Abdulla Ulug‘ov. Arastu anglatgan adabiyot

Insoniyat tarixidagi mashhur mutafakkirlardan biri Arastu ham barcha nomdor aql-idrok sohiblari singari nafaqat favqulodda o‘tkir zehni, balki o‘zining tashqi ko‘rinishi bilan ham atrofdagilarning e’tiborini tortgan. Miloddan avvalgi 384–322  yillarda yashab o‘tgan bu yunon donishmandi, manbalarda ma’lum qilinishicha, “kalta soqol qo‘yib, doim sochini peshonasiga tushirib yurgan”. Tasavvurimizda uning sog‘lomlik barq urib turgan vujudidan, baland qaddi-qomatidan, o‘tday yonib turadigan chiroyli ochiq chehrasidan, chaqnagan ko‘kish ko‘zlaridan, uzun qilib o‘stirilgan mayin, jingalak sochlaridan, paydor bilaklaridan, uzun barmoqlaridan, umuman, baquvvat jismining har bir uzvidan unga ro‘para kelgan har qanday kishiga ham jisman, ham ruhan ta’sir qiladigan allaqanday salobat yog‘ilib turgan. Chunki nomi asrlar osha o‘chmasdan kelayotgan allomaning surati – tashqi ko‘rinishi ham uning siyrati – ichki dunyosi, aql-tafakkuri singari ulug‘vor, salobatli bo‘lgan. Borliqdagi barcha narsaga mushohada yuritish manbasi sifatida qaragan bu yunon donishmandining kishiga sinchkovlik bilan tikiladigan o‘tkir nigohlarida kishilar bilan suhbatlashayotgan paytida, shogirdlariga nimanidir uqtirayotgan chog‘ida bilinar-bilinmas zavq o‘ynagan. U munozaralar chog‘ida quvnoq tiyrak ko‘zlarini suhbatdoshiga tikkancha, so‘zlari unga qanday ta’sir qilayotganini kuzatgancha jilmayib turgan. Bahslashuvchilarning bema’ni fikrlaridan jahli chiqqanida yoki bo‘lak bir sababdan asabiylashganida esa shoshib, tez-tez gapira boshlagan. O‘shanda uning ovozi dag‘al, ham bir oz balandroq chiqqan.

Iste’dodli kishilar ham hammaga o‘xshagan bir odam bo‘ladi-yu, lekin ular qaysidir jihatlari bilan boshqalardan biroz ajralib ham turadi. Bu tafovut ularning bo‘y-basti, yuz-ko‘zi, xatti-harakati, so‘zlash tarzi, hodisalarga yondashishi va yana boshqa jihatlarida seziladi.

Iste’dodli insonlarning qadri, ko‘pincha, ular dunyodan o‘tganidan keyin bilinadi. Ular hayotlik chog‘ida ko‘rmagan hurmat-e’tiborga vafot etganidan keyin erishadi. To‘g‘rirog‘i, kishilar ularning iste’dodi, qobiliyatini hayotligida emas, bu dunyodan o‘tganidan keyin tan olishadi. Insoniyatning ko‘hna tarixi ham, yaqin o‘tgan davr ham, hozirgi zamon ham iste’dodli kishilarga hasad “o‘q”iga nishon bo‘lib qiynalish, mashaqqatli mehnat bilan izlanib yashash, sarson-sargardon kun kechirib, boshqalar muyassar bo‘lmagan muvaffaqiyatlarga erishish qismat qilib belgilanganidan dalolat beradi. Iste’dodli insonlarga Yaratguvchi atrofdagilarning diqqatini tortadigan qiyofa, nozik fe’l-atvor, yuksak did, favqulodda o‘tkir zehn, talay zamonlar odamlar uchun jumboq bo‘lib qoladigan g‘aroyib qismat va yana ko‘p ajoyib xususiyatu xislatlar ato etadi…

O‘zini Aristokl (eramizdan avvalgi 428–347 yillar)ning shogirdi sanagan, dunyoning ko‘p mamlakatlarini zabt etgan mashhur sarkarda Aleksandr Makedonskiy (eramizdan avvalgi 356–323 yillar)ga ustozlik qilgan Aristotel Sharqda “Arastu” nomi bilan shuhrat qozongan. Uning ustozi Aristokl esa “Aflotun” deb ulug‘langan. Aflotun ham, Arastu ham ulardan keyingi allomalar ham “ustoz” deb e’zozlagan Sokrat (eramizdan avvalgi 470 – 399 yillar) bo‘lsa, “Suqrot” deb sharaflangan. G‘arbliklar ham Sharq allomalari ismiga xuddi shu tarzda “tahrir” kiritib, ularni o‘ziniki qilib olishgan. Yevropada Ibn Sino (980–1037 yillar) “Avitsenna”, Ibn Rushd (1126–1198) “Averroes”, Abu Abbos Ahmad Farg‘oniy (vafoti 860 yil)  “Alfraganus” va h.k. Muhammad ibn Muso Xorazmiy (780–850)  “Algorezmus” deb ulug‘langan. Ibn Sino asarlari o‘quv yurtlarida tibbiyot bo‘yicha tayanch manba sifatida o‘qitilgan bo‘lsa, Ibn Rushdning diniy va falsafiy qarashlari asosida G‘arbiy Yevropada “averroizm” degan falsafiy-estetik ta’limot vujudga kelgan.

Arastu salkam ikki yuzta asar yozgani, ulardan o‘ttiz bittasigina bizgacha yetib kelgani qayd etiladi (“Tafakkur” jurnali, 2016 yil, 2-son. B.27-28-betlar). Mana shu dalilning o‘ziyoq  “mantiq ilmi asoschisi”, “etika ilmining boshlovchisi” deya ulug‘lanadigan Arastu buyuk qomusiy olim, ulug‘ mutafakkir ekanidan dalolat beradi. Borliqni kuzatib, uning hodisalari haqida mushohada yuritishdan zavqlangan va uni ezgulikka erishish manbai deb qaragan bu yunon donishmandi adabiyotshunoslik fanining ham tamal toshini qo‘ygan. U o‘zining “Poetika” asarida birinchi bo‘lib adabiyotshunoslik negizida badiiy asarlarni tahlil qilish turishini, bu fan tilshunoslik va mantiq, tarix va san’atshunoslik, estetika va etika, falsafa va siyosat kabi ijtimoiy fanlar bilan chambarchas bog‘liqligini ko‘rsatib bergan. Teran ilmiy-nazariy tahlilga asoslangan “Poetika” ham, olimning boshqa asarlari ham shu bois alohida ta’limot sifatida e’tibor qozongan. Arastu ta’limoti, uning asarlarida ilgari surilgan g‘oya va qarashlar xususida bahslar G‘arbda ham, Sharqda ham asrlar bo‘yi to‘xtamasdan davom etgan. Jumladan, Ibn Sino Arastuning “Osmon haqida” va “Fizika” asarlari xususida mulohaza yuritib, shogirdi Baxmanyor bilan shu xususda yozishmalar qilgani manbalarda ko‘rsatiladi.

“Poetika”, “Axloqi kabir” asarlarining e’tiborli jihati shundaki, Arastu hech bir o‘rinda o‘quvchiga o‘zining fikr va xulosalarini o‘tkazishga urinmaydi. Alloma boshqa asarlarida ham kishilarga biror bir masala xususida saboq berishga kirishib ketmaydi. Ammo u tabiat va jamiyat hodisalari, inson dunyosi murakkabliklari xususida shunday teran mushohada yuritadiki, har qanday o‘quvchi beixtiyor uning fikriga qo‘shiladi.

Arastu: “Tarixchi va shoir bir-biridan shu jihatdan farq qiladiki, ulardan biri haqiqatda bo‘lgan, ikkinchisi esa bo‘lishi mumkin bo‘lgan voqea haqida so‘zlaydi. Shuning uchun poeziya tarixga qaraganda falsafiyroq va jiddiyroq; poeziya ko‘proq umumiy, tarix esa alohida voqealarni tasvirlaydi” deydi. Bu fikr darslik, qo‘llanmalarda ko‘p takrorlanganidan uni hamma biladi. Ammo hozir barchaga ayon ana shu fikrni dastlab Arastu aytganini hamma ham xayoliga keltirmaydi. Yangi texnika vositalari, dori-darmon va hokazolarni o‘ylab topish “ixtiro” deyiladi-yu,  kimdir birinchi bo‘lib aytgan yuqoridagiga o‘xshash fikrlar xususida bunday deyilmaydi. Aslida ayni xildagi mulohazalar ham kashfdir. Chunki Aras­tudan avval shu fikrni hech kim aytmagan. Vaholonki, har qanday odam yangi uskuna, asbob ishlab chiqarolmagani singari yangi fikr, yangi g‘oyani ham hamma aytolmaydi.

Yangi fikr, yangi g‘oya ko‘ngilda kutilmaganda, to‘satdan paydo bo‘ladi. To‘g‘rirog‘i, Xudo uni kimningdir ko‘ngliga soladi. U uzoq vaqt kuzatish, o‘ylash, taqqoslash, tahlil qilish, izlanishning “meva”si sifatida o‘sib chiqadi. Shu bois “Insoniy komediya” muallifi Onore de Balzak “XIX asr frantsuz yozuvchilariga maktub”ida: “Fikrni Xudo beradi va u Xudoga qaytadi, fikr qurollardan yuqoriroq turadi, fikr ularning boshiga toj bo‘lib qo‘nmog‘i va ularni tojdan mahrum etmog‘i mumkin” deydi (Jahon adiblari adabiyoti haqida. – Toshkent, Ma’naviyat, 2010. – B.216.). Hozir adabiyot va san’at haqida ko‘pchilik biladigan, barchaga ayon, hammaning mulkiga aylangan talay fikrlar aslida dastlab Arastu asarlarida bayon qilingan. Alloma “Poetika”, “Axloqi kabir” va boshqa asarlarida ilgari surgan, aniqrog‘i, unga Xudo bergan qarashlarini shogirdlari bilan muhokama qilgan. Ular esa ustozlarining mulohazalarini yozib olib, boshqalarga yetkazgan.

Miloddan avvalgi zamonda yashagan bu donishmandning: “Haqiqatni izlash ham oson, ham mushkul. Chunki hech kim unga to‘liq erisholmaydi. Shuning barobarida, hech kim uni umuman payqamasligi ham mumkin emas. Ammo har bir odam tabiatni anglashimiz uchun ozgina bo‘lsa-da, o‘z hissasini qo‘shadi. Ushbu ulushlar yig‘ilib esa ulug‘vor manzarani hosil qiladi”, degan so‘zlari Vashingtondagi Milliy fanlar akademiyasi binosi peshtoqiga yozib qo‘yilgan (Haqiqat manzaralari. 96 mumtoz faylasuf. – Toshkent, Yangi asr avlodi, 2002. B.98.).

