyiq avj olgan, o‘ta hushyor, to‘rt ko‘zli tsenzorlar va “yuqorining turli fikrlari” ma’muriy yo‘l bilan asar taqdirini hal qilgan zamonda ilk variantda ushbu matn bo‘lmaganini aytib o‘tirmay. Ko‘p hollarda kitobga “umuman” yo‘l berilishi uchun kulfatning kichigiga rozi bo‘lishga, obrazli aytganda, qattiq dovul, bo‘ron payti o‘quvchilar qirg‘og‘i tomon suzib borayotgan kemaga ortiqcha yuk ortilishining oldini olishga to‘g‘ri keldi. Har doim ham “chala aytilgan qo‘shiqni oxiriga qadar kuylash” imkoni bo‘lmasdi. Mana endi shunga imkoniyat tug‘ildi, va eski “yangi” romanimning ushbu qismini taqdim etmoqchiman”.
Ha, bu – adabiy voqeligimizning tabiiy mantiqsizliklaridan. Muallif qalb qo‘ri, ko‘z nuri bilan, ilhom va mahoratini ishga solib tugatgan asari o‘z vaqti-soatida bosilmas, redaktor va tsenzorlar qaychilarida istagancha qirqiladigan, zaxa yetkaziladigan zamonlar edi. Yana shunisi ham to‘g‘ridirki, muallif o‘z asari boshiga tushajak ko‘rgiliklarni oldindan sezib, pishib yetilgan, ma’qul, so‘z, birikmalarga “yo‘q, bu o‘tmaydi!” – deya ijodiy jarayonni bo‘g‘ishga, asariga avvaldan jarohat yetkazishga majbur bo‘lardi.
Albatta, jonli ijod oqimi shikast olib bo‘lsa-da bu to‘siqlarni bosib o‘tardi. Ba’zi mualliflar esa hafsalasi pir bo‘lib, umidsizlikka tushib e’lon qilish uchun emas, buyurtma bilan, ma’qul keltirish uchun yozishardi. Shunday qilib, ilgarilari yaratilgan deyarli har bir yorqin asar endilikda to‘ldirilgan, holda qayta nashr etilsa soz bo‘lardi. Mana, Aytmatovning romani ham endi yangi qissa bilan to‘ldiriladigan, mazmunan boyiydigan bo‘ldi.
Aytmatovning ushbu matni nimasi bilan 1980 yil tsenzorlari g‘azabini qo‘zg‘agan? Avvalambor, Abutolib taqdiri bilan bog‘liq voqealar, uning chaquv asosida qamalishi, o‘sha avji “turg‘unlik” yillari Stalin qatag‘onlarini eslash maqbul ko‘rilmagan kezlarda yozuvchi jasorati kutilmagan portlash bilan barobar edi; va, albatta, uning davomi, qamoqdagi azob va qiynoqlar, chekistning dovruq qozonish, amal pillapoyasini o‘stirish uchun yirik ishni do‘ndirishni niyat qilgani, Abutolipning o‘zini halok etishi o‘sha kezlar tsenzurasi “mumkin” degan doirasiga kirmas edi. Chingizxonning oq buluti haqidagi afsona-mif balkim “o‘tsa” bo‘lardi… Lekin bu yerda muallif tanlovi, didi ro‘yxush bermadi, unda roman afsonaviy-mifologik material qatlami bilan semirib ketardi, axir u yerda rivoyatlar yetarli edi-da: qo‘shiqchi oqin Raymali og‘a, oqina Begimoy, manqurtlar… To‘g‘ri, “Don Kixot”ning katta qismi, “Vilgelm Meyster”, “Og‘a-ini Karamazovlar” ham “kiritma hikoyalar” va rivoyatlardan iborat. O‘sha paytdagi romanda ushbu rivoyatga ham joy topilishi mumkin edi va deyarli o‘zaro teng ikki massivdan iborat bo‘lardi: Yedigey va Abutolip va bizning hayotimiz tasvirlangan inson, zamin qatlami hamda mif, metafizika, oliymaqom g‘oyalar qatlami. “Iliada”da yerdagi – axeanlar va troyaliklar qo‘shinidagi va Olimpda, ma’budlar orasidagi voqealar almashinib hikoya qilinadi. Turmush qatlamlari, noumenlar va fenomenlar hayotini parallel ravishda yoritish yirik uslubdagi eposga xos xususiyatdirki, Chingiz Aytmatovning “Asrni qaritgan kun”i shu xildagi epik asarlar sirasidan. Chingizxon haqidagi afsona o‘shandagi variantga bemalol kirishi mumkin edi, agar o‘shanda yozilgan bo‘lsa (o‘ylangan, qoldirilgan bo‘lmasa…). Afsona keyinroq, yaqin o‘rtada (maqola 1990-1991 yilda yozilgan – S. U.) bitilmagan ekanmi, degan fikrga yetaklaydi kaminani. “Romanga qo‘shilgan qissa”da davom ettirilgan Abutolib liniyasi ham keyin yozilganday tuyuladi menga…
