Farruxbek Olim. Jomiyning farzandlari

9Sharqda kamtarlik, farosat, odob yuzasidan va boshqa sabablar tufayli ijodkorlar o‘z tarjimai hollarini bayon etishmagan. Turli shoirlar hayotiga bag‘ishlangan biografik asarlar, jumladan, tazkiralarda ham asosiy diqqat-e’tibor sohibi qalamning mahoratiga qaratilgan, uning shaxsiy hayoti, asarlariga ta’sir etgan omillar ikkinchi darajaga tushib qolgan. Holbuki, qalam ahli qalbini o‘rtagan dard, o‘y-kechinmalarni anglash, shu inson shaxsiyatini chuqurroq o‘rganish, tushunish uchun uning hayot yo‘lini yaxshi bilishga to‘g‘ri keladi. Albatta, bu o‘rinda birinchi navbatda ijodkorning o‘zi haqida yozganlariga, ikkinchi navbatda esa u haqda bitilgan tazkira, manoqib va boshqa manbalarga tayanamiz.

Sharq mumtoz adabiyotining yirik vakili Abdurahmon Jomiy tarjimai holini o‘rganishda shoirni ko‘rgan, yaqindan bilgan insonlarning ma’lumotlari – biz uchun juda qimmatli. Jomiy haqida ana shunday noyob ma’lumotlarni yozib qoldirgan qalam sohiblaridan biri Faxriddin Ali Safiy edi. U Abdurahmon Jomiyning zamondoshlaridan, XV asrda Hirotda yashagan yirik olim, shoir va notiq Mavlono Husayn Voiz Koshifiyning o‘g‘li. Faxriddin Ali Safiy “Rashahotu ayn il-hayot”[1] (“Obihayot tomchilari”) asarini 1503 yili yozib tugatadi.

Bu asar, asosan, Xoja Ahror Valiy hayotiga bag‘ishlangan bo‘lsa ham, unda boshqa shayxlar tarjimai holi ham beriladi. Chunki muallif Xoja Ahror tilga olgan har bir shayx haqida alohida manoqib yozishni maqsad qiladi. Asarda Jomiyga ham alohida o‘rin ajratilgan. Sakkizta bobda shoirning hayoti va ijodi bilan bog‘liq ko‘p qimmatli ma’lumotlar beriladi. Muallif bu zot haqidagi o‘zi ko‘rgan, bilgan, eshitgan ma’lumotlarining barchasini qat’iy ketma-ketlik bilan batafsil yozadi. Ali Safiy oxirgi, ya’ni 8-faslda Jomiyning oilasi, farzandlari haqida to‘xtaladi. Uning yozishicha, shoir o‘z pirining nevarasi, ya’ni Sa’diddin Koshg‘ariyning katta o‘g‘li Xoja Kalonning qiziga uylangan. Demak, Jomiy Sa’diddin Koshg‘ariyga to‘g‘ridan-to‘g‘ri emas, balki nevara-kuyov bo‘lgan.

Jomiy umri davomida to‘rt o‘g‘il farzand ko‘rgan. Ammo ulardan faqat uchinchisi – Ziyouddin Yusufgina yashab qolgan. Jomiyning birinchi farzandi bir kungina umr ko‘radi. Unga ism qo‘yishga ham ulgurishmaydi. Ikkinchi farzand Safiuddin Muhammad esa bir yoshligida vafot etadi. Ali Safiy Jomiyning bu musibatdan ancha o‘ksinganini alohida ta’kidlaydi. Shuningdek, muallif Jomiy devoniga kiritilgan marsiyani keltiradi:

Farzandi Safiy(id)din Muhammad ki jahon
Shud zinda ba o‘ chunon ki tan zinda ba jon
Chun shud bavujud o‘ jahon faxru kunon
Shud soli valodati vay az “Faxr” ayon[2].

Tarjimasi:

Farzand(im) Safiuddin Muhammad bilan
Jahon xuddi tan jon bilan tirilgandek tirildi.
Uning vujudi jahonga faxr bo‘lgani kabi,
Uning tug‘ilgan yili “Faxr” so‘zidan ayon bo‘ldi.

