Ja’far Xolmo‘minov. Falak jomidan may sipqorgan Xayyom

Mavlono Rumiyning “Masnaviyi ma’­na­viy” asarida keltirilgan hikoyatga ko‘ra, hindlar bir filni qorong‘u uyga olib kiradilar. Filni umrida ko‘rmagan kishilarni ham birma-bir o‘sha uyga kiritadilar. Zulmatda filni ko‘z bilan ko‘rishning imkoni yo‘q edi. Shuning uchun ham kirganlar qorong‘uda qo‘l cho‘zib, paypaslab, fil tanasining biror joyini ushlab siypalardilar, xolos. Biri xartumini paypaslab, fil degani tarnovga o‘xshagan narsa ekan, ikkinchisi qulog‘ini topib, fil – bu bahaybat yelpig‘ich ekan, uchinchisi oyog‘ini ushlab, fil deganlari ustunga o‘xshar ekan desa, yana biri filning ustini siypalab xontaxtaga o‘xshar ekan, deb tasavvur qiladi. Xullas, kim filning qaysi a’zosini ushlasa, jonivorni o‘sha a’zoga o‘xshatib tasavvur etadi[1].

Faylasuf G‘arb va orif Sharqning Xayyom haqidagi tasavvurlari ham ana shu hikoyatdagi kishilarning fil haqidagi xulosalariga o‘xshab ketadi. Ulardan biri Xayyomni o‘taketgan gedonist – ishratparast, boshqacha aytganda, mayparast, epikurchi, dinsiz, shakkok, juda himmat qilsa, moddiyotchi faylasuf sifatida ko‘rgisi kelsa, boshqasi zo‘r berib uni ilohiyotchi, so‘fiy, gohida esa bir avliyo sifatida ko‘rgisi keladi. Keyingi avlodlarning Xayyomga bo‘lgan munosabati qaysidir ma’noda Mansur Halloj taqdiriga bo‘lgan qarashlarni ham eslatadi. Hallojning qismati borasida, mana, 1200 yildan ortiq vaqt o‘tibdiki, insoniyat aniq bir to‘xtamga kelganicha yo‘q. Halloj aslida qanday shaxs bo‘lgan: xudolik da’vo qilgan shakkokmi yoki iymon-e’tiqodli musulmonmi? Tafakkur xazinasi, ma’no va mohiyat olamini boyitgan mutafakkirmi yoki zararli g‘oyalar muallifimi?! Halloj darajasida bo‘lmasa-da, Xayyom shaxsiyati ham turli shubha-gumonlar, taxminlar, tasavvurlar, talqinlarning gohida quyuq, gohida siyrak tumanlari ichida goh ko‘rinib, gohida butunlay g‘oyib bo‘lib ketadi.

G‘iyosiddin Abulfath Hakim Umar Xayyom (m.1047-1123) Saljuqiylar hukmronligi davrida (m.1044-1203) Eronning Nishopur shahrida dunyoga keldi, umrining asosiy qismini o‘z ona shahrida o‘tkazdi va nihoyat, shu yerda vafot etdi. Uning maqbarasi ham Nishopurdadir.

Xayyomning tug‘ilgan va vafot etgan sanasi borasida manbalar va tadqiqotlarda turli raqamlar ko‘rsatiladi. Masalan, Xayyom hayoti, qarashlari va ilmiy-adabiy merosi haqida tadqiqot olib borgan va ruboiylarini bir majmuaga to‘plagan eronlik mashhur yozuvchi Sodiq Hidoyat uning vafoti sanasini h.q. 517 yili deb ko‘rsatsa[2], Amerikada yashaydigan xayyomshunos olim, Vashington universiteti professori asli eronlik Mehdiy Aminrazaviy Xayyom milodiy 1124-1129 yillar oralig‘ida vafot etgan[3], deydi.

