“…Amir Temur bobomiz haqida ingliz dramaturgi Kristofer Marlo 1588 yili tarixiy pesa, mashhur nemis kompozitori Georg Gendel 1724 yili opera, amerikalik adib Edgar Po esa 1827 yili she’riy poema yaratgan. Va bunday asarlar bugungi kunda ham ko‘plab paydo bo‘lmoqda… Tabiiyki, bu asarlarning barchasi ulug‘ bobomizning hayoti va faoliyati bilan bog‘liq ko‘pgina masalalarga javob topishda, ularni tarix va bugungi zamon nuqtai nazaridan yoritishda muhim o‘rin tutadi. Ularning har biri Sohibqiron siymosi haqida o‘ziga xos tasavvur va tushuncha beradi”[1].
Islom Karimov
XVI–XX asrlar oralig‘ida G‘arb mamlakatlarida shavkatli Sohibqiron Amir Temur siymosi tasvirlangan 60 tadan ziyod turli janrdagi sahna asarlari yaratilgan. Bu asarlarning nomlanishi deyarli bir xil, syujet yo‘nalishi ham o‘zaro o‘xshashdir[2]. Ushbu asarlar orqali G‘arb tomoshabiniga, bir tomondan, turli qiziq voqealarga boy antiqa syujetlar namoyish etilgan bo‘lsa, ikkinchi tomondan, geografiya, siyosat va madaniyat sohalariga oid yangi axborotlarni taqdim etish hisobiga G‘arb kishisining Sharqqa nisbatan munosabati va dunyoqarashi shakllantirib borilgan.
G‘arb adiblari, dramaturg va operanavislarining asarlarida, ayniqsa, Amir Temur qiyofasi o‘ziga xos tarzda talqin qilingan. Ayni chog‘da, g‘arblik qalamkashlar tayangan manbalarda Sohibqiron shaxsi turlicha, ya’ni ba’zan bir-biriga butunlay qarama-qarshi, ba’zan esa o‘ta chalkash ifoda etilganini aytib o‘tish kerak. Bu, o‘z navbatida, adabiy-badiiy asarlarda ham Amir Temur timsolining har xil tasvirlanishiga sabab bo‘lgan. Bunday rang-baranglik Sohibqiron siymosini g‘arblik ijod va san’at namoyandalari turlicha idrok etganidan dalolat beradi.
O‘zbekistonda hali yaxshi tanish bo‘lmagan musiqiy sahna asari – Georg Fridrix Gendelning (1685–1759) “Amir Temur”[3] operasi ushbu fikrimizning yaqqol tasdig‘idir. Bu uch pardali opera Nikola Franchesko Xaymning[4] italyan tilida bastalangan librettosi asosida yaratilgan. G.Gendel o‘z asarini 1724 yilning iyul oyida, 20 kun ichida yozib tugatgan. Opera birinchi marotaba Londonning Qirollik teatrida 1724 yil 31 oktyabrda namoyish etilgan.
Xo‘sh, Gendelning o‘zi kim bo‘lgan? Georg Fridrix Gendel (Georg Friedrich Händel) – barokko davrining mashhur nemis va ingliz bastakori. U Germaniyada Iogann Bax va Domeniko Skarlatti bilan bir yilda – 1685 yil 23 fevralda tug‘ilib, Italiyada, shuningdek, Gamburg, Gannover, Londonda tahsil olgan va faoliyat ko‘rsatgan, 1759 yil 14 aprelda Londonda vafot etgan. Gendel 1702 yilda Galle-Vittenberg universitetining yuridik fakultetiga o‘qishga kirib, ilohiyot va huquq fanlarini o‘rgangan. Huquqshunoslik bo‘yicha professor Xristian Tomaziy[5] rahbarligida tahsil olgan bo‘lsa ham, yurisprudentsiyaga unchalik qiziqmagan.
