Ahmadjon Meliboyev. Tarixning shafqatsiz saboqlari

http://n.ziyouz.com/images/quqon_xonligi.jpg

Iste’dodli yozuvchi Alisher Ibodinovning “Xudoyorxonning so‘nggi kunlari” asarini qiziqish bilan o‘qib chiqdim. Muallif tinimsiz izlanayotgani, e’ti­borga molik tarixiy manbalarni sinchiklab o‘rgangani yaqqol ko‘rinib turibdi. Qo‘qon xonligi tarixiga doir ilmiy tadqiqotlar, xotiralar, Ahmad Zaki Validiy, V.Nalivkin, N.Ostroumov, Ibrat domla, toshkentlik qozi Sattorxon Abdulg‘afforov, Mulla Olim Maxdum, Mirzaolim Mushrif va boshqalarning kitoblaridan keltirilgan muhim iqtiboslar o‘quvchida jiddiy qiziqish uyg‘otadi. Bu manbalarda Xudoyorxonning otasi Sheralixon 1842 yili men tug‘ilib o‘sgan Safed Bulon qishlog‘idagi yig‘inda oq kigizga o‘tqazilib, Qo‘qonning xoni deb e’lon qilingani, shu tabarruk joydan Kosonsoy, To‘raqo‘rg‘on va Chust orqali Qo‘qonga yurish boshlangani aytiladi. Men uchun yangilik bo‘lgani – rus olimi V.Nalivkinning XIX asr oxirida rafiqasi bilan ikki yil Safed Bulonning shundoqqina yonginasida joylashgan so‘lim Nanay qishlog‘ida yashagani, mahalliy aholining turmushi, urf-odatlarini o‘rgangani bo‘ldi. Ikkinchi yangi dalil shuki, Sheralixon Qo‘qon taxtiga o‘tirgach, uning savodi chiqmagan, demakki, yozuv-chizuvdan bexabar o‘g‘illari Xudoyor va So‘fibekka nanaylik mashhur maktabdor domla mulla Toshboy saboq bergan ekan. Abdulla Qodiriy o‘tgan asrning 20-yillarida Qo‘qonga kelib, Xudoyorxonning o‘sha paytda hayot bo‘lgan xotinlaridan biri Roziya­begim bilan uchrashgani ilmda bor gap. Habibulla Qodiriyning otasi haqidagi xotiralarida xonlar davridagi Qo‘qonning yirik ulamolaridan biri, mo‘tabar diniy arbob Miyon Fazl Vahhobning fojiali sevgisi tilga olinadi. Bu tabarruk zot Xudoyorxonga pir maqomida bo‘lgan ekan. Ammo…
Xonliklar tarixiga ko‘z tashlasangiz, turli ofatlar, el-ulus boshiga tushgan mislsiz kulfatlar, ayovsiz qatllarning sabablari ma’lum bo‘ladi. Imon-e’tiqodi sust, sotqin, xiyonatkor kishilar hukmdorlarga yaxshi ko‘rinmoq, biror mansabga ilinmoq, biror yog‘li luqmani og‘izlariga solmoq ilinjida haramni yosh sohibjamollar bilan to‘ldirishga harakat qilganlar. Bunday kishilar Xudoyorxon o‘rdasida ham bo‘lgani bag‘oyat ta’sirchan qilib ko‘rsatilibdi. Ular xonni Miyon Fazl Vahhobning husnda tengiz xotini borligidan xabardor qiladilar. Hirs-havas jazavasiga tushgan xonning buyrug‘iga binoan, qo‘shmachi dallollar eshon xonadoniga borib, suluv ayolni ko‘rib, og‘zilari suv ochib qaytadi. Bu ayol o‘sha – Abdulla Qodiriy bilan suhbatlashgan Roziyabegim edi. Xudoyorxon Roziyabegimni o‘rdaga ziyofatga taklif ettiradi va uni shu yerda tunab qolishga majbur qiladi. Tunda mehmon ayol yotgan xonaga… xon kirib keladi. Haramda ikki-uch kun qolib ketgan Roziyabegimdan nima voqea sodir bo‘lganini eshitgan oriyatli eshon xotinini uch taloq qo‘yadi va uni o‘n to‘rt arava sep bilan xon o‘rdasiga qaytarib yuboradi. Hajr azobida kuyib-yongan eshon shaharda tarqagan gap-so‘zlarga chidamay, Qo‘qondan bosh olib chiqib ketadi va O‘sh shahriga tutash tog‘dagi g‘orda sadoqatli shogirdlaridan biri bilan darveshona hayot kechira boshlaydi. Ammo, oradan qirq kun o‘tar-o‘tmas shamday kuyib ado bo‘ladi. O‘limi oldidan shogirdiga: “Mulla Abdulboqi, menga yaqinroq kelib, og‘zimni hidlang-chi, nimaning hidi kelayapti?” deydi. “Kabob hidi kelyapti, ustoz, kabob” deya javob beradi shogirdi. Miyon Fazl Vahhobning jigari hajr olovida qovrilib ketgan ekan… Taqdir bunday nomusli zotni xo‘rlagan Xudoyorga umri so‘nggida bundan-da og‘ir jazo – vatangadolikni hozirlab qo‘yganini ko‘ring…
Bugun ijodkorlar orasida tarixiy mavzuda qalam tebratish urf bo‘lib bormoqda. Bilgan ham, bilmagan ham tarixnavislik qilmoqda. Bir asardagi to‘qima obraz boshqa bir asarga tarixiy shaxs bo‘lib kirayotir, taniqli shaxslar to‘g‘risidagi “qo‘lbola” talqinlarning cheki-chegarasi yo‘q. “Qiz Jibek” badiiy filmi bilan bog‘liq “asrga tatigulik” yanglishuv boshqa sohalarda ham takrorlanmoqda. Yon-atroflarimizda chop etilayotgan maktab darsliklarida u yoki bu millatning alohidaligi, ulug‘ligi va behad qadimiyligi da’vosi quchayib borayotgani ham ajablanarlidir.
