Abdulla Qodiriy ijodi o‘zbek adabiyoti tarixida alohida o‘rin tutadi. Bu ulug‘ adib asarlarisiz o‘zbek adabiyotini tasavvur qilib bo‘lmaydi. Abdulla Qodiriy “O‘tkan kunlar” asari bilan o‘zbek adabiyotida roman janriga asos solgan bo‘lsa, uning “Mehrobdan chayon” asari milliy adabiyotdagi ikkinchi romandir. Abdulla Qodiriyning boshqa asarlari ham o‘ziga xos bo‘lib, ular ko‘p jihatdan o‘zbek adabiyotidagi yangilikdir. Xususan, “Kalvak maxzumning xotira daftaridan”, “Toshpo‘lat tajang nima deydi?” kabi hajviy-yumoristik asarlari, “Uloqda”, “Jinlar bazmi” singari hikoyalari, ko‘plab publitsistik maqolalari shunday deyishga asos beradi. Biz tahlilga tortmoqchi bo‘lgan “O‘tkan kunlar” romanida tarixiy haqiqat jonli hayotiy voqealar asosida gavdalantirilgan. Voqealar kechayotgan zamon va makon manzarasi xuddi usta musavvir chizgan kartinadagi kabi aniq chizib ko‘rsatilgan. Abdulla Qodiriy romanlaridan zamon va makon tasviri chiqarib tashlansa, ular xuddi sharbati siqib olingan anorga o‘xshab qoladi. Anorning esa savlati emas, sharbati foydali. Afsuski, ayrim o‘quvchilar “O‘tkan kunlar”dagi makon va zamon tasviriga unchalik e’tibor berishmaydi. Aslida, adibning san’atkorona mahorati, asarning o‘ziga xos jozibasi xuddi shu o‘rinlarda ko‘rinadi.
Ma’lumki, ”zamon” deganda yil, oy, kun, tun kabilar, “makon” deganda esa uy-joy, ko‘cha, qasr, saroy singari joylar nazarda tutiladi. Abdulla Qodiriyning ushbu romanlarida tarixiy voqelikni gavdalantiruvchi karvonsaroy, hujra, o‘rda, saroy, hovli, turarjoylar tasviri muayyan o‘rin tutadi.
Abdulla Qodiriyning o‘zi romandagi davrni “tariximizning eng kir, qora kunlari”, deb ataydi va romanlarida “xon zamonlari” manzarasini chizib ko‘rsatadi. Shu maqsadda “1264 hijriya, dalv oyining o‘n yettinchisi, qishki kunlarning biri, quyosh botgan, tevarakdan shom azoni eshitiladir… Darvozasi sharq-janubga qaratib qurilgan bu dongdor saroyni Toshkent, Samarqand va Buxoro savdogarlari egallaganlar, saroydagi bir-ikki hujrani istisno qilish bilan boshqalari musofirlar ila to‘la”, deb zamon va makonni aniq ma’lum qilish bilan boshlaydi. “O‘tkan kunlar” romanida turli toifadagi kishilar: xon, bek, qozi, qo‘rboshi, hunarmand kosib, qorovul, mirshab, maktabdor muallim, xon saroyi mirzalari, zo‘ravonlikni kasb qilib olgan betayinlar (Sodiq, Mutal), davlatmand kishilar, ayollar, bolalarning o‘ziga xos obrazlari gavdalantirilib, karvonsaroy, o‘rda, saroy, hovli, maktab, qabriston, ko‘cha kabi joy-manzillarning ko‘rinishi beriladi. Kitobxon romanni mutolaa qilayotganida qahramonlar qanday paytda qanaqa joyda turganini go‘yo ko‘rib turganday bo‘ladi. Adabiyotshunos Bahodir Karimov “O‘tkan kunlar” va “Mehrobdan chayon” romanlarida o‘rda va qo‘rg‘on ko‘rinishi batafsil tasvirlab berilganini ta’kidlaydi. (Karim B. Qodiriy qo‘rg‘onlari. “O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasi, 2006 yil 7 aprel.) Romanda dastlab karvonsaroy va undaga hujralar umumiy tarzda tavsiflanadi. Kumush istiqomat qiladigan xonadon esa “…uncha maqtanarli bo‘lmasa ham, zamonasining oldingi binolaridan hisoblangan bir ayvon bilan bir uyga ko‘z tushadi. Sahn va bino kishi zotidan bo‘sh, shuning uchun bu hovli oilaning tashqarigi qismi – mehmonxona ekanligi anglashilur. Sahnning tun va kun botar jihatlari kichkina hujralar bilan o‘ralgan va bu hujralarning barchasi eshiklari yopiq va qulflangan holda bo‘lib, mollar bilan bandligi va uy egasining davlatli kishi ekanligi bilinur”, deb tasvirlanadi. (Qodiriy A. O‘tkan kunlar. –T.: Adabiyot va san’at nashriyoti, 1974, 28-bet.) Adib Mirzakarim qutidorning boy-badavlat kishi ekanini uning uy-joyini ko‘rsatish orqali bildiradi.
