Ahillik va noahillik haqida maqollar

Ayrilmas qo‘shningga uyatli so‘z aytma.

Aytishsang so‘z chiqadi,
Turtishsang — ko‘z.

Arg‘amchiga qil quvvat.

Anil ishlasang, ish unar,
Har mushkul oson bo‘lar.

Anil oila — baxtli,
Noahil oila — vaqtli.

Ahillikda ish bitar,
Ish bitsa ham, qish bitar.

Baraka — inoqlikda,
Boqiylik — quvnoqlikda.

Baraka — tejamlikda,
Yutuq — ahillikda.

Bel bilan bilak biriksa, ish bitar.

Bemaslahat ishning buzarmoni ko‘p.

Besh barmoq yig‘ilsa, musht bo‘lar.

Besh qo‘lim past-u baland,
Beshovi asal-u qand.

Bir bosh — balo bosh,
Ikki bosh — mardona bosh.

Boylik boylik emas,
Ahillik — boylik.

Bolta sopidan o‘zmas,
Yigit — to‘pidan.

Bugun — sizdan, ertaga — bizdan.

Bo‘likchilik tushgan elda
Bukri o‘g‘il tug‘ilar.

Bo‘ri bo‘rini yormas.

Bo‘ri bo‘rini saqlar.

Davlat — og‘iz birlikda.

Dasturxon ustida dushman ham do‘st ko‘rinar.

Dehqon makkasidan kechsa ham,
Chumchuqlar o‘zaro kelisholmas.

Donxonada sichqon chiqisholmas.

Do‘sting bilan dildosh bo‘l,
Qilar ishiga qo‘ldosh bo‘l.

Er tovsiz bo‘lmas,
El — dovsiz.

Etti bojani bir bo‘ri yer.

Yov chopsa, qo‘shilib chop.

Yolg‘iz aql o‘zi yaxshi,
Ikki bo‘lsa, yana yaxshi.

Yortini yorib yeyish — totuvlik nishonasi.

Janjalli uy — azobli go‘r.

Zarb bilan suv bo‘linmas,
O‘t bilan suv kelishmas.

Zulm xo‘rlanganni birlashtirar.

Ikki ovsinning kavushi
Kavshandozda ham chandishar.

Ikki sichqon urishdi,
Bizga don tushdi.

Ikki shunqor urishsa,
Bir qarg‘aga yem tushar.

Ikki yaxshi urishsa,
O‘zgalarga yem bo‘lar.

Ikki qo‘chqor kallasi bir qozonda qaynamas.

Inoqlik jon kiritar.

Niyat buzilsa, jon ketar.

It yig‘ini birikmas.

Ittifoq bitar, noittifoq yitar.

Yirtiq uyni tomchi yer,
Og‘asiz emi qamchi yer.

Yo‘ldoshi ko‘pning qoidoshi ko‘p.

Kemaga tushganning joni bir.

Keng kengashib yirtilar,
Tor — tortishib.

Ko‘mak bo‘lsa har ishga,
Bitadi qolmay qishga.

Ko‘maklashgan ish bitar.

Ko‘p og‘iz bir bo‘lsa,
Bir og‘iz yengilar.

Ko‘p to‘kilsa, ko‘l bo‘lar,
Ko‘p biriksa, el bo‘lar.

Ko‘paylashgan quda otlantirar.

Mayizni bo‘lib yesa, qirq kishiga yetar.

Maslahat — zardan qimmat.

Ovul boshqa, tilak bir,
Barmoq boshqa, bilak bir.

Ovul iti ola bo‘lsa-da,
Bo‘ri kelganda birlashar.

Ovul iti talashar,
Bo‘ri kelsa, yarashar.

Ovuli boshqa oldirmas,
Ovuling seni qoldirmas.

Ovulingdan olg‘ir chiqsa oting o‘zar,
Ovulingdan yomon chiqsa eling to‘zar.

Ovulni olalik buzar,
Orani qoralik buzar.

Oila anil bo‘lsa,
Omad o‘z oyog‘i bilan kelar.

Olti o‘g‘ri bir bo‘lsa,
Bir to‘g‘rini egadi.

Oltovlon ola bo‘lsa,
Og‘zidagini oldirar,
To‘rtovlon tugal bo‘lsa,
Tepadagini endirar.

Ot ayiling mahkam bo‘lsa,
Oting tuvlab ne qilar.

Og‘a-ining qobil bo‘lsa,
Eling tuvlab ne qilar.

Otasi achchiq olma yesa,
O‘g‘lining tishi qamashar.

Oti birning joni bir.

Og‘a-ini totuv bo‘lsa, ot ko‘p,
Opa-singil totuv bo‘lsa, osh ko‘p.

Og‘a-ini totuv bo‘lsa,
Tog‘ni talqon qilar.
Opa-singil totuv bo‘lsa,
Uyni bo‘ston qilar.

Og‘a-ini talashsa,
Yov chopganda yarashar.

Og‘ayni biriksa, bosh ko‘payar,
Ovsin biriksa, osh ko‘payar.

Sakkizdan — zakot,
O‘n oltidan — hayrot.

Sendan harakat, mendan barakat.

Serdaraxt qishloqni sel olmas.

Serjanjal uyda baraka yo‘q.

Sichqon, mushuk do‘st bo‘lsa,
Omborni xudo urar.

