Taniqli hind shoiri, yirik olim, o‘zbek xalqining katta do‘sti Qamar Raisni tanimagan yo bu zot haqida eshitmagan kishi kam bo‘lsa kerak. Qayerdaki Qamar Rais haqida gap ochilgudek bo‘lsa, davradagilar uni ko‘rgani yo u bilan yaqindan suhbatdosh bo‘lgani, juda bo‘lmaganda, bu olijanob inson haqida ko‘p bor eshitgani bilan faxrlanib qo‘yadi. Bu bejiz emas, albatta. Biron-bir ajnabiyning o‘zga elda tanilishi, do‘st kirishib, minglab odamlar qalbidan joy ola bilishi uchun, avvalo o‘zi shunga munosib bo‘lmog‘i, shunga munosib bo‘lishi uchun kattagina mehnat qilmog‘i, va eng asosiysi, shu xalqni uning barcha yutuq va kamchiliklari, yaxshi va yomon tomonlarini diliga yaqin olib, samimiy muhabbat ila sevmog‘i kerak bo‘ladi. Qamar Rais aynan ana shunday fidoyi hind fuqarosi. Qamar Raisni o‘zbek xalqi bilan bu qadar yaqin oshno qilgan aslida nima ekaniga bir og‘iz so‘z bilan javob berish qiyin, albatta. Bu savolga javob berishning juda oson yo‘li ham yo‘q emas – bu ilmu urfonga, ma’rifatga, kitobga bo‘lgan beqiyos hurmat va sadoqatdir. Agar Qamar Rais dastlab 1962 yili Toshkentga universitet o‘qituvchisi bo‘lib kelgandayin o‘nmi, o‘n beshmi, yigirma yil talabalarga dars berish bilangina cheklanib qolganida edi, uni shuncha uzoq yillardan keyin ham universitetdan boshqa joyda hech kim yaqindan tanimagan bo‘lishi ham mumkin edi. Ammo bu alloma o‘zbek diyoriga qadam qo‘yganidan buyon serquyosh mamlakatimiz haqida katta-kichik maqolalar, risolalar, kitoblar yozishga kirishib ketdi. Hindiston va O‘zbekiston – ikki qadimiy mamlakat tarixini yoshligidayoq suv qilib simirgan ijodkor olim va o‘zidagi xudo bergan zehndan, hayotiy tajribadan, qalbida buloqday toshib turuvchi pok muhabbatdan barakali foydalanishni o‘ziga bosh maqsad qilib qo‘ydi. Mana, yillar tasbeh donasiday bir-bir o‘taverdi, Qamar Rais ham bu donalarga hamohang ravishda ijod mahsuli – ikki buyuk xalq o‘tmishi va hoziriga doir kitoblarini o‘zbek va hind xalqiga navbat-banavbat armug‘on etaverdi. Xususan, o‘zining Toshkentdagi Hindiston elchixonasi qoshida ko‘rsatgan ham adabiy, ham ijtimoiy, ham siyosiy faoliyatining oxirgi damlarida u qator kitoblar yozib, jamoatchilik tahsiniyu, olqishiga sazovor bo‘ldi.
Qamar Rais o‘zining 65 yillik oltin to‘yini ayni Toshkenti shahri azimda kutib oldi. Ammo haqiqiy bayram, albatta, ona diyori Hindistonda bo‘ldi. Vatandoshlari ardoqli shoiri va olimining bu qutlug‘ yoshini g‘oyatda munosib kutib oldilar: «Qamar Rais: buni umr deydilar» («Qamar Rais: ek zindagiy», 1998 y. Taxlikkar Pablisherz, Yangi Dehli) biografik kitobini nashr etib, o‘quvchilar e’tiboriga havola etdilar.
