Dunyoning buyuk romanlari: Fransua Rable. Gargantyua va Pantagryuel

FRANSUA RABLE (1494–1553)

Rable ijodi o‘z ta’siriga ko‘ra shu qadar ulug‘ ediki, goho muallif nomi uning panasida qolib ketadi. Rablening hayoti haqida xilma-xil afsonalar yurardi: uning otasi traktir (kichikroq oshxona) egasi bo‘lgan, uning o‘zi esa tarallabedod hayot kechirgan. Rable o‘layotganda og‘zidan betahoshi so‘zlar chiqqan emish. Yolg‘ondan rostni ajratish uchun olimlar ozmuncha ter to‘kmaganlar. Mashhur kitobning yaratuvchisi Shinon yaqinidagi Luara vodiysida joylashgan La Devinya degan joyda dunyoga kelgan. Uning aynan qachon tug‘ilganini haligacha bilmaymiz, 1483 va 1495 yillar oralig‘ida bo‘lsa kerak. Rablening otasi huquqshunos bo‘lib, boy shahar kazolari orasida ancha-muncha obro‘ga ega bo‘lgan, romanda Granguze nomi ostida keladi. Taxmin qilishlaricha, Rable oilada erta, yetti yoki to‘qqiz yoshida rohib bo‘lgan yosh bolakay edi.

Rohiblik Rableni baxtli qilolmadi. Buni uning asaridan yaqqol bilib olsa bo‘ladi. U bir monastirni boshqasi bilan almashtirib, erkin ruhoniy bo‘lib oladi va Monpale universitetida tibbiyotni o‘rgana boshlaydi. Hozirgi tibbiy oliy o‘quv yurtlari talabalari uning muvaffaqiyatlariga havas qilsa arziydi. 1530 yilda o‘qishni tugatgani haqidagi diplomni olib, Rable 1531 yildayoq Gippokrat haqida ma’ruzalar o‘qiydi, yana bir yil o‘tgach esa u Lion kasalxonasining shifokori qilib tayinlanadi.

Shu yerda u nomini abadiy sharafga burkovchi kitoblarini yoza boshlaydi. Bu shonli voqea sodir bo‘lgan vaziyatlarning qanaqaligini aks ettiruvchi ashyoviy dalil yo‘q, ammo shu narsani bilamizki, 1532 yilda “Bahaybat va ulkan odam Gargantyua haqidagi buyuk va bebaho yilnomalar” degan nom ostida xalq kitobchasi paydo bo‘ldi. Uning muallifi Rable emasdi, biroq uni Rable tahrir qilgan bo‘lishi mumkin. Mana shu kitobcha Rablega qalam olib, davomini yozishdek baxtli fikrni qulog‘iga aytgan. Kitob ommaning ko‘ngliga yoqdi va muallif romanga yangi kirish so‘zi yozishga qaror qildi, bu bilan Gargantyua qiliqlarining o‘z versiyasini kitobxonlar hukmiga havola qiladi. Kitob nomi avvalgiday qoldi, faqat tadrijiy jihatdan ikkinchisidan oldingi birinchi qismi keyinroq yozilgan edi. Uchinchi va to‘rtinchi kitoblarda (“Le Tiers Livre”, “Le Qurt Livre”) Pantagryuelning keyingi sarguzashtlari haqida hikoya qilingan. Beshinchi kitob (“Le Quint Livre”) Rablening vafotidan keyin chop etilgan edi va uning asliyatligi keskin bahslarga sabab bo‘lgandi. Ko‘pchilik tadqiqotchilar shunday to‘xtamga kelishganki, qoralama qo‘lyozmani tugallashga ulgurmagan Rablega qarashlidir. Ammo uni nashrga boshqa odam tayyorlagan.

