Abdurasul Jumaqul. Shoirlik – Yaratganning ulkan hikmati

Halqimizning taniqli shoiri Azim Suyun haqida hali maktab o‘quvchisi bo‘lgan paytlarimdayoq eshitganman, she’rlarini sevib o‘qir edim. Shoirning hech kimga o‘xshamaydigan o‘z ovozi, o‘z so‘zi borligiga hamisha havas qilaman.
Ha, Azim Suyun – haqiqiy shoir. Ona yurtimizni, tanti va mehnatkash xalqimizni, go‘zal va betakror tabiat, musaffo osmon, daryolar, ko‘llar, sharsharayu buloqlarga boy o‘lkamizning rango-rang hayvonot, o‘simlik dunyosini jondan ortiq sevadigan, nainki sevadigan, bularning borini tabiat akademigiday biladigan, tabiat jonkuyari, zabardast adibdir. Shuni aytish joizki, Azim akaning birorta she’rida sun’iylik, yasamalik yo‘q. Hammasi tabiiy, kuchli, bari she’rlarida daryolarday jo‘shqinlik, tog‘ kiyiklariday go‘zallik, ming yillik chinorlar yanglig‘ sobitlik mujassam…
90-yillarda yozilgan bir she’rida “Mening sodiq yo‘lbosh­chim Bo‘ri”, deb yozadi u. Darhaqiqat, shoir yuragiga Vatan tabiati shu qadar singib ketganki, tog‘u-toshlar, cho‘lu-dashtlarning sehri, tarovati, dardu-g‘amlari deyarli har bir asarida aks etadi.
Garchi kamina bir adabiyotshunos olim yoyinki she’riyat haqida sharhlar yozadigan maxsus mutaxassis bo‘lmasam-da, she’rni sevib o‘qiydigan oddiy o‘quvchi sifatida ishonch bilan aytamanki, Azim Suyun chinakam xalq suygan shoir, she’rlari esa yorqin va o‘lmas asarlardan iborat. Binobarin, Azim Suyun dunyo adabiyotining eng ko‘zga ko‘ringan shoirlari bilan ham bo‘ylasha oladigan, o‘zbekning o‘zligini ko‘rsata biladigan jo‘mard ijodkordir!
Shoirning “Turonyurt” deb atalgan she’ri shunday boshlanadi:

Menga ayting chegara nima?
Mustabidlar topgan o‘yindir.
Suzib borar ufqda kema,
Butundir Turonyurt, butundir!

Yoki shoir 40 yoshlarida bitgan quyidagi satrlarini Vatan haqida yozilgan eng sara she’lardan desak xato bo‘lmaydi:

Qadim, erka soylardan oqib kelar gul isi,
Olma gulining isi, zardoli gulin isi.
Yulduzlarmi, oylardan qalqib kelar gul isi,
Jiyda gulining isi, qaroli gulin isi.
Gullar atrin taratgan tog‘imsan, Vatan, o‘zing,
Ko‘ngillar qulfin ochgan bog‘imsan, Vatan, o‘zing!

Tonglar erta otadi, mastona bulbul kuyi,
Osmon biram yoyilgan, tunlar biram charaqlar…
Apg‘umoqlarni ko‘mar bug‘doyzorlarning bo‘yi,
O‘zbek dalalarida tillo javzo yaraqlar.
Rizq-ro‘zim butun doim, qarog‘im, Vatan, o‘zing,
Ko‘kdagi bir quchoq oy – charog‘im, Vatan, o‘zing!

Yoz chillasi yondirar, qurib qoldi soyloqlar,
Dashtu sahrolar uzra o‘ralib uchar quyun.
Qiru adirlar aro sokin mudrar qishloqlar,
Jirnalar, jarliklarda qo‘y-qo‘zilar olar tin,
To‘rg‘ayi chuldiragan qishlog‘im, Vatan, o‘zing,
Mayli, yo‘llari toshloq, toshlog‘im, Vatan, o‘zing!

