Adabiy qahramon har doim adabiyotning eng muhim muammolaridan biri sanaladi. Chunki adabiyotning “qiyofa”si, unda Odam va olam manzaralari tasviri avvalo adabiy qahramonlarda aks etadi. Adabiy qahramon obrazi har bir davrda milliy adabiyot inson dunyosini anglash, tushunishda qanday darajaga erishganini ko‘rsatadi. Negaki qahramon dunyoqarashida, uning fe’l-atvori, kechinmalarida muayyan tarixiy davrning o‘ziga xos ijtimoiy-siyosiy manzarasi, kishilarning turmush tarzi namoyon bo‘ladi. Shu boisdan har bir davr adabiyotining barcha muammolari, ijodkorlar faoliyati avvalo adabiy qahramonlar obrazining badiiy gavdalashtirilishi asosida tahlil qilinadi. Adabiyotshunoslikka doir barcha masalalar bevosita adabiy qahramon bilan bog‘langani bois ushbu ilmning ilmiy-nazariy muammolari markazida ham bevosita adabiy qahramon masalasi turadi.
Adabiy asarlar ularda qo‘llangan o‘xshatish, sifatlash kabi badiiy san’atlar yoki ko‘tarilgan masala-muammolari tufayli emas, avvalo, adabiy qahramonlari orqali ijtimoiy-siyosiy ta’sir kuchiga ega bo‘ladi. Doston, roman, qissa, hikoyalardagi badiiy san’atlar, syujet voqealari, asar kompozitsiyasi tarkibidagi peyzaj, portret kabi qismlar adabiy qahramonlar olamini ta’sirchan ko‘rsatish vositasi sanaladi. Asarda bayon etilgan turli voqea-hodisalar, e’tibor qaratilgan har xil muammolar, ijtimoiy-siyosiy masalalar esa adabiy qahramon timsolida muayyan davr kishilarining dardi, tashvishlarini aks ettirish omili hisoblanadi. Shu boisdan Firdavsiy to‘g‘risida so‘z ketganda Rustam, Suhrob; Navoiy haqida gapirilganda Farhod, Shirin; Fyodor Dostoyevskiy xususida mulohaza yuritilganda knyaz Mishkin, Raskolnikov yoki Lev Tolstoy deganda Anna Karenina, Andrey Bolkonskiy kabi adabiy qahramonlar beixtiyor tilga olinadi. Umuman, barcha ijodkorlar nomi ular yaratgan adabiy qahramonlar tufayli e’tibor topadi. Folklor asarlari to‘g‘risidagi so‘z ham avvalo ulardagi qahramonlar xususidagi mulohazadan boshlanadi. Chunki ularda ham aynan hayotning muayyan haqiqatlari qahramonlar vositasida gavdalantiriladi.
Badiiy asarda hayot voqeligi, odamlar turmushi adabiy qahramonlar xatti-harakati, o‘y-fikrlarini ifodalash orqali aks ettiriladi. Ijodkorning dunyoqarashi, maqsadi, ijtimoiy hayot hodisalari va inson dunyosi to‘g‘risidagi falsafiy mushohadalari ham aynan adabiy qahramonlar obrazida ifodalanadi. Yozuvchi, shoir, dramaturg tarjimai holi, ijodiy faoliyati to‘g‘risidagi mulohazalar shu bois bevosita adabiy qahramonlar bilan bog‘lanadi. “Dostoyevskiy to‘g‘risidagi juda ko‘p adabiyotlar bilan tanishayotib, – deydi M.Baxtin, – go‘yo so‘z roman va qissalar yozgan ijodkor-adib to‘g‘risida emas, balki Raskolnikov, Mishkin, Stavrogin, Ivan Karamazov, Buyuk Inkvizitor va boshqa bir qator muallif-donishmandlarning yaxlit bir falsafiy mushohadalari to‘g‘risida ketayotganday taassurot paydo bo‘ladi. Adabiy-tanqidiy tafakkur Dostoyevskiy ijodi asosida uning qahramonlarini himoya qiluvchi bir necha mustaqil va bir-biriga qarama-qarshi falsafiy qarashlarga bo‘linadi. Bu qarashlarning barchasida ham asosiy e’tibor muallifning