Nazar Eshonqul. Frants Kafka

XX asrda eng ko‘p shov-shuvlarga sababchi bo‘lgan ulkan adib. 1883 yili Pragada tug‘ilgan. Otasining talabi bilan huquqshunoslik yo‘nalishida ta’lim olgan. Huquqshunoslik bo‘yicha doktor. Dastlabki hikoyasi 1904 yili nashr etilgan. Tirikligida 4 ta kichik hajmdagi kitoblari bosmadan chiqqan. 1924 yili 41 yoshida vafot etgan. Aksariyat asarlari vasiyatiga zid ravishda o‘limidan so‘ng chop qilingan.

Bugun uning nomi voqelikni reallik qadar majoziylashtirgan degan maqom olgan, XX asrda dunyo badiiy tasavvurini larzaga solgan ikkita buyuk adib – Joys va Bekket bilan bir qatorda sanaladi: bu adib­lar adabiyotning tasvir chegarasini taxayyulning imkoniyati qadar kengaytira olishdi, shu xizmatlari uchun adabiyotning «uch ma’budi» degan nomga sazovor bo‘lishdi. Bugun mazkur uch nomni, garchi asarlarini o‘qishmagan bo‘lsa ham, bilmagan ziyolining o‘zi yo‘q. Hozir ularning iboralaridan, hikmatlaridan, majozlaridan tadbirkorlar ham, faylasuflar ham, siyosatchilaru jurnalistlar ham, olimlaru voizlar, qalloblaru tovlamachilar ham xuddi bu hikmatlarni birgalikda yaratishganday bemalol foydalanishadi, bu hikmatlarni ham o‘zlariga va maqsadlariga xizmat qildirishga urinishadi.

Ammo 90 yil oldin hammasi boshqacha edi. Frants Kafkani juda kam kishilar bilardi, kam kishilar uni qadrlardi. Shu sababli hayotligi davrida uning bironta ham romani chop etilmadi. Nashr qilingan novellalari unga o‘zi kutgan obro‘-e’tiborni keltirmadi. To‘g‘rirog‘i, bitta katta urushdan chiqib, keyingi katta urushga tayyorlanayotgan, ma’nan va ruhan charchagan olam uni tushunmadi, uning og‘riqlarini, iztirob­larini badbinlik deb qabul qildi, unga xuddi otasi kabi ojiz va notavon, unutishga va unutilishga mahkum alamzada shaxs sifatida munosabatda bo‘lishdi.

Frants Kafka 1883 yili Pragada ishi tobora rivoj topayotgan fabrikachi xonadonida tavallud topdi. Otasi German Kafka kasb-koriga ko‘ra tinib-tinchimas, qattiqqo‘l, toshyurak, hissiyotlarga berilmaydigan, maqsadini amalga oshirish uchun har qanday vositadan foydalanishga tayyor yangi kapitalizm vakili edi. U o‘g‘lining kitoblarga o‘ralashib yurishini, adabiy mashqlar qilishini jini suymasdi. Buni ojizlik va zaiflik belgisi sifatida qabul qilardi. U aynan shu fe’l-atvori bilan qashshoqlikdan qutulib, badavlatlar safiga ko‘tarilganlardan edi. U ko‘ngil odami emasdi, shu sababli o‘g‘lini boshidanoq omadsizlar safiga qo‘shib qo‘ygandi. Kafka esa hissiyot odami edi. U har bir go‘zallikdan zavqlanib ketar, har qanday adolatsizlik unda og‘riq uyg‘otar, yumshoq ko‘ngilli, yuvosh, ta’sirchan edi. Ana shu fe’li tufayli u kuchli va qattiqqo‘l otasidan ruhan uzoqlashdi. Onasi va singillari ham Kafkani ko‘pam tushunaverishmasdi, Frantsning tuyg‘ulari va kechinmalari ularga jur’atsizlik mahsuli bo‘lib tuyulardi. Shu sababli u yoshligidanoq o‘z orzulari va xayollari bilan birga yakkalanib qoldi. Yosh Kafka o‘zining g‘ayritabiiy ruhiy salohiyati bilan otasining yutuqlari va bekamu ko‘st yashashi, xotirjamligi, o‘ziga ishonchi ostida hamisha sinib qolishdan qo‘rquv xavotiri yotishini his etardi. Ertaga sinib qolish xavfi otasini yanada ko‘proq ishlashga, intilishga undar, u yanada shafqatsiz va bag‘ritosh bo‘lib borardi. Bunaqa hayot barcha yangi kapitalistlarga xos edi. Ular hayotimiz bekamu ko‘st deb o‘ylashsa-da, ko‘ngillarining tubida baribir ertangi kunidan qo‘rquv yotishini yosh Kafka his etgandi. Bunday qo‘rquv badavlat odamlardan tortib oddiy gadoning ko‘ngligacha qamrab olgandi. Umuman, odamzod, kim bo‘lishidan qat’i nazar, ertangi kunidan qo‘rquv bilan yashaydi, shu qo‘rquvni yengish uchun o‘zini o‘tga, cho‘qqa uradi, ezgulik va yovuzlik posangisining goh u, goh bu tomoniga o‘tib yuradi. Kafka shunday tushunar, odamning kelajak qarshisidagi ana shu qo‘rquvini birinchi bo‘lib badiiy tasvir vositasiga aylantirgandi.

