Begali Qosimov. Vatan va millatning o‘tlig‘ kuychisi

Shoir Tavallo — To‘lagan Xo‘jamyorov XX asr boshida Toshkentda yetishgan, xalq o‘rtasida katta shuhrat qozongan iste’dodlardan. Oybek “Bolalik”da shunday yozgan edi: “Ayvonda muk tushib, Tavalloning she’rlarini o‘qishga kirishaman. O‘qiyman, diqqat bilan, berilib, uzoq o‘qiyman… She’rlar rangdor, jonli, tili o‘ziga xos, ravon…”
Bo‘lajak shoir 1883 yili Ko‘kcha daha Obi Nazir mahallasida o‘ziga to‘q Xo‘jamyor Jiyanboyev oilasida dunyoga keldi. (Shoirning tarjimai holini yoritishda uning Respublika MXX arxivida 32592-raqam ostida saqlanayotgan “To‘lagan Xo‘jamyorov ishi” (119 sahifa) materiallaridan foydalanildi — B.Q.) Eski maktabda savod chiqardi. “Beklarbegi” madrasasida, rus-tuzem maktabida o‘qidi. 10-yillardan vaqtli matbuotda “Tavallo” taxallusi bilan she’r va maqolalari bosila boshladi.
1914 yil 30 avgustda Munavvarqori, Avloniy, M.Podshoxo‘jayev, Husanxo‘ja Dadaxo‘ja o‘g‘li (yozuvchi Said Ahmadning otasi), Saidabdullo Saidkarim o‘g‘li Saidazimboyev, Komilbek Norbekov (jami 12 kishi)lar bilan birgalikda Toshkentda «Nashriyot» shirkatini tuzib, kitob chiqarishni yo‘lga qo‘yadilar. 1915 yilda esa Avloniylar tashabbusi bilan tuzilgan “Turon” jamiyatida faoliyat ko‘rsata boshlaydi.
Adibning “Jinoiy ishi”da saqlangan “Mehnat daftarchasi”dan ma’lum bo‘lishicha, u shu yillari turli idoralarda (ijroqo‘m, revtribunal, kasaba uyushmasi, savdo, sanoat-qurilish sohalarida) mas’ul lavozimlarda ishlagan.
Sud-tergov qoidalariga ko‘ra, ayblanuvchining qilmishlarigina emas, tashqi ko‘rinishi, ajratib turadigan xususiyatlari haqida ham ma’lumotlar keltirilar edi. Tavallo “Jinoiy ishi”da ham shu xil ma’lumotlar uchraydi. Chunonchi, “Anketa ma’lumotlari”da yozilishicha, uning «Tashqi ko‘rinishi: o‘rta bo‘y, bo‘yi 1 metru 56 sm., ko‘zi — qo‘y ko‘z, sochi — qora». Darvoqe, “ayblanuvchi”ning yana bir jihati maxsus ta’kidlangan: «keragicha notiq».
1937 yil 14 avgustda Tavallo «aksilinqilobiy» “Turon”, “Sho‘royi islom”, “Ittihodi taraqqiy”, “Milliy ittihod”, “Milliy istiqlol” tashkilotlarining a’zosi”, “Millionerning o‘g‘li”, “she’rlarida millatchilik g‘oyalarini ilgari surgan”likda ayblanib, qamoqqa olinadi.
Bu paytda oilada besh kishi bo‘lgan: o‘zi — 54 yoshda, xotini Zuhra Miyorova — 40 yoshda, o‘g‘li Maqsud Miyorov — 16 yoshda, qizi Sanobar Miyorova — 11 yoshda. 1913 yili tug‘ilgan Rahbar ismli qizi 1936 yili turmushga chiqqan bo‘lib, Buxoroda yashar edi.
