Abdulla Sher ikkinchi jahon urushi avj pallaga chiqqan payt – 1943 yili tug‘iladi. Shunga ishora qilib, she’rlarining birida: “Biz urush farzandi bo‘lib tug‘ildik”, deydi. Og‘ir yillar, tinchlik orzusi, ayriliqlar, bir burda non qayg‘usi, mashaqqatlar… Eng muhimi, “Urush tugaganda bildik daf’atan, Tandir borligini oshxonamizda” – to‘qlik zamonlariga ishora o‘laroq shoirona topib aytilgan fikr bu. She’r oxiriga tushgan urg‘u ham.
Diqqat qilinsa, Abdulla Sherning ijodida zamonaviy va mumtoz she’riy janrlar – sarbast, uchlik, to‘rtlik, sonet, oktavadan tortib g‘azal va muxammasgacha bor. U “Navoiy haqida ballada”, “Qizil shalonlar”, “Ikki o‘q” singari balladalar, “Karvon qo‘ng‘irog‘i”, “Yig‘layotgan tosh”, “Yonayotgan yo‘l”, “Sevilmagan mening sevgilim” kabi dostonlar yozdi. To‘g‘ri, shoir epik tafakkur ko‘lami va tuyg‘ulari uyg‘unlashgan dostonlarda sinovdan o‘tadi. “Ko‘ksini o‘q teshgan botirlar yashar, Kechikib yozilgan dostonlarimda”, deydi u. Shuning o‘ziyoq shoir adabiy bisotining ko‘lamini ko‘rsatadi.
Men Abdulla Sherni tuyg‘un, shiddatkor, biroz o‘jar, kurashchan ijodkor sifatida tasavvur qilaman. O‘zaro suhbatlarda ham hamisha hayajonli va yoniq, takliflari mo‘l va amaliy faoliyati ham shunga mos bir inson Abdulla aka. “Garchi Abdullodir ismim, har so‘zim isyon biling”. Shoir tabiati shu misrada ham kuzatiladi.
Jimjitlikni buzish, bema’ni hollar, aldovga, “hamma maydonni bitta haykal qoplagan” zamon adolatsizligi va zulmiga qarshi so‘zi bilan isyon qilish, so‘z aytish ijodkorning burchi, albatta.
Men orzuning tovush yetmas o‘lkalariga
Ot qo‘ydim-u yorug‘ kunni topay deb bot-bot,
Lekin temir darvozalar ko‘lankasida
Darig‘ tutdi quyoshini mustabid hayot.
Amu bilan Sirdaryoga to‘kib yoshimni,
Ikki daryo o‘zaniga to‘lib yig‘ladim,
Ko‘tarolmay aldovlardan egik boshimni,
Qullikdagi O‘zbekiston bo‘lib yig‘ladim.
Shoirning uzun tarjimai holida shunday mahzun sahifalar ham bor. “Eski dunyo to‘ngaklari” – ular o‘tmishga aylandi, “Erk kuniga, Yurt kuniga” yarash, yangi zamonga – “go‘zal Istiqlol”ga shukrona – bu ham shoir ijodiy biografiyasining bir bo‘lagi.
* * *
Ko‘p hollarda shoirlar o‘z kitoblarining mundarijasiga, she’rlarining joylashish tartibiga e’tibor bermaydi. Ammo bu gap Abdulla Sherga tegishli emas. Abdulla aka majmualari strukturasiga jiddiy qaraydi. She’rlarining mazmun-mohiyatan o‘zaro uyg‘unlarini jamlaydi. Turkumlaydi. Shunga ko‘ra shoirning bitta turkumi “Sarbast qo‘shiqlar” deb nomlanadi. Nomidan ko‘rinib turganidek, muallif bunda erkin vaznda yozilgan, o‘ziga xos ohang va falsafiy mazmunli she’rlarini jamlagan.
“Sevgi olmoshi” kitobi – 44ta sonetdan tarkib topgan bu turkum to‘rtta bo‘limdan iborat. Turkum tartibini shoirning o‘zi bunday izohlaydi: “Sonetlar kitob-turkumning nomiga mos tarzda to‘rtga bo‘lingan, ya’ni to‘rt turdagi kishilik olmoshlari bilan ifodalangan “Men”, “Sen”, “U”, “Biz” qismlarga bo‘lingan. “Men” – oshiqning hissiyotlarini, kechinmalarini; “Sen” – ma’shuqaning tasvirini, go‘zalligi, ulug‘vorligi, latofatini; “U” – hayot, tabiat, muhabbat, ag‘yor, ma’shuqa singari jonli va jonsiz narsa-hodisalarga lirik qahramonning munosabatini; “Biz” – ikki sevishganning olam qo‘ynida birgalikdagi yoki birgalikka intiluvchi xatti-harakatlari jarayonlarini o‘z ichiga oladi”. Sonetning kompozitsion qurilishi – “tartibi mumtoz”. Mumtoz sharq she’riyatidagi g‘azal janriga xos nazariy qonuniyatni buzib bo‘lmaganidek, sonet yozish qoidalariga ham tugal amal qilmoq lozim. Shoirning bir soneti bunday boshlanadi:
Bu tog‘lar rom etdi meni, jonginam,
Bu tog‘lar o‘ylatdi, o‘yladim seni,
Bu tog‘lar so‘ylatdi, so‘yladim seni,
Men toshlar tilini o‘rgandim, erkam…
“Toshlar tilini o‘rgangan” Abdulla Sher, tabiiyki, sonet tabiatini, o‘zbek va dunyo adabiyotida sonetnavislar ijodini ham puxta o‘rganib chiqadi. Kamtarlik bilan o‘z yozganlarini tajribalar deb ataydi. Holbuki, shoirning sonetlarida o‘ziga xos falsafa, qismlararo adabiy-estetik yaxlitlik sezilib turadi.