Aslida, o‘tmish haqida qog‘oz qoralashning yomon joyi yo‘q, biroq, yaqin va olis tarix voqeligini, avvalo to‘g‘ri idrok etish, mohiyatini bugungi o‘quvchiga buzmay, kamitmay, boshqa libosga o‘ramay, ortiqcha oshirmay-toshirmay yetkazish o‘ta mas’u­liyatli, ham ilmiy, ham ijodiy halollikni talab etadigan ish. Chunki, Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov so‘zlari bilan aytganda, “Kechagi tarix – biz uchun hayot maktabi, bamisoli tiniq bir ko‘zgu, unga qarab saboq olamiz, xulosa chiqaramiz, kelajak yo‘lini belgilaymiz”. Tarix fanlari doktori, professor Mirsodiq Ishoqov bu vazifani quyidagicha ifodalaydi: “Tarix o‘tmish ekan, unga nisbatan tarixchi o‘z maqsadlari, qarashlari orqali kirib boradi. Ya’ni, tarixni o‘zidan xoli tadqiq qila olmaydi… Tarixni bilishda tarixiy ma’lumotlarning asliyati qanchalik haqqoniyligi yoki soxtaligi masalasi (tarixnavisning) diqqat markazida turmog‘i lozim. Ko‘p hollarda muayyan vaziyat taqozosi bilan voqeaning tafsilotlari ataylab soxtalashtirilgan bo‘lishi mumkin. Bunday hollarda manbalar, agar ularning variantlari bo‘lsa, qiyosiy o‘rganilishi zarur bo‘ladi”.
Shu qisqa iqtibosning o‘zida juda ko‘p masalalar kundek ravshan bo‘lib turibdi: tarixshunos bu ishga qanday maqsadda yondashayotgani va uning shaxsiy qarashlari qandayligi, bilimi, imon-e’tiqodi, qalamdan to‘kiladigan so‘zga mas’uliyati juda muhim. Voqea-hodisalar tafsilotining soxtalashtirilishiga esa Parijning Versal saroyi zallaridan birini bezab turgan “Napoleonning toj kiyishi” surati misol bo‘la oladi. Rassom bu asarni real voqea asosida yaratgan, ammo buyuk fotihning e’tirozi tufayli, muallif unga tuzatish kiritib, soxtalikka yo‘l qo‘ygan.
Qo‘qon xoni Xudoyorning shaxsiyatiga turli manbalarda turlicha yondashiladi. L.Troitskayaning “Qo‘qon xonligi tarixi” kitobida qiziq bir dalilga duch keldim: Toshkentdan xon hazratlarining onalari huzuriga mehmon ayollar kelishgani munosabati bilan xazinadan bir kulcha sovun, bir dumaloq ko‘k choy, bir dumaloq qora choy ajratish to‘g‘risida… rasmiy fatvo imzolangan, xazinabon “berdim” deb, oluvchi “oldim” deb imzo chekishgan ekan. Ikkinchi dalil: Fon Kaufmanning “tuzoq” maslahatiga ko‘ra, Peterburgga mehmonga otlangan Xudoyorxon safar oldidan yaqin tanishi bo‘lmish mulla Ma’ruf degan kishiga o‘ziga tegishli Alisher Navoiy, Mirzo Bedil va boshqa ulug‘larimiz qalamiga mansub nodir kitoblarni omonat saqlash uchun qoldiradi. Bunday kitoblar xonlik kutubxonasida ko‘p bo‘lgan ekan. Xudoyorxon Sharafiddin Ali Yazdiy “Zafarnoma”sining jahonda yagona to‘liq nusxasini sebzorlik taniqli ma’rifatparvar Muhiddinxo‘ja qoziga sovg‘a qiladi, vaqti kelib, bu kitobdan elimiz bahramand bo‘lishidan umidvorman, deydi. Xonlikda soliq tizimi ancha adolatli bo‘lgani to‘g‘risida ham fatvo-hujjatlar mavjud. Bu ma’lumotlarni o‘qiganingda paydo bo‘lgan tasavvurni o‘z pirining shar’iy ayoliga zo‘rlik bilan uylanib olish voqeasi chilparchin qilib yuboradi.
