Taniqli olim Nasimxon Rahmonning qadimgi turkiydan o‘zbekchaga tabdilida “Oltun yorug‘”ning birinchi (“Fan” nashriyoti, 2009) va ikkinchi kitoblari (“Mumtoz so‘z” nashriyoti, 2013) chop etildi. Har qanday qadimiy kitob tabdili, unga izohlar berish murakkab ijodiy ish bo‘lib, teran bilim, mashaqqatli mehnatni talab qiladi. Aytish mumkinki, Nasimxon Rahmon buning uddasidan chiqqan. “Oltun yorug‘”ning birinchi kitobi haqida matbuotda iliq fikrlar aytilgan edi. Tabdil muallifi mana shu tajribalardan kelib chiqqan holda matnga yanada jiddiy yondashgani ikkinchi kitobda sezilib turibdi.
“Oltun yorug‘” asarining qadimgi turkiydagi to‘liq nomi — Oltin rangli, yorug‘, yaltiroq, hamma (narsa)dan ustun turadigan no‘m podshohi nomli no‘m bitigi” deya nomlangan, hozirgacha “Oltun yorug‘” deb atalib kelinadi. Asarning sanskritcha nomi “Suvarnaprabxasa”dir. “Oltun yorug‘” “oltin singari nur” demakdir. Qadimgi turkchadagi matni 710 sahifani tashkil etadi. Xitoy tilidan Sengi Seli Tudung o‘girgan. Asar qo‘lyozmasini 1913 yili rus olimi S.Malov Xitoyning Gansu viloyati Vinshgu qishlog‘idagi bir ibodatxonadan topgan.
Insoniyatni to‘g‘ri yo‘lga, komillikka da’vat qiluvchi bu asar milodiy I asrdan boshlab XVIII asrgacha xitoy, mo‘g‘ul, tibet, yapon kabi bir qator Sharq xalqlari tillariga tarjima qilingan, turkiy tilda qayta-qayta ko‘chirilgan. “Oltun yorug‘” sudurlardan tashkil topgan. “Sudur” sanskritcha so‘z bo‘lib, “pand-nasihat, o‘git” ma’nolarini bildiradi. Bu asarni qadimgi turkiydan hozirgi o‘zbek tiliga professor Nasimxon Rahmon bir necha yil davomida tabdil qilib, dastlab “O‘zbek tili va adabiyoti”da, so‘ngra jurnal variantini qayta ishlab, ikki kitob holida chop ettirdi. Har ikki kitobga taniqli tilshunos olim, professor Hamidulla Dadaboyev mas’ul muharrirlik qilgan. Shuni alohida ta’kidlash kerakki, “Oltun yorug‘” — umumturkologik yodgorlik, ammo jahon turkiyshunosligida mukammal tarzda, izohlar va kattagina so‘z boshi bilan ilk bor O‘zbekistonda chop etildi. Bu adabiyotimiz, umuman, madaniyatimiz tarixiga qo‘shilgan katta hissadir.
“Oltun yorug‘”ni varaqlar ekanmiz, buddaviylikning aqidalari ilk bor paydo bo‘lgan davrda, jonzotlarning hammasi ham ulug‘ va sharaflidir, degan bir o‘gitni tuyamiz. Shu o‘rinda bir dalilni alohida ta’kidlashni istar edik: buddaviylik milodiy II asrda Janubiy O‘zbekiston hududiga keng yoyilgan va qadim ajdodlarimiz ma’naviyatining kamol topishiga xizmat qilgan.
Asarning har bir satrida inson har doim yaratilgan qonun-qoidalardan og‘ishmay yashasa komildir, degan aqidaga duch kelamiz. Shu bilan birga, komillikka erishishning shartlari tangrilar tangrisi Budda xonning savollarga bergan javoblarida bayon etiladi. Bu javoblar, aytish mumkinki, “Oltun yorug‘”ning mazmun-mohiyatini tashkil etadi. Buddaning javoblari uning yuksak insonparvarlik g‘oyalariga asoslangan: jonli mavjudotlarga hech qanday zarar yetkazmaslikka va’da beraman; agar o‘z xohishi bilan bermasa, hech kimdan hech narsa olmayman; er-xotin o‘rtasidagi vafodorlikka rahna solmayman; yolg‘on gapirishdan o‘zimni tiyaman; o‘z ustimdan nazoratni yo‘qotmaslik uchun mast qiluvchi ichimliklardan va giyohvandlikdan saqlanaman; mechkaylikdan voz kechaman va garchi mumkin bo‘lsa ham ko‘p taom yemayman va hokazo.
“Oltun yorug‘”ning so‘z boshisida N.Rahmon muhim masalalarni o‘rtaga tashlagan. Shulardan biri “Avesto” va “Oltun yorug‘”ning yaratilishida miloddan oldingi 2 ming yillikda O‘rta Osiyodan Hindistonga ko‘chib borgan oriylarning roli haqidagi o‘rinli fikrlardir. U dalillarga tayangan holda “Avesto”, “Oltun yorug‘” va hindlarning “Rigveda”si aloqalari haqida dalillar keltiradi. Bu chinakam izlanish, katta ilmiy bahslarga va ajdodlarimizning jahon madaniyati va ma’naviyati tarixiga qo‘shgan hissasini munosib baholash uchun ham bir turtki bo‘lib xizmat qilishi shubhasiz.