Kafka otasi bilan munosabatlarini «Otamga maktub» xatida batafsil tasvirlagan. Bu xatda nozik qalbning nozik og‘riqlari, toshbag‘irlikka, mustabidlikka, tazyiq va ta’qibga qarshi hissiy isyonlari, og‘riqlari bayon qilinadi. Ammo u paytlari hali bu maktubning yozilishiga ancha bor edi. Hali Kafka ota qaramog‘idagi har bir barg shitirlashidan xavotirlanadigan hurkak bola edi. «Otamga maktub» nomli dil izhorida padari buzrukvorining qat’yaitiga, irodasiga, bir so‘zliligiga, uddaburonligiga, o‘ziga ishonchiga, g‘ayratiga, shijoatiga hamisha havas qilganini yozadi, ammo bu e’tirofdan so‘ng birdan aynan shu qat’iyati, shijoati, bir so‘zliligi tagida baribir kimnidir tobe qilish, kimgadir hukm o‘tkazish, zulm qilish, ozor berish yotganini, aynan shuning uchun otasidan qo‘rqqanini tan oladi. Bolaligida otasining o‘zini ayblashidan, tahdididan, kamsitishu tanbehidan cho‘chib kitobni yashirin o‘qirdi. U asl niyati yozuvchi bo‘lish ekanligini otasiga bildirishdan qo‘rqardi, mabodo aytgan taqdirda ham otasining nima deyishi va qanday chora ko‘rishini bilar, ko‘ngil siri oshkor bo‘lib, jazoga tortilishidan hamisha yurak hovuchlab yashardi. Adabiyot bilan shug‘ullanish bu uyda ayb va gunohday jaranglardi, shunga yarasha munosabat qilinardi.

Umuman, yosh Kafka otasi va boshqalardagi yangi kapitalistlarga xos xislatlar ortida baribir boshqalarga nisbatan ko‘zga tashlanmas adolatsiz munosabatlar, boshqacha aytganda, tazyiq va tahdid yotishini ko‘ra olgandi. Otasiga xatida ozod va erkin dunyo deb jar solayotgan madaniy dunyoning vakillari bo‘lgan odamlarning qiyofalaridagi, faoliyatidagi parda olib tashlansa, ularning ish uslubi baribir insonni xo‘rlashga, aldovga, zug‘umga qurilgani ko‘rinib qolishini, otasi kabi odamlar adolat deb bilgan va ishongan tushunchalar, aslida, adolatsizlik ekanini ichki bir iztirob bilan e’tirof etgandi. U yoshligidanoq odam odamga tazyiq va tahdid qilishiga, zulmning, zug‘umning har qanday ko‘rinishiga toqat qilolmasdi. Shu sababli uning yozganlari zulm va zug‘umni ichdan fosh etgan, uning ko‘zga ko‘rinmas qiyofasini chizib bergan asarlar sirasiga kiradi.