Shu bois o‘quvchiga taqdim etilgan matnni avvalgisiga qo‘shimcha sifatida emas, izchil tartibga solingan, tugallangan mustaqil asar sifatida qarashga moyilman. Bunda, musiqa tili bilan aytganda, “oddiy uch qismli shakl” yaqqol ilg‘anadi: Abutolibning boshda va takroriy to‘qnashuvlari, oraliqda – afsona. “Bu o‘lkalarda poyezdlar mashriqdan mag‘ribga tomon, mag‘ribdan mashriqqa tomon paydar-pay qatnab turadi…” degan an’anaviy jumla matnni mustahkamlab, roman voqealari bilan bog‘lab turadi. Romanning ko‘p boblari ham shu jumla bilan boshlanadi. Bunda, Sario‘zak kengliklari nafasidan tashqari metafizik ma’no ham mavjud: matnda tasvir etilganiday davrning tiklanishi, tarixning “ag‘darilib” abadiyatga, mifga qaytarilishi… Bu bilan muallif o‘y-xayollarining ortga – alamli zamonaviylikdan oliymaqom g‘oyalar olamiga qaytishi go‘yo “oqlanganday” bo‘ladi. Oliymaqom g‘oyalarda voqelik, turmush va Xudoning odam mohiyati xususidagi o‘y-niyatlari miflarda xalqchil, yorqin ifodasini topishini Chingiz Aytmatov asarlarida ko‘ramiz. Bas, shunday ekan, muallif, Chingiz Aytmatov, meni kechirsin, haqiqiy “romanga qo‘shilgan qissa” “Asrni qaritgan kun”dan oldin yozilgan va mustaqil badiiy organizmga xos barcha xususiyat-alomatlarga ega deb o‘ylayman. Va bu qandoq yaxshi. Garchand uni, albatta, kassetaday roman matniga kiritsa ham bo‘lar – buning uchun ulovchi jihatlar mavjud… Va men asarni romanga muqoyasa qilib emas, mustaqil badiiy hodisa sifatida tahlilga tortmoqchiman…
U holda muallifning avvalso‘zi-ogohi nima bo‘ladi – so‘rashi mumkin o‘quvchi – axir adib o‘sha yillardagi mafkuraviy bosim tufayli ijodiy niyatlarini to‘liq amalga oshirolmaganini aytgan-ku. Nima, u bizning boshimizni qotirmoqchimi?…Hayam, yo‘g‘am. Albatta, u “o‘z ashulasi ovozini bo‘g‘ishi” (Mayakovskiy sovet yozuvchilarining ushbu jarrohlik amaliyotini bashorat qilganday), o‘sha davrning qattiq sharoitlari bois niyatini amalga oshira olmasligini ko‘rishi mumkin edi… Ayni chog‘da shartli usul, ijodiy topilma, o‘quvchilarga murojaat o‘rnida ham qabul qilsa bo‘ladi, xuddi Lermontov “Zamonamiz qahramoni”ni o‘quvchilarga oldindan tushuntirib o‘tganday; yo yozuvchilar, bu yerda nima deyilgan bo‘lsa bari chin haqiqat deb ishontirishadi, yoxud boshqalari, aksincha, bari ism-shariflar o‘ylab chiqarilgan, badiiy to‘qima, umumlashtirish ortiga yashirinishadi, toki o‘quvchi qavmi norizo xat-xabarlari bilan muallifni holi-joniga qo‘yishmasin, qarindosh-urug‘lari yoki kasb-korlarini “haqorat qilgani” uchun sudga tortishmasin. Gogol o‘z vaqtida amaldor yoki ofitserni tasvirlash mumkin emasligi, aks holda alarning butun qavmi sha’nini tahqirlashda ayblamasliklari oldini olish shunday qilish kerakligini tushuntirib o‘tgan edi. Bizning g‘aroyib vaziyatda mualliflarning avvalgi murojaatlaridan farq qilaroq yangi, novatorlik variantni ko‘rib turibmiz. Yozuvchi, o‘quvchilarni qiziqtirish maqsadida, bu narsalar o‘shanda, aytish mumkin bo‘lmagan kezlarda ro‘y bergani, qog‘ozga tushganiga urg‘u qiladi… Bu, haqiqatan ham, shundaymi yoki ijodiy usul, vazifa, taqlidmi – bu yog‘ini topish o‘zingizga havola!… Nimaga deganda hozirgi fosh etuvchi, ayab o‘tirmovchi publitsistik usulga – “oshirib ur, po‘stagini qoq”qa – ko‘nikib, ko‘zi pishib qolgan yuzaki o‘quvchi hafsalasi pir bo‘lib matndan uzoqlashishi mumkin, a endi, bunday narsalar yozishga ijozat berilganda yozilibdi!.. Shunday o‘ylovchilarga javobi tayyor – bu o‘shanda yozilgan!.. Badiiyatdan xabardor, jiddiy o‘quvchilar uchun buning ahamiyati yo‘q. Menga, masalan, adibning shu tariqa yuzaki o‘quvchi “boshini qotirishi” xush yoqadi. Endi, keling, qissani mustaqil asar sifatida tahlil etishga kirishaylik.