Qadimgi matnlar bilan hozirgi matnlarning gap tuzilishida farqlar katta va bu tabiiy. Ammo tabdilda mazmun to‘liq yetkazilishi shart. Aks holda matn va uning mazmuni mohiyatini yo‘qotadi. N.Rahmon mutaxassis sifatida “Oltun yorug‘”ning tub mag‘zini keng ommaga yetkazishni maqsad qilib qo‘ygan va bu maqsadiga erishgan, deb o‘ylaymiz. O‘zbekcha tabdilda qo‘shilgan so‘zlar shundan dalolat beradi. Tabdilni o‘qiganimizda qoqilmasdan, uzoq o‘ylanmasdan silliq o‘qiymiz.
“Oltun yorug‘” matni xuddi turkiy dostonlar, jumladan, o‘zbek xalq dostonlari matni kabi tuzilishga ega. Nasriy va she’riy parchalar almashinib keladi. “Oltun yorug‘”ning she’riy parchalarini N.Rahmon baholi qudrat she’riy tabdil qilgan, “madhiya”, “she’r” kabi adabiyotshunoslik terminlari qo‘llangan o‘rinlarda shu holni kuzatamiz.
Qadimgi turkiy matnlarni tabdil va boshqa tillarga tarjima qilish murakkab jarayon. Hatto V.Radlovday yirik turkiyshunos ham “Oltun yorug‘”ni olmon tiliga tarjima qilib, ammo tarjimada xatolar ko‘pligi uchun chop ettirmagan ekan. V.Radlov bunday katta asar oldida mas’uliyatni his qilgani uchun ham shunday yo‘l tutgan bo‘lishi mumkin. Albatta, bunday tabdillar g‘ayrat, mehnat, maqsad va bilim orqali yuzaga keladi.
“Qadimgi turkiycha matnni aynan ag‘darish yoki so‘zma-so‘z tarjima qilish bilan natijaga erishib bo‘lmaydi. Matn tayyorlash uchun o‘sha davr tilini, madaniyatini, dini va boshqa ko‘p jihatlarini, ayniqsa, zamon kishilari ruhiyatini yaxshi bilish taqozo etiladi. Matn mazmuni bugungi kitobxonga to‘laroq yetib borishi, tushunarli bo‘lishi uchun tabdilda mazmuniga qarab so‘zlar, jumlalar N.Rahmon tomonidan to‘ldirilgan. Bu yerda olimimiz o‘zining sohada yetuk mutaxassis ekanligini namoyish eta olgan”, deb yozadi O‘zbekiston xalq yozuvchisi Muhammad Ali “Oltun yorug‘”ning birinchi kitobi haqidagi “Oltin yorug‘” shu’lalari” maqolasida (Muhammad Ali. Tanlangan asarlar. Ikkinchi jild. “Sharq” NAMK Bosh tahririyati, 2012). Bu fikrni quvvatlab, uni ikkinchi kitobga ham tatbiq etish mumkin. Mana, ikkinchi kitobdan bir misol: “… jamiki jonzotlarni hursand qiladigan burxonlar (alohida) ajratib olgan ish-amallari kelajak zamonlarning boshidan (va) oxiriga yetguncha butunlay yo‘qolmaydi, barham topmaydi”.
“Oltun yorug‘” faqat yozma yodgorlik bo‘lib qolmay, balki insoniyatning sog‘lom hayot kechirishi uchun yo‘l-yo‘riqlar ko‘rsatadigan pand-nasihatlar jamlangan kitobdir. Ochko‘zlik, xudbinlik va parokandalikka olib keladigan illatlardan ham jisman, ham ruhan tiyilish insoniylikdir. G‘azabning oldini olish, ko‘ngil kirlarini ketkazib, ruhan poklanish, mushohadalilik, qonunga itoatkorlik insoniyatning bezagidir, deya uqtiriladi asarda. “Oltun yorug‘” mohiyati haqida olimlarimiz tadqiqotlar olib boradilar, kitobning ommaviy nashrlari ham yaratiladi, deb umid qilamiz. Ana shunda asarning ma’nosi, mazmuni yana ham teranroq ochiladi. Bu asar turkiy tilga tarjima qilingan ilk asarlardan biri sifatida ham adabiyotimiz tarixi uchun ahamiyatli bo‘lsa, ikkinchidan asar yaratilishida turkiy qavmlarning ham hissasi borligi haqidagi N.Rahmonning qarashlari yangi izlanishlarga asos beradi. Uchinchidan, “Oltun yorug‘” o‘sha davr madaniy muhiti haqida ham ma’lumot beruvchi qimmatli manbadir. Mazkur nashrlarning muvaffaqiyati yana shundaki, N.Rahmon matnni uyg‘urcha va turkcha nashrlari bilan qiyoslab, izohlar bergan.
Matn yaratish — sermashaqqat ish. Agar yig‘ma yoki tanqidiy matn yaratiladigan bo‘lsa, mehnat yana ikki barobar ortadi. Bu soha zahmatkashlari kamligi boisi ham shu. “Oltun yorug‘”ning o‘zbekcha tabdilida ayrim g‘alizliklar uchraydi. Masalan, N.Rahmon asliyatdan uzoqlashmaslik maqsadida tabdilda ham ayrim notabiiy parchalarga yo‘l qo‘ygan. Kelgusida “Oltun yorug‘”ning ommabop nashrida g‘alizliklarga barham berilar, deb o‘ylaymiz.
Adhambek Alimbekov,
O‘zMU dotsenti, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi Xalqaro aloqalar va badiiy tarjima bo‘limi boshlig‘i
«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2013 yil 21-sonidan olindi.