Mushukka qaramay qo‘yishsa yovvoyilashadi
Adabiyotni zavolga eltuvchi tashqi sabablarga to‘xtalib o‘tirmay, uning “o‘limga olib boruvchi kasalligi”ga doir ichki alomatlarni tahlil qilib ko‘raylik. Zero, u haqiqatan ham nimadan va nima uchun zavol topmoqda? Harqalay, bu uni unutishgani va u (bir paytlar “yuksak” edi axir!) hech kimga kerak bo‘lmay qolgani tufayli bo‘lmasa kerak?
Bevosita xalq tilidan o‘sib chiqqan san’at adabiyotning asosiy shakli (dastlabki san’at) sifatida tamomila parchalanish jarayonini boshdan kechirmoqda. Ushbu mubham xastalik adabiyotning ichida, uning ayrim idrok etib bo‘lmaydigan (a’zolarida) bir necha o‘n yillardan buyon davom etib kelmoqda.
O‘zini o‘rab turgan madaniy muhit nomaqbul va nomatlub bo‘lishiga qaramay, chekkaga surib chiqarilgan hozirgi adabiyot o‘z holicha na jamiyat, na madaniyatning boshqa sohalariga daxlsiz holda yashamoqda.
Biroq og‘ir xastaligiga qaramasdan adabiyot nafas olmoqda, uni o‘lmoqda deyishga til bormaydi. “To‘kin dasturxon”larni eslatuvchi “qalin” jurnallar sahifalariga matnlar, xudo biladi, qay yo‘sinda ko‘chayapti. Ba’zan ulardagi “mahobatli” asarlarni ko‘rib, beixtiyor: bu matnlar Internetdan olindimikin yoki tanish-bilishlik tufayli ro‘yobga chiqmoqdamikin, degan o‘yga borasan.
Kasallikning sababi va rivojlanish jarayoni
G‘oyaviylik ruhi bilan sug‘orilgan adabiyotning “befoyda”ligi haqidagi masala qayta qurish boshlangan davrda – adabiyot siyosat quroli sifatida “demokratiya va inson huquqlari”ga yo‘l ochayotgan paytda yuzaga chiqdi.
Adabiyot sotsializm jadal rivojlangan davrda tashqi ta’sirga qarshilik ko‘rsatgancha uzlatlarga chekinib, “lirik pardalar” panasida jon saqlashga majbur bo‘lgan edi. Siyosiy xolislik mavqeiga ko‘tarilgach, lirika tuzumning abadiyligiga raxna soluvchi asarlarni vujudga keltirdi.
Oshkoralikka, demokratiyaga yo‘l ochdi va… daf’atan jamiyat mohiyatini belgilovchi omil sifatidagi o‘z qismatini yo‘qotdi, kerak bo‘lmay qoldi.
Nima yuz berdi? Adabiyot azaldan bormidi o‘zi?.. Yoki u tahayyulning uch ming yil davomidagi majhul junbushi natijasida vujudga keldimikin? Alal-oqibat uning zamini omonat, timsollari “televideniye saltanati”ga qadar odamlar o‘ziga taskin berib kelgan Bobil minoralari yanglig‘mikin?
Agar adabiyot chindan ham mavjud bo‘lsa, nega inson ruhining hayotiy muammolaridan o‘zini chetga oldi?
“O‘limga olib boruvchi” xastalikmi bu?
G‘arb adabiyoti mudom “yangilikparastligi” tufayli zavolga yuz tutdi. Davlat ijodkorlarga xalal bermadi, zero, badiiy mazmunga o‘zgacha tus bergan va matndan g‘oyaviy vazifani butunlay uloqtirgan Joys, Kafka va boshqalar singari realistik adabiyotning “go‘rkovlari” dunyoga keldi. Ular adabiyotni jarlikning fikr zulmati qoplagan qarama-qarshi tomoniga eltdilar.
Dunyoviy gegelcha idrok XX asr o‘rtalarida mulohazalar borasida harakatdan to‘xtadi: ayni chog‘da u g‘aybni anglashga intilishi tufayli o‘zini boshi berk ko‘chaga kiritib, hayotdan ko‘ngli sovidi. Jumladan, unga “kamarbasta” insoniyat ham ruhiy inqirozga yuz tutdi.
Jamiyat, san’at maydoni o‘laroq, turfa kasbiy guruhlarga bo‘linib o‘z ahamiyatini yo‘qotdi, insoniyatning vazifasi naf keltiradigan sohalarga yo‘naltirilib, tobora izchil tus oldi: endi hech kimga na kosmos, na kommunizm kerak bo‘lmay qoldi, yuksak orzular hech kimni o‘ziga jalb etmay qo‘ydi. Orzular bo‘lmagan joyda adabiyot nima qilsin!
Quvvatning saqlanish qonuni hamma sohada, shu jumladan, adabiyotda ham o‘z hukmini yurgizadi. Ba’zan ijod quvvati daf’atan misli ko‘rilmagan dahshatli shakllarga kiradi, zero, bu Nitshe va Kafkada namoyon bo‘lgan, ularning bashoratlari qudratli in’ikoslarda ro‘yobga chiqqan edi.
