Akbar Nurmatov. Akutagava siyrati bilan yuzlashganda

Akutagava Ryunoske yapon adabiyotini jahonga tanitgan ijodkor. Bu adib ijodi XX asr jahon adabiyotining eng murakkab, yorqin va kabir hodisalaridan biridir.
U o‘z ijodida yapon va Yevropa madaniyatini uyg‘unlashtirgan. Avlod-ajdodi ziyolilardan bo‘lgan (uning ota-bobolari Edo davrida, 1663 — 1867-yillarda mashhur yozuvchi va olim bo‘lishgan) oilada dunyoga kelgan Akutagava xitoy klassik adabiyoti, qadimgi yapon poeziyasi va tasviriy san’ati ta’sirida o‘sdi. Shuningdek, u ingliz adabiyoti bo‘yicha ham yirik mutaxassis edi. Akutagava 1916 yili Tokio universitetining ingliz adabiyoti bo‘limini bitirib, Kamakurada 3 yil ingliz tilidan dars beradi. 1918 yili esa Tokioga qaytib keladi va o‘z hayotini butunlay badiiy adabiyotga bag‘ishlaydi.
Akutagava talabalik yillaridayoq matbuotda ilk hikoyalari bilan qatnashgan. O‘sha paytlarda u mashhur yozuvchi Natsume Soseki e’tiboriga tushadi va u bilan yaqin aloqada bo‘ladi. Natsumega, ayniqsa, uning “Burun” hikoyasi (1916) juda ma’qul bo‘ladi. “Bu hikoya — deb yozgandi N.Soseki, — o‘ta nozik did va haqiqiy yumor bilan sug‘orilgan. Unda ortiqcha hazillarsiz chindan kulgili voqea tasvirlangan. Shu bilan birga, mavzuning yangiligi ham hayratga soladi kishini. Hikoya kompozitsiyasi o‘ta ta’sirli va ajoyib qurilgan. Men hayratdaman! Muallif yana shunday hikoyalardan 5-10tasini yozsa, bas, shunda sizlar unga teng keladigan boshqa mohir so‘z ustasini topolmaysiz”. Natsumening bu bashorati keyinchalik o‘z tasdig‘ini topdi.
Hajman ixcham “O‘rgimchak to‘ri” nomli hikoyasida o‘ta yovuz, odamlarni shafqatsizlarcha o‘ldirgan qaroqchi Kandataning vafotidan so‘ng do‘zaxga tushgani tasvirlanadi. Do‘zax qozonida qaynab azoblanayotgan Kandataga yuqoridan bir o‘rgimchak (u tirikligida shu o‘rgimchakning hayotini saqlab qolgan edi) ipini tashlaydi. U ipga yopishib yuqoriga ko‘tarila boshlaydi, do‘zax qozonidan uzoqlashib pastga qarasa, do‘zaxdagilar o‘rgimchak ipiga yopishib, uning orqasidan chiqib kelishayapti. O‘rgimchak ipi hammani ko‘tarolmaydi-ku, deya u o‘zidan pastda kelayotgan odamning boshidan tepa boshlaydi. Biroq ip u ushlab turgan joyidan uzilib, ularning bari yana do‘zax qa’riga tushib ketishadi…
Daf’atan bu hikoyani izohlash qiyin. Shu o‘rinda bobokalonimiz Imom al-Buxoriy hadislaridan biri yodga keladi. Unda payg‘ambarimiz (s.a.v.)ning “Bir banda jannat ahliga mansub ishlarni qilib yurib, pirovardida do‘zax ahliga mansub ishni qilib qo‘ygay va bir banda do‘zax ahliga mansub ishni qilib yurib, pirovardida jannat ahliga mansub ishni qilib qo‘ygay. Darhaqiqat, amallar xotimasiga ko‘ra baholangaydur!”, degan gaplari keltirilgan. Shu mantiqdan kelib chiqadigan bo‘lsak, yozuvchi bu hikoyasida inson xarakterini, uning tiynatini sinab ko‘ruvchi favqulodda bir vaziyatini tanlagan. Darhaqiqat, “Men mavzu tanlayman va uni hikoyamda yoritishga harakat qilaman, — degan edi Akutagava. — Mavzuni badiiy jihatdan ta’sirli chiqarish uchun menga favqulodda holatlar zarur. Ammo men favqulodda holat haqida uning ayni favquloddaligi uchun hikoya qilolmayman. Ushbu qiyinchilikdan qutulishning birdan-bir yo‘li voqealarni o‘tgan zamonga, qadim-qadim dunyoga ko‘chirish. Tarixiy voqea haqida yozishimga qaramasdan, menda bu voqeaga nisbatan tarixchi sifatida qiziqish yo‘q”.