Arastu Frakiyadagi Stagira shahrida tug‘ilgan. Uning otasi Nikomax Makedoniya hukmdori Amint II ning shaxsiy tabibi bo‘lgan. Shu bois Aras­tu bolaligida Makedoniyaning bo‘lg‘usi hukmdori Filipp bilan birga ulg‘aygan. Arastu 17 yoshidan 37 yoshigacha (367–347 yillar) – yigirma yil Aflotunning Akademiyasida tahsil olgan. Aflotunni ustozi Suqrot “Platon” deb chaqirgan. “Platon” so‘zi “keng yelkali, gavdali” ma’nosini bildiradi. Aristokl – Aflotunning ko‘rinishi, qaddi-qomati haqiqatan shunday bo‘lgan. Uning munozaralar paytida davra o‘rtasiga chiqib kelishi yag‘rindor yelkalari bilan ilmning og‘ir yukini ko‘tarish uchun dunyoga kelgan pahlavon ekanini bildirib turgan. Donishmandlik ramzi sanalgan Aflotun juda ko‘p asarlar bitgan bo‘lsa-da, bizgacha uning she’riy yo‘lda bitilgan 25 tacha miniatyura-epigrammasi yetib kelgan. Shuningdek, 23 ta asl nusxadagi va 11 ta uning qalamiga mansub deb taxmin qilinadigan suhbati, “Suqrot madhi” deb nomlangan nutqi hamda 13 ta maktubi ma’lum.

O‘zini Aflotunning shogirdi sanagan Arastu Sharqda “Iskandar Maqdunli” nomi mashhur Aleksandr Makedonskiyga murabbiylik qilib, unga falsafa, matematika, tarix kabi fanlardan va o‘sha zamonda g‘oyat qadrlangan jismoniy tarbiya, kamondan otish, kurash kabi jang san’atlaridan saboq bergan. Arastu ham xuddi ustozi Aflotun singari tirishqoq, intiluvchan shogirdlariga mehr va xayrixohlik bilan qarab, ularning fikrlarini qadrlagan hamda boshqalarning o‘z qarashini erkin, bemalol aytishiga yo‘l bergan. Aleksandr Makedonskiy hukmdor bo‘lgach, ustozining haykalini yasattirib, uning poyiga: “Aleksandr Makedonskiy ushbu yodgorlikni Nikomaxning o‘g‘li, ulug‘ donishmand va avliyo Aristu xotirasiga o‘rnatdi” deb yozdirgan.

Suqrot, Aflotun, Arastu yashagan davrda Yunonistonda madaniyat yuksak darajada rivojlangan va san’atning ko‘pgina turlari: teatr, musiqa, haykaltaroshlik, me’morchilik, she’riyat, dramaturgiya ravnaq topgan. O‘sha zamonda odamlarni hayotdagi turli fojialardan, inson taqdiri jumboqlaridan ogohlantiruvchi tragediya, jamiyatdagi ijtimoiy illatlarni, kishilarning axloqsizliklarini fosh etuvchi komediya, adolatli davlat tuzumini, insonparvarlik qonunlarini himoya qiluvchi voizlik san’ati (ritorika) jamiyatning ijtimoiy-siyosiy, ma’naviy hayotida muhim o‘rin egallagan. Yunon donishmandlari o‘z zamonasining ijtimoiy-siyosiy muammolari, inson tabiati murakkabliklari, uning fe’l-atvoridagi jumboq jihatlar, kishilararo munosabatlardagi mantiq qoliplariga sig‘maydigan chigalliklar, borliq, tabiat hodisalari, davlatni boshqarish, ta’lim va tarbiya masalalari, ruh va tana, adolat, halollik xususida mulohaza yuritib, munozara qilishgan va bunda hamisha Homerning “Iliada”, “Odisseya” dostonlariga, Sofokl, Evripid va boshqa ulug‘ shoirlarning asarlariga murojaat etishgan. Ular inson ruhi, din ahkomlari, davlat qonunlari, hukmdor va tobe odam munosabati, bu dunyo va narigi dunyo hamda boshqalar xususida bahslashish asnosida haqiqatni aniqlamoqchi bo‘lishgan. Masalan, Aflotunning “Davlat” asari ikkinchi kitobida qayd qilinishicha, suhbatlarning birida Glavkon Suqrotga: “Adolatsiz ishlar qilishni hamma yaxshi ko‘radi. Odamlar faqat davlat qonunlaridan va jamoatchilik fikridan qo‘rqqani uchun o‘zlarini nohaq ishlardan tiyib turishadi. Inson qulay imkoniyat topishi bilan nohaq ishlar yordamida mol-dunyo, mansab, obro‘ topishga kirishadi” deya e’tiroz bildirgan va bu fikrini asoslash uchun Esxilning “Fivaga qarshi yettovlon” dramasidan: “Odamzot o‘zini adolatli qilib ko‘rsatishi kerak emas, balki chindan ham odil bo‘lishi kerak” degan fikrini keltirgan. Shunda donishmand Suqrot Glavkonning bu mulohazalarini maqtagan (Boltaboyev H., Mahkamov M. Adabiy-estetik tafakkur tarixi. 1-jild. – Toshkent, Mumtoz so‘z, 2013. – B.146.).

Arastu insoniyat hanuzgacha ulug‘ donishmand sifatida sharaflab kelayotgan Suqrot, Aflotun singari mutafakkirlarning teran, purma’no mulohazalaridan ta’sirlanib, aqliy, ma’naviy kamolotga intilgan. U shu tariqa o‘zigacha bo‘lgan davrda yunon ilm-fani erishgan bilimlarni o‘zlashtirgan hamda “Poetika”, “Ritorika”, “Fizika”, “Metodika”, “Metafizika”, “Jon haqida”, “Osmon haqida”, “Sevgi haqida”, “Uyqu va bedorlik haqida” singari asarlar yozgan. Arastu hayot voqeligini qiyoslashga asoslangan teran mantiqiy mulohazalari, keng qamrovli, chuqur umumlashmaga ega xulosalari bilan tabiat, jamiyat va inson to‘g‘risidagi mavjud bilimlarni rivojlantirgan. Jumladan, “Poetika”, “Axloqi kabir”, “Ritorika” asarlarida Suqrot, Aflotunning qarashlarini ba’zan ma’qullab, ba’zan inkor qilib, kengaytirib chuqurlashtirgan.

Arastuning “Poetika” asari eramizdan avvalgi 336–332 yillarda yozilgan. Mutafakkirning hayot tajribasi ortib, aql-tafakkuri kamolga yetgan bir paytda – taxminan ellik yoshga yaqinlashgan chog‘ida bitgan bu kitobi to hozirgacha mo‘tabar manba sifatida qadrlanadi va u ko‘pgina tillarga tarjima qilinib, unga necha zamonlardan beri sharhlar bitiladi. Jumladan, ushbu asar IX asrda suryoniy tiliga, taxminan 930 yilda esa suryoniy tilidan arab tiliga o‘girilgan. Sharq mutafakkiri Abu Nasr Forobiy (873–950) Arastuning ana shu asari ta’sirida “She’r san’ati qonunlari haqida risola”sini yozgan hamda “Poetika”ga sharh bitib, bu asarning mazmuni va mohiyatini izohlagan. Ibn Sino (980–1037), Ibn Ro‘shd (1126–1198) kabi olimlar ham Arastuni ardoqlab, uning “Poetika”si xususida ehtirom bilan mulohaza bildirgan. Sharqda Arastuning boshqa asarlariga ham katta qiziqish bilan qaralgan. Abu Nasr Forobiy Sharqda “ustozi avval” deya ta’riflangan Arastuning asarlariga sharhlar bitib, ularni keng ommaga tushunarli tarzda bayon qilgani bois “muallimi soniy” – “ikkinchi muallim” deb ulug‘langan.

Al Forobiy at-Turkiy yunon mutafakkiri ilmiy merosiga benihoya mehr qo‘yib, uning barcha asarlarini cheksiz qiziqish va ishtiyoq bilan mutolaa qilgan. Bu xususdagi ma’lumotlar esa, rosti kishini hayratga soladi. Manbalarda qayd qilinishicha, bu ulug‘ ajdodimiz Arastuning “Jon haqida” asarining chetiga o‘z qo‘li bilan “Men bu asarni 200 marta o‘qidim” deb yozib qo‘ygan ekan. Forobiy yunon donishmandining “Ritorika” asarini 200 marta, “Tabiiy uyg‘unlik” asarini esa 40 bor o‘qigani qayd qilinadi.

Arastuning asarlari esa o‘quvchisiga zavq-shavq beradigan, uning tuyg‘ularini to‘lqinlantirib, hissiyotlarini jo‘shtiradigan o‘tkir syujetli asar emas. Suqrot, Aflotun, Arastu asarlarini mutolaa qilish uchun chidam, quntdan tashqari, kishida ilmga bo‘lgan ixlos talab etiladi.

Naql qilinishicha, Ibn Sino ham yunon mutafakkirining “Metafizika”sini qirq marta o‘qigan, ammo unchalik tushunolmagan, oradan ancha vaqt o‘tib, Forobiyning sharhi bilan tanishganidan keyingina ushbu asar mazmun-mohiyatini anglagan ekan (Arastu. Poetika (Poeziya san’ati haqida). Axloqi kabir. –Toshkent, Yangi asr avlodi, 2004. –B.81.). Bizga rivoyat, mubolag‘a bo‘lib tuyuladigan ushbu dalil ham ajdodlarimizning ilmga ishtiyoqi baland bo‘lganini bildiradi.

Arastuning “adabiyotshunoslikka oid dastlabki tadqiqot” deya e’tirof etiladigan “Poetika” asari, afsuski, bizgacha to‘liq yetib kelmagan. Uning saqlanib qolgan ayrim qismlarigina shunchalik e’tibor qozonib, ming yillardan beri adabiyotshunoslik, san’atshunoslik va boshqa sohalar uchun mo‘tabar manba bo‘lib kelayotgani daholarning mulohazalari barcha zamonlarga birday daxldorligi, ularning qarashlari, asrlar oshsa-da, eskirmasligidan dalolat beradi. “Poetika” to‘g‘risida Forobiy, Ibn Sino singari qadimgi zamon mutafakkirlarigina emas, XX–XXI asr faylasuflari, adabiyotshunoslari ham maroq bilan mulohaza yuritishayotgani bu haqiqatni yana bir bor tasdiqlaydi. Arastuning ilmiy merosiga bag‘ishlangan tadqiqotlar orasida A.F.Losev, F.A.Petrovskiy, A.S.Axmanov singari rus olimlarining asarlari alohida ajralib turadi. “Poetika”ni o‘zbekchaga o‘girilgan nashriga ularning ayrim maqolalari tarjima qilinib kiritilgan. Ular Arastu asari mazmunini yaxshiroq tushunib, uning ilmiy-estetik tafakkur tarixidagi beqiyos o‘rnini anglashda o‘quvchiga yaqindan ko‘maklashadi. Arastu “Poetika”si bizda dastlab 1980 yilda Mahkam Mahmudov va Ummat To‘ychiyev tarjimasida, tuzatilgan ikkinchi nashri esa 2004 yilda chop qilingan. Zahmatkash adabiyotshunos, tarjimon, adib Mahkam Mahmudov ana shu nashrga yunon allomasining “Axloqi kabir” asari va unga sharhlarni ham tarjima qilib kiritgan.