Xayyom Qur’on, arab tili sarfu nahvi, arab va fors adabiyotidan umumiy bilimlarni o‘z shahrida, Qozi Muhammad huzurida oladi, so‘ng ustozining tavsiyasiga binoan riyoziyot (matematika), ilmi nujum (astronomiya), falakiyot nazariyalariga oid ilmlarni Xoja Abulhasan Anboriydan, falsafani Imom Muvaffaq Nishopuriydan o‘rgandi, Shayx Muhammad Mansur huzurida esa Ibn Sinoning falsafiy merosi bilan tanishdi. Va shundan so‘ng umrining so‘nggi damlarigacha Ibn Sino tafakkur olamining sayyohiga aylandi. Aytishlaricha, vafotidan bir-ikki soat oldin ham uning qo‘lida Sinoning falsafa muammolariga bag‘ishlangan mashhur kitobi – “Shifo” bo‘lgan ekan.

Xayyomning Ibn Sinoga ixlosi va ehtiromi yuksakligidan bo‘lsa kerak, ba’zi rivoyatchi va tarixchilar uni Sino huzurida ta’lim olgan, degan yanglish xulosalar ham chiqarishgan. Lekin bu – haqiqatdan ancha yiroq fikr. Chunki buning uchun Xayyomning yoshi yuqorida zikr etilgan ustozlaridan ham kattaroq bo‘lishi kerak edi. Xayyom Sinoning haqiqiy shogirdi, uning eng sadoqatli va matonatli izdoshi bo‘lgani aniq. Uning doimo Sino ruhidan madad olib turgani, asarlari va qarashlaridan bahra olgani shogird deb hisoblanish uchun yetarli, albatta.

…Bir kuni Abulbarakot Bag‘dodiy muridlaridan bo‘lgan Ray hokimi – Alouddavla Xayyomga piri ustodining Sino qarashlarini ayovsiz tanqid qilgani haqida gapirar ekan, bu haqda uning nuqtai nazari qandayligini so‘raydi. Xayyom: “Abulbarakot Ibn Sinoning hatto bitta so‘zini ham tushunmagan ko‘rinadi, shunday ekan, qanday qilib uni tanqid qila olishi mumkin?” – deb javob beradi[4]. Xayyomni Sino bilan chambarchas bog‘laydigan yana bir dalil bor: ba’zi tarixchilar, xususan Safadiy va Qutbiddin Mahmud Sheroziylar o‘z asarlarida Xayyomning Sinoning eng mashhur shogirdi bo‘lgan Bahmanyorga shogird tushganligi haqida ma’lumot berib o‘tadilar[5]. Ma’lumotlarga qaraganda, Xayyom bir muddat o‘sha davrlarda katta ilmiy markazlardan biri bo‘lgan Samarqandda ham ilm tahsili bilan shug‘ullanib, qadimiy Turon xalqlarining hikmat va ma’rifat bulog‘idan bahra olgan. Buni mutafakkirning ham ilmiy asarlari, ham falsafiy ruboiylaridan bilsa bo‘ladi.

Xayyom Movarounnahru Xuroson, G‘arbiy Eron va Usmonli davlatlarining eng gullab-yashnagan davrida yashadi. Bu davrda, Somoniylar davri singari ham diniy-tasavvufiy ilmlar, ham tabiiy va aniq fanlar, ham adabiyot va san’at yuksak darajada rivojlandi. Aynan ana shu davrda Hakim Nizomiy Ganjaviy, Xoqoniy Shirvoniy, Nosiriddin Tusiy, Abulmajid Sanoiy, Nizomulmulk, Muhammad G‘azzoliy, Ahmad G‘azzoliy, Mahmud Zamaxshariy, Nizomiy Aruziy Samarqandiy, Bayhaqiy, Faxriddin Roziy kabi ulug‘ allomalar va shoirlar ma’rifat maydoniga keldilar.

