Xalqimizning ulug‘ farzandi, shoir va olim, atoqli davlat arbobi Zahiriddin Muhammad Bobur (1483-1530) go‘zal g‘azal va ruboiylar, “Boburnoma”, “Mubayyin” nomli fiqhga doir she’riy qo‘llanma hamda tarjimalardan tashqari, ilmiy asarlar ham yaratgan. Uning harb ishi va musiqaga oid asarlari hozircha topilmagan yoki bizgacha yetib kelmagan. Boburning turkiy aruzga bag‘ishlab yozgan ilmiy asari o‘zbek she’riyati nazariyasini o‘rganishda muhim o‘rin tutadi. Bu risola Alisher Navoiyning “Mezonul-avzon”idan keyin o‘zbek aruzi haqida bitilgan ikkinchi yirik asar hisoblanadi.
Aruz ilmi VIII asrda shakllangan bo‘lib, arab adibi Xalil ibn Ahmad uning asoschisidir. Mutaxassislarning fikriga qaraganda, mazkur vazn turkiy adabiyotlar, jumladan, o‘zbek she’riyatida taxminan IX asrdan beri qo‘llanib keladi. Movarounnahrda aruzshunoslar ro‘yxatining boshida Abu Nasr Forobiy turadi. Abu Rayhon Beruniy ham aruz bilan tanish bo‘lgan. Bu haqda u o‘zining mashhur “Hindiston” asarida yozadi: “Hindlar kitoblarining rajaz vazni kabi vaznlar bilan o‘lchanganligini aytib o‘tdik. Ko‘proq kitoblari… shlo‘ka deb ataladigan vaznda bo‘ladi”.
Ma’lumki, mumtoz adabiyotimizda faqat bitta vazn – aruz vazni qo‘llangan. Xalq og‘zaki ijodida esa asosan barmoq (hijo) vazni ishlatilgan bo‘lib, aruzdan kam foydalanilgan. Adabiyotimizda aruzning bu qadar uzoq davr mobaynida saqlanib qolishi va rivojlanishi sabablarini A.Rustamov quyidagicha izohlaydi: “… Turkiy tillar, jumladan, o‘zbek tili fonetik xususiyatlari hijo vaznidan ham, aruz vaznidan ham foydalanish uchun mosdir. Hatto aruzdan turkiy tillarda unlilarning cho‘ziq- qisqaligi ma’noga ta’sir qilmaganligi sababli arab nazmiga nisbatan turkiy nazmda qulayroq foydalaniladi. Shuni ham aytish kerakki, qadimgi turk she’rlaridayoq vaznda bo‘g‘inlarning ochiq-yopiqligiga rioya qilish hollari uchrab turadi. Bu esa aruz vazni printsiplaridan biridir. O‘zbek mumtoz adabiyotida aruz vaznining rivojlanish sabablari ham mana shulardir”. E.Umarov ham aruzning eski o‘zbek tili uchun mosligini o‘zbek tilida unli tovushlarning uzun-qisqaligi mavjudligi bilan tushuntiradi.
She’riyatimizda XX asrning 20-yillaridan e’tiboran barmoq vazni yetakchilik qilayotgan bo‘lsa-da, bir qator shoirlar (Masalan, Habibiy, E.Vohidov va b.) aruzda ham yozdilar. She’riy merosimizni o‘rganishda mazkur vaznni bilishning ahamiyati katta. Shuning uchun ham adabiyot nazariyasiga oid asarlarda aruz vazniga tegishli o‘rin ajratilmoqda, tadqiqot ishlari olib borilmoqda. (Masalan, Izzat Sultonning “Adabiyot nazariyasi”, 1980; T.Boboyevning “Adabiyotshunoslik asoslari”, 2000; D.Quronovning “Adabiyotshunoslikka kirish”, 2004; U.To‘ychiyev va E.Talabovning shu mavzudagi doktorlik dissertatsiyalari va b.)
