Toshkentda birinchi marta jazirama issiq, salqin joy, jildiragan suv nimi ekanligini bildim. Yana inson mehrini ham o‘sha yerda angladim.
Anna Axmatova
1944 yil, may, Leningrad shahri
Semyon Izrailevich Lipkin: “Men nima uchundir Amir Temurning: “Olam ilon va chayonlarga liq to‘la oltin sandiqqa o‘xshaydi” degan so‘zlarini eslab qoldim. Bu so‘zlar Anna Axmatovaga juda yoqdi, lekin u boshqa mavzuda gapira boshladi: “Katta buvim – Axmatova knyaz Yusupovga qarindosh bo‘lgan. Yusupovlar esa Amir Temur shajarasining shoxlaridan biridir. Temurning o‘zi esa Chingizxon avlodi, demak, Chingizxon mening katta bobom hisoblanadi”, dedi. Men, bunday emas, deb izoh berdim. Ertasiga V.Panovaning turkchadan ruschaga o‘girgan Temur tarjimai holi va izohlarini olib keldim. Unda izohchi Temur Chingizxonning nabirasi ekanligini rad etgan edi. Anna Andreevna bu dalillarga ko‘nar ekan: “Amir Temur avlodi bo‘lish undan ham sharafli-ku!” dedi.
Anna Axmatova o‘n bir yoshidan she’r yoza boshlagan. “Otam Gorenko: “Sen she’r yozib mening nomimni bulg‘ama”, deganidan so‘ng ona ajdodim Oltin O‘rda xoni Ahmadxon nomini o‘zimga taxallus qilib olganman”, deb yozadi Anna Axmatova. U avval she’rlariga “Anna G.” deb imzo chekkan bo‘lsa, 1911 yildan Anna Axmatova deb qo‘ya boshlaydi. 1912 yilda “Oqshom” nomli ilk she’riy to‘plami ushbu taxallus bilan 300 nusxada “Shoirlar tsexi” nashriyoti tomonidan chop etiladi. 1926 yilda ismi-sharifini rasmiy ravishda Anna Axmatova deb o‘zgartiradi. 1939 yilda sovet yozuvchilari uyushmasiga qabul qilinadi.
Axmatovaning katta buvisi qizlik familiyasi Praskovya Fedoseevna Axmatova (turmushga chiqqach Motovilova) bo‘lib, 1837 yili vafot etgan. Praskovya Fedoseevnaning ota tomoni XVI asrdagi knyaz Chig‘atoyevlarga (Chagadayev) borib taqalsa, ona tomoni XVII asrdan ruslashgan Axmatovlar sulolasiga boradi.
Anna Axmatovaning taqdiri o‘ta fojiali kechgan. Uning eng yaqin uch odami repressiyaga uchragan: birinchi eri, yolg‘iz o‘g‘lining otasi Nikolay Gumilyov 1921 yili xalq dushmani sifatida bolsheviklar tomonidan otib tashlangan; uchinchi eri, Nikolay Punin ham xalq dushmani sifatida uch bora qamoq jazosini o‘tagan. 1953 yili qamoqda halok bo‘lgan; o‘g‘li Lev Gumilev xalq dushmani sifatida 10 yildan ortiq qamoqda o‘tirgan. “Xalq dushmani”ning bevasi va onasi boshidan kechirgan qayg‘u Axmatovaning “Rekviyem” poemasida tasvirlangan.
Axmatovaning: “Men bu bolani qamoq uchun tuqqan ekanman!” degan gapi odamlar orasida mashhur bo‘lib ketgan. Birinchi marta, Lev Nikolayevich 1935 yili qamoqqa olinadi, ikkinchi marta 1938 yili, uchinchisi, 1949 yili. Lev Kolodniyning yozishicha, o‘g‘lini qutqarish uchun shoira o‘z sha’nini qurbon qilgan. Ruhiy azoblangan, xo‘rlangan Anna Axmatova “Tinchlikka shon-sharaflar bo‘lsin!” nomli she’rini “tinchlik kurashchisi”ga bag‘ishlab yozadi. Keyinchalik Axmatova bu she’rini to‘plamiga kiritmaslikni vasiyat qilib qoldiradi. Axmatovaning bu qurbonligini Stalin qabul qilmaydi. O‘g‘lini qaytib bermaydi. O‘sha davr qotillaridan Abakumov 1950 yilning 14 iyunida “Axmatovani qamoqqa olish haqida” buyruq chikaradi. Lekin Axmatova o‘g‘lini qutqarib olish uchun so‘nggi qadamini qo‘ygan – Stalin tug‘ilgan kunga atalgan “21 dekabr 1949 yil” nomli oda nashrdan chiqqan edi. U bunday boshlanardi:
Bu kun dunyo yodida qolib ketajak abad,
Bu on muhrlangaydir mangulikka, ehtimol.