Demak, Safiuddin Muhammadning tavallud yili abjad hisobida “faxr” so‘zidan kelib chiqadi. Ali Safiy shu o‘rinda o‘z ismining Faxriddinligiga ham ishora qiladi va Jomiyning aynan uning ismiga, ya’ni “faxr” so‘zidan kelib chiqadigan ta’rix yozganligini, marhum o‘g‘lining nomi “Safiy”ni esa Faxriddinga taxallus qilib berganini mahorat bilan ifodalaydi. Ana shu ma’lumotdan Jomiyning Faxriddin Ali Safiyni o‘g‘li qatorida ko‘rgani anglashiladi.

Asarda Alisher Navoiyning ham bu voqeaga “Baqoyi hayoti shumo bodo” deb ta’rix bitib, Jomiyga yuborgani qayd etiladi. Ammo boshqa manbadan Navoiy ustoziga bu ta’rixni yozib jo‘natmagani, balki ta’ziyaxonaning o‘zida ko‘ngil so‘rash asnosida qog‘ozga tushirib berganini bilib olamiz. Jomiyning shogirdi, muridi va hammaslagi Alisher Navoiy o‘zining ustoziga bag‘ishlab yozgan manoqibi – “Xamsat ul-mutahayyirin”da aynan shu ta’rix bilan bog‘liq voqeani hikoya qilib beradi. Jomiy vafotidan ikki yil keyin, ya’ni 1494 yili yozilgan bu asarning “Avvalgi maqolot”ida muallif o‘zi va ustozi orasida bo‘lib o‘tgan ajoyib voqealarni qalamga oladi. “Avvalgi maqolot”ning 15-hikoyati Faxriddin Ali Safiy keltirgan ma’lumotga aniqlik kiritadi. Jumladan, Navoiy Safiuddin Muhammad vafotini eshitib, ta’ziya bildirish uchun ustozinikiga ketayotganida yo‘lda Shayxim Suhayliy va Mavlono Soniiylar duch kelishadi. Ular ham Navoiyga qo‘shilib, azaxonaga birga borishadi. Navoiydek ulug‘ shoir, davlat arbobi ham u yerda yig‘ilgan odamlarning “rutbasi shavkatidin va majlis savlatidin” o‘zini noqulay his etib, ustoziga tuzukroq ta’ziya bildira olmaydi. Hamrohlari ham unga tobe tutinib borganlari uchun biror so‘z ayta olishmaydi. Biroz muddat shu holat davom etib, ko‘ngil so‘rash fursati o‘tib ketadi. Bundan xijolat chekkan shoir ta’rix yozish taraddudiga tushadi. “Baqoyi hayoti shumo bodo” so‘zlarini qayta hisoblab chiqqanidan so‘ng, qog‘ozu qalam so‘rab, so‘zlar ustiga raqamlarini ham tushirib yozib ustoziga uzatadi. Jomiy bu ta’rixni nazmga solishini aytadi. “Xamsat ul-mutahayyirin”da Jomiyning shu munosabat bilan yozgan she’ri ham keltirilgan:

Guli bo‘stoni latofat Safi
Chu shud so‘i jannat zi bog‘i fano,
Azize pai pursi ta’rix guft,
Ki “bodo baqoi hayoti shumo”[3] 

Tarjimasi:

Latofat bo‘stonining guli (bo‘lmish) Safi
Foniylik bog‘idan jannat tomon ketganda,
Bir aziz odam ko‘ngil so‘rab,
“Bodo baqoi hayoti shumo” deb ta’rix tushirgan edi.

