XX asr jahon adabiyoti namoyondalaridan biri, Frantsiya akademiyasi a’zosi, Nobel mukofoti sovrindori Frantsua Sharl Moriak (1885-1970) asarlari eng ko‘p mutolaa qilinadigan frantsuz adiblaridan sanaladi. Uning she’rlari, qissa va romanlari, ijtimoiy-siyosiy, diniy ruhdagi bir qator maqolalari chop etilgan. Ulardan “Sig‘inish” (1909), “Gunohkorga hadya qilingan bo‘sa”, “Ona” kabi asarlari dovruq qozongan. “Sevgi sahrosi”, “Otash daryo”, “Qora daftar” kabi romanlari ham juda mashhur.
1906 yilgi katta shov-shuvga sabab bo‘lgan sud jarayoni (Dryufust ishi) asos qilib olingan “Tereza Dekkeru” romani frantsuz adabiyotshunoslari tomonidan asr boshidagi eng yaxshi milliy roman sifatida baholangan.
Ota va o‘g‘ilning sovuqqon, hissiz ayolga bo‘lgan baxtsiz sevgisidan hikoya qiluvchi “Sevgi sahrosi” romani Frantsiya akademiyasi tomonidan yuksak baholangan.
Adib 1933 yilda Frantsiya akademiyasi a’zoligiga qabul qilindi. 1952 yilda esa Shvetsiya Qirollik akademiyasi tomonidan “romanlarida inson hayotining fojiali taqdirini ko‘rsatib bergani, badiiy va teran ifodalagani uchun” Nobel mukofotiga munosib deb topilgan.
Frantsua Moriak 1885 yil 11 oktyabrda Frantsiyaning Bordo shahrida ko‘p bolali Jan Pol Moriak va Margaritti Moriak oilasida dunyoga keldi. Ota-onasi tijorat bilan shug‘ullangan, ular alohida nufuzga ega edi. Moriak ikki yoshga to‘lmasdanoq otasi vafot etadi va onasining tarbiyasida voyaga etadi.
XIX asr ikkinchi yarmi Frantsiya hayotidagi erkinlik Moriak hayoti va ijodiga ham ta’sir ko‘rsatmay qolmadi. Avval Muqaddas Mariya maktabida, so‘ngra Morionitlar kollejida ta’lim olgan Moriak tengdoshlari va ustozlarini kuchli zehni va teran fikrlashi bilan shoshirib qo‘yardi. Kollejda o‘qib yurgan davrlarida sevimli yozuvchilari Radin va Paskal bilan uchrashadi, ulardan saboq oladi. 1905 yilda Bordo universitetini bitirgan Moriak adabiyot bo‘yicha magistr darajasiga ega bo‘ldi.
Yoshligidan she’r yozishni mashq qilib yurgan Moriak matbuot bilan aloqani Parij shahrida boshladi. Parijda “Dekolte Sharq” nomidagi o‘rta asr manbalari bo‘yicha tarixchilar va arxivshunoslarni tayyorlaydigan maktabda o‘qib yurgan kezlari “Bizning vaqt” jurnalida “Tutashgan qo‘llar” birinchi she’riy to‘plami chop etiladi. Bu to‘plam katolik oilasida yuksak orzu-umidga to‘la yurak bilan o‘sgan o‘smirning bolaligi haqidagi she’rlardan iborat. Mashhur yozuvchi Moris Barres to‘plamga yuqori baho beradi va yosh shoirni ijod maydonida yangi yutuqlarga chorlaydi.
Mazkur to‘plamdan so‘ng o‘zini to‘laligicha adabiyotga bag‘ishlagan Moriak “Alvido bolalik” (1911), “Tug‘yon” (1925), “Atis qoni” (1940) kabi she’riy kitoblar chop ettiradi.
Adibning ijodida nasr, asosan, romanlar alohida o‘rin tutadi. Birinchi romani “Grosse” jurnalida “Tashvishlar ostidagi bola” (1913) nomi bilan bosilib chiqadi. Romanda insoniyat hayotida abadiy davom etuvchi jismoniy va ma’naviy bahs hikoya qilinadi.
Shu yilda Moriak bankirning qizi Janni Lafon bilan turmush quradi.
1914 yilda boshlangan Birinchi Jahon urushida sog‘ligi tufayli armiyadan ozod qilingan bo‘lsa-da, ko‘ngilli sifatida Qizil Xoch jamiyatiga ishga kirgan Moriak ikki yil davomida urush dahshatlari ufurib turgan joy – Bolqon yarim orolida sanitar bo‘lib xizmat qiladi.
Moriakning Birinchi Jahon urushidan keyingi yillardagi ijodida katolik cherkoviga qarshi kayfiyatni ko‘ramiz. “Gunohkorga hadya qilingan bo‘sa” (1922) romanida boy oilaning juda xunuk va kasal o‘g‘li bilan nihoyatda go‘zal kambag‘al dehqon qizi o‘rtasidagi baxtsiz turmush tasvirlanadi. Asarga ko‘ra go‘zal qiz yonidagi majruh nafaqat ruhan, balki jismonan ham azob chekadi. Ingliz tanqidchisi Sesil Jenkins asarga “Jamiyatimizdagi oila va cherkov tufayli umuman kerak bo‘lmagan narsalarga qurbon qilingan sevgi va yoshlik haqqoniy ko‘rsatib berilgan roman”, deya ta’rif beradi.