Suv birlashsa daryo bo‘lar,
El birlashsa — olomon.

Suvsizlikdan baliq o‘lsa, daryoga nima g‘am.

Suyanishgan yiqilmas.

Tayoqqa suyanib oyoq tolmas,
Oyoqqa suyanib tayoq toymas.

Talashgan yerda tariq bitmas.

Tanasi boshqa dard bilmas,
Uyi boshqa g‘am bilmas.

Tani boshqaning joni boshqa.

Tari(q)ga sherik — bariga sherik.

Tarqoqh el bo‘lsa, dushmanga o‘q bo‘lar.

Tegra-toshing yov bo‘lsa ham,
Uying ichi sov bo‘lsin.

Til boshqa-yu tilak bir,
Yuz boshqa-yu yurak bir.

Tiriklikda siylashgan yaxshi,
G‘ariblikda — munglashgan.

Tiriklikning kuchi — birlikda.

Tomosha — tandir boshida.

Tomoshani jar ko‘chada ko‘r.

Tor tortishib yiqilar,
Keng — kengashib.

Torga — tor dunyo,
Kengga — keng dunyo.

Totuv turmush — uzoq umr.

Totuvlik — baxt,
Totuvsizlik — qulagan taxt.

Totuvning tani bir.
Tulum o‘zbekning tubi bir.

To‘dadan ajragan to‘rga tushar.

To‘zigan g‘ozni to‘plangan qarg‘a olar.

U ko‘z bu ko‘zga do‘st emas.

Uv uvga suyav,
Chiy chiyga suyav.

Uyda rohati yo‘qning Ishda unumi yo‘q.

Uyda qolgan bilan yuk ortishma.

Uyida salobati yo‘qning
Tuzda farog‘ati yo‘q.

Uyingni yov talasa,
Sen ham qo‘shilib tala.

Urishgani o‘g‘ling bo‘lsin,
Kelishgani — kelining.

Urishmoq itga yaxshi.

Uch bor yerda kuch bor.

Uch kishi bilgan sirni
Yuz kishi bilar.

Uch kishi bir bo‘lsa,
Biri — Xizir.

Uyurli qo‘ydan bo‘ri ham qo‘rqar.

Xirmoni birning shamoli bir.

Xon bir bo‘lsa, el tuzalar,
Ikki bo‘lsa, yurt buzilar.

Xotin boshlagandan to‘y bo‘lmas.

Xotin yettiga chiqsa,
Etti uyning kalitini ola chiqar.

Xotin ko‘p bo‘lsa,
Cho‘michni it yalaydi.

Xotining ahil bo‘lsin,
O‘tining quruq bo‘lsin.

Cho‘pon ko‘p bo‘lsa,
Qo‘y harom o‘lar.

Sheriging yomon bo‘lsa, sharmandasan.

Sheriklashib ishlaganning yuragi sherday bo‘lar.

Sherikli oshni it ichmas.

Egachi-singil inoqligi —
Oilaning quvnoqligi.

Elga el qo‘shilsa — davlat,
Eldan el ketsa — mehnat.

Elga el qo‘shilsa — el boyligi.

Elni ixtilof buzar,
Dilni — iztirob.

Er ko‘p bo‘lsa, o‘tin yo‘q,
Xotin ko‘p bo‘lsa — suv.

Etni tirnoqdan ajratib bo‘lmas,
Sevgan xotinni — erdan.

Yalanishgan ochiqmas,
Suyanishgan yiqilmas.

Yaxshi qarashadi,
Yomon talashadi.

O‘lib yeguncha, bo‘lib ye.

Qadr bilgan qarindosh
Mard bo‘lishga ko‘ndirar.

Er boshiga ish tushsa,
Suyab otga mindirar.

Qayrag‘och qalin bo‘lsa, yomg‘ir o‘tmas,
Og‘a-ini totuv bo‘lsa, xo‘rlik yetmas.

Qal’a ichidan olinar.

Qars ikki qo‘ldan chiqar.

Qarg‘a qarg‘aning ko‘zini cho‘qimas.

Qassob ko‘p bo‘lsa, qo‘y harom o‘lar.

Qatordan qolgimcha, xatardan qol.

Qirqishganlar qirqilar.

Qovun ichidan iriydi.

Quloq eshitsa, ko‘ngil bilinar.

Qulog‘ing eshitsa, ko‘zing o‘pkalar.

Qum yig‘ilib, tosh bo‘lmas,
Qul yig‘ilib, bosh bo‘lmas.

Qo‘l qo‘lni yuvar,
Ikki qo‘l — yuzni.

Qo‘llashib ko‘targan yuk yengil.

Qur bo‘lmasa, qut bo‘lmas.

Qur ketdi — qut ketdi.

G‘arib kuniga g‘arib yaraydi.

«Ha» degan tuyaga madad.

«Ha» degan xalqqa madad.

Hamjihatlik — davlat,
Yolg‘izlik – kulfat.

Har butaga o‘t tushsa,
O‘zi kuyib, o‘zi yonar.

Hasan aka quysin,
Qo‘chqor aka ichsin.

Hashar bilan bitmay qolgan ish bitar,
Mensimagan o‘z oyog‘idan yitar.

Hikmat — birlikda.

«Horma» degan holga quvvat,
«Bor bo‘l» degan belga quvvat.

Hulkar bilan tarozi,
Bir-biridan norozi.