“Frantsuz jamiyati o‘z taqdirining yaratuvchisi bo‘lib chiqdi. Men esa uning kotibiman, xolos. Ehtimol, men barcha tarixchilar nazaridan chetda qolgan tarix – axloq haqidagi tarixni yozishga musharraf bo‘larman. Men bor mahorat va matonatimni to‘plab, XIX asr Frantsiyasi haqidagi kitobimni adog‘iga yetkazaman”, deya ta’kidlaydi Onore de Balzak o‘zining “Inson komediyasi” epopeyasiga yozgan so‘zboshida.
Buyuk frantsuz yozuvchisi, inson ruhiy olamining zukko bilimdoni, jahon adabiyotidagi yangi sahifa – tanqidiy realizm asoschisi Onore de Balzak 1799 yilning 20 mayida Frantsiyaning Tur shahrida sud amaldori oilasida dunyoga keldi. U dastlab Vendom diniy kongregatsiya a’zolari maktabida tarbiyalandi, otasi Fransua Balsa xohishiga ko‘ra, huquq kollejiga o‘qishga kiradi. Biroq yosh Balzak falsafaga ko‘ngil qo‘yganligi va adabiyotga bo‘lgan ishtiyoqi tufayli Sorbonna universitetiga borib, adabiyotdan ma’ruzalar tingladi, u yerda adabiyotshunos va faylasuf olimlar bilan suhbatlar qurdi va o‘zini butunlay badiiy ijodga baxshida etdi. O‘qishi tamom bo‘lgach, otasi unga Turga qaytib sudda ish boshlashi lozimligini aytganida, bo‘lajak adib otasidan Parijda qolishi uchun ikki yil muhlat so‘raydi. Ota-onasi ham uning qiziqishlariga qarshi chiqmadi, yosh Onoreni Digiyerlar ko‘chasidagi bir uyning mansardasida[1] erkin ijod qilishi uchun ikki yilga qoldirib, o‘zlari esa moddiy yetishmovchilik sabab, Parij yaqinidagi Vilparizi shaharchasiga ko‘chib ketadilar. Bu davr mobaynida yosh adib Per Kornel va Jan Rasin ijodidan ilhomlanib, o‘zi yashagan davrning tushkunlik, umidsizlik kayfiyati yaqqol ufurib turgan “Kromvell” she’riy tragediyasini yaratdi. Biroz vaqt o‘tib romanga qo‘l urdi. Ammo havaskor adibning ijodiga nisbatan ketma-ket bildirilgan tanqidlar sabab, sekin-astalik bilan o‘sha davr uslubiga moslashib, sarguzasht romanchilik namunalari hisoblangan asarlar yarata boshladi. Bundan tashqari, yashirin taxalluslar ostida qator qissa va novellalar e’lon qildi. Biroq bu asarlar ham yozuvchi nomini adabiyot olamiga tanita olmadi. Oqibatda u shu paytgacha yozgan barcha asarlarini yozuvchilik yo‘lidagi mashq deb sanab (Balzak bu asarlarining bahridan o‘tadi), keyinchalik “faqat o‘zimning Balzak nomim ostida chiqqan asarlarimnigina o‘zimniki deb hisoblayman”, degan edi.
1829 yilga kelib, Balzakning o‘z nomi ostida chop etilgan “Shuanlar” nomli birinchi romani muallifni adabiyot olamiga olib kirdi. Bu asar harbiy-siyosiy roman sifatida tan olindi, shuningdek, tarixiy roman sifatida ham ijobiy baholanadi. Uning bu yutug‘i muvaffaqiyatlar silsilasining ibtidosi bo‘ldi. Zero, Balzak frantsuz adabiyotida o‘zining takrorlanmas o‘rniga ega bo‘lgan eng sermahsul ijodkor hisoblanadi. Adibning muxlislari uchun uning o‘zigagina xos bo‘lgan asar voqealaridagi iztirobli chizgilar kifoya qilardi. Aytish kerakki, bu chizgilar, shubhasiz, adibning uqubatga to‘la hayot yo‘lining in’ikosidir.
Ajib bir holat: Balzak yozishni to‘xtatgan hamono hayotida mudom falokatlar, omadsizliklar yuz berardi. Ayni shunday paytlarda uning bitmas jarohati – oila tashvishlari yana va yana ko‘ndalang turardi. Singlisi Servilaxonim betob, takasaltang ukasi Anri sariq chaqasiz, onasi esa asabiy… Va barcha muammolar Onorening zimmasida, barchasiga o‘zi qalqon.
Sarosima, ruhiy qiyinchiliklar va muammolar iskanjasida qolgan paytlarida Balzak mahbubasi de Berni xonim (o‘zidan yigirma yoshlar katta, onasi tengi ayol)dan yupanch topar edi. Yosh adib uni ham ma’shuqa, ham do‘st sifatida qadrlardi. Ayol unga ruhiy ko‘mak, hayot va ijod borasida foydali maslahatlar berardi. Adib esa uning mehriga javoban, bor bisotini ayolning oyog‘i ostiga sochishga tayyor edi.