Mustaqilligi xususida. Abutolib taqdiri roman voqealariga tirkalmasdan o‘z o‘zicha u qadar tushunarli bo‘lmaydi. Bu yerda u, umuman olganda, uncha qiziqarli emas: ichki muammolari yo‘q personaj, shunchaki achinish ob’ekti. Bunda chekist Tansiqboyev – ruhiyat va hayot ovchisi obrazi yangi. Bu iblislar O‘rta Osiyoda “burjua millatchilari”ga qarshi olib borgan navbatdagi yirik tadbiri tugashi munosabati bilan katta bazmi jamshid qilishadi. Davlat sirlariga daxldor bu yollanma vahshiylar to‘dasi yaltiroq qandillar nur sochib turgan, uvildiriqlaru yegulik-ichkilik to‘la dasturxon ustida Stalin uchun hamdu sanoli va dushmanlarga qarshi dag‘dag‘ali qadahlar ko‘tarishadi.” Va bu gap-so‘zlar, shu yerning o‘zida tug‘ilib, ko‘payib, uzoq vaqt yig‘ilganlar boshi ustida aylanib, yovvoyi qovog‘arilar galasi singari pinhoniy g‘azab-nafratga to‘lib borardi, qovog‘arilarning ko‘pligi, zaharliligi ularni battar darg‘azab qilardi”. Voqea va odamlar tasvirida Aytmatov ko‘zgusi mana qanday. Tubanlikdan tepalikkka ko‘tarilgan, to‘qimtabiat Tansiqboyevning ichki monologi, to‘daning shohona bazmi jamshidi, ularning tuban psixikasi, bir tomondan, ichki monologi, o‘y-xayollari orqali beriladi. “Hamkasblari” omadiga hasad ko‘zi bilan qarayotgan mayor: shoshmay turinglar, Abutolip orqali ingliz-yugoslav josuslari keng tarmog‘ining SSSR ziyolilari bilan aloqasidan hali shunday ish chiqarayki, hasaddan qotasizlar, kelgusi ziyofatni men beraman! Ikkinchi tomondan, bularning bari tepadan, xudolar qarorgohidan turib kuzatiladi: zahar-zaqqum so‘z-iboralar qovog‘arilar galasi g‘ing‘irlashiga tenglashtirilishi bejiz emas; “Bo‘ronli bekat”ning boshida yegulik topish ilinjida sanqib yurgan tulki; keyin kalxatning balanddan dafn marosimiga yo‘l olganlarni ko‘p bor kuzatishi… – odamlararo munosabatlarning hayvonlar, falokatlar, g‘oyalar, afsonalar orqali berilishi…
“Kurash muttasil qizg‘in olib borilishi uchun fikr yuritiladi o‘ljaga olingan nemis servislari, havas qilarlik qulayliklar muhayyo banketda – yangi-yangi ob’ektlar, yangi yo‘nalishdagi fosh etishlar kerak bo‘ladi; bu borada ko‘p ish qilib bo‘lingani, butun bir xalqlar deportatsiya qilingani, Sibir va O‘rta Osiyoga naq o‘limga jo‘natilgani, chekka o‘lkalarda “burjua-feodal millatchilik”da ayblashdek vaqtida ko‘p qo‘llangan variant asosida “yalpi” hosil yig‘ish tobora qiyinlashib borayotibdi”.
Bunda ikki obraz: ishdan chiqqan shaxta va dalalardan olingan hosil “chekistlar”deb atalmish notayin qavm – mamlakat va xalqlarni mahv etuvchilar psixikasini ravshan ifodalaydi. Bundan tashqari, biz, sodda va go‘l odamlar, shaxta qaziymiz, don ekamiz, har birimiz, qalb va hayot sohiblari, o‘z navbatida, xomashyo va shaxtaga, kon va hosilga aylanamizki, Hokimiyatga doxil, Davlat sirlariga yaqin “odam ovlovchilar” ustakorlik bilan o‘z burchaklarini qurishadi, hosilini ko‘tarishadi. Bizning oh-vohlarimiz, dod-voylarimiz bilan bir pullik ishi yo‘q, ular uchun ko‘mirning g‘ichirlashiyu boshoqning uzilishiday gap. Biz bir-birimizga qarshimiz. Ular biz – xomashyo va yegulikning oshpazlari. “Tansiqboyev…, birinchi qarashda kichkina tuyulgan deloga (Abutolib delosiga – G.G.) kerakli ishlov berilsa katta ahamiyat kasb etishiga tobora ko‘proq ishona boshladi.” Kulinarlar! Ovchilar… Keyingi obraz meni ushbu kasb-kor bilan ko‘proq yaqinlashtirdi. Ularning psixologiyasi ham ovchilarnikidek. Ovchilar quyon, loyxo‘rak yoki bug‘uni poylagani singari, bular ham shahar va qishloq kunjaklarida, fabrika va kitoblarda mafkuraviy dushman qushini ovlar ekan, vijdoni zarracha bo‘lsin qiynalmaydi. Bunda eng muhimi – o‘zlarini boshqa-boshqa nasl-nasab odamlari, bir-birlarini toqat qilolmaydigan, qarama-qarshi mavjudotlar deb his qilish, qurboni chekkan azoblarga zarracha ham parvo qilmaslik. Agar Stalin odamni “bir murvat” degan bo‘lsa, chekist o‘tin o‘rnida ko‘radi. “Davlat manfaatlaridan yuqori nima bor?”–mulohaza yuritadi aldoqchi, afsungar, o‘zini hukmron, Xudo chog‘laydigan chekist. Kishi hayoti-chi? – deyishi mumkin ba’zilar. Soddadil nodonlar! Davlat – bu pech, odamlar uning uchun o‘tin. O‘tin qalab turilmasa pech burqsib, tutab, o‘chib kerak bo‘lmay qoladi. Lokin shu kaslarning o‘zi davlatsiz yashay olmaydi. O‘zlarini o‘zlari yoqadigan bo‘lishadi. Go‘laxlar o‘tin qalab turishga majbur. Barisi shunga qurilgan, vassalom!”.