Kitob 478 betdan iborat bo‘lib, 33 ta rangli suvrat bilan muzayyan etilgan. To‘plovchi taniqli hind (urdu) olimi Salmo Shohin (aslida Qamar Raisning yaqin qarindoshlaridan) bo‘lib, u 50 ga yaqin turli mualliflarning Qamar Rais haqida yozgan maqolalarini jamlagan. Mualliflar orasida jahonga taniqli yozuvchilar Sajjod Zahir, Jagannat Ozod, Mujtabo Husayn, Nigor Azim xonim, tanqidchilar Soniya Chernikova (marhuma), Muborak Shamim, Ismatullohxon, professorlar Lutfurrahmon, Amir Orifiy, Nasir Ahmadxon, fan doktorlari Xolid Ulviy, Shafiqa Furqat, Roj Bahodir Gour, Kamol Ahmad Siddiqiy va boshqalar nomini ko‘rishimiz mumkin. Kitob besh qismdan: Kirish, («Ibtidaiya»), Shoir shaxsiyati («Shaxsiyatnama»), Tanqidiy maqolalar («Naqdnama»), Qamar Rais she’rlaridan namunalar («She’rnama») va shoirning shaxsiy hayotiga oid maqolalar («Aksi zaat»)dan iborat. Maqolalarni o‘qir ekanmiz, avvalo Qamar Raisning bolalik davri ko‘z o‘ngimizda namoyon bo‘ladi. Dastlabki satrlardayoq Qamar Raisning asli ismi Musohib Alixon ekani, Qamar Rais unga adabiy taxallus bo‘lib qolganidan voqif bo‘lamiz. Hindistonda nomi ko‘pchilikka ma’lum yozuvchi, shoir Muborak Shamim Qamar Raisni bolalikdan bilar, birga o‘qib, birga unib-o‘sganlardan – u do‘sti va hamqishlog‘ining shajarasini to‘liq keltiradi: Musohib (Alixon) Qamar Rais ibn Mavloniy Abdul Alixon Sohib ibn Muhammad Alixon Sohib ibn Muhammad Alixon Sohibxon ibn Muazzam Alixon ibn Muhammad A’zamxon ibn Mukarramxon ibn xon Ahmadxon.
Ko‘rinib turibdiki, Qamar Rais na faqat hind afkor ommasi orasida, balki oddiy jamoa ichida ham o‘ziga yarasha durustgina nufuzga ega shaxs ekan.
Shoirning she’riyat bobidagi iste’dodidan xalqimiz o‘tgan asrning 60-70-yillaridayoq voqif bo‘lgan edi. O‘shanda Qamar Raisning uncha katta bo‘lmagan she’rlar to‘plami G‘afur G‘ulom nomidagi Adabiyot va san’at nashriyotida chop etilgandi. Biroq sal nariga borib Qamar Rais o‘zining butun iste’dodu salohiyatini ilmga, tadqiqotga, tarjimaga va kitobatga bag‘ishladi. Bu haqda uning o‘zi shunday degandi: «Men baribir ming chiranganim bilan Mirzo G‘olib bo‘lolmayman. Xalqlarimizga halol xizmat qilishni o‘zimning oliy burchim deb hisoblayman». Bu mardonavor iqror har qanday ijodkorning dilidan chiqavermaydi. Darhaqiqat, tarjimonchilik, tanqidchilik borasidagi ishlarini nomma-nom sanalsa, o‘zi bir kitob bo‘lgulik.
Biz so‘z yuritayotgan «Qamar Rais: buni umr deydilar» kitobining o‘zbek xalqi uchun yana bir qimmatli joyi shundaki, unda O‘zbekiston ilm dargohlarida Qamar Rais olib borgan faoliyat tavsiflari bilan bir qatorda yirik o‘zbek ijodkorlariga taalluqli maqola va suvratlar ham berilganki, bu ikki xalq madaniyati tarixidan o‘ziga xos o‘rin egallashi tabiiy. O‘zbekistonda sharqshunoslik fani, xususan, hindshunoslik urushdan keyingi yillar avj oldi. ToshDU Sharq fakulteti (endilikda Sharqshunoslik instituti)da o‘z vaqtida Muxtor Avezov, Pirimqul Qodirov singari mashhur yozuvchilar, Shoislom Shomuhamedov, Rahmonberdi Muhammadjonov kabi olimlar ta’lim olganlar. Sharq mamlakatlaridan yuzlab mutaxassis olimlar kelib, yillab bu yerda dars berganlar va bu an’ana hozir ham davom etmoqda. Kitobdagi suvratlarni ko‘zdan kechirar ekanmiz, bir suvrat ayniqsa e’tiborimizni o‘ziga tortadi. Unda davra boshida Oybek, yonlarida Hamid G‘ulom, undan berida Fayz Ahmad Fayz, Zulfiya o‘tirishibdi. Orqa tomonda tik turgan Qamar Rais va mashhur tarjimon, sharqshunos olim Nabi Muhamedovga ko‘zimiz tushadi. (U Fayz Ahmad Fayzga tarjimonlik qilyapti.) Shugina suvratning