“Chiqmoq bo‘ldim Vaqtning qa’ridan” – shoir asirlikni, asrga asrandi bo‘lishni istamaydi, unda abadiyat orzusi kuchli. Abdulla Sher ijod mashaqqatlarini teran anglaydi va “iste’dod” so‘zini taqsimlab, yarmi “dod” ekaniga urg‘u beradi. Shoirlar “bahordan qor tilashi, qishdan gul so‘rashi” mumkin bo‘lgan, “ichidagi darddan jigarpora” odamlardir. Gohida o‘z-o‘ziga malomat qiladigan ijodkor manglayiga shunday cho‘ng iztirobni ko‘tarib yurish bitilgandir. Shoirlar gohida osmon bilan dillashadigan toifadir:
Gohida charaqlab bepoyon osmon,
Meni bir yulduzdek qabul qiladi.
Har yorug‘ yulduzga bag‘ishlab doston,
Men Somon Yo‘lidan yurgim keladi.
Osmondagi “har yorug‘ yulduz”, ma’no ko‘chimiga ko‘ra, yerdagi iste’dodli ijodkor. Shoir har bir alloma, adib yoki shoirga yoinki samo bag‘ridan abadiy yog‘du sochayotgan eng yorug‘ yulduzga bag‘ishlab doston bitishi mumkin. Shoir uchun “Somon yo‘li” muhim bir tushuncha. Somon yo‘li – samodagi eng yorug‘ yulduzlar g‘uj jamlangan makon. Somon yo‘li – abadiyat yo‘li. “Somon yo‘li” iborasini Abdulla Sher ko‘p qo‘llaydi. Qaysi bir she’rida nimadir Somon yo‘liga singib ketadi. Boshqa bir misrada shoirning lirik qahramoni Somon yo‘lidan lovillab qaytadi. “Somon yo‘li” ta’biri ustoz shoirlardan meros. Ya’ni “Somon yo‘li Navoiydan iz…”. Darhaqiqat, shunday bir nuqtada Abdulla Sherning badiiy tafakkuri Oybek siymosi bilan tutashadi. Ustoziga mehri baland shoir tushiga kiradi Oybek. Oybekni oy, tarix, moziyda o‘tgan ulkan allomalar qiyofasida ko‘radi.
Bir seskanib tushimdan turdim, –
So‘zga soldim jur’atimni men:
Kuni kecha yo‘l uzra ko‘rdim,
O‘zbekiston, suvratingni men.
Abdulla Sherning nafosatga yo‘g‘irilgan she’rlari esda qoladi. “Dunyo yashil. Dunyo go‘zal, Charaqlaydi kun, Maysazordan bolaligimning isi keladi”; “Bolalikning mayin kaftida Erkalanib lolalar terdim”. Bolalik qo‘msovlari beg‘uborlik sog‘inchidir. Har qanday ijodkor ko‘ngil dardlariga munosib so‘z topish va so‘z aytish yo‘lida izlanadi. Abdulla Sherning quyosh tomon irg‘itgan so‘zlari nurga tegib jaranglaydi. Oyga otsa, so‘zlari sutga chayilganday ko‘rkamlanadi. Yaxshi topildiq.
“She’riyat chidamdir, she’riyat – sabot”. So‘z yo‘lining o‘z mashaqqatlari bor. So‘zlarning ohu zorlari tilini topish, so‘zlarning suvrati va rangini ko‘rish shoirlarga xos.
Shoirlarki, do‘stidir gulning,
Ne-ne go‘zal misra tizdilar.
Men she’r dedim agar ko‘ngilning
Suvratiga topsam chizgilar…
She’r – ko‘ngil suvrati uchun chizgi. Abdulla Sherning lirik talqiniga ko‘ra, shoirlarning yuraklari boshlari uzra bamisoli bayroq kabi hilpirab turadi. Abdulla Sher o‘z bisotidagi she’riy ma’danga shunday tashxis qo‘yadi. Chin she’r nafis nafosati bilan o‘quvchiga ta’sir etadi, esida qoladi. Abdulla Sher bu ijodiy-psixologik hodisani yaxshi biladi.
