Musulmon Sharqida mashhur tariqat piri, xojagon-naqshbandiya silsilasining asoschisi Xoja Abdulxoliq G‘ijduvoniy 1103 yili Buxoro viloyatining G‘ijduvon tumanida tug‘ilgan. Manbalarning guvohlik berishicha, uning otasi Imom Abduljamil Haqqa yaqin kishi edi. Imom Molik avlodidan bo‘lgan bu najib inson o‘z davrining ulug‘ donishmandlaridan bo‘lib, zohiriy va botiniy ilmlarda dong taratgan. Abdulxoliqning otasi ham, onasi ham Rum podshohlarining avlodlaridan bo‘lib, taqdir taqozosiga ko‘ra G‘ijduvonga kelib qoladilar.
Abdulxoliq boshlang‘ich ta’limni G‘ijduvonda olib, 9 yoshidayoq Qur’oni Karimni yod bilgan, 10 yoshidan boshlab darveshlarning zikr tushishlarida faol ishtirok etgan. Keyin tahsilni Buxoro shahrining mashhur madrasalarida davom ettiradi. Bu yerda u Imom Sadriddin degan zamonasining yetuk allomasidan tafsir ilmini mukammal o‘rganadi. Bir kuni u o‘z ustozidan xufiya zikr (yashirin zikr, dil zikri) haqida so‘raydi. Ustozi unga bu ilohiy ilm bo‘lib, uni Xudoning o‘zi xohlagan bandalariga o‘rgatishini aytadi. Bu suhbatdan bir necha muddat o‘tgach, Xizr alayhissalom kelib, Abdulxoliq G‘ijduvoniyga xufiya zikrdan ta’lim beradi va uni farzandlikka qabul qiladi.
Abdulxoliq 22 yoshida Buxoroga kelgan o‘sha davrning dongdor shayxi Xoja Yusuf Hamadoniy (1048 — 1140) bilan uchrashib, unga shogird tushadi. Xojai Xizr uning saboq piri bo‘lsa, Xoja Yusuf suhbat va xirqa piriga aylanadi. Abdulxoliq G‘ijduvoniydan tashqari, Xoja Abdulloh Barraqiy, Xoja Hasan Andoqiy, Xoja Ahmad Yassaviy kabi islom olami va tariqat tarixida mashhur shayxlar ham Yusuf Hamadoniyning shogirdlari hisoblanadilar. Yusuf Hamadoniyning iste’dodi va maqomi qanchalik ulug‘ bo‘lganligini 17 ta muridi komil avliyo darajasiga yetgani, Sharq xalqlari hayotida muhim o‘rin tutgan yassaviya va xojagon-naqshbandiya tariqatlarining asoschilari bevosita uning izdoshlari ekanligidan ham bilsa bo‘ladi. Abdulxoliq G‘ijduvoniy ustozi Xoja Yusuf Hamadoniy Hurosonga qaytib ketguniga qadar u buyuk zotning xizmat-mulozamatida bo‘lib, xojagon tariqatining usullarini mukammal egallaydi (xojagon tariqatini garchand Xoja Abdulxoliq asoslagan bo‘lsa-da, uning ilk urug‘lari Xoja Yusuf tomonidan tashlangan) va ko‘p o‘tmay o‘zi ham yirik tasavvuf olimiga aylanadi.
