Sharq va G‘arb adabiyoti hamda tillarini qiyosiy o‘rganish avjiga chiqqan yillarda mashhur sharqshunos T.Benfey “Orient uni Occident” deb nomlangan davriy jurnal chiqara boshladi. Bu nashr Sharq va g‘arb adabiyoti, tillarini hamda madaniy aloqalarini tahlil qilishni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘ygan edi. Shuning uchun jurnal sayyor syujetlar deb ataladigan adabiy hodisani o‘rganish va uning g‘arb adabiyotidagi o‘xshash syujetlarini izlab topishga asosiy diqqatini qaratdi. Jurnalda e’lon qilingan materiallarning katta qismi hozirgi kunda bir qadar eskirib, ilmiy qimmatini yo‘qotib bo‘ldi. Shunga qaramasdan bu to‘plamlarda bugungi sharqshunoslar uchun ham ahamiyatli jihatlar mavjud.
Markaziy Osiyo adabiyotlari tarixini o‘rganishda Benfeyning o‘zi 1866 yilda shu jurnalda e’lon qilgan kichik bir tadqiqot nihoyatda muhimdir.
(Jg III,H, 2,s./257-288 betlar).
U “Ko‘hna xristian” fors romani: Sarandib shohining uch o‘g‘li sarguzashtlari”[1] deb nomlanadi. Maqolada “Sarapdib shohining uch yosh o‘g‘li sarguzashtlari. Armani Xristoforning fors tilidan italyan tiliga tarjimasi. Venetsiyalik Mikele Tramezzino tomonidan 1557 yilda qayta hikoya qilingan” deb nomlangan nihoyatda qimmatli bir kitob haqida ma’lumot beriladi. Mazkur kitob Ovrupoliklar tomonidan iliq kutib olingan bo‘lsa kerak, chunki 27 yildan so‘ng 1584 yilda u ikkinchi marta qayta nashr etiladi. So‘ngra u 1611, 1622 va 1628 yillarda yana chop etilgan. Shu kitob nemis tiliga tarjima qilingan va muqovasiga “Sarandib shohi Ja’far va uch o‘g‘li sarguzashtlarining qiziqarli bayoni, italyan tilidan nemis tiliga Bazel shahri fuqarosi Iogann Vettsler tomonidan tarjima qilindi. Bazel shahrida 1583 yilda bosilib chiqdi” deb yozilgan yangi tarjima matniga asos bo‘lgan.
Nemischa matn 16 yildan so‘ng 1599 yilda ikkinchi bor chop etilgan, so‘ngra 1630 va 1723 yillarda Leyptsig shahrida qayta bosilgan.
1719 yilda kitobning frantsuz, 1766 yilda golland tilidagi tarjimalari e’lon qilindi. Shunday qilib, 209 yil ichida bu kitob 11 marta qayta nashr etildi, jumladan 4 marta XVI asrda, 4 marta XVII asrda va 3 marta XVIII asrda.
Shuningdek, kitob 1577 yilda Venetsiyada, 1828 yilda Turinda italyan tilida qayta nashr etilgan, frantsuzcha tarjimasi Amsterdamda, 1721 va 1722 yillarda qayta chop etilgan. Ingliz tilida 1722 yilda bosilib chiqqan. Shunday qilib, kitob Ovrupoda 15 marta nashrdan chiqqan. (D.Braun izohi.) Bu davrda Ovrupoda kitob chiqarish yaxshi taraqqiy etmagani va uning soni haqida fikr yuritsak, tarjimalar va qayta chop etishlar mazkur kitob ovrupoliklarda nihoyatda katta qiziqish uyg‘otganini ko‘rsatadi.
Kitob muallifi kimligini aniqlash mumkin emas. Ilovaga qaraganda, u tabrizlik armani ekani ma’lum. Bu holat shu jihatdan ahamiyatliki, ilgari, hatto hozirgi kunda ham Ozarbayjonda “fors tili” deganda, bugungi fors tili emas, balki ozarbayjon tili tushuniladi. Fors tili esa “Fars dili” deyiladi. Shuning uchun Xristofor bu mintaqa uchun ishlatgan Lingua persiana iborasi tarjimaga qaysi til asos bo‘lgan degan savolga to‘liq javob bera olmaydi.