Yuqorida aytganimizdek, Bobur aruzga bag‘ishlab risola yaratgan, biroq u yo‘qolgan deb hisoblanar edi. Lekin 1923 yilda turk olimi Muhammad Fuad Ko‘pruluzoda Parij Milliy kutubxonasida aruzga oid bir qo‘lyozma topadi. Nomi va muallifi noma’lum bo‘lgan 172 varaq (344 bet) dan iborat mazkur qo‘lyozmani o‘rganib chiqqach, olim bir qator dalillar asosida uning Bobur qalamiga mansub ekanligini aniqlaydi.
Risolada vaznlarni ko‘rsatish uchun misol tariqasida keltirilgan she’rlarning muallifi haqida bunday deyiladi: “…andoq iltizom qilindikim, jami’ musta’amal vaznlarg‘a ham forsiy va ham turkiy bayt kelturulgay, har vaznkim, musta’amal bo‘lmag‘ay yo ulkim muxtara’ bo‘lg‘ay, turkiy bayt bila iktifo qiling‘ay, har kimning baytini kelturulsa, otini bitilg‘ay, magar ulkim qoyili ma’lum bo‘lmag‘ay, qoyili mazkur bo‘lmag‘an turkiy bayt muallifning bo‘lg‘usidir”.
Parchadan anglashiladiki, muallifi ko‘rsatilmagan she’rlar Boburning qalamiga mansubdir. Shunday she’rlarni Bobur “Devon”i bilan solishtirib chiqilganda, risola Boburniki ekanligiga hech qanday shak-shubha qolmaydi. Bunga ko‘plab misollar keltirish mumkin. Bitta misol bilan kifoyalanamiz: risolada Bobur “Devon”idan o‘rin olgan g‘azalning matlai keltirilgan:
Qaro zulfung firoqida parishon ro‘zgorim bor,
Yuzungning ishtiyoqida ne sabru ne qarorim bor.
Asar Boburning qalamiga mansubligiga yana bitta dalil – unda muallif o‘zi ishtirok etgan ayrim voqealar ham mavjudligi va ularning “Boburnoma”dagi bayon bilan deyarli bir xil ekanligidir.
Taniqli boburshunos I.V.Steblevaning fikricha, aruzga bag‘ishlangan risolaning Bobur qalamiga mansubligini tasdiqlaydigan yana bitta muhim dalil mavjud. U ham bo‘lsa, Boburning Rampur (Hindiston) devonining oxirida nasrda yozilgan qismi bilan risolaning “Aruz itmomidin ikki-uch yil so‘ng Hinduston fathining so‘ngg‘i yil(i) Sanbal sarig‘a borur fursatta…” deb boshlanuvchi 16 satrdan iborat bo‘lakning mos kelishidir.
Risolaning nomi mutaxassislar orasida qizg‘in bahs-munozaralarga sabab bo‘lgan. Adabiyotlarda asarning nomi uch xil uchraydi. Risola qo‘lyozmasini Ko‘pruluzodadan keyin ko‘zdan kechirgan Rizo Nur asarning oxirrog‘idagi muxtasar so‘zini asarning nomi deb o‘ylagan: “Chun bu muxtasar safarda bayozg‘a bordi, ul munosabat bila musofir masoyilini bitildi.” Bu yerda muxtasar so‘zi asarning nomi emas. Ushbu o‘rinda uning ma’nosi qisqa bo‘lib, gap bu yerda Boburning “Mubayyin” asaridagi 27 bayt (54 misra)dan iborat “Musofirona namozning bayoni” nomli bob haqida ketmoqda. Mazkur bayon aruz haqidagi asarda quyidagicha boshlanadi:
Chun kishi qasdi mavzi’e qilsa,
Maqsadining masofatin bilsa.
Uch tunu kunluk o‘lsa ushbu vali,
Der safar muddati shari’at eli.