Bizni ne-ne o‘limdan asrab qolgan donishmand
Afsonaga aylandi, afsonaki, bezavol…*
(Maqoladagi she’rlarni Oygul Suyundiqova tarjima qilgan.)
Axmatova yana bir marta jallod oyog‘i ostiga o‘zini tashladi. Bu bilan u shoirlik nomini qurbon qildi. Qurbonlik o‘g‘lini ozod etmasa-da, o‘zini qamoqdan asrab qoldi. Yana 16 yil hayot va ijod davom etdi.
Anna Axmatova yozadi: “Ejovchilik yillarida, men Leningrad qamoqxonalari ostonasida 17 yil davomida navbatda turganman. Bir kuni kimdir meni tanib qoldi. O‘shanda nomimni hech qachon eshitmagan, orqamda turgan ayol barchamizga xos mudroq holatidan uyg‘ondi-da, qulog‘imga shivirlab (u yerda hamma shivirlab gapirardi):
— Siz buni tasvirlay olasizmi? — deb so‘radi.
— Eplayman, — deya javob berdim.
Shunda tabassum kabi bir holat uning qachonlardir yuzi bo‘lgan joydan sirpanib o‘tdi”.
1922 yildan boshlab Anna Axmatova kitoblariga tsenzura tuzatishlar kiritib borgan. 1925 yildan 1939 yilgacha esa she’rlari mutlaqo nashr qilinmagan. L.K.Chukovskaya aytishicha, o‘sha yillarda yozilgan ko‘plab she’rlar ko‘ch-ko‘chlar paytida yo‘qolib ketgan. Axmatova 1965 yili chiqqan “O‘zim haqimda” nomli asarida: “Yigirmanchi yillar o‘rtalaridan yangi she’rlarimni nashr qilmay qo‘yishdi, eski she’rlarimni esa qayta bostirishmadi”, deb yozadi. 1964 yilgacha unga chet ellarga chiqish qat’iy taqiqlandi. Oleg Xlebnikov ma’lumotida: “Shoira A.A.Axmatova haqida olingan materiallar uning sovet hokimiyatiga faol dushman ekanligiga dalolat qiladi”, deya axborot berdi. Hatto ayblanuvchining familiyasi ham Chingiziy, ajdodi musulmon bosqinchisiga to‘g‘ridan to‘g‘ri tutashadi, degan ayblarni ham qo‘yib yubordi.
Oltin O‘rda xoni Ahmadxonga Moskva knyazlari to‘g‘ridan-to‘g‘ri bo‘ysungan. Ahmadxon Husayn Boyqaroning singlisi Badi’a Jamolga uylangan. Xorazm Temuriylar tomonidan fath etilgan. Xuroson sultoni Husayn Boyqaro esa u yerlarni Ahmadxonga Badi’a Jamolning kelinlik sepi sifatida tuhfa qilgan edi. Shayboniyxonning bobosi Abulxayrxon 1468 yili vafot qilgach, Ahmadxon Xorazmni qaytib olish tadbirini ko‘ra boshlagan. Maqsadi yo‘lidagi barcha to‘siqlar olib tashlangan paytda akasi Mahmudxon olamdan o‘tadi. Ahmadxon siyosiy o‘yinlar oldini olish uchun shoshilinch Oltin O‘rdaga qaytishga majbur bo‘ladi. Volga bo‘yiga kelgach, Abulxayrxonning O‘zbek xonligiga (Oltin O‘rdaga) da’vogar nabiralari Muhammad Shayboniy bilan Mahmud sulton Hojitarxonda (Astraxanda) Ahmadxonning jiyani Qosimnikiga qo‘nganidan xabar topadi. Ahmadxon va Shayboniyxon o‘rtasidagi tortishuv uzoqqa cho‘ziladi. Nihoyat, Shayboniyxon O‘zbek xonligi uchun kurashni tashlab, Sirdaryo va Amudaryo tomon yurish qiladi. Shundan so‘ng Ahmadxon sharqqa yurishlarini to‘xtatadi. Xonlikning g‘arbiy muammosi Qrim bilan shug‘ullana boshlaydi. Akasidan meros qolgan Qrim, oxir oqibat, O‘zbek xonligini halokatga olib keladi. Ahmadxon 1681 yili josus tomonidan o‘ldiriladi. Ahmadxonning Rus knyazi Ivan III ga yuborgan yorligi va turk sultoni Mahmud II ga yuborgan xati saqlanib qolgan.