“Xudoyorxonning so‘nggi kunlari”ni o‘qir ekanman, ustoz Sharif Yusupovning Qo‘qon xonligi tarixiga oid turkum maqolalari yodimga tushdi. Ularda yaqin o‘tmishimizning achchiq haqiqatlari, Amir Nasrulloning Qo‘qondagi xunrezliklari, Turonzaminning chor Rossiyasi tomonidan bosib olinishi sabablari, Xudoyorxonning so‘nggi kunlari, uning ayanchli taqdiri sizning talqiningizdan biroz farq qilsa-da, mohiyatan bir-birini to‘ldiradi. Domla Yusupov o‘quvchi e’tiborini Buxoro, Qo‘qon va Xiva xonliklarining hukmfarmolari o‘zaro ahil bo‘lmagani, uzoqni o‘ylamay kaltabin siyosat yuritganlari, buning oqibatida xalq boshiga mislsiz kulfatlar kelganiga qaratadi. “Chor Rossiyasi hukmron doiralari, – deb yozadi ustoz, – bu xonliklarga savdogar, sayyoh niqobida ketma-ket josuslar yo‘llab, xonliklardagi haqiqiy ahvoldan puxta xabardor bo‘lgach, ularning bosqinchilik rejalarida aldam-qaldam diplomatiyasi tobora ko‘proq o‘rin egallay boshlaydi. Bunda ular, bir tomondan, Qo‘qon, Buxoro va Xivadan Rossiyaga yuborilgan elchilardan o‘z yovuz maqsadlarini yashirib, xonliklarga yaqin hududlarda harbiy istehkomlar qurish, daryo portlarini kelajakdagi hujumlari uchun muvofiqlashtirish kabi nomatlub ishlarini go‘yo xonliklar manfaati yo‘lida qilinayotgan ishlar sifatida ko‘rsatmoqchi bo‘ladilar. Ikkinchi tomondan, Turonzaminga bosqin onlari yaqinlashgani sari bu yerdagi xonlar orasidagi nizoni ataylab kuchaytirishga qaratilgan manfur diplomatiyani imperator va uning eng yaqin a’yonlari ishtirokida amalga oshirishga erishadilar”.
“Xudoyorxonning so‘nggi kunlari” asarining muallifi, ustoz Sharif Yusupov, Xiva xonlari tarixini o‘rgangan Erkin Samandarov, Komil Avaz, Olloqulixon davrini o‘rganib, ilm qilgan Omonulla Mutalov, boshqa ko‘plab tadqiqotchilar ham shu fikrda. Yaqin o‘tmishning adolatsiz, aql-idrok bilan anglab bo‘lmaydigan xunrezliklari to‘g‘risidagi kuyunchak mulohazalar o‘quvchini o‘ylantirib qo‘yadi. Saboqlarimda talabalarga Sharqni necha asrlar davomida qonga botirib kelgan, yurtni vayron, xalqni benavo qilgan uch mudhish qusur: ko‘pxotinlik, boylikka, aysh-ishratga berilish xususida so‘zlab beraman. Shu uch qusur emasmi, ne-ne saltanatlarni inqiroz ko‘chasiga burgan, tagiga suv quygan, shular emasmi otani bolaga, bolani otaga qarshi qo‘yib, mamlakatni, saroylarni qonga botirgan?! Hali Sohibqiron Amir Temurning muborak jasadi tuproqqa qo‘yilmay turib, taxt atrofida qonli mojarolar boshlanib ketgani haqida yozar ekan, Alisher Ibodinov “Agar Temurning vorislari, sarkardalari uning vasiyatiga so‘zsiz amal qilib, jon dillari bilan Pirmuhammadga bo‘ysunganida, uni batamom qo‘llab-quvvatlab, chin sadoqat bilan xizmat qilishganida qanday tarixiy vaziyat vujudga kelardi?” degan fikrni o‘rtaga tashlaydi. Shu joyda ich-ichimdan o‘kinchli bir iztirob keladi: omonat, qon hidi anqib turgan taxt uchun kurashlarda millatning qanchadan-qancha bo‘lg‘usi sardorlari, donishmand daholari, faxr-g‘ururlarining ham boshlari kesilib ketgan bo‘lishi mumkin-ku? Bu xunrezlik ilm-ma’rifat bobida olis yulduzlar qadar balandlikka ko‘tarilgan bobomiz Mirzo Ulug‘bek paytida ham davom etganini qanday izohlash mumkin? Asar muallifining Amir Temur va temuriy shahzodalar, Bobur va boburiyzodalar saroylarida, keyinchalik xonliklarda yuz bergan mudhish jinoyatlardan chiqargan xulosasi g‘oyat o‘rinli: “Haqiqiy taxt egasini xiyonat yo‘li bilan o‘ldirib, uning mamlakatini qonunsiz egallab olish qonuniy hol, naq bo‘lmasa milliy an’anaga aylangani, aslida, davlatchiligimiz asoslarini yemirgani, buyuk bir millatni mustamlaka zanjiridagi g‘arib va xokisor xalqqa aylantirib, dunyo siyosati to‘ridan ostonaga uloqtirgani haqiqat”. Bu xususda kitobda keltirilgan fakt va