U otasining talabi bilan avval nemis gimnaziyasini, so‘ng universitetning huquqshunoslik fakultetini tamomladi, shu sohada doktorlik maqomini oldi. Ikki yil advokatlik ham qildi. Biroq baribir otasining izidan ketmadi, qo‘lidan ishini olmadi. Otasidan uzoq bo‘lish uchun ham oddiy bir sug‘urta kompaniyasiga oddiy xodim bo‘lib ishga kirdi. Bu esa otasining g‘azabini keltirdi. Otasi undan yuz o‘girdi. Bu holat Kafkada og‘riq uyg‘otgan bo‘lsa-da, ammo bolalikdan orzu qilgan adabiyot bilan jiddiy shug‘ullanishiga imkon tug‘ildi. U endi kichik novellalari bilan turli nashrlarda ko‘rina boshladi. Ruhiga yoshligidan o‘rnashib qolgan tahlika va xavotir baribir uni tark etmadi. U bir xil hayot kechirar, ishga borar, keyin yolg‘izlikka mahkum etilgan uyiga kelib asarlar yozish bilan shug‘ullanar, o‘zining bu uzlat hayotini hech kim bilan baham ko‘rishga rozi bo‘lmasdi. Bolaligida otasining har bir ishidan qiyiq izlashlari, uni bo‘sh-bayovlikda, omadsizlikda, jur’atsizlikda ayblashlari o‘z asoratini qoldirgandi: uni har bir yangilik xavotirga solardi, harakatidan, gapidan, so‘zidan atrofidagilar, butun dunyo kulayotganday bo‘lardi. Asarlarini yolg‘izlikda, hammaning ko‘zidan yiroqda, to‘rt devor ichiga qamalib, qaltirab-qaqshab yozardi. Uning har bir ha­rakatida patologik qo‘rquv, o‘z tili bilan aytganda, «butun tanasini titroqqa soluvchi qaltiroq» yotardi. O‘zi bu haqda kundaligida shunday yozgandi: «…u tugasa, men ham tugayman, u hayotda mavjudlik shartimdir, qaltiroq to‘xtasa, yuragim ham urishdan to‘xtaydi».

Kafka adabiyotda inson ruhidagi qo‘rquv va xavotirni tipiklashtirish darajasiga olib chiqqan birinchi yozuvchi hisoblanadi. Uning barcha asarlarida voqelik va muhit qarshisida qo‘rquv, xavotirga tushgan qahramonlarning iztiroblari hamda kechinmalari bor bo‘yi bilan gavdalanadi. Bu qo‘rquv, eng avvalo, mavjud voqelikning, muhitning begonalashuvidan, insonni o‘ziga ma’nan tobe va mute qilishga qaratilgan xatti-harakatidan tug‘ilgan. Yozuvchi begona muhitdan xatarga tushadi, bu xatarni ilohiylashtiradi. Ilohiylashgan begonalik qahramonni yutib yuborish darajasida ulkanlashadi, oxir-oqibat qahramon bu ilohiylashgan begona xatarning beayb qurboniga aylanadi. Mazkur xatar dastlab o‘quvchiga tanishday, odatdagi hayotiy chigallikning manzarasiday tuyuladi, ammo asar o‘qilgan sayin xuddi alog‘-chalog‘ tush kabi manzara begonalashib, yotlashib boradi. Bora-bora bu tahdid va qo‘rquv biz ko‘nikkan mantiq chegaralaridan chiqadi, endi o‘quvchi uzun vahimali ro‘yo ichida kezib yurganday bo‘ladi. Biroq asar o‘qib bo‘linganda idrokli o‘quvchining ko‘nglida ham asardan qolgan qo‘rquv va xavotir uyg‘onadi. Shundagina yozuvchi xayoliy qo‘rquv va xatar haqida emas, biz bilan birga yurgan, biz bilan birga yashayotgan, ammo biz ko‘rolmayotgan, ko‘rishga qurbimiz ham, vaqtimiz ham, aqlimiz ham yetmayotgan, har daqiqada bizga xuruj va hujum qilishga, bizni qul va qurbon aylashga tayyor turgan xatar va tahdid haqida yozayotganini bilib qolamiz. «Jazo koloniyasi» hikoyasida bu holat yaqqol ko‘rinadi. Zobit o‘zi yasagan jazo mashinaning shaydosiga aylangan, u shu darajada jazo mashinasiga mubtalo bo‘lganki, o‘zi ham mashina qurboniga aylanishi hech kimni ajablantirmaydi. «Jazo mashinasi», aslida, qahramonni qurshab turgan muhit. Faqat hamma ham bu muhitning jazo mashinasi ekanini ang­layvermaydi. Zobit jazo mashinasini shunchalik berilib, zavq-shavq bilan tavsiflaydiki, xuddi san’at asarini yaratgandek, san’at asariga mahliyo bo‘lgandek taassurot uyg‘onadi. Aslida ham shunday. XX asr boshida mafkura va siyosat insonni xo‘rlash va jazo berishni san’at darajasiga chiqardi va jazo berishdan, xo‘rlashdan, zulm qilishdan san’at kabi zavq oldi. Hikoya nashr etilganda hech qanday e’tiborga tushgani yo‘q. Ammo fashistlar kontslagerlaridagi jazolash usullari dunyoga ma’lum bo‘lgach, hamma birdan Kafkaning hikoyasini eslab qoldi, o‘shanda butun dunyo yozuvchi qariyb chorak asr oldin bu xatardan odamzodni ogohlantirganini angladi. Taassuf joyi shundaki, otasi tufayli munosabatlari unchalik ilimagan Kafkaning uchala singlisi ham yozuvchi bashorat qilgan fashistlar kontslagerlarining, adib tasvirlagan «Jazo mashinasi»ning qurboniga aylandi. Shundan so‘nggina insoniyatning keyingi 25 – 30 yillik tarixi Kafka asarlarida tasvirlagan yo‘nalishda kechganini bilib qolishdi.