Ipak mezonlar uchar, yursang yuzga ilashar,
Sog‘intirdi ko‘p uzoq kuzning namxush havosi.
Bolalar bir-biriga qilishar yantoq hashar,
Paxta paykallarida bobosi-yu momosi.
Nasibasi halolim – tuprog‘im, Vatan, o‘zing,
Mehnatlari jannatli – oppog‘im, Vatan, o‘zing!

Cho‘qqilarni qor bosdi, ko‘rdim olis-olisdan,
Yuragim hapqiradi, qish erur sevgan faslim.
Qani, siz, hey jo‘ralar, oling mayiz, qand-qursdan,
Yuksakliklardan ko‘ring bu Vatan bo‘yi-bastin!
Dilim, tilim, qo‘limda yarog‘im, Vatan, o‘zing,
Ona yurt, ota makon – bayrog‘im, Vatan, o‘zing!

Shunday qaynoq mehrga to‘la satrlar muallifi Azim Suyunday shoir ijodiga ayting, mehr qo‘ymay bo‘ladimi?! Bu she’rlarni o‘qiganda butun vujuding yayraydi, zavqlanasan, hayratlanasan…
Shoirlik – Yaratganning ulkan hikmati. Bu hikmat sirini, ehtimol, shoirning o‘zi ham to‘la anglamas. Ammo uning iste’dodi kuylatadi. Ulug‘lar aytganidek, shoirlar bor mehnat, harakat bilan satrlar bitadi. Shoirlar borki, ular yozgan bitiklar selday guvillab to‘lib-to‘lib keladi. Azim Suyun she’riyati keyingisi – baland cho‘qqilardan, tog‘lardan go‘yo sel bo‘lib quyiladigan qor suvlariday toza, shaffof tuyg‘ularga o‘xshaydi.
Albatta, o‘sha paytlar, ya’ni o‘quvchilik paytlarimda, aytaylik, kimdir menga: “Bir kun kelib Azim aka bilan birga ishlab, shu shoirdan saboq olasan” – deganda bu gapga ishonarmidim, yo‘qmidim, bilmayman. Ammo hech kim menga bu “bashorat”ni aytmagan bo‘lsa-da, taqdirning inoya­ti ila Azim aka bilan bir muddat birga mehnat qilish baxtiga erishganman. Tabiiyki, shoirning sodda, ishonuvchan, shu bilan birgalikda mard, jasoratli muharrir bo‘lganiga guvoh bo‘ldim. Shu bois, “O‘zbekiston ovozi”da ishlagan paytlarimdagi ayrim ish faoliyatimga doir voqealarni juda ko‘p eslayman.
O‘shanda Termiz shahrida viloyat gazetasida ishlardim. 1998 yili Surxondaryo viloyati bo‘yicha muxbir bo‘lib ishga o‘tish niyatida “O‘zbekis­ton ovozi” gazetasi tahririyatiga keldim. O‘ta jiddiy, qovoqlari soliq, salobat va viqor bilan “Xush, keling”, deyishi kerak bo‘lgan Bosh muharrir, yo‘q, xuddi meni oldindan biladigan, tanish odamday, “E, keling Abdurasul, ishlar qalay?”, deya ochiq chehra bilan qarshi olgan, so‘ng birdan Surxon odamlari, tog‘lari, daryolari, taniqli polvonlariyu, ovchilarigacha, Surxondaryo tog‘laridagi buloqlaru, sharsharalar, ko‘p ming yillik chinorlaru archazorlar haqida so‘zlay ketdi.
Ochig‘i, men bular haqida deyarli hech narsa bilmas ekanman. Holatimga qarab Azim aka “Ha, mayli, siz yaxshi-yaxshi narsalarni yozing, o‘tkir tanqidiy-tahliliy maqolalar yozish kerak. Lekin, yozganlaringiz xolis, adolatli bo‘lishi kerak. Shuni unutmang!” deb qo‘shib qo‘ydi.
“O‘zbekiston ovozi”da viloyat muxbiri sifatida ishlay boshladim. Bilasizmi, qaysiki nashrning rahbari jasoratli, mard va o‘tkir so‘zli inson bo‘lsa, o‘sha nashrning baxti aslida shu. “O‘zbekiston ovozi” va “Golos Uzbekistana” gazetalarining o‘rni, obro‘si Azim Suyun bosh muharrir bo‘lgan yillar hech qanday mubolag‘asiz juda baland edi. Shuning uchun ham juda ko‘p odamlar gazeta tahririyatiga turli masalalar, muammolar bo‘yicha yordam so‘rab murojaat qilishardi. Aytaylik, bir