Haqiqatan ham, Akutagava qaysi davrga oid voqeani tasvirlashidan qat’i nazar, doimo inson qalbining jumboqli sirlariga e’tiborni qaratadi. U hikoyalarida muamolarni hal etib bermaydi. O‘zuvchining asosiy maqsadi voqea-hodisalarni aynan ko‘rsatish. Umuman, voqea-hodisalar Akutagava asarlarida bir qolipdagi tayyor nuqtai nazardan turib tasvirlanmagan. U hayotning naqadar murakkabligini, insonning bitmas-tuganmas ichki dunyosini, qalb kengligining cheksiz-chegarasizligini teran anglagan. Adib hayotiy savollarga bir ma’noda yoki bir qolipda javob qaytarish doim ham haqiqatga to‘g‘ri kelavermasligini isbotlashga harakat qiladi. “To‘qayda” nomli hikoyasida u har qanday voqeaga bir xil tarzda javob qaytarish noto‘g‘riligini ko‘rsatib bergan. Hikoyaning qisqacha mazmuni shunday: sudda qaroqchi bir er-xotinni to‘qayzorga aldab olib borib, erini jangda o‘ldirib, xotinini tortib oldim, deydi. Ayol esa qaroqchi erimni daraxtga bog‘lab qo‘yib, nomusimga tegdi, buning guvohi bo‘lgani uchun erimni o‘zim o‘ldirdim, deydi. Arvohning o‘zi kelib bunday sharmandalikni ko‘rganimdan so‘ng or-nomusimga chidolmasdan o‘zimni-o‘zim o‘ldirdim, deydi… Xullas, hikoyada bir qotillikning uch xil talqini berilgan va ularning har qaysisi ham haqiqatga to‘g‘ri keladi. Har uch talqinda ham o‘sha vaziyatdagi holat, xarakter, harakat mantiqan isbotlangan. Bu yerda o‘quvchi qaysi biriga ishonishni bilmaydi. Ushbu hikoya asosida suratga olingan mashhur rejissyor Akiro Kurasava filmida ham bunga aniq javob topa olmaysiz.
Akutagava insonning botiniy olamini anglashga intiladi. Agar aksariyat yapon yozuvchilari ijodining asosiy qismini inson va uning jamiyat bilan o‘zaro munosabatlari tashkil etsa, Akutagavani faqat inson, uning tabiati, ayniyati va ichki olami qiziqtirgan. Inson — kim u? Uning qalb harakatini qanday tushunish mumkin? Inson qalbida nimalar mangu va o‘zgarmas, nimalar o‘tkinchi yoki vaqt taqozosi, yashash tarzi tufayli yuzaga kelgan? Inson xarakterining yorug‘ va qorong‘i tomonlari, ezgulik va yovuzlik xislatlari asli qayerdan paydo bo‘ladi? O‘zuvchi o‘z nigohini butunlay inson ruhiyati, psixologiyasining hali kashf etilmagan tomonlariga qaratadi. Ya’ni inson qalbining kengligini o‘rganadi. Akutagava insonning o‘ziga xos kichik dunyo ekanini boshqalardan ko‘ra teranroq anglagan. Zero, insonni chuqur bilgandan so‘nggina dunyoni, uning sirlarini anglash mumkin. Vaqt, zamon, yashash majburiyatlari inson xarakterida u yoki bu tarzda iz qoldiradi, albatta. Lekin insonda bulardan tashqari yana bir narsa — Tangri tomonidan in’om etilgan o‘zgarmas ilohiy bir hilqat ham mavjud. Akutagava aynan shu hilqatni kashf etish uchun umrini bag‘ishladi. U eski haqiqat izidan — g‘oyatda murakkab va mashaqqatli bo‘lgan o‘z-o‘zini anglash yo‘lidan bordi.
Akutagavagacha bo‘lgan yapon adabiyotidagi qahramonlar aksariyati odatda jamiyatdan chetlashgan, xilvatga chekingan kishilar edi. Lekin shunday bo‘lishiga qaramasdan, ularning ko‘pchiligi jamiyat hayotining ajralmas qismi sifatida ishtirok etardi. Akutagavani esa jamiyat va inson munosabatlari unchalik qiziqtirmagan, u insonni qanday bo‘lsa shundayligicha o‘rgangan. Uning e’tiborini zamon va makonning o‘zaro aloqalari ham torta olmaydi. Uning asarlaridagi voqealar silsilasi xoh fantastik dunyoga, xoh yer tagiga, xoh do‘zaxga, xoh jannatga bog‘lanishidan qat’i nazar, adib inson botinidagi zamonga, davrga bog‘liq bo‘lmagan xususiyatlarni izlar edi. Shu sababli, u inson qalbini sinab ko‘rish uchun keskin syujetli vaziyatlarni topadi.