“O‘tkan kunlar” romani asosiy qahramonlari Otabek va Kumush bir-birlariga ilk bor ariq bo‘yida duch kelishadi. Poyafzal bozori burchagidagi darvozadan ichkaridagi bu joy romanda “sirli ariq bo‘yi”, deb ta’riflanadi. Otabek va Kumushning sirli ariq bo‘yidagi bu tasodifiy uchrashuvi roman syujetidagi voqealar “zanjir”ida zarur halqaga aylanadi. Romandagi murakkab voqealar tizimini ana shu halqasiz tasavvur qilib bo‘lmaydi. Kumushning ariq bo‘yidagi holatlari, kechinmalari : “Kumushbibi ariq bo‘yidagi bir o‘rinni ko‘zladi-da, sakrab narigi yuziga o‘tdi va cho‘nqaydi. Uning ko‘zlari muloyimgina suv ustiga og‘dilar, ariqning musaffo tiniq suvi yovvoshgina oqib kelar, Kumushbibining qarshisiga yetganda, go‘yoki unga ta’zim uchun sekingina bir charx urib qo‘yar, o‘z ustida o‘tirgan sohiraning sehriga musahhar bo‘lgan kabi tag‘in bir kattaroq doirada aylangach, ohistagina ko‘prik ostiga oqib ketar edi” tarzida she’riyatga xos ta’sirchan tashbehlar vositasida tasvirlanadi. (O‘sha manba, 32-bet.) Romanda bu kabi o‘rinlar talaygina bo‘lib, ular kishida ko‘tarinki kayfiyat, ajib hissiyotlar uyg‘otadi. Asarning o‘ziga xos tili, adibning so‘z san’atkori sifatidagi mahorati ushbu o‘rinlarda, ayniqsa, yorqin namoyon bo‘ladi.
Romanda nikoh to‘yi jarayonidagi Otabek bilan Kumushning uchrashuvi ham romantik uslubda tasvirlanadi. Asarning ayni sahifalari o‘zbek to‘ylari, xalqimizning urf-udumlari to‘g‘risida muayyan tasavvur beradi. Asarda tarixiy davr ruhi aniq aks ettiriladi. Jumladan, “Kuyov kelar edi: ikki tomonni sirib olgan xotin-qizlar o‘rtasidan Otabek kelar edi. Uning ketidan Oftoboyimning egachisi isiriq tutatar edi. Xotinlar qo‘llarida sham bilan bunga qarar va kuzatib qolar edilar, kuyov uyning yoniga yetti. Uning yuzi uyatdan juda qizargan, qochgali joy topolmas edi. Shu kezda uyning eshigi ochildi-da, yanga tomonidan qarshilandi”, deyiladi. (O‘sha manba, 61-bet.) Bu – o‘sha paytlarda xuddi hozirgiday to‘ylarda erkak va ayollar bir joyda o‘tirishmagani, elektr chirog‘i bo‘lmaganini bildiradi.
