Turkiston forsiyzabon yo turkiy tildagi mumtoz adabiyoti tarixiga bag‘ishlangan darslik va qo‘llanmalarning birortasida mashhur tazkiranavis adib Abdulmutallib Fahmiyga oid tuzukroq axborot topib bo‘lmadi. Biroq bir qancha mashhur olimlarning maqolalarida u to‘g‘rida qisqacha ma’lumot uchradi, xolos. Ularning barchasi Fahmiy XVIII asrda yashab, ijod etganini yozadi. Bu ma’lumotlardan adib taxminan 1710–1770 yillar doirasida yashagandek taassurot tug‘iladi. Garchi yillarda aniq chegara bo‘lmasa-da, u o‘quvchida qariyb bir asrdan beri saqlanib turgan eng sodda taassurotdir. Aynan soddaligi va shubhadan xolidek tuyulganligi tufayli shu paytga qadar biror o‘quvchi uni taftish qilishni o‘ylamagan. Ammo kutilmaganda bizda shubha paydo bo‘ldi. Balki bizgacha ham qaysidir o‘quvchida shunday vaziyat yuzaga kelgandir…
Avvalo muhtaram ustozlarning fikrlarini keltiraylik: professor Abdurauf Fitrat: “Biz P. Vyatkinning “Yo‘q” deyishiga qaramay, XVII — XVIII asrlarga oid ma’xazlarning birinchisi samarqandli Muhammad Badi’ Malehoning 1688–1691 yillarda yozilg‘an “Muzakir ul-ashob” ismli tazkirasi, ikkinchisi 1763 yilda Abdul Mutallib Xo‘ja Fahmiy tomonidan yozilg‘an “Majmuayi Fahmiy”, uchinchisi…”; Po‘latjon Domulla Qayyumov: “Hijriy ila 1177nchi yilda (1763-64) ta’lif etilmish “Majmuai Abdulmatlab” nomli tazkiradan olib “Namunai adabiyoti tojik”da muhtaram ustod Sadriddin Ayniy ko‘rsatmishlar edi. Men bundin oldim”; filologiya fanlari doktori Abdurashid Abdug‘afurov: “Masalan, Abdulmutallib Xojai Fahmiyning 1177 hijriy (m. 1763) yili tuzilgan tazkirasida quyidagilarni o‘qiymiz…”; filologiya fanlari nomzodi Muhsin Zokirov: “Chunonchi, bu hodisani Abdul Mutallib xo‘ja Fahmiy o‘z majmuasida shunday bayon qiladi: “Mashrabni 1123 hijriy yilda ulamo va hukamolarning fatvosi bilan Mahmudxon Qunduzda shahid qildi”. Muallif ushbu fikrlarini isbotlash uchun unga “Majmuai Abdul Mutallib xo‘ja Fahmiy, 1177 hijriyda yozilgan, 123-bet”, deya g‘alati tarzda izoh ham beradi. Professor Ismatulloh Abdullayev: “Abdulmutallib Xojai Fahmiy 1763 yili tuzgan “Tazkirai Fahmiy” asarida: “Mavlono Mashrab Namanganiy hazrati Xoja Hidoyatulloh Ofoq Xojam muridlaridandir” deyilgan”.
Biz uchratgan ma’lumotlar oxirlashdi… Tekshiruv ularning barchasi bitta manbadan olinganini ko‘rsatdi. Uning egasi mashhur adib Sadriddin Ayniy ekan. Bu xildagi dastlabki axborot uning “Namunahoi adabiyoti tojik” asaridan chiqdi.
Bu asar 1925 yili Samarqandda, 1926 yili Moskvada chop etilgan. Asar uch qismdan iborat. Birinchi qismini yozishda foydalanilgan manbalar ro‘yxatida majmua haqida: “Majmuai Abdulmutallib xoja”, 1177 yili yozilgan, qo‘lyozma”, deyilgan. Mazkur ma’lumot So‘fi Ollohyor va Boborahim Mashrabga bag‘ishlangan matnlarda ham alohida ta’kidlanadi. Bu sahifalarda Abdulmutallib xojaning Fahmiy taxallusi ham ko‘rsatiladi.
