O‘tgan asrning 20–30-yillari o‘zbek matbuotida ro‘y bergan voqeliklarni o‘rganar ekanmiz, o‘sha davrdagi gazeta va jurnallar bilan birga o‘zbek ma’rifatchiligi va jurnalistikasi taraqqiyoti yo‘lida jonini fido qilgan Cho‘lpon, G‘ozi Yunus, Mirmuhsin Shermuhammedov, Sanjar Siddiq, Abdulla Qamchinbek, Muhammad Hasan kabi bir qator taniqli arboblar nomlari tilga olinadi. Ushbu yozuvchi va jurnalistlar qatorida o‘zbek matbuotiga o‘zining salmoqli hissasini qo‘shgan A’zam Ayub ham bor edi.
A’zam Ayubov 1904 yil 21 avgustda Toshkentning Rais ko‘cha mahallasida xizmatchi oilasida dunyoga kelgan. 1917 yil otasining vafot etishi A’zam Ayubni maktabni tashlashga majbur etadi. Yosh A’zam oila boqish bilan birga 1918 yildan Munavvarqori Abdurashidxonovning Xadradagi yetti yillik “Namuna” maktabida o‘qishini davom ettirdi va u yerda Fitrat hamda Qayum Ramazonlardan saboq oladi. 1919 yili ustozlarining tavsiyasi bilan “Turon” kutubxonasiga kitob tashuvchi bo‘lib ishga joylashadi. Ish jarayonidagi bo‘sh vaqtida o‘zbek, rus, turk tillaridagi kitoblarni mutolaa qilardi. Dastlab “Ishtirokiyun” va “RosTA” devoriy gazetalari tahririyatiga borib, u yerda Mirmulla Shermuhammad, Cho‘lpon, G‘ozi Yunus kabi muharrirlar bilan tanishadi. Tez orada “Ishtirokiyun” gazetasiga musahhih yordamchisi bo‘lib ishga joylashadi. Shu bilan birga 1920 yil o‘rtalariga kelib, A’zam Ayub “Yosh buxoroliklar”ning “Tong” jurnaliga maqolalarni oqqa ko‘chiruvchi kotib-mirza sifatida ishga qabul qilinadi. Ikki nashrdagi faoliyati jarayonida Vali Allomov, Abdulla Avloniy, Cho‘lpon, Fitrat kabi ma’rifatparvar ziyolilardan adabiyot, san’at, badiiy ijod sirlarini o‘rganadi.
1922 yil sentyabridan “Qizil bayroq” gazetasi “Turkiston” nomi bilan chiqa boshlaydi. A’zam Ayubning bu paytga kelib jurnalistika borasidagi tajribasi va jo‘shqin mehnat faoliyati inobatga olinib, u dastlab bo‘lim mudiri, keyin esa mas’ul kotib o‘rinbosari lavozimlariga ko‘tariladi. 1925 yildan “Turkiston” gazetasi “Qizil O‘zbekiston” nomi bilan chiqa boshlaydi va A’zam Ayub 1937 yilga qadar mazkur gazetada mas’ul kotib o‘rinbosari vazifasida faoliyat ko‘rsatadi. Ushbu gazeta tahririyati taniqli adiblar – Abdulla Qodiriy, Elbek, Oybek, Botu va boshqalar kelib turadigan, o‘zaro fikr almashadigan manzil edi. Gazetada qalamkash sifatida tanila boshlagan A’zam Ayub bu adiblar bilan tez-tez muloqotda bo‘ladi. Natijada u matbuotda ishlash uchun faqat amaliy tajriba yetarli bo‘lmasligini anglaydi. Shu bois avval o‘rta maktabni tugatadi, so‘ng SAGU (hozirgi O‘zMU)ning ijtimoiy fanlar fakultetida o‘qiydi.
