“Yolg‘izlikdan boshqa baxtning bo‘lishi mumkin emas”, deydi A.P. Chexovning “Oltinchi palata” hikoyasi qahramoni Mixail Averyanin.
1860 yil 16 yanvarda Rossiyaning Taganrog shaharchasida tug‘ilgan Anton Pavlovich Chexov uchun yolg‘izlik insonlik baxtini anglashga va mana shu baxt-ni kuylashiga ko‘p imkoniyatlar yaratdi.
Anton Pavlovich juda qisqa yashadi. Dunyoda bor-yo‘g‘i 44 yil mehmon bo‘lgan adib o‘zining yigirma olti yillik ijodiy faoliyati davomida turli hajmdagi 900 ga yaqin asar yaratdi. Bu raqamni o‘qib kishi aqli lol qoladi. Asar boshqa, uni yozish boshqa. Hammaning ko‘ngliga yetib boradigan shaklda yozish yozuvchidan mehnat va jasoratdan tashqari, botiniy sabot, ruhiy kenglik va ma’naviy pokizalikni talab etadi. Qisqa vaqt davomida ham yetuk, ham sermahsul ijod qilish uchun kamida Chexovday daholikni Tangri yuqtirgan bo‘lishi kerak.
U dastlabki tahsilni Taganrogdagi maktabda oldi, keyinchalik shu shahardagi gimnaziyada o‘qishni davom ettirdi. Falsafa, madaniyat va san’atga bo‘lgan dastlabki ishtiyoq Taganrog shahridagi teatrda uyg‘ondi. 13 yoshida Jan Offenbaxning “G‘aroyib Yelena” operasini tomosha qilgan Anton Pavlovich yozuvchi va dramaturg bo‘lishga ahd qildi.
Chexov 1879 yilda gimnaziyani tamomlab, Moskva universitetining tibbiyot fakultetiga o‘qishga kirdi. 1884 yilda universitetni tugallagach, Chikinskiy uyezdiga ishga jo‘natildi. Chexov shifokorlik kasbiga ham, yozuvchilikka ham birday mas’uliyat bilan qarardi. U hayotini tarozining ikki pallasiga qo‘yardi, uning bir pallasida shifokorlik tursa, ikkinchisida esa shubhasiz adabiyot turardi. Adib ilk pesasini 18 yoshida yozgan bo‘lsa, 20 yoshida yaratgan dastlabki hikoyalari “Oskolki”, “Strekoza”, “Budilnik”, “Zritel” kabi jurnallarda chop etila boshlandi. 1882 yilda tayyorlangan ilk hikoyalar to‘plami tsenzura taqiqiga uchrab, 1884 yilgacha nashr etilmadi. 1886 yilgacha mavzuni yumoristik obrazlar yordamida yoritayotgan, asosan hajviy hikoyalar ustida ishlayotgan yozuvchi mashhur adabiyotshunos Dmitriy Grigorovich tomonidan qattiq tanqidga uchradi. Tanqidchi yozuvchini o‘z iste’dodini “mayda” ishlarga sarflayotganlikda, hayotga jiddiyroq qaramayotganlikda aybladi. Shu tariqa adibning adabiy ishlari “yurishib” ketdi.
Saksoninchi yillarning ikkinchi yarmida “Ivanov”, “Alvasti”, “To‘y”, “Tamakining zarari haqida”, “Ayiq” kabi pesalar yaratilishi yozuvchi ijodida yangi davr boshlanganidan darak berdi. Chexov shifokor edi, ammo u avvalo insonning qalbini davolamasdan turib, uning jismini davolab bo‘lmasligini ich-ichidan his qilardi. Unga shifokorlar va bemorlarning diqqinafas va zerikarli muhiti yoqmasdi, ammo o‘z kasbidan butkul voz kecha ham olmasdi. “Tibbiyot mening qonuniy xotinim, adabiyot esa ma’shuqam, biridan zeriksam, ikkinchisiga yukinaman”, derdi u do‘stlariga…
“Chexov – prozadagi Pushkin”, degan edi Lev Tolstoy. Tirikligidayoq dunyoning eng kuchli yozuvchilari o‘nligiga kirib ulgurgan buyuk adib adabiyotsevarlarga Chexov asarlarini qayta-qayta o‘qishni maslahat berardi.
