Alisher Navoiy asarlari matnida o‘z davrining turli ilm-fan, kasb-hunarga oid ko‘plab atamalarini ham mahorat bilan qo‘llagan. Ulardan ba’zilari asrlar davomida o‘zgarmay bizning davrimizgacha ham iste’molda bo‘lsa, ayrimlari bugun iste’moldan chiqib, tarixiy yoki arxaik so‘zlarga aylanib ulgurgan[1]. Tarixiy-huquqiy istilohlar ana shunday atamalar sirasiga kiradi. Ularni ikki guruhga bo‘lib o‘rganish maqsadga muvofiq. Birinchisi – muallif tilidan bayon qilingan ma’lumot, eslatma, zikrlarda qo‘llanilgan bo‘lib, buning yorqin misoli “Majolis un-nafois” va “Nasoyim ul-muhabbat” tazkiralari bo‘lsa, ikkinchisi esa, asar qahramonlari tilidan bayon qilinadi va uning yorqin namunalarini “Xamsa” dostonlarida ko‘ramiz.
Navoiy ijodida qo‘llangan tarixiy-huquqiy istilohlardan biri bu – qadim xonavoda atamasidir. U xonavoda, xonavodayi qadim shakllarida uchraydi. Bu so‘z lug‘atlarda, asosan, xonadon, xonavoda shaklida berilgan, demak, qadim xonavoda, xonavodai qadim yasama birikma ko‘rinishida Navoiy ijod qilgan tarixiy-huquqiy atama bo‘lib, u davlat boshqaruvi bilan bog‘liq va asrlar davomida davlatni boshqargan bir sulolaga nisbatan qo‘llaniladi, ba’zi lug‘atlarda oila kabi ma’nolari ham ko‘rsatilgan[2]. “Majolis un-nafois”ning ikkinchi majlisida keltirilgan shoh Badaxshon zikrida Navoiy uni bir marta qadim xonavoda va uch marta xonavoda shakllarida ishlatgan. Shuni alohida qayd qilish kerakki, qadim xonavoda, xonavodai qadim birikmalari oldidan sulola, nasab so‘zlari qo‘llanilsa, atama ma’nosi yanada aniqlashadi. Navoiy “Alarning sulolasi qadim xonavoda erdi”, deb yozishi mumkin edi, ammo u “Alarning xonavodasi qadim xonavoda erdi” deb bitib, bu sulolaning davomli davlat boshqaruviga alohida e’tibor qaratgan, deyish mumkin: “Shoh Badaxshon – “La’liy” taxallus qilur erdi. Xushtab’ va musulmonvash kishi erdi. Alarning xonavodasi qadim xonavoda erdi, necha ming yil erdikim, Badaxshon mulkining saltanati alarning xonavodasidin o‘zga xonavodag‘a intiqol topmaydur erdi…”[3].
Navoiyning bu ma’lumotiga hamohang ma’lumot Bobur Mirzoning “Boburnoma” asarida va Faxri Hiraviyning “Ravzat us-salotin” tazkirasida[4] (“qadim xonavoda” tushunchasini tarjimon tarjimada bir necha yil shaklida xato o‘girgan – B.R.) hamda Muhammad Haydar Mirzoning “Tarixi Rashidiy”[5] tarixiy asarida (uning ma’lumoti ancha mukammal bo‘lib, u Iskandar tuzgan “Dastur-al-amal”, ya’ni davlat boshqarish qoidalari haqida ham yozgan – B.R. ) uchraydi. Bobur Mirzo bobosi Yunusxon haqidagi tarixiy eslatmada shunday yozadi: “Xonning yana bir xotuni Shohbegim edi… Shohbegim Badaxshon shohi Shoh Sulton Muhammadning qizi edi. Bu Badaxshon shohlari nasablarini Iskandar Faylaqusqa yetar derlar”[6]. Bobur Navoiy qo‘llagan xonavoda, qadim xonavoda tarixiy-huquqiy atamasiga yanada aniqlik kiritib, Badaxshon shohlarining nasablari – xonavodasi Iskandar Faylaqusdan boshlanishiga alohida urg‘u beradi. Navoiyning o‘zi “Tarixi muluki Ajam”ning “Ikinchi tabaqa kayoniylardur” nomli bobida “Va alar to‘quz kishi saltanat qildilar. Va ba’zi Iskandarni dog‘i alardin tutubdurlar va o‘n debdurlar… Va faqir “Saddi Iskandariy”da