Umar Xayyomning taxallusi haqida so‘z ketganda otasi xaymado‘z – chodir tikuvchi bo‘lgani uchun ushbu taxallusni tanlagan bo‘lsa kerak, deyiladi. Ammo Xayyomning kosiblik qilgani haqida manbalarda hech qanday ma’lumot yoki biron-bir ishora uchramaydi. Qolaversa, qo‘l hunarmandchiligi bilan shug‘ullanishga Xayyomning vaqti ham, ehtiyoji ham bo‘lmagan. Zero, Xayyom butun bolaligi va yoshligini asosan ilm o‘rganish bilan o‘tkazdi. Kamolga yetib, olim sifatida dong taratgach, Saljuqiylar saroyida va umuman, butun Xurosonda katta obro‘-e’tibor va shon-shuhratga ega bo‘ldi. Ma’lumotlarga qaraganda, u saroyda e’tiborga molik mansablarda xizmat qilgani uchun “dastur” degan laqabga ham sazovor bo‘lgan ekan. Xayyomning Xoja Koshoniy bilan qurgan suhbatidan ma’lum bo‘lishicha, Devoni oliydan yiliga o‘n ming dinor miqdorida maosh olib turgan ekan [6].

Xayyom qomusiy olim sifatida o‘zidan boy ilmiy-adabiy meros qoldirdi. Ayniqsa, uning algebra masalalariga bag‘ishlangan “Al-jabr val-muqobala” risolasidan nafaqat Sharq mamlakatlarida darslik sifatida, balki Yevropada ham muhim qo‘llanma sifatida foydalanilgan. Arab tilida yozilgan ushbu asar frantsuzcha tarjimasi bilan birga 1851 yili Parijda nashr etilgan. Xayyomning yana bir mashhur asari – “Fi sharhi mo mushkil min sodiroti kitobi Uqlidus” risolasining yagona qo‘lyozma nusxasi Leyden (Gollandiya) kutubxonasida saqlanadi. “Fi ihtiyol al-ma’rifati miqdor iz-zahab val-faza fi jismi murakkab minhumo” nomli fizikaga oid risolasining qo‘lyozma nusxasi Germaniyadagi Gyote kutubxonasida, fors tilida yozilgan “Risola dar vujud” nomli falsafaga oid risolasi esa Britaniya muzeyida saqlanmoqda. Shuningdek, Xayyomga nisbat beriladigan yana bir necha asar ham bor. Ulardan eng muhimlari tabiiyotga oid risolalar – “Kavn va taklif” va “Lavozim ul-makna dar fusul va illati ixtilofi havoi bilodu aqolim” nomli asarlardir. Bulardan tashqari Saljuqiy sulton Malikshoh davrida vazir Nizomulmulk boshchiligida yaratilgan ilk zijlardan biri – “Ziji Malikshohiy”ning asosiy mualliflaridan biri ham Xayyom hisoblanadi.

Saljuqiy sultonlar – Alp Arslon va Malikshoh hukmronligi davrida salkam o‘ttiz yil bosh vazir bo‘lgan donishmand Nizomulmulk (“Dastur ul-muluk” yoki “Siyosatnoma” asarining muallifi) zamonida davlat tepasiga kelgan shofeiylarning hanafiylar bilan bahs-munozaralari, boshqa firqalar – qarmatiylar, botiniylar (ismoiliya ta’limotining ilmiy-nazariy va mafkuraviy maktabi), shialar va nihoyat, faylasuflarga qarshi harakatlar, fiqhiy, aqidaviy va falsafiy ixtiloflar, mazhablar o‘rtasidagi to‘qnashuvlar ham ushbu davrdagi taraqqiyot va rivojlanishning jadal sur’atlarini to‘xtata olmadi. Xayyom ana shunday siyosiy-ijtimoiy jihatdan nihoyatda ziddiyatli, ammo shu bilan birga ilm-fanga e’tibor kuchaygan bir davrda yashadi.