Risoladagi va “Mubayyin”dagi 54 misradan iborat parchani taqqoslaganda, ularning to‘liq mos kelishi ma’lum bo‘ladi. Risoladagi parchani transliteratsiya qilishda ayrim imlo xatolarga yo‘l qo‘yilganini ta’kidlab o‘tish kerak. Masalan, yuqorida keltirilgan parchaning 3-misrasidagi vali so‘zi aslida yo‘li bo‘lishi kerak, keyingi satrlarda uchraydigan tiyva so‘zi teva, muqtado esa muqtadiy bo‘lishi lozim va h.k.
E.Bloshening 1933 yilda chop etilgan katalogida Boburning aruzga bag‘ishlangan risolasi Rizo Nurning ta’sirida Muxtasar fil aruz deb atalgan bo‘lsa ehtimol.
S.Hasanovning ma’lumot berishicha, Boburning risolasi Hindistonda fors tiliga tarjima qilingan. Bu ishni Boburiylar xonadoniga mansub shoir, olim va tarjimon Azfariy (1760-1819) ham nasrda, ham nazmda o‘girgan. Tarjimaning ikkita qo‘lyozma nusxasi Hindistondagi fondlarda saqlanmoqda. Ushbu ma’lumotda biz uchun muhim nuqta shuki, Azfariy asarni Aruzi turkiy deb atagan.
S.Hasanov Boburning risolasiga bag‘ishlangan kitobida asar nomini Aruz risolasi deb nomlanishi ma’qulroq bo‘ladi, degan fikr bildirgan.
Asarning yana bir nomi Mufassal bo‘lib, N.Mallayevning “O‘zbek adabiyoti tarixi” (1963), V.I.Aslanovning maqolasi va O‘zbekiston Milliy entsiklopediyasi (2001, 2-j., 87)da shu nom ishlatilgan.
Mufassal nomi “Boburnoma”ning kotib tomonidan qo‘shilgan qismidagi quyidagi jumladan olingan: “Va ul podshoh aruz va qofiyag‘a ham risolalari bor va ul jumladin, Mufassal degankim, ushbu fan sharhi bo‘lg‘ay, ko‘pdan-ko‘p yaxshi tasnif qilibturlar”. (Boburnoma, 2002, 267.) Bizning fikrimizcha, bu yerda “Mufassal”ni kichik harf bilan va qo‘shtirnoqsiz yozilsa, aruz haqida bitilgan asar ushbu fanning sharhi bo‘la oladigan darajada batafsil bitilgan, degan ma’no chiqadi, ya’ni mufassal ning ma’nosi batafsil yozgan deganidir.
Asarning uchinchi nomi Risolayi aruzdir. Sobiq ittifoq davrida Bobur risolasini birinchi bo‘lib o‘rgangan va atroflicha sharhlab bergan taniqli turkshunos A.Sherbak shu nomni qo‘llagan. Lekin Stebleva uni tanqid qiladi va asarning nomini komil ishonch bilan bunday deb bo‘lmasligini ta’kidlaydi hamda Ko‘pruluzoda asarning ikkala nomini ham qabul qilmaganligi, keyingi maqolalarida uni Aruz risolasi deb ataganligi, hozircha mana shu nom ma’qul ekanligini qayd etadi.
“Aruz”ning bitilgan vaqti to‘g‘risida ham har xil fikrlar mavjud. A.Sherbakning yozishicha, u hijriy 940 (1533-1534) yoki 945 (1538-1539) yillarda yozilgan. Stebleva qo‘lyozmaning oxirgi – 172b varaqda hijriy 940 yil ko‘rsatilganiga asoslanib, uni 1533 yilning iyul oyida yozilgan, deb hisoblaydi. Ishoqov va Hasanov esa 1524-1525 yillarda yozilgan, degan fikrni bildirishgan.