Ma’lumki, avvallari yurtimizda hovlilar ichkari va tashqari qismga ajratib qurilgan. Hovli ichkarisidagi uylar oila a’zolariga, tashqari qismidagilar esa xonadonga keladigan chet kishilarga mo‘ljallangan. “O‘tkan kunlar” romanida voqealar kechadigan joylarni ko‘rsatishda shunga e’tibor qilingan. Jumladan, to‘y sahnalari qalamga olinganda, albatta, hovlining ichkarisi va tashqarisi alohida ta’kidlangan. Romanning “To‘y, qizlar majlisi” bobi: “Qutidorning tashqarisiga er mehmonlar, ichkarisiga xotin mehmonlar to‘lganlar”, deb boshlangan va tashqarida qanday harakatlar kechayotgani, ichkarida nimalar bo‘layotgani: “Tashqarida bir qo‘sha sozandalar dutor, tanbur, g‘ijjak, rubob, nay va amsoli sozlar bilan dunyoga jon suvi sepib, shaharning mashhur hofizlari ashula aytadilar. To‘y juda ruhli… Ichkarida xotinlar majlisi: onalarcha aytganda, ular qum-tuproqdek ko‘p, biroq majlisning borishida tartib yo‘q, hovli yuzi va uylar xotinlar bilan to‘lgan, qaysi hovli yuzida bir tovoq oshni yeb o‘tiradi, kim yig‘lagan bolasini ovutish bilan ovora, birov yor-yor o‘qib, tag‘in bittasining quvonchi ichiga sig‘may xaxolab dunyoni buzadi, xullas, bag‘-bug‘ yetti qat ko‘kdan oshadi…” tarzida bayon etilgan. (O‘sha manba, 52-bet.) Bu – asarda voqelik aniq aks ettirilgani, milliy turmush manzaralari tarixiy haqiqatga uyg‘un tarzda gavlalantirilganidan dalolat beradi. Asarda dastlab o‘rdaning darvoza qismi, keyin ichkari tomoni xuddi fotokamerada suratga olingandek chizib beriladi. Adib ulardagi har bir unsurga alohida e’tibor qaratib, yaxlit ta’sirchan manzara yaratadi. Masalan, o‘rdaning ichkarisini: “O‘rdaning ko‘proq qismi darvoza tomonidan qoldirib, janubga tortilgan xatti mustaqim bir devor bilan bo‘lingan edi. Narigi tomon o‘rdaning ichkari qismini tashkil etib, unda bek-hokim oila a’zosi turar edi. O‘rdaning tashqari qismining uch tarafi binosiz, faqat qo‘rg‘on devorlarining zinalari edi”, deb ko‘rsatadi. ( O‘sha manba, 69-bet.)
Abdulla Qodiriy o‘rda, qo‘rg‘on kabi manzil-makonlarni xuddi suratini chizgandek ko‘rsatish barobarida, voqealar kechayotgan zamonni ham aniq ta’riflaydi. Buning uchun u ko‘proq xalqona ta’riflardan foydalanadi. Masalan: “Qish kunlari bir tutam, “ha deguncha” kech bo‘ladi. Bugun ham “ha deguncha”ga qolmay kech bo‘lgan”, deydi. (O‘sha manba, 32-bet.) Yoki Toshkent qamali tasvirlangan joylarini olaylik. “O‘tkan kunlar” romanining bu kabi o‘rinlari Qo‘qon lashkari tomonidan Toshkentning qamal qilinishi bilan bog‘liq tarixiy voqelik to‘g‘risida, Qorasaroy, Taxtapul, Labzak, Qashqar mavzelarining o‘sha paytdagi holati haqida aniq tasavvur uyg‘otadi.