o‘zida bir olam ma’no mujassam. Agar Qamar Rais bo‘lmaganida (suvrat shu kishining Toshkentdagi xonadonida olingan), bu buyuk zotlar ishtirokidagi bunday go‘zal majlisni biz ko‘rishga muyassar bo‘la olarmidik? Zinhor! Mana, sizga adabiyotdan keladigan savob ish! Qamar Rais shoir bo‘lmaganida, o‘zbek xalqini sevmaganida bu tarixiy lahza abadiyat sahifasida muhrlanib qolarmidi? Yo‘q! Shunisi e’tiborga molikki, bunday go‘zal lahzalar shoirning Toshkentdalik chog‘ida ham, Dehlidalik chog‘ida ham kunda bo‘lmasa haftada yo oyda, albatta, bir yo ikki karra yuz ko‘rsatib turar, abadiyat kasb etar edi. Yana bir suvratda Qamar Rais bo‘lajak oybeklaru zulfiyalar – Toshkent dorilfununi talabalari orasida suvratga tushgan. Kitobning bir bobi «Naqdnoma»1 aynan olimning ustozlik va tanqid borasidagi ijodiga bag‘ishlaganligi bejiz emas. Kitobning so‘nggi sahifasini o‘qib bo‘lib, bir zum xayolga berilar ekansiz, ko‘z o‘ngingizda yana ikki do‘st mamlakat – O‘zbekiston va Hindistonning mushtarak aksi namoyon bo‘ladi. Necha ming yillar muqaddam shakllangan azaliy do‘stlik rishtalari orasida Qamar Rais hayotiga bag‘ishlangan ushbu yirik kitob ham yorqin zarrin ip kabi tovlanib turgandek his qilasiz.
O‘tgan asrning 70-yillarida, to‘g‘rirog‘i, 1973 yilda G‘afur G‘ulom nomidagi Adabiyot va san’at nashriyotida urdu tilida «O‘zbekiston shoirlari» («Shuara-e-Uzbekistan») bayozi chop etilgan va urduzabon hind kitobxonlari tomonidan qizg‘in kutib olingan edi. To‘plovchi va urdu tiliga so‘zma-so‘z tarjimoni kamina, badiiy tarjimon Qamar Rais edi. Shundan beri dunyoda, xususan, O‘zbekiston taqdirida ko‘p o‘zgarishlar bo‘ldi. Xalqimiz mustaqillik nafasi bilan yashay boshladi. Albatta, bular barchasini Qamar Rais kuzatib borar, taassurotlari va kechinmalarini nazm va nasr iplariga tizishda davom etar edi. Biz yana o‘sha eski hamkorlikka an’ana tusi bergan bo‘lib, tag‘in o‘zbek shoirlari she’rlarini urdu tilida chop etishga ahd qildik. Ko‘p yillik mashaqqatli mehnatimiz besamar ketmadi. Mana, qo‘limizda marg‘iloniy atlasdan nusxa tushirilgan muqovali yap-yangi kitob: «20-asr o‘zbek she’riyati» («Bisving sadiyki uzbek shairiy», Hindustaniy kitab ghar, Dehli, 2001). Jami 204 betdan iborat.
Oldingidan farqli o‘laroq, to‘plamga bir qator yangi nomlar kiritildi. Rostini aytib qo‘ya qolay: shoirlar tadrijini tuzishda tarjimonimiz (Qamar Rais) ancha erkin, o‘z bilgicha yo‘l tutgan. Mundarija ikki qismga bo‘lingan. Ilgarigidek shoirlar rutbasi yoki yoshiga qarab tartib berishdan voz kechib, negadir aralash-quralash berishni ma’qul ko‘rgan. Bunda Qamar Rais biron adabiy maqsadni ko‘zlaganmi yo o‘zbek shoirlarining tarjimai hollaridan u qadar chuqur voqif emasmi, aytish qiyin. Nima bo‘lganda ham kitob olam yuzini ko‘rib va u yoqda Dehlida, bu yoqda Toshkentda (Hindiston madaniyat markazida) uning taqdimoti g‘oyat tantanali suvratda amalga oshirilib bo‘lgan edi – buni biz chin dildan qutlaymiz, albatta.
Kitob unvon varag‘ida biz quyidagi so‘zlarni o‘qiymiz: «G‘shlar orasida mustaqillik davrida sharq xalqlari tili, madaniyati, tarixi va san’atini targ‘ib qilishda jonbozlik ko‘rsatayotgan Sharqshunos olimlarga bag‘ishlayman». Bu yirik hind olimining O‘zbekistonda sharq tillarini o‘rganish va o‘rgatishda olib borilayotgan muvaffaqiyatli ishlar yuzasidan bildirgan samimiy e’tirofi va ehtiromi! Zero tarjimonning o‘zi ham aynan mana shu institut (ilgari ToshDUning Sharq fakulteti) dargohida uzoq yillar mehnat qilgan, ter to‘kkan, urdu va hind tillarini qunt bilan targ‘ib etgan edi.