Rable islohotlar boshida ijod qilgan, o‘shanda dahriylikda zarracha shubha qilingan odam qattiq jazoga tortilgan, bunday jazoni o‘zgartirib bo‘lmagan. Uning do‘stlaridan biri, noshir Etten Dole dahriylikda ayblangan va o‘tda kuydirib o‘ldirishga hukm qilingan edi. Rable protestant ham, hurfikr ham, dahriy ham emasdi, diniy masalalarga jiddiy qarar edi. Ammo u cherkov tizimining shartaki tanqidchisi edi. O‘tmishda rohiblik pallalarida Rable frantsiskan tariqatidagi monastirlik asoslarining ziddiyatlariga duch keldi. Tariqat muqarrar ravishda layoqatli yigitchaga hasad ko‘zi bilan qaragan va uning yunon tili mashg‘ulotlariga qarshilik ko‘rsatgan edi. Endi Rablega Sorbonnaning ilohiyotshunoslari chang soldilar – ular Frantsiyadagi ortodoksalchilar tayanchi va ashaddiy g‘animlar edi. U o‘ylab-netib o‘tirmay kardinal Jan dyu Belle homiyligini qabul qildi, u bilan shaxsiy tabib va ishonchli maslahatchi sifatida Rimga bir necha marta sayohat qildi. 1546 va 1547 yillarni Rable Metsda o‘tkazdi, u paytda Sorbonnadan ancha olisda joylashgan Mets Frantsiya tarkibiga kirmasdi. 1550 yilda Parijdan bir necha mil naridagi Medondagi diniy xizmatdan Rable iste’foga chiqadi. Rable 1553 yilda vafot etdi va mish-mishlarga qaraganda Parijda dafn qilingan. Biroq uning qabrini topish imkoni bo‘lmagan. Rable shu qadar iltifotli inson ediki, har bir odam unda ko‘ngliga yoqqan hamma narsani topar edi. Ba’zilar uchun u hazilkash qiziqchi bo‘lsa, boshqalar uni hushyor islohotchi-axloqshunos deb bilgandilar. Bunday islohotchi o‘z va’zlariga odobdan tashqari shakl berib, ko‘proq tarafdorlar to‘play olardi. Bu nuqtai nazarning har ikkalasi ham jiddiy mulohazalarni talab etadi. Biroq Rable bizga kim bo‘lib namoyon etilgan bo‘lmasin, unda muallifga zamondosh bo‘lgan davr ko‘zgudagidek aks etib turadi. Hayotning, tafakkurning biron-bir jihati yo‘qki, uning kitoblarida o‘z aksini topmagan bo‘lsin, zero, anglashga muhabbat, ajoyib hayotsevarlik ilk Uyg‘onish davrining o‘ziga xos xususiyatini tashkil etadi.

 

GARGANTYuA VA PANTAGRYuEL

Qatnashuvchilar

Qahramonlar romanda ularning paydo bo‘lish tartibi bo‘yicha taqdim etilgan. Butun kitob va har bir bobdan oldin-keyingi voqealarning qisqacha tafsiloti keltiriladi. Bu ro‘yxatda birinchi (“Gargantyua”) va ikkinchi (“Pantagryuel”) kitobdagi qahramonlarning ismlarigina keltirilgan. Barcha nomlar ular frantsuzcha matnda qanday taqdim etilsa, o‘shanday yozilmoqda.

Alkofribas Naze (Fransua Rable nomining anogrammasi) muallif laqabi.

Gargantyua (Rabledan ancha oldin mashhur bo‘lgan afsonaviy ism) – quvnoq, ulkan-mechkay, birinchi kitobning bosh qahramoni.

Gringuze (katta halqum) – Gargantyuaning otasi, birinchi kitobda – Shinon atrofidagi joyda mulklarning hukmroni; ikkinchi kitobda – Utopiya qiroli; oqko‘ngil qishloq boyoniga o‘xshab ketadi.

Tubal Olafern (ikki bibliya nomi) – Gargantyuaning birinchi muhabbati, eski urfdagi pedant (rasmiyatchi odam).

Evdemon (baxtli, omadli) – Gargantyuaga hamroh bo‘lgan mahram.

Don Filipp de Mare (ehtimol bor bo‘lgan, ammo bizga notanish kimsa) – boyon, Gringuze o‘g‘lining ta’lim olishi bo‘yicha shu bilan maslahatlashadi.

Majstr Ianotus de Bragmardo (ehtimol, muayyan bir olimning kulgili qiyofasi) – Parijdagi Bibi Maryam jomesining qo‘ng‘irog‘ini qaytarib olib kelishga yuborilgan Sorbonna mantiqshunosi; ovozi pang, tili chuchuk pedant.

Ponekrat (baquvvat, kuchli) – insonparvarlik ta’limoti masalalarida Gargantyuaning murabbiyi.

Gimnast (atlet) – Gargantyuaning sayisi.

Rizatom (ildizqirqar) – Gargantyuaning mahrami va bog‘boni.

