Anvar Obidjon. Parpiroq chehra

http://n.ziyouz.com/images/erkin_vohidov1.jpgYuragim tongdanoq, negadir, Huvaydo mavzesi sari talpinaverdi. Ustozni ertaga yo‘qlashga borish haqida o‘rtoqlar bilan kelishib qo‘yganimga qaramay, ularga sim qoqib, bugun boraqolaylik, deb tiqilinch qildim. Bordik. Statsionarda yotgan chog‘idagiga nisbatan ancha tetik ko‘rindi ustoz. Ko‘nglimiz yorishdi. Oltiariqdan jo‘natilgan uzum bargidan qiymali o‘rama pishirtirib olgandim, ishtahasiz bemorni tamaddilanishga qiziqtirish umidida, ota yurtingizning taomidan bir tatib ko‘ring, deb qistay ketdim.

Charchatib qo‘yishdan hadiksirab, orada bir-ikki bor qo‘zg‘alishga chog‘lansak-da, hozir ahvolim yaxshi, yana ozgina o‘tiraylik, deb shashtimizdan tushiraverdi. O‘tgan-ketgan voqealarni eslashdik, endigina nashrdan chiqqan, ustozning ijodi va hayoti to‘g‘risidagi maqolalar jamlangan “To quyosh sochgayki nur” nomli kitobni varaqlab, jo‘sha-jo‘sha fikrlashgan bo‘ldik.

Ketishdan oldin Mirzajon qur’on tilovat qilyapti-yu, ko‘zim o‘z-o‘zidan yoshlanaverdi. Ilgari hech bunday bo‘lmagandi. Yig‘imni ustozdan yashirib, chetga o‘girilib oldim. Xayrlashayotib yuzimni yuziga bosdim. Battardan to‘liqdim. Bu oxirgi marta ko‘rishishimiz ekanini men g‘ofil hali bilmasdim.

O‘sha kunlari o‘zimni notetik sezayotgandim, qishloqqa borib, davolanishni boshladim. Bir kuni Iqbolbek telefon qilib, ustozdan ayrilib qoldik, dedi ovozi titragancha. Osmon boshimga qulayotgandek tuyuldi…

Ta’ziyaga ulgurdim. Ostonasidan ne-ne mo‘tabar kishilar hatlab o‘tgani g‘urur bag‘ishlayotgandek doim purviqorlanib ko‘ringuchi mehmonnavoz uy bu gal mung‘aygancha cho‘kinib turganga o‘xshardi. Qadrdondan qadrdon egasi poydevordan boshlab uni o‘zi tiklagandi, nahot endi bir chiqib ketgancha, boshqa qaytmasa?

Betoblik surunkali tus olganidan keyingi voqealarning ancha-munchasidan xabardorman. Operatsiya qilingan yurakni shifokor nazoratidan o‘tkazish muddati yaqinlashganida Isroilga borib kelish zarurati tug‘ilgani hisobga olinmasa, uyi­dagilar falon yurtdagi do‘xtirlargayam bir ko‘rsatsakmikan, deyishsa, jonajon go‘shasidan sira nari siljigisi kelmasdi ustozning, hatto statsionarga borishgayam oyog‘i tortavermasdi. O‘z yurtini, o‘z qavmini yoniqib sevgandek sevardi bu uyni.

Navoiy she’r bitgan tilda so‘ylasang,
Qodiriy jon tikkan o‘yni o‘ylasang,
Rajabiyga hamroz qo‘shiq kuylasang,
Charxda o‘z uyi bor elat bo‘lasan.

                             Qavmingdan narida – o‘gayqon dunyo,
                             Quvonching omonat, boyliging ro‘yo,
                             Hayoting so‘nggida baxt boqib qiyo –
                             O‘z uyingda o‘lsang, yayrab o‘lasan…

Ustozni dafn qila boshlashadi. Bolalik paytim tili chiqib-chiqmagan ukam vafot etib, uni ko‘mishayotganda, shunday yupqa kafanda qishni qanday o‘tkazarkin, deb ezginlanganim esimda. O‘shandan beri qabr ustiga borishdan ses­kanishim bois, beriroqdagi g‘o‘la ustiga o‘tiraman. Karaxt edim. Ko‘zimda nam yo‘q edi.