falsafiy mushohadalariga qaratilmaydi. Ba’zi tadqiqotchilar Dostoyevskiyning ovozi u yaratgan u yoki bu qahramon bilan qo‘shilib ketadi deyishsa, ayrimlar bu ovozni barcha g‘oyaviy ovozlarning o‘ziga xos umumlashmasi, deb qarashadi. Yana ba’zi birlari esa qahramonlar ovozi orasida muallifning ovozi umuman eshitilmaydi, deyishadi. Dostoyevskiy Gyotening Prometeyiga o‘xshash ovozsiz qullar (Zevs kabi)ni emas, balki o‘zlarini yaratgan ijodkor bilan bir safda tura oladigan, u bilan kelisha olmaydigan va hatto, unga qarshi chiqadigan ozod odamlarni yaratadi… Dostoyevskiyning bosh qahramonlari aslida ham san’atkorning ijtimoiy tafakkuriga ko‘ra muallif so‘zi uchun ob’ekt emas, ayni chog‘da, ular haqiqiy ma’noda o‘ziga xos mustaqil sub’ektlardir… Qahramonning o‘zi va dunyo to‘g‘risidagi mulohazalari muallifning odatdagi so‘zlari bilan tengma-teng, baravar keladi; uning mulohazalari qahramonning zarur xususiyatlaridan biri bo‘lgan ob’ektdagi obraziga bo‘ysunmaydi, ammo u muallif mulohazalarini yetkazib beruvchi karnay vazifasini ham bajarmaydi. U asar tizimida mustaqil, o‘ziga xos o‘rin tutadi, qahramon mulohazalari go‘yo muallif so‘zlari bilan yonma-yon tarzda eshitiladi va muallif so‘zlari, shuningdek, boshqa qahramonlarning to‘laqonli mulohazalari bilan uyg‘unlashadi”[1], deydi.
Hayotning barcha muammolari markazida turadigan inson obrazi dastlab san’at va adabiyot asarlarida ilohiy kuchlar bilan bog‘lanib ko‘rsatilgan. Ertak, dostonlarda mushkul vaziyatga tushgan qahramonlarga ma’budlar, farishtalar yordam bergani naql qilingan. “Alpomish”, “Go‘ro‘g‘li”, “Manas” kabi dostonlar qahramonlari shu bois favqulodda kuch-qudratga erishgan. Ularning beqiyos kuch-qudrati, mardligi, jasorati tufayli kishilar mashaqqat, uqubat, zulmlardan xalos bo‘lgan. Ertak, dostonlardagi bu qahramonlar asrlar davomida kishilar uchun hayotni, uning muammolarini tushunish, idrok etishda o‘ziga xos vosita vazifasini bajargan. Kishilar bu qahramonlar faoliyatini xayolan tasavvur qilib, ezgulik va yovuzlikni taqqoslab, tahlil qilib, xulosalar chiqarishgan. Ertak, dostonlardagi, afsona, rivoyat, qissa, romanlardagi adabiy qahramonlar kishilarning dunyoqarashiga, albatta, samarali ta’sir ko‘rsatgan. Adabiy qahramonlarni bu jihatdan boshqa biror narsaga chog‘ishtirib, qiyoslab bo‘lmaydi. Adabiy qahramonlar barcha zamonlarda kishilar ongi, tafakkuriga kitoblar, filmlar, tasviriy san’at asarlari vositasida, yana boshqa shakllarda kirib borgan. Ya’ni odamlar adabiy qahramonlardan beixtiyor ta’sirlanishgan. Insoniyat ezgulik uchun mardona kurash olib borgan Prometey, Rustam, Alpomish, Manas, Farhod kabilarga havas qilsa, ularning dushmanlari, raqiblari, qotillaridan nafratlangan. Shu tariqa kishilar o‘zlari sezmagan, anglamagan holda adabiy qahramonlarning ayrim xususiyat, fazilatlarini beixtiyor o‘zlariga “ko‘chirishgan” va “qabul qilgan”larini ayrim paytlarda amalda qo‘llashgan. Bu esa ularda ichki qoniqish hosil qilgan. Adabiy qahramonlarning ijobiy xususiyatlaridan o‘rnak, ibrat olishga intilish insoniyatni madaniy-ma’rifiy jihatdan hozirgi darajaga ko‘targan.
