Halollik va tekinxo‘rlik haqida maqollar

Beli og‘rimaganning non yeyishini ko‘r.

Bersang — yeydi, ursang — o‘ladi.

Bir dehqon omoch bilan,
Ettovlon cho‘mich bilan.

Birovning qo‘li bilan tikan yulish oson.

Davlat*ning illati bor.

Dili pokning ishi — pok.

Dili pokning yo‘li — pok.

Erga boqqan ish qilmas,
Ish qilsa ham, tinch qilmas.

Ishlab yegan zog‘orang
Tanangga yog‘dek yoqar.

Ishlab topganning oshi — lazzatli.

Ishlagan er, tishlab yer.

Ishlamay yegan og‘rimay o‘lar.

Kambag‘alning puli — peshona teri.

Kim ishlaydi, kim tishlaydi.

Kishining zari kishini buzar,
Zarni ko‘rgan zanjirini uzar.

Ko‘ngil tortgan osh — halol.

Manglay tering bilan topilgan mol,
Taningga halol.

Oshing halol boisa, ko‘chada ich.

Oqar suvning haromi yo‘q.

Og‘zingdan chiqqan tupruk,
Erga tushsa, makruh.

Og‘iz yesa, ko‘z uyalar.

Pora do‘zax eshigini ochar,
O‘zini bilgan undan qochar.

Pora yegan pona yer.

Pora kanda bo‘lmasa,
Parokanda bo‘lasan.

Poraxo‘r boyimas,
O‘g‘ri koyinmas.

Poraxo‘r besh qo‘lini og‘ziga tiqar.

Poraxo‘r — tekinxo‘r.

Poraxo‘r — haromxo‘r.

Poraxo‘rning ko‘zi beshta,
Qo‘li — to‘rtta.

Poraxo‘rning tavbasidan qo‘rq,
Mug‘ombirning — yig‘isidan.

Tekin bo‘lsa, mix yut.

Tekin go‘shtning suyagi burun yirtar.

Tekin yegan — ko‘zga tikan.

Tekin yeguncha, ekib ye.

Tekin yema, teshadi,
Sim bo‘lsang ham, eshadi.

Tekin tomoq odamning tuzog‘i,
Edirib aytadi: Ammamning buzog‘i.

Tekin tomoq tish sindirar.

Tekin tomoq totlik kelar.

Tekin tomoqning ta’mi boshqa,
Eganlarning boshi qashqa.

Tekin tomoqning tikanagi tiqilar.

Tekin topgan mol yomon,
Oxiri qo‘ymas omon.

Tekin to‘n qimmatga tushar.

Tekindan tomoq bo‘lsa,
Qirq kun yotmoq kerak.

Tekinning minnati ko‘p,
Mehnatning — ziynati.

Tekinxo‘r boyimaydi,
Boyisa ham yuqmaydi.

Tekinxo‘r soyasidan qo‘rqar.

Tekinxo‘r — suvsiz ariq.

Tekinxo‘r qopib yeydi,
Mehnatkash topib yeydi.

Tekinxo‘rga teng kelma, qopadi,
O‘z aybini tekin pulga yopadi.

Tekinxo‘rga shafqat yo‘q.

Tikanning zahri yomon,
Tekinxo‘rning qahri yomon.

Tomog‘ining yo‘li toza,
Ishi bo‘lar pokiza.

Totli tomoq tamuqqa tushirar.

Uzum tilaganga uzib-uzib ber,
Qovun tilaganga — qon yalatib.

Xalq molini yegan halqumidan ilinar.

Sharob tekin bo‘lsa, hamma ichar,
Tekinxo‘r vijdonidan kechar.

Shirafurushning shirasi bor,
Ortish-tortish kirasi bor.

Ekkanda yo‘q,
Tikkanda yo‘q,
Xirmonda hozir.

Eldan osh yesang, elga osh ber.

Eshak Makkaga borib halol bo‘lmas.

Eshakning go‘shti harom,
Mehnati — halol.

Yulg‘ich borning molin yulqar,
Yo‘qning nomin bulg‘ar.

Yulg‘ich yuladi,
Yulib olgach, ko‘madi.

Yulg‘ich yulib to‘ymas.

Yulg‘ich yulib to‘ymaydi,
Qirg‘ich qirib qo‘ymaydi.

O‘roqda yo‘q,
Mashoqda yo‘q,
Xirmonda hozir.

O‘zi o‘lgan qo‘y qurbonlikka kirmas.

Halol ish — lazzatli yemish.

Halol ishla, halol tishla.

Halol mehnat yerda qolmas.

Halol mehnat — mo‘l daromad.

Halol molning qulfi o‘zida bo‘lar.

Halol pishib chiqar,
Harom teshib chiqar.

Harakating erta bo‘lsa,
Kuzda erta o‘rasan.

Mehnatingni halol qilsang,
Huzurini ko‘rasan.

Harom yegin to‘yguncha,
Kaltak yegin o‘lguncha.

Harom ish tez qaritar.

Harom haromni chaqirar.

Haromdan kelgan haromga ketar.

Haromdan ming tanga,
Haloldan bir tanga.

Haromzoda bug‘doy ko‘rsatib, arpa sotar.

Haromzoda suvdan holva pishirar.

Haromzodaning quyrug‘i — bir tutam.

__________
* Davlat — bu yerda harom topilgan boylik ma’nosida.