ul iki buzrugvor (Nizomiy Ganjaviy va Xusrav Dehlaviy – B.R.) qavlini soyir muarrixlar ahvolig‘a tarjih qilib, nazm adosiga qaror beribmen” (16, 205-217), degan ma’lumotida dalilu izohlar bilan sharhlaydi. Dostonning XXVII bobida Doro o‘limi oldidan shoh Iskandarga uchta vasiyat qiladi. Shundan ikkinchisida qavmu xaylimg‘a zulm qilma, ular kayoniylardan bo‘lib, senga adovat qilmaydi, karam qilsang, “xonadoni qadim” xayling bo‘ladi, degan mazmunni ifodalar ekan, bu atamani Ajam shohlarining ikkinchi sulolasi, ya’ni kayoniylarga nisbatan qo‘llagan:
Xabo aylama xonadoni qadim –
Ki, yo‘qtur alardin sanga hech bim (11, 191)
Faqih Navoiy insonlarni o‘zaro hurmat va do‘stona munosabatga chaqirib yozar ekan, “Saddi Iskandariy”ning “Muxolifat” nomli bobida “to‘fon” va “vayronalik” timsoli bo‘lgan adovat faqat ahli san’at aro emas, balki ahli davlat aro ham borligidan ogohlantiradi va bu o‘rinda xonadoni qadim atamasidan juda o‘rinli foydalangan hamda o‘z fikrlarining bashorat ekanligiga ishontira olgan.U adovat necha ming asrlar davomida davlatni boshqargan xonadoni qadimning buzilishiga, vayron bo‘lishiga olib keladi, degan haqiqatu hulosalarini shunday badiiy talqin qiladi:
Topar ko‘p kishi ul adovatda bim,
Buzulur base xonadoni qadim.
Bu go‘yo jahon ichra to‘fon erur, –
Ki, andin jahon ahli vayron erur (11,151).
Navoiy lirik va nasriy asarlari matnida islom huquqshunosligiga oid fiqh atamasini ham ilm-fan ma’nosida mahorat bilan qo‘llagan. “Fiqh” daqiq fahmni, ya’ni bir narsani nozik joylarigacha yaxshi tushunishni anglatadi. Shariat istilohiga ko‘ra esa shar’iy dalillardan far’iy hukmlarni chiqarishga “fiqh” deyiladi. Ilmi fiqh islom dinining yo‘l-yo‘riqlari, qonun-qoidalari to‘g‘risidagi huquq ilmi, islom qonunshunosligidir[7]. Muhammad s.a.v. ham fiqhga yuqori baho bergan. Chunonchi, Muoviya roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Nabiiy sollallohu alayhi vasallom: “Olloh kimga yaxshilikni iroda qilsa, uni dinida faqih qilib qo‘yadi”, – dedilar.
Navoiy “ Farhod va Shirin”ning Shohg‘arib Mirzoga bag‘ishlangan bobida hukmdor har narsaning mohiyatini bilish uchun fiqh, hadis, tafsir, tib, tarix, hikmat kabi ilmlarni puxta egallashi kerakligini shahzodaga uqtirar ekan, diniy ishlardan bo‘lmish fiqhqa alohida e’tibor qaratadi:
Bu din ilmiki, xoma qildi tahrir,
Erur fiqhu hadisu so‘ngra tafsir (8,464).
“Layli va Majnun”ning Husayn Boyqaroga bag‘ishlangan bobida ham fiqhning ahamiyatini yuksak baholab, sultonni bu ilm bilimdoni sifatida ko‘rsatadi:
Olam aro ilm ilmi dindur,
Din ilmi fiqh erur yaqindir.
Yo‘q fiqh faqat hadisu tafsir,
Har qaydaki, daxl qildi bir-bir (9, 41-42).
“Sab’ai sayyor”ning Abdurahmon Jomiyga bag‘ishlangan 7-bobida ustozini fiqh donishmandi sifatida ta’riflaydi:
So‘zidan fiqh eliga zebu baho,
Mas’ala desa hayrat-ul fuqaho (10, 42).
Kuzatishlarimiz shuni ko‘rsatadiki, Navoiy “Xamsa” dostonlari matnida fiqh atamasini, birinchidan, hadis, tafsir atamalari bilan deyarli yonma-yon ishlatgan bo‘lsa, ikkinchidan esa, ushbu atamani ko‘proq hukmdoru shahzodalar, ulug‘ siymolar madh qilingan poetik tasvirlarda san’atkorona qo‘llagan.