Boburning risolasi O‘zbekistonga birinchi marta 1968 yilda keltirilgan, degan fikr mavjud. S.Hasanov ushbu asarni uning trasliteratsiyasi, izoh va sharhlar hamda ko‘rsatkichlar bilan nashr ettirgan. Risolaning chop etilishi boburshunoslikda ulkan voqea bo‘ldi. Mazkur nashr bilan deyarli bir vaqtda I.V.Stebleva ham Moskvada shu risolani chop ettirdi. Unda so‘zboshi, ko‘rsatkichlar va asarning faksimilesi keltirilgan.
Boburning mazkur risolasi yurtimizda bundan oldin ham ma’lum bo‘lganmi-yo‘qmi, degan savol tug‘ilishi mumkin. Tarixga bir nazar tashlab ko‘raylik.
1949 yilda Izzat Sulton Alisher Navoiyning “Mezonul avzon” asarining tanqidiy matnini yaratgan. Shu tadqiqotida u Boburning ham aruz nazariyasiga oid risola bitgani, lekin bizning zamonamizgacha yetib kelmagani sababli bu ikki muallifning aruz haqidagi asarlarini taqqoslab, tegishli xulosa chiqarish imkoni yo‘qligini yozgan. Keyinroq N.Mallayev o‘zining “O‘zbek adabiyoti tarixi” kitobida Boburning aruz haqida Mufassal nomli risola yozgani va uning qo‘lyozmasi saqlanib qolmagani yoki hozircha topilmagani to‘g‘risida ma’lumot beradi. Shundan biroz vaqt o‘tgach, Maqsud Shayxzoda Moskvada kutubxonada Ko‘pruluzodaning asarini ko‘rayotib, Boburning aruz haqidagi risolasi tavsifini uchratib qoladi va bu to‘g‘rida o‘zining “Qo‘shiqlar haqida” nomli maqolasi (O‘zbekiston madaniyati, 1964 y. 4 iyul)da bunday deb yozadi: “Navoiydan keyin qo‘shiq va ashula navlari haqida eng mo‘tabar ma’xaz Zahiriddin Muhammad Boburning “Risolayi aruz” asaridir. Hozirgacha nomi ma’lum bo‘lib, o‘zi adabiyotshunoslik olamida istifoda etilmagan bu asar yo‘qolgan, deb hasoblanar edi. Tasodifiy bir voqea bilan bu asarning hozir Frantsiyada – Parij Milliy kutubxonasida 940 hijriy yilda Hoji Muhammad Samarqandiy tomonidan ko‘chirilgan nusxasi borligi ma’lum bo‘ldi”.
M.Shayxzodaning maqolasidagi ma’lumotlar Ko‘pruluzodaning kitobidan keltirilgani ko‘rinib turibdi, biroq u Risolayi aruz degan nomni qayerdan olgani ma’lum emas. Shu o‘rinda bir taxminni o‘rtaga tashlash mumkin – ehtimol, Shayxzoda ham Fitrat kabi Bobur risolasining biron-bir qo‘lyozmasi bilan tanish bo‘lgandir.
Abdurauf Fitratning “Aruz haqida” nomli asarini o‘rgangan va nashrga tayyorlagan H.Boltaboyev uning Navoiy va Boburning aruzga bag‘ishlangan asarlaridan yaxshi xabardor bo‘lgani hamda uning qo‘lida Bobur risolasining nusxalaridan biri bo‘lganini ta’kidlaydi. Fitratning bizga noma’lum bir qo‘lyozmadan foydalangani Parij Milliy kutubxonasidagi qo‘lyozmaning yagona nusxa emasligini, boshqa nusxalar ham mavjud ekanligini ko‘rsatadi.