“Bodo baqoi hayoti shumo” birikmasi “umringiz boqiy bo‘lsin” degan ma’noni bildiradi. Shu bilan birga, abjad hisobi bo‘yicha bu so‘zlardan 880 raqami kelib chiqadi. Demak, Safiuddin Muhammad hijriy 880, milodiy 1475 yili olamdan o‘tgan. Jomiy bu paytda 61da, Navoiy esa 34 yoshda edi. Ikkinchi farzandning ham bevaqt nobud bo‘lgani keksayib borayotgan Jomiyga qattiq ta’sir qilgani aniq. Boshiga og‘ir musibat tushgan ustoziga hamdardlik bildirish, fojiali kunda uning ko‘nglini ko‘tarish Navoiydek ulug‘ bir so‘z ustasi uchun ham ancha mushkul edi. Shoir o‘ta nozik vaziyatda notabiiy yoki nosamimiy biror so‘z aytib qo‘ymaslik maqsadida qog‘ozga qo‘l uradi.

Jomiyning uchinchi farzandi Xoja Ziyouddin Yusuf edi. Ali Safiy Ziyouddinning tavalludini Jomiyning o‘zidan iqtibos keltirib: “Farzandi arjumand Ziyouddin Yusuf anbatahullohu nabotan hasanning valodati shavvol oyining to‘qqizlonchisi chahorshanba kechasi erdi, nisfi oxiri sana sakkiz yuz sakson ikkida erdi”[4], – deb yozadi. Bu milodiy 1477 yilga to‘g‘ri keladi. “Rashahotu ayn il-hayot”ning muallifi yana shu o‘rinda Jomiyning tushida Xoja Ahror Valiy Ziyouddin Yusufga inoyat aylaganini va bu voqea Jomiyning “Xiradnomayi Iskandariy” asari debochasida batafsil hikoya qilinganini aytadi.

Ziyouddin Yusuf Jomiyning tirik qolgan yagona farzandi edi. Navoiy “Xamsat ul-mutahayyirin”da Jomiy hayotining so‘nggi daqiqalarida Ziyouddin Yusuf otasining boshida turganini, vafotidan keyin esa ta’ziyaga kelgan Husayn Boyqaro Ziyouddinning boshidan quchib yig‘laganlarini yozadi.

Abdulhay ibn Abdulfath al-Husayniyning “Hazrati Xoja Ahrori Valiy nasabnomasi”da[5] Ziyouddin Yusufning o‘g‘li Xoja Nizomiddin haqida so‘z boradi[6]. Xoja Nizomiddin ota tarafdan Abdurahmon Jomiyning, ona tarafdan esa Xoja Abdulkarimning nabirasi hisoblanadi. Xoja Abdulkarim Xoja Ahror Valiyning jiyani, ya’ni singlisining o‘g‘li edi. Bundan tashqari, biz bu manbadan Xoja Nizomiddinning bir o‘g‘li va bir qizi bo‘lganini ham bilib olamiz. Demak, shu tariqa Jomiyning avlodlari davom etgan.

Ali Safiyning yozishicha, Jomiyning to‘rtinchi farzandi Zahiriddin Iso Ziyouddin Yusuf tug‘ilishidan to‘qqiz yil keyin dunyoga kelgan. Shu o‘rinda muallif yana iqtibos keltiradi: “Farzandi arjumand panjshanba kunining vaqt zuhurining vasatida sana sakkiz yuz to‘qson birda erdi – anbatallohu nabotan hasanan va razaqahu sa’odataddorayni bi Muhammadin va olihit-tayyibiynat-tohiriyn”[7]. Milodiy hisob bo‘yicha 1486 yili tavallud topgan Zahiriddin Iso bir oydan ziyodroq yashaydi, xolos. Ali Safiy Zahiriddin Iso haqida Jomiy yozgan ikki qit’ani ham keltirib o‘tadi:

Farzand Zahiriddin panjum zi muharram
Dar muntasifi zuhr shud oromi dili mo.
Juz zolika Iso nashud az g‘ayb ishorat,
Justem chu nomash zi raqam nomai asmo.
Malfuz zi Iso chu shumorand na maktub,
Tarixi valodat budash “Zolika Iso”[8].