Arastu zamonida, undan avvalgi va keyingi davrda G‘arbda badiiy adabiyot “poeziya” deyilgan. Hozirgi tushunchadagi badiiy adabiyotni “poeziya” deb atash Pushkin yashagan paytdan boshlab taomilga kirgan. Shuning uchun V.G.Belinskiy (1811–1848) adabiyot va uning ijtimoiy hayotdagi o‘rni, rus va jahon adabiyoti tarixining yorqin sahifalariga bag‘ishlangan salmoqli tadqiqotini “Poeziyaning xil va turlarga bo‘linishi” (1841) deb nomlagan. (ulug‘ rus tanqidchisining ushbu asarini Oybek o‘zbek tiliga tarjima qilgan).

“Poetika”ga qavs ichida “poeziya san’ati haqida” deb izoh berilgan va bu asarga bag‘ishlangan tadqiqotlarda Arastu badiiy adabiyotni “poeziya” deb atagani ta’kidlangan. Yunon mutafakkirining necha zamonlardan buyon adabiyotni anglash alifbosi bo‘lib kelayotgan ushbu asari hajman kichkina bo‘lib, yaxlit holda bo‘lgan. Mazkur asarni yunonchadan ruschaga o‘girgan M.L.Gasparov uni kichik sarlavhali qismlarga bo‘lib chiqqan. Arastuning ushbu asari o‘zbekchaga V.G.Appelrot hamda M.L.Gasparovning ruscha tarjimasi asosida o‘girilgan. Mahkam Mahmudovning qayd etishicha, “Poetika”ni XII asrda Ibn Rushd arab tiliga tarjima qilgan. 1256 yilda G.Alleman ana shu tarjima asosida uni lotin tiliga o‘girgan. 1508 yilda venetsiyalik G.Valla “Poetika”ni yunonchadan lotin tiliga o‘tkazgan. Rus tiliga esa uni turli vaqtlarda V.K.Trediakovskiy, S.P.Shevirev, B.I.Ordinskiy, V.G.Appelrot, M.L.Gasparov va boshqalar ham tarjima qilishgan. “Poetika”ning rus tilidagi tarjimalari orasida V.G.Appelrotning 1893 yilda amalga oshirgan o‘girmasi va M.L.Gasparovning 1978 yilda Moskvadagi “Nauka” nashriyotida bosilib chiqqan tarjimasi o‘zining aniqligi bilan alohida ajralib turishi ta’kidlanadi. Eramizdan avval bitilgan ushbu asarni o‘quvchilar tushunishini osonlashtirish maqsadida M.L.Gasparov matnga yuqoridagi shartli sarlavhalarni kiritgan.

“Jahondagi birinchi adabiyot nazariyasi” deya e’tirof qilinadigan mazkur tadqiqot sof ilmiy akademik uslubda yozilgan va unda poeziya, ya’ni badiiy adabiyotning asosida hayot turishi, shoir undagi hodisalarning o‘xshashini ijod qilishi yoki ularni qaytadan gavdalantirishi uqtirilgan. Arastuning ushbu asari: “Biz umuman, poetik san’at to‘g‘risida, shuningdek, uning alohida ko‘rinishlari va ulardan har birining imkoniyatlari, poetik asarning yaxshi chiqishi uchun rivoyat (mifos) qanday tuzilmog‘i lozimligi to‘g‘risida so‘zlaymiz. Bundan tashqari, asarning nechta va qanday qismlardan iborat bo‘lishi, shu bilan birga, bu tadqiqotga tegishli bo‘lgan hamma boshqa masalalarga to‘xtalib o‘tamiz”, deb boshlangan. Asar bilan tanishib chiqilgach esa yunon donishmandining “bu tadqiqotga tegishli bo‘lgan hamma boshqa masalalar” xususidagi mulohazalari bizgacha yetib kelmagani aniq ayon bo‘ladi. Lekin zamonlar osha adabiyotning mohiyatini anglashda muhim manba bo‘lib kelayotgan “Poetika”ning saqlanib qolgan qismi ham Arastu imkon boricha unga qalb qo‘rini to‘kkanini bildiradi.

Arastu mazkur asarida “poeziya – o‘xshatish san’ati” degan qarashni ilgari surgan va uning paydo bo‘lishi xususida fikr bildirib, poetik san’at ikkita sababga ko‘ra: gavdalantirish hamda o‘xshatish xususiyati asosida yuzaga kelishini qayd etgan. U o‘zining ushbu mulohazalarini asoslash uchun: “O‘xshatish – insonga bolalikdan xos xususiyat. Inson boshqa mavjudotlardan o‘xshatish qobiliyatiga ega ekanligi bilan ham farqlanadi, hatto, dastlabki bilimlarini u o‘xshatishdan oladi va bu jarayon samaralari barchaga huzur bag‘ishlaydi… Biz haqiqatda yoqimsiz ko‘ringan narsalarga, masalan, jirkanch jonivor va murdalar tasviriga zavq bilan boqamiz. Buning sababi shundaki, bilim olish faqat faylasuflarga emas, balki boshqa kishilarga ham juda yoqadi. Farq shundaki, oddiy odamlar bilish uchun tomosha qilmaydilar. Ular tasvirga zavqlanib qaraydilar. Chunki unga boqib, “mana bu narsa bunday ekan” deb mulohaza yuritishni o‘rganadilar. Agar o‘xshashi tasvirlangan narsani avval ko‘rmagan bo‘lsa, o‘xshatishdan emas, balki bichim, bo‘yoq yoki shunga o‘xshash boshqa narsadan zavq tuyadilar” degan (Arastu. Poetika (Poeziya san’ati haqida). Axloqi kabir. –Toshkent, Yangi asr avlodi, 2004. – B.23-24.). Arastuning endilikda barchaniki bo‘lib qolgan bu fikri mantiqan asosli ekanligi bois ming yillar o‘tsa-da, eskirmasdan keladi.  “Adabiyot – hayot voqeligining badiiy aksi” degan keng tarqalgan qarash zaminida Arastuning ana shu mulohazasi turadi. Uning ayni fikri “adabiyot qanday paydo  bo‘lgan?” degan savolga eng asosli javob bo‘la oladi. Adabiyotning mohiyatini anglash esa u qanday paydo bo‘lganini bilishdan boshlanadi. Bundan Arastu insoniyatga adabiyot aslida nima ekanligini birinchi bo‘lib tushuntirgan, bashariyatga so‘z san’ati mohiyatini anglatgan daho ekani ayonlashadi.

Hayotning sirli, jumboq bo‘lib kelayotgan jahatlaridan biri shundaki, Xudo ne’matlarining qadrini barcha bandalariga birdaniga bildirmaydi. U hamisha ayrim bandalarigagina ne’matlarining qadri, ahamiyatini ang­laydigan o‘tkir aql-tafakkur beradi hamda ular orqali o‘zining cheksiz mo‘jizalarini ma’lum qiladi. Arastuning adabiyot mohiyatini ayon etuvchi mulohazalari ham Olloh uni boshqalardan zukko qilib yaratganidan dalolat  baradi. Shu bois qancha zamon o‘tsa-da, uning qarashlari san’atning ijtimoiy hayotdagi o‘rni, adabiyotning o‘ziga xos xususiyatlarini anglashda tayanch asos bo‘lib keladi. Adabiyotni yevropacha andozada anglash Arastuning “Poetika”sidan boshlanadi. Forobiyning ushbu asarga yozgan sharhidan, Ibn Sinoning “Yorug‘lanish” asaridagi Arastu qarashlariga munosabatidan esa yunon donishmandining “Poetika”si va boshqa asarlari Sharqda ham hayot va uning so‘zdagi aksi – adabiyotning mohiyatini anglash, inson jumbog‘ini tushunishda o‘ziga xos e’tiborli manba bo‘lganini bildiradi.

Arastuning she’r navlari, shoirlarning bir-biridan farqi, o‘xshatish, tragediya, komediya, dramaning paydo bo‘lishi va ularning o‘ziga xos xususiyatlari haqidagi mulohazalari hozir ham eskirmagan. Uning tragediya, komediya, dramaning xususiyatlari to‘g‘risidagi fikrlari adabiyotshunoslikda allaqachon o‘zlashib, darslik, qo‘llanma, lug‘atlardan mustahkam o‘rin olgan. Arastu, jumladan, tragediyani: “U she’rning ma’lum bir navi bo‘lib, uning o‘qilayotganini eshitgan yoki o‘zi ovozini chiqarib o‘qigan kishi huzur qiladi. Tragediyalarda birovlarga misol (o‘rnak) bo‘la oladigan yaxshilik­lar va maqtaniladigan fe’l-atvorlar zikr qilinadi; bu vaznda shaharni boshqaruvchi hukmdorlar madh etiladi”, deb izohlaydi. Arastu tragediya va komediyaning paydo bo‘lishini qo‘shiq bilan bog‘laydi. Qo‘shiqlarning o‘zi esa badihago‘ylik – improvizatsiyadan kelib chiqqanini ta’kidlaydi. U tragediya, komediya, drama adabiy janr sifatida shakllanishi jarayonida ko‘p o‘zgarishlarga uchraganiga e’tibor qaratadi va bu o‘zgarishlar ularning teatr tomoshasi sifatida namoyish qilinishi bilan bog‘liqligini qayd etadi. Arastu adabiy janrlar manzarasidagi o‘zgarishlarni, birinchi nav­batda, unda inson obrazini gavdalantirishda ko‘radi. “Esxil bitta aktyor o‘rniga ikkita kiritdi, xor qismini ozaytirdi va dialogni birinchi o‘ringa qo‘ydi. Sofokl esa aktyorlarni uchtaga yetkazdi va dekoratsiyalar kiritdi” deydi. Bundan tragediyalar teatr tomoshasi sifatida namoyish qilingan ilk davrlarda sahnada, asosan, bitta aktyor harakat qilgani va u ko‘proq monolog o‘qigani ayonlashadi. Arastuning adabiyot manzarasini, janrdagi o‘zgarishlar darajasini belgilashda adabiy qahramon obrazini tayanch mezon qilib olgani adabiyotshunoslik uchun keyinchalik ham muhim asos bo‘lib qoldi. Chunki har qanday asardan asosiy maqsad inson obrazini – uning hayotdagi qiyofasi, holatini ko‘rsatishdir. Sahnada bir yarim-ikki soat namoyish qilinadigan, kitobda yetmish-yuz sahifani tashkil etadigan tragediyada ham, ikki misra – sanoqli so‘zlardan iborat fardda ham insonning muayyan holati, kayfiyati ifodalanadi. Shuning uchun adabiyot tarixiga baho berilganida, joriy adabiy jarayon xususida so‘z yuritilganida, albatta, asosiy e’tibor avvalo adabiy qahramon obraziga qaratiladi. “Poetika”da Esxil va Sofoklning tragediya janri kamolotiga qo‘shgan hissasi, so‘z san’atiga kiritgan yangiligi, yuqoridagi iqtibosdan ko‘rinadiki, aniq aytiladi. Bundan adabiyot tarixi va adabiy jarayonga baho berishda, birinchi navbatda, adabiy qahramon obrazini e’tiborga olish zarurligi anglashiladi. Ayonki, “Poetika”da asosiy ob’ekt qilib olingan tragediya, komediya, drama janriga mansub asarlarda emas, hikoya, qissa, roman, dostonlarda ham fe’l-atvori, dunyoqarashi bir-biridan tamoman farq qiladigan qahramonlar obrazi gavdalantiriladi. Ularda hukmdorlar, savdogarlar, zodagonlar, cho‘ponlar, dehqonlar, kosiblar, qaroqchilar va boshqalarning portreti chizilib, ularning hayot tarzi ko‘rsatiladi. Muallif asarida turli tabaqa kishilarining obrazini gavdalantiradi. Yozuvchi, shoir, dramaturg bir-biri bilan murosasiz kurash olib borayotgan personajlarning o‘y-kechinmalarini o‘zining ichki dunyosi asosida ochib beradi.