Risolaning boshqa nusxasi ham borligi yaqinda tasdiqlandi. Tehrondagi “Saltanat kutubxonasi”da “Kulliyot” saqlanayotganidan xabardor edik, lekin uning tafsiloti ma’lum emas edi. “Kulliyot”ga ko‘z tashlaganimizda, unda boshqa asarlar qatori aruzga doir risolaning ham borligini ko‘rdik. “Kulliyot” haqidagi kutubxona ma’lumotlarida uning ko‘chirilgan yili hijriy 935 (1528) yil, deb ko‘rsatilgan. Bu degan gap qo‘lyozma Bobur hayotlik davrida ko‘chirilgan, demak, Boburning nazaridan o‘tgan, ya’ni u avtograf (asl nusxa)ga deyarli teng degani edi, lekin qo‘lyozmani sinchiklab o‘rganganda, unday emasligi ma’lum bo‘ldi. “Kulliyot”ning oxirida “Volidiyya” asari keltirilgan, uning so‘nggi: “Bil, tugatganda bu so‘z bekam-u, besh, Yil to‘quz yuz edi o‘ttuz besh” baytidagi sanani kulliyotning yozilgan yili sifatida xato talqin qilingan.
Mazkur nusxa Boburning yagona kulliyoti sifatida ahamiyatlidir. U ancha keyingi davrda ko‘chirilgan. Professor S.Hasanovning yozishicha, “Boburnoma” qo‘lyozmalarini Tehron nusxasi bilan solishtirish natijasida uning matni to‘la emasligi va ayrim nuqsonlari ham borligi ma’lum bo‘ldi. Ayniqsa, “Boburnoma”da Afg‘onistonga oid voqealar bayon qilingan matnning katta qismi bu nusxada yo‘q ekan.
“Kulliyot” boburshunoslarimiz oldiga bir qator masalalarni qo‘yadi – undagi asarlar qaysi qo‘lyozmalardan ko‘chirilganini aniqlash, “Boburnoma”ning mavjud nusxasi, xususan, hozirgi kunda eng ishonchli deb hisoblanadigan Haydarobod (Hindiston) nusxasi va uning asosida yapon olimi E.Mano‘ tayyorlagan tanqidiy matnni Kulliyotdagisi bilan solishtirish, “Boburnoma”ning tadqiqidagi eng jumboqli masala – undagi kemtik joylarini aniqlash, Boburning aruzga doir risolasining hozir ilmiy iste’molda bo‘lgan Parij Milliy kutubxonasi nusxasi bilan qiyoslash, Parij nusxasining nuqsonli ekanligi, kotibning xatolari va boshqa masalalarga aniqlik kiritish va h.k. shular jumlasidandir.
Risolaning Parij nusxasini Hoji Muhammad Samarqandiy ismli kotib ko‘chirgan, lekin mutaxassislarning fikriga qaraganda, u aruz ilmidan mutlaqo bexabar shaxs bo‘lgan. Qo‘lyozmadagi ko‘plab xatolar, tushib qolgan yerlari, qaytariqlar, ayniqsa, atamalardagi xatolar shunday deyishga asos beradi. Masalan: 4b varaqda aqs zihofi aql deb, majzu muzohifi yetti joyda majdu deb xato yozilgan. Bunday misollarni ko‘plab keltirish mumkin.
Shu yerda bir narsani ta’kidlab o‘tishni zarur deb hisoblaymiz: Boburning o‘zbek aruzi haqidagi risolasi yaratilgandan keyin XX asrning ikkinchi choragigacha o‘tgan to‘rt asrdan ortiqroq davr mobaynida (ya’ni Fitratning “Aruz haqida” asarigacha) o‘zbek aruzi bo‘yicha unga teng keladigan risola u yoqda tursin, biron e’tiborga loyiq asar ham yaratilmadi.
Alisher Navoiy “Mezonul-avzon” da “birinchi bo‘lib o‘zbek nazmi vaznini tekshirib, o‘zbek aruzining asoschisi bo‘ldi va bu uning ulug‘ xizmatidir. Bobur esa aruz haqidagi risolasi bilan umuman aruz ilmining va xususan, o‘zbek aruzining rivojiga ulkan hissa qo‘shdi”.