Xristoforning asari ikki qismdan iborat. Birinchi qismda Sarandib shohi (Seylonning qadimgi nomi) uch o‘g‘lini aqlli dono, zukko qilib tarbiyalash maqsadida ularni o‘spirinldik chog‘ida tajriba orttirsin degan niyatda sayohatga yuborgani hikoya qilinadi. Ular Eronga kelib qoladilar. Yo‘lda ketayotib tuyasini yo‘qotib qo‘ygan bir kishiga duch keladilar. Yo‘qolgan tuyani ko‘rmadingizmi degan savolga shahzodalar tuya oqsoqol emasmidi, uning bir tomoniga asal, ikkinchi tomoniga moy ortilganmidi, tuyaga homilador ayol mingan emasmidi, deb so‘rashadi. Tuyaning egasi bunday aniq savollarni faqat tuyani ko‘rgan odamlargina berishi mumkin degan fikrga keladi, ammo shahzodalar tuyani ko‘rmadik deb javob qaytaradilar. Shunda u shahzodalarni o‘g‘rilikda ayblaydi va qozining oldiga olib boradi. Shunday qilib, ular Bahrom Go‘rning huzuriga kelib qoladilar va tuyani nega shunday ta’riflaganlari sababini izohlab beradilar. Ularning zukkoligiga qoyil qolgan Bahrom shahzodalarni saroyda qabul qiladi, bu yerda ular o‘z qobiliyatlarini yana bir bor namoyish etadilar: musallas tayyorlangan uzum qabristonda o‘sgani, qovurilgan barra qo‘zichoqni it emizgani va nihoyat Bahromning vaziri unga qarshi fitna uyushtirmoqchi ekanini aytib beradilar.
Bu ertak Sharqda yaxshi ma’lum bo‘lib, uning turli ko‘rinishlari mavjud. Asarning frantsuzcha tarjimasi Volterning “Zadig” asariga asos bo‘lgan de-yish mumkin. Volter “Zadig”da yuqoridagi vaziyatni saqlagan holda, faqat jumboq usulini o‘zgartiradi. Tuya o‘rnida qirolning oti va qirolichaning kuchugi tasvirlanadi. Bu holatni “sharq” usulini saqlagan holda frantsuzcha ruhni kuchaytirishga intilish bilan izohlash mumkin.
Mark Tvenning “Tom Soyer xorijda” asarida ham bu hikoya to‘liq qaytariladi. Hikoyada tuya va va uning xususiyatlari aynan tasvirlanadi. Albatta, M.Tven yuqoridagi asar tarjimasidan foydalangan deya olmaymiz. Chunki yozuvchi bu novellani “Ming bir kecha” tarjimalaridan olgan bo‘lishi mumkin. U aynan qaysi manbadan foydalanganini maxsus adabiyotlarsiz aniqlab bo‘lmaydi va buni aniqlash bizning vazifamizga kirmaydi.
Asarning ikkinchi qismida Bahrom Go‘r haqida hikoya qilinadi. Shahzodalar yordamida u vaziridan qutuladi va ularni o‘z xizmatiga qabul qiladi. Aynan shu paytda Bahrom o‘zining suyukli kanizagi Diloromni haydab yuborgan va shu tufayli u hijron azobida qiynalib, ma’yuslik dardiga chalingan edi. Tabiblar uni davolay olmaydilar. Shunda shahzodalarning maslahati bilan unga yettita qasr qurib beriladi. Qasrlarda u vaqtini xursandchilik bilan o‘tkazishi lozim edi. Lekin bu ham yordam bermaydi. Bahrom uyqusizlik dardiga chalinganligi sababli kechalari huzuriga turli mamlakatlardan kelgan sayyohlarni taklif etishadi, ular shohga ertaklar aytib beradilar. Bu ertaklarning mazmunini Benfey to‘liq keltirmaydi. Faqatgina oltinchi ertak nasroniylik ruhida ekanini, yettinchi ertak esa quvg‘inda yurgan Diloromning sarguzashtlarini aks ettirishini bayon qiladi. Shundan keyin Bahrom sarson-sargardonlikda yurgan yorini tezda topadi va yana u bilan birga shod-xurram yashay boshlaydi.