Tarixiy manba, solnomalarning hech birida o‘rda, saroylar “O‘tkan kunlar” romanidagi singari tasvirlanmagan. Abdulla Qodiriy ularning ko‘rinishini o‘quvchi aniq tasavvur qiladigan darajada chizib ko‘rsatgan. Ayni o‘rinlar muallifning asarni yozish jarayonida o‘quvchilarini bir zum ham unutmagani, u doimo kitobxonlarini o‘ylaganini bildiradi. Ijodkorning ko‘z o‘ngida hamisha kitobxoni tursa, u yozayotgan har bir jumlasi, qalamga olayotgan voqealari boshqalarga ham osongina tushunarli bo‘lishi uchun intiladi. “O‘tkan kunlar” muallifi joylarning oralig‘ini aniq o‘lchov bilan ma’lum qilish bilan kifoyalanmasdan, Marg‘ilon va Qo‘qondagi o‘rdalarning o‘xshash va farqli jihatlarini ham batafsil ta’riflaydi.
Badiiy zamon va makon asarning barcha unsurlarini qamrab oladi. Jumladan, qahramonlarning kayfiyat-kechinmalarini badiiy zamon va makon tasvirisiz ko‘rsatib bo‘lmaydi. “O‘tkan kunlar” romanida ham qahramonlar holati bevosita zamon va makon tasviri asosida gavdalantiriladi. Kumush Homidning Otabek nomidan yozgan soxta taloq xatini o‘qib, hushidan ketib yiqiladi. Mirzakarim qutidor bu voqeadan qanday ta’sirlangani: “Vaqt xuftonga yaqinlashgan edi. Qizining haligi javobi bilan sabrsizlikka tushgan qutidor qo‘liga sham olib, tashqariga chiqdi va yerdan xatni oldi. Qizini bunchalik falokatga solgan xatni olgan yeridan qo‘zg‘almayoq o‘qib chiqdi. Xat haqiqatan jonsiz edi. Qutidorning ham oz qoldiki, hushi boshidan uchsin…”, deb tasvirlanadi. (O‘sha manba, 174-bet.) Xufton – kunduzgi yorug‘lik batamom barham topib, borliqqa tun qorong‘iligi o‘z humini o‘tkazayotgan palla. Bunday paytda atrofni allaqanday sirli mavhumlik chulg‘ab oladi. Odam o‘zini og‘ir, noxush sezadi. Salgina narsa ham unga qattiq ta’sir qiladi. Abdulla Qodiriy Mirzakarim qutidorning ahvolini ko‘rsatishda tabiat bilan inson kayfiyati, holatidagi ana shu bog‘lanishdan kelib chiqadi. Mirzakarim qutidor ushbu xatni tun qorong‘iligi bostirib kelayotgan paytda emas, tongda yoki quyosh charaqlab turgan tush paytida o‘qib ko‘rganida xatda yozilganlar to‘g‘risida, ehtimol, boshqacha mulohaza yuritardi… Adib syujetdagi dramatizmni kuchaytirish maqsadida ataylab xufton vaqtini tanlaydi.
Adib Otabekning quvlanishi voqeasini ham vaqt bilan bog‘lab ko‘rsatadi. Otabek Mirzakarim qutidorning uyiga ertalab yoki tush paytida emas, shom azoni eshitilayotgan kechki paytda keladi. Bu paytda borliq qorong‘ulikka cho‘mganidan atrofdagi narsalar g‘ira-shira ko‘rinadi. Mirzakarim qutidor Otabekning sog‘inch to‘la kulib turgan chehrasini aniq ko‘rolmagani tufayli dag‘al muomala qilib, uni haydab yuboradi. Agar kunduzi bo‘lganida, Mirzakarim qutidor “otini ko‘chaning o‘rtasida qoldirib yurgan kuyovining ko‘rishmak uchun uzatilgan qo‘lini bo‘sh havoda qoldirmas, titroq va hayajonli bir tovush bilan: “Uyatsizga mening uyimda o‘rin yo‘q, uyatsiz bilan so‘zlashishga ham toqatim yo‘q… Boringiz, eshigim yonida to‘xtamangiz!” – deyolmas edi. (O‘sha manba, 187-bet.) Chunki odamning yuzi hamisha issiq. Mirzakarim qutidor singari turmushning past-balandini ko‘p ko‘rgan kishilar, ayniqsa, birov bilan yuzma-yuz bo‘lganida buni juda yaxshi his qilishadi.