Ustoz shoir G‘afur G‘ulomdan tortib endilikda ustozlik darajasiga yetgan Erkin Vohidov va Abdulla Oripovgacha bo‘lgan o‘zbek she’riyati darg‘alari bilan bir qatorda endi Iqbol Mirzo, Bahrom Ro‘zimuhammad, Usmon Qo‘chqor, Yo‘ldosh Eshbek kabi nomlarni ko‘ramiz. Kitob Qamar Raisning kattagina «Muqaddima»si bilan boshlanadi. Xususan, u shunday yozadi: «1991 yilda Sovet Ittifoqining tarqab ketishi va O‘zbekistonda milliy davlat barpo etilishi natijasida ijtimoiy hayotning boshqa sohalari kabi she’riyat va adabiyotda ham yangicha intilishlar namoyon bo‘ldi. G‘sh avlod davlatning yangi siyosatidan ilhomlanib, eski sho‘rolar davridagi totalitar tuzum asoratlaridan bir yo‘la xalos bo‘la boshladi. Shu bois keyingi ikki o‘n yillik davridagi yosh o‘zbek qalamkashlari ijodida butunlay yangi adabiy uslub va qarashlar shakllanganiga guvoh bo‘lamiz. Ularda O‘rta Osiyodagi turkiy xalqlarning birlashishiga da’vat ham o‘z aksini topgan. Islom diniga kengroq erkinlik berilganligi seziladi…» «…Ushbu kitob mening O‘zbekistonda kechirganim 10-12 yillik mehnat yillarim natijasidir. Bu xayrli ishda menga yaqindan yordam bergan qadrdon do‘stim Rahmonberdi Muhammadjonov (bu o‘rinda kaminani ham tilga olgan)dan g‘oyatda minnatdorman. O‘zbek tilida uncha-muncha gapira olsam-da, ammo she’riyat tilidagi nazokatni, uning latifligini o‘sha til egasichalik anglash va anglatish amri mahol, albatta…»
Shundan so‘ng Qamar Rais o‘zbek va urdu tillaridagi o‘xshashliklar, tashbehlar tarjima ishini ancha yengillatganini aytib o‘tadi. Kezi bilan u urdushunos Ansoriddin Ibrohimov tuzgan uch ming so‘zlik urducha-o‘zbekcha mushtarak so‘zlar lug‘atini tilga oladi. Ammo ba’zi tilshunos olimlarning e’tiroficha, she’riyatda bunday mushtarak so‘zlar uch ming emas, bundan bir necha baravar ortiqligini ta’kidlashadi, deydi tarjimon. Masalan, she’riy janrlar: g‘azal, qasida, musaddas, muxammas va h.k.lar ham ikkala tilda bir xil xususiyatga ega. Boz ustiga mumtoz va yangi mumtoz she’riyatda ikkala til badiiyati va fantaziyasi ham bir-biridan deyarli farq qilmaydi. Tashbih, istiora, kinoya, talmihot, tamsilot, hattoki she’r ichida qo‘llaniladigan maqollargacha go‘yo bir-biridan nusxa olgandek o‘xshash. Bu o‘xshashlik va mushtaraklik ikkala tilda 15-asrdan buyon mavjud. Shundan so‘ng fikrining dalili tariqasida Qamar Rais Bobur she’r va ruboiylaridan qator misollar keltiradi.
Umuman olganda, Qamar Raisning bu savobli ishi har jihatdan tahsinga sazovor. O‘zbekiston mustaqilligining o‘n yilligi arafasida kitobxonlar qo‘liga borib tegishi ham o‘ziga xos ramziy ma’no kasb etishi turgan gap. Ayniqsa, hozirgi o‘zbek adabiyoti (she’riyati) namunalari bilan yaqindan tanishgan hind o‘quvchilari uchun bu juda katta madaniy voqea hisoblanadi.