Anna Axmatova Ikkinchi jahon urushi boshlanganda Leningradda edi. 1941 yilning 28 sentyabrida Moskvaga, so‘ngra Qozonga ko‘chiriladi. U yerdan Toshkentga jo‘natiladi. Yakov Zaxarovich Chernyak: “Axmatovani Leningraddan samolyotda olib ketishdi. Yo‘l-yo‘lakay samolyot maxfiy bir aerodromga qo‘ndi. Axmatova qorong‘i zulmatda samolyotdan chiqdi: “Bizlar qayerdamiz?” – deb mashina oldida o‘ralashib yurgan, g‘ira-shira sharpalardan so‘radi. Unga hech kim javob bermadi. “Biz qayerdamiz?” – deya o‘zini yo‘qotgan holda, vahima bilan savolini takrorladi. Yana sukut. Axmatova yig‘lab yubordi”. Margarita Iosifovna Aliger: “Leningraddan vahimali xabarlar kelib turardi. Iloji boricha u yerdan aholining ko‘proq qismini olib ketishga harakat qilinardi. Sentyabr oxirlarida kimdir aerodromga Shostakovichni kutib olish uchun bordi va o‘sha kuni bir soat avval Anna Axmatova yetib kelganini aytdi”.
Toshkentda shoiraning she’riy to‘plami nashr qilindi. Anna Axmatovaning O‘zbekistonda yozgan barcha she’rlari, asosan, Leningradga bag‘ishlangan edi. Chunki shoira u yerda uzoq yillar davomida ham sevilgan, ham xoru zor qilingan. Yiqilgan kurashga to‘ymas qabilida u umrini, yaqinlari, xalqi hayotini oyoqosti qilganlar bilan o‘zi bilganicha she’r vositasida kurashni davom ettirgan. Lekin og‘ir urush yillarida non-tuzini ayamagan o‘zbek xalqiga ham she’rlari orqali qalb to‘ridan joy ajratgan:
Iztirobda uyquga ketsang,
So‘ng oshiq misoli uyg‘onsang,
Qara, go‘zal lolaqizg‘aldoq,
Qaylardadir zulmat bag‘riga
Yorib kirdi nogahon qudrat!
Kichik hovli, yoniq manqallar,
Tutab yotar hamon qayg‘ular,
Unda baland bo‘yli teraklar…
Chiqib kela boshlar bog‘ aro
Shahrizoda…
Mana, qanday Sharq ekansan, o!
Yoki:
Osiyo, qadaldim qaroqlaringga,
Ichimga kirganday ko‘rindi iching.
Sukunatning olis quchoqlariga
Sochildi o‘ylarim havasla, qizg‘in.
Termiz saratoni kabi yolqinli,
Xotiralar oqdi idroklarimda.
Karvonlari og‘ir, qadimiy, jonli
Parchalangan vulqon irmoqlariday.
Ko‘ksimdan. otilgan bo‘zlarimni jim,
O‘zgalar kaftida ichganday bo‘ldim.
Yolg‘izlikda yashayotgan shoirani faqat Toshkentdagi qo‘ni-qo‘shnilarigina emas, balki notanish odamlar ham qo‘llab turishgan.
“Toshkentda bir qariya sut olib kelardi. U o‘ta tavozeli, Anna oldida qo‘llarini qovushtirib turar edi. Bir safar stoldagi ko‘zguni oldi-da, Anna Andreevnaning yuziga tutdi, so‘ng ko‘zguni o‘pdi…” (Lev Ozerov).
O‘zbekistonga bag‘ishlangan she’rida:
Etti yuz yil kelmadim, bu yer
O‘zgarmabdi hech qancha, biroq…
Oqayotir Ilohiy mehr
Xayol yetmas cho‘qqilarda oh.
Yulduzlaru suvlar jo‘rovoz,
Qoramtir ko‘k gumbazi hamon.
Sovriladi donlar yelda, soz
Ona kuylar bir qo‘shiq omon.
Mening pishiq uyim – Osiyo,
Anduh chekma, men hali-hanuz
Qaytgum. Gullar, panjara aro
To‘lib tursin eng toza hovuz.
“Etti yuz yil kelmadim, bu yer” degan satrlari bilan o‘zining ulug‘ ajdodlariga ishora qiladi. Uzoqda qolgan tanishlariga yo‘llagan maktublarida O‘zbekiston haqida: “Menga kim bu yer jaholatga botgan deyishga botina oladi?!” deb yozadi.