Adabiy qahramonlar kishilarga tevarak-atrofdagi hodisalarni, o‘zini va boshqalarni tushunish, his qilishga yaqindan ko‘maklashadi. Albatta, adabiy qahramonlar hech kimga bevosita yordam bermaydi. Ya’ni hech kimning yoniga kelib: “Bu ishni qil-u, bunisini qilma!” deb qo‘lidan yetaklab yurmaydi. Adabiy qahramonlarning “ko‘magi” yaxshilikning samaralari, yomonlikning xunuk oqibatlari to‘g‘risida o‘ylantirishi, mushohadaga undashida ko‘rinadi. Odamzod kechagi kunidan buguni, bugunidan ertasi yaxshiroq bo‘lishini istagani bois adabiyot asarlarida azaldan ezgulik uchun intiluvchilar bilan yovuz niyatda kurashuvchilar o‘rtasidagi qarama-qarshilik, ziddiyat asosiy mavzu bo‘lib keladi. Adabiy qahramonlar mana shu ziddiyatni ifodalaydi.
Adabiy qahramonlarning ismi ularning dastlabki o‘ziga xos belgisidir. Alisher Navoiy “Farhod va Shirin” dostonida har bir insonning ismi osmondan tushishi ilohiy kitobda bayon etilganini ta’kidlab, Farhod tug‘ilganida uning ismi ham ma’lum bo‘ldi. Bu so‘zda uning taqdir-qismatiga ishora bor edi, deydi. Badiiy asarlardagi qahramonlar ismi ko‘pincha ularning fe’l-atvori, dunyoqarashiga muvofiq keladi. Albatta, hayotda ismi Abdullatif bo‘laturib, padarkushlik qilganlar hamma zamonda topilganidek, adabiy asarlarda ham ismi fe’l-atvori, xatti-harakatiga nomuvofiq qahramonlar uchraydi.
Adabiy qahramonlarni aniq tasavvur qilishga imkon beradigan ikkinchi bir xususiyat ularning portretidir. Chunki tashqi ko‘rinish har bir odamning o‘ziga xos asosiy belgisi. Badiiy asarlarda ham ana shu belgini gavdalantirishga alohida ahamiyat beriladi. Aksariyat ertak, doston, roman, qissa, hikoyalarda personajlarning portreti shunday tasvirlanadiki, ulardagi sifat, xususiyat, belgilar ko‘pincha shu adabiy qahramonlarning fe’l-atvori, xarakteri, dunyoqarashi to‘g‘risida muayyan tasavvur hosil qiladi. Ertak, dostonlarda qahramonlar portreti ko‘pincha fantastik-xayoliy sifatlar bilan ta’riflanadi. “Alpomish” dostonida qalmoq pahlavonlari portreti “Shomurti shoxalab har yoqqa ketgan, Ichida sichqonlar bolalab yotgan, Izidan tushgan pishak olti oyda yetgan”; “Odam tushmas buning aytgan tiliga, Besh yuz quloch arqon yetmas beliga”; “Oh ursa olamni buzar dovushi, To‘qson molning terisidan kovushi”; “Qahrlansa toshni yorar qahri, To‘qson norning go‘shti bo‘lmas nahori”; “Oltmish qarich olachadan qalpog‘i, To‘qson qo‘yning terisidan telpagi”[2] deb ta’riflanadi. “O‘tkan kunlar” romanida esa qahramonlar portreti xuddi odamlarning qiyofasi, ko‘rinishi kabi: “Og‘ir tabiatli, ulug‘ gavdali, ko‘rkam va oq yuzli, kelishgan qora ko‘zli, mutanosib qora qoshli va endigina murti sabz urgan bir yigit” (Otabek); “Oltmish yoshlar chamasida, cho‘ziq yuzli, do‘ngroq peshonali, sariqqa moyil to‘garak qora ko‘zli, oppoq uzun soqolli” (Hasanali); “Gavdaga kichik, yuzga to‘la, ozroqqina soqol, murtli, yigirma besh yoshlar chamalik bir yigit” (Rahmat); “Uzun bo‘yli, qora cho‘tir yuzli, chog‘ir ko‘zli, chuvoq soqol, o‘ttiz besh yoshlarda bo‘lgan ko‘rimsiz bir kishi”[3] (Homid) deb tasvirlanadi.