Tarjimasi:

Farzand Zahiriddin muharram oyining
Peshin vaqtida dilimizning oromi bo‘ldi (tug‘ildi)
Ismlarning raqamlari bo‘yicha uning nomini qidirgan edik,
G‘aybdan “Zolika Iso” degan ishorat bo‘ldi.
Agar “Iso” so‘zining harflarini sanasalar,
Uning tavallud yili “Zolika Iso” bo‘ladi.

Ikkinchi qit’a:

Nuri diyda Zahiriddin, ki fitod,
Dodanu burdonash baham nazdik.
Bud barqe zi osmone karam,
Zodanu murdonash baham nazdik[9].

Tarjimasi:

Ko‘zimiz nuri Zahiriddinkim,
Berilishiyu olinishi bir-biriga yaqin bo‘ldi.
U karam osmonining bir chaqmog‘i edi,
Tug‘ilishi va o‘lishi bir-biriga yaqin bo‘ldi.

Faxriddin Ali Safiyning ana shu ma’lumotlariga tayanib, Jomiy to‘rt o‘g‘il farzand ko‘rgan, deb ayta olamiz:

  1. Jomiyning bir kungina umr ko‘rgan birinchi farzandi. Unga nom qo‘yishga ham ulgurishmagan.
  2. Safiuddin Muhammad. Hijriy 880, milodiy 1475 yili bir yoshida olamdan o‘tgan.
  3. Ziyouddin Yusuf. Hijriy 882, milodiy 1477 yili tavallud topgan.
  4. Zahiriddin Iso. Hijriy 891, milodiy 1486 yili tug‘ilib, bir oydan ziyodroq yashagan.

Mazkur dalillarga asoslanib, Jomiy otalik baxtiga biroz kechroq musharraf bo‘lganini ko‘rishimiz mumkin. Shoir ikkinchi farzandi dunyoga kelganida 60 yoshlarda, so‘nggi farzandi tug‘ilganida esa 72 yoshda bo‘lgan.

Xulosa qilib aytganda, Abdurahmon Jomiy ijodini o‘rganishda uning shaxsiy hayoti haqidagi qo‘shimcha ma’lumotlarga ega bo‘lish hech qachon foydadan xoli bo‘lmaydi. Chunki shundagina ma’lum bir qalamkashning ijodini chuqurroq tahlil etish, unga yaxlit baho berish imkoniyati paydo bo‘ladi. Jomiyning farzandlari haqida bilganlarimizni tarixiy asarlar, manoqibu tazkiralar va boshqa manbalar orqali yanada boyitish mumkin.

“Jahon adabiyoti” jurnali, 2016 yil, 2-son

–––––––––––––––

[1] Fors-tojik tilida yozilgan bu asar XIX asrda Xorazmda Xudoybergan ibn Bekmuhammad tomonidan eski o‘zbek tiliga tarjima qilingan. Mazkur tarjima Mahmud Hasaniy hamda Bahriddin Umrzoq tomonidan nashrga tayyorlanib, 2004 yili “Abu Ali ibn Sino” nashriyotida chop etildi.

[2] O‘sha asar. 212-bet.

[3] Alisher Navoiy. Mukammal asarlar to‘plami. 20 jildli. 15-­jild. Xamsat ul-mutahayyirin. −T.: “Fan” nashriyoti, 1999. 27-­bet.

[4] Faxruddin Ali Safiy. Rashahotu ayn il-hayot. −T.: “Abu Ali ibn Sino” nashriyoti, 2004. 213-bet.

[5] Abdulhay ibn Abdulfath al-Husayniy. Hazrati Xoja Ahrori Valiy nasabnomasi. –T.: “Yangi asr avlodi” nashriyoti, 2004.

[6] Shu asar. 53-bet.

[7] Faxruddin Ali Safiy. Rashahotu ayn il-hayot. −T.: “Abu Ali ibn Sino” nashriyoti, 2004. 213-bet.

[8] Faxruddin Ali Safiy. Rashahotu ayn il-hayot. −T.: “Abu Ali ibn Sino” nashriyoti, 2004. 214-bet.

[9] O‘sha asar. 214-bet.