Ko‘rayotganlarimning hammasi yolg‘on! Erkin Vohidovdek ulkan tog‘ qandaqasiga birdan yo‘q bo‘pqolishi mumkin? Bunga aql bovar qilmaydi! Bularning bari shunchaki tush! Yurak butkul oqib bitmasidan, tezroq uyg‘onsaydim!

Ko‘z o‘ngim shuvalashadi. Tegramda go‘yo hech kim qolmagan. Qabriston o‘rnida – nimqorong‘i sahna. Sahnada – birgina Erkin aka. Turli joydagi turlicha voqealar lip-lip namoyon bo‘la boshlaydi.

Yoshlar nashriyoti. Bosh muharrir Erkin aka miyig‘ida kulimsirab so‘zlamoqda:

– Bolalarga atalgan kitobingizni o‘qib, sizni Toshkentga ishga chaqirgim kepqoldi. Beshta farzandingiz bor ekan, chidab turishga jasorat topsangiz, uy-joy masalasini ham biror yilda hal qilarmiz.

Badavlatlikdagi kabi, mashhurlikda ham odamning ko‘zini yog‘ bosa boshlaydi, o‘zidan boshqani ko‘rmaydigan bo‘lib boraveradi, deyishardi. Shunday dovruqli shoir qaysidir qishloqda ivirsib yurgan havaskor qalamkashni qanday ilg‘ay oldiykin? Eng hayratlanarlisi – ishlari tiqilib yotgan bu odamni shunday saxovatpeshalikka undagan narsa nima? Shu bechoraning ham she’riyatimizga biron-bir nafi tegib qolsa ajabmas, deb o‘ylaganmi? Ertaga bu umidi oqlanmasa-chi?

O‘zi mehr qo‘ygan soha istiqbolini o‘z oroyishi, o‘z shuhratidan-da yuqori qo‘yuvchi chinakam elparvarlar masalaning bu tomonini xayoliga ham keltirmaydi shekilli; muhimi shu – kimgadir ortiqcha boshog‘riq, unga esa oddiygina burch bo‘lib tuyulguchi yumushni bajarishga jazm etdi, bajardi. Bunday gulko‘ngil kishilar o‘zgalarga saodat ulashish uchun saralab yaratilgan baxt farishtalaridir, balki.

Deputatlikka saylovlar boshlangan payt. Tumanlardan birida Erkin akadan tashqari yana to‘rt kishi o‘z nomzodini qo‘ygan. Ulardan uchtasi suyukli shoiriga yuksak ehtiromini namoyishlab, nomzodini qaytarib oldi. To‘rtinchisi esa, elchi yuborib, Erkin aka hozirda bo‘sh turgan falon amalga meni joylab qo‘ysa, nomzodimni olaman, deb shartini qistirmaladi. Mazkur tarmoqning kattakoni Erkin akaning yaqin kishilaridan edi, bir og‘iz shipshitsa bas, ish osongina bitadi-qo‘yadi, deb o‘ylayotgandik.

– Yo‘q, bunday qilolmayman, – dedi Erkin aka kutilmaganda. – Agar o‘sha odam shu gapini deputatlikka nomzodim qo‘yilmasidan ilgari aytganida, balki, o‘rtaga tushgan bo‘lardim. Falonchi shoir pismadonchining ko‘nglini ovlash evaziga deputat bo‘ldi, degan malomatni ko‘tarib yurishga qurbim yetmaydi.

Barchamiz dong qotib qoldik. Mana sizga o‘zbekona oriyatning yuksak namunasi! Bu haqda tarqagan shov-shuv saylovchilarning mard shoirga nisbatan yanada mehrini oshirdimi, aksariyati unga ovoz berdi.

Ustozning yana bir noyob fazilati – nihoyatda ko‘zi to‘q inson edi. Bir gal Oltiariqda uchrashuv o‘tkazib tashqariga chiqqanimizda, “chapaki tirikchilik”ka ustamon bir kimsa karton qutiga xorijiy firma tamg‘asi bosilgan, o‘sha paytda juda tanqis sanalgan narsani mashinamiz yukxonasiga tiqayotib, bu mendan sizga sovg‘a, akaxonim, deya Erkin akaga ukaxonlanib iljaydi.