amaldorning nohaqlik, adolatsizligi ustidan bo‘ladimi yoki nohaq, sababsiz ishdan bo‘shatilganimi, yo bo‘lmasam sud-huquq sohasidagi turli nayranglar, qo‘yingki, bularning bariga “O‘zbekiston ovozi” va “Golos Uzbekistana” gazetalarida hazilakam chiqishlar qilinmagan! O‘sha yillardagi gazeta taxlamlari bunga tarixiy isbot. Qaysidir donishmand aytgan ekan: “Gazeta – millatni tiriltiradi”, deb. Haqiqatdan Azim aka bosh muharrir sifatida boshqa gazetalar chop qilolmagan o‘tkir fel­etonlar, tanqidiy-tahliliy maqolalarni hech ikkilanmasdan berib yuborardi.
Bir maqolaning chop qilinishi xuddi kechagidek yodimda. Bilasiz, dehqon, paxtakorlarning mehnatiga haq to‘lash, ular yetishtirgan hosilga yarasha pulini to‘lab berish og‘riqli muammolardan biri bo‘lgan. Xullas, ko‘p dehqonlar, yer egalari bilan suhbat qurib, qolaversa, o‘zim ham bir dehqonning bolasi, qishloqda o‘sib-ulg‘ayganligim sababli bu mavzu men uchun “Amerika ochish”dek yangilik bo‘lmasa-da, har qalay ancha-muncha “nozikroq” mavzuga qo‘l urgandim. Ya’ni, dehqonning o‘z puliga o‘zi xo‘jayin emasligi to‘g‘risida “724 vagon” deb nomlangan maqola yozdim. O‘sha kunlari barcha viloyat muxbirlari yig‘ilishi sabab Toshkentga – tahririyatga kelgandik. Yig‘ilish tugagach, Azim akaga yozgan maqolamni topshirdim. U kishi shu zahoti erinmay o‘qib chiqdi. So‘ng, “O‘, bu zo‘r mavzu-ku. Iqtisodiyotga taalluqli ekan-a. Banklarga ham tegishli joylari bor ekan. Shuning uchun Xolmurodni ham chaqiraylik. U ham o‘qib, o‘z fikrini aytsin”, deb u kishini xonasiga chaqirtirdi. Ochig‘i, “fik­rini olaylik”, deb aytayotgan kishi jurnalist yoki o‘rinbosarlar emas, tahririyat bosh hisobchisi Xolmurod Qodirov edi. Bunga hayron qoldim. Ko‘nglimdan kechgan o‘yni uqqandek Azim aka tushuntirdi: “Xolmurod baribir bug‘oltir, moliya sohasini yaxshi tushunadi. Manovi schyot, transh-pranch degan gaplarni u yaxshiroq biladi-da. O‘qitaylik, uyam bir balo, hamma narsaga aqli yetadi”.
Oradan 4-5 daqiqa o‘tib Xolmurod aka xonada paydo bo‘ldi. Azim aka maqolani Xolmurod akaga o‘qitib, ayrim fikrlarni olgan bo‘ldi. Kun kech bo‘layozgan, gazetada sahifalash ishlari yakunlanayotgan edi. Azim aka mas’ul kotibni chaqirib: “Manavi maqolani bugungi nomerga, 1 sahifaga qo‘yinglar”, deb topshiriq berdi.
Rostini aytsam, shoshib qoldim. Maqola gazetaning birinchi sahifasiga joylashtirildi. Termizga qaytishim kerak edi. Yo‘lga tushishdan avval Azim akaning huzuriga kirib: “Azim aka, maqolani birinchi betda bermasangiz” deya iltimos qildim. Aka menga qaradi.
– Nega endi?, – dedi baland ovozda.
Maqolaning sal siyosiyroq tomoni bor-da, shunga ichki sahifalarda “yashiribroq” berilsa ham bo‘lardi, – dedim ming‘irlab.
Shunda Azim aka ko‘rsatkich barmog‘ini tik qilib, so‘z qotdi:
– Yo‘q, hamma gap birinchi sahifada berishda! E’lon qilsak, faqat shunday ko‘rsatib bosishimiz kerak!
Bosh muharrirning bunday bag‘rikengligi, jasoratli bo‘lishini tushungan tushunadi, tushunmagan tushunmaydi!
Oradan picha vaqt o‘tib, telefonda gaplashganimda Azim aka: “Abdurasul, anovi “Vagon” haqidagi maqolangizni rostdan ham ichki sahifada bersak bo‘lar ekan, rosa boshog‘riq bo‘lyapti-da”, dedi.