Adibning “Otash daryosi” (1923), “Ona” (1923) romanlari ham mazkur yo‘nalishda yaratilgan bo‘lib, katolik cherkovi o‘ng qanoti vakillari tomonidan juda qattiq tanqid qilinadi. Mazkur romanlarda kiborlar oilalaridagi achinarli munosabatlar qalamga olingan, pul insonlar ruhiyati va hayot asosi maqomida bo‘lganligi ko‘rsatib berilgan.
Adib ayanchli qiyofada tasvirlagan “Ona” romani qahramoni – Felisiti Kaznav va uning oilasi insonlarda kuchli nafrat tuyg‘usini shakllantiradi. Asarda Felisiti Kaznav nafaqat xizmatkorlar, orindatorlariga, balki o‘z o‘g‘liga ham xususiy mulk sifatida qaraydi. Shunday vayron qiluvchi tuyg‘u onaning farzandiga bo‘lgan mehr hissini yo‘qqa chiqaradi ham. Fernand Kaznav onasiga shunchalik tobe bo‘lib qoladiki, u mustaqil holda biror bir yorqin faoliyat olib borolmaydi.
Onasining qarshiligiga qaramasdan ellik yoshli Fernand Montellaga uylanadi. Bundan g‘azablangan ona qator jinoyatlarga qo‘l uradi. O‘g‘lining turmushiga raxna solmoqchi bo‘ladi. Ammo aybini tan olmaydi. “Jinoyat jazosiz qolmaydi” deganlaridek, qahramon Felisiti Kaznav asar so‘nggida o‘z gunohlari uchun javob beradi: qarigan chog‘ida shol bo‘lib qoladi, o‘g‘li ham onasini tashlab ketadi, ona umrining so‘nggi lahzalarini shol holida yolg‘izlikda o‘tkazadi.
Moriakning “Ilonlar changalida” (1932) romanini soxta e’tiqod tahlili deyish mumkin. Asar Shoazim Munavvarov tarjimasida o‘zbek kitobxonlari qo‘llariga ham etib borgan (1995).
Romandagi voqealar advokat Luining o‘limi oldidan xotini Izaga yozgan xati shaklida namoyon bo‘ladi. Kundalik tarzida yozilgan ushbu xatda keksa va rostgo‘y Luining sirlaridan voqif bo‘lasiz: ba’zan Luidan ranjiysiz, ammo uning mushohadalaridan so‘ng ko‘pni ko‘rgan qariya haq ekan, degan xulosaga kelasiz.
Bu oilaviy drama muallif tili bilan aytganda: “Bir insoniy taqdirning ta’qib qilinishi va hayotning hamma chirkinliklari uning toza yuragiga etib borishi” haqida.
Muallif qissachilik va dramaturgiya sohasida ham bir qator yutuqlarga erishdi. Uning “Asmadey” dramasi Frantsiya teatrlari sahnasida bir mavsumda yuz martalab qo‘yilgan.
Adib siyosiy va adabiy hodisalar haqida achchiq satirik til bilan maqolalar ham yozganki, ular romanlariga qaraganda kengroq o‘quvchilar doirasini o‘ziga jalb qilgan.
Moriak Ikkinchi Jahon urushi yillarida hokimiyat tepasiga chiqqan Sharl de Goll qarashlarini qo‘llab -quvvatlaydi. Aljir davlatining mustaqilligi uchun so‘l katolik vakillari bilan birgalikda chiqishlar olib boradi. Yozuvchi Sharl de Gollning biografiyasi va esdaliklariga bag‘ishlangan maxsus serial yaratadi. Moriak siyosat borasida ko‘rsatgan xizmatlari uchun 1958 yilda general Sharl de Goll tomonidan Katta krestom ordeni bilan mukofotlanadi.
Moriak fashizmga bo‘lgan cheksiz nafratini “Qora daftar” romanida ko‘rsatib berdi. Asarga frantsuz adabiyot jurnali ta’sischilaridan birining otib tashlanishi asos qilib olingan. Asarni ismi emas, taxallusi bilan e’lon qilgan Moriak ma’lum bir vaqt yashirinib yurishga majbur bo‘ladi.
Adib Nobel mukofotini olish jarayonidagi nutqida quyidagi fikrlarini bildiradi: “Bu jaholat va dahshat bilan to‘lib-toshgan dunyoda umidlarni saqlab qolish juda muhim. Inson o‘z tabiati bilan maqsadini anglab etishi va tushkunlikka tushmasligi kerak. Zamonaviy insonning tushkunlikka tushishi shu davrning absurdligi va insonning yolg‘on afsonalar domiga tushib qolishi bilan izohlanadi. Bu absurd insonni hayvon darajasiga tushirib qo‘yishi mumkin”. Yozuvchi absurd sifatida katolik cherkovini ko‘rsatadi. Uning oxirgi “O‘tmish farzandi” (1969) romani ham shunday qarshilik ruhida.
1970 yil 1 sentyabrda Frantsiya o‘zining yana bir ulug‘ ijodkoridan ajraldi. Moriak olamdan ko‘z yumdi.
Moriak o‘zidan durdona asarlar qoldirdi. Uning teran fikrlashi, achchiq tili bilan eng murakkab voqealarni ham lo‘nda tushuntirib bera olishi, badiiy mahorati asarlarining umri boqiyligiga sababdir. Adib ijodi XX asr frantsuz adabiyotida Marsel Prussdan keyingi o‘rinda baholanadi.
O‘tkir Yo‘ldoshev tayyorladi
“Jahon adabiyoti”, 2013 yil, 10-son