Pikraxol (achchiq zardob) – jangari va takabbur qirol Lerne; M.de Sent-Mart degan odam unga prototip bo‘lib xizmat qilgan, Rablening otasi u bilan sudlashgan.

Fanfaron (maqtanchoq) – Pikroxolning jo‘mard sarkardalaridan biri.

Jan-Tishmaydalagich aka – abbatlikni Pikroxoldan saqlab qolgan seyalik shavkatli rohib.

Ulriz Galle (Ehtimol, Jan Galledir, Rablening Sent-Mart bilan sudlashgan otasi shu nom ostida yashiringan) – Granguzening Pikroxolga yuborgan elchisi.

Pantagryuel (Rabledan ancha oldin mashhur bo‘lgan afsonaviy ism; dastavval, tashnalikni qondiradigan mayda iblis) – Gargantyuaning o‘g‘li, ikkinchi-beshinchi kitoblari qahramoni; aqlli, ko‘pyoqlama ta’lim olgan shahzoda.

Badbek – ko‘zi yoriyotib olamdan o‘tgan Pantagryuelning onasi.

Epistemon (tajribali) – Pantagryuelning murabbiyi.

Limuzinchi talaba – Parij dorilfununi talabasi, lotinlashtirilgan grotesk (masxaraboz) lahjasida gapiradi.

Panurg (har narsaga qodir, kazzob, muttaham) – Pantagryuelning mablag‘larda dog‘uli, poyintar-soyintar ish ko‘ruvchi hamrohi.

Sharobxo‘r va Ketyalar – ikki sudboz, ularning bahsini Pantagryuel bir yoqlik qiladi, har ikkovi ko‘z ko‘rib, quloq eshitmagan janjaldan boshi chiqmaydi.

Taumast (hayratomuz) – Panurg mubohasalar olib borgan ingliz olimi (ehtimol, ser Tomas Mor[1] bo‘lgandir).

Evsfin (barvasta) – Pantagryuelning hamrohi.

Karpalim (epchil) – Pantagryuelning boshqa hamrohi.

Anarx (qonunsiz) dipsodlar (“mushtoqlar”) qiroli, Pantagryuel uni mag‘lub etgan.

Utopiya (o‘zi yo‘q joy) – Gargantyua qirolligining Tomas Morning shu joydagi kitobidan olingan nomi.

 

ROMANNING SYuJETI

Gargantyua – Shinondan sal narida istiqomat qiluvchi odamshavanda ulkan zot. Utopiya qirolining dabdabali unvoniga sazovor bo‘lgan otasi Granguze aslida bor-yo‘g‘i qishloq boyoni bo‘lib, uning mulki bir necha mil kvadratni tashkil etadi. Gargantyua bolaligidan hayratomuz qo‘maqayligi bilan taniladi, qolgan narsalarda barcha o‘smir bolalar qanday bo‘lsa, u ham shunday. Eskicha ta’limdan qoniqmagan otasi o‘g‘lini Parijga o‘qishga yuboradi. Unga murabbiy Ponokrat hamrohlik qiladi, u Gargantyuaning ongiga o‘z zamonasining yangi insonparvarlik qarashlarini singdiradi. Shaharda Gargantyua bir qancha sarguzashtlarga duch keladi. Shulardan biri Parijdagi Bibi Maryam ibodatxonasining qo‘ng‘iroqlarini o‘g‘irlashdir. Bu qo‘ng‘iroqlarni Gargantyua biyasining bo‘ynidagi munchoqqa osib qo‘ymoqchi bo‘ladi. Shu orada Granguze va qo‘shnisi monarx Pikroxol o‘rtasida chinakam urush chiqadi. Pikroxol ismi ostida Rablening otasi bilan sudlashib yurgan yer egasi tasvirlangani istisno etilmaydi. Casus belli[2] puch gap bo‘lib chiqadi: qirol Pikroxolning fuqarolari bir nechta konni o‘g‘irlashadi, ammo urush hazilakam tus olmaydi, bu qonga qon, jonga jon urushiga aylanadi. Otasidan xabar kelgach, Gargantyua shosha-pisha uyiga qaytadi va raqibining abjag‘ini chiqaradi. Bunda unga Jan – Tishmaydalagich laqabli betayin rohib yordam beradi – u frantsuz rohibi Tukdan bir tuki kam emasdi. Minnatdorlik yuzasidan Gargantyua Janning onasi uchun dabdabali abbatlik qurib beradi, uning hayoti o‘rta asr monastirlik hayotiga mutlaqo teskari tamoyillarga asoslangan edi. Monastirning erkagu ayol ahli bir-birlari bilan nikohdan o‘tishlari mumkin edi: ular toat-ibodatlar bilan vaqt o‘tkazmay, sport o‘yinlari va gumanitar ilmlarni o‘rganish bilan mashg‘ul bo‘ladilar. Monastirdagi “Istagan narsangni qil”, degan shiori shundan yaqqol guvohlik berib turibdi.