Agentura materiallaridan: “T.X. milliy respublikani «mustamlaka» deb aytdi. Ko‘pchilik orasida “O‘zbek xalqi o‘zaro nifoq va qo‘rqoqlik orqasidan xor-zor, qizillarga tutqun bo‘ldi. Sabr kosasi bir kun to‘ladi va xalq sovet hukumatiga qarshi qo‘zg‘alishga majbur bo‘ladi. Agar men inqilobning shunday kunlarga olib kelishini bilsam edi, butun vujudim bilan unga qarshi kurashar edim”, dedi.
To‘lagan Xo‘jamyorovning tergov ishlari tezlashib ketdi. O‘zbekiston ichki ishlar xalq komissari muovini Leonov imzolagan “Ayblov xulosasi” 1937 yil 9 sentyabrda 25 kunda tayyor bo‘ldi. Unda Tavalloning 1919 yilgi Osipov qo‘zg‘olonida “qatnashgani”gacha “tasdiqlatib” olindi va bir qator “ayb”lar bilan uchlik hukmiga havola etildi. Shu yilning 19 oktyabrida NKVD qoshidagi uchlik majlisida Tavallo otib o‘ldirishga hukm qilindi. Hukm o‘sha yil 10 noyabrda ijro etildi.
Adabiyotshunoslikda uning vafot yili 1939 deb ko‘rsatib kelinardi. Adib 1968 yil 18 oktyabrda oqlandi.
Tavalloning Buxorodagi qizi Rasulova Rahbarning DXQ idoralariga 1968 yili yozgan xatlari mazmunidan anglashilishicha, bu paytda, shoir oilasida undan boshqa hech kim qolmagan.
Tavallo asarlarining qayta nashri va u haqdagi ma’lumotlarning berilishi ham 1968 yilga to‘g‘ri keladi. Marhum M.Zokiriy va atoqli adabiyotshunos-tanqidchi O.Sharafiddinovlar g‘ayrat va tashabbusi bilan dunyoga kelgan va zararli kitob sifatida darhol yig‘ishtirib olingan “Tirik satrlar”dagi shoir ijodidan namunalar bu boradagi dastlabki qadamlardan edi. Uning yagona she’riy to‘plami “Ravnaq ul- islom” alohida holda 1993 yildagina nashr qilindi.
Bugun bu nomni faqat bizda emas, chetda ham biladilar. Germaniyadagi Bamberg universiteti turkologiya bo‘limida 1997-1998 yillarda Tavalloning “Ravnaq ul- islom”i bo‘yicha ixtisoslik kursi o‘qilgani ma’lum.
Tavalloning ijodkor sifatida shakllanishida Toshkent adabiy muhitining roli katta bo‘ldi. Unga Yusuf Saryomiy ustozlik qildi. 1916 yili “Ravnaq ul-islom” nomi bilan chop etilgan she’riy to‘plami uning hayotlik davrida bosilgan bittayu bitta kitobidir. Maqolalari to‘plangan emas. 20-yillarda “Mushtum” hajviy jurnalining faollaridan edi. Mazkur jurnal sahifalarida “Mag‘zava” imzosi bilan o‘nlab hajviy she’rlari chop etilgan, ular ham yig‘ilgan, o‘rganilgan emas.
Shoir ijodini baholashda asosiy manba “Ravnaq ul-islom” bo‘lib turibdi. To‘plam hajman uncha katta emas, 70 tacha she’r kiritilgan. Vazn va ohang an’anaviy — aruzda. Biroq mazmun tamom yangi. Turkistonni qoplagan jaholat va nodonlik, tutqunlik va turg‘unlik haqida. Uning ham boshqa rivojlangan, taraqqiy topgan millatlar qatorida farovon va baxtli yashashga bo‘lgan haqqi-huquqi to‘g‘risida.