Bundan Benfey shunday xulosa chiqaradi: asarning ikkinchi qismi Nizomiy yozgan “Etti go‘zal” dostonining o‘zginasidir. Faqatgina tarjimon katta mahorat bilan dostondagi hikoyalar kompozitsiyasini bir qolipga solgan va Nizomiyga xos sharqona shaklsizlikni tuzatgan. “Bu nuqta,– deb yozadi Benfey,– asarga g‘arb san’ati kompozitsiyasiga xos fazilat bag‘ishlaydi”. Shundan keyin u ikkinchi bir taxminni ham ilgari suradi: “Forscha manbada bu afsonalar Nizomiydan ko‘ra yaxshiroq bayon etilgan”.
Benfey Sharq qo‘lyozmalari orqali bu manbaning asosini qidirishga urinmagan. Albatta, unga ta’na qilishga bizda sabab yo‘q, chunki u davrdagi ilmning darajasiga ko‘ra bu manbalarni o‘rganish undan juda katta mehnat talab qilardi. Bugun biz Xristofor foydalangan manba haqida, aniq tasavvurga egamiz va Benfeyning ikkala taxmini ham noto‘g‘ri deb dadil ayta olamiz.
Birinchi navbatda Benfey asarning ikkinchi qismiga katta ahamiyat bergan holda birinchi qismga ancha yuzaki yondashadi. Biroq asarning birinchi qismi ham sharqona asliyat bilan chambarchas bog‘lanib ketganini ko‘rish qiyin emas.
Xristofor asl manba sifatida hind-fors shoiri Amir Xusravning “Xasht bihisht” (“Sakkiz jannat”) asarini olganiga hech qanday shubha yo‘q va biz quyida buni ko‘rsatib berishga harakat qilamiz.
Bu asar 3352 baytdan iborat bo‘lib, adib tomonidan 701/1302-03 yillarda tugatilgan va shoir tomonidan “Besh xazina” deb nomlangan “Xamsa” turkumining oxirgi dostonidir. Bu ma’lumotlarni adibning o‘zi doston oxirida bayon etgan.
Amir Xusravning “Besh xazina”si Nizomiy dostonlariga nazira tarzida yozilgani ma’lum. Shuning uchun “Xasht behisht” asosida “Etti go‘zal” dostoni turadi. Lekin ular orasida ma’lum farqlar ham mavjud. Bizningcha, Amir Xusrav o‘z asarida kitobxonlar Nizomiy asari bilan tanishligini nazarda tutgan holda ba’zi bir detallarga to‘xtalmaydi. An’anaviy muqaddimalardan so‘ng u darhol Bahrom otasidan keyin taxtga o‘tirgani haqidagi tasvirga o‘tib ketaveradi. Boshqacha aytganda, uning yoshlikdagi tarbiyasi, Yamanga safari va saltanat tojini sherlar changalidan olib kelish voqealari tushirib qoldiriladi. Taxtni egallagan Bahrom davlat ishlarini yaxshi vazirlariga topshirib, o‘zi ko‘ngilxushlikka berilib ketadi. Uning suyukli kanizagi Dilorom (Nizomiyda Fitna) Chin mamlakatidandir. Bahrom uni o‘zi bilan ovga olib boradi. Ov paytida Bahrom sharob ichib, qovurilgan qulon go‘shtini yeydi. Shundan keyin ularni o‘ldirishga ko‘zi qiymay qoladi, faqat tutib, tamg‘alab qo‘yib yuboradigan bo‘ladi. Shuning uchun u Go‘rxon laqabini oladi.