“O‘tkan kunlar” romanining “Hasanalining hiylasi” bobida Otabek va Kumushning ikki yillik ayriliqdan keyingi uchrashuvi qalamga olinadi. Bu uchrashuv Hasanalining uyida kechadi. Asarda bu uy to‘g‘risida: “Tozagina yig‘ishtirilib, o‘rta hollik kishilarning uyidek asbob-jihozlar bilan ziynatlangan edi. Devorlar ganchlangan, shiplar sirlangan, oyoq osti alvon gullik kiyiz bilan to‘shalgan va taxmonga kirpo‘sh ko‘rpalar osilgan edi”, deyiladi. (O‘sha manba, 329-bet.) Keyin “taxmonga osilgan kirpo‘sh o‘z-o‘zidan qimirlagandek bo‘lgani” ta’kidlanadi va uning orqasida Kumushning turgani ma’lum qilinadi. “O‘tkan kunlar”ning bu kabi o‘rinlari adibning voqealarga sirli tus berish mahoratini namoyish etish barobarida, qahramonlarning xarakterini ham ochib beradi. Hasanalining uyi tasviri ham shunday deyish uchun asos bo‘la oladi. Birinchidan, u Hasanalining ozoda-pokiza tabiatini, u Yusufbek xoji xonadonidagilar uchun qul emas, qadrdon kishiga aylanganini bildiradi. Ikkinchidan, Yusufbek xoji xonadonidagilarning diyonatli kishilar ekanligi, ular Hasanaliga qul emas, shu oilaning bir a’zosi deb qarab, uning o‘rtahol kishilardek uy-ro‘zg‘or qilib turmush kechirishiga imkoniyat bergani to‘g‘risida tasavvur uyg‘otadi.
Abdulla Qodiriy qahramonlarining kayfiyat, kechinmalarini qalamga olayotganida bamisoli ruhshunosga aylanadi. Jumladan, manzil-makonning qahramonlariga qanday ta’sir ko‘rsatishiga e’tibor qaratadi. Otabek nohaq quvlanganidan keyin qaynotasi hovlisi oldidan o‘tayotgandagi holatini: ”Uzoq to‘xtab turmay, sobit va kuchli odimlar bilan poyafzal rastasiga yurdi. Garchi bu ko‘cha uning yuziga qizarib-oqarish va bo‘zarib-sarg‘ayish tuslari berar edi, o‘sha voqeadan so‘ng, onalar ta’biricha “ilon chiqqan” bu ko‘chaga birinchi kirishi, birinchi jasorati edi. Ko‘chaning burilishida yana biroz uning odimlari sekinlashsa ham, lekin odimlashini qo‘ymay boraverdi. Uzoqdan qutidorning tilsimli darvozasi ko‘rinib turar edi… Darboza yonidagi mash’um tol daraxti ham nomuborak bir ishga guvohlik bergan kabi bo‘lar edi”, deb tasvirlaydi. (O‘sha manba, 222-bet) Haqiqatan, insonning tasavvuri xotirasida o‘rnashib qolgan zamon va makon ta’sirida harakatga keladi. Chunki har qanday voqea inson xotirasiga muayyan zamon va makon orqali “muhrlanib” qoladi. Kishi o‘sha joyni ko‘rganida uning ongostiga tushib ketgan kechmish voqealari daf’atan xotira ko‘zgusiga qalqib chiqib, kishining ko‘z o‘ngida namoyon bo‘la boshlaydi. O‘sha paytda odam o‘tmishini ayni holati bilan taqqoslab, o‘ziga-o‘zi savol berib, hayotini taftish qiladi. “O‘tkan kunlar” qahramoni Otabek ham Mirzakarim qutidor hovlisi oldiga borganida shunday holatga tushadi.
