Burobiya Rajabova. Ta’sirli qit’ada moziy sadosi

http://n.ziyouz.com/images/navoiybobo.jpg

Alisher Navoiy ijodining bir muhim fazilati shundaki, asarlarida o‘z davrining nodir voqealari, urf-odatlari, ulug‘ yoki oddiy insonlar hayoti, turmush tarzidan qiziqarli lavhalar, ijodkorlarning ijod namunalari haqidagi tasvir, izohlar bayonining mahorat bilan berilishidir. Bu haqda taniqli navoiyshunos N.Mallayev: “Navoiy ijodiyoti u yashagan muhitning badiiy qomusi, murakkab xalq tarixining ravshan ko‘zgusidir. Unda inson hayoti va faoliyatining rang-barang sohalari o‘z ifodasini topgan. Binobarin, Navoiy merosi turli ilm sohalari uchun boy va qimmatli manbadir”[1], deb to‘g‘ri ta’kidlagan. Shunday qimmatli manbalardan biri shoirning 1493 yilda yozgan “Holoti Pahlavon Muhammad” asaridir.

Navoiy o‘z asarida Pahlavon Muhammadning “Qushtigir” (forscha yakkama-yakka kurash tushuvchi, polvon, pahlavon[2]) taxallusi bilan g‘azal, muammo, ruboiy, qit’a, masnaviy kabi  janrlarda ham barakali ijod qilganligi haqida ma’lumot berar ekan: “Va she’r va muammo bobida ilmiy va amaliysida Pahlavon sohibvuquf va jald erdi, ul nav’kim zamon shuarosining yuzidin oncha shuur va vuquf yo‘qtur va aksar nazm ahli har nav’ she’r aytsalar erdi – Pahlavon nazarig‘a yetkururlar erdi va aning isloh va tag‘yir va tabdilin qabul qilur erdilar va o‘zining dag‘i she’r va muammo fannida tab’i muloyim erdi”[3], deb ta’riflaydi. Jumladan, do‘stining  muammo yozishdagi betakror usuli haqida  “Muammo tarixida xud muxtari’ erdi”, ya’ni u muammo fanida (janrida) yangilik yaratuvchi edi deb yozadi. Ruboiylari to‘g‘risida “Va yaxshi ruboiylari bor. Xoh bir mahalda birov uchun aytg‘on, xoh birovning ruq’asig‘a javob yuborg‘on”, ya’ni o‘ziga kelgan maktublarga javob xatini asosan ruboiyda yozib yuborishini ta’kidlaydi. Bunday o‘ziga xos  ijodiy holatni Navoiy ustozi Abdurahmon Jomiyda ham kuzatganini “Xamsat ul-mutahayyirin” asarida uning ruqa’lari misolida qayd etgan. Uning masnaviylarini esa “Dag‘i yaxshi so‘z masnaviysi ham borki, nazm ahlining  mutaayyinlarig‘a ul nav’ abyot voqe’ bo‘lmaydur” (109), deb yuksak baholagan.

Ma’lumki, xalqimiz orasida  alohida hurmatga sazovor kishilarni va kelin-kuyovlarni kutib olish uchun yo‘liga, oyog‘i ostiga atlas, shohi, ipak, xitoyi jinsi kabi matolardan yoki gilamdan poyandoz (poyandoz – forscha ostonaga, oyoq ostiga to‘shaladigan gilam yoki ipak mato[4]) solinadi. Qarangki, atlas poyandoz solish odatini “Holoti Pahlavon Muhammad” asarida Pahlavon Muhammadning bitib qoldirgan  bir qit’asida uchratamiz. Qit’ada ham hayotiy, ham badiiy tasvirlar borki, ular bizni, birinchidan, bu noyob tasvirlar Alisher Navoiy, Husayn Boyqaro va Pahlavon Muhammaddek ulug‘ siymolarining ibratli munosabatlari, fazilatlari qatorida ularning o‘zaro ijodiy muloqotlari bilan ham tanishtiradi, ikkinchidan, shoir davrida (hozir ham)  mavjud bo‘lgan atlasdan poyandoz solish odatidan xabardor qiladi.