Bu tuproq qadimdir, qaqroq, yo‘q holi,
Yana uydaman…
Zulmat ichra kuylar xitoy shamoli,
Tanish ko‘ydaman…
Yangi kelganida begonasirab yurgan Anna Axmatova o‘zbeklarni o‘ziga o‘ta yaqin va aziz ekanligini anglaydi. Ko‘p o‘tmay begonasirashdan asar ham qolmaydi.
Anglab bo‘lmas kenglik, yastanadi Sharq,
G‘animday gursillar dahshatlar olis.
1942 yil 23 fevralida Anna Axmatova Toshkentda yozgan “Jasorat” she’ri yashin tezligida front bo‘ylab tarqab ketadi. Bundan tashqari, Toshkentda Axmatova yetmishdan ortiq she’rlar yozadi.
Toshkentdagi Anna Axmatova muzeyi direktori Albina Markevich: “O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi kotibi Hamid Olimjon Axmatovaning “Pravda” gazetasida “Jasorat” she’ri bosilib chiqqach, rus harbiy lirikasining noyob namunasi, deb atagan. Bu she’r Toshkentda juda mashhur bo‘lgan”.
Svetlana Somova bunday eslaydi: “Bozorlar o‘z hayoti bilan yashardi. Tuyalar kovush qaytarar, sallali qariya anor kesar, barmoqlaridan qizil anor sharbati tomib turardi. Juldur kiyimli bola Axmatovaga yaqinlashib, piska bilan cho‘ntak kesmoqchi bo‘ldi. Men uni qo‘lini ushlab oldim-da: “Ey, nima qilyapsan? Bu axir, och qolgan leningradlik-ku!” deya shivirladim. Bola jim turib qoldi. Keyinroq, o‘sha bola yana bizga ro‘para keldi. “Bizga yopishib oldi, boya militsiyaga berib yuborsam bo‘larkan”, deb o‘yladim. Shu payt u Axmatovaning qo‘liga kir lattaga o‘ralgan gummani tutqazdi-da: “E buni”, deb ko‘zdan g‘oyib bo‘ldi. Anna: “Nahotki, yeyish kerak bo‘lsa?” deya menga qaradi. “Albatta, axir u siz uchun o‘g‘irlagan-ku!” dedim. Menimcha, u hech qachon bu bebaho gummani unutmagan bo‘lsa kerak”.
Axmatova bir necha marta Samarqand ziyoratiga boradi. Og‘ir betob bo‘lib, isitmalab yotganida alahsirab quyidagi satrlarni o‘qiydi:
Atirgullar o‘lkasi abad
Samarqandda o‘lmoq uchun, yur…
Anna Axmatova Leningradga qaytganidan so‘ng ham tushlarida Osiyodagi uyi gavdalanadi va she’rga tushadi:
Yoddan chiqmas yulduzli go‘sha,
Nurli, shonli, o‘sha va o‘sha
Kichik-kichik shirin kulchalar
Yosh qo‘llarga yarashar bu kun
Bu qorasoch onalar durkun.
Yoki
Minnatdor tuyg‘ular oqadi to‘lib,
Rahmat va xayr! – sizga, azizlar.
Durrachamni silkiyman kulib,
Rahmat, Oybek, rahmat, Chustiy! – sizga azizlar.
Rahmat, Toshkent! – kechir, meni kechirgil,
Sokingina go‘sham, eng ko‘hna uyim.
Yulduzlarga rahmat, gullarga rahmat,
Yosh va dilbar qora sochli onalar,
Shirin kulchalar tutgan bolalar,
Shu jajji qo‘lchalar, qo‘llarga rahmat!
Sakkiz yuz kunim — mo‘jizaviy sas,
Shu moviyrang cheksiz osmon ostida,
Shu lojuvard tubsiz ummon ostida
Biz birga yashadik yorqin, o‘t nafas,
Ey, otashin bog‘…
* * *
Sadaflaru aqiqdan,
Dimib ketgan oynakdan,
Nogoh qiya bir yoqdan
Tantanavor oydin his —
Go‘yo “Oydin sonata”
Kesib o‘tdi yo‘limiz.
Anna Axmatova: “Bu she’rlar Toshkentniki va men ularni o‘z Vataniga jo‘nataman”, degan edi.