Abdulla Qodiriy “O‘tkan kunlar” romanini yozayotganida zamonaviy o‘zbek nasri endi tetapoya bo‘layotgan edi. U paytlarda xorijiy adabiyotdan sanoqli asarlar tarjima qilingan edi. O‘tgan asr 20-yillarigacha Yevropa adabiyotidan biror bir roman o‘zbek tiliga tarjima qilinmagan edi. Lev Tolstoyning ayrim kichik hikoyalarini mustasno qilganda, rus adiblarining hikoya, qissa, romanlari ham o‘zbekchalashtirilmagan edi. Ana shunday bir paytda Abdulla Qodiriy hayot manzarasi haqqoniy aks ettirilgan roman yaratdi. U “O‘tkan kunlar” asarida o‘zbek adabiyotida birinchi bo‘lib qahramonlar turgan zamon va makon manzarasini mahorat bilan tasvirlab berdi. Ushbu romandagi zamon va makon tasvirida voqelikdagi har bir unsur o‘z o‘rnida ko‘rinadi. Yorqin ranglarda chizilgan bu unsurlar tasavvurda aniq jonlanadi. U ko‘plab tarixiy romanlar muallifi, arab yozuvchisi Jo‘rji Zaydon (1861-1914) asarlaridan ta’sirlanganini ta’kidlaydi. “Meni ro‘mon yozishg‘a havaslandirgan Misr fuzalosidan ustoz Jo‘rji Zaydon”, deydi. Tanqidchi Sotti Husayn “O‘tkan kunlar” ning ancha joyi Jo‘rji Zaydonning “Armanusa”, “O‘n yettinchi ramazon” ro‘monlarig‘a o‘xshab ketadi”, degan. Lekin arab adibining asarlari bilan “O‘tkan kunlar” romanidagi zamon va makon tasviri taqqoslansa, Abdulla Qodiriy qahramonlarining holat, kechinmalarini aks ettirishda yuksak mahoratini namoyish qilgani ayon bo‘ladi. “O‘tkan kunlar”ning: “Kuz kunlarining oxiri va qish kunlarining boshi edi. Daraxtlardagi sariq barglar to‘kilib tugalgan, yer yuzi o‘zining qishki sariq kiyimini kiygan edi. To‘rt tomonining o‘ralganligi soyasida yaproqlarini to‘kilishdan saqlab qolgan bu gilos yog‘ochlari ham bu tungi qora sovuqqa chidolmay, yelning ozgina harakati bilan-da barglarini shitir-shitir uzib tashlamoqda edilar. Havo ochiq bo‘lib, quyosh tuzukkina ko‘tarilgan, ammo uning ham bu kun uncha ta’siri yo‘q, bu kungi qora sovuq quyosh kuchini-da kesgan edi…” kabi o‘rinlar shundan dalolat beradi. (O‘sha manba, 213-bet.) Romanda bunday ta’sirchan sahifalar talaygina bo‘lib, ularda qahramonlar holati zamon va makonga uyg‘un tarzda tiniq tashbehlar, nozik kuzatishlar asosida ifodalanadi.
”O‘tkan kunlar”da muallif zamon va makonni tasvirlash orqali tarixiy voqelikni asliga monand ko‘rsatish, turmushni badiiy gavdalantirishga erishgan. Har qanday asarning qimmati esa uning hayotni haqqoniy ko‘rsatishi, odamlarning ta’sirchan obrazlarini gavdalantirishi bilan belgilanadi. Shuning uchun Oybek “Abdulla Qodiriyning ijod yo‘li” asarida: “O‘tkan kunlar” romani tarixiy syujetga ega. Haqiqatan, asarda juda ko‘p tarixiy voqealar, faktlar tasvir etiladi. Yozuvchi tarixiy faktlarni ko‘proq kiritib, asarda tarixiy turmushni eslattirishga, tarixiy manzarani ta’min qilishga ham muvaffaq bo‘ladi. Voqealarni chindan xam tarixiy bir sharoitda, tarixiy kartinalar doirasida inkishof qiladi. Voqealarning davomida yozuvchi obstanovkani shunday tasvirlaydiki, chindan ham bo‘yoqlar turmushning tarixiy xususiyatga ega ekanini gavdalantiradi”, deb ta’kidlagan.