Qahramonlarning qiyofa, ko‘rinishidagi bunday sifat, xususiyatlar ularning fe’l-atvori, xatti-harakatlarida ham namoyon bo‘ladi. “Shomurti shoxalab har yoqqa ketgan” qo‘rqinchli qahramonlar adolat tarafdori Alpomishga dushmanlik qilishadi. “Ko‘rimsiz bir kishi” – Homid pokiza muhabbat sohiblari Otabek va Kumushning turmushini buzish maqsadida turli jinoyatlarga qo‘l uradi. Adabiy qahramonlarning qiyofasini bu xilda tasvirlash orqali ularning fe’l-atvoriga ishora qilish barcha xalqlar og‘zaki va yozma adabiyotida kuzatiladi.
Homerning “Iliada” va “Odisseya” dostonlarida ham ko‘rkam, chiroyli, baquvvat qahramonlar vatanparvar, mard, jasur; ko‘rinishi qo‘pol, xunuklar esa yovuz, qabih ekanligi voqealar davomida ochib beriladi. “Manas”, “Ramayana”, “Mahobxorat”, “Qo‘rqut ota kitobi” kabi asarlarda ham qahramonlar qiyofasi ularning tabiati, xatti-harakatlariga uyg‘un holda ko‘rsatiladi. Bundan esa inson dunyosini aks ettirishdagi folklorga xos ko‘pgina jihatlar yozma adabiyotga ham “ko‘chgan”i aniq ko‘rinadi. Roman, qissa, hikoyalarda ham ko‘pincha xuddi ertak, dostonlardagi kabi qahramonlar qiyofasi ularning fe’l-atvoriga mutanosib holda tasvirlanadi. “O‘tkan kunlar” romanida Otabek va Kumushga dushmanlik qilganlardan biri Jannatning qiyofasi “erdan bichib olgandek pak-pakana, burni yuzi bilan baravar, deyarli tep-tekis, ko‘zi qoqqan qoziq o‘rnidek cho‘p-chuqur, og‘zi qulog‘i bilan qoshiq solishar darajada juda katta, yuzi qirq yillik og‘riqlarnikidek sap-sariq qirq besh yosh chamasida bir xotin”[4] deb tasvirlanadi. Otabekni o‘ldirishga qasd qilgan uning o‘g‘li Sodiqning ko‘rinishi ham: “sariq tanli, ukkining ko‘zidek chaqchayib o‘ynab va yonib turgan qizil ko‘zli, yuziga parchinlangandek puchuq burunli, manglayi qancha tashqariga o‘sib chiqqan bo‘lsa, yuzi o‘shancha ichkariga ketgan, qisqasi, vaqtsizroq yaratilib qolgan bir maxluq”[5] deb tavsiflanadi.