Xayyom o‘z davrida mavjud turli toifalarning birortasiga butun borlig‘i bilan ergashmagan, mustaqil fikri va mavqeiga ega bo‘lgan shaxs sifatida barchaning diqqat-e’tiborini o‘ziga tortgan edi. Boshqa jihatdan, u ancha ehtiyotkor odam bo‘lgan ko‘rinadi. Zero, o‘ta nozik va murakkab bir davrda uzoq yashab, qattiq to‘qnashuvlar yoki ziddiyatli vaziyatlarga duchor bo‘lmaslik hammaning ham qo‘lidan kelmasdi. Xayyom haqiqat izlovchilarning to‘rt toifasidan ismoiliylar (ta’limiylar) va mutakallimlar (ash’ariylar; ilohiyotchilar, kalom ilmi ahli)ni yoqtirmas, mutasavvuflarning ravishi uning hayot yo‘li va tafakkur tarziga to‘g‘ri kelmas, butun umrini ularning ta’sirida o‘tkazgan faylasuf mashshoiylar (ratsionalistlar)ning usuli ma’qul kelsa ham, uni qoniqtirmas edi. Xayyom o‘zining “Dar ilmi kulliyoti vujud” nomli falsafiy risolasida borliqni bilish va anglash maydonida kurashga tushgan kishilarni to‘rt toifaga ajratadi: mutakallimlar; faylasuflar va hakimlar; ismoiliylar va ta’limiylar; so‘fiylar. So‘ng ularning har birini qisqacha tavsiflab, ojiz va noqis jihatlarni ham ko‘rsatib o‘tadi. Ammo ularning ichidan tasavvuf ahlini eng afzal guruh sifatida e’tirof etib o‘tishni lozim topadi. Bu holat, biroz Muhammad G‘azzoliy hayotini eslatadi. Sunniylikning shofeiya mazhabida ulug‘ peshvolardan biri bo‘lgan G‘azzoliy boshida fiqh, so‘ng kalom ilmlarida zabardast ustozlik maqomiga erishadi, ammo oxir-oqibat barchasidan voz kechib, tasavvuf manzilida osoyishtalik topadi. “Bildimki, – deydi u, – barcha yo‘llar ichida eng to‘g‘ri yo‘l tasavvuf ahlining yo‘li, Xudoga eng yaqin insonlar esa so‘fiylar ekan”. Xayyom va G‘azzoliy, ta’bir joiz bo‘lsa, ikki qarama-qarshi qutbday. Xayyom – faylasuf-ratsionalist, mantiq ilmi bilimdoni, riyoziyotshunos, tabiiyotshunos va munajjim, qolaversa, inson erk-ixtiyorini kuylagan shoir. Vazir Nizomulmulkka o‘xshagan eng yaqin do‘stlari va homiylari shofeiy mazhabining yirik namoyandalari bo‘lishlariga qaramasdan, o‘zini hech qaysi bir mazhab doirasida cheklab qo‘ymagan. G‘azzoliy esa uning butunlay aksi: shofeiylik mazhabi va ash’ariylik ta’limotidan chetga chiqmagan, falsafaga zid borib, “Tahofat ul-falosifa” va “Maqosid ul-falosifa” nomli raddiya asarlar yozgan diniy ulamo va peshvolardan. Ammo, tasavvuf nuqtasiga yetganda, bu ikki qutb yaqinlashganday bo‘ladi…

Xayyom faylasuf bo‘lishi bilan birga ulug‘ munajjim ham edi. U bu sohaga yoshligidan qiziqib kelar, ustozi esa “Xayyom yulduzlar ilmida Qur’on oyatlarining tafsirini ko‘radi”, derdi. Nizomiy Aruziyning guvohlik berishicha, u ilmi nujum fanida tengsiz bo‘lsa-da, yulduzlarga qarab fol ochishga ishonmas edi. Xayyom folbin emas, yulduzshunos edi. Uning “Ziji Malikshohiy” asarining yaratilishida, ilk rasadxonaning qurilishida (afsuski, ushbu rasadxona noma’lum sabablarga ko‘ra nihoyasiga yetmadi. Oradan ikki yuz yilcha vaqt o‘tib, Xayyom va Nizomulmulk orzusini Mirzo Ulug‘bek ro‘yobga chiqardi) ko‘rsatgan faoliyati bunga yaqqol dalil bo‘la oladi. Shuningdek, Xayyomning ba’zi bir ruboiylarini klassik astronomiya va tabiiyot fanlarini yaxshi bilmasdan turib anglab bo‘lmaydi. Masalan:

Govest dar osmonu nomash Parvin,
Yak govi digar nuhufta dar zeri zamin.
Chashmi xiradat boz kun az ro‘yi yaqiyn,
Zeru zabari du gov mushte xar bin[7].