– Biz choy-poy ichib turaylik, – dedi menga ustoz, yo‘l-yo‘lakay biznikiga kirganimizda. – Siz boyagi odamning sovg‘asini uyiga tashlab keling. Erkin akaning boshqa bir iltimosi bor ekan, keyinroq aytarkan, deb ko‘nglini tinchiting.

– Taxminan, qanaqa iltimosi bo‘lsaykin, deb qolsa-chi?

– Erkin akamga bitta parovoz olib berarkansiz, deng. Boshi qotib yuraversin.

Qizil saltanat quturib borayotgan davr edi; Erkin aka Gurjistondagi namoyishchilarni o‘qqa tutishga buyruq berganlarning qatorida turolmayman, deb kompartiya safidan chiqdi. Ba’zilar o‘zi kattaroq ish ko‘rsatsa, senlar jim turishdan boshqaga yaramaydigan suvaraksanlar, degandek o‘zgalarga tuyaqarash qiladi. Erkin aka tugalay bo‘lakcha edi. O‘sha kunlari ustozga uchrashib, nashriyotimizdagi ayrim yigitlar ham firqa a’zoligidan voz kechmoqchi bo‘lyapti, desam, shosha-pisha e’tiroz bildirdi:

– Yo‘q, yo‘q! Zinhor unday qilishmasin! Meni darrov piypalab tashlasholmasa kerak. Sizlar ehtiyotlanib tura turinglar, boshqa ishlarda juda asqatasizlar hali.

O‘zgalarning ko‘nglini avaylashda, qo‘polroq kesatiqni latifgina qilib ayta olishda ham ustozga teng keladiganini uchratmaganman. To‘rg‘aychalar burgutga ming taqlid qilsin, baribir hech kimning e’tiborini tortolmaydi, o‘zlarini behuda qiynagani qoladi xolos, degan dashnomni shunchalar muloyimlab bayon etsayam bo‘larkan-a!

Erkin aka sakkiz jildlik asarining to‘rtinchi jildi korrekturasidagi ayrim tuzatishlarga bir ko‘z tashlab qo‘yish uchun “Sharq” nashriyotiga kelgan ekan, oldin Ahrorbek, so‘ng Nosirjon ketma-ket sim qoqib, meni xabardor etishdi. Tezda yetib bordim. Chaqchaqlashib-chaqchaqlashib, hammamiz birga tushlik qildik. Kayfiyati o‘ta yashnoqlanib ketganidanmi, o‘zini xastalikdan tugalay forig‘ bo‘lgandek tutayotgan ustoz, tashqariga chiqayotganimizda yengimdan sekingina chetga tortib, bu ziyofat kimning hisobidan uyushtirilganini surishtirdi. Bari nashriyotning cho‘ntagidan, deganimdan keyin ham ko‘zimga bir zum sinovchan tikilib turdi.

Bilaman, o‘zgalarga, ayniqsa, kamxarjroqlarga qittay bo‘lsa ham maloli tushishidan azali parhezlanib yuradi ustoz. Buni tug‘ma halollik deysizmi, beozorlik deysizmi, palagi tozalik deysizmi, uyog‘i o‘zingizga havola.

Ustozning eng odmidek tuyulguchi so‘zida ham tagdor bir hikmat biqinib yotgan bo‘lardi. Masalan, yurtimiz mustaqillikka erishgan dastlabki kunlarda u kishi shunday deb qoldi:

– Tutqunlikda azoblanib-azoblanib, oxiri erkinlikka chiqqan yurtning shoiri yana nimadan kuyinishi mumkinligini hech tasavvur qilolmayapman. Agar kuyinmasa, qanday she’r yozadi? Yo o‘zimni qariganga solib, shoirchilikni yig‘ishtirib qo‘yaqolsammikin?