***

Yuqorida aytganimdek, jasoratli va mard, tanti inson bo‘lishiga qaramay, bosh muharrir Azim Suyun juda sodda, ishonuvchan, ko‘ngilchan odam. Doim eslab yuradigan voqealardan biri “vertolyot voqeasi” bo‘lgan.
Kunlarning birida Azim akaning qabulxonasidan qo‘ng‘iroq bo‘ldi.
Sizni bosh muharrir so‘rayotgandi, deyishdi.
Azim akaning ovozida chinakam shoirlarga xos ko‘tarinkilik va hayajon jo‘sh urib turardi. Menga:
– Ayting-chi, O‘zbekistonning eng baland cho‘qqisi qayerda joylashgan, bilasizmi? – dedi.
Bu haqda aniq ma’lumotga ega bo‘lmasam-da, Azim aka mendan bu haqda bejiz so‘ramayotganini fahmlab, “Surxondaryoda, albatta” dedim. “To‘ppa-to‘g‘ri!” dedi Azim aka xursand bo‘lib, bilar ekansiz, yashang, dedi. So‘ngra yana davom etdi:
– Ha, O‘zbekistonning eng baland nuqtasi Sariosiyo tog‘laridagi – Xo‘japiriyax cho‘qqisi bo‘ladi. Biz “O‘zbekiston ovozi”da Vatanimizning eng baland cho‘qqisidan reportaj tayyorlaymiz. Shaxsan o‘zim bormoqchiman. Shunga siz kelasi hafta bir vertolyot gaplashib qo‘ysangiz, u tog‘larga yetib borish oddiy transportda qiyin kechadi!” So‘zlashuv nihoyatda ko‘tarinki ruhda edi. Men ham: “Xo‘p bo‘ladi, Azim aka”, deb go‘shakni qo‘ydim. Ammo biroz vaqt o‘tgach, da’fatan o‘yga toldim. “Azim aka, menga vertolyot topib qo‘ying dedimi, yo yanglish eshitdimmi? Ha-ya, ulovda uch-to‘rt kunlik yo‘l, borish qiyin, vertolyot kerak dedilar-ku”.
To‘g‘risi, o‘ylanib qoldim. Endi vertolyotni qanday topaman? Axir bor-yo‘g‘i, bir viloyat muxbiri bo‘lsam, mashina bo‘lsa-ku bu boshqa gap. Lekin bosh muharrirga “Xo‘p dedim, demak biror yo‘li bordir”. Ertasi kuni viloyat hokimiyatiga bordim. O‘sha paytlari viloyat rahbari Jo‘ra Noraliyev degan kishi edi. Jo‘ra akaning asl kasbi o‘qituvchi bo‘lib, ancha sodda, oddiy odam edi.
Xullas, viloyat hokimi qabuliga kirib, Azim akaning gaplarini jiddiy turib yetkazdim. Jo‘ra aka meni diqqat bilan eshitib, boshini xo‘p degandek chayqadi. Lekin bir zum o‘tgach, hokim ham o‘ylanib qoldi.
Vertolyot, vertolyot! Hozir!, – deya katta stoli chetidagi qatorlashib qo‘yilgan telefonlardan birini ko‘tardi.
Menga chegara qo‘shinlari okrug qo‘mondonini ulang.
Kommutator shu topda qo‘mondonni ulab bera olmadi. Boya aytganimdek, viloyat hokimimiz ham sodda, do‘lvarroq kishi edi. Shu bois, masalaga jiddiy yondashayotgandi.
Siz boravering, men gaplashib ko‘ray, sizga yordamchim telefon qiladi, – dedi.