Boburning asari bir qancha jihatlari bilan o‘ziga xosdir. Navoiyning “Mezon”i bilan solishtirilganda shu narsa aniq ko‘rinadiki, Boburning asari avvalo, aruz nazariyasi bayonining mukammalligi bilan, ikkinchidan, vaznlarni ko‘rsatish uchun keltirilgan misollarning nihoyatda mo‘lligi bilan ajralib turadi. Bobur asarida she’riy misollarni o‘zbek va fors tillarida keltiradi. Asarning faqat o‘zbekcha qismi (nasriy va she’riy) va faqatgina Boburning o‘z qalamiga mansub she’rlarda ishlatilgan so‘zlar, ularning qaytarilganini ham qo‘shib hisoblaganda, yigirma besh mingdan ziyod so‘z qo‘llangandir. Risolaning bunday hajmi uning nomi Muxtasar, ya’ni qisqa bo‘lolmasligiga tag‘in bitta dalildir.
“Aruz” ikkita yirik bobdan iborat. Birinchi bob rukn yasovchi hijolar va ularning navlari, ruknlar va zihoflar, bahrlar va doiralarga bag‘ishlangan bo‘lib, ikkinchi bobi vazn va taqti’ masalasiga bag‘ishlangan.
“Adabiyot va san’at dunyosida eng teran qarash egasi bo‘lgan mashhur Bobur Mirzo” (A.Fitrat iborasi) aruz ilmidagi tadqiqotlarida katta muvaffaqiyatlarga erishdi, bir qancha yangiliklar yaratdi. Xususan, S.Hasanovning yozishicha, u aruzning yangi 248 vaznini aniqladi. A.Hojiahmedovning fikricha, Bobur she’riyatimizda qo‘llanilishi mumkin bo‘lgan 537 o‘lchovdan 400 ga yaqin mutlaqo yangi vaznlarni kashf qilgan.
Bobur juzvlar haqida ham yangi fikrga keladi, fosila juzvining ruknlar yasashda hojati yo‘qligini isbotlab beradi. Juzvlarni ikkiga va ularning har birini uch navga ajratish kerak, degan xulosaga keladi.
Bobur aruzda noma’lum zihoflarni izlab topadi va ularning sonini 44 taga yetkazadi. U taqti’ bobida o‘zbek tili fonetik me’yorlari asosida “Mezonul avzon”da ishlab chiqilgan o‘zbek aruzining qonun-qoidalarini bir tizimga solib, aruzni yanada takomillashtirish fikriga keladi. Bobur qo‘llagan doiralar ham “Mezon”dagidan farq qiladi. “Mezon”da 7 ta doira bo‘lsa, “Aruz”da ularning soni 9 tadir (Solishtiring: aruz ilmining asoschisi Xalil ibn Ahmadda 4 ta, Vohid Tabriziyda esa 6 ta doira keltirilgan).
“Aruz” risolasining yana bitta xususiyati uning antologiya ham ekanidir. Shu jihatdan ham asarning ahamiyati nihoyatda kattadir. Bobur risolasini yaratishda qaysi manbalardan foydalangani hozircha ma’lum emas. Lekin “Boburnoma”da “Aruz” asari uchun Alisher Navoiyning devonlaridan g‘azallar tanlagani qayd etilgan: “Odina kuni, oyning yigirma uchida Alisherbekning to‘rt devonidan buhur avzon tartibi bila g‘azallar va abyotkim, intixob qililadur edi, itmomig‘a yetti”.
“Aruz” da mumtoz fors adabiyotining yirik vakillari Rudakiy, Nizomiy, Attor, Xisrav Dehlaviy, Sa’diy, Salmon Savojiy, Hofiz, Jomiy va boshqalarning asarlaridan parchalar berilgan. Turkiydagi misollar Boburning o‘z qalamiga mansub she’rlaridan tashqari, Navoiy, Lutfiy, Haydar Xorazmiy, Sulton Husayn Mirzo va boshqalarning asarlaridan ham iqtiboslar olingan. Jami 70 ga yaqin shoirning qariyb 50 ta asaridan misollar keltirilgan.