A’zam Ayub 1925 yilda “Kambag‘al dehqon” gazetasining shakllanishida faol ishtirok etib, 1925 yil iyuldan 1926 yil iyuligacha shu gazetada mas’ul kotib lavozimida ham ish yuritadi. Faoliyati davomida “Qizil O‘zbekiston” gazetasining ilovasi bo‘lgan “Er yuzi” nomli suratli jurnalga (1926–1928) mas’ul kotiblik qiladi. Dunyo madaniyati, ijtimoiy hayoti, jahon adiblari faoliyati va asarlari bilan o‘zbek o‘quvchilarini ilk bor tanishtirgan bu jurnalning sermazmun chiqishida A’zam Ayubning xizmati katta bo‘lgan. Keyinchalik bu jurnal “Mash’ala”, “Guliston” nomi bilan chiqa boshlaganda ham, u muharrir o‘rinbosari lavozimida ishlagan (1931–1937). Faqatgina matbuot bilan kifoyalanmay, o‘sha davr adabiy harakatiga faol aralashishga intilgan. A’zam Ayub davriy nashrlarda san’at va adabiy hayotga doir qator taqrizlar e’lon qilgan. U o‘z maqolalariga “A’zam Ayub”, “Chig‘atoy”, “A’zam”, “Ayub”, “Jimit”, “Gazetchi” “Tomoshachi”, “Toshkentli”, “A.A.” taxalluslari bilan imzo chekkan.
Afsuski, mustamlakachi tuzum matbuotchi sifatida endigina elga tanilgan hamda tarjima sohasida izchil faoliyat boshlagan A’zam Ayubning hayot va ijod yo‘liga nuqta qo‘ydi. U 1937 yil 15 oktyabr kuni NKVD xodimlari tomonidan tuhmat bilan qamoqqa olindi. 1938 yil 5 oktyabr kuni NKVD “uchligi”ning yopiq sudi uni soxta ayblovlar asosida oliy jazoga hukm qildi. Hukm 1938 yil 4 oktyabrda NKVD Harbiy kollegiyasining shu haqidagi qarori chiqmasdan oldin ijro etilgan edi. Shu tariqa yurtning asl farzandlaridan birining taqdiriga NKVD Harbiy kollegiyasi tomonidan xulosa yasalgan edi. A’zam Ayubov o‘limidan salkam 20 yil o‘tib, uning ishi qayta ko‘rib chiqiladi va 1957 yil 1 avgustda singlisi Muborak Ayubovaga jurnalist A’zam Ayubovning oqlangani ma’lum qilinadi.
A’zam Ayub o‘z ijodiy faoliyati davomida millat, xalq manfaatini himoya qilgan ko‘plab maqolalar, hikoyalar yozgan. Shuningdek, qalamga olgan mavzular jamiyat hayotidagi eng dolzarb muammolarga bag‘ishlanganligi, insonlardagi yomon illatlarni bartaraf etishga qaratilganligi bilan ajralib turadi. Uning yaratgan barcha asarlari, tarjimalari va maqolalari o‘z davrida o‘quvchilar tomonidan qizg‘in kutib olingan. A’zam Ayub tarjima sohasida ham o‘ziga xos iz qoldirgan. Chunonchi, u Goldonining “Mehmonxona bekasi”, Shillerning “Makr va muhabbat” kabi qator sahna asarlarini ruschadan o‘zbek tiliga tarjima qilgan. U vaqtli matbuot sahifalarida ham e’lon qilingan ko‘plab kichik hikoyalarni tarjima qilgan. Jumladan, P. Sumbottining “Adabsiz zanji”[1], Boris Pilnyakning “Sultonning qahvasi”[2], Blosku Iboniyusning “Yo‘lovchi”[3], Anri Barbyusning “Shahzoda Ferdinand”[4] kabi asarlari fikrimiz dalilidir. Albatta, biz keltirgan misollar A’zam Ayubning ulkan ijodiy merosidan bir qatra, xolos. A.Ayub tarjima uchun tanlagan hikoyalarida voqealar qayerda bo‘layotgani, kim tomonidan hikoya etilayotganligidan qat’i nazar o‘quvchining ko‘z oldida kechayotgan jarayonlarga hamohang boradi. U butun voqelikni o‘quvchining saviyasi, dunyoqarashiga moslab, mahorat bilan hikoya qiladi. Umuman, bu hikoyalarga yuksak badiiy saviya, tilning ravonligi va pishiqlik xosdir.
“Jahon adabiyoti”, 2015 yil, 7-son
[1] “A’zam”. Adabsiz zanji // Yer yuzi. 1928 yil. № 6. – B. 8-9.
[2] A. Ayubiy. Sultonning qahvasi // Yer yuzi. № 10. (43) 1928. – B. 6-7.
[3] “Gazetchi”. Yo‘lovchi // Yer yuzi. 1928. № 18. – B. 6-7.
[4] “Gazetchi”. Shahzoda Ferdinand // Yer yuzi. № 3. (56) 1929. – B. 4-5.