* * *
Abdulla Sher nafosatshunos muallim sifatida O‘zbekiston Milliy universiteti talabalariga “Estetika” fanidan saboqlar berdi. O‘z vaqtida O‘zMU qoshidagi Oliy adabiyot kursi tinglovchilariga ma’ruzalar o‘qidi. Ijodiy tajribalari xususida yosh qalamkashlarga badiiy mahorat darslari o‘tdi. Muallimlikning noni qattiq. Ammo o‘sha Oliy adabiyot kursi o‘quv jarayonini boshqargan yillarim Abdulla Sher mas’uliyatli muallim sifatida esimda qoldi.
Muallim – ulug‘ nom. Abdulla Sherning muallimligi olimligi bilan uyg‘un, olimligi shoirligini to‘ldiradi. Biz ko‘p yillar rus olimi Yuriy Borevning “Estetika” kitobini o‘qidik yoki o‘quvchilarga tavsiya etdik. Kitob rus tilida.
Universitetning falsafa fakultetida ishlagan yillari Abdulla Sher “Estetika” – “Nafosat falsafasi” darsligini yozdi. Darslik mazmuniga ko‘ra G‘arb va Sharq nafosatshunosligida mavjud juda ko‘p mavzularni qamrab oladi. Kitobda insonning ma’naviy darajasi, axloqi, madaniyat va hayot, adabiyot va san’at mohiyatidan, ularga xos estetik kategoriyalardan bahs yuritiladi. Abdulla Sher darslikka boshqa kitoblarda uchramaydigan tushunchalarni kiritadi – “Mo‘jizaviylik va xayoliylik”, “Qiziqarlilik va zerikarlilik” kabi masalalarni qunt bilan muhokama etadi. San’atni tasniflashtirish borasida esa umumqabul qilingan Haydeggerning mantiqiylik tamoyilini e’tirof etgani holda, tarixiylik tamoyilini taklif etadi. Qadim zamonlardan davrimizgacha bo‘lgan estetik hodisa tarixini xronologik tarzda yozgan muallif e’tiboridan Turkiston ma’rifatchi-jadid mutafakkirlari dunyoqarashiga xos jihatlar, ularning orzu-istaklari chetda qolmaydi.
“Axloqshunoslik”, “Estetika” darsliklari Abdulla Sherning pedagog olim sifatida muayyan voqea-hodisani ilmiy-nazariy tizim asosida bayon etishini, pedagogik mahorati hamda adabiy-estetik qarashlarini o‘zida aks ettiradi. Darvoqe, ijod ahlining dunyoga qarashini birinchi navbatda badiiy asarlari, keyin esa, ular tomonidan yozilgan adabiy-nazariy maqola va risolalari mazmunidan ham bilib olish mumkin. Gapim Abdulla Sherning “Abadiyat va umr” kitobiga diqqat qaratish lozimligi tomon burildi. Abdulla aka falsafiy tafakkurga moyil ijodkor. Va yuqoridagi kitob ham “falsafiy-ma’rifiy asarlar”dan tarkib topgani bilan diqqatga molik.
Abdulla Sher uchun dunyo faylasuflarining qarashlari, fikrlari, o‘gitlari, aforizmlari begona emas. Dunyoga mashhur frantsuz faylasufi J.P.Sartrning “Ekzestentsializm – insonparvarlik degani” asarini o‘zbek tiliga mahorat bilan tarjima qildi. Tarjima “Jahon adabiyoti” jurnalining dastlabki sonlarda bosilgan edi.
Gapimiz o‘z-o‘zidan Abdulla Sher ijodining yana bir qirrasi – tarjimonligiga kelib taqaldi. Shoir dunyo adabiyotidan J. Bayron, H.Hayne, A.Pushkin, M. Lermontov, N. Nekrasov, A. Blok, M. Gorkiy, A.Axmatova, E. Charents kabi ijodkorlarning asarlaridan namunalarni ona tilimizga o‘girdi. Abdulla Sher olmon she’riyatini yaxshi biladi, olmon tili bilan jiddiy shug‘ullanadi. H.Haynening “Olmoniya. Qish ertagi” dostoni va boshqa she’rlari tarjimasida til bilishi qo‘l keldi.
* * *
Men baxtliman: yo‘ldan ozmadim,
Taft kutmadim yiltiroq muzdan;
She’r yozdimmi? Yo‘q, she’r yozmadim,
Men lolalar undirdim so‘zdan.
Shoir “Gul yillar, bulbul yillar” she’riy to‘plamini shunday savolli, tajohili orifona va metaforik yo‘sinda tugallaydi.
Abdulla Sherning jur’atli so‘zi, so‘zdan unib chiqqan gullari, chechaklari, lolalari – she’rlari, dostonlari, adabiy-ilmiy asarlari, tarjimalari – barcha-barchasi o‘zbek adabiyot bo‘stonini bezab, she’riyat muhiblari qalbiga zavq-shavq bag‘ishlayveradi.
«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasi, 2023 yil 30-son