Rahmat aytib rahbar qabulidan chiqdim. Vertolyot masalasini deyarli hal qilib qo‘ydik. Endi Azim aka Surxonga kelaversa ham bo‘ladi…
Ertalab viloyat hokimining yordamchisi meni izlayotganini aytishdi. Tushundim. Vertolyotni qaysi kunga “band” qilish kerakligini so‘rashadi. Lekin, ming afsuski, bu masala biz o‘ylaganchalik oson ish emas ekan. Vertolyot ajratish faqat maxsus ruxsatnoma bilan bo‘lar ekan. “Azim akaga uzrimni aytib qo‘ying, lekin nechta yengil mashina kerak bo‘lsa, marhamat, hal qilib beramiz”, debdi Jo‘ra Noraliyev.
Shubhasizki, bu gaplarni bosh muharrirga aytishim kerak edi.
– Azim aka, haligi vertolyot masalasi…
Telefon go‘shagidan Azim akaning guldiragan ovozi eshitildi.
– Ha, keyin o‘zim ham o‘yladim. Bu masalani viloyat miqyosida hal qilish oson emas deb. Ha, mayli, balki o‘zim bu yerda tegishli joylar bilan gaplashib ko‘rarman…
Chindan hafta – o‘n kun o‘tib Azim aka Surxondaryoga bir nechta ijodkorlar bilan keldi. Rostdan ham O‘zbekistonning eng baland cho‘qqisi sari yo‘l oldik. Faqat vertolyot bilan emas, Sariosiyo tumanigacha avtoulovda, keyin tog‘ yo‘llari oralab, “UAZik”da ancha yo‘l bosdik, so‘ngra tog‘lik odamlarning ot-eshaklari bilan Osmontalash tog‘lariga chiqqanimiz, xuddi kechagidek ko‘z oldimda.
Ochig‘i, Surxon diyorida voyaga yetib, umuman Surxondaryoni bilmasligimni ana shu safarga chiqib bilganman. Bir necha kunlik tog‘ daralari bo‘ylab safarimiz bir-biridan ajoyib, unutilmas voqealarga boy kechgan. Ona Vatanimizning betimsol tabiati, go‘zalligi maftun etgan. U tog‘larda o‘suvchi o‘nlab, yuzlab turfa xil o‘simligu o‘t-giyohlar, daraxtlar… Ularni men o‘sha paytgacha hech qayerda ko‘rmagan, xatto nomlarini ham eshitmagan, biror manbada o‘qimagan edim. Masalan, o‘zi biroz sho‘rtak, ammo aslo nordon emas, lekin juda kichkina, yong‘oqdan sal kattaroq keladigan, tishlasangiz qarsillab ketadigan, nihoyatda suvli, nafaqat tashqi ko‘rinishi, xatto ichki tarafi ham qizil bo‘lgan olma navini – “Xuboni” deb atasharkan. G‘uj-g‘uj hosilli tabiiy olmazorlar, necha yuz yoshli yong‘oqzorlaru pistazorlar, necha ming yoshli archazorlar qo‘ynidan yuqoriga – eng baland tog‘lar sari uch-to‘rt kunlab ot-eshaklarda chiqib bordik.
Azim aka bizga bu tog‘lar haqida, bu yerda o‘sadigan ming dardga davo giyohlar haqida xuddiki o‘rmonchilarday ma’lumot berib borardi. Ushbu safar taassurotlari “O‘zbekiston ovozi”ning bir necha sonlarida chop qilingan edi.