Navoiy “Holoti Pahlavon Muhammad” asarida ustozi Pahlavon Muhammadning qiziq va nodir voqea bayoniga bag‘ishlangan qit’asi haqida va u bino qilgan langar (yo‘lovchilar qo‘nib o‘tadigan joy; kambag‘al, yetim-esirlarga ovqat ulashadigan g‘aribxona ham langar deyiladi) to‘g‘risidagi ma’lumoti isboti uchun ustozi Pahlavon Muhammadning bir “muloyim qit’a”sining yozilish tarixiga to‘xtalgan. Uning yozishicha, ustozi “Sultoniy” nomli ajoyib anhor yoqasida jamoat manfaatini nazarda tutib har tomonlama obod bir xayrli maskan-musofirxona qurdiradi. Navoiy holotda Pahlavonning takyasi haqida ham alohida ma’lumot berar ekan, kecha-kunduz odamlar bilan gavjumligi borasida shunday yozgan: “Kecharoklik va kunduzlik yigirma to‘rt soatda Pahlavonning tak’yasida xoh safarda, xoh hazarda tabx ishtig‘olidin farog‘at yo‘q erdi, turluk-turluk at’ima erdi. Andoqki, bu ne’matu ag‘ziyadin fuqaro va masokinu muqim va musofir mahzuz erdilar” (112). Baxtli tasodifni qarangki, ovdan qaytayotgan Husayn Boyqaro Pahlavon Muhammad suhbatidan bahra olish uchun musofirxonaga tashrif buyuradi, ammo bu baxtli damda Pahlavon Muhammad musofirxonada bo‘lmaydi. U musofirxonasiga qaytar ekan, shohning tashrifini eshitib, o‘zining shoh istiqboliga chiqa olmaganidan ikkilanish (afsus, attang – B.R.) va afsuslanish,  ta’sirlanish bilan uzrini ifodalab, hozirjavoblik bilan “muloyim qit’a” yozib, saroyga – Husayn Boyqaro huzuriga yuboradi. Qit’ada u Husayn Boyqaroni sharaflab, “Shoh – Ollohning yerdagi soyasidir”, degan purma’no hikmatni misralar qatiga singdiradi. Mubolag‘a san’atini qo‘llab, mening nomimdan shohning oyog‘i ostiga atlasdan poyandozni osmon farishtalari solibdi, deya olqishlaydi, g‘uluv san’ati vositasida esa men atlas poyandoz o‘rnida o‘z jonimni ham hadya qilar edim, deya shohning tashrifini samimiy bir hurmat va cheksiz faxr bilan sharaflaydi. Shohning tashrifidan so‘ng Pahlavon Muhammad musofirxonasi yanada mashhurlikka yuz tutgan. Bo‘lib o‘tgan  voqealarni o‘sha paytda ustozidan eshitgan hazrat Navoiy ham ta’sirlangan bo‘lsa kerakki, endi u ustozining nurli xotirasi uchun “muloyim qit’a”si  misolida ma’lumot berish vazifasini o‘z oldiga maqsad qilib qo‘yadi va asarda bu voqeani maroq bilan go‘zal bir shaklda bitib qoldiradi. Shoir, bir tomondan, ushbu qit’aning yozilishiga sabab bo‘lgan ijodkorlar homiysi, ma’rifatparvar hukmdor Husayn Boyqaro siymosini ulug‘lagan bo‘lsa, ikkinchi tomondan esa u  Pahlavon Muhammad yaratgan qit’alaridan o‘ziga manzur va ma’qul bo‘lgan “muloyim qit’a”ni keltirish bilan ko‘pchilikning bahra olishini istagandek. Chunonchi: “Va muloyim qit’alari bor. Ul jumladin biri budurkim, jo‘yi “Sultoniy” yoqasida Pahlavon bir langare bunyod qilibdurkim, aning ta’rifini qilmoq – quyoshni ravshanliqg‘a va mayni mastliqg‘a ta’rif qilg‘ondekdur va bir qatla sulton sohibqiron ovdan qaytg‘onda ul tak’yag‘a tushubdur va Pahlavon hozir emas ekandur. Bul jihatdan bag‘oyat mutaraddid va mutaassir bo‘lubtur, ul mahalda uzr uchun bu qit’ani aytib erdikim:

Qit’a:

Tak’yai moro sharaf biguzasht az charxi barin,
                   Po ba ro‘ afkanda soya soyai Parvardigor,
                   Garchi gardun atlasi xud kard poyandozi shoh,
                   Kosh man mebudame to joni xud kardi nisor (100).

Tarjimasi: “Parvardigorning soyasi takyamga o‘z soyasini solib, uning sharafini baland osmondan ham yuksaltirib yubordi. Agarchi osmon o‘z atlasini shohga poyandoz qilgan esa-da, koshki o‘zim bor bo‘lsaydim, jonimni nisor qilardim” (235).

Agar qit’ada tasvirlangan gardun atlasi birikmasiga diqqat qilsak, ramziy ma’no va ohangda bu-kamalakka ishoradir, demak, Sulton Husayn Boyqaroning Pahlavon Muhammad takyasiga kelgan vaqtida osmonda yetti xil rangda tovlanib atlas nusxa kamalak paydo bo‘lgan. Mazkur nurli, ilhomiy onlarni shoir o‘z qit’asida mahorat bilan yashirin talmeh san’ati vositasida Parvardigor o‘zining Yerdagi soyasini, ya’ni hukmdorni o‘zining gardun atlasi bilan sharaflabdi, degan badiiy talqin qilgan va betakror tasvir yaratgan.

Pahlavon Muhammad ijodidan asarda keltirilgan namunalar bir-biridan ta’sirli bo‘lsa-da, ayni qit’ani Navoiy “muloyim qit’a” deb ataydi. Agar  muloyim so‘zining lug‘aviy ma’nosiga e’tibor qaratsak, Navoiy muloyim  so‘zining “ta’sirli, yoqimli”[5]  kabi ko‘chma ma’nolarida qo‘llagan bo‘lib, uni “ta’sirli va yoqimli qit’a” deb tushunishimiz mumkin

Alisher Navoiy o‘z asarida ustozi Pahlavon Muhammadning o‘ziga xos matlalarini sharhlaganda, uning bir mashhur matlasini ham keltirishni unutmagan. Chunonchi:

Guftamash: “Dar olame ishqi tu koram bo g‘am ast”,
Guft xandon zeri lab: “G‘am nest, kori olam ast” (108).

