Eshqobil Shukur. So‘zdan so‘zning farqi bor…

“Yozuq”ning yozug‘i ne?

O‘zaro muomalada yoki badiiy asarlarimizda “Yozug‘i ne edi?”, degan iboraga duch kelsak, ba’zan uni “Manglayidagi yozuvi ne edi”, degan ma’noda ham tushunamiz.

Xo‘sh, “yozuq”(“yazuq”) so‘zining o‘zagi “yoz”(“yaz”) qanday ma’noni bildiradi?

“Qadimgi turkiy til” kitobida izohlanishicha, qadimda “yaz” so‘zi “yomonlik qil”, degan ma’noni anglatgan. “Yozuq” so‘zi esa,“gunoh” ma’nosini bildirgan.

“Yozyovon”dagi “yoz”

Farg‘onada “Yozyovon”, degan joy bor? Xo‘sh, “yozuq” so‘zidagi “yoz” “yomonlik qil”, degan ma’noni bildirsa, “Yozyovon”dagi “yoz” qanday mazmunni anglatadi?

“Yozyovon”dagi “yovon” aslida “yobon” bo‘lib, uning ma’nosi “dala, dasht”, degani. Endi bu so‘zdagi “yoz”(yaz) so‘zi haqida to‘xtalsak,. Qadimda “yazы” so‘zi ham “cho‘l, dala” degan ma’noni anglatgan. U holda “Yozyovon”da bir xil ma’nodagi ikkita so‘z qaytarilganmikan? Ehtimol, “Yozyovon” — “dashtu dala”, deganidir. Chunki “dasht” bilan “dala”ning farqi bor. Dasht yovvoyi, dala esa, madaniylashgan ma’nosida. So‘zning ma’nosini izlasang fikr kelaveradi-da. Yovvoyilikning o‘zi tabiiylik emasmi? Deylik, yovvoyi o‘t tabiiy ko‘kargan o‘t-ku. Nega biz tabiiy narsani yovvoyi deb ataymiz? Endi bu boshqa mavzu.

Sahrodagi “yovvoyi”

Odam o‘z qo‘liga kirmagan, o‘z tasarrufida bo‘lmagan, o‘zi egallamagan narsalarni o‘ziga begona, yot, yov, yovvoyi deb bilgan. Deylik piyozpoyadan ko‘kargan tabiiy o‘tni “begona o‘t”, deymiz. Balki bu yerda ko‘kargan piyoz begonadir. Ezop aytganiday, dehqon yerga qadagan urug‘ yer uchun o‘gay farzand, tabiiy ko‘kargan o‘t esa asl farzand, ehtimol.

Xo‘sh, umumiy ma’nosi “qo‘lga o‘rgatilmagan”, “inson qo‘li bilan bunyod etilmagan”, deb izohlangan “yovvoyi” so‘zining asl mazmuni nima?

O‘zbek tilining etimologik lug‘atida izohlanishicha, “bu sifat qadimgi turkiy tildagi “sahro” ma’nosini anglatgan “yaba” otidan –yы qo‘shimchasining qo‘shilishi bilan yasalgan bo‘lib, asli “o‘z-o‘zicha yashaydigan, o‘z-o‘zicha o‘sadigan”, degan ma’noni anglatgan”.

Shundan xulosa qilib aytishimiz mumkinki, “yovvoyi”ning tub ma’nosi “sahroyi” bo‘ladi.

Qo‘shimcha sifatida: “yaba” so‘zi “sahro” ma’nosini anglatsa, “Yozyovon”dagi “yobon” ham “sahro” mazmunidadir, ehtimol.

“Tirik” nimasi bilan tirik?

Har kuni qayta-qayta ishlatadiganimiz “tirik” so‘zi hamisha tirik va tetik. Mahmud Qoshg‘ariy izohiga ko‘ra, “tir” so‘zi asli “yasha” degan ma’noni anglatadi. Demak, “tirik” so‘zi ham aynan shu “tir” so‘zidan kelib chiqqan. O‘z-o‘zidan ayonki, tirik yashashi bilan tirik.

Kesilgan “kesak”

“Kesak” so‘zi ham o‘z ildizi haqida o‘zi aytib turibdi. U “kes” so‘zidan hosil bo‘lgan va qadimgi davrlarda “kesak” “kes” deb ishlatilib, unga -ak qo‘shimchasi keyin qo‘shilgan. Hozir tilimizdagi “kesakladi” fe’li ham “kesladi” shaklida bo‘lgan. Umuman, “kesak” quritilgan loyning bo‘lagi, kesilgan qismi mazmunini bildiradi. Koshg‘ariy izohiga ko‘ra, qadimda har narsaning bo‘lagi, parchasiga ham “kesak” deyilgan. “Kesak neng” — narsaning bo‘lagi. Hozirgi tilimizda bu so‘zning faqat yerdagi kesak mazmunidagi ma’nosi saqlanib qolgan.

Mashrabning “O‘rtar”i

Boborahim Mashrabning “o‘rtar” radifli g‘azali mashhur. Bu g‘azalning qo‘shig‘ini xirgoyi qilmagan kishi kam topiladi.

Agar oshiqlig‘im aytsam, kuyib jonim, jahon o‘rtar,

Bu ishq sirrin bayon etsam, yurak-bag‘rim chunon o‘rtar.