“Majolis un-nafois”dagi Xoja Fazlulloh Abullays Samarqandiy zikrida fiqh fan ma’nosida qo‘llangan bo‘lsa (13, 33), Mir Ixtiyoriddin zikrida uning ikki fandagi salohiyatini qadrlab, “Arabiyati va fiqhi ta’rif qilg‘uncha bor”, deb yozar ekan, olimni arabiyat fanida qanchalik mohir va bilimdon bo‘lsa, fiqh ilmida ham shunchalik bilimdondir, deb kitobxonga tanishtiradi: “Mir Ixtiyoriddin yaxshi tab’lig‘, yaxshi tavrlig‘ yigitdur… Arabiyat va fiqhi ta’rif qilg‘uncha bor, derlarki, bir tasnif ilgidadurkim, tugansa ma’lum bo‘lurki, ne miqdor salohiyati bor” (13, 123). Ma’lumotga diqqat qilsak, ustoz Navoiy uning qo‘lida fiqh fani bilan bog‘liq bir tasnif borligini, agar tasnif-asarini yakunlasa, yana bir bor “ne salohiyati bor”ligini ta’kidlab ko‘rsatgan.
“Nasoyim ul-muhabbat” tazkirasida esa Sadruddin Ravosiy zikrida ustozi sifatida yana Xoja Fazlulloh Abullaysiyni eslar ekan, shunday yozadi: “…Samarqand Dor ul-ilmining olimi ulamosi erdi, zuhdu taqvoda naziri yo‘q erdi va fiqhda Abu Hanifai soniy derlar erdikim” (17,442). Ma’lum bo‘ladiki, Navoiy asarlaridagi fiqh tushunchasi atama sifatida deyarli bir ma’noda qo‘lanilgan bo‘lsa-da, ba’zi o‘rinlarda ma’no ko‘chish asosida hukmdorlar, mashhur faqihlarlarning shu fanning fidoyilari sifatida fiqh faniga qo‘shgan hissalariga ham ishoralarni anglash mumkin.
Fiqh va faqih atamalari aslida islom hamda zamonaviy huquqshunoslikning alohida istilohlari bo‘lsa-da, bir-biriga bog‘liq, yondosh, bir-birini to‘ldiradigan tushunchalar hisoblanadi. Lug‘atlarda “faqih” so‘ziga musulmon qonunshunosligi ilmining bilimdoni, huquqshunos olimi, degan qisqa va lo‘nda ta’rif beriladi[8]. Navoiy “Xamsa” dostonlari matnida bu atamani boshqa asarlari matniga nisbatan eng ko‘p qo‘llagan, deyish mumkin. Jumladan, “Layli va Majnun”ning “Husayn Boyqaro madhida” nomli 7-bobda shohning faqihlar bilan fiqh ilmi masalalari yuzasidan qilgan suhbatlari, majlislari, bu majlisu suhbatlarda Husayn Boyqaro aytgan masalalarni sharhlab, izohlab faqihlarning risolayu kitoblar yozishlari va bu harakatlari bilan shoh ham, faqihlar ham Abu Hanifa ruhini shod aylashlari haqida to‘lqinlanib yozadi:
Bazmi aro har faqihi mohir,
Bir mas’ala qildi ersa zohir…
Har yerdaki, ul debon masoyil,
Andin fuqaho yozib rasoyil…
Har nuqtaki, ko‘rguzub vuzuhin,
Shod aylab Abu Hanifa ruhin (9, 41-42).
“Sab’ai sayyor”da u yashirin talmeh san’ati vositasida Abdurahmon Jomiyni kitobxonga go‘yo mashhur faqih imomi A’zam deb tanishtiradi (10,42). Shoir bu o‘rinda yana takrorning oldini olib, fuqaho, ya’ni faqihlar ko‘plik shakli o‘rniga “fiqh eli” so‘z birikmasini san’atkorona qo‘llagan. Navoiy ustozlariga bitgan holatlarida ham Sayyid Hasan Ardasher(15,90) va Pahlavon Muhammad(15,111)larni yetuk faqih sifatida tilga olgan.