Ha, afsonada qaysar Chingizxonning o‘zi shu yo‘sinda chetga surilib qo‘yiladi. Uning qo‘shini “ajdaho o‘t purkab turgan” tug‘lar ostida yo‘l bosardi. Unga, qat’iyan man qilishiga qaramay, qo‘shini ko‘ch-ko‘ronidagi bir ayol tuqqanini aytishganda, “farzand ko‘rgan ayol tug‘ to‘quvchilaridan ekanini eshitib bag‘oyat hayron bo‘ladi, kimdir bu ish bilan shug‘ullanishi, kimdir unga etik tikishi, yashab turadigan o‘tovini tiklashi ilgarilari hech xayoliga kelmas, bunday mayda-chuyda narsalarni o‘ylab o‘tirmas edi. Bu qanaqasi, shohona tug‘lar yon-atrofida, qo‘shinlarida o‘z-o‘zidan paydo bo‘lmaganmidi, lovullab yonayotgan gulxanlar u kelmasdan oldin yoqib qo‘yilmaganmidi…”
Tasarrufidagi turmush, hayot tarzi kutilmaganda hokimi mutlaq nigohida namoyon bo‘ldi: mehnat qilayotgan, ishlab chiqarayotgan, tug‘ayotgan, dunyoga keltirayotgan turmush, sharoit – xoqon ham uning mahsuli, tayyoriga ayyori, sohibi bo‘lsa-da, nimanidir o‘zgartirish, olish, qo‘yish, rad etish, yo‘q qilish uning izmida edi-ku…
Qaysarning eng avval g‘ashini keltirayotgan narsa – uning buyrug‘isiz o‘z-o‘zicha turmush kechirilayotgani, ijod qilinayotgani, tug‘ilayotgani, o‘zbilgicha ishlab chiqarilayotgani, boshqaruvga chap berilayotgani, itoatsizlik, o‘zboshimchalik, ko‘ngli tusagan ishni qilish. Bu qanaqasi?! Buning natijasi-oqibatini keyin ham ko‘rdik: sotsializm-totalitarizm hamma sohaga chovut soldi, planli xo‘jalikni, mehnat armiyasini o‘ylab chiqardi, ishlab chiqarish, iqtisodiyotni, barini o‘z qo‘liga oldi, uning xohish-irodasisiz biron narsa qilishga yo‘l qo‘ymadi!
Aytmatov afsonasidagi Chingizxon boshqacha yo‘l bilan o‘zibo‘larchilik, boshboshdoqlikning oldini olishga qaror qiladi: qo‘shin ortidan kelayotgan ko‘ch-ko‘ron ahliga qattiq tartib o‘rnatadi, “G‘arbga yurish g‘alaba bilan yakunlanganga (kommunizm qurilishi tugallanganga – G.G.) qadar ayol zotiga tug‘ishni qat’iyan man qiladi. Harbiy g‘alabalar uchun Chingizxon hatto tabiat qonunlarini ham rad etadi, Hayotni va Tangrini tahqirlashdan ham qaytmaydi.
Homiladan darak beruvchi Tangrini ham o‘z izmiga solmoqchi bo‘ladi. Xalqda ham, qo‘shinda ham hech kim unga qarshilik ko‘rsatolmaydi…”
Hatto sevgi-muhabbat bobida ham tartibga solish, boshqarishga qadimdan jazm etilgani, “bo‘lib tashla va hukmronlik qil” printsipiga asoslanib ish ko‘rilgani ma’lum. Platon “Davlat”ida, Tomas Kampanella “Quyosh shahri”da, Fure asarlarida, umuman barcha utopist, xomxayol bandalarida hayotni Tabiat va Xudo asos solgan “bobolar yo‘rig‘i”da emas, balki bir-biriga mos juftlar tanlash, zot-zurriyod yaratish (natsional-sotsializm o‘ylab topgan “oriy” irqlarga o‘xshab) orqali “qayta qurish” belgilab berilgan edi. Marksizm-leninizm o‘zi ishlab chiqqan programmasiga ega bo‘lmagani bois, bu borada qandaydir oqsadi, xotin-qizlarni nikoh “kishani”dan xalos qilish, kuxarkaga davlatni boshqarish huquqini berishni hisobga olmaganda…
Lekin bizning “sotsializm” mehnatga rahbarlik qilish orqali ushbu sohaga kirib bordi: dehqonni yerdan, ayolni erdan ajratib tabiiy ko‘payishdan mahrum etdiki, asriy hukmronlik natijasi-oqibatida batamom ishdan chiqqan xo‘jalikka, nasl aynish chegarasiga borib qolgan aholiga ega bo‘ldik.
