O‘zbek adabiyoti qadimiy va boy tarixga ega. Shunga qaramay, ko‘hna tarixning jumboqlari ham oz emas. Tarixning zarhal sahifalarida nomlari saqlanib qolgan ko‘pgina adiblarimiz borki, ayrimlarining ijodiy merosi haqida hali-hanuz biror ma’lumotga ega emasmiz.
Shu paytgacha nomlari hatto biror manbada qayd etilmagan ijodkorlar ham oz emas. Masalan, Ayyub degan nom yoki taxallus bilan ijod qilgan shoirlarning bir nechtasi ma’lum bo‘lsa-da, ularning qatorida yana bitta shu nom egasi borligi hech kimning xayolida ham yo‘q edi. U haqda turli davrlarda yaratilgan tazkira va bayozlarda ham biror xabar yoki ishora, ijodidan namuna borligi bizga ma’lum emasdi.
Turkiyaga qilgan ilmiy safarlarimizdan birida shunday voqea sodir bo‘ldi. Biz mamlakat poytaxti Anqara shahrida Turk tili kurumi anjumanida ishtirok etdik. Anjuman tashkilotchilari yig‘ilish o‘tadigan muhtasham bino foyelarida kitoblar ko‘rgazmasini tashkil etishgan ekan. Katta qiziqish bilan kuzatdik. Har bir eksponatni, har bir obidaning o‘zi yoki unga bag‘ishlangan ko‘plab tadqiqotlarni ko‘rdik. Tabiiyki, bizni ko‘proq qadimgi turkiy adabiyotga aloqador eksponatlar o‘ziga jalb etgan edi.
Ular orasida “Turk dillari arashtirmalari (tadqiqotlari)” turkumidagi kitoblar ham bor ekan. Ularning bir necha jildi yonma-yon qo‘yilgan. Mundarijalari bilan tanishdik. Beshinchi jildni varaqlay boshladim. Bir o‘zbek shoir haqidagi “Ayyub va chig‘atoycha she’rlari” deb nomlangan maqolaga ko‘zim tushdi. O‘qib chiqdim va yangi bir she’rlar turkumi bilan tanishdim. Dastlabki muloqotning o‘ziyoq o‘zbekning yana bir serzavq shoiri ijodi bilan tanishayotganimizdan belgi berib turardi.
Anqaradagi sohadosh do‘stlarimiz yordami bilan tadqiqot muallifi Zuhal Qargi O‘lmaz bilan tanishdik. Yosh tadqiqotchi qiziqishimizni ko‘rib, to‘plamning o‘z tadqiqotlariga doir qismini bizga taqdim etdi.
Ayyubning bu qo‘lyozmasi Gyottingen (Germaniya) universiteti kutubxonasida Cod, Ms. Turk 4b raqami ostida saqlanar ekan. U Abulg‘ozi Bahodirxon qalamiga mansub “Shajarai turk” asarining qo‘lyozmasiga ilova qilingan. Nusxaning ilk sahifasida asar haqida shunday ma’lumotlar berilgan: “Shayboniy xonlarining tarixi va so‘yog‘ochi”. Oxirida O‘rta Osiyo turkiy lahjasida yozilgan bir she’r bor. Jami 1559 varoq. Qahva rangli qog‘oz. Jildi qirmizi rangli, teridan, hajmi 21,3 x 1 sm. Ta’liq. Hijriy 1550, milodiy 1737 yil.
Mazkur raqamlarga e’tibor qilinadigan bo‘lsa, adibning XVII asrning ikkinchi yarmida tug‘ilganini taxmin qilish mumkin.
Tadqiqotchi ta’kidlashicha, Ayyub she’rlari yozilgan qog‘oz “Shajarai turk” yozilgan qog‘ozga qaraganda biroz nafisroq. Bunday farq Ayyub she’rlari “Shajarai turk” qo‘lyozmasiga keyinchalik qo‘shilganidandir, degan mulohazaga undaydi. Shuningdek, tadqiqotchi “Shajarai turk” va Ayyub she’rlarining kotibi bir kishi emasligini aytdi. Tadqiqotchi shoir she’rlarining asosan bir davr doirasida, g‘azal janrida bitilganini va orasida muxammas namunasi borligini qayd etdi.
Qo‘lyozmada ayrim noqisliklar bor. Jumladan, ayrim satrlarning yozilishida xatoliklar uchraydi. Tadqiqotchi ham buni alohida qayd etgan.
Ayyub she’rlari bilan ilk tanishuv uning ko‘proq hasbi holatiga rag‘bati borligi haqida tasavvur uyg‘otadi. Kitobda 17ta g‘azal, bitta muxammas bor va barchasida mana shu tamoyil kuchli.