“Majolis un-nafois”dagi mashhur faqih Xoja Fazlulloh Abullays Samarqandiy zikrida to‘rt nafar faqih nomi ochiq va yashirin talmeh san’ati asosida yodga olinadi: birinchisi – ustozi faqih Abullays Samarqandiy, ikkinchisi – faqih Abullays avlodlari, uchunchisi – faqihlar avvali Abu Hanifadir, to‘rtinchisi esa muallifning o‘zi, ya’ni faqih Navoiydir: “Xoja Fazlulloh Abullaysiy – Samarqand akobiridindur. Faqih Abullays avlodidindur. Fiqhda ani Abu Hanifai Soniy derlar erdi va arabiyatda Ibn Hojib kaffasida tutarlar erdi. Sayyid Sharifning shogirdi erdi va Sayyid o‘z xatlari bila ulumi dars ayturg‘a ijozatnomalar aning uchun bitib erdi. Faqir ikki yil alarning qoshida sabaq o‘qub erdim, ancha iltifotlari bor erdikim, “farzand” der erdilar… Samarqandning a’lami ulamosi erdi” (13, 33).
“Nasoyim ul-muhabbat”da “Agarchi faqohatqa mashhurdur”, deb o‘zgacha ta’rif bilan yagona “Faqih” nisba(uning kelib chiqishi yoki kasb-korini ko‘rsatuvchi nomi-B.R.)siga ega shayx Shayx Imoduddin Faqihni yodga oladi (17, 470). Yagona deyishimizga sabab, Navoiy tazkirada zikr qilgan 770 nafar shayxning amir, xoja, mavlono, bobo, ota, turkmon, kurdiy, bob kabi nisba, unvon, kunyalarini ko‘p o‘rinda tilga olsa, Faqih nisbasi bilan faqat shayx Imomiddinni tanishtiradi, xolos. Demak, Navoiy tarixiy siymolar bilan bog‘liq lavhalarda ham islom huquqshunosligiga oid faqih atamasini bor mazmun mohiyati bilan qo‘llagandir.
Navoiy faqihni “G‘aroyib us–sig‘ar” devonidan joy olgan 7 baytli “qaro” radifli g‘azal matnida “ey faqih” shaklida yoyiq undalma so‘z vazifasida san’atkorona ishlata olgan. Ya’ni, ba’zi nopok faqihlarni fiqh tizimidagi faoliyatlaridagi makr, firib, noxolislik, adolatsizlikni tanqid qilib, poklikka, adolatga, haqlikka undab, shunday purma’no misralarni yozgan:
G‘ayirdin qilg‘il zamiring safhasin pok, ey faqih,
Tobakay qilmoq firebu makr ila daftar qaro (3, 49).
Yoki o‘zining “Nazm ul-javohir” asarida hazrati Alining “Fiqh ulamolari – xalq sarvaridirlar”, degan hikmatiga javoban hamda yoshlarni fiqh fanini o‘rganishga chaqirib, faqihlarni esa sharaflab madh qilib quyidagi mashhur ruboiysini bitgan:
Qolg‘on kishi kasbi ilmdin zahmat aro,
Fiqh o‘rgansun sa’y ila ul mehnat aro.
Ilm ichra sharaf fiqhda bil nisbat aro–
Kim, sarvar erur faqih bu ummat aro(15,155).
Navoiy islom huquqshunosligining bilimdoni sifatida o‘zi yaratgan betakror asarlari matnida qozi atamasini ham o‘ziga xos tarzda ishlatgan, ya’ni, asosan, shariat qonunlari asosida hukm va ijro ishlarini olib boruvchi mansabdor shaxs ma’nosida va o‘rni bilan an’anaviy uslubda o‘zigacha mavjud bo‘lgan ma’joziy-ko‘chma ma’nolarda ham san’atkorona qo‘llagan, deyish mumkin. Ammo u “Nasoyim ul-muhabbat”da berilgan Qozi Hamiduddin Noguriy q.s. fiqrasida qozi tushunchasini akobir so‘zining to‘rtta sinonimik qatoridagi sinonimi sifatida izohlaydi: “Hamono andoqki, ko‘prak akobirni Xurasonda shayx derlar va Samarqandda xoja va Rumda bob va Hindda qozi derlar”(17,372). Ko‘zdan kechirilgan lug‘atlar asosida mazkur atamaning leksik hamda majoziy ma’no qirralari va berilgan ta’rif, izohlarga to‘xtalsak. Demak, qozi atamasi arabcha so‘z bo‘lib, ijrochi, amalga oshiruvchi, hukm qiluvchi(chiqaruvchi)kabi leksik ma’noni bildirishi lug‘atlarda yozilgan bo‘lsa, yana Olloh, falak, charx, Mushtariy sayyorasi singari ma’joziy-ko‘chma ma’nolarda kelishi ham izohlanadi.