G.L.Kozlovskaya: “Toshkentga kelganlarning aksariyati qaytib ketishgan bo‘lsa-da, Axmatova Toshkentni mutlaqo tashlab ketishga shoshilmas, Vladimir Garshin degan tanishi: “Senga uylanmoqchiman”, deb ketma-ket telegrammalar jo‘nata bergach, Leningrad tomon yo‘lga chiqadi. Garshin kimlar tomonidandir uyushtirilganligi sababmi, vokzaldayoq Anna Axmatovaga “Tushimda marhum xotinim senga uylanmasligim haqida mendan talab qildi”, deya juftakni rostlab qoladi. Anna Andreevna buni juda og‘ir qabul qiladi, to‘y haqida hammaga ma’lum qilgan edi-da. Hayotning ayovsiz zarbalarini ko‘p totgan Anna Axmatova: “Bizlar temirdanmiz. Temir bo‘lmaganlar, allaqachon, halok bo‘lib ketishdi. U meni tank ekanligimni xayoliga ham keltirmaydi”, deya o‘zini yupatadi.
* * *
— Qachonlardir men pesa yozganman. Uni 1944 yil 11 iyulda yoqib yuborganman. Pesamni kamida o‘n besh odam o‘qigan edi.
— Nega endi u asaringizni yoqib yubordingiz? – deya so‘raymiz.
— Shunday qilishim kerak edi. U pesani men Toshkentdaligimda yozgan edim. U yerda, bilasizmi, oy juda ham ulkan… Pesamda ham oy bor edi…
Axmatova stolida doimo “Ming bir kecha” ertagi va uning ichida she’rlari, qog‘ozlari turar edi. U odatda Injil, Pushkin, Dante, Shekspir, Dostoyevskiylarni asrab yurar, safarda boshqa kitoblarni tarqatib yuborardi. “Ming bir kecha”ni ham bir jildini qoldirib, qolganini kimlargadir berib yuborgan bo‘lsa kerak.
Anna doim qiyinchilikda yashagan. 1942 yil yozida adabiyotshunos Yakov Zaxarovich Chernyak Axmatovaning Toshkentdagi uyini bunday tasvirlaydi: “Bir kunlik, bir kechalik sharoit… U esa bu yerda 1941 yilning 11 noyabridan beri turibdi. Anna Axmatovani Toshkentning Jukovskiy ko‘chasi 54-uyga ko‘chirib o‘tkazishdi. Markazdan kimlarnidir roziligini olishdi. Anna Axmatova yangi uyida 1942-1944 yillar mobaynida yashadi. Bu uyda Abdulla Qahhor, Timur Fattoh, Vladimir Lugovskoy, Kseniya Nekrasova, Lidiya Chukovskaya va boshqa shoir, yozuvchilar ham istiqomat qilardi”.
Faina Georgiyevna Ranevskaya, teatr va kino artisti: “Bizlar Toshkent ko‘chalarida doimo pulsiz sayr qilardik… Bozorda uzum, shaftolini zavq bilan tomosha kilardik. Bizlar uchun bu nature morte edi. Anna Andreevna uzoq payt mevalar uyumiga tikilib qaradi, ayniqsa, binafsha rang uzum g‘ujumlaridan zavqlandi. Bizlarning kallamizga bularni sotib olib yeyish kelmagan ham edi. Yaqin do‘stlari ichida Ye.S.Bulgakovani juda yaxshi ko‘rardi hamda menga ko‘pincha: “U dono, u fazilatli! U latofatli”, derdi. Toshkentda men ko‘pincha unikida tunab qolardim. Joyimni polga solardim hamda Bulgakovning “Master va Margarita”sini tinglardim… U ovoz chiqarib o‘qir, qayta-qayta: “Faina, bu – dohiyona, u geniy!” derdi.
Svetlana Aleksandrovna Somova: “Axmatovaning tobi qochib qoldi, ma’lum bo‘lishicha kasali ichterlama ekan. U joyida to‘lg‘anar, yuzi qizarib ketgan: “Begonalar, atrofda hammasi begonalar!” deya alahsirardi. Atrofda esa, qandaydir, rangpar, qo‘lidan hech narsa kelmaydigan ayollar… Men Busselga yugurdim. Bussel Grigoriy Aronovich tibbiyot fanlari doktori, Toshkentdagi bir kasalxonani boshqarardi. U Axmatovani ko‘rib bo‘lgach, kasalxonasiga oldi. Anna Andreevna kasalxonadaligida qator og‘ir she’rlar yozdi”.
Silva Solomonovna Gitovich: “Bir kuni oyoqlarini do‘pillatib kasalxona zavxozi kirib kelib eshik oldida to‘xtagach: “Axmatova qayerda yotibdi?” deya baland ovozda so‘radi, so‘ngra uning joyi oldiga borib jimgina lampani yoqdi. Ma’lum bo‘lishicha, Stalin Fadeevdan, Axmatova qanday yashayapti, deb so‘ragan ekan, u o‘z o‘rnida Toshkentga qo‘ng‘iroq qilgan, natijada, g‘amxo‘rlik paydo bo‘lib, Axmatova joyi ustidagi lampochka yongan ekan”.