Fyodor Dostoyevskiy asarlarida portret mohir rassom tomonidan chizilganday yorqin tasvirlanib, ularning har bir vaziyatdagi holat, kechinmasi keng, batafsil, ichki dunyosi bilan bog‘liq holda ochib beriladi. “Xo‘rlanganlar va haqoratlanganlar” romanida knyaz Valkovskiyning bir holati quyidagicha tasvirlanadi: “U bizga diqqat bilan ko‘z yugurtirdi. Bu qarashdan u bu yerga do‘st bo‘lib keldimi, dushman bo‘lib keldimi, aniqlab bo‘lmasdi… U qirq beshdan oshmagan, xushbichim va nihoyatda chiroyli bir odam edi, yuzining ifodasi sharoitga qarab o‘zgarib turardi; o‘zgarganda ham juda keskin o‘zgarar, go‘yoki qandaydir bir prujinasini bexosdan bosib yuborganlaridek ko‘z ochib-yumguncha eng yoqimli ifoda birdan o‘zgarib, qayg‘u yoki norozilik ifodasi paydo bo‘lardi. Chiroyli, xushbichim, yuzi qorachadan kelgan, tishlari butun, yupqa lablari kelishgan. To‘g‘ri, bir z uzunroq burni, bitta ham ajin tushmagan keng peshonasi, katta-katta qo‘y ko‘zlari birga qo‘shilib, uni chiroyli ko‘rsatar, lekin shunga qaramay, bu chiroy sovuq, kishida yoqimli taassurot qoldirmasdi. Yuzidagi ifoda go‘yoki o‘ziniki emasdek, hamisha soxta, yasama, birovdan o‘rganib olingandek ko‘rinardiki, bu kishining nafratini qo‘zg‘atardi va sizda yuzining asli ifodasini hech qachon ko‘rib bo‘lmaydi, degan ishonch uyg‘otardi. Zehn solib qaragan saringiz bu doimiy niqob ostida qandaydir yovuzlik, quvlik va o‘taketgan xudbinlik yashirinib yotganga o‘xshab ko‘rinardi. Ayniqsa, ajoyib tiniq qo‘y ko‘zlari diqqatingizni jalb etardi. Faqat ko‘zlarigina uning ixtiyoriga bo‘ysunmaydigandek edi. Balki u odamlarga mehr-muhabbat bilan qarashni istardi, biroq qarashida iliq bir ifoda bilan birga, qandaydir bir xunuklik va sovuqlik asari ham bor edi… U ancha novchadan kelgan, qomati kelishgan, qotmaroq va o‘z yoshiga nisbatan ancha yosh ko‘rinardi. To‘q sariq, mayin sochlariga hali bitta ham oq tushmagan. Quloqlari, qo‘llari, oyoqlari nihoyatda kelishgan. Xullas, bu nasliy bir go‘zallik edi. U did bilan nafis va nihoyatda ozoda kiyingan, biroq yoshiga nisbatan kiyinishi bachkanaroq ko‘rinsa ham, shunga qaramay, o‘ziga juda yarashgan edi. U Alyoshaning katta akasidek ko‘rinardi. Har qalay, uni shu kap-katta yigitning otasi deb bo‘lmasdi”[6]. Qahramon portretining bunday tasvirlanishi ijodkorning inson dunyosini juda teran tushunishini namoyon etadi. Bundan ayon bo‘ladiki, ijodkorning badiiy mahoratini uning adabiy qahramon portretini tasvirlashiga qarab ham belgilasa bo‘ladi. Shunday ekan, milliy adabiyotlarning, har bir ijodkorning inson dunyosi va hayot hodisalarini badiiy aks ettirishda qanday darajaga erishganligini belgilashda portret tasviri ham o‘ziga xos mezon bo‘la oladi.
Har bir davrning o‘z muammolari bo‘ladi. Badiiy asarlarda ana shu muammolar adabiy qahramonlar hayoti orqali aks ettiriladi. Xalqlar o‘rtasida urushlar ro‘y bergan paytlarda buyuk bahodir, pahlavonlarning vatanparvarligi, jasoratini madh etuvchi “Iliada”, “Odisseya” kabi asarlar yaratilgani ham shundan dalolat beradi. Yunonlar bilan troyaliklar o‘rtasida bo‘lib o‘tgan urush to‘g‘risidagi rivoyatlar asos qilib olingan “Iliada” dostonida Axillisning kuch-qudrati, dushmanga qahru g‘azabi, do‘stiga sadoqati, mardligi madh etiladi. “Odisseya”da esa Troya jangidan qaytayotgan jasur, mard Odisseyning sarguzashtlari naql qilinadi. Bu dostonlarning qahramonlari dehqon yoki cho‘pon emas. Axill Fessaliya podshohi Peley va dengiz ma’budasi Fetidaning o‘g‘li bo‘lsa, Odissey – Itaka podshohi. Axillga hech bir pahlavon tenglasha olmaydi. U o‘zining kuch-qudrati bilan troyaliklar lashkarini shu darajada qo‘rqitib qo‘yganki, hech kim shahar darvozasini ochib tashqariga chiqmaydi. Odissey ham shu darajada kuchli, qudratli, jasurki, u dengiz ma’budi Poseydondan ustun keladi. “Alpomish” dostoni qahramonni Alpomish ham, “Manas” qahramoni Manas ham, “Ramayana”, “Maxobxorat”, “Qo‘rqut ota kitobi” qahramonlari ham hukmdorlarning farzandlari. Ularni ma’budlar, chiltonlar tarbiya qiladi, mushkul vaziyatga tushganida yordamga kelishadi.