***

Azim Suyun tog‘ farzandi bo‘lgani bois, tog‘u-dashtlar jonu dili desak mubolag‘a bo‘lmaydi. U kishi nafaqat yozgan she’rlarida, aslida hayotda ham chinakam tabiat shaydosi. Ulug‘ shoirlarimizdan biri bir paytlar hazil bilan katta minbardan turib Azim aka haqida “O‘rmonchi shoirimiz” deganida ham qandaydir haq edimi deb o‘ylayman. Sababi o‘rmonlar, tog‘lar, daraxtlar va umuman tirik tabiat ustoz shoirning hayot mazmunidir. Shu o‘rinda yana bir voqea yodimga tushdi.
Surxon vohasiga qilgan safarlarining birida Azim akaning xizmat mashinasida tog‘li Boysun tumanining past-baland hududlaridan o‘tib borayotgan edik. Yoz fasli edi, kun ancha dim, bosh muharririmizning haydovchisi esa juda epchil yigit bo‘lib, tog‘ yo‘llaridan ham taxminan 80-90 km. tezlikda mashinani yeldek uchirib borardi. Bir payt Azim aka to‘satdan:
– E, to‘xtat!, – deb haydovchisiga buyruq berdi.
Men nima bo‘ldi ekan, deb deyarli sapchib tushdim. Mashinaga qattiq tormoz berildi. 10-15 metr o‘tib to‘xtadik. Mashinadan tushgan Azim aka asfalt yo‘lning narigi tarafiga o‘tdi, 10-15 metr orqaga yurib, “Oh, buni qaranglar, essiz, essiz” deya o‘lib yotgan katta bir qushga qarab achinardi.
Burgut shekilli, mashina oynasiga urilgan bo‘lsa kerak, – dedi hamrohlarimizdan biri.
Shu payt Azim akaning yuziga qaradim. Uning yuzida ulkan bir fojiaga duch kelgan odam qiyofasi mujassam edi.
Bu qush burgut emas, ukki. Ko‘plar ukkini – boyqush deb o‘ylaydi. Bu noto‘g‘ri. Ukki boshqa xil qush, to‘g‘ri boyqushlar oilasiga mansub. Lekin boyqush emas. Qadimda, ayniqsa, Xorazm tomonlarda malikalar bosh kiyimlariga shu qushning patlaridan toj qilib tikishgan, raqqosalarning do‘ppilarida hozir ham bo‘ladi-ku…
Yo‘lda ketayotib Azim akaning ancha sinchkov, e’tiborli odam ekanligini his qilib borardim. Biz ahamiyat bermagan toshni yorib unib chiqqan yolg‘iz daraxtnimi, yo yo‘l chetidagi biror haykalnimi yo bo‘lmasam, kichik bo‘lsa-da, sizib chiqayotgan tog‘ bag‘ridagi buloqchani deysizmi, bularning barini birinchi bo‘lib Azim aka payqardi… Shundan ham ayon ediki, biz sodda deb bilgan Azim Suyun aslida o‘ta sezgir, e’tiborli, nigohi o‘tkir odam. Biz parvoyi falak yo‘lda ketayotirmizu, shundoq ro‘paramizdagi mo‘jizalarni nechundir ko‘rmasdik…

***

Bugungi kunda o‘zbek adabiyotini shak-shubhasiz Azim Suyunsiz tasavvur qilib bo‘lmaydi. Shoirning har yili yangi-yangi kitoblari chop qilinmoqda. “Saylanma”lari qo‘lma-qo‘l bo‘lib ketyapti. Bu nimadan dalolat? Menimcha, xalqqa yaqinlikdan. Odamlarni, ona yurtni, uning boru-yo‘g‘ini borligicha sevishdan, Vatanga cheksiz muhabbatdan deb o‘ylayman.
Yana eski bir gap: hamma yaxshi ijodkor ham yaxshi inson bo‘lmasligi mumkin. Bunga tarixdan ham, bugundan ham istagancha misollar keltirish qiyin emas. Lekin Azim Suyun inson sifatida ham qalbi keng shaxs. Unga berilgan tolening yorug‘ligi, yuksakligi ham shunda bo‘lsa, ajab emas.
Takror bo‘lsa-da, aytgim keladi, ustoz bilan bu hayotda ozmi-ko‘pmi birga mehnat qilish baxtiga muyassar bo‘lganimdan, zamondosh bo‘lganimdan oddiy jurnalist sifatida o‘zimni o‘ktam sezaman.

«Ijod olami» jurnali, 2018 yil, 2-son