Mazmuni:

Osmonda bir ho‘kiz bor, uning nomi Parvin,
Yana bir ho‘kiz yerning ostida yashirin.
Aql ko‘zingni yaqiyn (qat’iy ishonch) bilan och:
Ikki ho‘kiz (osmon bilan yer) o‘rtasida bir to‘da eshakni ko‘r.

Xayyom haqida ma’lumot beradigan eng qadimiy manba Nizomiy Aruziy Samarqandiyning “Chahor maqola”sidir. Xayyom bilan zamondosh bo‘lgan Aruziy Samarqandiy mutafakkirni Marvda ko‘rgani, Sultonning u bilan ovga chiqqani haqida yozar ekan, uni “Hujjat ul-haq” unvoni bilan tilga oladi va nujum ilmidagi o‘rnini eslatib o‘tadi. Ammo Xayyomning shoirligi, uning yeru ko‘kni titratuvchi ruboiylari haqida lom-mim demaydi. Xayyomdan taxminan bir-ikki avlod keyinroq yashagan ilk tazkiranavis – Muhammad Avfiy Buxoriy ham o‘zining mashhur “Lubob ul-albob” asarida Xayyom haqida hech qanday ma’lumot bermaydi. Undan keyingi davrlarda Davlatshoh Samarqandiy tomonidan yaratilgan “Tazkirat ush-shuaro” asarida ham Xayyom shoirlar safidan joy olmagan. Nega? Xayyom shoir bo‘lmaganmi? Unda uning nomi bilan mashhur bo‘lgan ruboiylar kimniki?

Zamaxshariy, Nizomiy Aruziy va Bayhaqiylar yigitlik chog‘larida Xayyomni ko‘rganlar, u bilan uchrashganlar, ammo nahotki uning ruboiy yozishini bilmagan bo‘lsalar? Balki Xayyom ularga o‘z ruboiylaridan o‘qib ham bergandir, ammo yosh olimlar bu tagdor ma’noli ruboiylarni anglamagan yoki umuman e’tibor bermagan bo‘lishlari ham mumkinmi? Baribir tayinli bir nima deyish qiyin… Faqat shunisi aniqki, ilk marotaba mashhur mutafakkir – Faxriddin Roziy Xayyomning haqiqiy ruboiylaridan birini tilga oladi va shundan e’tiboran shoir Xayyom maydonga kirib keladi.

Maqolamiz avvalida keltirilganidek, Umar Xayyom shaxsi va uning ijodi borasida fikr-mulohazalar qarashlar turlicha. Xususan, diniy ulamolarimizdan Shayx Muhammad Yusuf Muhammad Solih o‘zlarining “Zikr ahlidan so‘rang” risolalarida Alloma Abu Nasr Mubashshir Taroziyning “Kashful Lison ar ruboiyyat Umarul Xayyom” asariga tayangan holda, Xayyom ruboiy yozmagan, balki unga nisbat berilgan ruboiylar botiniylar tomonidan yozilib, uning nomi bilan tarqatilgan, degan xulosaga keladilar.

Xayyom ruboiylarining sonini 100 dan 300 gacha va hatto undan ortiqroq ham deb hisoblashadi. Bu haqda fikrlar turlicha. Jumladan, Sodiq Hidoyat bu borada shunday deydi: “Xayyom ruboiylarining Sherozda 865 (h.q.) yili kitobat qilingan qo‘lyozma nusxasi 525 raqami ostida Oksforddagi Bodlen kutubxonasida saqlanadi. Ushbu nusxada bor-yo‘g‘i 157 ta ruboiy mavjud. Holbuki, Xayyomga mansub deb topilgan va Abu Said Abulxayr, Afzal Koshoniy va Mavlaviy kabi boshqa shoirlar va mutasavviflarning ruboiylari bilan adashtiriladigan ruboiylar bugungi kunda 500 tadan 750 taga yetadi”[8]. Nima bo‘lgan taqdirda ham, bir guruh olimlar taxminan 178 ta ruboiyni Xayyomning o‘ziniki deb hisoblashgan.