Ma’lumki, Hindiston tarixida buyuk vatandoshimiz, bobokalonimiz Zahiriddin Muhammad Boburning o‘rni benihoya katta. Hatto J.Neru, agar Bobur bo‘lmaganda, Hindiston millat sifatida ham, davlat sifatida ham yo‘q bo‘lib ketar edi, qabilidagi so‘zlarni aytgan. Jahon miqyosidagi siyosiy arbob shunday e’tiroflarni izhor etib turgan bir vaqtda, afsuslar bo‘lsinki, buyuk ajdodimiz o‘zining kindik qoni to‘kilgan tuprog‘ida deyarli tuproq bilan bitta qilinmoqda edi. Ammo haqiqat – ertami, kechmi – qaror topar ekan! Mirzo Bobur o‘z ona diyorida yana mirzolik taxtini musaxxar etib turibdi.
Bu hol munaqqid Qamar Rais diqqatini ham chetlab o‘tmadi. Ayniqsa, Boburning tug‘ilib o‘sgan joylarini o‘z ko‘zi bilan ko‘rgach, uning dilida buyuk shahanshoh haqida kitob yozish fikri nish urdi. To‘g‘ri, Bobur haqida ma’lumotlar istaganidan ko‘proq miqdorda to‘lib-toshib yotibdi. Har ishni aytish oson, qilish qiyin deganlaridek, Bobur haqidagi kitobni qanday yozish ustida Qamar og‘a uzoq o‘yladi. Xo‘sh, hindlar uchun Boburning qay jihati u qadar yaxshi ma’lum emas? Ha, Bobur o‘z she’rlarini turkiy tilda yozgan. Davlat ishlarini fors tilida olib borgan. Demak, Boburning shoh emas, shoir sifatidagi suvrati va siyratini ochib berish lozim!
Qamar og‘a yeng shimarib ishga kirishib ketdi. Uyqusiz kechalar, beorom kunduzlar… O‘zbekiston va Hindiston o‘rtasida goh ilmiy, goh siyosiy ishlar bilan zir qatnash. Va nihoyat – kitob tayyor: «Zahiriddin Muhammad Bobur: shaxs, shaxsiyat va she’riyat».
Haligina aytganimdek, nuqul urducha-o‘zbekcha mushtarak so‘zlardan tashkil topgan sarlavha («Zahiriddin Muhammad Babur. (Shaxs, shaxsiyat aur shairiy»), Edyukeyshnl Pablishing Xous, Dehli, 2002.) Kitob jami 128 betdan iborat.
Kitob ikki qismdan tashkil topgan. Birinchi qismdan 13 ta maqola joy olgan. Ularda Boburning bolaligidan balog‘atlik davrigacha bo‘lgan ma’lumotlar qiziqarli lavhalarda bayon etilgan. Shundan so‘ng uning she’riyatga ixlos qo‘ygani, ishqiy she’rlar, g‘azallar bitgani, o‘zining taloto‘pli zamon girdobida kechirgan og‘ir kunlarini qalamga olgani, siyosiy va maishiy hayot o‘rtasidagi ovoragarchiliklari o‘z aksini topadi. Qamar Rais o‘rta asrdagi boshqa mumtoz shoirlar bilan Bobur o‘rtasidagi tafovutga alohida e’tibor beradi. Bobur hayotda qanday bo‘lsa, adabiyotda ham shunday edi – borini yozar edi. G‘shgina chog‘ida taxtga o‘ltirgani bois, taxt atrofidagi maishiy muhit uni juda erta o‘z qurshoviga oladi. Agar uning o‘rnida boshqa yosh bola bo‘lganida, kim bilsin, go‘zal kanizlarga to‘la haram uni erta yo‘ldan ozdirgan bo‘larmidi. Ammo Boburdagi shoirlik iste’dodi tevarak-atrofga hushyor boqishga, toju taxtni, otameros saltanatni himoya qilishga undar edi. Bobosi Temur obro‘yini tiklashdek buyuk vazifani o‘z zimmasiga olgan Bobur qisqagina umrini nuqul olatasir voqealar girdobida o‘tkazdi. Shunga qaramay, avval Kobulda (Afg‘oniston), so‘ngra Agrada (Hindiston) jahon tarixida abadiy yorqin sahifalar bo‘lib qoluvchi saltanatlar barpo etishga ulgurdi. Bugungi kunda ham Hindiston (va qisman Pokiston)da biron-bir shahar yo kent yo‘qki, u yerda Bobur yo boburiylardan qolgan muhtasham yodgorlik qolmagan bo‘lsin.
Qamar Rais Bobur ijodining ma’rifiy jihatlariga e’tiborni qaratar ekan, uning sikhlar rahnamosi Guru Nanak bilan o‘xshash tomonlarini qalamga oladi va bu ikki daho ijodkorning hind ma’rifiy madaniyatini boyitishdagi xizmatlarini alohida ta’kidlaydi.
