Abduqodir Hayitmetov. Nodir lahzalar

Mening ulug‘ shoir va alloma G‘afur G‘ulom bilan tanishligim talabalik yillarimdan boshlangan. Husanjon ismli jiyan biz bilan hozirgi Milliy universitetning Sharq fakultetida o‘qir edi. Qolaversa, kennoyimiz — Muharram opaning Qo‘qonning oyim tug‘ilgan va yashagan Degrezlik mahallasidan ekanliklari ham katta ahamiyatga ega bo‘ldi. Bu oilada meni hamisha o‘z o‘g‘lidek kutib olishardi.
Shu bilan birga, G‘afur aka to vafotlariga qadar O‘zbekiston Fanlar akademiyasining mashhur Til va adabiyot institutida bo‘lim boshlig‘i, katta ilmiy xodim vazifalarida xizmat qilganlar. Men bu dargohda 1953 yildan faoliyat ko‘rsata boshlaganman. U kishining institutga har bir kelishi, xususan, biz yoshlar uchun bayramdek bo‘lar edi.
U kishi biron mavzuda ma’ruza qilmoqchi yoki maqola yozmoqchi bo‘lsalar, men ko‘pincha dastyorlik vazifasini bajarar, adabiyotlar o‘qib berar, ba’zan kotiblik ham qilar edim. Bu ulkan ijodkor va ajoyib inson bilan yaqin muloqotda bo‘lgan kunlarimni hayotimning eng qiziqarli va mazmunli chog‘lari, deb hisoblayman.

HOFIZNING KO‘ChIShI

G‘afur G‘ulom Eski toshkentlik bo‘lib, shaharning miridan sirigacha bilar, mashhur Mulla To‘ychi hofizga yaqin joyda yashar ekan. Kunlarning birida hofiz o‘sha atrofdagi bir hovliga ko‘chadigan bo‘lib qolgan. Oxirgi ashyolarni ko‘tarib, ko‘p yil tuz totgan manzilni tark etish kechqurunga — qorong‘i tushgan paytga to‘g‘ri kelgan. Hamma unga yordam berishga oshiqqan G‘afur aka ham shu marosimda ishtirok etgan. Kimningdir qo‘lida chelak yoki tog‘ora, kimning orqasida ko‘rpa-to‘shak, yana kimdir kosa, tovoq ko‘targan holda yangi manzilga borishar ekan. G‘afur akaga hofizning yonida yoqilgan fonusni ko‘tarib, har zamonda uning piligini tozalab turish va yo‘lni yoritib borish vazifasi topshirilgan. Ular ko‘chani to‘ldirib, sekin-asta ilgarilab borishar ekan, bir narsa G‘afur akani juda ajablantirgan va g‘ashini keltirgan. Hofizni tanigan, bilgan odamlar nihoyatda ko‘p bo‘lib, ular hammasi ko‘pincha qo‘l berib ko‘rishishga harakat qilisharkan. Kim bilan ko‘rishmasin, To‘ychi hofiz oldin salom bergan. Sinchkovlik bilan hammani kuzatib borayotgan G‘afur akaning bunga biroz g‘ashi kelibdi va unga:
— To‘ychi aka, o‘zingiz juda yaxshi odamsiz-ku, lekin behad sermulozamatsiz-da. Kim bilan ko‘rishmang, oldin siz salom berayapsiz. Boshqalarning salomini ham olib turing-da! — degan. Bunga esa hofiz:
— Uka, shu mahallada o‘sib katta bo‘lganman. Kim bilandir urishganman, kim bilandir talashganman. Birortasi nimadandir ranjib: — “O‘zimiz bilan chillak o‘ynab, mushtlashib, tishlashib yurgan To‘ychivoy endi osmonga qarab, hech kimni tanimay qo‘yibdimi?! — demasin, deyman-da!” — degan ekan kulib.
— Qorong‘ida ba’zilarini esa tanimayapman!