Dastlabki muvaffaqiyatlardan biroz boshi aylanib qolgan Balzak o‘zining ijodiy salohiyatiga ishonib, gazeta va nashriyotlar tahririyatlarini muayyan muddatda roman yozib berishga ishontiradi, oldindan bo‘nak olishdek xatarli ishni odat qiladi. U yozishni rejalashtirgan asarining biror satri qog‘ozga tushmasdanoq sotib yuborgan bo‘lardi. Do‘stlari uni bu ishdan qaytarishga harchand urinmasin, Balzak o‘z bilganidan qolmasdi. Aksincha, bu ishi unga o‘zgacha huzur bag‘ishlar edi. Ehtimol, u zug‘um ostida, boshi uzra qilich o‘ynab turgandagina ishlashga odatlanib qolgandir…
Balzakning qarzi borgan sari ortib borar, boz ustiga u deyarli ijod qilmay qo‘ygandi. Endi nashriyotlar u bilan aloqani uzgan, ustiga-ustak unga qarshi da’vo arizasi bilan sudga murojaat qilishgan edi. Sudda “aybdor” Balzak… g‘alaba qozonadi! Sud qaroriga ko‘ra, agar yozuvchi va’da qilgan asarini yozib tugatish va muddatida topshirish imkoniyatiga ega bo‘lmasa, bundan ko‘rilgan zararni qoplashga majbur qilinmaydi va olgan bo‘nagini nashriyotlarga qaytarib berishi kifoya, deb topiladi. Shu voqea sabab Balzak chinakam ijod sari yuzlandi va o‘zining turkum romanlarini ommaga taqdim eta boshladi.
1830-yillarning birinchi yarmida frantsuz burjua jamiyatining turli tabaqa vakillari hayotini tasvirlovchi “Gobsek”, “Sag‘ri teri tilsimi”, “O‘ttiz yoshli xonim” asarlarini yozib, qizg‘in kayfiyatda ko‘plab ijodiy rejalar tuzdi va ularni parijliklar hayotining o‘sha davrga xos ta’sirchan sahnalari bilan boyitdi. Buning natijasi o‘laroq adib ijodining yorqin namunalari hisoblanmish “Polkovnik Shaber”, “Tur ruhoniysi”, “Evgeniya Grande”, “Qishloq tabibi” asarlarida zamondoshlarining hayotiy qarashlari, turmush tarzini yoritib berdi.
1830 – 40 yillarda adib o‘zining “Vodiydagi lola”, “Sezar Biroto”, “Nusingenlar uyi”, “Ushalmagan orzular”, “Satanglarning shavkatiyu qashshoqligi”, “Xolavachcha Bitta” kabi qator asarlarini yaratdi. Bu asarlarda XIX asr frantsuz burjua jamiyatining turli illatlari qattiq qoralanadi, sudxo‘rlik, moliyaviy nayranglar va boylik uchun kurash yo‘lida tubanlik botqog‘iga botgan turli toifa kishilarining qiyofasi ochiq-oydin, shafqatsiz tasvirlanadi.
Shu tariqa jamiyat va insonlar qiyofasi Balzak ijodining asosiy mavzusiga aylanib bordi. U o‘zining barcha davrlarga xos bo‘lgan qarashlarini singdirgan jamiki asarlarini yaxlit bir to‘plam holiga keltirib, unga “Inson komediyasi” deya umumiy nom berdi. Yaratilishi jihatidan Dantening “Ilohiy komediya”sini eslatadigan mazkur epopeyada o‘zi guvoh bo‘lgan va bevosita yashagan davrning axloqiy muammolari va moddiy yetishmovchiliklar, ijtimoiy tengsizlik singari murakkabliklarini oshkora bayon qilgan. Adib “Inson komediyasi” epopeyasiga kiritgan asarlarini uch asosiy rukn: “Axloqiy etyud”, “Falsafiy etyud” va “Analitik etyud” ostida birlashtirdi. Epopeyaga kiritilishi maqsad qilingan 145 ga yaqin katta-kichik asarlardan 97 tasinigina yozishga ulgurdi.
Balzak asarlarining ko‘lami ham, sifati ham borgan sari ortib bordi. Muallif asar qahramonlariga bevosita yaqin qarindoshlik munosabatlarining yorqin ko‘rinishlarini o‘ylab topar va voqelikni bayon etishda o‘tmish bilan bog‘liq rishtalardan foydalanardi. Ya’ni, o‘quvchilar uning bir asaridagi qahramonini keyingi ijodiy namunalarda yana qayta uchratishdan hecham ajablanmasdilar, aksincha, bu turkum asarlardagi yaxlitlik hamda voqealardagi davomiylikni ta’minlardi.