Shoir, birinchi navbatda, zamon hodisalaridan ilhom va ta’sir oladi. Ko‘pgina she’rlari hayotdagi konkret yangiliklar, o‘zgarishlar haqida. Shuningdek, uning so‘nggi davr turk, tatar, ozarbayjon shoirlarining she’rlari bilan ham yaxshi tanish ekanligi bilinadi. Chunonchi, 1913 yili Abdulla To‘qay vafotidan qattiq qayg‘uradi. Matbuotda chiqadi. “She’rlaridan ko‘p bahralar olg‘onlig‘i”ni, turmushi ham To‘qayning “tarjimai holiga nihoyatda o‘xshab ketganligi”ni (u ham yetim o‘sgan edi) yozadi. «Totor qardoshlarimizning mashhur shoiri marhum Abdulla Afandi To‘qayevning she’rina tazmin» nomi bilan uning “Jumla fikrim kecha-kunduz Sizga oid millatim”, —deb boshlanadigan she’riga nazirasini e’lon qiladi. Marhum shoirning maslaku muddaosini, jumladan, millat yo‘lida jonini fido etmoqni o‘zi uchun muqaddas burch hisoblaydi.
“Millat”, “Milliyat” tushunchalariga Avloniy va Tavallolarga qadar she’riyatimizda bunchalik ko‘p e’tibor berilgan emas edi. Xususan, Tavalloda har bir she’r millat, uning shu kundagi ahvoli, jahon hamjamiyatida tutgan o‘rni, tarixi va taqdiriga kelib bog‘lanadi. Shoir jahonning, chunonchi Ovrupo va Amerika xalqlarining taraqqiyot asridagi hayotiga nazar tashlaydi. Bir tomonda ilm-fan, texnika yangiliklarini turmushga joriy etib, og‘irini yengil, hayotini farovon qilayotgan millatlar, ikkinchi tomonda, allaqachon eskirib ishdan chiqqan ishlab chiqarish usuli va vositalariga mahkam yopishib, shuni so‘nggi mo‘jizadek ushlab olgan Turkiston. Shoir har ikkisini muqoyasa qiladi. Bu muqoyasa, hajviy mazmun tashiydi, albatta.
Masalan, shunday she’rlaridan biri “Yovrupolilar hunari birlan bizlarni(ng) hunarlarimizning farqi” deb sarlavhalangan. She’r boshdan-oxirigacha kesatiq-qochiriqlar, istehzo asosiga qurilgan. Shoir she’rni hatto o‘z millatiga emas, “Yovrupo ahliga” murojaat bilan boshlaydi. “Yovrupo ahli”ni bahsga, mubohasaga chorlaydi. Shu asnoda “zanburak” — “sopqon”, “aftomobil” — “xo‘qand aroba”, “ayripilon” — “varvarak”, “zobut” — “tovar” — «bo‘yra-bordon» muqoyasalari oddiy mazax-kulgidan vaziyatga fojiaviy mazmun beruvchi zaharli istehzoga aylanadi.
Mantiqan shunday xulosa chiqadi: nahotki bu o‘sha dovrug‘i jahon Turkiston? Nahotki bu sho‘ring qurg‘urlar dunyoga qanchadan-qancha daholarni yetkazib bergan, Amir Temurday jahoniy zotlari bilan yarim dunyoga egalik qilgan, insoniyatga insonlarcha yashashni o‘rgatgan, asrlar davomida kuch-qudrat, aql-shijoat timsoli bo‘lib kelgan yurtning farzandlaridirlar? Aslida, shoir demoqchi bo‘lgan gap ham shu.
Tavallo Vatan mavzuiga alohida e’tibor beradi. She’rlaridan biri “Suyukli Vatan haqinda” deb atalgan. Uning she’rlarida “Turon”, “Turkiston” atamalari, tabiiyki, ko‘p uchraydi:

