Chorsham’. Rauf Parfi suhbatlari

Bahouddin Naqshband: “Bizning tariqatimiz suhbat”, deb aytganlar. Tariqat bu – yo‘l demak. Ulug‘ valiy o‘z ashoblari, muridlarini suhbat orqali tarbiyalaganlar.

Rauf Parfi ham ustoz sifatida o‘z shogirdlariga Vatan, yurt, millat, til, ozodlik, adabiyot, davr, hayot haqidagi tushunchalarni singdirib, ularning kamol topishi uchun yo‘l-yo‘riq berardi. Mumtoz va zamonaviy she’riyat borasidagi fikrlarini bayon etib, o‘zbek adabiyotini jahon maydoniga olib chiqish yo‘llari xususida so‘zlardi.

O‘tgan asrning 80-yillarda shoirning Toshkent traktor zavodi yaqinidagi xonadoniga shoirlar, yozuvchilar, olimlar, hofizlar, rassomlar tez-tez yig‘ilar, tongotar suhbatlar, bahslar, she’rxonlik avjiga chiqardi.

Ko‘pincha she’rlar o‘qilib, qizg‘in muhokama qilinardi. Rauf aka odil mezbon sifatida kim she’r o‘qishini aytardi. Esimda, bir gal Yo‘ldosh Eshbek “Yonayotgan ayol” nomli she’rini o‘qib bergandi. O‘sha davrning eng og‘ir muammolaridan biri bu she’rda qalamga olingandi. She’r shunday yakunlanardi:

Ayollar yonmoqda

Erkaklar so‘ngach!

Hamma qatori Rauf aka ham bu she’rdan qattiq ta’sirlanib:

– Bugun endi boshqa she’r o‘qilmaydi, – degandi.

Yangi yozgan she’rini o‘qishga chog‘lanib turgan Azim Suyun:

– Rauf aka, men bitta she’r o‘qiy, bo‘lmasa yorilib ketaman, – deb iltimos qildi.

Rauf Parfi bir so‘zli inson edi.

– Ertaga birinchi bo‘lib siz o‘qiysiz, – dedi.

Boshqa bir safar Rauf aka:

– Jamol Sirojiddindan she’r eshitamiz, – deb qoldi.

Samarqandlik bu do‘stimiz hajviy she’rlariga “Xumiy” taxallusini qo‘llardi.

– Afrosiyob xarobalaridan bir xum topib oldim. Ichida eski yozuvdagi she’r va g‘azallar bor ekan. Shularni sekin hozirgi imloga ko‘chirayapman. Bittasini o‘qib beraman, – deya so‘z boshladi Jamol.

Hamma hushyor tortdi. Har qalay yangi topilgan qo‘lyozma bilan tanishish qiziqarli edi-da. Jamol chekkada kulib o‘tirgan Shavkat Rahmonga qarab:

– Shavkat aka, uzr, Xumiy noshirlar haqida ham yozib ketgan ekan. Siz halol muharrirsiz, ko‘nglingizga olmaysiz, – dedi.

Shavkat Rahmon o‘shanda G‘afur G‘ulom nomidagi nashriyotda muharrir bo‘lib ishlar va yosh shoirlar kitobini nashr etishga kamarbasta edi.

Har qanday vaziyatga lutf ila chiroy baxsh eta oladigan Usmon Azim luqma tashladi:

– Xumiyning kitobini chiqarsa, bu gaplar rostligini isbotlaydi.

Jamol bu gapdan ruhlanib she’r o‘qishga chog‘landi. Ichimizda eng yoshi ulug‘i, shoir Aziz Abdurazzoq yaxshiroq eshitay degan maqsadda uning yoniga keldi. Jamol she’rni dona-dona qilib yoddan o‘qidi:

Sani bitg‘on muallifdin bukun shundoq hukm bo‘ldi,
Sanga yotdir yorug‘ olam, makoning ushbu xum bo‘ldi.

Biror noshir bosa olmas, sani shoir sota olmas,
Bo‘lakcha yo yoza olmas, yozolganlar so‘qum bo‘ldi.

Zamon noshirlari kazzob, zamon noshirlari qassob
Alarni bog‘iga zog‘im, labig‘a uch bug‘um bo‘ldi…

Jamol g‘azalni shunday tugatdi:

Kelib bokiraroq avlod sani etguncha ozod yod
Maningdek shoiri mumtoz ila devoni gum bo‘ldi.

Shundan so‘ng, har doimgidek, g‘azal muhokamasiga o‘tildi.

– G‘azalga gap yo‘q, – dedi Nurillo Oston.

– Men ham shu fikrdaman. Xumiy, muborak bo‘lsin, – dedi Yahyo Tog‘a.

Uzoqni ko‘zlaydigan Xurshid Davron:

– O‘rtoqlar, Xumiyning kitobini chiqarish masalasini jiddiy o‘ylab ko‘rish kerak, – dedi.

Aziz aka bolalarcha soddalik bilan:

– Birodarlar, avval mening kitobimni chiqaringlar, – deb xitob qildi.