Tarjimasi: Yorga aytdimki: “Sening ishqing olamida ishim g‘amdan iborat bo‘lib qoldi.” U kulgi aralash miyig‘ida kulib: “Nima bo‘pti, dunyoning ishi-shu” – dedi (S. G‘aniyeva tarjimasi (220)).

Qizig‘i shundaki, Navoiy bu matlani “Majolis un-nafois” tazkirasining to‘rtinchi majlisi (ustozi zikri boshlangan – B.R.)ning “Pahlavon Muhammad Go‘shtigirkim” nomli fiqrasida bitgan. Bu matla Husayn Boyqaroning yuksak hadyasiga sazovor bo‘lib, sohibi Pahlavon Muhammadga rizqu baraka, shonu sharaf keltirgan mashhur matla ekan. Bu voqea haqidagi ma’lumot “Holoti Pahlavon Muhammad”da uchramaydi. “Majolis un-nafois”da esa “Bu matla’ Pahlavonningdurkim, aytg‘onda Pahlavong‘a podshoh ming oltin sila inoyat qildi”[6], deb xabar beradi.

Demak, bu matla ming oltin tanga in’omga sazovor bo‘lgan matla bo‘lib, Navoiy ham “Majolis un-nafois”da, ham “Holoti Pahlavon Muhammad”da yozib qoldirgan. Zayniddin Vosifiy “Badoye’ ul-vaqoye’” nomli asarining “Pahlavon Muhammad Abdusa’id va sulton Husayn Mirzoning boshqa kurashchilari fazilatlari va kamolati zikrida” nomli faslida mazkur matlani keltiradi, faqat Vosifiy “podshoh o‘n ming oltin sila inoyat qildilarkim”[7], deb yozadi. To‘plamda mashhur matla N.Norqulov tarjimasida berilgan[8].

Demak, Navoiy o‘z asarida ustozining shoir sifatidagi mahoratiga alohida to‘xtalar ekan, uni iste’dodli qalam sohibi o‘laroq ustozining ijod bobida ham beqiyos shoirlardan biri sifatida ta’rif-tavsif qiladi, she’rlariga yuksak baho beradi. Hatto u “Nasoyim ul-muhabbat”da xorazmlik mashhur Pahlavon Mahmud haqidagi fiqrada “Pahlavon Mahmuddan so‘ngra Pahlavon Muhammad Abusaid ham o‘z zamonining benaziri erdi”[9] degan nodir eslatmani bitgan. O‘zbekiston Qahramoni S.G‘aniyeva ta’biri bilan aytganda, “Pahlavon Muhammad vafotidan keyin Navoiy uning xotirasini abadiylashtirib bu risolasini yozgan. Unda do‘sti va murabbiysining g‘oyat jozibali obrazini yaratgan hamda xarakterni go‘zal va betakror chizgilarda ochib bergan” (224). Demak, ulug‘ Navoiy o‘z asarini yorqin va unutilmas xotiralariga tayanib hamda Pahlavon Muhammadning she’rlarini, xususan, “muloyim qit’a”sini qayta-qayta mutolaa qilib, ichki bir sog‘inch bilan yozganini sezishimiz mumkin.

________________________

[1] M a l l a ye v   N. Alisher Navoiy va xalq ijodiyoti. Toshkent: Adabiyot va san’at nashriyoti, 1974. 34-bet.

[2] Sh a m s i ye v   P., I b r o h i m o v   S. Navoiy asarlari lug‘ati.  Toshkent: Adabiyot va san’at nashriyoti, 1972.  324-bet.

[3] A l i sh ye r    N a v o i y. Mukammal asarlar to‘plami. Yigirma jildlik. 15-jild.  Holoti Pahlavon Muhammad. Toshkent: Fan, 1999. 108-bet. Bundan keyin mazkur nashrga murojaat qilinganda sahifasi qavs ichida ko‘rsatiladi.

[4] O‘zbek tilining izohli lug‘ati. 3-jild. Toshkent: O‘ME, 2007. 285-bet.

[5] O‘zbek tilining izohli lug‘ati. 2-jild Toshkent: O‘ME, 2006.  635-bet.

[6] A l i sh ye r   N a v o i y. Mukammal asarlar to‘plami. 13-jild.  Majolis un-nafois. Toshkent: Fan, 1997. 114-bet.

[7] Navoiy zamondoshlari xotirasida (Tuzuvchi B.Ahmedov). Toshkent: G‘.G‘ulom nomidagi Adabiyot va san’at nashriyoti, 1985. 183-bet.

[8] O‘sha asar. 184-bet.

[9] A l i sh ye r   N a v o i y. Mukammal asarlar to‘plami. 17-jild.  Nasoyim ul-muhabbat. Toshkent: Fan, 2001. 302-bet.