Forobiy “Poetika”ni sharhlar ekan: “Ayrim shoirlar tug‘ma qobiliyatli va she’r bitishga tayyor tabiatli kishilar bo‘ladi va ular tashbeh va tamsilga layoqatli bo‘ladilar… Bir xil shoirlar she’r san’atidan yetarlicha xabardor bo‘lishavermaydi, balki ular tug‘ma qobiliyatlarining yaxshiligi bilangina qanoat hosil qiladilar. Ular o‘zlarining iste’dod darajalariga ko‘ra ish tutadilar. Bunday shoirlar chinakam musaljis – mulohazakor shoirlardan sanalmaydilar. Chunki ularda she’r san’atini o‘zlashtirib olish uchun kamolot yetishmaydi va bu san’atda turg‘unlik bo‘lmaydi. Kimki unday odamning she’rini ko‘rib, u qobiliyatli odam ekan, deb o‘ylagan bo‘lsa, bu shuning uchunki, uning fe’l-atvorida shoirlarga xos bo‘lgan turq-ko‘rinish mavjudligidangina shunday mulohazaga kelingan. Yo bo‘lmasa, bu xil odamlar chinakamiga shoirlar san’atini egallagan bo‘lishadi, hatto, she’r ijodiga xos bo‘lgan xususiyatlardan birortasi ham, u qaysi she’r turiga aloqador bo‘lmasin, baribir, bu qonun-qoidalar undan qochib qutulolmaydi. Ular she’riyat san’atida qo‘llanadigan tashbeh va tamsillarni juda ham mahorat bilan ishlatadilar. Bu xil shoirlar chindan ham “qobiliyatli shoirlar” deyishga sazovordirlar. Ana shu ikki tabaqa shoirlar (tug‘ma qobiliyatli shoir hamda she’r yozish qonun-qoidalarini o‘rganib, o‘zlashtirishda uquvli shoir – A.U.) ga va ularning fe’llariga taqlid qiluvchilar bo‘ladi. Bular o‘sha ikki tabaqa shoirlar yo‘li – ijodini yodlaydilar. Ular o‘zlarida tug‘ma shoirlik tabiati bo‘lmagani holda, she’riy san’at qonun-qoidalaridan xabardor bo‘lib turib, tashbeh – o‘xshatish va tamsil – metaforalarning ketidan yuradilar. Yo‘ldan adashadigan va toyadigan shoirlarning ko‘pchiligi xuddi mana shu tabaqa shoirlar ichidan chiqadi”, deydi.

Arastuning boshqa fikrlari, xususan, adabiyotning paydo bo‘lishi va uning ahamiyati, adabiy turlar va janrlar haqidagi fikrlari ham qancha asrlar o‘tsa-da, jiddiy tarzda o‘zgarmasdan, adabiyotning mohiyatini ang­lashning alifbosi bo‘lib, kishilarning fikrini yorishtirib keladi. Shu bois Mixail Baxtin: “Janrlarning nazariyasi bizning zamonimizgacha ham Aristotel qoldirib ketgan nazariyaga hech qanday muhim yangilik qo‘sholgan emas. Uning “Poetika”si janrlar nazariyasining mustahkam poydevori bo‘lib qolaveradi. Faqat bu poydevor gohida shu qadar chuqurlikka o‘rnashadiki, uni ko‘rishning o‘zi amri mahol bo‘lib qoladi” deydi (Baxtin M.M. Literaturno-kriticheskiye stati. – M., Xudoj. lit., 1986. – S.396.). Bu ulug‘ rus adabiyotshunosi “Epos va roman” tadqiqotida roman janrining o‘ziga xos jihatlari to‘g‘risida mulohaza yuritish asnosida adabiyotshunoslikning nazariy muammolariga ham e’tibor qaratib: “O‘tmishning yirik va tugal poetikalari – Aristotel, Goratsiy va Bualo poetikalari adabiyotning yaxlitligini va bu yaxlitlik ichida barcha janrlarning mukammal uyg‘unlik hosil qilishini chuqur his etish ruhi bilan sug‘orilgan. Ular mazkur janrlar uyg‘unligini go‘yo ayon eshitib turadilar. Bu poetikalarning kuchi, betakror yaxlitlik sifatidagi mukammalligi va tugalligi shunda”, deb ta’kidlaydi.

“Poetika”da, asosan, tragediya, komediya, dramaning o‘ziga xos xususiyatlari tavsiflangan va ular haqida bayon qilingan mulohazalar zamonaviy adabiyotshunoslikda ham deyarli o‘zgarishsiz takrorlanadi. Chunki Arastu ushbu janrlarga mansub asarlarning mohiyatini aniq bayon qilgan. Masalan: “Tragediya muayyan hajmli, turli qismlari turlicha sayqallangan til yordamida, bayon vositasida emas, balki xatti-harakat orqali ko‘rsatiladigan va iztirob bilan inson ruhini poklovchi va tugal voqea tasviridir”, degan hamda ushbu ta’rifdagi “sayqallangan til” hamda “turli qismlari turlicha sayqallangan” degan o‘rinlarni: “Sayqallangan til” deganda men ritm, garmoniya va musiqiylikka ega bo‘lgan tilni nazarda tutaman. “Turli qismlari turlicha sayqallangan” deganda esa ba’zi qismlari faqat vazn bilan, boshqa qismlari ham vazn, ham musiqiylik bilan bezalgan nutq ang­lashiladi” deb izohlagan. Mazkur risolada “Tragediya xatti-harakat tasviri bo‘lib, undagi xatti-harakatlar muayyan xarakter va fikrlash tarziga ega qahramonlar tomonidan amalga oshiriladi” deyilgan hamda tragediya oltita unsur: harakat va manzara, musiqa, nutq, xarakter, fikr va g‘oya hamda tomoshadan tarkib topishi ta’kidlangan. Eng muhimi, “Poetika”da “Tragediyaning qahramoni kim?”  degan savolga: “Tragediya bizdan ko‘ra yaxshiroq odamlarni gavdalantiradi”; “Tragediyalarda birovga misol (o‘rnak) bo‘la oladigan yaxshiliklar va maqtaniladigan fe’l-atvorlar zikr qilinadi; bu vaznda shaharni boshqaruvchi hukmdorlar madh etiladi”, deb aniq javob berilgan. Arastu “bizdan ko‘ra yaxshiroq odamlar” deganda hukmron tabaqa vakillari – shohlar, vazirlar va ularning atrofidagilarni nazarda tutgan. Chunki odamlar o‘tmishda hukmron tabaqa vakillarini o‘zidan ustun, deb qarashgan va xudo bu bandalariga bo‘lakcha marhamat ko‘rsatib, ularni har jihatdan boshqalardan baland qilib qo‘ygan, deb o‘ylashgan. Bunday qarash Sofokl, Arastu zamonida hozirgi davrdagiga qiyoslaganda ancha mustahkam va keng yoyilgan. Chunonchi odamlar shohning oldida tiz cho‘kib, ta’zim qilishni o‘zlari uchun yuksak sharaf deb bilishgan. Bunday ehtirom zaminida esa hukmdorni ulug‘lash, uni hammadan ustun, hammadan ko‘ra yaxshi, deb tan olish turadi. Nafaqat qadimgi yunon dramaturglari asarlari yoki Shekspir tragediyalarida, balki boshqa xalqlar jumladan, Sharq xalqlari folklori va yozma adabiyotida ham qadimdan hukmdorlar asosiy qahramon sifatida gavdalantirilgan va ular, albatta, qaysidir jihatlari bilan atrofdagilardan ustun ekani ko‘rsatilgan. Hozir ham mushohada yuritadigan o‘quvchi, tomoshabin o‘zini shoh Edip, Abulfayzxon, Mirzo Ulug‘bekdan aqlli, afzal deb hisoblamaydi. Qolaversa, o‘zini bunday baland tutishga kishining ichki madaniyati yo‘l bermaydi. Ushbu tragediyalarning boshqa asarlardan afzal, farqli jihati shundaki, ulardagi qahramonlar taqdiri kishilarda turli ziddiyatli hissiyotlar uyg‘otadi. Mazkur asarlarni o‘qish, sahnada tomosha qilish chog‘ida kishida bir vaqtning o‘zida turli qarama-qarshi fikrlar, bir-biriga zid hissiyotlar, kimgadir nisbatan achinish, kimgadir nisbatan nafrat hislari paydo bo‘ladi. E’tibor qilinsa, tragediyalardagi asosiy qahramonlarning hech biri loqayd, befarq odamlar emas. Ularning barchasi ehtirosi baland, shiddatkor, jo‘shqin tabiatli kishilardir. Sofokl, Shekspir tragediyalarida ham, “Abulfayzxon”, “Mirzo Ulug‘bek”da ham bu aniq seziladi.