Gendel hayoti davomida “Yuliy Sezar”, “Rinaldo” va shu kabi 40 taga yaqin opera yaratgan. 1856 yili Leyptsigda Gendel jamiyati tuzilgan. Gendel jamiyati 45 yil davomida kompozitorning yuz jilddan ortiq asarlarini nashrdan chiqargan. 1882–1939 yillarda Londonda ham Gendel jamiyati faoliyat ko‘rsatgan bo‘lib, asosan Gendelning uncha mashhur bo‘lmagan asarlari ijrosi bilan shug‘ullangan. 1955 yilda tashkil topgan Gall jamiyatining Gendel nashriyoti esa Gendelning to‘la asarlar to‘plamini chop etgan.
“Amir Temur” operasi yaratilgan va namoyish etilgan sanalar G.Gendel hayoti va faoliyatining g‘oyat muhim davriga to‘g‘ri keladi. Chunki ayni o‘sha davrda, ya’ni 1720–1728 yillarda G.Gendel Angliyada Qirollik musiqa akademiyasining direktori lavozimida faoliyat olib borgan. Bu lavozimga tayinlanishi bilan G.Gendel Germaniyaga yo‘l olgan va Gannover, Gall, Drezden, Dyusseldorfdan o‘z truppasiga san’atkorlarni jalb etish bilan shug‘ullangan.
Shundan so‘ng bastakor opera sohasida jo‘shqin faoliyat boshlagan. Jumladan, qirolga bag‘ishlangan “Radamist” nomli yangi operasini 1720 yil 27 aprelda Xeymarketda ilk bor taqdim etgan. Ammo, o‘sha yilning oxirida Londonga italiyalik kompozitor Jovanni Bononchinining kelishi va “Astarta” operasini namoyish etishi G.Gendelning ijodiy yutuqlariga soya solgan[6].
G.Gendel o‘z operalarini italyancha uslubda yozgani bois Bononchini bilan oralarida keskin raqobat yuzaga kelgan. Qirolga nisbatan muxolifatda bo‘lgan va G.Gendelga dushmanlik kayfiyati bilan yondashgan aksariyat asilzodalar italiyalik bastakorni qo‘llab-quvvatlagan. G.Gendelning keyingi operalari, “Yuliy Sezar”ni istisno etganda, muvaffaqiyatsizlikka uchragan.
Vaziyatni o‘nglash uchun G.Gendel hatto 1721 yil 5 mayda taqdim etilgan “Alessandro” nomli operasiga o‘zaro raqib bo‘lgan italyan qo‘shiqchilari Faustino Bordoni va Franchesko Kutstsonini jalb etgan. Bizningcha, xuddi shu keskin ijodiy bellashuv jarayonlari G.Gendelni zafar va g‘alabalar timsoli – Amir Temur siymosiga murojaat etishga turtki bergan bo‘lishi ehtimoldan xoli emas.
“Amir Temur” operasining asl manbasi – Agostine Piovene[7] qalamiga mansub bo‘lib, mazkur libretto matni N.Xaym tomonidan qayta ishlab chiqilgan. Opera musiqasi esa Franchesko Gasparini[8]ga tegishlidir. Ma’lumki, F.Gasparini ijodining yetuk pallasida, 49 yoshida “Amir Temur” operasini yaratgan.
Antonio Vivaldi[9] 1735 yili o‘zining “Amir Temur” musiqasini yaratishda italyan kompozitori A.Piovene librettosidan foydalangan. A.Piovene ham o‘z asarini yozishda Per Kornelning shogirdi va hamshahri, frantsuz dramaturgi Jak (ba’zan – Nikola) Pradon (Jacques Pradon) (1644–1698) tomonidan 1676 yilda yozilgan “Amir Temur yoxud Boyazidning o‘limi”[10] tragediyasidan ilhomlangan.
Ba’zi manbalarda G.Gendel ingliz dramaturgi va shoiri Nikolas Rouning “Amir Temur” operasidan ham ruhlangan bo‘lishi mumkinligi qayd etilgan[11]. Sohibqironga bag‘ishlangan sahna asarlari orasida alohida o‘rin tutadigan ushbu pesa mashhurligi va ahamiyati nuqtai nazaridan V.Shekspirning mumtoz asarlari bilan bemalol bellashgan. E’tiborli jihati shundaki, pesada Amir Temur obrazini talqin etishda qahramonlik mavzusi bilan birga yana bir mavzu – bosh qahramon bilan Asteriya (Boyazidning qizi) o‘rtasidagi muhabbat kechinmalari yuksak pardalarda tarannum etilgan.