Yuragim pala-partish tepindi. Tabarruk yurtining, jonajon xalqining ozodligi yo‘lida tinimsiz kuyinib, muntazam kurashib yashashga ko‘nikib ketgan olishuvchan shoirning g‘alatidan g‘alati holatiga tirik guvoh bo‘lib turgandim. Oldiniga, shoirona qalbni butkul qamrab olgan lovulloq quvonchning o‘tkinchi isitmasimikan bu, deb o‘yladim. Gapning mag‘izini keyinroq chaqdim: kurashsiz yashash – shoirning iste’fosi.

Arslonfe’l Erkin Vohidov esa iste’fo beradigan shoirlardan emas edi. Umr bo‘yi shundayligicha qoldi.

Qariganingda bersin, degan naql bor o‘zbekda. Ustozning Xudoyimga yoqqan tomoni ko‘pdirki, keksaygani sayin, tobora oilaviy farog‘atini topaverdi. Bittayu bitta o‘g‘li Xurshidbek otaning ko‘zi tirikligidayoq xonadonning pishiq ustuniga aylandi. Qizlari Nozimaxon, Mohiraxon, Fozilaxonlar haqida gap qo‘zg‘alsa, ming qatla shukrki, ularning uyimizga biron martayam kiprigi namlanib kirib kelganini eslolmayman, deya kennoyimiz Gulchehra opaning bahri ochiladi. Erkin aka har bir muloqotda zargarona o‘lchamga amal qila olishi tufayli bo‘lsa kerak, qudalar, kuyovlar o‘rtasidagi issiq munosabatlarga ko‘pchilikning havasi kelgani-kelgan. Uyida tinchi yo‘q odamga na boylik tatiydi, na shuhrat. Shu tomondan qaralsa, ustoz o‘z oilasida behad halovatli hayot kechirib o‘tdi. Bu dunyoning asl jannati shu bo‘lsa, ajab emas…

Qabrga tuproq tortib bo‘lingach, atrofga sukunat cho‘kadi, qur’on tilovati Chig‘atoy qabristoni bo‘ylab yoyila boshlaydi. Tepada allaqanday sharpani his etgandek bo‘lib, asta boshimni ko‘taraman, ko‘m-ko‘k osmonga tikilaman. Yozning yengil epkiniga ergashgancha imillab suzayotgan siyrak oq bulutlar orasida tanish bir nogoh xiyol chaqnab ko‘ringandek tuyuladi. Vujudim jimirlaydi.

                 Tanamiz – tuproqdan, samoviydir jon,
                 Gar o‘lsak, Yer va Ko‘k kelishib olar.
                 Fanoda saylimiz yakun topgan on,
                 Ikkovi o‘z mulkin bo‘lishib olar.

                 Tiriklar bosh egib soqov go‘r uzra,
                 Turarkan nigohin tuproqqa sayib;
                 Ziyofat sochgan payt Ilohiy Sura,
                 Marhum ruhi Ko‘kdan boqar jilmayib.

Fasllar almashaveradi; bahor ketidan yoz, kuz ketidan qish kelaveradi. Daryo­lar bir sayozlansa, bir toshqinlanadi. Bular goho, odamzodning hayot tarzini eslatadi. Kim ko‘ribdiki, u yoki bu insonning umri bir tekisda kechgan bo‘lsa? Erkin aka ham ijod karvonsaroyida necha-necha o‘poq-so‘poq nusxalarga, ne-ne og‘ir-achchiq g‘alvalarga yo‘liqdi. Ammo, ustozning ba’zi birovimizdan farqi shunda ediki, ichidagi dardni o‘zgaga sezdirmaslikka, iztirobini birovga yuqtirmaslikka urinardi doim. Shu bois bo‘lsa kerak, u zotni o‘ylaganda, ko‘z o‘ngimizda nuqul bir xil qiyofa – sirli jilmayib turgan parpiroq chehra namoyon bo‘laveradi. Bu – juda taskinbaxsh surat. Bu – yaxshilikning alomati… yaxshilikdan darak bu…

E, chigalak dunyo, sakson yillik yo‘l namuncha yaqin bo‘lmasa?!

2016 yilning 27 noyabri

“Sharq yulduzi” jurnali, 2016 yil, 12-son