Kunlardan bir kun u Dilorom bilan ovga chiqib, uning ko‘z o‘ngida mahoratini ko‘rsatadi, ikki marta o‘q uzib, urg‘ochi kiyik bilan erkak kiyikni bog‘lab qo‘yadi.
Dilorom uni maqtash o‘rniga: “Bundan ham yaxshiroq otish mumkin edi” deydi. G‘azablangan Bahrom: “Unday bo‘lsa o‘sha yaxshi otadigan odamning oldiga jo‘na”, deb Diloromni otdan tushirib, yolg‘iz tashlab ketadi. Sahroda bir o‘zi qolgan kanizak uzoq sarson-sargardonlikdan so‘ng xilvat qishloqqa kelib qoladi. Bu yerda odamlardan uzlatda bir dehqon yashar edi. U olim va mohir sozanda bo‘lib, barbad[2] chalishda unga hech kim teng kela olmas edi.
U Diloromni o‘ziga qiz qilib oladi. O‘ziga tuhfa qilingan qimmatbaho toshni xarjlab, Diloromga ko‘shk qurib beradi, u o‘sha yerda yashaydi. Unga turli ilmlarni o‘rgatadi, ayniqsa musiqadan puxta saboq beradi. Dilorom shunday mahoratga erishadiki, u kuylaganda hattoki yovvoyi hayvonlar ham lol qoladigan bo‘ladi. Uning dovrug‘i Bahromga yetadi, uning Dilorom ekanini bilmay, dehqondan shu qo‘shiqchini sotib olishga jazm qiladi. Bahrom huzurida Dilorom qo‘shiq kuylab, sahrodagi g‘izollarni chorlab keltiradi. Ularni uxlatib qo‘yadi va yana uyg‘otib qo‘yib yuboradi.
Bahrom qoyil qoladi, ammo buni bildirmay: “Bundan ham kattaroq mo‘jiza bor” deydi. Shunda Dilorom: “Donolar san’atni mukammal egallaydilar, ular mendan yaxshi bo‘lsalar-da, Bahromdan baland emaslar”, – deb juda nozik javob qaytaradi.
Uni tanib qolgan shoh kechirim so‘raydi va saroyga qaytarib olib keladi. Shoirning ta’kidlashicha, “Xavarnaka”da Bahromning Yamandagi saroyi tasvirlangan. Bahrom o‘z ko‘ngilxushliklarini yana davom ettiradi. U saroy ahlini to‘xtovsiz ovlar bilan juda qiynab yuboradi. Shunda Yaman beklari Nu’mon va Munzir uni ovdan sovutishga harakat qiladilar. Shu maqsadda ular butun dunyoni izlab, yetti go‘zal qizni olib keladilar.
Me’mor Shida ular uchun yetti xil rangda yettita saroy quradi. Bu saroylar oq qasr, sariq qasr, yashil qasr, gulgun qasr, nilufar qasr, sandal tusli qasr deb atalar edi.
Bahromni bu saroylarga taklif etadilar. Lol qolgan Bahrom shikorni unutadi. Kechalari go‘zallar unga navbatma-navbat ertaklar aytib beradilar. Bu yerdagi yetti hikoya mazmunan Nizomiyning dostoni bilan uzviy bog‘liq bo‘lsa-da, mazmunan mutlaqo farqli jihatlarga ega.
Hikoyalardan keyin Bahromning o‘limi haqidagi so‘nggi qissa keladi. Kunlardan bir kun Bahrom yana shikorga chiqadi. U nihoyatda katta, qora qulonga yo‘liqadi va uni quvib ketadi. Otilgan kamon o‘qlari qulonga tegmaydi. Bahromni ortidan ergashtirgan qulon chuqur jarlikda g‘oyib bo‘ladi, Bahrom esa oti bilan o‘pqonga tushib ketadi. Qancha qidirmasinlar uni topa olmaydilar, jarlikdan qattiq zarba tufayli mayda-mayda bo‘lib ketgan otning suyaklari topiladi.