Sharq adabiyotida ruboiy janrida ijod qilgan shoirlar ko‘p. Ko‘pgina olimlar tomonidan ruboiy janrining ixtirochisi deb tan olingan fors-tojik mumtoz she’riyatining gultoji – Abu Abdulloh Ja’far bin Muhammad Rudakiy Samarqandiydan (858-941) tortib, Ibn Sino, Abu Said Abulxayr, Farididdin Attor, Mavlono Jaloliddin Rumiy, Abdurahmon Jomiy, Alisher Navoiy, Zahiriddin Muhammad Bobur, Mirzo Bedil, Soyib Tabriziy kabi ko‘plab shoirlar go‘zal ruboiylar bitganlar. Hatto ulardan ba’zilarining ruboiylarini bir joyga to‘plasa, alohida devon bo‘ladi.

Xayyom ruboiy janrini ham shakl, ham mazmun jihatidan yangi takomil bosqichiga olib chiqdi. Xayyom ijodini qiyosiy adabiyotshunoslik va tarjimashunoslik nuqtai nazaridan o‘rganib, ilk “Xayyomnoma”ni yaratgan taniqli o‘zbek olimi, ustoz Najmiddin Komilov aytganlaridek, “U Abu Nasr Forobiy, Ibn Sinolarning, Rudakiy va Firdavsiylarning, Abunuvos, Abula’lo al-Maarriylarning qarashlarini davom ettirdi va falsafiy she’riyatni gullatdi, ruboiy janrini eng baland cho‘qqiga ko‘tardi”[9].

Dunyoda Xayyom ruboiylarini o‘z ona tilida o‘qimagan biron-bir yuksak madaniyatli millat bo‘lmasa kerak. Bunda barcha olimlar bir ovozdan Yevropada Xayyomni mashhur qilgan ingliz adibi va tarjimoni Edvard Fitsjeraldning xizmatlarini alohida e’tirof qilishadi. Jumladan, Fitsjeralddan so‘ng Xayyom ruboiylarini katta qiziqish bilan tarjima qilgan yana bir ingliz olimi Artur Arberri bu haqda shunday deydi: “Umar Xayyomning baynalmilal shuhrati adabiyot tarixida g‘oyat nodir voqeadir. Chunki Edvard Fitsjerald uning asarlarini tarjima qilmaganda va bu tarjimalar kitobxonlar orasida shuhrat qozonmaganda, uni Eronda ma’lum doira vakillari, undan tashqarida esa bir guruh mutaxassislargina tanigan bo‘lardi, xolos”[10]. Haqiqatdan ham, Fitsjerald tarjimalaridan keyin Xayyom ruboiylari ketma-ket olmon, frantsuz, rus, italyan, ispan, chex, golland, portugal va boshqa tillarga tarjima qilinib, butun Yevropa bo‘ylab tarqaldi, u haqda maqolalar, tadqiqotlar yuzaga kela boshladi. Ammo, mana, o‘sha davrdan 154 yil o‘tdiki, Xayyom ruboiylarining shuhrat yulduzi haligacha so‘ngani yoki yana boshqa ko‘plab tillarga qayta-qayta tarjima qilish jarayoni to‘xtagani yo‘q.