Ikkinchi kitob birinchisining qaysidir ma’noda zaif takrori hisoblanadi. Uning bosh qahramoni Gargantyuaning o‘g‘li Pantagryuel bo‘lib, otasidan oliyjanoblik va sira so‘nmas ishtahani meros qilib olgan. Otasiga o‘xshab, u ham Parijga boradi, u yerda huquq va falsafiy mubohasalarda ishtirok etishi sharofati bilan mashhur bo‘lib ketadi. Shu yerda u kitobning aksilqahramoni, kazzob Panurg degan odam bilan oshlashib qoladi. Uning Pantagryuel bilan munosabatlari Falstafning shahzoda Xel bilan munosabatlarini esga soladi.

Shu orada dipsodlar (“mushtoqlar”)ning Utopiyaga bostirib kirganlari haqida xabar keladi. Pantagryuel qaytib keladi-da, dushman ko‘shinini tor-mor etadi – u o‘zidan shunchalik ko‘p peshob chiqaradiki, yaqin-atrofida turgan odamlar bitta qolmay peshobga g‘arq bo‘lib o‘ladi.

Uchinchi kitobda Panurg qonun bo‘yicha yangi uylangan erkak harbiy xizmatga bir yil keyin chaqirilishini eslab, uylanishga jazm qiladi va do‘stlaridan maslahat so‘raydi. Ular ayollarinng fe’l-atvori va ijtimoiy ahvolini muhokama qilib, oxiri ko‘rinmas bahsga kirishib ketadilar, bir qancha boobro‘ olimlarga – ilohiyotshunos, qonunshunos, falakshunos, shifokor, faylasuf va qiziqchilarga murojaat qiladilar. Ularning javoblari bir xil bo‘lsa-da, tasalli bermas edi, biroq tinib-tinchimas Panurg yana bir kishining fikrini bilishni istaydi: u Ilohiy Shishaning Orakulidan yordam olishni tavsiya etadi. Uchinchi kitob sayyohlari o‘zlari bilan olib yuradigan pantagryuelion nomli giyohning tavsifi bilan yakunlanadi. Giyoh aslida nasha o‘simligi edi, uning mana bunaqa atalishiga sabab, devqomat Pantagryuel mudom tashnalik azobini tortib yuradi, jallod sirtmog‘i shaklidagi nasha (ko‘knor) esa bo‘yinni qiltiriq qiladigan xususiyatga ega.

To‘rtinchi va beshinchi kitoblar Orakulni qidirishdagi sayohatlar tafsilotlaridan iborat. (Bu kitobda olimlar sayohatlar, xususan, Shimoli-g‘arb yo‘lini qidirishga otlangan sayyohlar haqidagi hikoyalarning ta’sirini ko‘zda tutadilar). Sayyohlar ko‘plab g‘aroyib yerlarga qo‘nadilar bu yerlar majozan turli bilim vakilliklarini namoyon etadi, Rable o‘tkir kulgi ostiga olgan bu dargohlar orasida ruhoniylar, qozilar, xazinabonlar, falsafa olimlari va boshqalar uchraydi. Ayrim lavhalar sayohatchilarning o‘zida hech qanday ma’noni kasb etmagan shunchaki mullajiringini ifodalagan. Bunga shunday bir mamlakat misol qilib olinadiki, u yerda havo azbaroyi sovuqligidan odamlar muzga aylanib qolarkan, bahorda esa erir ekan – bunday sarguzashtlar baron Myunxgauzen loflarida qayta-qayta takrorlanadi.