Vyacheslav Vsevolodovich Ivanov: “Oltmishinchi yillarda Anna Andreevna Toshkentda yozgan, 1944 yili o‘zi yoqib yuborgan pesasini tiklash bilan ovora bo‘ldi. Pesa “Enuma elish” deya nomlanib u vavilionliklarning olamni barpo bo‘lishi haqidagi afsonasidan olingandi. Axmatova uni “So‘ngra yuqorida”, Shileyko esa “Yuqorida bo‘lganda” deya tarjima qilishgandi. Anna Andreevna menga bu pesasini qanday yozganligini hikoya qilib bergan. U ichterlama bilan og‘ir yotganda, kasallikning og‘ir davri o‘tib, tuzalish oldidan yuz bergan alahsirashida mog‘or bosgan kabi dog‘lari bo‘lgan devorni ko‘rgan. Ushbu dog‘lar ortidan pesaning asosiy sahnasi ochiladi: sud bo‘lmoqda, unda muallifning sodir etgan va etmagan gunohlari uchun ayblashmoqda. Alahsirashi mobaynida ko‘rganlarini pesa ko‘rinishida yozib bo‘lganidan so‘ng, Axmatova o‘ziga o‘zi qayta-qayta: “Ahmoqona bashorat doim ro‘yobga chiqadi”, deydi. Falokatni bashorat qilganini sezib qoladi. Hamda vahima ostida pesasini yoqib yuboradi”.
Svetlana Aleksandrovna Somova: “Bu voqea yoz boshida, ehtimol, 1944 yilning may oyida bo‘lgan edi. Toshkentdagi Yozuvchilar uyushmasi binosi ichidagi yo‘lakdan bo‘z rangli kostyum, past poshnali tufli kiygan Axmatova borardi. Uning oldidan G‘afur G‘ulom chiqdi. Axmatovaga yaqinlashdi-da: “Sizni Anna deb atashadi, o‘zbekchada bu Ena – Ona degani. Yuring men bilan qishloqqa – Yangiyerga, u joyda ertaga dalalarga birinchi suv beriladi”, dedi. Axmatova qo‘li bilan rad ishorasini qildi, lekin G‘afur ushbu qo‘lni tirsagidan ushladi-da: “Ona sifatida, siz borishingiz kerak”, dedi. Axmatova minnatdorona tabassum qildi-da: “Lekin men o‘zbekcha bilmayman. Qandoq bo‘larkin?” deganida, G‘afur G‘ulom Saida Zunnunovani chaqirdi: “Mana sizga tarjimon, u sizga yordam beradi, hamma narsani hikoya qilib beradi”, dedi. Cho‘l shamoli yaqinlashib yuzlarimizni eshigi ochiq qolgan pechka olovi kabi kuydirgudek bo‘lar edi. G‘afur esa shodlanardi. U har doim xushchaqchaq edi, hammani bu bilan hayratga solardi. Fors tilida Umar Xayyom she’rini o‘qidi. Axmatova tarjima qilib berishini iltimos qildi. G‘afur yana bir bora qaytadan o‘qidi, Saida esa har misrani ruschaga ag‘darardi. Bir payt, Anna Axmatovaning lablari tovush chiqarmay shivirlay boshladi. Buni Saida sezib jim qoldi, G‘afur ham orqasiga o‘girildi-da quloq soldi. Bu mo‘jiza edi – uch shoir o‘z hissiyotlari bilan to‘rtinchi shoirning shoirona to‘lqinini ilg‘ab olishgan edi. Anna bir narsalar deya shivirlar ekan birdaniga:
Esli pesh tы vino, tolko s umnыm deli yego, drug.
Il s krasavitsey tyulpanolikoy, stыdlivoyu, drug.
Mnogo luchshe ne pey i grexov svoix ne otkrыvay,
Pey odin, pey taykom etu chashu schastlivuyu, drug
– deya ushbu forsiy to‘rtlikni rus tilida she’rga solib ovoz chiqarib o‘qiy boshladi. Bu hayratlanarli ijodiy hamkorlik edi. Men buni ilhomiy do‘stlik deb atayman. Qofiyali, jarangdor, ohangi go‘zal ruboiy Saida Zunnunovaning o‘zbekcha urg‘uli ruscha tilida va, nihoyat, yumshoq, sharqona uzun, mayin rus lisonida Axmatova tarjimasi ma’no va qofiya jihatidan Xayyomdagi kabi aniq ko‘rinish oldi. So‘ngra o‘zbeklarning paxsa uyida bo‘ldik… “Salom alayko‘m Anaxon” va hokazo.