[9]Navoiy qozining qozixonada ramziy guvohlar-adlu insof yordamida shariat hukmini belgilashi bilan bog‘liq poetik lavhani “Hayratul abror”da “Shoh G‘oziy” hikoyatida tasvirlab bergan.[10] “Mahbub ul-qulub”asarining 12-faslini “Quzot zikrida” deb nomlaydi va : “Qozi islom binosiga arkondur va musulmonlar xayr va sharrig‘a nofizi farmondur”(16,21-22), deya ta’riflaydi, qozilarning faoliyatidagi ijobiy hamda salbiy jihatlarini tahlil qiladi, hatto, o‘z xulosalarini alohida qit’a bilan yakunlaydi. Navoiy “Majolis un-nafois”tazkirasida yetti nafar qozilar va ularning ijodidan namunalar keltirgan. Masalan, Xuroson davlatining qoziyul-quzoti(bosh qozi, eng yuqori darajadagi qozi-B.T.) Muhammad Imomiy haqida quyidagicha ma’lumot beradi: “Qozi Muhammad Imomiy-mutadayyin va xushtab’ kishi erdi. Xurosonning qoziyul-quzotlig‘ mansabida mutammakkin bo‘ldi. Va nazmg‘a gohi mashg‘ul bo‘lur erdi. Ash’ori Hiriy shahrida el orasida bor. Bu matla’ aningdurkim:
Guftamash gul-gul baromad rangi ruxsori zi mul,
G‘unchai u dar tabassum shudki, az go‘lho chi gul.
Va qabri Hiriyda imom Quzotning go‘ristonidadir”(13,19).
Yana tazkirada Navoiy yozib qoldirgan Samarqand taxtining yakqalama qozisi va “Ulug‘bek Mirzo” madrasasining mudarrisi Xoja Xurd, Sulton Ya’qub tarbiyat qilgan Qozi Iso hamda Sabzavor va Isfaroyinda qozilik qilgan, Mir Xusravning “Dar’yoi abror”iga javob yozgan qozi Mavlono Abdulvahhob to‘g‘risidagi ma’lumotu izohlar ham kitobxonda, birinchidan, o‘zgacha taassurot, zavq uyg‘otsa, ikkinchidan esa o‘z o‘rnida uning mahorati, nasriy uslubiga tan beradi, hurmati oshadi, xolos.“Nasoyim ul-muhabbat”tazkirasida shoir Qozi Sharafuddin Buhayro, Qozi Shafiuddin Buhayro, Qozi Rais va Qozi Hamiduddin Noguriylar kabi to‘rt nafar qozilarga alohida fiqra bag‘ishlagan.Ular haqidagi zikrlarda oddiy bayonni emas, balki hayotiy, ibratli voqealar tahlil va talqin qilingan. Ayniqsa, Qozi Raisning ikki abushqasi bor axloqsiz ayol va uning noxolis vakilining qilmishlarini Dor ul-qazoda ko‘rgan masalasi va mahkamada u haqida chiqargan “sangsor qilmak” hukmi bilan bog‘liq holatlar kishini o‘yga toldiradi, deyish mumkin. Navoiy qozilar haqida yozgan tasvir va ma’lumotlarida mazkur soha hamda kasbning siru asroridan amir sifatida xabardor bo‘lgani seziladi.
MUHR- o‘zidagi qabariq yoki botiq belgilaridan nusxa tushiruvchi maxsus asbob. O‘tmishda muhr sopol, mis, po‘lot, kumish va oltindan qilingan. Muhrning shakli to‘rtburchak, doira, bodoma ko‘rinishlarida bo‘lgan. Qadimda har bir nufizli kishilarning-xon, amir, bek, mufti, qozi va boshqalarning o‘z shaxsiy muhri bo‘lgan.[11] Jumladan, “Navoiy dasxati(Navodir un-nihoya)”ni nashrga tayyorlagan, so‘z boshi muallifi navoiyshunos S. G‘aniyeva Navoiyning shaxsiy muhri va muhrga bitilgan jumlalar haqida quyidagicha ma’lumot beradi: “Kun, osha fi-d dunyo k-al g‘arib-al- faqir Alisher” ya’ni, Dunyoda faqir va g‘arib Alisherdek hayot kechir[12]. Muhr yuzasiga egasining ismi, lavozimi, muhr yasalgan joyning nomi hamda sanasi bitilgan. Davlatning har qanday rasmiy farmon, yorliq va hujjatlari muhr bosib, tasdiqlangandan keyin qonuniy kuchga kirgan. Muhr, muhr turlari, ayniqsa, “Rostiyu rusti” degan so‘zlar naqishlangan Shoh Sulaymon muhri, Amir Temur va temuriylar muhri bilan bog‘liq qiziqarli ma’lumotlar Navoiy asarlari matnida badiiy shaklda uchraydi. Masalan,”Hayratul-abror”da:
Hotami adling‘a sipehri baland,
“Rostiyu rusti”bilan naqshband(7,122).