“Ko‘hna” hayotsevarlikka ergashib
Ikkinchi jahon urushi xalqlar yuragini yumshatdi, 60-yillarda she’riyat o‘zining yorqin yog‘dusi bilan ko‘ngillarni yayratdi. Urushdan ke-yingi adabiyot hali “mutlaq ustuvor” edi, biroq kino uni siqib kelardi.
U davrlarda hatto jiddiy nashrlar ham o‘z sahifalarida nasr va she’riyatga o‘rin ajratardi. Adabiyot o‘quvchilarning qonida bor edi, u gazeta san’atining ma’naviy zaminini tashkil qilardi, yoshlar o‘z hayotini adabiy qahramonlar, jumladan, Pavel Korchagin hayoti bilan taqqoslar edilar.
Boshlangan qayta qurish, keyin kapitalizmga sakrash adabiyotni Rossiya fuqarosining kundalik hayotidan siqib chiqardi. Odamlarda turmush haqida o‘ylashga, mulohaza qilishga, qolaversa, ertangi kun haqida orzu qilishga vaqt yetishmay qoldi, chunki rizq-ro‘z topish uchun doimiy ravishda “yugurish” kerak.
Qachondir qorinni to‘yg‘azgan edi, lekin himoya qilmagandi
Hali inqilob tafti sovib ulgurmasdan, Andrey Platonov san’at va texnika taraqqiyoti insonga madad berolmaydi, degan xulosaga keldi. Platonov so‘z san’ati tuzum uchun ortiqchalik qilib, hech kimga keraksiz bo‘lib qolayotganligini oldindan sezgandi.
Faqat adabiyotning sinovdan o‘tgan holati – fidoyiligi – bu uning 70–80-yillarda ekologiya muammolarini jasorat bilan ko‘tarib chiqqanida ko‘rindi.
Sho‘rolar zamonida shartli ravishda bo‘lsa ham yozuvchilarga e’tibor ko‘rsatilib, poytaxt mualliflari va chekka joylardan kelgan ijodkorlar uchun shartli tenglik mavjud edi. Yozuvchi Uyushmaga a’zolik hujjati bilan Litfonddan yordam olishi, tahririyatlarda stullarning bir chetiga bo‘lsa-da o‘tirishi mumkin edi, uni ba’zi muharrirlar hatto bir piyola choy bilan ham siylashardi.
80-yillarda adabiy hayot haqidagi shirin xayollar poyoniga yetdi, so‘llar, o‘nglar, vatanparvarlar va liberallar guruhlari vujudga kela boshladi.
Oxiri qator nollar bilan yakunlangan yillarda uyg‘onish va romantizm davri, shiorlar “Ozodlik, Tenglik, Birodarlik!” bo‘lgan avvalgi jami inqiloblar in’om etgan ilhom yolqini so‘ndi. Birmuncha ke-yingi – “Butun hokimiyat – sovetlarga, dunyo xalqlariga – tinchlik, yer – dehqonlarga!” shiori esa deyarli unut bo‘lib ketdi.
G‘oya – adabiyotning yuragi, uning ruhidir. Agar g‘oya bo‘lmasa, odamlarda xuddi yaltillagan cho‘g‘lar singari yoki tunda daryolar yuzida tovlanadigan pufak yanglig‘ faqat tangri ato etgan uchqunlargina qoladi.
Qalbning ijtimoiy o‘zagi
Adabiyotsiz turmush yalang‘ochlashadi, so‘nggi naqliyot san’ati mahsulotlari va yaltiroq muqovali “asar”lardan qoniqmaganligi tufayli inson ichdan dag‘allashadi. Adabiyotsiz davrning sir-jozibasi yo‘qdir.
“Davlat” tushunchasi Yaratgandan yuqtirgan o‘z muqaddasligini yo‘qotdi va u inson oldida tashqi belgilaridan bo‘lak hech vaqosi bo‘lmagan – ichi bo‘m-bo‘sh timsolga aylandi. Agar ilgari davlat odamni ba’zan himoya qilgan bo‘lsa (raykomga yoki MKga murojaat qilishning o‘zi kifoya edi bugungi kun amaldori shikoyatchini sudga yo‘llashni afzal ko‘radi.
Bugungi kun tushunchasida Davlat inson qalbining o‘zagi bo‘lmay qoldi, shuningdek, uning ichki ruhiy tayanchi ham emasdir, zero, u ko‘proq inson shuuridagi ko‘zga tashlanmas dilsiyohlikdir. Binobarin, shaxslar fuqaro sifatida rasmiy munosabatlarga kirishadigan mamlakat bor, lekin g‘amgusor mamlakat yo‘q.
O‘tgan asrlardagi jiddiy adabiyot asosan ijtimoiy ruhda bo‘lib, hayotdan o‘ziga ideal axtarardi, oldinga chorlardi. Endi payg‘ambarlik maqomini yo‘qotib, hech narsa bo‘lmay qoldi.