Hamma kulib yubordi. Aziz aka esa so‘nik ohangda:

– O‘n yildan beri qo‘lyozmam nashriyotda yotibdi. Na qaytarib berishadi, na chiqarishadi, – deb og‘rindi.

Ha, u zamonlarda kitob chiqarish juda mushkul edi.

Rauf Parfi tayyorlagan ikki jildli “Tanlangan asarlar”i ham nashriyotda yo‘qolib qolgandi. Tarjima asarlarini aytmaganda, shoirning biror-bir yirik kitobi tiriklik paytida chop etilmagandi…

Men qirq yil berida turib o‘sha suhbatlarni sog‘inaman. Davradoshlarning yarmidan ko‘pi oramizda yo‘qligidan o‘kinaman. Va beixtiyor Rauf Parfi qabrlari sari yo‘l olaman. Oyoqlarim o‘zi tortib ketaveradi. Qanday borib qolganimni ham bilmay qolaman. Aslida bu dunyoda dardkash suhbatdosh, yo‘l ko‘rsatuvchi, maslahat beruvchi ustoz bo‘lmaganda ro‘y beradi bu hol.

To‘yib ketsam bu bevafo dunyodan
Dardlarimga topolmayin chora man.
Qo‘lim siltab hammasiga da’fatan
Rauf Parfi suhbatiga boraman.

“Minor” qabristoni. Ko‘p shoir, yozuvchilar qatori Rauf Parfi so‘nggi qo‘nim topgan joy. Men yashaydigan “Labzak” mahallasidan atigi 200-300 qadam narida. O‘rtada Bo‘zsuv daryosi bor, xolos. Ana shu oraliqni bosib o‘tguncha Rauf aka bilan kechgan ajib suhbatlar,­ voqea-­hodisalar yodimga tushaveradi.

“Minor” ichra mo‘jazgina qabrda
Meni kutib yotgan kabi sabr-la,
Gohi azon, gohi peshin, asrda
Rauf Parfi suhbatiga boraman.

Rauf Parfining ajoyib bir odati bor edi. O‘sha – xonadonlarida kechgan diltortar suhbatlardan keyin shoirlarga qarata:

– Bir satrdan berib ketinglar, – derdi.

Birovlar yozib, birovlar og‘zaki aytib, Rauf akaga bir satr-bir satr she’r qoldirardik. Bu satrlar o‘sha paytning o‘zida, vaziyat taqozosi bilan tug‘ilardi. Goho shu tarzda yig‘ilgan 10-15 satrdan hech bo‘lmaganda bitta she’r yaralardi. San’atkorlik deymizmi, iqtidor, iste’dod, mahorat deymizmi, Rauf akada yuksak darajada edi. Misol uchun, kimdir aytgan “Quyoshning yog‘dusi qoradir” mis­rasi katta bir she’r yaralishiga sabab bo‘lgandi. “Adashgan ruh” deb nomlangan bu she’rda Rauf akaning ruhiy holati gavdalangan. Yoki “Tugatib bo‘lmaydi bu dardni ichib” misrasini ham qaysidir shoir aytgani ma’lum.

O‘sha oqshomlarda ba’zan Rauf aka o‘zining yangi she’rlarini o‘qib berar va, albatta, fikr so‘rardi.

– Meni fosh qilinglar, beshafqat bo‘ling­lar, – deb uqtirardi.

Birgina misol:

Ey, siz to‘yganlar,
Ey siz, bashang olamon,
Yuzingizga sepaman so‘zlarimni –

deb boshlanuvchi she’rdagi “sepaman” so‘zi to‘g‘ri yoki noto‘g‘ri qo‘llanilganini ancha muhokama qilgandik. Birovlar “sochaman” desa mantiqan to‘g‘ri bo‘lishini aytgandi. Rauf aka esa “sepish” fe’li holatni kuchaytirishini inobatga olib, she’rni asl holicha qoldirgandi.

Allaqanday izlanishlar, intilishlar bor edi o‘sha suhbatlar zamirida.

Asli suhbat deb bo‘lmas bu suhbatni,
Sukut ichra o‘tkazaman fursatni,
Ruhlar so‘rab olar kerak har gapni
Rauf Parfi suhbatiga boraman.

Ulug‘ valiy zotlar, donishmandlarda shunday bo‘lgan. Bu tasavvufda “ilmi hol” deyiladi. Ya’ni tillar emas ko‘ngillar, ruhlar, nigohlar gaplashgan. Bir og‘iz so‘z aytmay, ular bir-birlarini anglashgan, dilidagi gapni uqib olgan. Ammo Rauf Parfi bilan bizda aynan shunday bo‘lgandi, deya olmayman. Rauf aka u maqomga balki yetgandir. Ammo menga yo‘l bo‘lsin.

Shunga qaramay uzoq suhbatlardan so‘ng jim qolgan, sukut saqlagan, xayol surgan paytlarimiz ko‘p bo‘lgan. Ayniqsa, bir gal bizning xonadonga kelib yigirma kuncha yashaganida o‘rtamizda g‘oyibona suhbat kechganiga guvoh bo‘lganman. Masalan, o‘shanda Shahriyor tavalludining 100 yilligi munosabati bilan katta tayyorgarlik ko‘rilayotgan edi. Ichimda: “Rauf aka mening Shahriyorga atab she’r yozishimni yoki uning g‘azallariga muxammas bag‘ish­la­shimni xohlayotganga o‘xshaydi” degan o‘y kechgandi.