Asosiy maqsadimizdan uzoqlashmaslik uchun biz barcha hikoyalarni tahlil qilib o‘tirmay, birinchi novella mazmuniga to‘xtalamiz.
Sarandibda ilmu fanni juda sevgan shoh yashardi. Uning uch o‘g‘li bor edi. Shoh farzandlariga yaxshi bilim beradi, so‘ng ularni sinab ko‘rish maqsadida har biriga o‘z taxtini taklif qiladi. Uchchala o‘g‘il ham taklifni rad etadi. Shunda shoh o‘g‘illarini sayohatga jo‘natadi. Yo‘lda ular bir qora zanjiga duch keladilar, u shahzodalardan tuya ko‘rmadingizmi deb so‘raydi. Birinchi shahzoda javob o‘rniga: “Uning bir ko‘zi ko‘r emasmidi?”,– deb so‘rasa, ikkinchi shahzoda: “Uning bir tishi bo‘lmasa kerak-a?” deb, uchinchisi esa: “Bir oyog‘i oqsoq emasmidi?”, deb so‘raydilar, Zanji bu ta’riflardan o‘z tuyasini taniydi. Shahzodalar unga qaysi tomonga yurish kerakligini ko‘rsatadilar. Jazirama issiqda toliqqan shahzodalar katta bir daraxt tagida dam olishga to‘xtaydilar. Yo‘qolgan tuyani topa olmagan zanji yana ularning oldiga keladi. Shahzodalar uni savolga tutadilar: “Unga yog‘ va asal ortilganmidi?”, “Uning ustida ayol bormidi?”, “U ayolning oy-kuni yaqin qolganmidi?”. Shunda zanji ularni o‘g‘irlikda ayblaydi va shoh huzuriga olib boradi Shahzodalar oddiy sayyoh ekanliklari va hech qanday tuya ko‘rmaganliklarini aytadilar. G‘azablangan shoh ularni zindonga tashlaydi. Tongda kimdir arqoni daraxt shoxiga o‘ralib qolgan tuyani olib kelib qoladi.
Tuya ustidagi ayol xo‘jayinni qayerdan qidirish lozimligini aytadi. Shoh asirlarni ozod etib, ulardan uzr so‘raydi. Keyin hech qachon ko‘rmagan tuyani qanday qilib to‘g‘ri ta’riflay olganliklari sirini so‘raydi. Shahzodalar: yo‘l yoqasidagi o‘tlarning faqat bir tomoni yeyilgan, demak, uning bir ko‘zi ko‘r, tuyoq izlariga qaraganda uning bir oyog‘i oqsoq edi; chaynalgan barglardan uning bir tishi yo‘qligini sezish qiyin emas deyishadi. So‘ng davom etib, yo‘lning bir tomonidan pashshalar, ikkinchi tomonida chumolilar ko‘p edi; demak, xurjunning bir tomonida asal, ikkinchi tomonida yog‘ bo‘lgan va u to‘kilib borgan; tuya tiz cho‘kkan joyda ayol panjasining ham izi qolgan, demak, bu ayol turayotganida qo‘liga tayangan, shundan uning homiladorligini tusmol qildik, deb javob qaytarishadi.
