Chet el adabiyotining mumtoz asarlarini o‘rganish boshqa xalqlar, millatlar adabiyoti haqida to‘liq tasavvurga ega bo‘lishimizda muhim manbadir. Shu maqsadda jahon adabiyotida o‘ziga xos iz qoldirgan yozuvchi va shoirlar hayoti – bolaligi va ayniqsa, ijodi bilan qiziqdik, ularni sizlarga ham ilindik. Dastlabki ma’lumot mashhur ingliz fantastik yozuvchisi – Gerbert Uells xususida.
To‘liq ismi Gerbert Jorj Uells bo‘lgan yozuvchi 1866 yil 21 sentyabr kuni Buyuk Britaniyaning Kent viloyati Bromli shaharchasidagi Xay ko‘chasida joylashgan 47-uyda bog‘bon Jozef Uells va uy xizmatchisi Sara Nil oilasida to‘rtinchi farzand bo‘lib dunyoga kelgan. O‘sha paytdagi siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy ahvol tufayli bu oila tirikchilik borasida anchagina qiynalardi. Oila ustuni, ya’ni ota boshchiligida ular o‘zlariga meros bo‘lib qolgan chinni idishlar va sport jihozlarini sotib, kun ko‘rishgan. Lekin bu katta oila uchun urvoq ham bo‘lmasdi. Keyinchalik Jozef kriket (sport turi) bo‘yicha o‘tkaziladigan musobaqada Kent viloyati jamoasi sharafini himoya qilib, ancha-muncha pul ishlash evaziga moddiy qiyinchiliklardan sal bo‘lsa-da, qutulishga harakat qiladi.
1874 yili baxtsiz hodisa tufayli yosh Uellsning oyog‘i sinib, to‘shakka mixlanib qoladi. Shundan so‘ng vaqt o‘tkazish uchun otasi olib kelgan turli xil kitoblarni o‘qiy boshlaydi. Asarlar esa uni tobora romantik dunyo sari yetaklab, unda ham ijod qilishga istak tug‘diradi. Keyinchalik u, sal sog‘lig‘i tiklangach, 1849 yilda faoliyatini boshlagan «Tomas Morli akademiyasi» deb nomlangan xususiy maktabga o‘qishga kiradi. Endi o‘ziga kela boshlagan oilada yana ko‘ngilsizlik yuzaga keladi: 1877 yili Jozef Uellsning ham oyog‘i sinishi oqibatida Gerbert kriketni tark etishga majbur bo‘ladi.
Shunga qaramasdan, izlanuvchan Gerbert 1883-87 yillarda avval Midxerst maktabida, keyinchalik Qirollik kollejida (hozirgi London Imperial kollejida) tahsilini davom ettiradi. U maktabda o‘qib yurgan paytlaridayoq o‘zining birinchi ijodiga qo‘l urgandi: «Vaqt mashinasi» nomli fantastik asari maktab ilm-fan jurnalida «Xronik argonavtlar» sarlavhasi ostida bosilib chiqadi.
Maktabni tugatgach, otasining jiyani, ya’ni ammasi Meri Uells uni uyiga taklif qiladi. Bu yerda u ammasining qizi Izabel bilan ham ancha chiqishib qoladi va buning natijasi o‘laroq, 1891 yilda Izabelga uylanadi. Ammo uch yildan keyin, 1895 yilda Gerbert o‘zining talabalaridan biri Emi Katerin Robins bilan turmush quradi. Ular ikki o‘g‘il ko‘rishadi: Jorj Filipp (1901) va Frenk Richard (1903).
Gerbert 1901 yili yozgan «Bashoratgo‘ylar» asari bilan taniqli yozuvchi sifatida tilga tushadi. Keyinchalik bu asar jurnallarda «Payg‘ambarlik tajribasi» nomi bilan chop etila boshlangan. Bunda yozuvchi 2000 yilda dunyo qanday bo‘lishini aytib bergan. (Masalan, poezdlar va avtomobillarning shahardan to qishloqqacha yetib borishi, zamonaviy texnologiyalar butun dunyoni egallab olishi, Yevropa Ittifoqining tashkil etilishi kabi.)
Uning dastlabki asarlari o‘sha paytda «ilmiy romanlar» deb nom qozongan bo‘lsa-da, hozirda ilmiy-fantastikaning mumtoz namunalari sifatida ma’lum va mashhurdir: «Vaqt mashinasi», «Doktor Moro oroli», «Ko‘rinmas odam», «Dunyolar jangi», «Uyquchi uyg‘onganda», «Oydagi birinchi odam». Bu asarlarning barchasi («Uyquchi uyg‘onganda» asaridan tashqari) film qilib ishlangan.
Gerbert Uells nafaqat fantastik yozuvchi, balki yaxshigina bashoratchi ham edi. Asarlarining birida u shunday yozgandi: «XX asr boshlarigacha odamlar hech narsani aniq va ravshan bila olishmaydi. Aniqrog‘i, cheksiz urushni… (Lekin) buni qo‘llarida atom bomba portlamaguncha sezishmaydi ham». Bu qaydlar uning 1930-yillar oxirida jahon urushi boshlanadi, degan taxminning yozma isboti edi (1934).
Yozuvchi tarix sohasida ham bir qancha izlanishlar olib borib, durdona asarlar qoldirib ketgan. 1920 yilda ikki jildli «Tarix haqida ma’lumot» kitobi professional tarixchilar tomonidan yaxshi kutib olinmagan bo‘lsa-da, oradan ikki yil o‘tib, Uells «Dunyoning qisqacha tarixi» asarini ham nihoyasiga yetkazadi. Unga zamon notinchligi ham ta’sir qilmay, aksincha o‘zidan-o‘zi ruhlanib, yanada samaraliroq ijod qilishga tushadi. Natijada «Hayot ilmi» (1930) hamda «Insoniyatning mehnati, sog‘lig‘i va baxti» (1931) degan asarlari uning ijodidan o‘lmas meros bo‘lib qoladi. 2005 yili «Tarix haqida ma’lumot», 2006 yilda esa «Dunyoning qisqacha tarixi» kitoblari qayta nashrdan chiqariladi.
1927 yilda Florens Diks yozuvchini plagiatorlik(ko‘chirmakashlik)da ayblab, «Tarix haqida ma’lumot» asarini yozishda uning ko‘p qismini «O‘rgimchak to‘ri»dan olgan, deya fikr bildiradi. Bir nechta oddiy iboralardagi xatolarni hisobga olmaganda, sud hay’ati Uellsni aybsiz deb topadi.
Uells «Barbellion» taxallusi ostida 1919 yili chop etilgan «Tushkun odam jurnali» nomli kundaliklar va 1938 yilda kelajak avlodga yordam berish maqsadida ta’lim va tarbiya haqidagi «Dunyo miyasi» esselar to‘plamini yozib, nashr ettiradi.
Ikkinchi jahon urushi tugab qolgan bir paytda ittifoqchi kuchlar siyosatchilar va ilm ahlidan chiqqan «xoin»lar ro‘yxatini tuzishgan. Gerbert Uellsning ism-sharifi ushbu ro‘yxatning boshida turardi. O‘sha paytlarda u Xalqaro PEN (shoirlar, essechilar, romanchilar) tashkiloti prezidenti edi.
1946 yilning 13 avgust kuni kriketchi bo‘la olmagan bashoratgo‘y yozuvchi bu dunyoni tark etadi.
Bobur Nabi
“Ma’rifat” gazetasidan olindi.