Yoki:
Shoh Iskandar yasattirgan muhrni uning ixtirolaridan biri sifatida shunday poetik tasvirlar ijod qilgan:
Tuz aylab tarozu ila boshini,
Temurdin yasab, muhr etib toshini(11,8).
Navoiy “Munshaot”da tartib bergan maktublaridan 25-maktubda muhr, 49-maktubda muhri ixfo(mahkamlash muhri bo‘lib, maktublarga birov yo‘lda ochmasligi uchun muhri ixfo bosilgan, ammo Navoiy muhri ixfoni ko‘chma ma’noda, ya’ni sirni saqlash, tilga, og‘izga mahkam bo‘lish ma’nolarida ham ustalik bilan qo‘llagan. Badiiuzzamon mirzoga yozgan mashhur 57-maktubida esa chorsu muhr bilan hujjatlarga kechiktirmay muhr bosish haqida ham ma’lumotlar, izohu tanbehlar yozib qoldirgan: “Yana ulkim, beklarga va devonlarg‘a basa parvonachi va muhrdor va munshig‘a hukm bo‘lsakim, musulmonlarning nishonni ortuq tama birla kechga qo‘ymasalar. Sha’riy va qavliy nishonni bir chorsu muhri bila hukm bo‘lg‘on kun- o‘q butkarib bersalar. Kulliyrak nishonlarni dag‘i qila olg‘ancha hukmdin qo‘rqub, botroq butkarsalar”(14,189).
Navoiy ijodida ijtimoiy fikr va poetik talqinning betakror namunalaridan biri shoir tomonidan tasvirlangan, ijod qilingan o‘ttizdan ortiq vasiyat va vasiyatnomalar bilan bog‘liq voqealar tasviridir. “Vasiyat arabcha so‘z bo‘lib, o‘lim oldidan aytib qoldiriladigan gaplar, o‘lim oldidagi oxirgi so‘z”[13] bo‘lsa, “Vasiyatnoma fuqaroning o‘ziga tegishli mol- mulkni yoki bu mol-mulkka nisbatan huquqni vafot etganidan so‘ng boshqa shaxsning tasarruf etishini belgilovchi xohish-irodasi ifodalangan hujjat. Vasiyatnomada fuqaroning vasiyati ifodalanadi. Vasiyatnoma shaxsan tuzilishi lozim, vakil orqali tuzilishiga yo‘l qo‘yilmaydi. Vasiyatnoma yozilgan joyi, vaqti ko‘rsatilgan holda yozma shaklda tuziladi. Vasiyatnoma vasiyat qiluvchining o‘z qo‘li bilan imzolanadi”[14]. “Majolis un-nafois”dagi Mir Shohiy, Mavlono Qabuliy, Mavlono Lutfiy to‘g‘risidagi zikrlarda qalam ahli, ijodiy jarayon bilan bog‘liq vasiyatlar tilga olinsa, “Xamsa” dostonlarida Layli, Majnun, Farhod, Shirin, Iskandar kabi bosh qahramonlar hayotining muhim jihatini ochib beruvchi tasvirlar aks etgan vasiyat va vasiyatnomalar talqiniga duch kelamiz. “Nasoyim ul-muhabbat”da ham o‘nlab vasiyatlarni o‘qishimiz mumkin, ammo hamma uchun ibrat bo‘ladigan vasiyat hamda vasiyatnomalardan biri bu – Jaloliddin Rumiyning o‘n bir hikmatdan iborat vasiyati (17, 329). “Tarixi anbiyo va hukamo” va “Tarixi muluki Ajam” kabi tarixiy asarlarida ham asarlar mohiyatini yoritib beruvchi o‘ziga xos yigirmaga yaqin vasiyatu vasiyatnomalar bilan tanishamiz – ular orasida eng yorqin namuna sifatida “Tarixi muluki Ajam”dagi No‘shiravoni odilning adl, adolat va xirandmandlik bilan bog‘liq vasiyatnomasini ko‘rsatish mumkin.