Boburning risoladagi ayrim she’rlari uning “Devon”idan ham o‘rin olgan. Ba’zi she’rlarni Bobur faqat she’r vaznini ko‘rsatish uchungina bitgan, shu sababli ular “Devon”ga kiritilmagan. Shunday bo‘lsa-da, risolada “Devon”ga kiritilmagan ayrim go‘zal misralar ham bor. Masalan, Bobur aruz va zarb mahzuf vaznini izohlayotganda quyidagi baytni keltiradi:
Yuzung uza qaro zulfung nedur bil, ey dilafro‘z,
yilone ganch uzra yotib ani saqlar shabu ro‘z.
She’rlaridan parcha olingan shoirlar ichida ismlari “Boburnoma”da zikr etilgan Suhayliy, Binoiy, Sayfiy Buxoriy, Hiloliy kabi qalam ahli, Navoiyning “Majolisun-nafois” asarida sanab o‘tilgan Abul-Baraka, Binoiy, Xayoliy, Riyoziy Samarqandiy, Sulton Ali Mirzo, Sanoiy, Orifiy, Kotibiy, Vali Qalandar kabi shoirlar mavjud.
Risoladagi she’riy parchalar xususida A.Sherbakning quyidagi fikri e’tiborga loyiq, deb hisoblaymiz: “Asarlaridan misollar keltirilgan shoirlar tarkibi, vaznlarni qamrab olishi va misollarning xususiyati jihatidan na turkiy tildagi va na forsiy tildagi adabiyotda unga teng keladigan asar yo‘qdir”.
“Aruz”ning yana bitta ahamiyati bor – ayrim shoirlarning ijodidan namunalar faqat shu asar orqali bizgacha yetib kelgan. Risolada Mavlono Lutfiyning ijodidan 30 ta bayt keltirilgan. Ular orasida boshqa qo‘lyozma va nashrlarda uchramaydiganlari ham bor. Masalan, “Aruz”ning 122b varag‘idagi:
Oy yuzung ollida hijl husn eli Rumu Chin aro,
Valvala soldi ko‘zlaring kofiru ahli din aro –
matlai bilan boshlanuvchi g‘azalidagi quyidagi ikki bayt hozircha boshqa qo‘lyozma nusxa va nashrlarda uchramagan:
Nuktaye mushkdur bu yo xayol eng jabin aro,
Kufr savodini ne xush sizdin bayozi din aro.
Jonu ko‘ngul necha dedi asrali o‘zni kelgach ul,
Vah yana qo‘zg‘alishlar ko‘rgach ani chin aro.
Bunday misollarni yana keltirish mumkin.
Bobur hazrat Navoiyning shaxsi va ijodiga katta hurmat bilan qaragan. Uning Navoiy haqidagi fikrini klassik ta’rif deyish mumkin: “Alisherbek naziri yo‘q kishi edi. Turkiy til bila to she’r aytibturlar, hech kim oncha ko‘b va xo‘p aytqon emas…”.
Bobur o‘z risolasini yaratishda aruz vazniga bag‘ishlangan asarlarni, xususan Navoiyning “Mezonul avzon”ini sinchiklab o‘rgangan. Boburning risolasiga ijodidan namunalar kiritilgan shoirlar orasida Alisher Navoiy birinchi o‘rinda turadi. Uning ruboiylari, “Saddi Iskandariy”, “Farhod va Shirin”, “Layli va Majnun,” “Sab’ai sayyor”, “Lisonut-tayr” dostonlaridan katta parchalar, g‘azal va tuyuqlaridan olingan misollar Bobur Navoiy iste’dodi va ijodini yuksak qadrlaganini ko‘rsatadi.