Masalan, “Gorio ota” romani “Inson komediyasi” jamlanmasi uchun eng muhim manba hisoblanadi. Asarda Gorio otaning jon-jigarlik mehr-muhabbati haqida so‘z borganda, Balzak, albatta, bu ehtiroslar ota qalbini yemiruvchi og‘ir jarohatday zo‘rayib borishini va natijada, boshqa hamma tuyg‘ularni muqarrar tarzda yanchib tashlashini ko‘rsatib berdi. Romanning boshida biz bilgan Gorio ota avvaliga bu mushkul vaziyatdan qutilib keta oladiganday tuyuladi. Sobiq savdogar mol-mulkining ancha-muncha qismini qizlariga sarflab, endilikda o‘zi Voke pansionida (bu bir xaroba xonadon bo‘lib, u yerda ijarada turadiganlarning aksariyat qismini qashshoq talabalar tashkil etadi) xoli va yolg‘iz hayot kechiradi. Balzak o‘z qahramonini bir mag‘lubiyatdan ikkinchisiga, bir mahrumlikdan yana boshqasiga olib o‘tar ekan, alal-oqibat uning halokat yoqasiga kelib qolishini tasvirlamoqchi bo‘ladi. Bu uslub uning ko‘p asarlariga xos. Balzak bu asardan so‘ng “Inson komediyasi”ning eng muhim xususiyati hisoblanmish “qayta yaratilgan obraz” uslubidan foydalanib ijod qildi. “Gorio ota” romanidagi personajlar va voqealar rivoji adibning keyingi asarlarida ham uchraydi.
Frantsuz yozuvchisi Andre Morua bu roman xususida shunday fikr bildiradi: “Aynan “Gorio ota” romanida Balzak tomonidan yaratilgan dunyo shu qadar ishonchli sifatlar kasb etadiki, ularni haqiqiy hayotdan farqlash qiyin bo‘lib qoladi”.
Balzak zamondosh adiblarga ehtirom ko‘rsatishda ham e’tiborli edi. “XIX asr frantsuz yozuvchilariga maktub”ida davlatga hukmronlik qilishda quroldan ko‘ra g‘oyaning roli ustunligini ta’kidlaydi, shu bilan birga, Yevropa ustidan qurol bilan emas, balki so‘z qudrati bilan hukmronlik o‘rnatishga da’vat etadi. Adibning fikriga ko‘ra, “ijodning shirin mevasi besamar g‘aflatga olib keladi va yozuvchi uchun bundan hech qanday naf yo‘q”. Binobarin, adib butun umri davomida o‘ziga cheklovlar qo‘yib, ijod borasida qoniqmaslik hissi bilan yashagan.
Onore de Balzak atrof-jamiyatni sinchkovlik bilan kuzatar ekan, boylikka xirs qo‘ygan burjua sinfining jirkanch qiyofasini, buzuq axloqini xolis talqin qila oldi. U inson ruhiyatining chuqur bilimdoni ham edi. Buni adibning barcha asarlarida kuzatamiz. Shuning uchun ham “buyuk insonshunos”ning bu salohiyati jahon adabiyotida yangi ijodiy oqim – tanqidiy realizmning yuzaga kelishiga sabab bo‘ldi. Balzak o‘zining “Inson komediyasi” turkumini yaratish bilan zamonasining hushyor ziyolisi, qalami o‘tkir satirik yozuvchi, bilimdon faylasuf sifatida ham jahon adabiyotida o‘chmas iz qoldirdi.
Balzakning hayoti va ijod yo‘li mushkulotlar bilan to‘lib-toshgan. Oilaviy tashvishlar, ruhiy iztiroblar va tinimsiz mehnat adib sog‘ligining yomonlashuviga sabab bo‘ldi.
1850 yilning erta bahori… Onore uzoq yillardan buyon xat yozishib yurgan mehribon do‘sti Evelina Ganskayaga uylanish niyatida Ukrainaga keldi. 14 mart kuni ularning nikoh marosimi bo‘lib o‘tdi. Bundan xursand bo‘lib, Balzak parijlik sirdosh do‘sti Zyulma Karro xonimga maktub yo‘llab, shunday deb yozadi: “Hayotda na baxtli bolalikdan, na navqiron yoshlikdan to‘yib bahra olish nasib etgan edi menga. Aftidan, umrimning qolgan qismi endi totli o‘tadigan ko‘rinadi”.
Afsuslar bo‘lsinki, bu baxt ham unga nasib etmadi. Kasali kun sayin zo‘rayib borgan adib rafiqasi bilan Parijga qaytdi va avgustning o‘n sakkizida adabiyot ahli buyuk yozuvchisidan ajralib qoldi. “Bugun frantsuz xalqi uchun juda og‘ir kun bo‘ldi. Janob Balzak barcha buyuklarning buyugi, ulug‘ insonlarning ulug‘i edi… U yozib qoldirgan asarlar zamonamizni to‘liq va yorqin kartinalarda aks ettiruvchi hayot sahifasini tashkil etadi”, degan edi dafn marosimida so‘z olgan yozuvchi Viktor Gyugo chuqur qayg‘u bilan…
Mahmadiyor Asadov, Qarshi Davlat Universiteti o‘qituvchisi,
Nilufar Shodiyeva, Qarshi Davlat Universiteti talabasi
“Jahon adabiyoti”, 2013 yil, 5-son
[1] Tom ostidagi qiya shipli bolxona.