raqamlarning o‘zi o‘quvchini larzaga soladi. Birgina Qo‘qon xonligini olaylik: milodiy 1740 yildan to 1875 yilgacha, ya’ni 135 yil ichida taxtga qonuniy tarzda o‘tirgan xonlardan o‘n besh nafardan ortig‘i yollangan qotillar, fitnachi unsurlar, qilichi qonsiragan jallodlar qo‘lida jon beradi. Abduraimbiy, Sulaymonbiy, Olimxon, Muhammadalixon, Sulton Mahmudxon, Sheralixon, Sulton Murodxon, Mallaxon, Sulton Saidxon, Shohmurodbek va boshqalar taxtga o‘tirganlaridan keyin o‘ldirilgan, so‘yilgan xonlardir. Hatto amir Umarxonday ma’rifatli podshoh ham o‘z akasi Olimxonning jasadi ustidan yurib hukmronlikka erishgan edi. “Xudoyorxonning so‘nggi kunlari”dan avval xivalik oqsoqol yozuvchi Qo‘zi Davlatning Xiva xonlari tarixiga oid uchta romanini o‘qigan edim, bu yerda ham shu holat, shu fitna, shu manfur fojialar.
Atoqli yozuvchi Chingiz Aytmatov insoniyat tarixidagi qonli odamkushliklar haqida yozar ekan, “Urushning dahshati shuki, bu qirg‘inbarotlarni boshlagan fotihlar, sarkardalarning nomi tarixda qoladi, ammo begunoh qurbon bo‘lgan million-million kishilardan nom-nishon ham qolmaydi”, deydi. Mana shunisi alam qiladi.
Asarda frantsuz adibi Montenning “Frantsiyada o‘limga hukm qilingan kishi, o‘z xos haramida o‘nlab soqchilar muhofazasida aysh qilayotgan Eron shohidan ham erkinroqdir. Zero, o‘limga mahkum frantsuzning bir jihatdan ko‘ngli to‘q – qonun uni so‘nggi damgacha muhofaza etadi. U afv etilish ehtimoliga umid bog‘laydi. Biroq sokin haramda ishrat bilan mashg‘ul Eron shohi esa kutilmaganda shu haramning o‘zida qotil xanjari zarbidan jon taslim qilishi mumkin”, degan fikri keltirilgan. Muallif “O‘ldirish misoli milliy an’anaga aylanib ketganday edi”, degan xulosaga keladi. Shundaymikin? Taxt uchun kurash, bu yo‘ldagi tirik “g‘ov”larni pichoq, oybolta tig‘i bilan daf qilish bugun dunyoga ma’rifatdan, insof-diyonatdan saboq bermoqchi bo‘layotgan G‘arbda bundan ikki yarim asr avval, chindan ham, an’anaga aylanib ketgan edi. Chunonchi, o‘lim jazosiga hukm qilingan Shotlandiya qirolichasi Mariya Styuart, Angliya qiroli Karl I, Frantsiya qiroli Lyudovik XVI va uning bevasi qirolicha Mariya Antuanetta boshlarini jallod kundasiga qo‘yishdan oldin miriqib uxlaganlar, yuvinib, eng yaxshi kiyimlarini kiyishgan, sochlarini silliq qilib tarashgan, qonli qatl sodir bo‘lganida maydonga yig‘ilgan olomon: “Yashasin respublika!” deya qichqirgan. Tasavvur qilishning o‘zi mushkul: jallod hukmdorning boshini uzgan payti, olomon shunday deb tursa-ya. Ular har qanday gunohkor, u qirolmi, kazzob o‘g‘rimi, davlat sirini dushmanga sotgan xoinmi, shunday jazolanishi kerak, deb o‘ylashgan, qatl maydoniga o‘zlarining fuqarolik burchlarini ado etgani kelishgan. Kamdan-kam kishi bu qon to‘kish, aslida, saroydagi fitna-fasod natijasi, toj-taxt, boylik uchun kurash ekanini bilgan, ammo ovoz chiqarmagan. Qatlning milliy an’anaga aylanishi shu emasmi?! Sharqda esa har gal saroyda fitna uyushtirilib, kimningdir boshi kesilganida, yana bir muttahamdan, firibgardan, sotqindan, bo‘shang landovurdan qutuldik, endi bu yog‘iga xotirjam yashaymiz, deb o‘ylashgan. Toju taxt bor ekan, bu birodarkushlik hech qachon barham topmasligi to‘g‘risida o‘ylashgan ham emas. Uxlab yotgan Mo‘min Mirzoni shirakayf bobosining fatvosiga binoan qatl etish uchun qo‘liga kishan solib olib ketishayotganida, u mulozimlarga “Meni qayoqqa olib ketayapsizlar, nima qilmoqchisizlar o‘zi?” deb emas, “Men shahzodaman, bobomning suyukli nabirasiman, shunga yarasha hurmat qilishingizni talab qilaman”, deydi. Jallodlar unga: “Shahzodam, xotirjam bo‘ling, qo‘lingizga avomning qo‘liga solinadigan temir emas, toza kumushdan yasalgan kishan soldik, bu hurmat emasmi?” deb javob berishadi.