Xayyom merosi o‘zbek xalqi uchun ham qadrli bo‘lib kelgan. Uzoq o‘tmishda uning ruboiylarini asliyatda o‘qib, bahra olingan. Yaqin o‘tmishda uning ruboiylaridan bir qismini ilk marotaba mashhur sharqshunos olimimiz Shoislom Shomuhamedov o‘zbek tiliga o‘girib, xalqimizga taqdim etdi. Sh.Shomuhamedov tarjimalari asliyatdan farqli o‘laroq, barmoq vaznida tarjima qilingan bo‘lsa-da, til va uslubining soddaligi, shu bilan birga jozibadorligi va ravonligi bilan e’tiborli. Boshqalar ham ba’zi bir namunalarni aruzda o‘girishga harakat qilishdi. Ayni chog‘da, uning barcha ruboiylarini aruz vaznida tarjima qilish zarurati bor. Xayyom mo‘jazgina she’r – ruboiyda Inson deb atalmish ashrafi maxluqotning kayhonlar va Kahkashonlarga sig‘maydigan siyrat va tiynatini butun jo‘g‘rofiy ko‘rinishlari bilan aks ettiradi. Jahonnamo ko‘zguda dunyoni aks ettirgandek, ko‘zaga dengizu daryoni sig‘dirgandek…

Xayyom taronalarining har bir misrasidan riyokorlik, zohirparastlik, soxtakorlik, fisq-fujur, zo‘ravonlik va zulm-sitamga chulg‘angan dunyoga nisbatan e’tiroz nidolari bong urib turadi. Xayyom ruboiylarining har bir navosida Inson ruhiyati va irodasining qudrati, salobati va matonati mavj uradi…

Xayyom aslida ko‘pi bilan ikki yuzta ruboiyga ham yetmaydigan “kichkina” she’riyati bilan ulug‘ falsafa – hayot falsafasini yaratdi. Alloma Taroziyning Xayyom bo‘sh vaqtlarida ko‘ngil yozish uchun she’r mashq qilib ko‘rgan bo‘lishi mumkin, lekin asosiy ishi shoirlik bo‘lmagan, degan fikrini ma’qullasa bo‘ladi. Chunki, haqiqatdan ham, manbalar shoir Xayyom haqida sukut saqlaydilar. Lekin faylasuf, ilohiyotchi, din ulamosi bo‘la turib ham ruboiy yozish mumkin-ku!

Oshiqlar ishq paymonasidan no‘shi may aylab farahmand bo‘lsalar, Xayyom falak jomidan may sipqorib mangu mustag‘riqdir.

 Ja’far Xolmo‘minov, falsafa fanlari nomzodi

“Jahon adabiyoti”, 2013 yil, 5-son

___________________

[1] Mavlono Jaloliddin Rumiy. Masnaviyi ma’naviy. 3/120-1269.

[2] Xeyyom-e Sodeq. Majmu’e-ye osor-e Sodeq Hedoyat dar bore-ye Xeyyom. Mo‘qaddeme va gerdovari-ye Jahongir Hedoyat.– Tehron:Nashr-e cheshme, 1384. – S.25.

[3] Mehdiy Aminrazaviy. Sahbo-ye xerad. Sharh-e ahvol va osor-e Hakim Umar-e Xeyyom-e Neshopuriy. – Tehron: “So‘xan”, 1385. – S.33.

[4] Mehdiy Aminrazaviy. Sahbo-ye xerad. – S.36.

[5] Safadiy. Al-vofiy bil-vofiyot. – Stanbul, 1964. – S.142.

[6] Hoqoniy yozishmalari. – S.7; 333. Qarang: Alirizo Zakovatiy Qorago‘zlu. Xayyom qarashlariga oid mulohazalar. // “Sino”, 2011, bahor-yoz. №41-42. – B.85.

[7] Umar Xayyom Nishopuriy. Ruboiyot. Muhammadali Furo‘g‘iy va Qosim G‘aniy muqaddimasi va izohlari bilan. – Tehron: “Ketob-e fo‘ruzon”, 1362 (1983). – S. 107.

[8] Xayyom-e Sodeq. – S. 32.

[9] Najmiddin Komilov. Tafakkur karvonlari. – T.: “Ma’naviyat”, 1999. – B. 184.

[10] Omar Khajjam: A Nev Wersion Based upon Recent Dikoweries By Artur J. Arberry. London, 1956.John Murray albemarie Street.7.