«Jarayon» romanida esa bu xavotir epik ko‘lam tusini oladi. Endi odamni noma’lum jarayon, tergov, so‘roq, jazo kutadi. Negaligini hech kim bilmaydi, hech kim ochiq izohlamaydi, hech kim aniq tashxis qo‘yolmaydi, hech kim ochiq ayblolmaydi, ochiq dalilning o‘zi yo‘q, aybning o‘zi yo‘q, ammo hamma joyda K.ning aybdor ekaniga ishora qilishadi, unga jazolanishga mustahiq ekanini ta’kidlashadi. Qaysi gunohi, qaysi aybi uchun degan savolga javob roman oxirigacha oydinlashmaydi, bu savol hech kimni qiziqtirmaydi ham, muhimi, mahkumlik jarayoni, jarayonning mavjudligi. K. uchrashgan barcha mutasaddi va tanishlari o‘zi bilmagan aybi uchun sud hamda jazo muqarrar ekani haqida gapirishadi, aynan shuni muhokama qilishadi. Ayb yoki aybsizlik emas, mahkumlik va jazo munozaraga aylanadi. Hamma ana shu jarayonga taalluqli gaplarni aytadi. Hatto diniy arkon – ruhoniy ham K.ni taqdirga tan berishga, jazoni munosib kutib olishga undaydi. U ham K.ning qaysi aybi uchun jazo berishayotgani haqida lom-mim demaydi, oxir-oqibat qahramonni noma’lum aybi uchun, romanning so‘nggi jumlasida K.ning xayolidan kechgan ibora bilan aytganda, «itday xo‘rlab o‘ldirishadi». Bu jaryonning jazo mashinasidan hech qanday farqi yo‘q. Bu yerdagi «jarayon» ham jazo mashinasi kabi o‘z qurbonlarini yamlamay yutish bilan ovora. «Jazo koloniyasi» hikoyasidagi zobitning gapi bu yerda yana ko‘ndalang bo‘ladi: zobit hikoyada: «… aybsiz odamning o‘zi yo‘q, bu mahkamaga keldimi, demak, gunohi bor», – deydi. Aybsiz aybdorning mustabid tuzum qurboni bo‘lishi XX asrda ko‘p bora uchradi. Balkim, shuning uchun bo‘lsa kerak, totalitar sho‘ro tuzumi Kafka asarlarini 1965 yilgacha nashr ettirmadi. Ehtimol, bu asarlar tuzumning mohiyatini ochib tashlashidan qo‘rqqandir?!

Frants Kafkadan uchta tugallanmagan roman, o‘ttizdan ortiq hikoyalar, novellalar, naqllar, kundalik­lar qolgan. Yozuvchi o‘zining insoniyat kelajagidan, istiqbolidan tug‘ilgan qo‘rquv va xavotirini turli janr­dagi asarlarga, xatarning majozlariga aylantirdi. Bu majozlar yozuvchi ko‘rolgan tahlika va xavotirning, muhit mohiyatining moddiylashgan ko‘rinish­laridir. Asarlarda insonga yotlashgan, insonga dushman muhitning xayoliy-paradoksal manzarasi chizib beriladi. «Evrilish» hikoyasida Grigori Zamza ertalab uyqudan uyg‘onsa, hasharot qiyofasiga kirib qolganini biladi va u hasharot qiyofasida olamdan o‘tadi. Hasharot-odam ijtimoiy chiqitning, ijtimoiy xo‘rlikning ko‘rinishidir. Zamzaning odam bo‘lib yashashi uchun hech qanday ehtiyoj yo‘q edi, undan odam bo‘lib yashash talab ham qilinmadi, oqibatda evrilish yuz berdi, odam talab qilingan ehtiyoj mahsuliga – hasharotga aylandi. Zamzaning fojiasi, ko‘pgina tadqiqotchilar ta’kidlaganidek, jamiyat maxluqiga aylangan odam bo‘lganida emas, balki aynan shu – jamiyatda odam bo‘lib yashash ehtiyoji yo‘qligidadir. Ehtiyoj bo‘lmagan joyda hojat ham bo‘lmaydi. Odam bo‘lib yashash ehtiyoji yo‘q jamiyatda odamlar hasharotga va maxluqqa aylanadi.

