Abdurahmon Pirimqulov. Bir harf muammosi

yoxud “g‘alati mashhur”lar

Ziyolilari orasida “g‘alati mashhur” degan tushuncha bor. Bu aytilishi va yozilishi etimologik jihatidan ona tilining me’yoriy qoidalariga izchil amal qilmagan, aniqrog‘i, shakl jihatdan xato, lekin xalq ongi va tafakkurida shunday o‘rnashib qolgani uchun mashhur bo‘lib ketgan, degan ma’noni bildiradi. Xuddi shunday “g‘alati mashhur”lar bizning tilimizda ham uncha ko‘p emas-u, har holda, mavjud.

Quyida kundalik hayotimizda ishlatiladagan ba’zi bir so‘z va iboralarga diqqatni qaratamiz. Zora, ularni ishlatuvchilar tegishli xulosa chiqarib olsalar.

“TA’B”MI, “TAB’”MI?

Mumtoz adabiyotimizda kishining xulqi, tabiati, did, saviya va sajiyasining darajasiga nisbatan “tab’”so‘zi ishlatiladi. Bu “Majolis un-nafois”da eng ko‘p tilga olingan so‘zlardan biridir. O‘zbek tili imlo lug‘atida bu so‘z “ta’b” shaklida xato yozilgan. Mumtoz adabiy asarlar lug‘atida “ta’b”, zamonaviy lug‘atlarda esa “tab’” uchraydi. Bu so‘zni mumtoz adabiyotimiz mutaxassislarining aksariyati “tab’” deb to‘g‘ri ishlatadi.

“TUYILDI”MI, “TUYuLDI”MI?

Savodi lotin grafikasiga asoslangan yangi o‘zbek alifbosi bilan chiqqan jurnalistlar so‘zni xato tarzda “tuyildi”, deb yozmoqdalar. To‘g‘ri, so‘zning o‘zagi “tuymoq” fe’lidir. Ammo o‘zakka –il nisbat qo‘shimchasi qo‘shilganda, “y” bilan “i” qo‘shilib yaxlit bir tovushni – “yu” grafemasini tashkil etadi. Binobarin, uni “tuyuldi” deb yozsak to‘g‘ri bo‘ladi. “Tuyildi”ning ma’nosi boshqa. U don yo boshqa uruqqa ko‘ra ezildi, maydalandi, goho latta yo ro‘molga nisbatan tugildi, degan ma’nolarda ishlatiladi.

NUR USTIGA QANDAY NUR?

Nutqimizda muayyan bir ish haddi a’losida bajarilsa, “nur ustiga a’lo nur” iborasi ishlatiladi. Yirik tilshunos olim A.Rustamov o‘tgan asr so‘nggi choragida bu iboraning shaklan xatoligini aytgan. Ya’ni ibora tarkibidagi “a’lo” (alo) aslida “ustiga” so‘zining takrori ekan. Shu bois uni “nur ustiga nur” shaklida ishlatish to‘g‘ri ekan. Shunga qaramay bu ibora nutqimizda o‘rnashib ketgan. Uni hatto tajribali yozuvchi va jurnalistlarimiz ham g‘alatiligicha ishlataveradi.

“TUNAB” NIMA, “TO‘NAB”-ChI?

Tunda birovnikida yotib qolish – tunab qolishdir. To‘nab esa, sal boshqacha ma’noni bildiradi. To‘nash – o‘g‘rilikdir. Ota-bobolarimiz shom chog‘i yo kechasi qilingan o‘g‘rilik yo talon-tarojni shunday atashgan. Aniqrog‘i, qaroqchining ishi to‘nashdir.

“RO‘ZG‘OR” VA “RO‘ZGOR”

Bu ikki so‘zning ham o‘zaro farqi bor. Ro‘zg‘or kichik jamoa – oila degani. Ba’zilar u yoki bu yegulikni xarid qilsalar, ro‘zg‘or qildim, deydilar. Bu noto‘g‘ri. Ro‘zg‘or uchun bozor qildim deyilsa, to‘g‘ri bo‘ladi. Ro‘zgor esa, umr, hayot demakdir. Bu so‘z mumtoz she’riyatimizda ko‘p uchraydi. Masalan, Nodirabegimning mashhur “Tushimda ko‘rsam edim” g‘azalida shunday satr mavjud:

Ko‘z ochmayin g‘amidan ro‘zgorim o‘tguchidir.

Shoira Amir Umarxonni eslab, uning g‘ami bilan umrim o‘tmoqda, deyapti. Bu joyda so‘zni “ro‘zg‘orim” deb yozish va aytish xatodir.

“POYABZAL”MI Yo “POYAFZAL”MI?

So‘zning o‘zagi abzal – narsa, buyum degani. Shuningdek, ot anjomlarining umumiy nomini ham abzal deymiz. Afzal – yaxshi degani. “Poyafzal” degan so‘z nutqimizda mavjud emas. Oyoq kiyimini tikuvchi aksariyat ustaxonalar peshtoqiga “Poyafzal ustaxonasi” deb xato yozilgan. “Poyabzal” deb yozilsa to‘g‘ri bo‘ladi.

“XASM” VA “HASM”

Xasm – mumtoz adabiyotda bisyor uchraydi. Raqib, ag‘yor, dushman degan ma’nolarni bildiradi. Hasm esa “haqi”, “tegishli” degan mazmunga ega. Ikkinchi so‘z lug‘atlarda deyarli uchramaydi. Uning ma’nosini men yoshi ulug‘ ustozlardan eshitganman.”Qiz bola birovning xasmi” deyish noto‘g‘ri. Oxirgi so‘zni “h” yordamida yozish va talaffuz qilish to‘g‘ridir.

“YaSSI”MI, “YoSTIQ”MI?

Nutqimizda chala yo o‘rtamiyona bajarilgan ish haqida “yumaloq yassi bo‘libdi”, degan ibora ishlatiladi. Talay do‘stlarimiz, hatto, olimlar ham iboradagi “yassi” so‘zini “yostiq”, deya g‘alati qo‘llaydilar.

“OZIQA” VA “OZUQA”NING FARQI

Bu ikki so‘z shaklan o‘xshash. Ularni faqat bir harf (tovush) farqlaydi. Shaklda tafovut bormi, demak, ma’noda ham har xillik bo‘ladi. Afsuski, ayrim yozuvchilarimiz, ayniqsa, jurnalistlar bu ikki so‘z o‘rtasidagi farqni anglamaydilar. “Oziqa” – mavjudlik, predmetlik xususiyatiga ega. “Ozuqa” bunday emas. Aniqrog‘i oziqa – yem (pichan, xashak, beda va hokazo). Ozuqa esa, unday emas. U mavhum otga kiradi. “Ma’naviy ozuqa” deyish to‘g‘ri. Biroq birikma tarkibidagi so‘zni “oziqa” shaklida yozish nihoyatda qo‘pol xatodir. Gazeta o‘qigan odam undan ozuqa oladi, zinhor oziqa emas.

Xullas, bu kabi nuqsonlarni juz’iy yo mayda deb bo‘lmaydi. Ularni qancha tez tuzatsak, shuncha yaxshi.

Abdurahmon Pirimqulov,
filologiya fanlari doktori

«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasi, 2023 yil 41-son