Barcha tadqiqotchilar tayangan, biz umidvor bo‘lib qidirgan ma’lumot shugina edi… Bu kalta xabar qayerdan kesib olingan? Unga tayanib, tadqiqotchilar “Majmuai Fahmiy”ni o‘quvchilarga XVIII asrning eng muhim va qimmatli manbalaridan biri, deya taqdim etishgan. Muammoni osongina bartaraf qilmoqchi edik. Bo‘lmadi.
Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti qo‘lyozmalar xazinasida “Majmuai Fahmiy” asarining 2331-raqam bilan yagona nusxasi saqlanadi. Undan ko‘pchilik foydalangan.
Qo‘lyozma tuzilishi: hajmi 313 varaq, o‘lchami 20,5x13 sm, mahalliy hamda korxona qog‘ozidan tarkib topgan. Muqovada sahhof nomi ko‘rsatiladigan naqshin tamg‘ada “oqibat xayrbod” jumlasi va hijriy 1318(1900 — 1901) sanasi bor. Yozuvlar asosan nasta’liq, qisman shikastada yozilgan va ularning katta qismi ko‘k, qizil, tillarang hoshiya chizig‘i ichida joylashgan. 29b, 30a, 75b, 92a, 145b, 153a sahifalarga soddaroq lavhli bezaklar ishlangan. Tili forsiy va turkiy.
Qo‘lyozma “Tazkirai Fahmiy” (28—66); “Mutoyibat” (67—74); “Badoyi’ as-sanoyi’ Shohin”(75—90); “Ash’ori Fahmiy” (92—103); “Javohirnoma” (145—148); “Muammoi Jomiy” (148—150); “Muammo” (151—152); “Bahri tavil Hayoir” (153—161), “Maktubi Alisher Navoiy” (169a), Bayoz(1—27, 103—144, 161—313) kabi alohida matnlardan iborat.
Kotibi: 28a betdagi fihrist mazmuni, 29b, 30a va 90b sahifalardagi ta’kidlar hamda hoshiya chiziqlarining ishlanishiga ko‘ra, barcha matnlarni bir kishi to‘plagan va ko‘chirgan. Hozircha bu odam, albatta, Abdulmutallib Fahmiyning o‘zi bo‘lsa kerak, degan fikrdamiz.
Qo‘lyozmada uchraydigan ba’zi shaxslar nomlari va sanalar: 65b sahifada Qori Rahmatulloh Vozih Buxoriyga (vafoti hijriy 1311 (1893—1894) yil) oid ma’lumotlar hamda uning qasidasi keltirilgan.
90a—90b sahifalarda Shamsiddin maxdum Shohin Buxoriyning hijriy 1311 yili(1893—1894) vafot etgani va uning “Badoi’ as-sanoyi’” asari hijriy 1318 yili muharram oyida (1900, may) Abdulmutallib xoja Fahmiy tarafidan ko‘chirilgani ta’kidlangan.
Qo‘lyozmaning oxirida hijriy yil oylari to‘g‘risida Fahmiyning she’ri hamda xuddi shu mazmundagi bir nasriy rivoyat tagida (313b) hijriy 1324 sana (1906) turibdi.
Qo‘lyozmadagi xuddi shu holatlar qariyb yuz yillik taassurotni sindirgan va uning ortida turgan Fahmiyni XVIII asrdan XX asrga olib kelgandi.