Qarangki, shu ondayoq Rauf aka:

– Shahriyorga atab she’r yozmaysizmi? Yoki birorta g‘azaliga muxammas bog‘laysizmi? Sizga qaysi ma’qul? – deb so‘ragandi.

Men hangu mang bo‘lib qolgandim. Shu voqea sabab bo‘lib Shahriyorning:

Bo‘zlayur ahvolimi tongga qadar tanim mening

Tanho torimdir qaro kunlarda dildorim mening –

deb boshlanuvchi g‘azaliga muxammas bog‘lagandim va u Rauf akaga ma’qul kelib e’lon qildirgandi.

Yana shunday bo‘lardiki, Rauf aka bir og‘iz gapirib ko‘p gapni aytganday bo‘lardi. Ayniqsa, bu o‘lim bilan bog‘liq bo‘lsa. 1984 yil ukam Zayniddin vafot etganda:

– Yosh juvonmarg bo‘libdi, – degandi.

Keyin uzoq sukut saqlab ko‘zlariga yosh kelgandi. Shunda men Rauf aka jiyanlari Abdullajon jasadini uzoq Sibirdan olib kelgani va bir kechada sochlari oqargani eslariga tushdi, deb o‘ylagandim. “Abdullajon marsiyasi” she’ridagi misralar o‘sha mudhish safardan dalolat beradi:

Nafas olmay ul uxlaydi
Ko‘kragida o‘ng qo‘li.
El yig‘laydi, el yig‘laydi
Yig‘lar o‘zi ham o‘lim.

Nazarimda, har qanday o‘lim, ayniqsa, yosh shoirning o‘limi Rauf Parfining jon tomirlarini uzib borardi. Nazar Shukur, A’zam O‘ktam, Hamza Imomberdiyev, Chori Avaz, Ravshan Fayz kabi yosh shogirdlari, rassom do‘sti Shuhrat Abdurashidov va yana qanchadan-qancha qarindoshlar o‘limi… Bunday judoliklarga ba’zan inson irodasi dosh berolmaydi. Shunda shoir yo dardkash axtaradi, yo dardlarini qog‘ozga to‘kib soladi. Rauf Parfi aksar ikkinchi yo‘lni tanlardilar. Ammo shaxsiy dard ortida ham yurt, Vatan, millat qayg‘usi turardi. Bu muqaddas tuyg‘u shoir ijodining mazmun-mohiyatini, bosh mavzusini tashkil etardi:

Mavzu qadim – jonajon yurt haqinda
Xush kelmaydi bizga o‘zga aqida,
She’riyatni yalov bilib naqlda
Rauf Parfi suhbatiga boraman.

Rauf Parfi tom ma’noda Vatanga jonfido, Turkistonga jon tomiri tutash shoir edi. U oddiy bir she’riyat zahmatkashi sifatida yurtini bor butunicha sevardi. O‘ziga “Rauf Parfi O‘zturk” taxallusini tanlashida ham shunga ishora bor. Meningcha, “o‘z” atamasi “haqiqiy”, “sadoqatli” ma’nosi bilan birga o‘zida “o‘zbek” nomini ham mujassam etgan.

Birgina misol. Bizning xonadonda uzoq­roq yashagan paytlari she’r kitobimdagi o‘ntacha she’rni o‘zgartirgan va ko‘p joylariga “Turkiston” so‘zini kiritgandi,

– Mana bu she’ringizning oxiriga “Turkiston” so‘zini qo‘ysak zo‘r chiqadi, mana bu she’rga esa “Ona Turkiston” nomi mos keladi, – qabilida gapirgandi.

Boshqa o‘nlab shoirlar she’rini ham shu zayl­da ishlab berganiga guvoh bo‘lganman. Bu bilan bizga ham “Qutlug‘ Turkiston” ruhini singdirardi. Bu yo‘lda she’riyatni yalov, bayroq deb bilardi va hech qachon unga xiyonat qilmagandi.

“Tavba” nomli kitobiga Bahouddin Naqshbandning “Ishqda aqlu tanu dilu jon bo‘lmas” degan so‘zlarini iqtibos qilib keltirgan. Meningcha, bu ishq hamma narsadan ustun turadigan Allohga, Vatanga va she’riyatga bo‘lgan Rauf Parfi ishqidir. U bu yo‘ldan aslo qaytmadi va e’tiqodiga aylangan muqaddas tuyg‘ulariga sodiq qoldi. Chin shoirlik ham shu bo‘lsa kerak. Va bu yo‘l biz uchun hamisha ibrat namunasidir.

Rauf Parfi bilan g‘oyibona suhbatlardan keyin esa men o‘zligimni topganday bo‘laman va:

Va qaytaman tozarib gard, g‘ubordan
Oyoqlarim aylanganday qanotga.
So‘ng yelaman talotum bu shaharda
Shoirona nigoh tashlab hayotga.

«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasi, 2023 yil 35-son