Ma’lumki, har qanday asarning barcha o‘rinlari emas, balki voqealar eng keskinlashgan, to‘qnashuvlar shiddatli tus olgan sahifalari kishini o‘ziga ohanraboday tortadi. Oq qog‘oz bag‘riga bu ohanraboni joylashtirishdan mashaqqatliroq ish bo‘lmasa kerak. Buning uchun, avvalo, voqealar kechayotgan zamon va makon manzarasini mahorat bilan chizib ko‘rsatish, qahramonlarning xatti-harakati, turli kechinmalarini o‘quvchi aniq his qiladigan darajada so‘zlab berish lozim. O‘quvchi “O‘tkan kunlar” romani qahramoni Otabekning raqiblari bilan duch kelishini butun vujudi bilan his qiladi. Yoki Kumushning tushkun kayfiyati, iztirob chekkan holati kishini beixtiyor mahzun qilib qo‘yadi. Chunki adib asarning ayni o‘rinlarida hayotiy hodisalarni ajoyib tarzda ta’sirchan ifoda etadi. Qalamga olinayotgan voqealar xuddi shu paytda bo‘layotganday tuyuladi. O‘quvchining qalbida allaqanday bezovtalik yuz beradi. Unda ilgari sezilmagan kechinmalar, hissiyotlar paydo bo‘ladi. Chunki sahifalarda bitilgan so‘zlarda kishilarning murakkab taqdiri ko‘rinadi. “O‘tkan kunlar”dagi qahramonlar ruhiy holati tasvirlangan o‘rinlar har kimda sirli hissiyotlar uyg‘otadi. So‘zlar poetik mazmun kasb etganida shunday ta’sir o‘tkazadi. “Qalovini topsa, qor yonadi” deganlaridek, san’atkor qalbidan quvvatlanib chiqqan so‘zlar ham o‘zidan nur taratadi. Odamlar esa so‘zlar taratadigan turfa xil yog‘dularni, undagi ma’nolar jilosini butun vujudi bilan his qilishadi. Ularning ongi, qalbi boshqa narsalardan ko‘ra so‘zlardan ko‘proq ta’sirlanadi. Chunki odamlar olamni so‘zlar vositasida idrok etishadi. So‘zlarning ohang tovlanishlaridan xilma-xil ma’nolarni anglashadi. Abdulla Qodiriy “O‘tkan kunlar” va “Mehrobdan chayon” romanlarida cheksiz va abadiy hayot ummonidagi muayyan zamon va makonni, undagi odamlarning taqdir-qismatini, quvonch va iztiroblarini ko‘rsatish orqali so‘z – ilohiy ne’mat ekanligini, uning mislsiz qudratini namoyon etadi. Shuning uchun ulug‘ adibning bu asarlari qancha zamonlar o‘tsa-da, kishilarni maftun etib keladi.
“Sharq yulduzi” jurnali, 2015 yil, 2-son
Abdulla Ulug‘ov 1960 yilda tug‘ilgan. 1983 yilda Toshkent Davlat universiteti (hozirgi O‘zMU)ning o‘zbek filologiyasi fakultetini tamomlagan.“Qissachiligimiz qirralari”, “Inson ibratga intiladi”,“Asl asarlar sehri”, “Vatan – va tan”, “Qalb qandili” kabi kitoblari, “Adabiyotshunoslikka kirish”, “Turkiy xalqlar adabiyoti” singari o‘quv qo‘llanmalari nashr etilgan. Ayni paytda, O‘zbekiston Milliy universiteti dotsenti.