Kafkaning tilida hech qanday obrazlar, o‘xshatish­lar, mengzashlar, bezashlar, ohangga urg‘u berishlar, metafora, metonimiyalar, hissiy kechinmalar, ehtiroslar tasviri uchramaydi. Uning tili sovuq, axborot va holatni aks ettiradi, xolos. Ega shunchaki ega, unda badiiylashgan jimjimalar yo‘q. Kesim ham yalang‘och kesimning o‘zi. Aniqlovchi faqat aniqlaydi, hissiyot yoki bo‘yoq bermaydi. Umuman, Kafka voqelik va harakatni bo‘yab ifodalamaydi. Hissiyotga berilmaydi, tuyg‘ularini oshkor qilmaydi, faqat harakatni va holatni ko‘rsatish bilan chegaralanadi. Dialoglarda ham siz hissiyotga berilishini, quvonch, g‘azab, nafrat bo‘yoqlarini sezmaysiz. U hissiy bo‘yoqlardan, obrazli detallardan, uyushiq bo‘laklardan atayin qochadi. Biroq asar asta-sekin xayolingizda g‘ira-shira chizgilari paydo bo‘layotgan umumiy qurilma sari yetaklab ketadi. Shuning uchun Kafka so‘zlardan majoz qurilmasini yaratish uchun xuddi quruvchi g‘isht terganday foydalanadi. Boshqacha aytganda, Kafka uchun asar bu – konstruktsiya, imorat. U so‘zni shu konstruktsiyani yaratish uchungina ishlatadi. Konstruktsiya esa Kafkani qo‘rquvga solgan hayotning, turmushning timsoli, badiiy qurilmasi, moddiylashgan namunasidir.

Frants Kafka inson qarshisida turgan yovuzlikni yengib o‘tishiga ishonmaydi, o‘quvchini ham bunga undamaydi. Bunga uning o‘zi ham ishonmagan. Shaxs sifatida unda bunday xislat yo‘q edi. U bor-yo‘g‘i dahshatli tushni ta’birlovchi edi, yo‘l ko‘rsatuvchi emas. U hayotning boshqalar ko‘rolmayotgan, ko‘rishga idroki va salohiyati yetmayotgan qirralarini, tomonlarini tasvirlab, chizib berdi, insonni tahlikaga solayotgan hikmat-majozlarni yaratdi. Yozuvchi ana shu manzara-majoz orqali insonni o‘ziga, atrofga idrok va uyg‘oq ko‘z bilan qarashga, hushyor bo‘lishga undadi.

O‘limi tufayli adibning 3 ta romani ham tugallanmay qoldi. O‘limidan so‘ng barcha yozganlarini yoqib yuborishni vasiyat qildi. Buning asosiy sababi ham o‘sha qo‘rquv va xavotir edi. Kafka asarlari odamlarning, ayniqsa, otasining istehzosiga, mazaxiga sabab bo‘lishidan qo‘rqardi. Ammo do‘sti Maks Brod uning vasiyatini bajarmadi, romanlari o‘limidan so‘ng bosilib chiqdi. Bu asarlar birdaniga Tomas Mann, Andre Jid, Genrix Mann, Oldos Xaksli, Germann Gessening e’tirofiga sazovor bo‘ldi. Tomas Mann bu asarlarni «o‘qish va anglash og‘ir bo‘lsa ham, keyingi o‘n yilliklarning eng yaxshi kitobi» deb atadi.