Yigitlarning zukkoligiga qoyil qolgan shoh ularni o‘z xizmatiga oladi. Kunlardan bir kun u shahzodalarga barra go‘sht bilan musallas jo‘natib yuboradi va shahzodalar ovqatlanayotganda ularning suhbatini xufiyona tinglaydi. Ulardan biri: “Musallasda odam qoni bor; ikkinchisi: “Qo‘zichoq itni emib katta bo‘lgan”, uchinchisi: “Shohimiz oshpazning o‘g‘li bo‘lsa kerak”, deydi. Shoh tekshirishga tushadi. Musallas tayyorlangan uzum qabristonda o‘sgan ekan. Cho‘pon uzoq qarshilik ko‘rsatgandan so‘ng onasini bo‘ri yeb ketgan qo‘zichoqni bolalagan itga emizganini tan oladi. Shunda alamzada shoh onasining huzuriga borib, otam kim edi deb so‘raydi. Onasi xafa bo‘ladi. G‘azablangan shoh uni qistovga oladi. Shunda ona: “Kunlardan bir kun men uxlab yotgan edim, taom olib kelgan oshpaz meni uyg‘otdi. Uyqusirab turganimda ehtiros g‘olib chiqdi, biz qo‘shildik va sen dunyoga kelding”, deb iqror bo‘ladi. Lol qolgan shoh shahzodalarning oldiga borib, ular bu voqealardan qanday voqif bo‘lganliklarini so‘raydi. Ular javob beradilar: “Musallas kayf o‘rniga qayg‘uga soldi; barra go‘shti badanni qizdirib, so‘lakni oqizdi, demak, uni biror maxluq yoki it emizgan; siz suhbatlarda davlat ishlariga qaraganda taom haqida ko‘proq gapirasiz”. Shoh ularning har biriga yuz dinordan tuhfa qilib, uylariga jo‘natib yuboradi. Otasi uyga qaytgan shahzodalarning to‘ng‘ichiga sandal rangli toj, ikkinchisiga shu rangdagi qimmatbaho chodir, uchinchisiga qora bayroq hadya etadi. Bu abbosiylarning ramziy rangidir.
Xristofor qayta ishlagan ertak aynan shu afsonaga asoslanganiga hech qanday shubha yo‘q. Deyarli barcha tafsilotlar mos keladi, ammo bu o‘rinda ikki mustasno bor:
1.Amir Xusravda nomi tilga olinmagan shoh Bahrom Go‘rga aylangan. 2. Shohning kelib chiqishiga emas, balki vazirining sotqinligiga urg‘u berilgan. Xristofor bu o‘zgarishlarni nima uchun kiritgani ravshan ko‘rinib turibdi. Hikoyalar Bahromning keyingi taqdiri bilan mustahkam bog‘lanishi va Bahrom shahzodalarni nega saroyga olganini izohlashi lozim edi.
Albatta, biz Xristofor ertakning boshqa nusxalaridan foydalangan deyishimiz ham mumkin. Lekin, mening fikrimcha, bunday emas. O‘z oldiga Bahrom haqidagi dostonni qayta ishlab chiqish vazifasini qo‘ygan Xristofor, tabiiyki “Haft paykar” ning turli nusxalariga diqqatini qaratgan. Dostonning ikkinchi qismiga doir manbalar ham aniq. Kanizak Diloromning ismi Amir Xusrav yoki Navoiyni ko‘rsatib turibdi. Yuqorida ko‘rganimizdek, Xusrav dos-tonlaridagi hikoyalar bir-biri bilan uzviy bog‘langan emas. Faqat Navoiyning “Sab’ai sayyor”idagina Bahrom yettinchi hikoya orqali kanizagi taqdiridan xabardor bo‘ladi va uni izlab topadi. Navoiyning asari mavjud bo‘lib, hatto ismlarigacha bir-biriga mos tushib turgan o‘rinda Xristofor asarga o‘zicha o‘zgartirish kiritgan deyishga asos yo‘q.
Yana bir jumboq mavjud. Asarning ikkinchi qismidagi sof nasroniy ruhli hikoyani qanday izohlash kerak? Afsuski, bu savolga hozir javob berish qiyin. Benfey novellalarning mazmunini bayon qilmaydi. Xristofor Bahrom Go‘r haqidagi dostonlarning xohlagan nusxasidan foydalanishi mumkin edi. Ammo uning Nizomiydan foydalanganiga ishonish qiyin, chunki Nizomiy ijodi bilan tanishligi haqida asarda hech qanday gap yo‘q. Navoiyning oltinchi hikoyasi Muqbil va Mudbir haqida. Undagi axloqiy mayllarga Benfey nasroniylik belgisi sifatida qaragan bo‘lishi mumkin. Bu o‘rinda boshqa taxmin ham mavjud: Xristofor manbalardagi hikoyalar izchilligini saqlashi shart emas edi. Agarda u oltinchi hikoyaga Navoiyning Farrux va Axiy haqidagi novellasini qo‘yganda, bu Benfey uchun nasroniylik ruhini eslatishi mumkin bo‘lardi.