“Poetika”da ilgari surilgan mulohazalardan ayon bo‘lishicha, badiiy asarda, u qaysi janrga munsubligidan qat’i nazar, kishilarning muayyan voqea-hodisalar ta’sirida tug‘iladigan turli kechinma va holatlari ma’lum bir g‘oya asosida umumlashtirib ifodalanadi. Arastu she’r, tragediya, komediya, drama janriga xos xususiyatlar, ulardagi qahramonlar haqida so‘z yuritganida avvalo shunga alohida urg‘u beradi. Yunon mutafakkiri adabiy-badiiy asarlarning umumiy va farqli xususiyatlarini ko‘rsatishda, janrini belgilashda ularda inson obrazi qaysi jihatdan gavdalantirilganiga alohida diqqat qiladi. U tragediya, komediya va dramaga ta’rif berganida ayni asarda inson faoliyatining qaysi jihati tasviri yetakchilik qiladi, degan savolni ko‘ndalang qo‘yadi va ular xuddi xususiyatlariga ko‘ra tragediya, komediya yoki drama sanaladi, deb ta’kidlaydi. Arastu badiiy asarlarining san’at hodisasi sifatidagi xususiyati, avvalo, ularda inson ruhiyatining aks ettirilishida namoyon bo‘lishini qayd qiladi. Haqiqatan, musavvirning mahorati tabiat manzarasi, odamlarning qiyofasini chizishida ko‘rinsa, shoir, adibning ijodkorlig uning inson obrazini gavdalantirishi, personajlar ruhiy dunyosini yoritishida namoyon bo‘ladi. Adabiyotning insonshunoslik mohiyati ham, muallifning inson dunyosi jumboqlarini anglashdagi izlanishlari samarasi ham qahramonlar ichki kechinmasini ochib berishda ko‘rinadi. Arastuning adabiyot va tarix o‘rtasidagi tafovut, ijodkorlarning iste’dodi darajasi haqidagi fikrlari asl adabiyot qanday bo‘lishi haqida aniq tasavvur uyg‘otadi. Ular Forobiydan avvalgi va keyingi davr kishilari uchun adabiyot mohiyatini anglashda dasturulamal bo‘lganidek, bizning zamondoshlarimiz va kelgusi avlodlar uchun ham bu borada mustahkam tayanch bo‘la oladi…

Arastu “Poetika”da asarlarni tragediya, komediya, dramaga tasniflar ekan, “kishilar hamisha adabiyotdan ta’sirlanib, unga ehtiyojmand bo‘lib yashaydi, chunki ular hayotni adabiyot orqali yanada yaxshiroq anglab oladi”, degan  qarashni ilgari suradi. Bu esa taqdir unga hayotning juda ko‘p ne’matlaridan bahramand bo‘lish barobarida, insoniyatga adabiyotning mohiyatini anglatish baxtini ham ato etganidan dalolat beradi. Asarlarda hayot voqeligining ifodalanishi to‘g‘risida, ayniqsa, tragediya, komediya va drama janri xususiyatlari haqida necha asrlardan beri bildirib kelinayotgan aksariyat mulohazalarning Arastu qarashlari doirasida aylanishi  shunday xulosaga kelish uchun yetarli asos bo‘ladi. Adabiyotshunoslar avvalgi zamonlarda bo‘lgani singari hozir ham Arastuning sharofatidan adabiyotning mohiyati, uning so‘z san’ati sifatidagi xususiyatlarini kashf etishadi. Chunki Arastuning “Shoh Edip” va boshqa tragediyalar to‘g‘risidagi mulohazalari badiiy asarlarni ermak uchun o‘qish, zerikmaslik maqsadida tomosha qilish emas, balki ularni dildan, ixlos bilan mutolaa qilish, berilib tomosha etishga o‘rgatadi.

Adabiyotni yevropacha tushunadigan va uni shu andozada talqin qiladiganlar o‘z-o‘zidan Arastuning izdoshlaridir. Frantsuz mutafakkirlari Bualo (1636–1711) va Sent-Byov (1804–1869), ingliz faylasufi, shoir Persi Shelli (1792 – 1822), nemis donishmandi Gegel (1770–1831), rus tanqidchilari Belinskiy (1811–1848) va Dobrolyubovlar (1836–1861) ham shu qatorga kiradi.

“Poetika”dagi  mulohazalar adabiyotni anglashga  ko‘maklashish barobarida, har bir kishining  ijtimoiy tafakkurini ham o‘stiradi. Ijodkorlarning o‘ziga xos uslubini bilib olish, asarlarni bir-biridan farqlash layoqatini shakllantiradi. Undagi: “Sofokl aks ettirishda, bir jihatdan, Gomerga o‘xshash bo‘lsa (chunki ularning har ikkisi ham yaxshi kishilarni tasvirlaydi), boshqa jihatdan esa Aristofanga yaqin. Zero, ularning ikkovi ham kishilarni harakatda, ya’ni dramatik harakatda ko‘rsatadi. Shuning uchun ham ba’zilar dramaning o‘zi harakat, u harakat qiluvchi shaxslarni aks ettiradi, deyishadi”  kabi mulohazalar “insoniyat adabiyotni anglashda aynan Arastu singari  mutafakkirlarning sharofati bilan ilgariga qarab dadil odimlagan” degan fikrni ko‘ngilga soladi. Barcha zamonlarda o‘zini ziyoli sanagan kishilar Arastu asarlarini mutolaa qilgani, o‘qimishli odamlarning aql saviyasi esa yunon mutafakkirlari asarlarini qay darajada bilishiga ko‘ra belgilangani bejiz emas. Buning sababi, Arastu kabi donishmandlar hayotning teran qatlamlariga boshqalardan ko‘ra chuqur kirib borishi bilan belgilanadi. Jumladan, adabiyotshunoslikda keng tarqalgan “Shoirning vazifasi haqiqatan bo‘lib o‘tgan voqea haqida emas, balki sodir bo‘lishi mumkin bo‘lgan voqea haqida so‘zlashdir. Zero, tarixchi va shoir bir-biridan biri nazmda, boshqasi esa nasrda yozishi bilan farqlanmaydi (axir Gerodot asarlarini ham she’rga solish mumkin. Biroq uning asarlari xoh nazmda, xoh nasrda bo‘lsin, baribir tarixligicha qolaveradi). Poeziyada qandaydir xarakter ehtimol yoki zaruriyat tufayli bunday yoki unday so‘zlashi, harakat qilishi kerak. Mana shu umumiylik deyiladi. “Poeziya qahramonlarga ism qo‘yish orqali umumiylikka intiladi” singari mulohazalar dastlab “Poetika”da  bayon etilgan. Chunonchi “Poetika”da “Poeziya qanday paydo bo‘lgan?” degan savolga: “…odamlar qadimdanoq tabiatan o‘xshatishga qobiliyatlidirlar, ular buni oz-ozdan taraqqiy ettira borib, badiha she’rlar (improvizatsiya)dan haqiqiy poeziyani yuzaga keltirganlar” deb aniq javob beriladi. Bundan adabiyot ibtidosida  she’riyat turishi, so‘z san’ati she’riyat zaminida paydo bo‘lgani anglashiladi.

Arastuning xarakter, g‘oya, go‘zallik to‘g‘risidagi fikrlari hozirgi paytda ham ayni hodisalarga berilgan eng asosli, mazmundor ta’rif ekanini hech kim inkor qilolmaydi. Jumladan: “Poetika”da bu xususda: “Inson maylining nimadadir namoyon bo‘lishi, kimning nimanidir afzal deb hisoblagani yo nimanidir yoqtirmagani xarakterdir; gapiruvchining nimani ma’qullagani yoki yoqtirmagani aniq ifodalanmagan nutqda xarakter gavdalanmaydi. G‘oya esa nimaningdir borligi yoki yo‘qligi yoxud umuman nimaningdir ifodalanishidir”, deyiladi. Qadimgi yunon mutafakkiri o‘zining bu kabi falsafiy mulohazalarini shunchaki bayon qilmaydi, balki ularni izchillik bilan rivojlantirib, ayni tushunchalarning mohiyatini keng yoritadi. Masalan, tragediyada xarakterlardan to‘rt maqsad (xarakter yaxshi, o‘ziga xos, hayotiy (haqqoniy) hamda izchil bo‘lishi kerak) ko‘zda tutilishini qayd qilib: “Shaxs agar o‘zining gaplari va ishlarida qandaydir maqsadga amal qilsa, u xarakterga ega bo‘ladi” deydi. Bundan esa hamma emas, balki o‘z maqsadiga erishish uchun intiladigan, yo‘lidagi to‘siqlardan oshib o‘tadigan, faol, harakatchan, kurashchan odamgina xarakter sohibi ekanligi tushuniladi. Sofokl, Shekspir tragediyalari, Fitratning “Abulfayzxon”, Maqsud Shayxzodaning “Mirzo Ulug‘bek” asarlaridagi asosiy qahramonlar maqsadi yo‘lida dadil kurashadi. Shu bois ular boshqalardan alohida ajralib turadi va o‘ziga xos xarakterga ega kishi sifatida tasavvur hosil qiladi.

Arastu tragediyaga xos xususiyatlar, undagi zaruriy unsurlarni birma-bir sharhlar ekan, uning hajmi haqida so‘z yuritib: “Muayyan bo‘laklardan tarkib topgan, tartibli va ayni chog‘da har qanday hajmga emas, balki muayyan hajmga ega bo‘lgan mavjudot, har qanday narsa go‘zaldir. Go‘zallik hajm va tartibdan kelib chiqadi”, deydi. Yunon donishmandi haddan tashqari kichkina narsa ham, haddan tashqari katta narsa ham go‘zal sanalmasligini alohida ta’kidlaydi. Rostdan ham hech kim turli mikrob­larni, bit, kana singari mayda hasharotlarni yoki fil, jirafa, begemot, kit, tuya, timsoh kabi katta, bahaybat hayvonlarni go‘zal, chiroyli demaydi. Chunki ularning ko‘rinishi kishiga kapalak, kaklik, bulbul, ohu, kanareyka yoki gullagan o‘rik, oppoq ochilgan bodom daraxti singari zavq bermaydi. Arastuning uqtirishicha, kishilarga zavq beradigan narsalarda qismlar o‘zaro mutanosib joylashadi hamda ular muayyan hajmga ega bo‘ladi. Shuning uchun olim narsa-hodisalardagi barcha a’zo, unsur bir-biriga mos, mutanosib bo‘lganida ular chiroyli ko‘rinib, e’tiborni tortishini ta’kidlaydi hamda: “Jonli va jonsiz go‘zal narsalar bir qarashda sezib olinadigan hajmga ega bo‘lishi lozim”, deydi.

“Poetika”dagi “Hajm asarning mohiyatidan kelib chiqadi. Har doim yaxshiroq tushuniladigan narsa hajman go‘zalroq bo‘ladi” kabi hikmatomuz mulohazalar Arastu xuddi ustozlari Suqrot va Aflotun singari ulug‘ faylasuf ekanidan dalolat beradi. Insonning dili esa hikmatga intiladi. Chunki qalb boshqa barcha narsalardan ko‘ra hikmatomuz so‘zlardan ko‘proq oziqlanadi.

Arastu tragediyaga xos xususiyatlar, komediya, drama, eposga xos sifatlar to‘g‘risida so‘z yuritganda, ularning kelib chiqish sabablariga e’tibor qaratib, hayotdagi barcha hodisalar bir-biri bilan bevosita yoki bavosita bog‘liqligini alohida qayd etadi. “Poetika” boshqa jihatlariga ko‘ra ham mantiqiy mushohada yuritishning mumtoz namunasi bo‘la oladi. Undagi: “Tragediya xatti-harakat tasviri bo‘lib, muayyan xarakter va fikrlash tarziga ega bo‘lgan qahramonlar tomonidan amalga oshiriladi (xuddi shunga muvofiq biz ularni qandaydir xatti-harakatlar deb ataymiz). Tabiiyki, bundan xatti-harakatning ikki sababi – xarakter (tragediyaning to‘rtinchi unsuri) va fikr – g‘oya (beshinchi unsuri) kelib chiqadi. Ana shu fikr va xarakterga muvofiq faol shaxslar muvaffaqiyatga yoki muvaffaqiyatsizlikka uchraydi” kabi o‘rinlar shunday deyish uchun to‘la asos beradi.