Kafkaning 1912 yildan 1917 yilgacha Felitsiyaga yozgan muhabbat xatlarini tadqiqotchilar norasmiy tarzda «Kafkaning to‘rtinchi romani» deb ham atashadi. Xuddi yozuvchining muhabbati kabi bu xatlar ham o‘zlarining mavjudligini jamoatchilikka qariyb 50 yil bildirmadi. Ikki marta unashtirilib, ikki marta ham Kafka tashabbusi bilan buzilgan nikohning alami ketmagan Felitsiya Bauer bu xatlarni dastlab oshkor qilishdan bosh tortdi. Garchi mahbubasiga ko‘p ozor bergan bo‘lsa-da, buyuk yozuvchining xatlari baribir Felitsiyaga asqotdi: 1954 yili sog‘ligi yomonlashgach, boshqa iloji qolmadi. U xatlarni sotib hayotini saqlab qolishga majbur bo‘ldi. Kafkaning ruhi uni bu marta ham maktublar qiyofasida qo‘lladi. Xatlar Felitsiyaning talabiga ko‘ra o‘limidan so‘ng, 1967 yili, bosilib chiqdi va dunyo adabiy jamoatchiligida katta shov-shuvga sabab bo‘ldi hamda Kafkaning yana bir qirrasini, inson va oshiq qiyofasidagi kechinmalar tarixini ochib berdi.

Otasi to‘g‘ri topgandi. Kafka chinakam omadsiz edi. Uning hech qaysi sohada omadi yurishmadi. Mo‘jazgina idorada oddiy xodimlikdan boshqa biron ishning boshidan tutolmadi. Boshqa biron soha bilan qiziqmadi. Turmush ham qurmadi. Felitsiya Bauer bilan besh yil qaynoq yozishmalar qilgan bo‘lsa-da, hayotda toq o‘tishni ma’qul ko‘rdi. Navqiron yoshida sil kasaliga chalindi. Qisqa umrini faqat yozishga bag‘ishladi. U o‘z kundaligida shunday deb yozgandi: «Mening birdan-bir kasbim adabiyotdir… …Mening bor-yo‘g‘im adabiyot, xolos!» U adabiyot uchun otasining fabrikasidan, hashamatli hayotdan, boylik va e’tibordan, mansab va martabalardan voz kechdi. 1924 yili sil kasalligi xurujidan vafot etdi. Dafn xarajatlarini baribir otasi ko‘tardi. Bir umr o‘zlariga ortiqcha yuk bo‘ldi deb hisoblab yurgan ota-onasi uni Praganing Olshan qabris­toniga ko‘mish­lariga ko‘rsatma berishdi. Keyinchalik ular ham o‘sha o‘zlariga dardisar bo‘lgan o‘g‘illarining qabri yoniga qo‘yildi. Bugungi kunda Kafka qabri ulkan ziyoratgohga aylangan. Uning yonida ota-onasining qabri ham bor va ular ham hamisha ehtirom gullariga burkanadi. Na fabrikasi, na o‘ziga ishonchi, na tadbirkorligi, na qattiqqo‘lligi, na obro‘-e’tibori otasining nomini tarixda qoldirolmadi. Omadsiz deb bilgan farzandi tufayli otaning nomi ham mangulikka muhrlandi.

Frants Kafka adabiy faoliyatini soddagina qilib: «Baxtimga, menda adabiyotda foydali nimadir qila olish salohiyati bor… ana shu nimadir qila olish ilinji menga kuch beradi… Bunday lahzalarda men g‘alati, xuddi tushni ta’birlayotganday holatni bosh­dan kechiraman», – deya ta’riflagandi. Bu ta’rifga hech qanday qo‘shimcha qilishning hojati yo‘q. Uning romanlari – adibning ta’birlari. Xunrezlikka g‘arq bo‘lgan, insonni xo‘rlash va tubanlashtirishning eng jirkanch usullarini joriy qilgan, yovuzlikni san’at darajasida alqagan XX asr hayotining, inson botinining ta’birlari. U maxluq, qo‘rg‘on, jarayon, xatar, qo‘rquv, tahlika, xavotir qiyofasidagi bu dahshatli tushni o‘zidan kelib chiqib, o‘z qarichi va o‘z taxayyuli, o‘z tushunchalari bilan kichkinagina jussasida og‘riq hamda azobni his etib ta’bir qildi. Bu ta’birnomalar dastlab kichik novellalar, keyinchalik uchta katta roman shaklida insoniyatga meros bo‘lib qoldi. Insoniyat hali ham Kafka qilgan ta’birlar bilan yashashda davom etyapti, chunki o‘sha tushlarning o‘zi ham davom etmoqda.

Nazar Eshonqul