Adabiyot yo‘nalishi bo‘yicha Nobel mukofotiga ilk bora 1901 yilda frantsuz shoiri Arman Syulli-Pryudom sazovor bo‘lgan edi. Mana shu tarixiy, olamshumul voqea bo‘lmaganida, ehtimol, Pryudomni jahon tanimasmidi…
Ha, hatto o‘z vatanida nomi unut bo‘layozgan shoirni Shvetsiya akademiyasi mukofotga eng munosib nomzod deb topdi. Biroq butun dunyo adiblari ushbu mukofot jahonda asarlari eng ko‘p o‘qilayotgan ulug‘ rus adibi Lev Nikolayevich Tolstoyga berilishini kutayotgandi. To‘g‘ri, Pryudomning iste’dodiga shubha yo‘q, u o‘ziga xos serqirra shoir bo‘lgan. Ammo uning ijodini Tolstoydek ulkan “tog‘” bilan bo‘ylashtirib bo‘lmasdi, albatta. Tolstoydan kechib, Pryudomning rag‘batlantirilishi esa adabiyot olamida chin ma’noda hayratlanarli hodisa bo‘ldi. Buning sababini quyidagicha izohlash mumkin: birinchidan, Tolstoyning o‘zi bu mukofotni rad etgan, ikkinchidan, agar mukofot Tolstoyga berilganda kelgusi nomzodlarga ham o‘ta yuqori talablar belgilangan bo‘lardi va Nobel cho‘qqisi egallab bo‘lmas marraga aylanib qolishi ehtimoldan xoli emasdi.
Bu bilan Syulli-Pryudomga mukofot nohaq berilgan, demoqchi emasmiz, albatta. Uning “asarlarining o‘ziga xos badiiy obro‘si, xususan, yuksak g‘oyaviyligi, mukammalligi, shuningdek, iste’dod bilan samimiylikni ajoyib tarzda uyg‘unlashtirgani uchun” mukofotga loyiq deb topilishi ushbu shoir ijodiga berilgan xolis bahodir.
Nima bo‘lmasin, ‘‘bandasi taxmin qiladi, Yaratgan taqdir qiladi’’ deganlari rost ekan, taqdir shu bo‘ldiki, ushbu mukofot topshirilayotganda Syulli-Pryudom kasalligi tufayli marosimda ishtirok eta olmadi.
Shoir umrining ko‘p qismini nochorlikda o‘tkazgan. Shu bilan bir paytda u o‘z davrida Frantsiyaning eng ziyoli kishilaridan hisoblangan. Uning asl ismi Rene Fransua Arman Pryudom bo‘lib, 1839 yil 16 martda Parijda savdogar oilasida tavallud topadi. Ikki yoshida otasidan yetim qolib, onasi va opasi bilan tog‘asinikiga ko‘chib o‘tadi. Yosh Rene avvaliga Bonapart litseyida o‘qiydi. Bolaligidan muhandis bo‘lishni orzu qilgan Cyulli politexnika kollejiga hujjat topshiradi-yu, biroq ko‘zida jiddiy kasallik borligi sabab o‘qishga qabul qilinmaydi. Chorasiz qolgan Rene tirikchilik vajidan Kruzo shaharchasidagi zavodda ishlay boshlaydi. Ayni vaqtda falsafani o‘rganadi, she’r yozishni mashq qiladi. 1865 yili u o‘zining ilk she’riy to‘plami “Stanslar va poemalar”ni nashrdan chiqardi va bu asar munaqqidlar tomonidan iliq kutib olindi, jumladan, mashhur frantsuz yozuvchisi Sen-Byov ham asarga yuksak baho beradi. Shundan so‘ng shoirning qator to‘plamlari nashr qilina boshlaydi. “Singan guldon” poemasida alamli muhabbatdan siyoh bo‘lgan qalbni nafis chizgilarda tasvirlaydi. Shoir lirik janrlarda ko‘p qalam tebratgan, xususan, uning “Sinovlar”, “Xilvatgohlar” kabi she’riy to‘plamlari lirikaning ajoyib namunalaridir.
1870 yili Pryudom hayotida ulkan yo‘qotishlar ro‘y beradi. U bir necha kun ichida ketma-ket onasi, tog‘asi va xolasidan ayriladi. Shu yillarda Frantsiya–Prussiya urushi boshlanib ketadi va bu urushda Pryudom ham qo‘liga qurol olib, vatanini himoya qilish uchun jangga otlanadi. Hayotning achchiq sinovlari va mamlakatda kezib yurgan urush nafasi shoirning qaddini ancha bukib qo‘yadi. U og‘ir kasallikka chalinib, to‘shakka mixlanib qoladi. Kasal yotgan paytlarida vatanparvarlik hissi bilan sug‘orilgan “Harbiy taassurotlar”, yurakni junbushga keltiradigan “Behuda muloyimlik” kabi she’riy asarlarini nashr ettirdi. Shoir “Adolat” nomli falsafiy poemasida inson adolatni tashqi dunyodan emas, o‘z qalbidan izlashi kerak, degan fikrni olg‘a sursa, “Baxt” poemasida baxtga qiziquvchanlik, aql-zakovat, saxovat va fidoyilik bilan erishmoq mumkinligi haqida mulohaza yuritadi.
Pryudomning she’riyatdagi izlanishlari va mehnati inobatga olinib, u Frantsuz akademiyasi a’zosi etib saylandi. 1902 yili o‘zining sa’y-harakatlari hamda Joze-Mariya de Gerda va Leon Delar kabi adiblar ko‘magida “Frantsuz shoirlar jamiyati”ni tuzadi.
Shvetsiya akademiyasi a’zolari ijodkorga shunday ta’rif beradilar: “Sinchkovlik, kuzatuvchanlik hamda ma’naviy ulug‘vorlik bilan yo‘g‘rilgan zakovat Syulli-Pryudomni boshqalardan ajratib turadi”. Amerikalik tadqiqotchilardan biri shoir haqida shunday yozadi: “U poeziyani zulmat qa’ridan olib chiqdi, shuningdek, baxtga eltuvchi yo‘l azob-uqubatlar, fidoyilik va qardoshlik muhabbati orqali o‘tadi, deb uqtirdi”.
Uzoq vaqt falajlikdan azob chekkan shoir 1907 yil 6 sentyabrda Shatney-Malabri shaharchasida vafot etadi. Uning qanday inson bo‘lganini asarlarida tarannum etilgan xayrli ishlarni nechog‘lik amalga oshirganidan ham bilsa bo‘ladi. Pryudom Nobel mukofoti uchun olgan pulini yosh shoirlarni rag‘batlantirishga sarflaydi. Taassuf ila tan olish kerakki, o‘z davrida adabiyot sohasida ham, olimlar doirasida ham, jamoatchilik ichida ham hurmatga sazovor bo‘lgan ulug‘ Syulli-Pryudomni bugungi kunda hatto vatani Frantsiyada ham kam eslashlari achinarli hol, albatta.
Mahmadiyor Asadov, Qarshi DU o‘qituvchisi
“Jahon adabiyoti”, 2013 yil, 3-son