ADIB VA “ILOHIY KOMEDIYa”

40-yillarning oxirlarida qayerdadir va kimdandir G‘afur G‘ulom Dantening “Ilohiy komediya” nomli asarini tarjima qila boshlabdi, — degan gapni eshitdim. Oradan biroz vaqt o‘tib, G‘afur akaning uylarida bo‘lganimda, o‘zlariga shu gapni aytdim. U kishi:
— Dunyoda shunaqa gaplar ham yo‘q emas! — dedilar.
Bu buyuk asarni rus tilida to‘la o‘qiganim va u menda katta taassurot qoldirgani uchun, bu masalaga yana qiziqishim ortib:
— Qilgan tarjimalaringiz bilan ozgina bo‘lsa ham tanishsam bo‘ladimi? — dedim.
Ma’lumki, bu asar g‘oyat murakkab shaklda yozilgan bo‘lib, G‘afur aka uning o‘ziga xos she’riy xususiyatlarini tarjimada qanday berdilar ekan? — degan andishalar ham menda yo‘q emas edi.
U kishi esa jiddiylashib:
— Men o‘lganimdan keyin, yostig‘imning tagida ham biror narsa qolishi kerakmi yoki hammasini yeb-ichib, tamom quritib ketishim kerakmi? — dedilar.
Men jim bo‘ldim. U kishi bilan bu to‘g‘rida boshqa gaplashmaganman.

“MENING O‘G‘RIGINA BOLAM”

G‘afur G‘ulomning so‘nggi davr ijodidan mening eng sevib o‘qiganim, qayta-qayta o‘qiganim “Mening o‘g‘rigina bolam” hikoyasi desam, xato bo‘lmaydi. Unda insongarchilik g‘oyasi sharoit taqozosi bilan o‘g‘irlik yo‘liga kirgan yigit va rahmdil uy egasi timsollari sof o‘zbekona tushuncha hamda uslub orqali yaxshi tasvirlab berilgan.
Men bu hikoyani gazetada bosilib chiqqan kuni kechroq — uyquga yotish oldidan o‘qiganman. O‘qib bo‘lgach, hayajonim ichimga sig‘may, uxlashga hozirlik ko‘rayotgan barcha oila a’zolarimizni to‘plab, uni o‘zim o‘qib bergan edim.
Ertasiga institutga borar ekanman, G‘afur akaning qadim o‘rtoqlaridan biri, ustozimiz Porso Shamsiyevni ko‘rib qoldim. U kishiga ham G‘afur G‘ulom ajoyib yangi hikoya yozganini aytib:
— Iloji bo‘lsa, u kishini bugun kechqurun tabriklab kelsam yomon bo‘lmas edi, — dedim.
Domla fikrimni ma’qulladilar. Ish vaqtining oxiriga yaqin G‘afur akaning uyiga sim qoqib, uning uyda bor-yo‘qligini surishtirganlar. Oila a’zolaridan kimdir G‘afur G‘ulomning uyda yo‘qligini, bir yoqqa chiqib ketganini aytgan. Domla menga:
— O‘zi borida borsak yaxshi bo‘lar! — dedilar.
Men:
— Boraveraylik! Aylanib, kelib qolishi mumkin, — dedim.
Domla ko‘nmadilar.
Ertasiga peshinga yaqin institutga borsam, G‘afur G‘ulom kelib ketganini aytishdi. G‘afur aka Porsoxon domlaga katta da’vo va norozilik bilan shunday debdilar:
— Kecha telefon qilibsan: — “Boraman!”, deb. Abduqodir ham bormoqchi, debsan. Bozorda bir qadoq go‘sht falon pul! Bir qadoq yog‘ falon so‘m. Guruchni ham birov tekinga bermaydi. Senlarni keladi, deb, Muharramxon qozonni to‘ldirib osh qildi. Kelib qolarkanlar, deb bir soatdan ortiq kutib o‘tirdim. Kelmadilar-ku! Nima gap?
Porsoxon domla, albatta, qattiq xijolat tortganlar. Lekin nima deysiz — hayotda bir tomonda xursandchilik bo‘lsa, ikkinchi tomonda, anglashilmovchiliklar ham yuz berib turar ekan-da!

“O‘G‘ILMISAN O‘G‘ILLAR”