Bu mavzuni ochib berishda A.Piovenening “Amir Temur” librettosi (1711) ommabopligi bilan ajralib turgan. Piovene librettosi asosiga keyinchalik 15 nafar kompozitor o‘z qo‘shimchalarini kiritgan holda, jumladan, 1720 yilda – Fortunato Chelleri, 1722 yilda – Leonardo Leo, 1728 yilda – Jovani Antonio Nini, 1730 yilda – Nikolo Porpora, 1735 yilda – Antonio Vivaldi, 1754 yilda – J.Bernaskoni, 1764 yilda – J.Skolari va Petro Gugliyelmi, 1773 yilda – Antonio Sakkini, 1796 yilda – Ferdinando Payer, 1818 yilda – Jovani Tadonini, 1824 yilda – Antonio Sapiyentsa o‘zlarining sahna asarlarini namoyish etgan.
A.Piovene librettosiga birinchilardan bo‘lib e’tibor qaratgan kompozitorlar – Mark Antonio Ziani (1689), Franchesko Gasparini (1717) va Georg Fridrix Gendel (1724) hisoblanadi. G.Gendel o‘z operasi ustida ish boshlash oldidan Antonio Salvi[12]ning italyan tilida bastalangan librettosi asosida yaratilgan Alessandro Skarlattining “Buyuk Amir Temur” operasi bilan ham tanishgan bo‘lsa ajab emas. Chunki ushbu libretto ham J.Pradon pesasidan olingan bo‘lib, Florentsiyada 1706 yili namoyish etilgan. G.Gendel esa o‘sha yillari Florentsiyada bo‘lgani ma’lum.
Ushbu operaning dastlabki ijrochilari Italiya opera teatridagi eng atoqli qo‘shiqchilar bo‘lgan. Yakkaxon ijrochi aytadigan qismlarni tenor – Franchesko Borozini (Boyazid), alt – Antonio Bernachcho (Amir Temur), soprano – Mariya Benti Bulgarelli (Asteriya), soprano – Faulstina Bordoni (Iren) kabi mashhur san’atkorlar ijro etgan[13]. Tabiiyki, ularning ijro mahorati ham operaning muvaffaqiyat qozonishida muhim ahamiyat kasb etgan.
1724 yilda Qirollik konservatoriyasining oltinchi mavsumi G.Gendelning “Amir Temur” operasi bilan ochilgan. Teatr jamoasining ijrochilar guruhiga opera teatri yulduzlari Andrea Pakini (Amir Temur), Frantsiska Kutstsoni (Asteriya), Anna Vitsenza Dotti (Iren), avvalgi tarkibdan esa tenor – Franchesko Borozini (Boyazid) taklif etilgan.
G.Gendel operasida tarannum etilgan murakkab syujet chizig‘idagi voqealar muzaffar Sohibqiron Amir Temur va unga asir tushgan Usmonli turklar sultoni Boyazid Yildirim o‘rtasida bo‘lib o‘tadi. Voqealar sanasi – 1402 yil, voqealar kechadigan joy – Anatoliyaning shimoli-g‘arbiy qismida joylashgan Bursa shahri. Opera frantsuzcha uvertyura[14] va menuet[15] bilan boshlanadi.
G‘arbda qariyb 300 yil oldin yaratilgan va o‘tgan davrda G‘arbning o‘nlab poytaxtlari teatrlarida muntazam namoyish etib kelinayotgan bu mashhur operada Amir Temur timsoli kuch-qudratli, imon-e’tiqodli, mehr-oqibatli va yuksak madaniyatli buyuk shaxs sifatida ijobiy talqin qilingan.