Bu keltirilganlar uzoq davom etgan, yillar, asrlarni ortda qoldirgan adolatsizlik, qonxo‘rlik, birodarkushlik, insonning qon-qoniga singib ketishi mumkinligidan dalolat beradi. Taxt bor ekan, adolatsizlik ham bo‘ladi, degan gap rost. Ibrohim Adhamga nisbat berilgan rivoyatdagi tuyakashni eslaylik. U podshoning tomiga chiqib, kecha cho‘lda yo‘qotgan tuyalarini izlab yurgan bo‘ladi. Podshoning: “Cho‘lda yo‘qotgan tuyalaringni mening tomimdan axtarishingda ne ma’no bor?” degan savoliga bamaylixotir: “Sizning taxtda o‘tirib, Ollohni izlashingizda ne ma’no bor?” deb javob qaytaradi.
Yaqinda Alouddin Atomalik Juvayniyning “Jahon fotixi tarixi” asarini Nazarbek Rahim tarjimasida o‘qib chiqdim. Bu asar Markaziy Osiyo va Eron, Mo‘g‘uliston va Xitoyning XIII asrdagi ijtimoiy-siyosiy tarixini aks ettirgan e’tiborga molik manbalardan biri hisoblanar ekan. Muallif bu davrni “hur kishilar oziqsiz, yigitlar surgunda, hisoblilar hisobidan adashgan, aqllilar falokat hududiga tushib qolgan, tadqiqotchilar o‘z mavzularining asiri bo‘lib qolgan, bilimdonlar johilning xizmatiga kirgan, yetuk barkamol kishilar razillik kasaliga duchor bo‘lgan, maqom sohiblari g‘aflatda qolib, zalolat yo‘liga kirgan, yaxshini yomondan farqlay oladigan kishilar vijdonsiz, razillar qo‘liga asir bo‘lib tushgan davr edi”, deya ta’riflaydi. Kitobda hikoya qilingan ba’zi voqealarni o‘z ko‘zi bilan ko‘rganini, ba’zilarini gap-so‘zlari ishonchli bo‘lgan kishilardan eshitganini, yana bir qismini esa e’tiborga molik manbalardan olganini aytadi. Mirzo Muhammad ibn Abdulvahhob Qazviniy 1916 yili o‘zi nashr ettirgan “Tarixi Jahongusho” asarining ikkinchi jildiga yozgan maxsus muqaddimasida Alouddin Atomalik Juvayniyning bobolari, otasi Bahouddin va akasi vazir Shamsiddin obro‘li, ilmli davlat kishilari bo‘lganini, Alouddin o‘n besh yil muddat mo‘g‘ullar tomonidan Eron voliyligiga tayinlangan amir Arg‘un yonida bo‘lib, kotiblik, daftardorlik va elchilik vazifalarida ishlaganini uqdiradi, Qazviniy yana “Hech bir tarix kitobida “Jahongusho” qadar voqea-hodisalarning ichiga kirib borilgan va go‘zal natijaga erishilganini uchratmaymiz”, deydi. Juvayniyning o‘zi bu kitob mo‘g‘ul hukmdorlarining talabi (buyrug‘i) bilan ularning ishlarini tarix sahifalariga muhrlash uchun yozilganini o‘quvchiga asta shipshitib qo‘yadiki, bu eslatma muallifning imon-e’tiqodli, insof-diyonatli kishiligidan dalolat beradi. Hukmdor buyurtma berdimi, uni bajarish kerak, voqea-hodisalar tafsilotini buyurtmachiga ma’qul keladigan qilib yozmoq zarur. Boshqa yo‘l yo‘q. Juvayniy asosan shu yo‘ldan boradi. Buni kitobda keltirilgan, to‘g‘riligi, aniqligi xususida bir to‘xtamga kelish ancha mushkul bo‘lgan ko‘plab rivoyatlar, hamdu sanolarda ko‘rish mumkin. Mana, ulardan biri: “Chingizxonning xalqqa yer bo‘lib berib, dehqonchilikni targ‘ib qilishi tufayli oziq-ovqat mahsulotlari ko‘paydi, ichimliklari Jayhun irmog‘i misoli oqa boshladi… Bozorlari va savdo rastalarida javohir va gazlamalar shu darajada arzonlashdiki… Mo‘g‘ullar torlik va qashshoqlikdan mo‘l-ko‘lchilik va rohat-farog‘atga erishdilar”, yana biri: “O‘qtoy xoqon davrida uning dargohi olimlar uchun boshpana va huzur-halovatli joyga aylandi, to‘g‘rilik tongining nuri oqshom qorong‘iligini tarqatib yubordi, mamlakat hududlari Chin va Mochindan Suriyaga qadar uzayib, ne’matlar odamlarning ustiga yog‘di. Ulug‘ xoqonning saxiyligi bois, mashhur Hotami Toyning nomi unutildi, O‘qtoyning boshqaruvi paytida dunyo huzur-halovatga to‘ldi, hatto falak yaratgan mashaqqatlar (azob-uqubatlar) ham yo‘q bo‘lib ketdi” (215-bet).