Navoiyning mahorati shundaki, aynan bir vasiyat yoki vasiyatnomani turli janrlardagi asarlarida mazmunan bir xil, ammo shaklan turli xil usulda yozishga ham harakat qilgan Masalan, lirik va epik tur qonuniyatlari asosida Doroning Iskandarga aytgan uchta vasiyati hamda Iskandarning o‘limi oldidan onasiga yozib qoldirgan mashhur vasiyatnomasi va a’yonlariga aytgan vasiyatini “Saddi Iskandariy” dostonida masnaviy shaklida juda ta’sirchan, keng va batafsilroq yozgan bo‘lsa, xuddi shu mavzudagi vasiyat va vasiyatnomalarni “Tarixi muluki Ajam”da esa nasriy usulda qisqa va lo‘nda bayon qilgan. Bu hol Navoiyning betakror uslubini ham namoyish qiladi.
Kuzatishlarimiz shuni ko‘rsatdiki, kitobxonlar ko‘proq an’anaviy, biroq Navoiy o‘zgacha mahorat bilan tasvirlagan Iskandarning o‘limi oldidan onasiga yozib qoldirgan hayot va inson, ona bilan hukmdor o‘g‘il munosabati, jamiyatda inson qanday tabaqaga mansub bo‘lsa ham, “quruq qo‘l”, “shal ilik”, “yalon ilik”, “xoli ilik”(Navoiy ishlatgan iboralar) bilan dunyodan ketishi haqidagi ijtimoiy, falsafiy, didaktik fikrlar mujassam bo‘lgan mashhur maktub shaklidagi vasiyatnoma va vasiyatini bilishadi. Chunki navoiyshunoslar ham o‘z tadqiqotlarida mazkur vasiyatnomani vasiyatnoma deb emas, asosan, maktub, noma janrining betakror namunasi sifatida u yoki bu darajada tadqiq qilishgan. Navoiy asarlarini mutolaa qilganimizda, o‘z-o‘zidan ongu shuurimiz va ruhiyatimizda ulug‘ mutafakkir yozib qoldirgan ko‘plab hikmatli misrayu baytlarini yoki lirik lavhalaru syujetlarni uning insoniyatga, xususan, bizga, menga yozib qoldirgan vasiyatnomalari (ramziy ma’noda – B.R.) deb qabul qilgimiz, go‘yo o‘zimizni ma’naviy haqli deb topgimiz, bilgimiz keladi. Bu ruhiy, ma’naviy bo‘shliqni sezgan zukko navoiyshunos olima Suyima G‘aniyeva “Hazrat Navoiyning vasiyati”[15] nomli risolasini yozib, ushbu ruhiy, ma’naviy kemtiklikni qisman to‘ldirgandek bo‘ldi.
Navoiy ijod qilgan vasiyat va vvasiyatnomalardan an’anaviysi va eng mashhuri, bu – “Saddi Iskandariy” dostonida tasvirlangan bosh qahramon shoh Iskandarning onasiga yozgan vasiyatnomasi va ayonlariga aytgan vasiyatidir. Qizig‘i shundaki, Navoiy mazkur vasiyatnomani dastlab “Saddi Iskandar” dostonida emas, balki “Xamsa”ning birinchi dostoni “Hayrat ul-abror”ning “Iskandarning yetti iqlim mamolikni panjai tasarrufig‘a kiyurg‘oni va xoli bila olamdin rixlat markadin surg‘oni…” bobida tasvirlagan. Bu tasvirda ham shoir mahoratiga qoyil qolmay ilojimiz yo‘q, sababi, birinchidan, vasiyatnoma dostonning mavzu-mundarijasiga juda mos shaklda qurilgan xulosalar tarzida bayon qiladi, hatto didaktika chuqur yoritilgan mustaqil bir poetik lavha deb baholash ham mumkin, ikkinchidan esa vasiyatnoma bizda “Xamsa” uchun Navoiyda umumiy material deyarli tayyor bo‘lgan, degan tasavvur uyg‘otuvchi omillardan biri deyish mumkin. Ya’ni, shohi iqlimgir Iskandar jahon mulkini qo‘lga kiritadi. Ammo ham shoh, ham vali, ham nabi Iskandar o‘lim oldida bechoralik, ovoralik ekanligini, hokimliklar ham dastgir bo‘la olmasligini tushunadi. Bu zavol yuragini qanchalik o‘rtasa-da, so‘z-vasiyati bilan ichini g‘oli qilishni istaydi va vasiyatnoma qoldiradi:
O‘rtadi chun bo‘yla zavoli ichin,
Bu so‘z ila ayladi xoli ichin.