Deyur astag‘furullo, daf’atan shundog‘mu Turonlig‘…
(“Uyonmaz ersa millat” she’ridan.)

Yosh-qari qadrini bil, Turon elin mehmonidur…
(“Muxammasi Tavallo bar g‘azali
Mavlaviy Yusuf Saryomiy” she’ridan.)

Ayni paytda, Vatanni «Turkiston» shaklida anglash ham, tabiiyki, ko‘p uchraydi:

Shuncha Turkiston elinda nodon ahli ko‘b vale,
Nosih o‘lmaz ersalar, aqli rasolardin nasud?!
(“Xalqg‘a foydasi tegmaganlar haqinda” she’ridan.)

Desam, dunyoda bizdek ortda qolg‘on bormu millatdan,
Bu Turkiston elidin tobmadim iqror, yo‘x, yo‘x, yo‘x.
(“Jahon ayvonida…” she’ridan.)

Shoir tarix haqida so‘z ochganda, yana bir kalimani tilga oladi. Bu — Movarounnahr. Jumladan, “Suyukli Vatan haqinda” she’ri shunday satrlar bilan boshlanadi:

Movarounnahrdur tarixda bizlarga Vatan,
Arzig‘ay bizlar sanga xizmatda bo‘lsak, jonu tan

Bu jug‘rofiy atamalar bir-biriga yaqin. Biri xiyol kengroq, biri torroq, farqi shunda, xolos. Ikkinchidan, dastlabki baytning o‘zidanoq uning qadri-qimmati haqidagi gap o‘rtaga tushadi: “Arzig‘ay bizlar sanga xizmatda bo‘lsak, jonu tan”, — deb yozadi shoir va “Vatan”ga “jonu tan”ni qofiya qiladi. Vatan qadri haqidagi bu ta’rifiy fikr, misrama-misra, baytma-bayt taraqqiy topib boradi va g‘azal maqtaida:

Kech gunohini Tavalloni, Vatan, ezgu Vatan.
Bildi asling, qildi vasfing, bu vatandandur badan, —

deb tugallanadi. Boshqacha aytganda, Vatan va uning sarhadlari bizning badanimiz kabi tanu jonimizga tutashdir. Vatanga daxl tanga daxldir, jonga daxldir. U shu qadar tan bilan jonga qo‘shilib ketgan. Uchinchidan, Vatan o‘lik jism emas, jonli tandir. Va u ushbu tuproqda yashovchi har bir vatandosh tanu joniga payvasta bo‘lmog‘i lozim.
Nima uchun shoir maqta’da Vatandan gunohini kechmoqni so‘ramoqda?! Matla’da har bir Vatan farzandining uning oldidagi burchini belgilab bergan edi. So‘ngida uzr so‘rayapti. Chunki shoir o‘zini unga munosib xizmat qila olmadim, deb hisoblaydi. Uningcha, birinchi vazifa millatni uyg‘otmoq edi, — u, inshoollo, uyg‘ondi (“uyqudan bosh ko‘tardi”). Navbatdagi ish millatni tarbiyalamoq va unga yurtning chinakam egasi maqomini olib bermoq edi. “Zag‘on” (“qarg‘alar”)ni xijolatga solib, bog‘dan “jo‘natish” — mustamlakachilardan xalos bo‘lmoq edi. Afsuski, bularni amalga oshirib bo‘lmayotir. Shoir uzrining sababi shunda. Lekin u mutlaqo ishonadi: “Bundoqcha kunlar bor ekan”, deydigan kunlar, albatta keladi. Bu shoir tasallisining bosh sababidir.
Zamonasining juda ko‘p shoirlari kabi Tavallo she’rlarida ham keng o‘rinni Millat va Vatanga xizmat hissi va shu munosabat bilan o‘z-o‘ziga hisob egallaydi. U bir she’rida “havolansin, g‘izolansin, biling, bu bir humo, millat!..” deb yozadi. Undagi mantiq shunday: millatning ravnaqi uchun, birinchi navbatda, aql va g‘ayrat kerak. G‘ayrat esa ishtiyoqdan, mehr-muhabbatdan tug‘iladi. Aql va g‘ayrat ishonchni, ishonch harakatni yuzaga keltiradi. Millat unga mansub har bir kishining joni-jahoni, baxti-saodati. Binobarin, humo qushi. U ko‘klarga parvoz etmog‘i lozim. Buning uchun unga ruh kerak, madad kerak.
Shoir she’rlaridan biri “O‘z vijdon-vujudima xitob” deb nomlangan. Muxammas shaklida yozilgan ushbu she’rning har bandi “Chiq ichimdan, jonim ey, san manga hamdamlashmasang” satri bilan yakunlanadi. Jonga xitob har bandning yakunlovchisi bo‘lganligidan ungacha shoir o‘z vujudining har bir a’zosiga shart qo‘yib chiqadi. Bu shartlar Vatan va Millat manfaati yo‘lidagi xizmatga qaratilgan. Chunonchi, millatga yordamlashmagan, uning og‘irini yengil qilmagan qo‘lning “pul tut”ishga haqqi yo‘q, millat g‘amini yemagan dil “xushnud” bo‘lmasligi kerak. Bu g‘amdan yosh to‘kmagan ko‘zning ochilmagani yaxshi. Millatga suyanchiq bo‘la olmagan aql va fikrning boridan yo‘g‘i. Millat g‘amidan boshqa so‘zni so‘zlaydigan til lol bo‘lgani ma’qul va hokazo.
Sakkiz bandlik ushbu muxammasning birinchi va so‘nggi bandlarini keltiramiz:

Ey qo‘lum, pul tutma hech, millatga yordamlashmasang,
Bo‘lma xushnud, ey dilim, millat g‘amin g‘amlashmasang,
Ravshan o‘lma, ey ko‘zum, yoshing to‘kub namlashmasang,
Fikrim, ochilma, agar she’ring yozib, xamlashmasang,
Chiq ichimdan, jonim, ey, san manga hamdamlashmasang…

Deydilar, bas qil, Tavallo, she’rlar manzur emas,
Millating mahv o‘lsa, parvo qilmayurlar, g‘am yemas,
Bunlaring sho‘rbo-palov, norin yebon, choy ichsa, bas,
So‘ngra ikki yelkasiga tepsalar ham indamas,
Chiq ichimdan, jonim, ey, san manga hamdamlashmasang.

She’r bir qadar mahzun ohangda yakunlanmoqda. Bu — umidsizlik, najotsizlik ohangi. Asorat va zalolat o‘z ishini qilgan. Millat allaqachon, Avloniy aytganidek, tirik murda («madfun zinda»)ga aylangan. Uning qorin qayg‘usidan boshqa qayg‘usi yo‘q. Sha’n-shukuh, or-nomus, o‘zlikdan nishon qolgan emas. Shoir millatining ochiq ko‘zli farzandi sifatida bunday fojiaga chiday olmaydi. She’rni she’r qilgan dard — shu.
Tavallo xalq hayotini ro‘y-rost ko‘rsatishda she’r, shoir zimmasiga katta mas’uliyat yuklaydi. Chunonchi, “Qalamga xitob” she’rida uning “hasratu anduh”dan, “mehnat”dan yozishini”, “to‘g‘ri yoz”ishini talab qiladi. Uningcha, qalamning vazifasi vijdonni uyg‘otmoqdir. Shoirlik — bir umr uyg‘oq vijdon bilan yashamoq. Sham misoli o‘zi yonib, atrofni yoritmoqdir. Yo‘q-yo‘q, xalq, Vatan hayotidagi har bir tashvishu quvonchdan chaqmoqdek chaqilmoq, momaqaldiroqdek borliqni larzaga solmoqdir… Uning birgina quroli bor. U ham bo‘lsa, haq so‘z. Undan chekinish qalamga ham, vijdonga ham xiyonatdir.
She’riyat — bu kurash. O‘zining omonat farog‘ati emas, ko‘pning manfaati uchun adolat va adolatsizlik, yaxshilik va yomonlik, ezgulik va yovuzlik o‘rtasidagi kurash. Bas, shunday ekan:

Kel Tavallo, bo‘l musavvir, ol qalamni qo‘lg‘a san,
Chek frontlar suvratin, ko‘rsun hama naqqoshlar.

Shoir “haqiqat so‘z”ni, dilband diyori dardlarini aytish bilan kifoyalanmaydi. Uni tuzatishga diqqatni qaratadi:

Kamchilikni nazmu tahriri Tavallo qilmasang,
Kel bu kun manzur emas, yozma bo‘lak ash’or hech!