“Dunyoda inson aqlining yuksak ma’naviy namoyandalaridan boshqa hammasi arzimas, qizig‘i yo‘q narsalar. Aql – inson bilan hayvonning orasiga qat’iy chegara qo‘yadi hamda insonning ilohiyligiga ishora qiladi. Olamda insonga huzur-halovat beradigan yagona manba aqldir, biz uni ko‘rmas ekanmiz, huzur-halovatdan mahrummiz”, deya o‘zining hayotiy e’tiqod va a’mollarini belgilagan shifokor adib insonning baxt-saodatini uning tafakkuriga qarab belgilardi.
Ijodini soddalik, xolislik va haqqoniylik tamoyillariga sodiq holda olib borgan yozuvchi orzusidagi inson yolg‘onga yolg‘on, og‘riqqa bardosh, zolimga nafrat, ojizga shafqat, riyokorga g‘azabu o‘g‘riga kazzob ko‘zi bilan qarashini xohlardi. Yolg‘on va riyokorlik, soxtaligu munofiqlik oxir-oqibat inson shaxsini yemiradi. Qaysiki jamiyatda soxta g‘oyalarga ko‘r-ko‘rona e’tiqod bilan yashash urfga aylansa, o‘sha jamiyat Krilov masalidagi najjorning holiga tushadi. Chexov uchun eng og‘ir fojia – inson tiynatidagi ikkiyuzlamachilik, shaxsning manfaat ilinjidagi tubanlashishi, qalbning bulg‘anishi edi.
Adib to‘qsoninchi yillarning boshida Saxalinga sayohatga borib, u yerda katorga va surgunga giriftor qilingan kishilarning fojiali hayoti bilan yaqindan tanishadi hamda bu safar taassurotlari asosida “Oltinchi palata” va “Saxalin oroli” asarlarini yaratadi.
Inson o‘z sha’ni uchun kurashmasa, bu jamiyat zulm saltanatiga aylanib qoladi. Bu saltanatda zolimlarning hukmronligi avj olib, ma’naviy inqiroz kelib chiqishini, ma’naviy inqiroz esa oxir-oqibat millatning chohga qulashiga sabab bo‘lishini his qilgan yozuvchi qahramonlarini o‘z shaxsiy g‘ururi uchun kurashishga, yagona matlabi amalu zarga aylanib qolgan zodagonlarni ma’naviy tozarishga, ruhan poklanishga chaqiradi. Chexov iztirob chekayotgan odamni sevardi. Chunki fikrlayotgan odam iztirob chekadi, faqat ugina ruhiy uyg‘onish, o‘zi yashayotgan muhitda ro‘y berayotgan ijtimoiy adolatsizlikka qarshi kurashish va o‘z hayotini yangicha axloqiy nizomlar asosida qayta qurish salohiyatiga ega bo‘ladi. “Azob chekish kishini kamolga yetkazadi. Insoniyat o‘zi chekayotgan azoblarini turli vositalar yordamida yengillashtirishga urinsa, din va falsafadan voz kechadi. Odamzod turli falokatlardan u tufayli saqlanibgina qolmay, balki haqiqiy hayotni, baxt-saodatni chekayotgan iztiroblari orqali topadi”, degan xulosaga keladi.