Arastu poeziyaning mohiyati, tragediya, komediya, dramaning o‘ziga xos xususiyatlari, farqli jihatlarini ko‘rsatib bermaganida, aniqki, insoniyatning ular to‘g‘risidagi tasavvuri, tushunchasi hozirgichalik oydin, ravshan bo‘lmasdi. “Poetika”da bayon qilingan mulohazalardan Arastu singari donishmandlar narsa-hodisalarning hamma ham e’tibor qilavermaydigan muhim jihatlarini favqulodda zukkolik bilan topib, ularga xos umumiy va farqli xususiyatlarni aniq ajratib ko‘rsatishi ayon bo‘ladi.

Bizgacha to‘liq holda yetib kelmagan “Poetika”da boshqa janrlarga qaraganda, tragediya xususida ko‘proq mulohaza yuritilgan. Buning sababi shundaki, insonning hayoti hech qachon bir tekis, sip-silliq kechmaydi. Hammaning bir-biriga bog‘liqligi va har bir odamning ijtimoiy ahvoli, yoshidan qat’i nazar, o‘z olami, intilishi mavjudligi ko‘pincha o‘zaro munosabatlarni keskinlashtirib, manfaatlar to‘qnashuvini – turli darajadagi mojaro, fojialarni keltirib chiqaradi. Odamlarni esa hamisha atrofidagilarning bir me’yorda, mo‘tadil kechayotgan hayoti emas, balki o‘zaro to‘qnashuvi, bir-biri bilan olishuvi ko‘proq qiziqtiradi. Tragediya janriga mansub asarlarda esa ijtimoiy mavqei, mansab darajasi, boyligi, aql-idroki jihatidan boshqalardan ustun turadigan hukmdorlar hayotidagi fojeliklar gavdalantiriladi. Odamlar imkoniyati keng, qo‘li uzun hukmdorlarning ayanchli ahvoli, chorasiz qolganini ko‘rganida o‘zining boshiga tushgan mushkulliklar xususida o‘ylay boshlaydi va muammolari shoh Edip yoki Mirzo Ulug‘bekniki kabi dahshatli emasligini anglab yetadi. Tragediyalarning birgina mana shu ta’siri, ya’ni kishilarga taskin-tasalli berishi, hayotda o‘zidan battarroq, qismati ayanchliroq kishilar borligi haqida mushohada yuritishga undashining o‘zi ularning beqiyos amaliy ahamiyati borligini bildiradi. Tragediya ta’sir kuchi jihatidan komediya, dramadan, umuman, barcha janrlardan ustun turadi. Aytish mumkinki, tragediya so‘z san’atining barcha janrlariga xos eng yaxshi jihatlarni o‘zida mujassamlashtiradi. U inson hayotidagi ziddiyatlar va ular oqibatida tug‘iladigan fojialarni boshqa janrlardan ko‘ra teranroq qamrab oladi va tomoshabinlar ko‘z oldida gavdalantirib beradi. Shu bois qadimda Yunonistonda tragediya janridagi asarlar adabiyot va san’atning darajasini ko‘rsatadigan, ijodkorlarning mahoratini o‘lchaydigan asosiy mezon qilib olingan va ular asosida ko‘rsatiladigan tomoshalar eng yuksak madaniy-ma’rifiy marosim, ommaviy tadbir sifatida qadrlangan.

Yunon allomasining badiiy asar ahamiyati, uning ta’sirchanlik xususiyatlari, shoirlarning qobiliyati, iste’dodi darajasi to‘g‘risidagi fikr­lari ham o‘zining keng qamrovliligi hamda hozirgi zamonga bevosita taalluqli ekanligi bilan diqqatni jalb etadi. Masalan, uning: “Asar shunday yozilishi kerakki, u sahnada ko‘rilmaganida ham, bo‘lib o‘tgan voqeani tinglovchi har bir kishi, xuddi Edip haqidagi rivoyatni tinglaganday, hodisalarning keskinlashib borishidan g‘am chekuvchiga nisbatan o‘zida hamdardlik sezsin va vujudi jimirlab seskansin”, degan fikri XXI asrda ham kino, teatr, tasviriy san’at, haykaltaroshlik singari zamonaviy san’atning barcha turlari uchun eng maqbul mezon bo‘la oladi. Arastu san’at asarining ahamiyatini kishilarning hissiyoti va ongiga ta’sir ko‘rsatishi, qahramonlariga nisbatan hamdardlik yoki aksincha hisni uyg‘otishida ko‘radi. Buning uchun esa asar, avvalo, hayot voqeligi bilan bevosita bog‘lanishi, undagi eng muhim muammolarni o‘zida aks ettirishi kerak, deydi. Haqiqatan har bir asar aynan mana shu xususiyati bilan ruhimizga ta’sir o‘tkazib, ma’naviy faoliyatimizning tarkibiy qismiga aylanadi. Badiiy asarlarning, umuman, san’atning kishilar ongi, dunyoqarashiga, ijtimoiy hayotga ta’siri esa tuz yoki shakarning osh-ovqat tarkibiga qo‘shilib ketishiga o‘xshaydi. Ayonki, nonning, oshning tarkibidagi tuzni, shakarni ko‘z ko‘rmaydi. Chunki tuz, shakar non, osh, pishiriqlarning ich-ichiga singib, ko‘rinmaydigan darajada yo‘q bo‘lib ketadi. Ammo uning oz-ko‘pligi yoki me’yordaligi o‘sha narsalarni iste’mol qilganda, albatta, bilinadi. Biz shu paytgacha o‘qigan, tomosha qilgan asarlar, jumladan, “Shoh Edip”, “Mirzo Ulug‘bek” tragediyalarining qalbimizga, ongimizga ta’sirini ham biror bir mikroskop yoki boshqa zamonaviy texnika vositalari ham ko‘rsatib berolmaydi. Ammo san’at va adabiyotning ong-tafakkurimiz, dunyoqarashimizga hayotbaxsh samarasi odamlar bilan o‘zaro munosabatlarimizda, hayotdagi muammolarga yondashishimizda, ularga baho berishimizda seziladi.

Tragediyalarning syujeti keskin, shiddatli voqealarga asoslanadi. Ularning ushbu xususiyati komediya, drama, hikoya, qissa janridagi asarlar bilan qiyoslaganda yanada yaqqol bilinadi. Sofoklning “Shoh Edip” tragediyasi jahon adabiyotidagi eng keskin, eng dramatik, eng fojitiy syujetli asar ekanligi e’tirof etiladi. Jahon adabiyotidagi hech bir asar syujetining o‘tkirligi jihatidan “Shoh Edip” bilan tenglasholmaydi. Nomlari “Poetika”da qayd etilgan tragediyalar kabi Shekspir, Pushkin, Fitrat, Shayxzodaning asarlarida ham shohlar, vazirlar, malikalar, shahzodalar, sarkardalar, ya’ni hukmron tabaqa namoyandalari asosiy qahramon sifatida gavdalantiriladi hamda ularning yon-atrofidagi yaqin kishilar, tashqi kuchlar bilan to‘qnashuvi hamda shu bilan bevosita bog‘liq holda, o‘z-o‘zi bilan olishuvi ko‘rsatiladi. Ular mana shu murosasiz kurash jarayonida chuqur ma’naviy iztirob va ruhiy qiynoqlarga tushadi.

Shoh Edip, qirol Lir, Mirzo Ulug‘bek singari hukmdorlar aql-idroki, hayotga qarashi jihatidan boshqa odamlardan ancha ustun turadi. Tragediyalarda hukmdorlarning ayanchli qismati misolida dunyo ajoyibotu g‘aroyibotlarga to‘laligi, o‘zini hammaning hukmdori deb bilgan rahnamolar ham taqdir oldida ojiz bo‘lib qolishi, inson kim ekanligidan qat’i nazar, bu dunyoda g‘am-g‘ussa chekib, ranj-alam tortib yashashga mahkum ekanligi va shu tarzda ma’naviy ulg‘ayish, o‘zini anglash, Ollohning cheksiz qudratini his qilish yo‘lini bosib o‘tishi boshqa janrdagi asarlardan ko‘ra yorqinroq va ta’sirchanroq aks ettiriladi.

Arastu tragediyaning komediya, drama va eposdan farqli jihatlari xususida so‘z yuritganda, birinchi navbatda, u kishilarda hamdardlik hissini uyg‘otishi va iztirob bilan ruhni poklashiga alohida urg‘u bergan. “Tragediya. Uning mohiyati” deb nomlangan 6-bobda: “Tragediya muayyan hajmli, turli qismlari turlicha sayqallangan til yordamida, bayon vositasida emas, balki xatti-harakat orqali ko‘rsatiladigan va iztirob bilan inson ruhini poklovchi muhim va tugal voqea tasviridir”, deyilgan bo‘lsa, “Tragediyaning tarkibi” degan 13-bobda esa: “Eng yaxshi tragediyaning tarkibi oddiy emas, balki murakkab bo‘lishi lozim. Shu bilan birga, u qo‘rqinch va hamdardlik uyg‘otuvchi voqeani aks ettirishi kerak (chunki bu xususiyat badiiy tasvirlashning o‘ziga xos qonuniyatidir)… Biz begunoh iztirob chekkan odam uchun qayg‘uramiz, o‘zimizga o‘xshash baxtsiz inson taqdiri uchun esa qo‘rqamiz”, deb ta’kidlangan. Ammo har qanday mojaro emas, balki ota-bola, er-xotin, aka-uka, qadrdon do‘stlar o‘rtasidagi to‘qnashuv, ziddiyat diqqatni ko‘proq jalb etishi qayd qilinadi.“Shoh Edip”da, Shekspir tragediyalarida “Mirzo Ulug‘bek”da ham murosasiz to‘qnashuvlar bir-biriga begona, notanish kishilar orasida emas, balki oila a’zolari va ularning yaqinlari o‘rtasida kechadi hamda ayni kelishmovchilikdan barcha birday azoblanadi. Bir-biriga qadrdon kishilarning azoblanishi bizda ularga nisbatan hamdardlik va achinish hissini uyg‘otadi. Ayni chog‘da o‘zimizning ahvolimiz, hayotimiz haqida o‘ylab ko‘rishga undaydi. Chunki shoh Edip, qirol Lir, Mirzo Ulug‘bekni ham, ularni mushkul ahvolga solgan odamlarni ham butkul ayblab, qoralab bo‘lmaydi. Ularning achinarli qismati qalbga vahima, qo‘rquv hissini soladi. “Poetika”da: “Tragediyada shoir badiiy tasvir yordamida berishi lozim bo‘lgan zavq rahmdillik va qo‘rquvdan kelib chiqadi”, deyiladi. Bu o‘rinda “zavq” deganda “ta’sirlanish” nazarda tutiladi.