Eduard Babayev: “Anna Axmatova Toshkentdan ketayotganida uning xonasi kuzatuvchilar bilan liq to‘la edi, Abdulla Qahhor, Hamid Olimjon, Vladimir Lipko, Aleksey Kozlovskiy – hamma kuzatgani kelgan edi. Toshketda doimo bahorda bo‘lgani kabi, chang, siren, yomg‘ir hidi anqir edi. Ulkan bulutlar baland terak tomon suzib borardi. Men mashina eshigiga yaqinlashdim-da:
— Xayr, Anna Andreevna! – dedim.
— Xayr! Seni yaratganni O‘zi asrasin! – dedi. Men hech qachon bunday so‘zlarni eshitmagan edim”.
Eduard Grigorevich Babayev: Men Anna Axmatovaning qo‘lyozmalaridan uning “Qahramonsiz poema”sini ko‘chirar ekanman, uni “Mening antologiyam” deya nomladim. Menimcha hozir ham poemaning keyingi qo‘shimcha va tushuntirishlar berilgan nusxasidan ko‘ra “toshkent nusxasi” ko‘proq kamoliga yetgan hamda “toza” edi. Birda men bu haqda Anna Andreevnaga aytdim. U ma’qullab bosh silkitib qo‘ydi-da, meni tushunganini bildirib:
— Mening barcha toshkentlik do‘stlarim shunday hisoblashadi, – dedi”.
Nataliya Aleksandrovna Roskina: “Anna Axmatovani Uyushma a’zoligidan o‘chirib, kartochkadan mahrum qilishganida, uning ahvoli nihoyatda abgor bo‘ldi. Do‘stlar Axmatovaga sirli yordam jamg‘armasini tashkil qilishdi. U davr uchun bu haqiqiy qahramonlik edi. Anna Andreevna menga bu haqda ko‘p yillar o‘tganidan so‘ng hikoya qilib berar ekan, g‘amgin qo‘shimcha qilib: “Ular menga bemorni ko‘rgani borgandek apelsinlar va shokolad sotib olishardi, men esa rosmanasiga och edim”, – dedi.
Nadejda Yakovlevna Mandelshtam: “Umrini oxirigacha u uy-joysiz, qo‘nimsiz, yakka daydi edi. Shoirlarning taqdiri shunday bo‘lsa kerak-da. Uning o‘zi ham o‘z taqdiriga hayron bo‘lar: “Hammaning harqalay nimasidir bor – eri, farzandlari, ishi, kimidir, nimasidir… Nega mening hech narsam yo‘q? – der va xafa bo‘lardi”.
Lev Adolfovich Ozerov: “Umrining oxirgi bir necha yilida Anna Andreevna Axmatovaning atrofida odamlar bir muncha ko‘payib qoldi. Bular eski qadrdonlari F.G.Ranevskaya, N.A.Olshevskaya, L.K.Chukovskaya, V.M.Jirmunskiy, E.G.Gershteyn, N.Ya.Mandelshtam. Ular qatoriga “oxirgi chaqiriq do‘stlari” ham qo‘shildi. Ular ichida unga juda sadoqatlilari ham bor edi. Ular shoirani tushunishar, unga yordam bergilari kelardi. Lekin Annaga mutlaqo begona, jamiyat e’tiborini tortish uchungina: “Biz ham Anna Axmatova bilan muloqotda bo‘lganmiz”, deyishga intilganlar ham bor edi. Ular ovozini plyonkaga yozishar, suratini olishar, siyqasi chiqqan, bir pulga qimmat savollar berishar edi. Bunday sharoitdan charchagan, ancha keksayib qolgan Anna Axmatova bir safar shunday degan edi:
“Bu mo‘jiza kabi tirik qolgan, bir vaqtlardagi akmeistkaga nisbatan alangalanib ketgan qiziqishlarda qandaydir g‘alati, ba’zan esa shubhali holatni ko‘raman. Bu menga uncha yoqmaydi. Men o‘zimning yolg‘izligimda tinchroqman va bunga o‘rganganman, men uni har bir burchagini yaxshi bilaman…”.
Nataliya Roskina: “Bu yillar mobaynida uni oldiga bormagan odam qolmadi! Chet elliklar soni behisob ortib borardi.