Ekinni shiradan, temirni zangdan, ko‘ngilni egrilikdan asrash kerakligi haqidagi aqida adib uchun metin qonuniyat edi. A.P.Chexov “Chinovnikning o‘limi”, “Buqalamun”, “Niqob”, “Engiltak”, “Rotshildning skripkasi”, “G‘ilof bandasi”, “Qayliq” kabi yuzlab hikoyalari, “Ivanov”, “Chayka”, “Vanya tog‘a”, “Uch opa-singil”, “Olchazor” kabi pesalari, “Boloxonali uy”, “Mening hayotim” kabi qissalarida inson ruhiyatining rangin manzaralari va shu davrdagi rus jamiyatining ma’naviy qiyofasini shafqatsiz tarzda tasvirlab, inson haqidagi teran va chexovona achchiq falsafani original shaklda tarix sahifalariga muhrlab ketdiki, hikoyachilik borasida uning tafakkuri darajasiga ko‘tarila oladigan yana shunday adib jahon adabiyoti tarixida kamdan-kam uchraydi.
1898 yil A.P. Chexov sil kasali bilan og‘rib, davolanish uchun Yaltaga ko‘chib boradi. Millionlab odamlarning qalbida hayotsevarlik, insonparvarlik va borliqqa nisbatan cheksiz muhabbat uyg‘otishga ulgurgan, necha-necha bemorlarning hayotini saqlab qolishga erishgan adib o‘z umrini ozroq bo‘lsa ham uzaytirish baxtiga erisholmadi. “Men hayotni sevaman, ehtiros bilan sevaman”, derdi yozuvchi o‘z qahramoni tilidan. Ammo yozuvchi sevgan hayot uni bag‘rida ko‘p olib o‘tirmadi: uning achchiq tiliga chidamadi. Chexov 1904 yilda Germaniyaning Badenvayler shahrida vafot etdi. Shamolning bir epkini yoki maysa yuzidagi bir tomchi shabnam hayotidek qisqa umr adib nomiga abadiylik baxsh etdi.
Bugungi kunda Rossiya va dunyoning boshqa shaharlarida uning nomi bilan ataladigan 24 ta muzey va teatrlar, adib dahosi qudratini namoyon qilib turadigan 30 dan ortiq haykalu yodgorliklar, uning nomi bilan zarb etilgan million-million tanga pullaru, qo‘sha-qo‘sha ta’lim va ma’naviy maskanlar peshtoqidagi A.P.Chexov nomi bu ijodkor tafakkuri yog‘dusi hech qachon so‘nmasligidan dalolat berib turibdi.
El ellik yilda o‘zgaradi, deydi mashoyixlar. Chexov zamonidan bugungi kunimizgacha elni o‘zgartiradigan ellik yilliklarning salkam uchtasi o‘tdi. Ammo hamon uning g‘oyalariga, da’vatlari-yu, samimiyatiga ehtiyoj ortib bormoqda.
Adib ijodi davomida 42 ta adabiy taxallus qo‘lladi. Eng qizig‘i, uning “Uliss” nomli taxallusi keyinchalik g‘arb adabiyotining ulkan namoyandalaridan biri J. Joys yaratgan dunyodagi tushunilishi eng murakkab asarga sarlavha bo‘ldi… Bu tasodif yoki ta’sir tufayli ro‘y berganmi bu yog‘i hozircha noma’lum.
Chexov taxalluslaridan yana biri “Ko‘zyoshsiz odam” edi. Hayotda ko‘zi yoshga to‘lmaydigan, yig‘lamaydigan odam bo‘lmaydi. Yig‘lolmaydigan odam bo‘lishi mumkindir, ammo yig‘lamaydigan odam borligini Chexov hech qachon tasavvur qilolmas edi. Insonning ko‘zi quruq bo‘lishi uchun uning qalbi ham quruq, bo‘m-bo‘sh bo‘lishi kerak. Yozuvchi bunday qalbli insonlardan nafratlanar edi. Bu taxallus alamzadalar dunyosiga, indamaslar, bag‘ritosh va manqurtlar dunyosiga nisbatan bir kinoya edi. Adib esa ko‘p yig‘lardi. O‘shandaylarning hamon borligi uchun ham yig‘lardi. Yig‘lash uchun esa yolg‘izlikni sog‘inardi. Uning uchun “Yolg‘izlikdan boshqa baxtning bo‘lishi mumkin emas” edi.
“Jahon adabiyoti”, 2013 yil, 1-son