Chingizxonning telbanamo taqiqi o‘zlarini hokimi mutlaq deb hisoblovchi, hatto xudoni tan olmovchilar nazarida mantiqiy tuyuladi, insoniyat tarixida bunday yovuz niyatli kaslar bir-bir uchrab turadi. O‘zini hammadan zo‘r, oliymaqom inson deb bilganlarning ham ishq, muhabbat boblarida ham dil yaralari, dard-alamlari bor ediki, ular buning uchun bani odamzoddan, tabiatdan, Xudodan o‘ch olmoqchi bo‘lishgan. Stalin ham, Gitler ham ojizliklardan xoli emasdi, yosh xotini Borteni qo‘shni qabila – merkitlar olib qochishgani umri bo‘yi yuragida tuzalmas yara bo‘lib qoldi, g‘animlari ko‘rkam tabiat quchog‘ida nima qilsa qilishgani, to‘ng‘ichi kimdanligiga gumon qilib o‘rtanganicha bor…
Shuni tushunmog‘imiz kerakki, tiran, mohiyatan tabiat va Xudo benasib qilgan (Muhabbat va Vijdondan ham qisgan) baxti qaro kas, shu bois bor g‘azab-nafratini turmushdan o‘ch olishga qaratadi. Yovuz hech qachon haddini bilmaydi, nafaqat odamlarga, ayni chog‘da hayot tarziga, kosmosga, Go‘zallikka, Tabiatga va Xudoga tajovuz qiladi.
Va buning aksi: zolimga uni yengib emas, ayolga ro‘bara qilish, andak muhabbat, insoniylik uyg‘otish yo‘li bilan bas kelish mumkin. Shunda u odamligini his etishi, yaqinlariga achinish, shafqat paydo bo‘lishi, axloqiylik, vijdon tuyg‘usi uch berishi, yaxshi hukmdorga aylanishi mumkin… Qadimda iudeylar buni o‘zlaricha tushunib go‘zal ayollarini dushman qo‘mondonlariga (Yudif va Esfirni eslaylik) qo‘shib mag‘lub etishgan.
Chingizxon haqidagi afsonada hukmdordagi odamiylik, yumshoqlikning so‘nggi tomchilari marhamatli Oq bulutga munosabatida namoyon bo‘ladi. Bashoratga ko‘ra, Oq bulut uning armiyasiga hamrohlik qilib, ezgulik tilab boradi, Xudo, Tabiat, Hukmdor o‘rtasidagi aloqa vositasi.
Bizning afsonamizda kim qarshilik ko‘rsatdi, nimaga? Muhabbat! Shaxsi noma’lum kimsa emas, Chingizxonning yaqin doirasidagi yuzboshi Erdene bilan ajdaho tasviri tushirilgan tug‘-bayroq tikuvchisi Dogulang o‘rtasidagi muhabbat. Dogulang rus afsonalari qahramoni Fevroniya singari ijodiy qalb. “Sen mening ajdarimsan, – deydi u sevgilisiga. – Men bayroqlarda ajdar rasmini chizaman. U kimligini boshqa birov bilmaydi. Bu – sen. Ba’zan uni tushlarimda ko‘rsam tushlarimda chizardim, unga jon ato etardim va, sen faqat kulmagin, uni tushimda bag‘rimga bosaman, biz topishamiz, ajdar meni ko‘tarib ketadi, u bilan birga uchaman, eng totli lahzalarda u sen bo‘lib chiqasan. Tushimda sen yo ajdar, yo odam tarzida…Sen mening olovli ajdarimsan… Bundan chiqdiki, men ajdardan bola orttiribman-da”.
Turli xalqlar rivoyat va ertaklarida qizning Olovli ilon bilan uchrashuvi ruhiyat tahlilchilari tomonidan obraz va ehtirosli visol onlari sifatida izohlanadi. Bu, shubhasiz, bizning adibimizga ham ma’lum bo‘lgan, faqat afsona qahramoni dilidagini juda aniq, tushunarli izohlaydi, xuddi Freyd va Yungning ruh tahlili asarlarini o‘qiganday… Umuman Chingiz Aytmatovning keyingi ijodida ro‘y bergan voqea-hodisalarni bir qadar mulohazakorlik bilan, bosiq tasvirlashga moyillik seziladi.