Xoja Abdulxoliq G‘ijduvoniyning tasavvuf tarixidagi buyuk xizmati yangi bir tariqatga asos solgani bilangina belgilanmaydi. Xojagon tariqati vositasida u umuman tariqatni Muhammad payg‘ambar sunnatiga muvofiqlashtirdi, uni turli bid’atlar va botil qarashlardan tozaladi. Shariatga amal qilish, undan chekinmaslikni asosiy qoidaga aylantirdi. Tarkidunyochilik, xilvatni rad etib, jamoat bilan birga bo‘lishni shart qilib qo‘ydi. Olloh muhabbati deb dunyodan kechmaslikka da’vat qildi. Luqma halolligi — har kim o‘z mehnati bilan kun ko‘rishi zarurligini tariqatning asosiy talabi qilib belgiladi. Bu tariqat taqvo deb haddan oshishni ma’qullamaydi. Axloq masalasi qat’iy qilib qo‘yildi. Bularning barchasi tasavvuf taraqqiyotida muhim ahamiyatga ega bo‘ldi. Bahouddin Naqshbandga nisbat berib mashhur bo‘lgan “Dil ba yoru dast ba kor!” — “Ko‘ngling yordayu qo‘ling ishda bo‘lsin!” shiori ham g‘oya sifatida dastlab Abdulxoliq G‘ijduvoniy tomonidan ilgari surilganligi bejiz emas. Abdulxoliq G‘ijduvoniy ruhidan tarbiya topgan va naqshbandiya silsilasiga asos solgan Xoja Bahouddin Naqshband bu shiorni o‘z tariqatining asosiy qoidasi qilib olgan (Voqean, naqshbandiyaning o‘zi ham xojagon silsilasidan o‘sib chiqqan bo‘lib, xojagon-naqshbandiya deb yuritiladi va Abdulxoliq G‘ijduvoniy uning boshlovchisi (sarhalqai silsila) hisoblanadi). Xojagon-naqshbandiyaning real hayotiy shart-sharoitlar, insonning mavjud imkoniyatlariga asoslanganligi uning hamma zamonlar va barcha tabaqalar talabiga javob beradigan zamini mustahkam tariqat ekanligidan dalolat beradi. Shariat andozasiga solingan, bid’at va nuqsonlardan xoli Abdulxoliq G‘ijduvoniy yo‘lining asrlar davomida tariqatda hujjat va barcha guruhlarda maqbul, deb e’tirof etib kelinayotgani va Turkiston, Eron, Afg‘oniston, Hindiston, Turkiya, Iroq, hatto Shimoliy Afrikada keng tarqalgan xojagon-naqshbandiya tariqatining hozirgi kunda ham dunyoning ko‘pgina mamlakatlarida faoliyat ko‘rsatayotganligining sabablari shunda.
Xojagon tariqatida, shuningdek, xufiya zikr asos qilib olingan. Zero, samo’ majlislarida raqsu qo‘shiq aralash amalga oshiriladigan jahriy zikr tushishlar, xonaqohlarni boshga ko‘tarib g‘avg‘o qilishlar islom ahkomlariga zid edi. Shuning uchun ham Xoja Abdulxoliqdan samo’ga munosabatini so‘raganlarida biz uni inkor etmaymiz, shu bilan birga, bu ishni qilmaymiz ham, deb javob bergan.
Ma’lumki, she’r va musiqa inson ruhiyatiga kuchli ta’sir etadi. Buni payqagan so‘fiylar samo’ (arabcha: eshitish) majlislari uyushtirib, qo‘shiq va raqs bazmini tashkil qilganlar. Bunda avval notiq o‘rtaga tushib, tasavvufiy mazmundagi ruboiylarni qiroat bilan o‘qigan. Keyin xushovoz hofizlar o‘sha ruboiylarni musiqa jo‘rligida qo‘shiq qilib kuylashgan. Shunday jo‘shu xurush holatida samo’ jarayoni boshlanib, sekin-asta vajdu hol bilan almashgan. Yig‘ilganlar bir necha soat davom etgan jo‘shqin va hayajonli kayfiyatda, jazava va ko‘tarinki holatda zikr tushganlar. Bu solikning ruhga kirishi — o‘zini unutib, hol maqomini egallash jarayonini tezlashtirgan. Xususan, sukra — behudlik maslagining tarafdori bo‘lgan so‘fiylar bunga katta e’tibor berganlar. Oriflar sultoni nomi bilan mashhur Shayx Abusaid Abulxayr samo’ majlisining asoschilaridan biri hisoblanadi. Jaloliddin Rumiy asos solgan mavlaviya tariqatida ham zikru samo’ mavjud. Yassaviy izdoshlaridan Qashqadaryo vohasida yashab o‘tgan Hazrati Bashir tariqatida ham samo’ asosiy o‘rin tutgan. Lekin ko‘pgina tariqat pirlari, jumladan, Abdulxoliq G‘ijduvoniy ham samo’ni xush ko‘rishmagan. U o‘z “Vasiyatnoma”sida bu haqda shunday nasihat qiladi:
“Samo’ni ko‘p etmag‘ilkim, andin nifoq paydo bo‘lib, ul vaqtda samo’ dilni o‘ldiradi, magar senga ani his etish salohiyati berilmag‘on bo‘lsa (samo’ni ashobi ko‘p turib, alar orasidan samo’ga amal qilg‘uvchi odam topiladur, balki alarning ehtirosi bo‘lsa, ya’ni itoat etmasa), zikr tinglamoq gunohdir. Mabodo yuraging xotirjam tortsa, sening nigohing (ma’naviy) tarqab ketmaydur”.