Bahor. Dam olish kuni. G‘afur aka ro‘zg‘orga u-bu olish uchun Beshyog‘och bozoriga chiqar ekan, darvoza oldida eski tanishlari — O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasining raisi Yashin bilan faylasuf olim Vohid Zohidovni ko‘rib qolgan. Ular nimalarnidir muhokama qilib turishgan bo‘ladi. G‘afur aka borib, ular bilan ko‘rishadi-da, ikkovlarini bozorni aylanishga taklif qiladi. Ular ham rozi bo‘lishadi.
Bozor obod. Yangi qulupnay pishgan. Rediska deysizmi, ko‘k piyoz, sarimsoq piyoz deysizmi, bozor peshtaxtalarini bosib ketgan. Dalalardagi somsabop o‘tlarni terib kelib, ko‘klar orasida sotish yangi rasm bo‘lgan vaqt.
G‘afur aka bozor qilish, oladigan narsasining narxini talashishni yaxshi ko‘radigan odam edilar. Buni men Eski shahar bozorida nok, anor olganlarida ham ko‘rgan edim. Hademay G‘afur akaning qo‘lidagi ikki xalta to‘lgach, yana nima olsam ekan, deb to‘xtab turganlarida, oldilaridan mashhur musiqashunos, akademik, xonanda Yunus Rajabiy chiqib qolgan. U avval G‘afur aka, so‘ng boshqalar bilan ko‘rishar ekan, G‘afur aka yonidagi yosh yigitlardek kulib turgan ikki hamrohini unga qo‘li bilan ko‘rsatib degan:
— Mana, Yunus aka, men ham madaniyatli ota bo‘lib, ikkala o‘g‘limni tomosha qildirib yuribman, — ularga nima olib bersam ekan, deb.
Uning bu gapiga askiyani jonidan ortiq ko‘radigan Yunus aka rosa kulgan. Negaki, bu ikkala “o‘g‘illari”ning bo‘yi ham G‘afur akaning loaqal yelkasigacha ham kelmas edi-da.
Kulishib-kulishib, so‘ng ular, to‘rtovlon to‘kis bo‘lib, G‘afur akanikiga yo‘l olishgan.

DO‘STNING JARChISI

Bir yili G‘afur G‘ulom Tojikistonga borib, Dushanbeda katta bir majlisda ishtirok etgan. O‘sha vaqtda xususan ziyolilar orasida xalqlarning hamjihatliligiga putur yetkazuvchi mayda gaplar paydo bo‘lgan edi. Bir umr o‘z ijodini xalqlarning bir-biri bilan tinch va totuvlikda yashashi kerakligini kuylashga bag‘ishlagan shoir bu anjumanda nima haqida gapirish kerak edi? Albatta, u minbarga ko‘tarilib, o‘zbek va tojik xalqlari o‘rtasidagi azaliy yaqinlik, shu yo‘l bilan ular yangi daryolar yaratgani, yangi shaharlar bino qilgani, urf va odatlardagi, tildagi o‘xshashliklar to‘g‘risida to‘lqinlanib so‘zlagan.

Shu vaqt atrofga qarasa, unga yaqin joyda o‘zining eng qadrdon do‘stlaridan shoir Mirzo Tursunzoda, taniqli adib Ulug‘zoda, firqaviy rahbar O‘ljaboyev ham o‘tirishibdi. G‘afur G‘ulom shu payt Mirzo Tursunzodaga murojaat qilib:
— Qani, Mirzo, sening otangning ismi nima? “Tursun”mi? “Tursun” o‘zbekcha so‘zmi yoki tojikchami? — degan.
Shunday savolni Ulug‘zodaga ham bergan. So‘ng bu savollarga o‘zi javob berib:
— Bu sof o‘zbekcha so‘zlar va o‘zbekcha ismlardir. “O‘ljaboy” degani ham. Shunga ko‘ra, men sizlar bilan tug‘ishgan aka-ukalardek qadrdonman! — desam, buning nimasi yomon?! Nimasi noto‘g‘ri?! — degan.
Hamma bir nafas bir-biriga qarab, gapning ma’nosini chaqqach, butun majlis ahli birdan qarsak chalib yuborgan. U gapini tugatganda ham chapak bilan bir necha muddat minbarda ushlab turishgan. Muborak ismlari tilga olingan do‘stlari esa, uni yaxshi nutqi uchun qo‘l berib, chin dildan tabriklashgan.