Akutagava ijodi aniq bir izchillikdan xoli. Uning hikoyalarida insonning ongi ostidagi narsaning bir lahzada yuzaga otilib chiqishi chiroyli tasvirlanadi. Shu o‘rinda “Do‘zax azobi” hikoyasini tahlil etishga harakat qilib ko‘raylik. Hikoya qahramoni rassom O‘sixidega xo‘jayini Xorikava do‘zax kartinasini chizishni buyuradi. Ko‘rinishi o‘ta xunuk bo‘lgan rassom O‘sixidening g‘alati odatlari bor edi. Masalan, u do‘zax kartinasining har bir epizodini shogirdlari ustida sinab ko‘radi. Chunonchi, bir shogirdini ilonga chaqtirib, uning iztirobli o‘limini kartinaga ko‘chiradi. Xo‘jayini chizishni buyurgan kartinaning markazida yonayotgan ayol tanasi tasvirlanishi kerak edi. Tabiiy, rassom buni o‘z ko‘zi bilan ko‘rmagunicha tasvirlay olmaydi. Bu haqda u xo‘jayiniga murojaat qiladi. Ayyor va shafqatsiz Xorikava rassomning ko‘zi oldida uning yakkayu yagona qizini yoqishni buyuradi. Bu bilan xo‘jayin o‘jar O‘sixidening aqlini joyiga solib qo‘yish va bir vaqtlar unga rad javobini bergan qizidan ham o‘ch olmoqchi edi. Olovda o‘z qizining yonayotganini ko‘rgan O‘sixideni yozuvchi shunday tasvirlaydi:
“U o‘zini bilmagan holda karetaga tashlanmoqchi bo‘ldi, lekin shu payt, ayni tana yona boshlaganda tik qotib qoldi, qo‘llarini oldinga cho‘zgancha ko‘zini uzmasdan, yutib yuborguvchi nigohla o‘sha tomonga qarab qoldi… G‘ayritabiiy holat yuzaga kelgan edi: shu vaqtgacha go‘yo do‘zax azobini tortib kelgan Yosixide, ko‘kragiga qo‘llarini chalishtirgancha, hatto xo‘jayinining borligini ham unutgan, ajin bosgan yuzida tasvirlab bo‘lmas bir hayajon, esdan ozdirguvchi bir hayrat muhrlanib qolgan edi. Go‘yo uning ko‘zlari olov girdobida yonayotgan qizini ham ko‘rmayotgandek edi. Qizil alanganing go‘zalligi va unda chirpirak bo‘lib yonayotgan ayol tanasi uning qalbini cheksiz hayratga solgan va butunlay maftun etib qo‘ygan edi”. Ushbu tasvirdan ham ko‘rinadiki, demak, insondan ham kuchliroq yana nimadir bor ekan. To‘g‘ri hikoya so‘nggida Yosixide “Do‘zax azobi” kartinasini tugatib, o‘zini osadi. Yozuvchi bu hikoyasida inson qalbining eng yuqori nuqtaga ko‘tarilgan holatini tasvirlaydi. Uning fikricha, inson insoniyligini yo‘qotgandan so‘ng qolgan barchasi arzimagan narsaga aylanadi. Lekin bu yerda Akutagava rassomni ayblamoqchi emas. Yosixide nimaiki qilgan bo‘lsa, o‘z ixtiyori bilan bajarmadi. Ba’zi bir holatlar borki, u inson irodasiga bo‘ysunmaydi, bu holatni dahoning ilohiy ilhomi kelgan lahzaga o‘xshatish mumkin. Ilhom girdobiga tushib qolgan, deyarli hushsiz, noma’lum, anglab va yengib bo‘lmaydigan bir kuch uning o‘zini, hatto butun borliqni unutishga majbur etadi. Oliy ijodiy xilqat — bu ko‘kning irodasi. O‘sha xilqat uning qo‘llarini harakatlantira boshlaydi, bunga qarshilik ko‘rsatishga esa uning qurbi yetmaydi. Ushbu xilqatga mahkum etilgan inson aybdor emas, uni bu holatda ayblab bo‘lmaydi. “Do‘zax azobi” — bu oliy xilqat uchun to‘lovdir.
“Bizning o‘zimizda nimaiki bo‘lsa, uni oxirigacha takomillashtirmog‘imiz kerak. Mukammallikka yetishish va budda bo‘lishimiz uchun berilgan yakkayu yagona yo‘l shundan iborat”, deydi Akutagavaning o‘zi. Darhaqiqat, inson o‘zidagi barcha imkoniyatlarni to‘lasicha namoyon etgandan so‘nggina o‘zining kichkina “men”i chegarasidan chiqa oladi.

Akbar Nurmatov,
Jahon tillari universiteti doktoranti
«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2004 yil 8-sonidan olindi.