Tasavvufga oid adabiyotlar va tazkiralarda uning samo’ bilan bog‘liq quyidagi ikki ruboiysi keltiriladi:
Ey pok so‘fiy, qilsang agar mayli samo’,
Bil, keltiradi samo’ nifoq birla nizo.
Bas, pok bo‘layin, desang, samo’ni tark et,
Yoinki, diling hayotiga ayla vido’.
Mayl etma samo’ga, qilmagin ham inkor,
Sen tanla shu yo‘lni, bo‘lsa ko‘ngling bedor.
Nafsing hali o‘lmay, seni qilsa bezor,
Qil ro‘za-namoz, boshqasidan kech zinhor.
Abdulxoliq G‘ijduvoniy ustozi Yusuf Hamadoniy ta’limotini har tomonlama kengaytirib va chuqurlashtirib, xojagon tariqatining 8 rashha-qoidasini ishlab chiqdi (Keyingi tadqiqotlarning guvohlik berishicha, bu rashhalarning dastlabki to‘rttasi Yusuf Hamadoniyga tegishli). O‘tgan 9 asr mobaynida bu rashhalar sharhida ko‘plab katta-kichik tadqiqotlar yaratilgan. Biz bu yerda ularning mazmunini bir og‘iz so‘z bilan eng sodda usulda aytib o‘tamiz, xolos.
1. Xush dar dam — har bir nafas ogohlik yuzasidan bo‘lib, g‘aflatga yo‘l qo‘ymaslik. Boshqacha aytganda, fikru xayolni bir yerga to‘plab, yolg‘iz Ollohga qaratish. Shundagina u huzur bag‘ishlaydi.
2. Nazar bar qadam — o‘z xatti-harakatini muttasil nazorat qilish, noto‘g‘ri qadam, nojo‘ya nazardan saqlanish.
3. Safar dar vatan — botinda sayr: o‘zlikni anglash, qusurlardan qutulib, fazilatlar kasb etish.
4. Xalvat dar anjuman — zohirda xalq, botinda Haq bilan birga bo‘lish.
5. Yodkard — yodlash, zikr etish: Ollohni yod etib, boshqa narsalardan ko‘ngil uzish.
6. Bozgasht — yangidan boshlash, takrorlash. Kalimai tayyiba til va dil bilan aytilib: “Hudovando, mening maqsudim sensan” jumlasi zikr etiladi. Bundan maqsad — Ollohdan boshqa yaxshi-yomon fikrlardan xalos bo‘lish.
7. Nigohdosht — fikrni Olloh yodi bilan muqim saqlash, xayolga o‘zga narsalarni keltirmay, tashqi muhitdan uzilishga intilish.
8. Yoddosht — har lahza Haqdan boxabar bo‘lish. Bunda Olloh muhabbati ko‘ngilni batamom qamrab olib, boshqa hech narsaga o‘rin qoldirmaydi.
Yusuf Hamadoniy va Abdulxoliq G‘ijduvoniylar tomonidan asoslab berilgan bu 8 rashhaga Bahouddin Naqshband yana 3 rashha qo‘shib, ularning adadini 11 taga yetkazadi.
9. Vuqufi zamoniy — muayyan muddatda to‘xtab, o‘zini o‘zi tekshirish, o‘z holidan ogoh bo‘lish.
10. Vuqufi adadiy — diqqatni bir yerga jamlash, parishon xayollardan xalos bo‘lish maqsadida zikr hisobini aniqlash uchun to‘xtash.
11. Vuqufi qalbiy — ko‘ngil ogohligi: qalb ahvolini bilish uchun to‘xtash. Bu zikrning eng yuqori maqomi bo‘lib, shuhud va vusul martabasiga erishiladi.
Bu 11 rashha xojagon-naqshbandiya tariqatining tamali bo‘lib xizmat qilgan.
Xojalar ahlining xojasi Abdulxoliq G‘ijduvoniy 1179 yili 76 yoshida vafot etgan. U volidai muhtaramasining oyoq tomonida dafn qilingan. Qabri G‘ijduvon shahrida tabarruk ziyoratgoh hisoblanadi.