Kim bu nafaskim boradurmen zalil,
Navbati shohiy manga ko‘si rahil.
Qaysig‘akim sharti hamiyat durur,
Mendin anga ushbu vasiyat durur (11, 255).
Zero, ijodida har bir so‘z va atamaga san’atkorona yondashgan Navoiy vasiyat so‘zini qo‘llagan o‘rinlarda ushbu so‘zning huquqiy atama ma’nosidan tashqari hikmatli so‘z, pand-nasihat kabi ma’no qirralarini ko‘rsatishga ham harakat qilgan.
Navoiy asarlari mazmunini, qavat-qavat ma’no qatlamlarini tushunishda qiyinchiliklarning borligi hech kimga sir emas. Mazkur maqolada tahlil va talqin qilingan tarixiy-huquqiy atamalar bu boradagi muayyan qiyinchiliklarni ma’lum bir darajada bartaraf qilishda yordam beradi, deb o‘ylaymiz.
_________________________
[1] Sh o a b d u r a h m o n o v va b. Hozirgi o‘zbek adabiy tili. I qism. Toshkent: O‘qituvchi, 1980. 125-126-betlar; D a d a b o ye v H. Tarixiy harbiy terminlar lug‘ati. Toshkent: Universitet, 2008. 3-bet.
[2] Farhangi zaboni tojiki. Jildi 2. M., 1969. S. 491; Navoiy asarlari lug‘ati. Toshkent, 1972. 660; 726-betlar.
[3] A l i sh ye r N a v o i y. Majolis un-nafois // 13-jild. Toshkent: Fan, 1997. 44-bet. Shoir asarlaridan olingan bundan keyingi iqtiboslar ham shu nashrdan olinib, jildi va sahifasi qavs ichida ko‘rsatiladi.
[4] F a x r i y H i r a v i y. Ravzat us-salotin.Fors tilidan J.Jo‘rayev tarjimasi. Toshkent: Mumtoz so‘z, 2014. 50–51-betlar.
[5][5] Muhammad Haydar Mirzo. Tarixi Rashidiy. V. Fors tilidan Rahmonov va Ya. Egamovalar tarjimasi.Toshkent: Sharq. 2010.170-172-betlar.
[6] B o b u r. Boburnoma. Toshkent: Sharq, 2002. 40-bet.
[7]Farhangi zaboni tojiki. Jildi 2. S. 428; Kifoya (Sharhi muxtasari viqoya) 1-juz. Toshkent: Sharq, 2008. 4-bet; Navoiy asarlari lug‘ati. Toshkent: G‘.G‘ulom nomidagi Adabiyot va san’at nashriyoti, 1972. 640-bet; Türkçe sözlük. 10 Baski. Ankara, 2005. S. 694; H a k i m o v M. Sharq manbashunosligi lug‘ati. Toshkent: DAVR PRESS.NMU, 2013. 373-bet.
[8] Farhangi zaboni tojiki. Jildi 2. S. 429; Kifoya. 5-bet; Navoiy asarlari lug‘ati. 637-bet; Turkce sozluk. 10 Baski. Ankara, 2005. S. 677; H a k i m o v M. Sharq manbashunosligi lug‘ati. 373-bet.
[9] O‘zbek tilining izohli lug‘ati. Besh jildli. 5-jild. Toshkent: O‘zbekiston milliy entsiklopediyasi, 2008. 322-bet. Navoiy asarlari lug‘ati. 738-739-betlar; Farhangi zaboni tojiki. Jildi 2. S. 696;M.Hakimov.Sharq manbashunosligi lug‘ati.Toshkent:DAVR PRESS.2013.439-bet.
[10] B. Radjabova. Onalar bilan suhbat. Toshkent. Turon zamin ziyo,2014. 8-12-betlar.
[11] M.Hakimov.Sharq manbashunosligi lug‘ati.-Toshkent.;DAVR PRESS NMU,2013.224-bet.
[12]Navoiy dasxati(Navodir un-nihoya).-Toshkent,: Fan. 1991.6-bet.
[13] Navoiy asarlari lug‘ati. 146-bet; O‘zbek tilining izohli lug‘ati. Besh jildli. 1-jild. Toshkent: O‘zbekiston milliy entsiklopediyasi, 2006. 44-bet.
[14] Yuridik atamalar qomusiy lug‘ati. Toshkent: Sharq. 2003. 104-bet.
[15] G‘ a n i ye v a S. Hazrat Navoiy vasiyati. Toshkent: MERİYUS, 2011.