Akmal Saidov, professor
“Jahon adabiyoti”, 2015 yil, 4-son
[1] Islom Karimov. Milliy davlatchiligimiz tarixining mumtoz namunasi // Temur tuzuklari / Tahrir hay’ati: B.Abduhalimov va boshq., forscha matndan A.Sog‘uniy va H.Karomatov tarj. – T.: “O‘zbekiston”, 2011. 6-bet.
[2] Tursunova R. Obraz Amira Temura v stsenicheskix proizvedeniyax Zapada // San’at, 2006, №2.
[3] George Frideric Handel. Tamerlano / Dramma per musica in tre atti / Libretto: Nicola Francesco Haym (http://music.genebee.msu.ru/Andrej/G.F.Hendel/Tamerlano.htm).
[4] Nikola Franchesko Xaym (Nicola Francesco Haym, 1678-1729) – Italiyada tug‘ilgan (asl kelib chiqishi germaniyalik) mashhur skripkachi, librettonavis, opera bastakori, teatr boshqaruvchisi va numizmat (chaqa-tanga va medallar tarixini o‘rganuvchi). U san’at sohasida Georg Fridrix Gendel va Jovanni Battista Bononchini bilan yaqin hamkorlik qilgan, umrining oxirini Angliyada o‘tkazgan.
[5] Xristian Tomaziy (Christian Thomasius, 1655–1728) – germaniyalik huquqshunos va faylasuf olim, ma’rifatparvar arbob. U 1687 yili nemis tilida huquqshunoslik bo‘yicha ma’ruza qilgan birinchi faylasuf hisoblanadi. Xristian Tomaziy nemis falsafiy atamashunosligiga asos solgan. Shuningdek, u “Oylik suhbatlar” nomli ilk ilmiy jurnalning asoschisi. Galle-Vittenberg universitetini tashkil etishda ham ishtirok etgan.
[6] Romain Rolland. Handel.– 1916.–204 c.
[7] Agostine Piovene (Agostino Piovene, 1671–1721) – italiyalik bastakor, dramaturg, librettonavis.
[8] Franchesko Gasparini (Francesco Gasparini, 1668–1727) – italiyalik, barokko davrining mashhur bastakori.
[9] Antonio Lyuchio Vivaldi (Antonio Lucio Vivaldi) – 1678 yil 4 martda Venetsiyada tug‘ilgan va 1741 yil 28 iyulda, 63 yoshida Venada vafot etgan. XVIII asrning eng zabardast italyan bastakori, mashhur “Yil fasllari” musiqiy asarining muallifi, musiqashunos olim, skripkachi, pedagog, dirijyor, katolik ruhoniy. O‘n yoshidan skripka chalishni o‘rgangan Vivaldi bu yo‘nalishda “lombard” deb nomlangan yangi ijro usulini kashf etgan va musiqa tarixida italyan skripka sozi ijrochiligining o‘z davridagi yirik namoyandasi sifatida nom qoldirgan. Antonio Vivaldi g‘oyat sermahsul kompozitor bo‘lib, 90 ta opera, 500 ta kontsert muallifi hisoblanadi. Merkuriy sayyorasidagi kraterlardan biriga va Italiyaning Siyena institutiga Antonio Vivaldi nomi berilgan. Qarang: Virdjilio Bokkardi. Vivaldi. – M.: Molodaya gvardiya, 2007. – S.272.
[10] Jacques Pradon. Tamerlan, ou la Mort de Bajazet, Lyon. 1676. 72 pages.
[11] Tursunova R. Obraz Amira Temura v stsenicheskix proizvedeniyax Zapada // San’at, 2006, №2.
[12] Antonio Salvi (Antonio Salvi, 1664–1724) – Toskaniya buyuk gertsogligida dargoh vrachi va librettonavis.
[13] Tursunova R. Obraz Amira Temura v stsenicheskix proizvedeniyax Zapada // San’at, 2006, №2.
[14] Uvertyura – sahna asari, kinofilm kabilarning boshlanishi oldidan ijro etiladigan musiqali muqaddima; opera uvertyurasi, operaning musiqali muqaddimasi; orkestr uchun yozilgan sonata shaklidagi mustaqil kontsert asari.
[15] Menuet – frantsuzcha qadimiy raqs va uning musiqasi.