O‘tgan asr oxirlarida Ram tug‘ilib o‘sgan qadimiy Ayodhya qishlog‘ida sodir bo‘lgan qonli voqea jahon jamoatchiligini tashvishga solgan edi. Go‘yo Bobur qadimgi Ayodhya ibodatxonasini buzib, o‘rniga masjid qurdirgan emish. Mutaassiblik avj olgan Hindiston muhitida bu juda xatarli gap edi. Baribir fojiani chetlab o‘tib bo‘lmadi. To bu ishda Boburning qo‘li yo‘qligi isbot etilguncha ancha-muncha odamning yostig‘i quridi. Demak, Hindistonda ham Boburga turlicha qarashlar hamon mavjud ekan. Biroq bu buyuk olim, shoir, sarkarda, davlat boshlig‘ining Hindiston oldidagi xizmatlari shu qadar ulug‘ va ulkanki, uning oldida hozirgidaqa fitna-fujurlar bir esib, darrov tinib qoladigan shamol yo shabada kabidir.
Xo‘sh, Boburning mahalliy hind madaniyati, xususan, adabiyotiga munosabati qanday bo‘lgan? Bu savolga Qamar Rais o‘zining «Boburning urducha she’ri» nomli maqolasi bilan javob beradi. Gap shundaki, Bobur mahalliy hindiy tilini qunt bilan o‘rganadi. Ularning so‘zdagi ikkinchi bo‘g‘in unlisini tashlab ketishlarini, chunonchi «xabar»ni «xabr» deyishlarini «Boburnoma»da aytib o‘tadi. Hozir eslatilgan urducha she’r esa she’riyatdagi «shiru shakar» uslubida yozilgan bo‘lib, u quyidagicha jaranglaydi:
Muj ko na huva kuchh havasi mo‘nak-o-motiy,
Fikh ahliga bas bo‘lg‘uvsi pa’niy va rotiy.
Ma’nosi:
Men oltinu kumushlarga hech havas qilmadim,
Faqr ahliga bir qultum suv va bir bo‘lak nondan boshqa hech narsa kerakmas.
Mana, besh asrdirki, birgina misra shiru shakar buyuk bobokalonimizning musofir yurtdagi o‘z fuqarolariga muhabbati nechog‘li baland bo‘lganligini isbotlab kelmoqda.
Kitobning ikkinchi qismi butunlay Bobur she’rlarining urdu tiliga tarjimasiga bag‘ishlangan. Ularni Qamar Raisning birgina fikriga e’tirozimizni bildirmay o‘tsak, to‘g‘ri bo‘lmasdi va bu joiz ham edi. Gap shundaki, azbaroyi Bobur ijodini o‘rganishga qattiq kirishib ketganidan munaqqid Boburning she’riyatda ba’zi jihatlari bilan Alisher Navoiydan o‘zib ketgani haqida gapiradi. Bu bilan do‘stimiz va ustozimiz Qamar Raisning ilmiy tadqiqotchilik borasidagi salohiyatini zarracha bo‘lsin kamsitishdan yiroqmiz. Aksincha, u kishining har bir katta-kichik ishini har qancha alqasak, qo‘llasak ham oz. Garchand Bobur ham, Navoiy ham she’rlarini turkiycha yozgan bo‘lishsa-da, hindlar uchun baribir Bobur yaqinroq, qadrdonroqdir. Bunga shubha yo‘q. Navoiy hazratlari har qancha ustunlik qilmasinlar, hindlar nazdida Boburning zamondoshidan boshqa emas. Hazrat Navoiyning o‘zbek xalqi va millati oldidagi buyuk xizmatlarini hindlarga anglatish esa turgan gapki, talay vaqtni talab etadi. Zero, Boburning o‘zi Navoiy «ko‘p va xo‘b» yozganini e’tirof etib, o‘z vaqtida bu mushkulni oson hal qilib qo‘ya qolgandi.
Bundan qat’i nazar, Qamar Raisning bu navbatdagi kitobi Hindistonda ham, O‘zbekistonda ham boburshunoslik sohasida olg‘a tashlangan katta qadam bo‘ldi.
Olingan so‘nggi ma’lumotlarga qaraganda, ushbu kitob Pokistonda ham katta nusxada chop etilgan.
«Jahon adabiyoti» jurnali, 2003 yil, 10-son