Navoiyning asarlariga qayta-qayta murojaat qilish bilan uning ijodiga katta hurmat va ishonch bildirgan Bobur ayni vaqtda ayrim asarlari xususida tanqidiy fikr ham aytib o‘tgan, yigirma to‘rt ruboiy vaznidan to‘rt vaznda yanglishganini, ba’zi bahrlarning vaznida ham xato qilganini qayd etgan.
Bizning fikrimizcha, aruzday murakkab ilmda turli nuqtai nazarlar bo‘lishi mumkin. Bobur tanqidini Navoiy ijodiga ijodiy munosabat, deb baholash to‘g‘ridir.
Bobur tuyuq janrini batafsil bayon qiladi: “… Mir Alisher Navoiyning “Lisonut-tayr”i nechukkim ajam shu’arosi rubo’iy vaznig‘a haddi mu’ayyan muqarrar qilibturlar, turk fusahosi ham bu vazng‘a haddi mu’ayyan muqarrar qilib ikki bayt aytibturlar “tuyuq”qa mavsumdur, bu vaznlar mo‘g‘ul xonlari bila turk salotinining majolisida “tuyuq”ning ko‘p ishtihori bor ekandur”.
Bobur mazkur janrning quyidagi turlarini ta’riflaydi: uch qofiyada tajnis rioya qilingan, qit’aga o‘xshaydigan, tajnis rioya qilinmay ikki qofiyali, tajnis rioya qilinmay uch qofiyali. Bundan tashqari, Bobur tuyuqning “hech yerda ko‘rulmagan” yangi uchta turini ham keltiradi:
1) har to‘rt qofiyada tajnis rioya qilingan:
Vasldin so‘z derga yo‘q yoro manga,
Hajr aro rahm ayla, kel, yoro manga.
O‘qung etti qo‘b yamon yoro manga
Marhami lutfung bila yoro manga.
2) uch yerda tajnis radif o‘rnida bo‘lib, tajnisdan oldin keladigan so‘z qofiyalashadi:
Mehrkim ko‘kka qilur ohang tong,
Ollida bo‘lsa emas berang tong.
Xoliyu ikki labidek bo‘lmag‘ay,
Hindu ar keltursa, shakkar tang tong.
3) tajnisdan ilgari uch joyda hojib rioya qilingan:
Ne balo biyikturur davlat bog‘i,
Ko‘hi g‘amni ne bilur davlat bog‘i.
Himmate tut, dag‘i davlat istagil,
Himmating bo‘lsa, bo‘lur davlat bog‘i.
Bu yerda shuni ta’kidlash lozimki, Navoiy “Mezon”da tuyuq janriga bu qadar batafsil to‘xtamagan hamda Bobur ta’riflagan turk she’riy shakllaridan tarxoniy haqida ham ma’lumot bermagan.
Qo‘shiqning o‘lang (o‘lan) turi risolaning ikki joyida zikr qilinadi. Bobur asarining oxirida bunday deb yozadi: “Atrok arosida bir surud borkim, o‘lang derlar, aksar to‘ylarda ayturlar. Bu vazn ancha maxsusdur. Avval surudg‘a taqsim qilurda har misra’din so‘ng yor-yor lafzin keltirurlar”.
“Aruz” risolasida o‘zbek she’r shakllariga bag‘ishlangan batafsil ma’lumotlar Boburning o‘zbek adabiyoti nazariyasiga qo‘shgan katta hissasidir.
Xulosa qilib aytganda, Zahiriddin Muhammad Boburning “Aruz” risolasi ikki jihatdan muhim: birinchidan, u o‘zbek she’r nazariyasini boyitgani, takomillashtirgani bilan beqiyos ahamiyatga molik bo‘lsa, ikkinchidan, antologiya sifatida ham ulkan e’tiborga sazovordir.
Ansoriddin Ibrohimov,
filologiya fanlari nomzodi.
“Jahon adabiyoti” jurnali, 2005 yil, 2-son