Beshinchi kitob oxiri nuqul majoziy ma’noda yozilgan. Sharhlovchilar ko‘pchiligining fikricha, Ilohiy Shisha ichida sharobdan ko‘ra haqiqatning o‘zi joylashgan, uning barcha mijozlari u tomon intilganlari-intilgan. Maqsadga yetishdan oldin sayyohlar vijdonli va tirishqoq xalq yashaydigan Finus mamlakatidan o‘tadilar. Yo‘lni yoritib borish uchun ular Per Ami degan odamni yollaydilar. Shu yerda Rable shunday nomga ega, Rablega yunon tilini o‘rgatgan rohib – Frantsiskola ehtirom izhor etadi. Oxiri ular qohina Bakbuk qo‘l ostida bo‘lgan Orakulga yetib keladilar.

Bakbuk barchaga bir stakandan zilolday tiniq suv ulashadi, har kim o‘z stakanidagi suvda o‘zining sevimli ichimligini ko‘radi, – haqiqat ham shunday, uni odamlarning har biri o‘z holicha tushunadi. Orakulning nutqini ramziy ma’noda ham talqin qilish mumkin; u bir ma’noni ilgari suradi: “Ich!” Ba’zi olimlar shunday taxminga boradilarki, Rable o‘z rivoyatini davom ettirishni niyat qilgan, juda bo‘lmaganda Pantagryuelning yurtiga qaytishi davrigacha kechgan voqealarni tasvirlamoqchi bo‘lgan. Nima bo‘lganda ham kitob yaxshilik bilan tugaydi.

 

ShARH

Ochig‘ini aytib qo‘ya qolaylik: Rableni o‘qishdan ko‘ra undan ko‘proq hayratga tushadilar. Ko‘plar asosan uning uyatli yozuvchilik obro‘yiga mahliyo bo‘lib, bu muallifni kashf etadi. Ular o‘zlariga bino qo‘ygan holda, modomiki, kitobda uyat narsa uchrar ekan, hammasini bip-binoyidek anglash uchun na sa’y-harakatning, na layoqatning keragi bor, deb biladilar. Biroq Rablening buyuk ijodi ko‘p hollarda o‘quvchi uchun Joysning “Uliss” romani singari muammolarini namoyon etadi: har ikkala romanda so‘zlar benihoyat ko‘p ishlatilgan, o‘ndan ortiq tillardagi olimlar asarlaridan iqtiboslar keltirilgan, allaqachon unutilib ketgan odamlar va voqealar yodga olinadi. Rableni mufassal o‘zlashtirish uchun butun umr kerak bo‘ladi. Shu bois bilimi o‘rtamiyona o‘quvchi uni yuzaki va tatalab o‘qiganidan xijolat tortmasa bo‘laveradi. Avvaliga “Gargantyua”ni butunisicha qo‘lga olmoq zarur, keyin esa o‘z ma’nosiga qarab boshqa to‘rttala kitobdan yoqqan-yoqqan joylarni tanlashi mumkin. Ta’limga va unga zamondosh qarashlari bo‘lgan ilm dargohlariga Rablening qandayligiga qiziqqanlar esa uchinchi kitobda Panurg maslahatini olgan olim bayon to‘g‘risidagi, gripp, Bridua, Rondibilis va boshqalar to‘g‘risidagi lavhalarni mutolaa qilsinlar, keyin esa beshinchi kitobning kulgili va ramziy ma’nolariga murojaat etsinlar, ularda Papimanlar oroli, Yungdor Mushuklar mamlakati, Avliyo Shisha Orakuli haqida rivoyat qilinadi. Serzavq, maroqli hikoya qilingan voqealarni izlagan kitobxonlar esa asarda ularni juda ko‘plab uchratadilar.

O‘n to‘qqizinchi asr kitobxonlariga, xususan, bu viktorian davridagi kitobxonlarga taalluqli, Rablega bu borada omad kulib boqmagan: unga jirkanchlik va haqoratli so‘z ustasi degan “toj” kiydirganlar. O‘sha davrdan ko‘plab yozuvchilar bu qadar ochiq ijod qilmaganlar. Hokimiyat Rablening kitoblarini taqiqlab qo‘ydi, ularni axloq-odob doirasidan tashqari, kufrona asarlar deb tavqi la’nat kiydirdi. Ammo kitobda buzuqlik, najasbozlik, fohishabozlikdan ko‘ra mechkaylik tafsilotlari ustunlik qiladi. Fahsh yegulik va ichgulik singari sog‘lom hayvoniy lazzat sifatida tasvirlanadi. Rableni buzuqlik yoki asabiylikni targ‘ib etishda ayblash uchun zarracha asos yo‘q. Uning qahramoni Pantagryuel zinhor ichkilik yo buzuqlik shaydosi emas. Aksincha, u aqlli, dono va haqgo‘y shahzoda. Hamma narsa Rablening o‘zi muloyim va mehribon, hayotni barcha baland-pastliklari bilan sevuvchi, o‘z qobiliyati va bilimini zamonasining buyuk muammolarini hal etishga bag‘ishlagan inson bo‘lganidan darak beradi. Goho bu masalalarni talqin etishda og‘zi shaloqlashib ketadi, goho chuqur tafakkurga cho‘madi, ammo har ikkala holda ham u lafzi tez va hushyor.