Adabiyotning axborot “vositasi” (uni diskka taqqoslash mumkin) keragidan ortiq narsalar bilan to‘lib-toshgan. Yangi syujetlar, voqealar, hujjatlar unga qiyinchilik bilan tiqishtiriladi. Ushbu jihatdan adabiyot bugungi kunda talabgorini yo‘qotdi, luzumsiz narsaga aylandi.
Adlabiyot – yo‘qlikka yo‘l olgan poyezd, lekin shunga qaramay, so‘nggi vagon zinasiga ilinib olish umidida kimdir uning ortidan yugurishdan to‘xtamaydi.
Qaqnus kabi qayta tug‘ilib…
Adabiyotning durdona asarlari endi bamisoli yo‘qdek, yoshlar mumtoz adiblarning hatto ismlarini ham adashtira boshlashdi. Ulug‘ kitoblar kutubxona tokchalariga “dafn qilindi”.
XXI asrda badiiy kalom ayyuhannoslarga to‘la, yaltiroq so‘zlarga ko‘milgan davrlardan nihoyat toliqdi, adabiyot esa san’at vositasi emas, turfa tomoshalar uchun xomashyoga aylandi.
Mening nazarimda, so‘nggi o‘n yilliklarning yoshlari alohida qiyin-chilikka duch kelmoqda. Ularning ayrimlari bor kuchlarini jamlab, chapdastlik bilan sakrab ko‘rdilar. Lekin o‘zlarini adib darajasida his qilish uchun birinchi maqsadga erishganlari holda ular badiiyat yo‘nalishida ilgariga siljiy olmadilar. Hali e’tiborga tushmagan, nomi chiqmagan boshqalar esa Internet qarshisida poygaga shaylandilar.
Ularning aksariyati rus yozuvchisining azal abad maqsadi insonni ezgulik va muhabbatga da’vat etishda ekanligini hali anglab yetmagan bo‘lsa, aslo ajablanarli emas.
Yangi avlodning realizm yo‘lidan boruvchi vakillari g‘oya va orzularda sira qisinmay, o‘zgargan dunyoni anglashga intilgan holda dadillik bilan yangi asr ro‘yxatiga tushdilar.
Chinakam san’atkorlar bozor adabiyotining – tezroq, yorqinroq, qimmatroq! –degan shiorlarini inkor etadilar. Ular jamiyat muammolari bilan qiziqadilar, hayotning ich-ichiga kirib boradilar.
Yosh ijodkorlar ana shunday adiblardan ibrat oladilar.
Inqirozga duch kelgan o‘quvchilar qalbi o‘zida bo‘m-bo‘shlikni his etadi, insonning haqiqiy adabiyotsiz yashashi mumkin emas, u ko‘zgudagidek unda o‘zini ko‘rmog‘i kerak. Umumbashariyat, dunyo yangi inqirozdan keyingi qalb qiyofasini axtarmoqda.
Balki, oddiy inson haqidagi, mehnat haqidagi adabiyot qayta tug‘ilar. Bu nasr mavhum omma emas, balki asr bilan bahsga kirishayotganlar obrazini yaratadi.
Oldindagi umidlar
Bugungi adabiyot hali o‘zining yuksak maqsadlarini namoyon qilgani yo‘q, yangi adabiyot uni izlab topishga burchlidir.
Zamonaviy adabiyotga tahayyulning hojati yo‘q, u rulsiz va yelkansizdir, u faqat jamiyatning kayfiyatini ilg‘ashga intiladi. Unga, bamisli kema yanglig‘, “kapitalizm” va “sotsializm”ning o‘tkir qoyalari oralig‘idan omon o‘tib olmoqlik lozimdir.
Ikki mafkura orasidagi o‘rta yo‘lni (siyqasi chiqqan o‘rtalikni emas) tanlab olmishi kerak. Bu adolatli va insonparvar g‘oya bo‘lsinki, undan san’at cheksiz ruhlansin va asta-sekinlik bilan asl holiga qayt-sin, ya’ni yana o‘zining insonparvarlik qiyofasini kasb etsin.
Yangi adabiyot kemasi tor oraliqda halokatga uchrashi ham mumkin. Yangi ummonga suzib chiqishi uchun unga siyosatning ko‘zga ko‘rinmas chig‘iriqli yo‘llaridan ziyon-zahmatsiz o‘ta oladigan tajribali darg‘alar kerak.
Hozirgi kun yozuvchilarining vazifasi aynan ilgarigidek – “so‘z bilan yuraklarni yondirish”, inson irodasini toblash, unga yordam berishdir.
Rus adabiyotining yashab qolishiga, uning iqtisodiy va siyosiy buhronlar oldida o‘zligini yo‘qotib qo‘ymasligiga hali qalblarda umid bor.
“Literaturnaya gazeta”ning 2010 yil, 27 oktyabr – 2 noyabr sonidan olindi.
Rus tilidan Mirpo‘lat Mirzo tarjimasi
“Jahon adabiyoti” jurnali, 2010 yil, 12-son.