YO‘LDAGI KO‘NGILSIZLIK

Bir yili G‘afur G‘ulom bir guruh yozuvchi va tanqidchilar bilan Qozog‘istonda o‘tadigan o‘zbek adabiyoti kunlariga borishgan. Qaytishda yo‘llarni tomosha qilib ketamiz, deb, G‘afur akaning gapi bilan 3-4 kishi moshinada qaytishgan. Qozoq birodarlari bizdan borgan hamkasb do‘stlarini yaxshi mehmon qilib, sovg‘a-salomlar bilan kuzatib qo‘yishgan. Yo‘l bo‘yi ular chaqchaqlashib, she’rxonlik qilishgan, xohlagan yerda to‘xtashgan. Kabobxo‘rlik ham bo‘lgan, qimizxo‘rlik va qimronxo‘rlik ham.
Bu sho‘xliklarning barchasida G‘afur G‘ulom bosh dirijerlik vazifasini bajargan. Orqa qatorda o‘tirgan mashhur tanqidchimiz Izzat Sulton ham yayragan. Qozoqlarning o‘zbek og‘alari, o‘zbeklarning qozoq og‘aynilari to‘g‘risidagi ichakuzildi askiya va latifalari ham bearmon aytilgan. Kimdir askiya yo‘lidan chiqsa yoki yomonroq, tishga tegadiganroq latifa aytsa, boshqasi:
— Hoy, oramizda tanqidchi ham o‘tirganini unutma! — deb, Izzat Sultonga ishora qilib qo‘yishgan.
Bir manzilga kelganda G‘afur G‘ulom haydovchiga:
— Uka, shu yerda, o‘ng tomonda Kattaovul degan bir joy bor. U yerda men o‘n yil oldin bo‘lgandim. O‘sha joyni bir ko‘rib ketaylik! — degan.
“Mehmonning gapi yerda qolguncha, shaytonning bo‘yni uzilsin!” degan gap bor. Haydovchi “Xo‘p!” deb, biroz yurgach, o‘ng tomonga moshinani burgan. 15-20 daqiqa yurishgach, bir ovulga tushishgan. Moshinadan tushishi bilanoq G‘afur akaning kayfiyati o‘zgargan. Ovuldan fayz ketgan. Hammayoq vayrona. Devorlar yer bilan barobar bo‘lib qolgan. Daraxtlar qurigan, borlari yakkam-dukkam, mol-hol yo‘q… Ko‘chada biron odam ko‘rinmas. Sal narida ozg‘in, tuklari to‘kilgan bir-ikki it u yer-bu yerni iskab, tintib yurgan.
Ular hayron bo‘lib turganda, odam ovozini eshitib, yonlaridagi hovlidan bir qariya chiqib kelgan va mehmonlar bilan qo‘l berib so‘rashgan. G‘afur aka undan:
— Kattaovul shumi? — deb so‘ragan.
— Ha, bir vaqt Kattaovul edi. Hozir buni “Kichikovul” deyishga ham til bormaydi, — degan qariya horg‘in va hazin tovush bilan.
G‘afur aka yana:
— Nega bunday bo‘ldi? Ilgari bir kelganimda juda obod edi. Do‘konlar bor edi. Bog‘lar ham ko‘p edi. Bu yerda ko‘p go‘shtxo‘rlik, qimizxo‘rliklar qilgan edik! — degan achinish bilan.
— Ey chirog‘im, birov bir yerni obod qilar ekan. Boshqa birov uni buzib, o‘rniga arpa, mosh ekar ekan. Odamlarga og‘ir soliqlar solishdi. Na mosh ko‘paydi, na arpa noni. Shundan keyin ko‘pchilik bitta-bitta har qayoqqa ketib qoldi, — degan qariya xo‘rsinib.
Shunda G‘afur G‘ulom birdan yonida turgan Izzat Sultonga dahshat bilan qarab:
— Qani va’da qilgan kommunizming? Qani qurgan sotsializming? Adoyi tamom bo‘libdi-ku shunday obod ovul! — degan.
Izzat Sulton hayron. Shu daqiqalarda uning siymosida shoir katta nazariyachi olimni emas, haybarakallani, soxta tanqidchilarni, firqaning adabiyot yo boshqa masalalar bo‘yicha bir qarori chiqsa, hammadan burun shovqin ko‘tarib, yozuvchilardan nuqson qidirib, ularni moxovga oshna qilishga uringan “tanqidchi”larni ko‘z oldiga keltirgan bo‘lsa ajab emas. O‘sha davrlarda bunday “tanqidchi”lardan hatto Oybek domla ham hayiqardi.
Shundan keyin ular tez mashinaga minib, yo‘llarda davom etishgan. Shunda Toshkentgacha G‘afur G‘ulomning qovog‘i ochilmagan va hech kim bilan gaplashmay kelgan ekan. Buni menga Izzat Sulton gapirib berarkan:
— Bir vaqt G‘afur menga yopishib ketdi, go‘yo sho‘ro hukumatini men qurgandek! — degani esimda.

«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2003 yil 19-sonidan olindi.