1960 yili ingliz jurnalistining: “Revolyutsiyadan so‘ng odamlar baxtliroq bo‘ldi, deb hisoblaysizmi?” degan savoliga Axmatova: “Men baxtga oid masalada bilimdon odam emasman, bu haqda yana boshqalardan ham so‘rab ko‘rish kerak. Lekin bir narsani bilamanki: bizlarda odamlar bir-biriga ko‘proq yordam berishni o‘rganishdi”, deya javob beradi”.
1966 yil, 4 mart, Moskva yaqinidagi Domodedovo sanatoriysi. Kundalik daftaridagi oxirgi yozuv. Oqshom uxlashga yotar ekan o‘zi bilan Injilni olmaganiga afsuslanadi.
1966 yil, 5 mart, erga bilan soat o‘n birda Anna Andreevna Axmatova vafot qiladi.
Lev Vladimirovich Gornun: “9.III.1966. O‘likxonadan murda bugun soat o‘n birda olib chiqildi. Axmatovaning tobuti Sheremetev aerodromiga olib borildi, u yerdan samolyotda soat o‘n beshu o‘n besh daqiqada Leningradga jo‘natildi. Tobutni Veniamin Kaverin va Arseniy Tarkovskiylar kuzatib borishdi”.
Stalinning o‘limi – 1953 yil, beshinchi mart. Lidiya Chukovskayaning eslashicha, Axmatova: “Endilikda qamoqdagilar qaytadi va ikki Rossiya – qamalganlar hamda qamaganlar, bir-birlarining ko‘zlariga qaraydi. Yangi davr boshlanadi”, degan tarixiy so‘zlarini aytadi.
Lekin Axmatovaning ko‘kragiga shabada tegishiga yana birmuncha yillar kerak bo‘ladi. 1962 yili Nobel qo‘mitasi Axmatovani mukofotga nomzod sifatida tanlaydi. 1963 yili Anna Axmatova Xalqaro adabiy mukofot “Etna-Taormina”ga tavsiya qilinadi. Nihoyat, Axmatova ijodiga munosib mashhurlik yetib keldi. She’rlari nashriyotlarda bosila boshlaydi, ijodiy kechalari o‘tkaziladi.
1964 yil dekabrida Italiya safarida bo‘ladi. She’riyat malikasi u yerda jahon adabiyotining diplomatik korpuslari Axmatova ijodiga tan berganlari, qoyil qolganlarini ko‘radi.
Dmitriy Nikolayevich Juravlyov: “Qasrning ritsarlar yuradigan zinapoyalarini ko‘rib, u vrachlar tavsiyasini esladi. Zinapoya yuragi uchun havfli. Boshqa iloj yo‘q. Axmatova aytadi: “Nailoj? – deya o‘yladim men. – Juda bo‘lmaydigan bo‘lsa, men Dante yerida o‘laman! Buni ko‘ringki, meni hattoki nafasim xam qismadi…”
1964 yil, 30 may, Moskvadagi Mayakovskiy muzeyida Anna Axmatovaning 75 yilligiga bag‘ishlangan tantanali kecha o‘tkaziladi.
1965 yil, Anna Axmatovani Oksford universiteta faxriy diplomi bilan taqdirlaydi.
Anna Axmatovaning yoshlik yillari XIX asr oxiriga ulangani sabab, u Pushkin yashagan asr etagi uchiga ilinib qolgani bilan hayoti so‘nggida ko‘p faxrlanib yurardi. Mana, nihoyat, rus adabiyoti vakillari bu yilgi Rossiya adabiyoti logotipiga uch ulug‘ siymo – Pushkin, Gogol va Axmatova profilini tanladi. Bu yil Axmatova Pushkin nazmi kabi yuksak darajadagi she’rlari bilan yana bir bora o‘zini ma’lum qilmoqda.
G‘afur G‘ulom Annaning tirsagidan ushlab: “Ona sifatida, Siz borishingiz zarur”, degani haqida o‘qir ekanman, ustoz shoir o‘z so‘zi bilan tarixiy voqealar ipini topib ushlaganini hamda tomirlarida ulug‘ bobolarimiz qoni oqib turgan, tarix taqozosi bilan Toshkentga kelib qolgan siymoni bejizga “Ona” demagan, deb o‘ylayman. Buyuklarning fikri ham so‘zi ham buyuk bo‘ladi. Men ham shoir so‘zlarini davom ettirib, Anna Axmatovani buyuk shoir degim keldi. Shoira emas shoir, chunki bizning Anna o‘zini shoir deyishlarini juda-juda istar edi.
Mansurxon Toirov
“Sharq yulduzi” jurnali, 2016 yil, 6-son