Xoja Abdulxoliq G‘ijduvoniy tasavvuf olamida mashhur ko‘plab shogirdlar tarbiyalab yetishtirgan. Uning vafotidan keyin xojagon tariqati Xoja Orif Revgariy (Mohitobon), Xoja Mahmud Anjir Fag‘naviy, Xoja Ali Romitaniy, Xoja Muhammad Boboyi Samosiy, Xoja Sayyid Mir Kulol Buxoriy, Xoja Bahouddin Naqshband kabi o‘z zamonasining dongdor shayxlari tomonidan davom ettirilgan va keng shuhrat qozongan.
Abdulxoliq G‘ijduvoniy o‘z ta’limotini va’zlari orqali targ‘ib qilish bilan kifoyalanmay, bir qator risolalar ham yozgan. “Odobi tariqat” (“Tariqat odobi”), “Risolai sohibiya” (“Do‘stlik risolasi”), “Az guftori Xoja Abdulxoliq G‘ijduvoniy” (“Xoja Abdulxoliq G‘ijduvoniyning ba’zi so‘zlari”), “Risolai shayx ush-shuyux Hazrati Yusuf Hamadoniy” (“Shayxlar shayxi Hazrati Yusuf Hamadoniy risolasi”) asarlari shular jumlasidandir.
Abdulxoliq G‘ijduvoniy tasavvufiy risolalaridan tashqari, go‘zal so‘fiyona ruboiylar ijodkori sifatida ham ma’lum va mashhur. Lekin shayx-shoirning badiiy ijod namunalari bizgacha to‘liq yetib kelmagan. Biz turli adabiy va tasavvufiy manbalardan uning 12 ta ruboiysini aniqladik. Mazkur ruboiylar yetuk tariqat pirining she’riy salohiyati ham baland bo‘lganligidan dalolat beradi. Chunonchi:
Gar dar dilat az kase shikoyat boshad,
Dardi dili tu az o‘ bag‘oyat boshad.
Zinhor ba intiqom mashg‘ul mashav,
Badro badii xesh kifoyat boshad.
Gar bir kishidan dilda shikoyat bo‘lgay,
Dil og‘rig‘i undan benihoyat bo‘lgay.
Hech o‘ylama intiqom olishni, chunki
Yomonga yomonligi kifoyat bo‘lgay.
Bu ruboiy ham pand-nasihat, ham falsafiy, ham diniy mazmunga ega. Pand-nasihatligi shundaki, biror kishi sening ko‘nglingni og‘ritsa, bundan behad iztirob cheksang-da, sira undan o‘ch olishni o‘ylama, zero, yomonga yomonligining o‘zi yetarli jazodir, deyilmoqda. Falsafiy mazmuni esa quyidagicha: yomonning yomon bo‘lib yaratilganligining o‘zi unga bir umrlik jazodir. Harchand urinma, sen unga bundan ortiq jazo berolmaysan. Diniy ma’nosi: yaxshilik ham, yomonlik ham Xudodan. Yomon yomonligiga borib, o‘z haddini bilmay seni ranjitibdimi, sen yaxshi bo‘lsang, yaxshiligingcha qol-da, unga teng bo‘lma — yomonlikka yomonlik qaytarishni o‘ylama. Bu ikki jihatdan o‘zini oqlamaydi: avvalo, sen ham yomonga teng bo‘lasan, qolaversa, ilohiy amrlarga qarshi borasan. To‘rtinchidan, mo‘min kishida kek-adovat bo‘lmasligi kerak, o‘ch olish bu — shaytonning ishi. Binobarin, birovdan o‘ch olishga chog‘langan odam bir lahza bo‘lsa-da, shaytonning vasvasasiga uchgan bo‘ladi. Shayton vasvasasiga uchish esa iymonning sustligidan darak beradi. Beshinchidan, xalq orasida yaxshilikka yaxshilik — hammaning ishi, yomonlikka yaxshilik — mard kishining ishi degan ulug‘ bir hikmat asrlar davomida yashab keladi. Demak, yomonlikka yomonlik bilan javob bergan kishining oddiy odamlardan farqi yo‘q, u olihimmatlilikni da’vo qilmasa ham, o‘zini barkamol inson deb hisoblamasa ham bo‘ladi. Va, nihoyat, oltinchidan, ruboiyning asl mazmun-mohiyati shundaki, yomonlikka yomonlik qaytarishni o‘ylagan kishi tom ma’nodagi yaxshi odam emas, uning tabiatida qaysidir darajada yomonlik urug‘lari mavjud va birovning yomonligi bahonasida u yuzaga qalqib chiqayapti.