Hayotda zulm va adolatsizlik mavjudligi, kishilarning og‘ir qismati, ularning mavjud turmush tartibini o‘zgartirish yo‘lidagi intilishlari, kurashlari zamonlar o‘tishi bilan adabiyotda oddiy odamlar hayotini ham bosh mavzuga aylantirgan. Oddiy odamlar uzoq zamonlardan so‘ng shoh, sulton, amaldorlar singari asarlarning asosiy adabiy qahramoni sifatida ko‘rsatilgan. Umuman, inson dunyosini, hayot hodisalarini ko‘rsatishda barcha xalqlar adabiyoti bu jihatdan bir-biriga o‘xshash tarixiy taraqqiyot yo‘lini bosib o‘tgan. Ya’ni barcha xalqlar adabiyotida dastlab ma’budlar, hukmdorlar, keyinchalik esa oddiy odamlar asosiy adabiy qahramon sifatida ko‘rsatilgan. Jumladan, “Shohnoma”, “Xamsa”larda ham asosan hukmdorlar – sultonlar, shahzodalar, malikalar, vazirlar hayoti haqida so‘z yuritilgan. Firdavsiy ham, Nizomiy ham, Xusrav Dehlaviy ham shohlar, shahzodalar, malikalarni asosiy qahramon qilib ko‘rsatgan. Navoiy qahramonlari Farhod ham, Bahrom ham, Iskandar ham – shoh. Majnun, Laylilar ham oddiy fuqaro emas. Ular qabila boshliqlarining farzandlari – hukmdorlar tabaqasidan.
Barcha xalqlar mumtoz adabiyoti namunalarida zulm, zo‘rlikning barham topishi, kishilarning hur, erkin, farovon hayot kechirishi avvalo shohlar, hukmdorlarning “tuzalishi”, har jihatdan komil bo‘lishiga bog‘liq, deb ko‘rsatilgan. Shuning uchun qadimgi yunon shoirlari ham, frantsuz, nemis adiblari ham aslzoda kiborlar hayoti, ularning maishiy turmushini asarlariga asosiy mavzu qilib olishgan. Jumladan, “Ilohiy komediya” (Dante), “Faust” (Gyote), “Evgeniy Onegin” (Pushkin) kabi jahon adabiyoti mumtoz namunalarida aslzodalar hayoti, ularning ma’naviy-axloqiy dunyosi gavdalantirilgan. Ularda kiborlar dunyoqarashi, axloqidagi illatlar keskin tanqid qilinib, oddiy odamlar fe’l-atvoridagi ijobiy jihatlar ibrat qilib ko‘rsatilgan. Ushbu asarlarda shoirlarning o‘zi ayrim o‘rinlarida asosiy qahramon sifatida yovuzlikni qoralab, ezgulikka da’vat qilgan.