Juvayniy shunday yo‘l tutishga majbur bo‘lgandir, ammo u boshqa ko‘plab tarix yozarlarga o‘xshab, o‘zi e’tirof etganiday, “buyurtma asiriga aylanmay”, bu davr hukmdorlari tomonidan amalga oshirilgan mislsiz qatliomlar, ko‘z ko‘rib, quloq eshitmagan qirg‘inbarot janglar, talonchilik, vayronkorlik va boshqa adolatsizlik­larni chetlab o‘tmaydi, ularga ramziy, she’riy va naqliy ishoralar orqali munosabat bildiradiki, bu hol asarning tarixiy manba sifatidagi qimmatini oshiradi. Quyidagi ikki iqtibosga e’tibor bering: “Chingizxon askarlari Samarqandda qal’a atrofini halqa tarzida o‘rab, tosh va o‘qlar yordamida ichki qal’aning devor va minoralaridan teshiklar ochadilar, ikki namoz orasida darvozalarni sindirib, ichkariga kiradilar. Jasur yigitlardan tashkil topgan ming kishilik guruh (mahalliy xalq) katta masjid ichiga kirib, tashqariga o‘tli shishalar otib, o‘zlarini himoya qiladilar. Bosqinchilar masjidni yoqib yuborishadi. Masjid va masjid ichidagi odamlar dunyo olovida yonib, oxirat suvida yuvinadilar… 1221 yilning aprel oyida yuz bergan to‘qnashuvlar paytida Samarqand shahri batamom yo‘q bo‘lish nuqtasiga keladi (162-163-betlar). Bu ikki baho orasida yer va osmon oralig‘icha farq bor.
Fitrat “Sharq siyosati” asarida shunday yozadi: “Madaniyat tarixining eng buyuk va eng tugal qoidalaridan biri shudir: bir ulus tirikchiligining har to‘g‘risinda yuksalib, taraqqiy qilib tinchlansa, biror yoqda kuchliroq biron biri ko‘rinmasa, o‘lkasi kengayib, oqchasi ko‘paysa, ul ulusning bora-bora axloqi buzular, totlig‘i yo‘ldan chiqa boshlar. Biz, sharqliklar, dahi tinchlik va rohat so‘nginda buzulib qoldiq, yo‘ldan ozdik, ezgu tilaklarimizni unuta boshladik. Bilim va hunardan yuz qaytardik, birlik va axloqdan ayrilduk, oqchag‘a berilduk, oqchag‘a sotilduk… Sharqning butun ishlari ongsiz beklar, tushunchasiz xonlar, miyasiz mullalar, bilimsiz eshonlarning qo‘lig‘a o‘tdi. Bunlar Sharqning butun tuzuk va intizomini buzub yubordilar. Xonlar o‘z qorinlarini to‘ydirmak uchun xalqni bir-biri bilan urushtirdilar, mamlakatning jonli va muhim o‘runlarini sotdilar… Sharqning taraqqiy yo‘li ko‘muldi. Saodat va tinchlik eshiklari bog‘landi, saodatning eng yuksak tepasiga chiqqan Sharq yo‘qsullikning eng teran chuqurig‘a tushdi”.
Tarixiy dalil va isbotlarga qat’iy asoslangan bunday fikrni Alixonto‘ra Sog‘uniy asarlarida ham ko‘rish mumkin: “Nima uchun keyingi asrlarda Turkiston xalqi johiliyat botqog‘iga botdi? Buning bosh sababi – dinni asosi bilan tushunmagan ilm-madaniyat dushmanlari hokimiyat tepasida bo‘ldilar. O‘zlarini din homiylari deb e’lon qilib, xalqni ma’rifat nuridan mahrum, zamonaviy fanniy ilmlardan butunlay yiroq tutdilar… Shuning uchun Turkiston xalqining ichida uyg‘onish, fikr ochilishi bo‘lmadi. Davlatning inqirozi, millatning ongsizligiga shu johillar sababchidur”.