Bu masalalarni hozir hal etish imkoni yo‘q. Xristoforning 11 marta chop etilgan asarining biror nusxasi topilsa, bu jumboq oson yechiladi. Hozircha bir narsa aniq: tabrizlik armani Xristofor o‘z asarini Bahrom haqidagi dostonga o‘ziga xos nazira shaklida yozgan. Bu paytda Navoiy vafotidan beri juda ko‘p vaqt o‘tmagan bo‘lib, muallifga “Xamsa” yaxshi ma’lum edi. Buni ajablanadigan joyi yo‘q. Butun Yaqin Sharq dunyosida Navoiy dostonlari nihoyatda mashhur edi. XVI asrda vafot etgan ozarbayjon shoiri Fuzuliy Navoiy asarlaridan keng bahramand bo‘lgan, lirik asarlarida ham, “Layli va Majnun” dostonida ham Navoiy ijodidan ilhomlangan. Gruzin shoiri Sitsishvilining “Etti go‘zal” dostoni o‘z asosiga ko‘ra Nizomiy emas, Navoiy ijodiga taqalishini professor K.Kekelidze ko‘rsatib o‘tgan edi. Bu mavzu B.T.Rudenko tomonidan yorqin isbotlab berilgan.
Fikrimizcha, Xristofor tomonidan qayta ishlangan Navoiy dostoni, hali kitob bosish ishlari taraqqiy etmagan davrdayoq ovrupoliklar ongini sehrlab olgan va Ovrupodagi beshta yirik davlat o‘quvchilari orasida keng tarqalgan edi.
To‘g‘ri, armani hikoyachisi Navoiy nomini tilga olmagan. O‘quvchi qaysi Sharq shoiri asarini o‘qiyotganini bilmagan, albatta. Lekin fakt – faktligicha qoladi – Navoiy ijodi ovrupolik o‘quvchi yuragiga yetib bordi va uni maftun qildi…
Benfey ilgari surgan taxminlardan ikkinchisi to‘g‘ri ekanini e’tirof etmoq lozim. Xristofor erkin tarjima qilgan asarning asl matni bor edi, u hozir ham mavjud. Faqat u, Benfey aytganidek, fors tilida emas, eski o‘zbek tilida bitilgan edi…
Navoiy asarlarining mukammal bibliografiyasi va ijodini o‘rganish tarixini yaratish paytida Xristoforning asarini ham e’tiborda tutish lozim. Sa’diy “Guliston”ining tarjimasi Ovrupoda XVII asrda amalga oshirilganini eslasak, Navoiyning “Sab’ai sayyor” dostoni Ovrupoda ilk tarjima etilgan va g‘arb o‘quvchilari orasida katta shuhrat qozongan Sharq adabiyoti namunasi bo‘lib chiqadi.
Mashhur sharqshunos Ye. E. Bertelsning mazkur maqolasi 1943 yilda Toshkentda yozilgan va birinchi marta muallifning «Navoiy va Jomiy» nomli yirik kitobida (M., 1965) e’lon qilingan.
Ruschadan Ulug‘bek Abdullayev tarjimasi
“Jahon adabiyoti” jurnali, 2008 yil, 2-son
———————
[1] Maqola jurnalning ko‘rsatilgan sonida tugallanmagan, uning birinchi qismi chop etilgan, xolos. Afsuski, men xozir jurnalning keyingi sonlarida roman oxirigacha e’lon qilingan yoki qilinmagani haqida izoh bera olmayman (Muallif izohi-tahr.).
[2] Barbad – sozning nomi.