Rus adabiyoti inson dunyosini badiiy gavdalantirishda I.Turgenev, L.Tolstoy F.Dostoyevskiy kabi yozuvchilar asarlari orqali yangi bosqichga erishgan. Rus ijodkorlari Yevropa, ayniqsa, frantsuz adabiyotining hayot hodisalari va inson dunyosini badiiy aks ettirishdagi eng ilg‘or jihatlarini ijodiy o‘zlashtirishgan hamda xo‘rlangan, haqoratlangan oddiy odamlarni asarlarining asosiy qahramoni qilib ko‘rsatishgan. “Uyqu istagi” (Chexov), “Mumu” (Turgenev) asarlaridagi oddiy odamlar obrazi har qanday davr kishisi qalbini hayajonga soladi, achintiradi. Oddiy odamlarning alam, iztiroblarini ko‘rsatishda, ayniqsa, Fyodor Dostoyevskiy betakror va ibratli asarlar yaratdi. Bu rus adibining adabiy qahramonlari nafaqat oddiy odamlar dunyosini gavdalantirishi, balki inson qalbidagi murakkab jarayonlar to‘g‘risidagi tasavvurlarni teranlashtirishi jihatidan ham jahon adabiyotidagi o‘ziga xos hodisa bo‘ldi. Hayot hodisalari va inson dunyosi murakkabliklarini badiiy aks ettirish borasida Fyodor Dostoyevskiy asarlari Sharq va G‘arb adabiyoti uchun ibratga aylandi. XIX–XX asrda bu ulug‘ rus adibi asarlari ijodkorlar badiiy mahoratini baholashning o‘ziga xos mezoni bo‘lib qoldi. Chunki uning “Xo‘rlanganlar va haqoratlanganlar”, “Telba”, “Jinoyat va jazo”, “Aka-uka Karamazovlar”, “Ma’suma”, “Qimorboz” kabi asarlarida adabiy qahramonlar ruhiyati, portreti, xatti-harakatlari yorqin badiiy aks ettirilib, inson dunyosi va hayot hodisalari murakkabliklari g‘oyat ta’sirchan ko‘rsatilgan.
San’atning hech bir turi inson dunyosini to‘la-to‘kis gavdalantirolmaydi. Har bir san’at turi bu sirli xilqatning ma’lum bir qirrasinigina aks ettiradi. Adabiy janrlarda ham bu olamning muayyan jihati ko‘rsatiladi. G‘azal, ruboiy tuyuq, sonetda insonning lahzalar ichidagi kechinma, hissiyotlari ifodalansa, roman, dostonda inson dunyosi, uni qurshab turgan muhit nisbatan kengroq gavdalantiriladi. Shu boisdan milliy adabiyotlarning inson dunyosini ko‘rsatishdagi taraqqiyoti darajasi asosan dostonlar hamda romanlarga qarab belgilanadi. Roman endilikda adabiyotning yetakchi janri sanaladi. Inson dunyosini adabiy qahramonlar timsolida aks ettirishda roman janrining yangi imkoniyatlari namoyon bo‘lmoqda. Bu sirli olamni badiiy tahlil qilishda Dostoyevskiy romanlarining samarali ta’siri natijasida Yevropa, Amerika adabiyotida, xususan, Joys, Kafka, Kamyu, Borxes, Markes, Aytmatov kabi adiblar asarlarida ta’sirchan adabiy qahramonlar obrazlari yaratildi.
Abdulla Ulug‘ov, filologiya fanlari nomzodi
“Jahon adabiyoti”, 2015 yil, 5-son
[1] Baxtin M. Problemы poetiki Dostoyevskogo. Izd. 4-e. – M.: «Sovetskaya Rossiya», 1979. – 320 s. – s. 5-7.
[2] Alpomish. O‘zbek xalq qahramonlik eposi. – T.: “Fan”, 1999. – 832 b. – 202-203-betlar.
[3] Qodiriy A. O‘tkan kunlar. – T.: Adabiyot va san’at nashriyoti, 1974. – 400 b. – 7-8-betlar.
[4] O‘sha manba. – 171-bet.
[5] O‘sha manba. – 177-bet.
[6] Dostoyevskiy F.M. Xo‘rlanganlar va haqoratlanganlar. To‘rt qismdan iborat roman. Habiba Ziyoxonova tarj. –T.: “Toshkent” badiiy adabiyot nashriyoti, 1966. – 400-b. – 110-111-betlar.