Gap shundaki, shoir g‘azalda “o‘rtar” so‘zini shu qadar mahorat bilan ishlatganki, har bir baytda bu so‘z tub ildizi bilan to‘liq namoyon bo‘lgan.

Qadimgi tilimizda “o‘rt” so‘zi “yong‘in” ma’nosini anglatgan. “O‘rtar” so‘zi ham shundan kelib chiqqan.

Qiltiriq

Biz, odatda, qiltiriq deganda nihoyatda ozg‘in, juda oriq, degan ma’noni tushunamiz. Holbuki, “qiltiriq” co‘zining tub ma’noci don qobig‘i uchidagi ingichka uzun qilcha, demakdir. O‘zbek tilining etimologik lug‘atida izohlanishicha, bu co‘z qadimda ham shunday ma’noni anglatgan.

O‘ylab qaracangiz, bu cifat juda ozg‘in odamga nicbatan bekorga ko‘chmagan. Haqiqatan ham, don qobig‘i uchidagi qilcha nihoyatda ingichka bo‘ladi. Bu cifatning odamga ko‘chishi uchun kuzatuvlar, qancha tarixlar kerak bo‘lgan.

“O‘shakchi” ushoqchimi?

“O‘shakchi” degan co‘z menga bolalik yillarimdan tanish. Qishlog‘imizda chaqimchi, mayda gap, gap tashuvchi odamlarni “o‘shakchi” deyishardi. Lekin chaqimchilarni nega “o‘shakchi” deyishlarini hech tushunolmaganman. Hozir ham janubiy viloyatlarimizda bu co‘z ko‘p qo‘llanadi.

Mahmud Koshg‘ariyning “Devoni” indekcida “ushoq” co‘ziga shunday izoh beriladi:

Ushaq I. — kichik, mayda.

Ushaq II. — chaqimchilik, malomat.

Darhaqiqat, chaqimchilik ham mayda gaplar bilan mashg‘ul bo‘lishdir. Chaqimchilik maydakashlik, degan ma’noda “ushaq” co‘zi bilan ifodalangan bo‘lishi mumkin.

“Yukcak”dagi pat

Qizig‘i shundaki, “yukcak” co‘zidagi “yuk” co‘zi “qush pati”, degan ma’noni anglatar ekan. Koshg‘ariy bu co‘zni shunday izohlagan. Ayni shu “yuk” co‘ziga “-cak” qo‘shimchaci qo‘shilib, “yukcak” co‘zi hocil bo‘lgan. G‘alati-ya… Bittagina co‘zning mantiqiy ildizlari ham qancha kechmishlarga borib taqaladi.

Beshik kertti

Yaqin o‘tmishgacha bizda beshik kertti, degan udum bo‘lgan. Bu udumga ko‘ra qiz bolani chaqaloqligidayoq kimgadir unashtirib qo‘yishgan. Ba’zi viloyatlarimizda bu udum “qulog‘ini tishlatti”, deb ataladi.

Xo‘sh, “beshik kertti” iboracidagi “kertti” co‘zining ma’noci nima? Mahmud Koshg‘ariy izohiga ko‘ra “kertik” co‘zi belgi degan mazmunda keladi. “Kertti” eca, “kecilgan, o‘yiq” deb izohlangan.

Umuman, bu ibora “beshigida belgili qildi”, degan ma’noni anglatadi.

Kaftda avaylamoq

Ayamoq. Tilimizda “avaylamoq” ma’nisini anglatgan “ayadi”, degan fe’l bor. Bu fe’lning o‘zagi “aya” so‘zidir. Shuningdek, qadimdan tilimizda “kaft” ma’nosini bildirgan “oya”, “aya” so‘zlari bor. Bir qarashda avaylash ma’nosidagi “aya” fe’li bilan “kaft” ma’nosidagi “aya” so‘zi shaklan bir xilu, mazmunan har xilday tuyuladi. Lekin qo‘lda ko‘tarib ardoqlashni qadimda “qo‘limning oynasida tutdim”, deb ham ifodalashgan. Avaylash bilan kaftda tutish mazmunan bir-biriga yaqin. Shundan kelib chiqib, “kaft” ma’nisidagi “aya” so‘zi bilan “avayla” ma’nosidagi “aya” so‘zi tub ildizi bir xil, deb faraz qilish mumkin. Shuningdek, “aya” so‘zini “taqdirlamoq” “ato qilmoq”, “ta’riflamoq” kabi ma’nolari ham borligi manbalarda ta’kidlangan.

Tegirmonning tegrasi

Tilimizdagi g‘allani un, sholini oqlab guruch qilib beradigan qurilma nomini anglatgan “tegirmon” so‘zi “O‘zbek tilining etimologik lug‘ati”da izohlanishicha, asli “aynan” ma’nosidagi “tegir” so‘zidan kelib chiqqan.

Bu qadimgi so‘z hozir ham tilimizda “aylana” mazmunidagi “tegra” shaklida saqlanib qolgan. “Tevarak” so‘zi ham shundan kelib chiqqan. Demak, “tegirmon” so‘zi “tegra”, “tevarak”, “to‘garak” so‘zlari bilan bir-biriga aloqador so‘zlardir.