Bir qaraganda, “Shoh Edip”, “Mirzo Ulug‘bek” tragediyalarida: “Odam – murakkab mavjudot. U komillikdan yiroq. Unga ishonib bo‘lmaydi”, degan g‘oya ilgari surilganday tuyuladi. Hayotning o‘zida ham ushbu asarlarda qalamga olingan voqealardan ko‘ra mudhish hodisalar hamisha yuz beradi. Mualliflar hayotdagi fojeliklarga e’tibor qaratish orqali insonga nafratini ifodalaganday ko‘rinadi. Stendal, Balzak, Gyugo asarlarida frantsuz, Dostoyevskiy, Lev Tolstoy romanlarida rus jamiyatiga ochiqdan-ochiq haqoratlar yog‘diriladi. Masalan, Stendalning “Qizil va qora” romanida: “Sizlarning munkillab qolgan jamiyatingiz uchun eng muhimi odob saqlash… Sizlar hech qachon harbiy jasoratdan nariga o‘tolmaysizlar: sizlarda myuratlar topiladi, lekin vashingtonlar paydo bo‘lmaydi. Men Frantsiyada quruq shuhratparastlikdan bo‘lak hech nimani ko‘rmayotirman” (Stendal. “Qizil va qora”. – T.: Adabiyot va san’at nashriyoti, 1979. – 285-bet)” deyilsa, Gyugoning “Parij Bibi Maryam ibodatxonasi” romanida: “Bu parijliklar bir to‘da eshakmiya, johil kishilar ekan-ku! Misteriyani tinglash uchun to‘planishsa-yu, boshlanganda eshitishmasa! Ular uchun Bibi Maryamdan boshqa hamma – Klopen Truylfu, kardinal, Kopenol, Kvazimodo va iblisning o‘zi ham qiziq, maroqli!” (“Jahon adabiyoti” jurnali, 2017 yil, 1-son. – 44-bet)” deb aytiladi. Bu vaziyatda, aslida mualliflar hayotdagi mavjud holatni haqqoniy gavdalantirish orqali o‘z millatdoshlarining ayanchli ahvoli uchun qayg‘uradi. Vatani uchun achinayotgani, iztirob chekayotganini ma’lum qiladi. Yozuvchi, shoirlarning o‘z millati, xalqiga achinishi zaminida esa ularning insonga mehri, bashariyatga muhabbati turadi. Arastu singari mutafakkirlar asarlarining ahamiyati ham adabiyotshunoslar, faylasuflar yoki siyosatshunoslarning bilimi, tushunchasini teranlashtirishi bilangina belgilanmaydi. “Poetika” singari asarlar, ularda bayon qilingan mulohazalar, ilgari surilgan qarashlar har bir kishining o‘z hayotiga ma’no baxsh etishiga ko‘maklashib, ularning o‘tmishni idrok etishi, hozirgi paytni qadrlashi va kelajakka ishonch, umid bilan qarashiga bevosita ta’sir ko‘rsatishi bois qadrlanadi. Ajdodlar tajribasi, ota-bobolar anglagan hayot hikmatlari, arastular merosi kishilarning ma’naviy-ruhiy barkamollikka intilishida mustahkam zinapoya vazifasini bajaradi. Odamlar ana shu zinapoyalarni bosib, asta-sekin yuksaklikka ko‘tarilib, o‘zligini anglaydi. Umr bo‘yi davom etadigan bu jarayonda har bir kishi o‘zining aqli, istak va intilishiga muvofiq hayot haqiqatini idrok etadi. Cheksizlik sari yo‘naltirilgan bu sayohatda kishilar borliqdagi eng kichik zarra ham mislsiz mo‘jiza qilib yaratilgani, har bir hodisaning bag‘rida tuganmas sir, jumboq yashiringani, hech bir voqea o‘z-o‘zidan yuz bermasligi, ular o‘rtasida ko‘zga ko‘rinmas mustahkam ichki bog‘liqlik borligini bilib olishadi.

Tragediyalarda oiladagi baxtsizlik, fojiani ko‘rsatish orqali jamiyatdagi, butun mamlakatdagi mavjud vaziyatga ishora qilinadi. Chunki oila barcha zamonlarda jamiyatning ajralmas tarkibiy qismi sanaladi. Xonadonlardagi ahvol, undagi odamlarning o‘zaro munosabatlari jamiyatning ma’naviy-axloqiy holati, mamlakatning ijtimoiy-iqtisodiy darajasini ko‘rsatib beradi. Tragediyalar ana shunday amaliy ahamiyatga ega bo‘lgani bois Suqrot, Aflotun, Arastu singari qadimgi zamon mutafakkirlari bu janrni san’atning yuksak namunasi, deya e’tirof etishgan.

“Poetika”da adabiyotshunoslikning qator masalalari, xususan, hozir ham dolzarb muammolardan biri bo‘lib kelayotgan “janr” tushunchasining mohiyati yoritiladi. Arastuning: “San’atkorlar muayyan shaxslarni tasvirlaydilar. Ular esa yaxshi yoki yomon bo‘lishi mumkin (negaki shaxslarning qandayligi shu bilan belgilanadi. Zero, hamma odamlar xarakterlaridagi illati yoki fazilati jihatidan farqlanadilar). Ular bizdan yaxshiroq yoki bizdan yomonroq yoki hatto, bizdek bo‘ladilar”, degan fikri badiiy asarning janrini belgilashda undagi qahramonlar obrazi tasviri muhim asos bo‘lishini bildiradi. Arastu xarakterlar hayotiy bo‘lishi zarurligi haqida fikr bildirarkan: “Tragediya bizdan ko‘ra yaxshiroq odamlarni gavdalantiradi”, deydi. Bunda u tragediyada hukmdorlar va ularning atrofidagilar asosiy qahramon qilib ko‘rsatilishini nazarda tutadi. Qadimdan barcha xalqlarda faqat Xudoning nazari tushgan odam hukmdor, amaldor bo‘ladi. Boshqa kishilar hech qachon amaldor yoki hukmdor bo‘lolmaydi, degan qarash keng yoyilgan. Bunday ishonch esa mustahkam hayotiy asosga ega. Arastu: “Komediya yomon kishilarni, butunlay badnom qilish ma’nosida bo‘lmasa-da, gavdalantirishdir”, deydi. U “yomon odamlar” deganda oliy tabaqa emas, balki quyi tabaqa vakillarini nazarda tutadi. Komediyalarda esa asosiy muddao ko‘proq quyi tabaqa vakillarining kulgili holatlarini namoyish qilish ekani aniq seziladi. Ularda, asosan, oddiy kishilar fe’l-atvoridagi illatlarga e’tibor qaratiladi. Ushbu janrga mansub asarlarda istehzo, kinoyaga to‘la kulgi uyg‘otadigan holatlar ijtimoiy hayotimiz husnini buzadigan “qora dog‘” ekani eslatiladi. “Poetika”da komediyaga xos ushbu xususiyat to‘g‘risida: “Kulgili holat xunuklikning bir qismi, xolos. Aslida kulgili narsa – bu hech kimning dilini og‘ritmaydigan va hech kimga zarar keltirmaydigan ba’zi bir nuqson va majruhlikdir”, deyiladi. Aslida hech kim ataylab kulgili ahvolga – birovlarga mazax bo‘ladigan holatga tushmaydi. Insonning ko‘pgina xatti-harakati, ko‘pincha, uning xohish-istagi asosida emas, balki beixtiyor ro‘y beradi. Shu bois har bir kishi ba’zan o‘zi sezmagan, bilmagan holda boshqalar oldida g‘alati ishlarni qilib qo‘yadi. Chunki Olloh ayrim bandalarini xunuk, kulgili holatlarga solish orqali ham boshqalarga saboq beradi. Hammaning har xil fe’l-atvorga ega ekanligi, ko‘pchilikning o‘z tabiatidagi illatlardan qutulolmasligi shuni bildiradi.

“Poetika”da komediya haqidagi fikrlar tragediya to‘g‘risidagi mulohazalarga qiyoslaganda, juda kam ulushni tashkil etadi. Buning nisbati o‘ndan birga ham to‘g‘ri kelmaydi. Arastu ushbu holatni: “Tragediya sohasidagi o‘zgarishlar va ularning aybdorlari bizga ayon. Komediyadagi o‘zgarishlar esa bizga noma’lum. Chunki unga boshdanoq e’tibor bermaganlar. Hatto, komiklar uchun xorni endigina arxont teatri (davlat, hukumat teatri) nisbatan kechikib bera boshladi. Dastlab, u havaskorlardan tashkil topgan edi. U muayyan shaklga ega bo‘lganidan keyin esa uning ijodkorlari nomlari eslana boshlaydi. Ammo niqobni, prologni kim kiritgan, aktyorlar miqdorini kim orttirgan va boshqa qator masalalar noma’lum bo‘lib qolmoqda”, deya izohlagan. Balki komediya va drama haqidagi mulohazalar tragediya to‘g‘risidagi fikrlarga qiyoslaganda juda kam ekanligi “Poetika” bizgacha to‘liq yetib kelmagani bilan bog‘liqdir.

Arastuning, “Tragediya – iztirob bilan inson ruhini poklovchi muhim va tugal voqea tasviri”, degan fikri ushbu janrning boshqa asarlardan farqli va ustun jihatini aniq ifodalaydi.

Qayd qilinganidek, Arastu adabiyotning paydo bo‘lishini insonning tabiatida o‘xshatish qobiliyati mavjudligi bilan bog‘laydi va odam ana shu qobiliyatini asta-sekin rivojlantirib, badihago‘ylikni – qofiyali, o‘lchovli qilib gapirishni o‘zlashtirgan hamda bundan zavqlangan, deydi. Haqiqatan, kishilar o‘zlariga quvonch bag‘ishlab, ruhini ko‘targan zavqlanish hissi hamda boshqalar e’tiborini o‘ziga jalb etish istagi tufayli so‘zlarni tizimga solib, qofiyalab, she’r to‘qishni o‘rganishgan. Avloddan-avlodga o‘tib kelayotgan maqol, topishmoq, qo‘shiqlar shu tariqa paydo bo‘lgan. Hozirgi paytdagidek, olis o‘tmishda ham ma’lum bir ohangga ega, teran ma’noli fikrlar kishilarni hayajonlantirib, ularni ruhlantirgan. Odam esa yoshidan, ijtimoiy ahvolidan qat’i nazar, ovoz, ohangga, chiroyli ifodalangan fikrga befarq bo‘lolmaydi. Muayyan ritmdagi ohang hamisha kishining e’tiborini tortadi. She’rda esa so‘zlar muayyan ritmga tushib, o‘ziga xos ohang hosil qiladi.