Ko‘rinib turibdiki, birgina ruboiy bir necha talqinlarga asos berayapti. Bu uning badiiy yuksakligi, mazmunining chuqur va serqirraligidan. Ayni paytda, ruboiy juda sodda va ravon bir uslubda yozilgan. Uning mazmunini tushunishda sira qiynalmaysiz. Buyuk so‘z ustalari teran fikrni hamisha ana shunday sodda usulda ifodalaydilar. Donishmandlikning oliy ko‘rinishi bu.
Shayx-shoir bir necha ruboiylarida ishq mavzuini ham hassoslik bilan qalamga olgan. Bu ruboiylar, o‘z badiiy quvvatiga ko‘ra, ishqu muhabbat kuychilari bo‘lgan otashnafas shoirlarning she’rlaridan qolishmaydi. Uning ishqiy mavzudagi ruboiylari o‘z-o‘zidan ilohiy mahbubaga bag‘ishlangan. Olloh shunday bir ulug‘ zotki, uning nomidanoq ko‘ngillarda ishq uyg‘onadi. Undan kelgan har bir nomayu xabar ishqqa limmo-lim. Haq yo‘liga kirgan kishi borki, bir umrga oshiq bo‘lib qoladi, zero, ilohiy dargohga olib boradigan ko‘chaning har bir eshigu tomidan ishq yog‘iladi. Quyidagi ruboiy shu haqda:
Bir yorki, uning nomidan ishq yog‘iladi,
Har nomayu payg‘omidan ishq yog‘iladi.
Kim ko‘chasidan o‘tsa — u oshiq bo‘ladi,
Go‘yo eshigu tomidan ishq yog‘iladi.
Sharq so‘z ustalari ijodida o‘z iste’dodiyu salohiyatidan, shon-shuhratidan iftixor qilib yozilgan she’rlar va alohida baytlar ko‘pchilikni tashkil etadi. Bunday she’rlar faxriya deb ataladi. Buyuk tariqat pirining quyidagi ruboiysi ham ana shu faxriya usulida yaratilgan: tug‘ilgan joyimiz G‘ijduvon degan bir tog‘ning etagi bo‘lsa-da, bugungi kunga kelib hatto Rum (o‘rta asrlarda hozirgi Kichik Osiyo (Vizantiya) va Gretsiya yerlari shunday atalgan) ham bizning qalamravimizda (ya’ni bizning iste’dod va salohiyatimizga tan berib, qoyil qolgan):
Bar do‘st muborakemu bar dushman shum,
Dar jang chu ohanemu dar sulh chu mum.
Andar tahi ko‘hi G‘ijduvon manzili most,
Shamshiri duro‘ya mezanem to dari Rum.
Biz do‘stga muborakmizu dushmanga-chi — shum,
Jang chog‘ida temirmizu sulh onida mum.
G‘ijduvon tog‘i etagi bizga makon,
Lek hukmimiz ostida erur hattoki Rum.
Bu fikrlarda sira mubolag‘a yo‘q. Alisher Navoiyning “Nasoyim ul-muhabbat” asarida yozilishicha: “… alarning valoyati ul yerga yettiki, har vaqt namozda Ka’baga borurlar erdi. Alarning valoyati ko‘p erdi va Shomda alarg‘a muridlar paydo bo‘ldilar…”.
Ma’lum bo‘ladiki, Xoja Abdulxoliq G‘ijduvoniy qalamiga mansub ruboiylarni tasavvuf shayxining o‘z g‘oyalari talqiniga bag‘ishlangan so‘fiyona ruboiylari sifatida emas, balki so‘z san’atining badiiy barkamol durdonalari tarzida ham o‘rganish mumkin. Chunki bu ruboiylarda tasavvuf ta’limotining nazariy qoidalari ifodasidan ko‘ra ko‘proq ishqu insoniylik tarannumini ko‘ramiz. Binobarin, shayx-shoirning adabiy merosi to‘la topilsa, u o‘zbek mumtoz adabiyoti xazinasiga munosib hissa bo‘lib qo‘shilishi shubhasiz.
Ergash Ochilov, filologiya fanlari nomzodi
«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2003 yil 30-sonidan olindi.