Xullas, sevikli ma’shuqa ayni chog‘da benazir musavvir. O‘zi va sevgilisining qalbi va shaxsini saltanatning rasmiy, qiyofasiz ramzi – g‘alaba tug‘iga naqshlaydi. Jahonning katta hududi, mulki Hukmdori , o‘zi bexabar, Tangri va Tabiat tomonidan qurshalib, cheklab qo‘yilganidan olinganiga qaramay boshqaruvga bo‘lgan izzat-nafsi balandligi Tolstoy tasviridagi bolaning karetani eshigi tavaqasini ochib tasma bilan boshqarishga urinishini eslatadi.
Ushbu mazmun-mohiyat tahlili o‘ta muhim. Sirtdan qaraganda, Hukmdor kuchli-qudratli, son-sanovsiz jangchilar, otlar, tuyalar, ko‘ch-ko‘ron bari uning izmi-ixtiyorida. Lekin ularning bari “fenomenlar”, hal qilishga, fikr berishga ojiz vazifadorlar. Omma ichida ikki shaxs alohida ajralib, Hukmdordan ustunligini ko‘rsatib turadi. Shu bulut haqidagi afsonada ifodalangan oliymaqom g‘oya bilan ikki insoniy mavjudot o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri aloqadorlik bo‘lishi mumkin. Barchaga ibrat-dahshat bo‘lsin deb oshiq-ma’shuqlar Sario‘zakda qatl etilganda bulut chekinadi, Chingizxonga soyabonlikni to‘xtatadi, tarqaydi, Osmon voz kechganini anglagan hukmdor yurishni to‘xtatib, qo‘shinni ortga qaytaradi.
Dogulangni qo‘shin safi oldida qatl etishga olib ketishayotganda bolani kimdan orttirganini aytishni talab qilishadi.
– Kimdanligini bilmayman. Bu avval va juda uzoqda bo‘lgan edi – javob berdi bayroq tikuvchi.
Cho‘l uzra erkaklarning dag‘al kulgisi, ayollarning chiyillashi eshitildi…
– Kimdan bo‘lganini qanday tushunmoq kerak, bozordami?
– Ha, bozorda – jahl bilan javob qaytardi Dogulang.
– Savdogarmidi yo sayoqmidi? Balki bozordagi o‘g‘ridir?
– Savdogarmidi, sayoqmidi, o‘g‘rimidi, bilmayman – zarda qilib dedi ayol.
Yana qahqaha va chiyillagan tovushlar bosib ketdi.
– Nima farqi bor: savdogarmi, sayoqmi, o‘g‘rimidi – muhimi bozorda bu ishni qilgan.
Kutilmaganda qo‘shin safidan kimningdir ovozi yangradi:
– Bolaning otasi – menman! Ha, menman, agar bilishni xohlasangiz!
Hamma bir zum jimib, hayratdan qotib qoldi. Kim ekan bu? Tikuvchi sirini ochmay ketayotgan so‘nggi daqiqada o‘limni bo‘yniga olgan mard kim bo‘ldiykin? Barcha hayratga tushdi. Peshonasi yulduz tamg‘ali otini niqtab, qamchi urib qo‘shin orasidan yuzboshi Erdene chiqdi.
Yuzboshi Erdene o‘limini kutayotgan ma’shuqasi oldiga kelib, tiz cho‘kdi, bag‘riga oldi, u bo‘lsa qo‘lini boshiga qo‘ydi, o‘lim oldidan yana quchoqlashib tek qotishdi.
Ushbu sahnani qayta o‘qir, qog‘ozga tushirar ekanman, ko‘z yoshlarimni tiyolmadim.
Bu yerda jamiki go‘zallik, fazilat tantanasi, portlashini ko‘ramiz. Bari bir joyga jam bo‘ldi – Shayton va O‘lim yengildi. Bu qanday kuchlar edi? Muhabbat va Vijdon! Ular eng so‘ngi damlarda insoniylik mazmun-mohiyatini ko‘rsatishdi… Qo‘shin saflarida ma’shuqasini sudrab kelishgani, ko‘kragini chaqalog‘idan ajratishganida yuzboshi tishini tishiga qo‘yib chidab turdi. Lekin uni “buzuqi” deya tahqirlab, sha’nini yerga urishganda toqat qilolmadi, vijdoni larzaga keldi. Va qo‘shin oldiga chiqdi, aytdi.
Bu o‘rinda Dostoyevskiy “Kulgili odam tushlari”da insonga taklif etgan axloqiy tajriba yodga tushadi: “Tasavvur et, sen qayerdadir, masalan, Oyda mudhish jinoyatga qo‘l urding, bu yerda qilmishingni hech kim, hech qachon bilmaydigan boshqa sayyoraga o‘tib qolsang qanday bo‘lardi?”.