Rad etib bo‘lmaydigan bu muhim xulosani ma’rifatparvar olim Ismoilbek G‘aspirali qalamiga mansub “Dorur-rohat musulmonlari” asari misolida yanada kuchaytirish mumkin. Unda Islomning G‘arb madaniyati va, umuman, dunyoviy ilm-fan taraqqiyotiga qo‘shgan bemisl hissasi ko‘rsatib beriladi. Muallifning yozishicha, Andaluziyada musulmonlar tomonidan olib borilgan oqilona va odilona siyosat natijasida ushbu o‘lka Ovrupo va Osiyo davlatlariga ancha yillar namuna bo‘lib turgan, ilm-fan, qurilish beqiyos taraqqiy topgan, sakkiz yuzdan ortiq mad­rasalarda olim va donishmandlarning anjumanlari muttasil o‘tkazib turilgan. Birgina shahar hokimining shaxsiy kutubxonasida olti yuz mingdan ortiq kitoblar bo‘lgan. Mamlakatdagi yetmishdan ortiq kutubxonalarda saqlanayotgan kitoblardan aholi, talabalar abonement orqali foydalanishgan. “Ovrupo mamlakatlaridan faranglar Andaluzga kelib, musulmon madrasalarida ilm va hunar o‘rganganlar, – deb yozadi Ismoilbek. – Shu sababli, Andaluz musulmonlari Ovruponing madaniyati va jadidasi (yangi madaniyati) yuksalishiga asosiy sababchi bo‘lganlar. Ular Ovruponing muallim va ustozlari hisob etilsalar joiz”.
Amerikalik olim Draber o‘zining “Evropada aqliy taraqqiyot tarixi” kitobida: “Evropaning bugungi ulug‘ ziyosi musulmonlar yoqqan sham va chiroqlarning yog‘dusidan maydonga kelgandir”, deb yozgan ekan. G‘aspirali bu fikrni davom ettirib, “Yunon madaniyati Ovrupodan avval Islom dunyosiga yoyildi, musulmonlar uni taraqqiy ettirib, nuqsonlarini kamaytirib, Ovrupoga topshirdilar”, deydi. Juda adolatli gap.
“Dorur-rohat musulmonlari”dan ba’zi ma’lumotlar: Abu Ja’far Yunon hukmdori bilan inoq bo‘lib, Afinadan beadoq kitoblar oldiradi. Ma’mun davrida Yahyo ibn Xolid Barmakiy Ptolomeyning “Majistiy” asarini tarjima qiladi. Sanad bin Ali va Xolid bin Abdumalik Marvarudiy astronomiya bo‘yicha yangi ma’lumotlarni qo‘lga kiritadilar. Yer kurrasining uzunlik va kenglik darajalari o‘lchab chiqiladi. Abbos bin Sayyid Jo‘shariy kabi mashhur olimlar yunonlarning astronomiyaga oid asarlaridagi ko‘plab xatoliklarni aniqlaydilar, quyosh dog‘lari, oy-kun tutilishi, dumli yulduzlar borasida bir qancha kashfiyotlar qiladilar. Yevropa handasa (geometriya) ilmini xurosonlik Abulvafoning hijriy beshinchi asr boshida tuzgan “Az-ziji Shomil” va “Majistiy”sidan o‘rgandi… Afsuski, XI asrdan boshlab zamon notinchliklari kuchayib bordi. Bir tomondan g‘aznaviy, saljuqiylarning mulk dag‘dag‘asi, ikkinchi tomondan Chingizxon istilosi, uchinchi tomondan Quddusi sharif uchun boshlanib ketgan “salb yurishlari” islom olamini larzaga solib, ilmu hunar yo‘llarini buzdi. Lekin ilm-maorif nuri so‘nmadi, aksincha, dushmanlarga ham ziyo berib, munavvar qildi. Mo‘g‘ullarning katta qismi islom madaniyatini qabul etdilar, ovrupolilar esa yuz yillik salb yurishlari davomida qanchadan-qancha san’at va hunarlarni o‘rganib qaytdilar. Islom madaniyati o‘choqlari Bag‘dod, Sheroz, Nishopur, Samarqanddan tashqari, Afrika va Ispaniyada, ya’ni islom olamining deyarli barcha nuqtalarida mavjud bo‘lib, bu yerlarda ilm-fan benihoya rivoj topdi. Muallif ushbu ma’lumotlarni keltirar ekan, har bir millat, xalqning buyukligi va quvvatliligi uning ilm va hunarni nechog‘liq egallagani bilan o‘lchanishini ta’kidlaydi, “ilm va hunarga ega millat va xalq eng ulug‘, eng buyuk xalqdir” deydi.
Mulohaza qilamiz: millat va xalq ilmli, hunarli bo‘lishi uchun nima zarur? Tinchlik, osoyishtalik, raiyatning adolatli boshqarilishi, yoshlar tarbiyasi, ta’lim-tarbiyaning to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilishi, izlanish va yana izlanish, bir joyda to‘xtab qolmaslik, kibrga berilmaslik, balo-qazolardan ogohlik, hamjihatlik zarur. Bordi-yu bu “zanjir”ning bitta halqasi uzilsa, muammo kelib chiqadi.