Keskin dramatik to‘qnashuvlardan iborat syujetga asoslangan qadimgi yunon tragediyalarida ishtirokchilar soni uncha ko‘p emas. Masalan, “Shoh Edip”da sakkiz nafar, “Antigona”da o‘n nafar ishtirokchi bor va syujet voqealarida har biri o‘ziga xos o‘rin tutgani bois bir-biriga soya solmaydi. Aksincha, bir-birining fonida ular yaqqolroq ko‘zga tashlanib, xuddi hayotdagi jonli odamday taassurot qoldiradi. Yunon donishmandi badiiy asarlarning kishilar e’tiborini tortadigan eng muhim jihati syujetda keskin burilishlar sodir bo‘lishi, qahramonlar taqdirida kutilmagan, ularning o‘zlariga bog‘liq bo‘lmagan jiddiy o‘zgarishlar ro‘y berishi ekanligini alohida ta’kidlaydi. U inson qismatining mana shu murakkab, chalkash, ziddiyatli nuqtasi qanchalik teran yoritilsa, asar shunchalik diqqatni jalb etishini uqtirib, hayotda ham keskin burilishlar tasodifan, to‘satdan yuz berishiga e’tibor qaratadi va: “To‘satdan ang­lash, nomidan ham ko‘rinib turganidek, bilmaslikdan bilishga tomon, baxtiyorlik va baxtsizlikka tomon mahkum etilgan shaxslarning do‘stlik yoki dushmanlik tomon o‘tishidir. To‘satdan bilishning eng yaxshi namunasi xuddi “Edip”da yuz bergani singari mushkul ahvol davomida sodir bo‘ladi. Albatta, o‘zgacha bilib qolishlar ham bo‘ladi; chunonchi, ta’kidlanganidek, jonsiz va har qanday tasodifiy narsalarni ham, shuningdek, kimningdir nimadir qilgani yoki qilmaganini anglash mumkin. Biroq fabula uchun eng zaruri va voqea uchun nisbatan ahamiyatlisi, yuqorida aytilgan to‘satdan anglashdir. Chunki bunday anglash keskin burilish – mushkul ahvol bilan birgalikda achinish yoki qo‘rquvni yuzaga keltiradi. Tragediya esa xuddi shunday voqealarni aks ettiradi, baxt va baxtsizlik ham xuddi shunday to‘satdan anglash bilan birga sodir bo‘ladi”, deydi. Bu kabi mulohazalar Arastuning inson hayoti, butun borliq Yaratuvchining izmida ekanini e’tirof etishini bildiradi. “Shoh Edip”da ham, “Iliada” va “Odisseya”da ham “taqdir – ilohiy hukm, inson uning oldida ojiz” degan  g‘oya ifodalanadi. Azaldan sirli, jumboq bo‘lib kelayotgan taqdir juda murakkab hodisa sifatida o‘tmish adabiyoti uchun ham, zamonaviy so‘z san’ati uchun ham muhim mavzu bo‘lib keladi. Sofokl “Shoh Edip”da uni ilohiyot bilan bog‘lab talqin qiladi. Narsalarga esa qaysi tomondan qaralsa, ularning o‘sha tomoni ko‘rinadi. Hodisalarga ham qanday maqsad, qaysi nuqtai nazardan qaralsa, ular o‘shanday ma’noni anglatadi. Shoh Edipning ayanchli qismati barcha zamonda kishilarni dahshatga soladi va u turlicha talqin qilinadi. Sofoklning “Shoh Edip”i inson taqdiri ilohiyot bilan bog‘liqligini ko‘rsatishning eng mumtoz talqini hamda jahon adabiyotidagi eng keskin syujetli asar bo‘lib qolmoqda.

Asarlarning ta’sirchanligi, avvalo, muallifining ijodkor sifatidagi mahoratiga bog‘liq. Arastu buni: “O‘zi hayajonlana oladigan shoir tomoshabinlarni hayajonlantira oladi, o‘zi g‘azablana oladigan kishi tomoshabinlarni ham g‘azablantira oladi. Shuning uchun poeziya – iste’dodli yoki majnunsifat insonning qismatidir. Iste’dodli odamlar ruhan juda ta’sirchan, majnunsifatlari esa jazavaga moyil bo‘ladilar”, deb izohlaydi. Bundan iste’dodli ijodkorlarning fe’l-atvori g‘alati bo‘lishi haqida hozir aytiladigan ancha-muncha fikrlar aslida eramizdan avval Arastu tomonidan bildirilgani ayon bo‘ladi. “Birinchi muallim” deya ulug‘langan bu yunon donishmandi iste’dodli kishilar fe’l-atvoriga “ruhan juda ta’sirchan bo‘lishadi” deb aniq tavsif beradi. Uning “poeziya – iste’dodli yoki majnunsifat insonning qismati” degani so‘z san’atiga va unga hayotini bag‘ishlagan kishilarga berilgan eng teran hamda ma’nodor obrazli ta’rifdir. Ulug‘ allomaning ayni ta’rifidan ham adabiyot jo‘n hodisa emasligi, unda kishilarning aqli yetmaydigan allaqanday sir, jumboq mavjudligi anglashiladi. Bu uning  birdan-bir quroli so‘z ekanligi, so‘z esa ilohiyotga daxldor qalb hodisasiligini bildiradi.

Arastuning adabiyotni anglash va anglatish yo‘lidagi bunday  qarashlarining hozirgacha yashab kelayotgani yuqorida qayd qilinganidek, avvalo uning so‘z ilohiyligiga astoydil ishonganidan kelib chiqadi. So‘zning ilohiyligiga imon keltirgan, bu haqiqatni chin dilidan his qilgan kishi olamlarning yaralishiga vosita bo‘lgan so‘zga cheksiz mehr bilan qaraydi. Mehr esa mehrni tug‘dirib, qahr yo‘lidagi to‘siqqa aylanadi. Nizomiy Ganjaviy, Xusrav Dehlaviy, Abdurahmon Jomiy va Alisher Navoiy “Xamsa”laridagi “So‘z ta’rifi” boblari shunday deyishga to‘liq asos beradi.

Arastu komediya to‘g‘risida so‘z yuritar ekan, poeziya, xususan, dramaturgiya san’atning boshqa turlaridan yuksak turishini ta’kidlaydi hamda bunga so‘z san’ati qalb kechinmalarini har jihatdan teran ochib berishga qodirligini asos qilib ko‘rsatadi. Mashhur musavvir Leonardo da Vinchi esa ko‘z insonga dunyoni maksimal darajada aniq ko‘rish imkonini beruvchi ilohiy tuhfa ekanidan kelib chiqqan holda, rangtasvir va rasmni san’atning o‘zga turlaridan ustun qo‘yadi.  Ispan faylasufi Ortega-i-Gasset: “Bir maysaning unib-o‘sishida butun olam, butun koinot ishtirok etadi” deganidek, “Poetika”da adabiyot va inson hayotini anglash, tushuntirish borasida bayon qilingan mulohazalar zamirida nafaqat Arastuning, balki ungacha yashab o‘tgan barcha donishmandlarning bu xususdagi qarashlari ko‘zga ko‘rinmas rishtalar orqali o‘zaro bog‘lanib uyg‘unlashgan.  Shu bois ushbu asar asrlar osha G‘arb va Sharq mutafakkirlarining e’tiborini o‘ziga qaratib kelgan.

“Poetika”da bayon qilingan mulohazalar, unda ilgari surilgan qarashlar negizidagi adabiyot, uning asosidagi sahna san’ati – spektakl, filmlar ijtimoiy hayotga barcha fanlardan ko‘ra ko‘proq ta’sir qiladi. Din ham, mafkura ham adabiyot asosida odamlar ongiga singadi, degan fikr turadi. Arastu ayni asarida insoniyat tarixida birinchilardan bo‘lib adabiyotning jamiyat hayotidagi o‘rni, uning har bir kishining shaxsiy faoliyatidagi juda muhim ahamiyatini ko‘rsatib bergan.

Arastu ham ustozlari Suqrot, Aflotun singari voqelikkka faylasufona nigoh bilan qarab, yunon adiblari asarlarini ilmiy-estetik asosda tahlil qilgani bois “Poetika”dagi mulohazalar “Shoh Edip” yoki boshqa asarlar to‘g‘risida fikrlarning kengayib borishiga yordam beradi. Buni ta’kidlashimizning boisi shundaki, aksariyat asarlarda, jumladan, adabiyot, san’at xususidagi kitob, maqolalarda tasavvurni teranlashtiradigan, fikrlarni boyitadigan yangicha mulohaza “yarq” etib ko‘rinmaydi.

Ko‘pchilik badiiy asarlarni syujetiga qiziqib, ermak yoki vaqt o‘tkazish uchun yoxud odatlanib qolganidan qo‘liga oladi. Arastuning adabiyot mohiyatini anglatadigan mulohazalari bilan tanishgandan so‘ng esa kishi beixtiyor o‘qiyotgan asarlarining ichiga kirishga, ularda inson hayoti haqida aytilgan gaplarning  ma’nosi xususida mushohada yuritishga intiladi.

Ayonki, “Poetika”da qahramonlarining boshiga tushgan kulfatlar, ular kechirgan iztiroblar va kurashlarni tasvirlashi bilan adabiyotning oliy namunasiga aylangan yunon tragediyalari asosiy ob’ekt qilib olinadi. “Shoh Edip”, “Prometey”, “Antigona” qahramonlarining o‘zaro kurashlari, iztiroblari va kuchli ehtiroslari esa diniy mohiyatga ega. Din bilan bog‘liq hodisalar hamisha kishilarning ongiga boshqa narsalardan ko‘proq va qattiqroq ta’sir ko‘rsatadi. Shu bois Lev Tolstoy: “Insoniyat hayoti faqat diniy ongni chuqur o‘zlashtirib olish oqibatidagina mukammallashishi mumkin. Diniy ong esa odamlarni o‘zaro mustahkam bog‘laydigan yagona ibtidodir. Odamlarning diniy ongni o‘zlashtirishi inson ma’naviy faoliyatining hamma qirralari tomonidan amalga oshiriladi. Bu faoliyatning qirralaridan biri san’atdir. San’atning qismlaridan biri drama bo‘lib, ehtimolki, u boshqalari orasida eng ta’sirchanidir” deydi (Jahon adiblari adabiyot haqida. – T.: “Ma’naviyat”, 2010. – 190-bet).

“Poetika”ni o‘qib, undan so‘z san’atining mohiyatini ozmi-ko‘pmi, ang­laganingizdan keyin adabiyotning asl asarlari, deylik Navoiyning “Xazoyin ul maoniy” va “Xamsa”si, Shekspirning “Qirol Lir”, “Hamlet”, “Otello” tragediyalari, F.Dostoyevskiy, L.Tolstoy romanlari yoki Stendalning “Qizil va qora”, “Parma ibodatxonasi”ni, Balzak, Tagor singari ulug‘ so‘z san’atkorlari asarlarini mutolaa  qilayotganingizda ro‘parangizda odam va olam haqida allaqanday bo‘lakcha bir dunyoning eshigi ochiladi.

«Jahon adabiyoti» jurnali, 2018 yil, 2-3-sonlar