“Romanga qo‘shilgan qissa”da asosiy muammo, albatta, total sharoitda qanday yashamoq? Zolim saltanat hamma narsani yopib, tambalab qo‘ygan bo‘lsa? Albatta, Qaysar qo‘li, hukmi yetmagan joylardan Mehnat, Tabiat, Oila qarorgohiga ketmoq. Muhabbat va Ijodga ketmoq. Bo‘ronli bekatda Abutolib shunday yashadi. Afsonada ham yuzboshi va tikuvchi bir-birini pinhona sevishdi va kengliklarga qochishni ko‘ngillaridan o‘tkazishdi…Va Osmon bundaylarga homiylik qiladi – hayotni davom ettiray deganga Tangrining manzillari ko‘p. Faqat tasavvuring, tafakkuring bo‘lsa, yurilgan yo‘llardan chetga chiqmasang bo‘lgani…
Oddiy mehnat tarzi: etik tikmoq, namat tikish, don-dun, olma-o‘rik yetishtirish Qaysarni chetlab Tangriga va Tabiatga olib boradi. Bizda ushbu qalani qo‘lga olishmoqchi bo‘lishdi xolos va dog‘da qolishdi. Oilaviy tinch-sokin hayot kechirish va ishlash, bu “fizika” to‘g‘ridan to‘g‘ri “metafizika” – Xudo, Muhabbat, Haqiqat, Go‘zallik muvofiq-mutanosib kelsa – marhamat, muruvvatga ham yo‘l ochiladi. Tutib olib sudga keltirish, azob berish, qatl etishsa-chi – u holda nima qilmoq kerak?… Imkon boricha chap bermoq, o‘zini qutqaraman deb boshqani sotmaslik – tik turib, ko‘kragini tutib bermoq. Afsonada sevishganlar xuddi shunday yo‘l tutishdi. Abutolib ham xuddi shunday qildi umumiy ish bo‘yicha yuzlashtirishga olib ketishayotganda, o‘zini poyezd tagiga tashladi, Tansiqboyevning shum niyatlarini chippakka chiqardi… Totalitar rejimda eng qo‘rqishadigani niyati, xatti-harakatini oldindan bilib bo‘lmaydigan odamlar. Xufya Chingizxonga, uning qat’iy man etishiga qaramay, ko‘ch-ko‘ronda ajdaho rasmini chizuvchi ayol tuqqanini aytganda, “garchand hech narsa yurish tartibini buzmagan, sahro qo‘shinining G‘arb tomon harakatiga, dunyoni zabt etishdek buyuk maqsadining amalga oshishiga monelik yo‘qday tuyulsa ham, bari bir, nimadir ro‘y berganday, hukmdorning qo‘zg‘olmas tog‘idan bir toshcha yumalaganday bo‘ldi. Va bu uning tinchini buzdi…
Bo‘lmasa-chi! Axir tog‘ ko‘chkisi kichik bir tosh yumalashidan boshlanadi. Garchi u hech narsaga tegib o‘tmay yumalasa ham yuqoridagi qo‘zg‘olmas yulduzlar ozodlikka intilishni kuzatib, bir kishi ham maydonda jangchiligini ko‘rib turadi.
Tarix harakati to‘lqinsimon tarzda, past-baland, asta-sekin kechadi. Tanglik, zulm (despot) davridan keyin yengillashish, erkinlik davri keladi, lekin ezgulikka harakat bir tekis, silliq kechmaydi. Yaxshilik, farovonlik ham, zulm, yovuzlik ham parallel tarzda, bir-birini rag‘batlantirib, oziqlantirib kuch to‘playdi. Aytmatov ham shu taxlit fikrlaydi, deb o‘ylayman. Maxsus vagonda Bo‘ronli bekat orqali olib o‘tilayotgan mahbus Abutolib bir zum xotini Zaripa, o‘g‘illari Ermek, Dovulni, Kazangapni vagon panjarasidan ko‘rib qolishga ulguradi, o‘zini zoriqib, lekin behuda kutishayotganini bilib yuragi zirqiraydi, xayolidan “tugalmas zulm” haqidagi o‘ylar kechadi. “endi u , mabodo tag‘in dunyoga keladigan bo‘lsa shunda ham Tansiqboyev ortidagi qiyofasiz, rahm-shafqatsiz kimsalar bilan bilan to‘qnashuvdan qochib qutula olmasligiga tobora ishonayotgan edi. Bu kuch, dunyo yaralgandan beri davom etib kelayotgan yovuzlik urushdan ham , asirlikdan ham dahshatli edi. Ehtimol, Abutolib, kamtar maktab o‘qituvchisi, koinot kengliklarida bekorchilikdan uzoq muddat azob chekkan shayton uchun tovon to‘layotgan odamzod vakillaridan biri bo‘lgan bo‘lsa. Yer maxluqlaridan yakka-yagona biri darhol shayton bilan til topishib, kunma kun, asrma asr zulm urug‘ini eka boshladi. Faqat odamgina jon kuydirib yovuzlik qiladigan bo‘ldi. Shu ma’noda Tansiqboyev Abutolib uchun shaytonlik tashuvchi, tarqatuvchi iblis bo‘ldi. Xuddi shu bois ular bir poyezdda, bir maxsus