Qo‘lyozma xususiyatlari har jihatdan umumlashtirilib, unda Abdulmutallib Fahmiy qalamiga mansub “Tazkirai Fahmiy”, “Ash’ori Fahmiy”, qo‘lyozma oxiridagi hijriy yil va oylarga bag‘ishlangan she’r mavjudligi aniqlandi. Qolganlarini muallif to‘plagan va ko‘chirgan. Shu sababdan “Majmuai Fahmiy” deyilganda qo‘lyozmadagi barcha asarlar tushunilishi lozim. “Tazkirai Fahmiy” esa 38 varaqni tashkil etadi. Biroq muallif bu asarini ham “tazkira” deb atamagan. Uni o‘zi tuzayotgan majmua maqomidagi matnlar qatoriga qo‘yadi. Qo‘lyozmadagi shartli ravishda “Bayoz” deb atalayotgan qismning 161—313-varaqlaridagi Junaydulloh Hoziq singari yana ba’zi shoirlar ijodiga doir ma’lumotlar ko‘proq “tazkira” xususiyatiga egadir. Ularning yoniga Shohin to‘g‘risidagi axborotni ham qo‘shish mumkin. Qo‘lyozmaga uzoq vaqt(1870–1906 yillar oralig‘ida) tartib berilgan.
Muallif va uning ijodi haqida hozircha ushbu bir-ikki so‘z bilan kifoyalanamiz.
Bu orada ilmiy adabiyotlardan mavzuga oid ma’lumot qidirishda davom etayotgandik. O‘zRFA Sharqshunoslik instituti tomonidan nashr etilgan “Sharq qo‘lyozmalari to‘plami ro‘yxati”ning XI jildida “Tazkirai Fahmiy” haqidagi axborotga ko‘zimiz tushdi. Unda ham mazkur tazkira 1869—1870 yildan keyin yozilgani ko‘rsatilgan. Bu axborot shubha va mulohazalarimiz o‘rinli ekanini to‘la tasdiqladi.
Mazkur qo‘lyozmalar xazinasi kartotekasida 2331-raqamli qo‘lyozmada sakkizta asar borligi va ularning ayrimlari Abdulmutallib xoja Fahmiy dastxati bilan ko‘chirilgani yozilgan.
Xuddi ularga o‘xshash xabar Tojikiston Respublikasi Fanlar akademiyasida chop etilgan Sharq qo‘lyozmalari to‘plamining 2-jildida ham uchradi. Undan “Tazkirai Fahmiy”ning 952-raqamli boshqa bir nusxasi u yerda saqlanishi ma’lum bo‘ldi. Hajmi 41 varaq, o‘lchami 20x13,5 sm, 1936 yili ko‘chirilgan. Tojikistonlik mutaxassislar bu asar hijriy 1277 yildan(1860) keyin yozila boshlagan deb hisoblaydi. Bu ma’lumotlar ham bir qancha mutaxassislar tomonidan yig‘ilgan toza ilm edi. Ammo negadir mazkur mavzuga qo‘l urgan tadqiqotchilar ularni maqolalariga jalb etmagan. O‘quvchiga yetkazmagan.
Eski taassurotni tiklab bo‘lmadi. Lekin o‘rni bo‘sh emas. Yangisiga ko‘ra, Abdulmutallib xoja Fahmiy, mashhur tadqiqotchilar aytganidek, XVIII asrda(taxminan, 1710–1770 yillar oralig‘i) emas, XIX asrning ikkinchi yarmi — XX asr boshlarida yashagan. Bu endi o‘quvchining mazkur mavzu doirasida shu paytgacha mavjud bo‘lgan barcha fikr, mulohaza, ayrim masalalarga yondashuv va xulosalarini qayta ko‘rib chiqishini taqozo etadi. Masalan, biz shu paytga qadar ba’zi tarixiy voqealarga nisbatan yuqoridagi tadqiqotchilar talqinlariga tayangan holda Fahmiy yashagan davrni hisobga olib, uning ma’lumotlarini birlamchi manba sifatida Mir Husayniy, Majzub Namanganiy, Xumuliy, Sharif maxdum kabi yana bir qancha mualliflar yozganlaridan ustunroq qo‘yib kelayotgandik. Endi vaziyat o‘zgarib ketdi… Qarashlar va ongimizga qat’iy o‘rnashib bo‘lgan tasavvurlarni o‘zgartirish oddiy, oson jarayon emas. Ammo u sodir bo‘lmoqda.
«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2013 yil 41-sonidan olindi.