Tarix sahifalarida go‘zal xotira bo‘lib qolib ketgan Andaluziyaga qaytamiz. Bu yerda yuz bergan tanazzulning sababi nimada edi? Ismoilbek bu savolga g‘oyat aniq javob beradi: “Inson ishi, inson tartibi hech qachon boqiy bo‘lmaydi. Chunki borlik va yo‘qlik, taraqqiyot va tanazzul sabablari o‘z ichimizda. Talofatimizga sabab bo‘lgan og‘u va zahar ham, joni saodatimizga sabab bo‘ladigan quvvai ma’naviya ham vujudimizdadir. To‘g‘rilik va nafsoniyat, haqqoniyat va zulm, marhamat va g‘addorlik, tanballik va g‘ayrat, ilmga muhabbat va jaholatga mayl, mardlik va olchoqlik, bahodirlik va qo‘rqoqlik – barchasi insonga xos. Shundayki, ushbu hollarning qaybiri g‘olib kelsa, jamiyati bashariya ana shunga muvofiq tartibi­ ­maishat qiladi… Insonlar husn axloqli, xush qiliqli bo‘lsalar, jamiyat va hayotlari davomli bo‘lib, taraqqiy etar, salomat va saodathol bo‘lurlar. Aks holda, ichidan chirigan olmadek, bir-bir to‘kilib, inqirozga yuz tutadi… Uch yuz yil kamoli shuhrat va nom ila saltanat qilib, Andaluz davlati oxir oqibat boshqa yo‘lga yuz tutdi. Afkorlar, odatlar va hissiyotlar o‘zgara boshladi. Tug‘yon, tanballik, qayg‘usizlik, kibr, tafriqa (bo‘linish, parchalanish) ilon og‘usi kabi, vujudi davlat va millatni chirita boshladi. “Holsizlanmish daraxtda sog‘ meva bo‘lmas” deganlariday, adolatsiz qozilar, poraxo‘r voliylar, aqli noqis va g‘ayratsiz hukmdorlar kelib, fitnabozlar – ulamoga, shirin yolg‘on so‘ylovchilar – sodiq bandalarga, nafsoniyat va manfaati shaxsiya – favoidi umidiyaga, riyobozlik va namo­yish uchun o‘qilgan namozlar amali xayriyaga va millatparvarlikka g‘olib keldi. Bu zahar ikki yuz yil Andaluzning vujudini kemirib xarob qildi. Bir davlat uch-to‘rt qismga bo‘linib, bir-birlariga iddao bilan urush yo‘liga o‘tdilar… Musulmonlar orasida paydo bo‘lgan ittifoqsizlik va fasoddan foydalanib, o‘sha paytga qadar mag‘lub va nochor bo‘lib kelgan Kastiliya nasroniylarining hukmdori Ferdinand Andaluziyaning ichki ishlariga aralashib, o‘lka inqirozini tezlashtirib yubordi”.
Bu va boshqa ko‘plab tarixiy voqealar zamirida achchiq bir haqiqat bor: ilmsizlik, tarqoqlik, ichki nizo, fitna, ogohlik ko‘zlarining yumilishi barcha ofatlarning doyasidir. Xonliklarning osongina bosib olinishida ham, Chingizxon qo‘shinlarning mahalliy himoyachilar ustidan g‘olib kelishida va hatto olis Andaluziya fojiasida ham ozodlikning qo‘ldan ketishiga sotqinlik, xoinlik, munofiqlik sabab bo‘lgan. Bu illat tarixda qolib ketgan emas, AQSh askarlari Iroqqa bostirib qirganlarida yuz bergan sotqinlik mamlakatni ulkan vayronaga aylantirdi. Islom Karimov “Ichimizdan xoin, sotqin chiqmasa bo‘ldi, muammolarni o‘zimiz hal qilamiz”, degan so‘zlari bejiz aytilmagan.
Alisher Ibodinovning yangi asarini mutolaa qilar ekanman, ijodkor ziyoli sifatida tarixning mana shu achchiq haqiqati xususida jiddiy o‘ylashimiz zarurligini his etaman. Farg‘onalik do‘stimiz bugun, men va ko‘pchilik muxlislarining fikricha, ijod umrining baland cho‘qqisida turibdi. O‘tmish tariximizning chigal, rost-yolg‘on, haqiqat va uydirma aralashib ketgan murakkab sahifalarini varaqlab, uning shafqatsiz tog‘laridan oshib o‘tib, hayot adolatining o‘zi kun tartibiga qo‘yayotgan bosh MAVZUga yetib keldi. Boshqa faol yozuvchilarimiz ham shu nuqtada turibdilar. Orqaga qaytishning, shu marrada to‘xtashning, mayda so‘qmoqlarga, chalg‘ituvchi latofat do‘konlariga burilishning iloji yo‘q endi. Vaqt shiddat bilan o‘tib bormoqda. Iste’dod imkoniyatlarini Qahhor domla aytganlaridek, o‘tin yorishga sarflamaylik. Biz Alisher Ibodinovdan ushbu asarning davomini intizorlik bilan kutib qolamiz.

“Sharq yulduzi”, 2017 yil, 7-son