Qo‘lyozmadagi she’rlar 327 misradan iborat.
Hozircha Ayyubning tug‘ilgan va yashagan joyi, zamoni haqida uzil-kesil xulosaga kelish mushkul. Uning samimiy, ko‘ngli ochiq shoir bo‘lganini aytish mumkin. She’rlarida ayrim texnik nuqsonlar ko‘zga tashlanadi. Bu, ehtimol, faqat kotibga daxldordir.
She’rlarda o‘g‘uzcha unsurlarning uchrashi, balki adibning Xorazm bilan bog‘liqligini tasdiqlasa ajab emas. Har holda qo‘lyozmaning Xorazm hukmdori asari bilan bir muqovada bo‘lishi bejizmasdir.
She’rlardagi umumiy mazmun mohiyatiga qaraganda, muallifning ancha ulug‘ yoshda ekani, uning Sobir ismli o‘g‘li taqdir taqazosi bilan barvaqt vafot etgani ma’lum bo‘ladi. She’rlarning aksariyatida mana shu bevaqt o‘lim iztiroblari o‘z ifodasini topgan.
Ayyubning she’rlari, asosan, ramal va hazaj vaznlarda bitilgan. Nozik did va mahorat bilan bitilgan misralar anchagina. Hozircha mana shu ma’lumotlarni bildirish bilan kifoyalanamiz. Hassos shoirimiz Ayyub ijodidan ayrim namunalarni hozirgi yozuvimizga o‘girib, gazetxonlarimiz – mumtoz adabiyotimiz ixlosmandlarga havola etmoqdamiz.
Boqijon To‘xliyev,
Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti professori,
filologiya fanlari doktori
AYYuB
G‘AZALLAR
Bo‘lmisham g‘am zulmatida lolu hayron men g‘arib,
Ul sababdindur qilurmen ohu afg‘on men g‘arib.
Mubtalo bo‘ldim qafasda bulbuli bechoradek,
Kecha-kunduz nola aylab diydagiryon men g‘arib.
Sendin o‘zga, yo Rab, hech bir kimsa bilmas holimi,
Hasrat o‘ti birla doyim bag‘ri biryon men g‘arib,
Ko‘zlarimdin qon to‘kub, oh ursam yig‘lab ayb emas,
Topmadim olamda hech dardimg‘a darmon men g‘arib.
Tong emas olamni kuydirsa Majnun qissasi,
Bu falakning ilgidin, ko‘rkim, ne doston men g‘arib.
O‘tmay umring charx elidin bir kun, Ayyub, shod o‘lub,
Qilmadim olamda bir sayri guliston men g‘arib.
* * *
Ketarsan dunyodan yolg‘uz, yetushsa gar qazo derlar,
Bo‘lur imoning hamroh, gar rizo bo‘lsa Xudo derlar.
Bu dunyoda o‘g‘ul-qiz, molu mulku xonumoningdin
Bo‘lursen necha bo‘lsang mehribon, oxir judo derlar.
Ibodat qilmaqa dunyog‘a kelturdi seni ma’bud,
Qila ko‘r Haq yo‘linda sen aziz joning fido derlar.
Tamomi o‘tsa umring mas’iyatda tavbasiz jonni
Qiyomat kun balolarga bo‘lursen mubtalo derlar.
Xudo dargohida qilg‘on gunohimning yomonidin
Agar yolg‘on desang bo‘lg‘on tamom a’zo gunoh derlar.
Bilib-bilmay bu dunyoda yomon-yaxshi amal qilsang,
Nechuk qilmishingga loyiq berur tong-la jazo derlar.
* * *
Ey ko‘ngul, har bulhavasni o‘zinga yor aylama,
O‘z-o‘zing g‘am tig‘i birla ko‘nglung ozor aylama.
Har vafosizdin vafo istab yo‘linda jon chekib,
Naqdi umring sarf etib sulton boshing xor aylama.
Ey ko‘ngul, sen sayd etay deb bevafolar ko‘nglini,
Jon qushin domi balolarg‘a giriftor aylama.
Pandim olg‘il natovon, mehnatzada, g‘amgin ko‘ngul,
Har yetar-etmasni do‘st deb sirring izhor aylama.
Do‘stlig‘ va’da qilib tursa agar mardonavor,
Dushmaning ham bo‘lsa, andin tarki diydor aylama.
Nolishning noahl eliga qilmadi hargiz asar,
To‘tiqushdek yolborib yuzing bila zor aylama.
Ko‘rsang, Ayyub, har kimni ko‘nglingga loyiq ko‘nglini,
Eshikinda qul bo‘lub, qulluq qilib, or aylama.
«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasi, 2023 yil 43-son