vagonda, bir o‘ta muhim ish yuzasidan kelishayotgan edi”. Bamisoli ezgulik va yovuzlik bir qatorga qo‘yiladigan bo‘lsa, ular bir tizginga bog‘langan holda borishardi. Ezgulik va yovuzlik bir safga, qatorga qo‘yiladigan bo‘lsa uzluksiz-to‘lqinli-tebranuvchi harakat yuzaga keladi. To‘g‘ri, ushbu sxema kam taskin beradi: qish ortidan bahor, yoz keladi! Lekin yana qish kelishi ham bor-da… Ezgulik tantanasi kafolatli deb bo‘lmaydi. Ezgulik mo‘rt keladi, sening xulq-atvoringga, har soniyadagi fikr-niyatingga bog‘liq. Shu yerda va hozir qanday qarorga kelsang, nima qilsang – har doim hamma joyda va toabad shunday bo‘ladi. Va bu – insonga berilgan imkoniyat va tuhfa, iste’dod va qiziqish ham odamga ishonch, aynan senga, menga –Turmushdan, Tangridan. Shuning uchun inson erkli-irodali qilib, Olloh-ijodkor tomonidan hamkoru hamdastlikda yaralgan. Ozodlik degani – qul va mahbus zindondan kenglikka chiqishi hamonoq nima xohlasam shuni qilaman degani emas. Bu hali ozodlikni zohiran tushunish. Ozodlikni botinan tushunish har lahzada o‘zini qutqarish yoxud naq o‘limni bo‘yinga olishdek dahshatli tanlov. Bunda inson sifat-fazilatlari vijdon atalmish kompasda va “o‘zing xohlamagan narsani boshqaga ravo ko‘rma”, degan axloqiy qoidaga tayanadi. Bu barcha dinlarda, Kantning qat’iy imperativida bor narsa, garchi men qoidani salbiy ma’noda degan bo‘lsam ham. Ijobiy ma’noda aytganda: “Shunday yo‘l tutginki, boshqalar ham senga shunday yo‘l tutsin”.
Mana hozir bizda demokratiya va erkinlikka keng yo‘l ochilgan. Uzoq yillar qullik sharoitida yashaganimiz bois biz erkinlikni ham zohiran tushundik: bizni ozod qilishdi! Tiyiqsiz beboshlik davri keldi: yayrab qol, Vasya! Ozodlik esa – mas’uliyat degani. Buni ta’minlash uchun bizda “mas’ul o‘rtoqlar” ajratilgan, to‘g‘ri ular “kollektiv rahbarlik” ortiga bekinib mas’uliyatdan jilib qolishdi. Oddiy odamlar-ku og‘riqni sezmaydigan, irodasiz bo‘lib qolgan…”.
Endilikda mas’uliyatni o‘z zimmasiga oladigan payt keldi. Bu – yo‘l qo‘yilishi ehtimol xatolar, ayb, gunohlar uchun javobgar bo‘lmoq degani.Uzoq vaqt “Bizni nimalarga giriftor qilishdi!”, deya boshga tushgan azob-uqubatlarimizni huzurlanib fosh etish bilan mashg‘ul bo‘ldik va shu bilan o‘zimizni qullarcha his etishlariga oziq berdik, yovuzlarga ob’ekt bo‘ldik.
Bu ma’noda Aytmatovning “romanga qissa”si bir matnda yaqin tariximiz manzaralari va kishilar hayotini afsonalar, miflar asosida ko‘rsatdi, ongimizni abadiyat va oliy g‘oyalar darajasiga chiqishga da’vat etadi, birini biri bilan o‘lchaydi, donolarcha matonat, mardlik, ezgulik yaratishga chorlaydi. Tashqi shart-sharoitlar davriga qarab yaxshi ham, yomon ham bo‘lishi mumkin…Lekin sen, inson, Ota va Ona atalmish zotlarda o‘z makon va zamoningni yaratishing, qalb qo‘ring ila farovonlik, baxt-saodat, muhabbat, mehnatni tanlash tuhfasini olgansan Va o‘zingni vohada his etganday bo‘lasan. Va bu voha – istagan tarixiy sahroda sen tomonidan yaratilgusi.
Ha, men qachonlardan beri Chingiz bilan Chingizxon o‘rtasida kurash, olishuv bo‘lishini kutib yurardim. Mana, kurash vaqti yetdi, bo‘lib o‘tdi.
Rus tilidan Saydi Umirov tarjimasi
«Jahon adabiyoti» jurnali, 2018 yil, 8-son
____________
Georgiy Dmitriyevich Gachev (1929–2018), adabiyotshunos, madaniyatshunos, faylasuf, filologiya fanlari doktori. Moskva davlat universitetining filologiya fakultetini tugatgan. 30 dan ortiq kitob, ko‘plab maqola, tadqiqotlar muallifi. “Adabiyotning tezkor rivoji” (1964), “Sevgi, inson, davr” (Ch.Aytmatovning “Jamila” qissasi haqida, 1965), “Ijod, hayot, san’at” (1980), “Fan va milliy madaniyatlar” (1992), “Jahon milliy obrazlari” (1999), “Kosmo-Psixo-Logos” (2007) kitoblari ayniqsa mashhur.