Rable shiddatli o‘zgarishlar davrida yashadi. Antik fanlar va san’atlar uyg‘onishi Yevropa madaniyati qiyofasini o‘zgartirib yubordi. Yangi bilim ta’limga boshqacha yondashuvni talab etdi; o‘qish-o‘qitish dasturi bundan ko‘ra to‘laroq bo‘lishi va ilgarigiga qaraganda dunyoviy bilimlarga ko‘proq o‘rin berishi kerak bo‘ldi. Rable sofist Tubal Olofern misolida eski tuzum ustidan kuladi. Gargantyuani alifboni to‘g‘ri va teskari tomonga qarab o‘qiy olishga o‘rgatish uchun Tubal naq besh yil sarflaydi. Insonparvar Ponokrat yangi tizimning vakili bo‘lib chiqadi. “Gargantyua” kitobining 23-24-boblarida, Ponokrat fikricha, mo‘tadil ta’limli odam bilishi shart bo‘lgan fanlarning o‘qitilishi tavsiflanadi. Bunda Rable tor doiradagi mutaxassislar yoki kalavasining uchini yo‘qotgan olimlar tayyorlash haqida o‘ylamagandi; yo‘q, u har taraflama va mustahkam bilimli odam haqida orzu qilgan edi.

Rablening antiklerikalligi va uning ilmga qiziqishi ayrimlarni uni hurfikr va hatto moddiyunchi bo‘lgan, deya xulosa chiqarishga olib kelgan. Bunday xulosalarga asos yo‘q, uning kitoblarida goh-goh nasroniy taqvodorlik e’tiroflari shu qadar samimiyki, ularni o‘qigach, yuqoridagi shubhalarga ishonish qiyin. Rable davrida ko‘plab halol ruhoniylar cherkovni tanqid qilmay turolmaganlar.

Rablening tili – faqat frantsuzlargina hukm chiqarishga munosib vosita, ammo tarjimada ham uning purma’noligi sezilib turadi. So‘zlar suvday oqib kelaveradi: arxaizmlar va neologizmlar, saroy ahli va dehqonlar nutqida uchraydigan xos so‘zlar, ma’nodor ilmiy ifodalar va lahja, yunon, lotin, yahudiy, ingliz, niderland, olmon, doniyo, bask tillaridan olingan so‘zlar, shuningdek, Rablening o‘zi kashf etgan iboralar va hokazo. Kech frantsuz nasri davrining nafis neoklassitsizmiga yanada o‘xshamaydigan hech narsa yo‘q: so‘zlar ro‘yxatlar va katologlarga to‘planib, ulardan, o‘z navbatida, butun boshli boblar yuzaga keladi. Bu chek-chegara bilmas isrofgarchilik kitobning deyarli har bir sahifasida nafas oluvchi hayotbaxsh ko‘tarinkilik ifodasi hisoblanadi: Gargamellaning ichak-chavoq tushligi, Pantagryuel chaqalog‘ining parhez taomi, Pikroxolning fotihman deb ko‘kragiga urishlari, Panurgning bemaza qiliqlari shular jumlasidandir. Hattoki qahramonlarning nutqi yoki qiyofalari bo‘lsin, Rable fikri daxl qilgan hamma narsa ulkan hajmlarga ega bo‘lgan. Rablening tilga bo‘lgan muhabbati ham uning hayotga bo‘lgan o‘chligiga jonli guvohdir.

Tayyorlovchi Amir Fayzulla

“Jahon adabiyoti”, 2013 yil, 1-son

_______________________

[1] Ingliz uttopik sotsialisti.

[2] Casus belli (lot.) – urushga bahona.