“Tomoshabog‘ xususida” she’rida esa, o‘zini millatning “otxonasida xizmat et”ishga, “millatning shaltog‘i”ni tozalashga safarbar qiladi. Bunday hol adabiyotimizda ilgari ko‘rilmagan.
Shoirning sevimli mavzularidan biri hurriyat edi. U inson erkini har narsadan ustun qo‘ydi. Uning talqinidagi erkning ma’nosi g‘oyat keng. Bu erk siyosiy, iqtisodiy mustaqillikdan tortib nafsga, huzur-halovatga, qullikdan ozod bo‘lishgacha qamrab oldi. U xotin-qizlar hurriyatiga keng e’tibor berdi. Masalan, “Qarindosh va hamshiralarimiz mazluma qizlar tilindan” she’rida qizlar otalariga murojaat qilishib, ularni ham o‘qitishni, ularga ham insoniy munosabatda bo‘lishni so‘raydilar. Shoirning bir qator she’rlari davr yangiliklari, kundalik voqealar haqida. Masalan, “Oyna” (muharriri Behbudiy) jurnalining (1913), “Sadoyi Turkiston” (muharriri Ubaydulloxon Asatullaxo‘jayev) gazetasining (1914) chiqishlari Ismoilbek vafoti (1914), Qars (Turkiya)dagi zilzila (1914), ayniqsa, Birinchi jahon urushi va u bilan bog‘liq hodisalar Tavallo diqqatidan chetda qolgan emas. O‘zbek teatrining maydonga kelish voqealariga bag‘ishlangan bir emas to‘rt she’ri bor. Shulardan biri bevosita ilk o‘zbek teatri tomoshasi 1914 yil 27 fevralda Toshkentdagi «Kolizey» teatrida Avloniy truppasi tomonidan Behbudiyning “Padarkush” dramasi qo‘yilishiga bag‘ishlangan. Shunda mashhur ma’rifatchi Munavvarqori Abdurashidxonov teatr haqida nutq so‘zlagan edi. She’r ham shu voqeani hikoya qilishdan, “Cho‘q munavvar etdi olamni Munavvarqorimiz”, deb boshlanar edi. Ikkinchisi esa teatrning ahamiyatini ta’kidlab ko‘rsatdi. Shoir fikricha, yoshlarning teatr o‘ynashi, millatning hayot asari ko‘ringanidan — tirikligidan nishonadir, “taraqqiyning xabari”dir.
Shoir barmoq vazniga 20-yillarda, hajviyalarida murojaat qildi va o‘zbek hajviy she’riyatining esda qoladigan namunalarini yaratdi. Biroq sovet davrida yozilgan she’rlarini na g‘oyaviy, na badiiy jihatdan 10-yillardagi she’rlariga qiyoslab bo‘lmaydi. Ular yengil-elpi yozilgandek, ko‘ngli to‘lib turgan kishining istehzosidek taassurot qoldiradi.
Buning sababi, bizningcha, ikkita:
1. Ijtimoiy. Shoir kambag‘alparvarlik shiorlari bilan avom xalqni o‘ziga og‘dirib olgan bolsheviklar siyosatining g‘ayriaxloqiy va g‘ayriinsoniy mohiyatini tobora anglab boradi. Millat va Vatanning tubsiz girdobga ketayotganidan, halokatning muqarrarligidan, najotning yo‘qligidan iztirob chekadi. Sho‘ro idoralarida, hatto uning huquq-muhofazasida ishlayotganidan qiynaladi. Ko‘nglini borligicha ocha olmaydi.
2. Shaxsiy. Guvoh M.X.Husanboyev ma’lumotiga ko‘ra, taxminan 1931 yili o‘g‘li Mahmud vafot etadi. Bu hol shoirga qattiq ta’sir qiladi, ichkilikka beriladi. Xullas, Tavallo hayotining so‘nggi yigirma yili juda ko‘p zamondoshlariniki kabi iztirobli, lekin deyarli samarasiz kechdi.
Tavallo adabiyotimiz tarixida ko‘proq 10-yillardagi millatni erk va adolatga uyg‘otgan jo‘shqin ehtirosli she’rlari bilan qoldi. Bu she’rlar yangi o‘zbek she’riyatining maydonga kelishida muhim bir bosqich bo‘lib tarixga kirdi. Xususan, Cho‘lpon she’riyatining yuzaga chiqishida ma’naviy omillardan bo‘ldi. Oybekning shoir she’rlarini alohida bir samimiyat bilan esga olishi sababi shunda.
Bugun uning hayoti va ijodi mutaxassislar tomonidan keng ko‘lamda o‘rganilmoqda, O‘zMU «Universitet» nashriyotida «Milliy uyg‘onish adabiyoti manbalari», «Ma’naviyat» nashriyotida «Istiqlol qahramonlari» ruknlarida shoir asarlaridan namunalar nashrga tayyorlanmoqda.

«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2003 yil 49-sonidan olindi.