Adovat emas, adolat yengar.
Adolat qilichi kesgan qo‘l og‘rimas.
Adolat qilichi keskir bo‘lar.
Arzon bo‘lsa, oluvchidan insof ketar,
Qimmat bo‘lsa — sotuvchidan.
Bir xotir, ikki xotir,
Uchida urib qotir.
Bir yaxshiga bir yomon har yerda bor.
Birovni qarg‘asang, o‘zingga urar.
Boyning gapi — o‘ng,
Yo‘qning gapi — to‘ng.
Buzilgan uydan bulovich olma.
Vijdondan kechgan yiqilar.
Da’vogar sust bo‘lsa,
Qozi muttaham bo‘lar.
Da’vogaring xon bo‘lsa,
Arzingni olloga ayt.
Etim-etim demangiz,
Etim haqin yemangiz.
Etimni yig‘latma.
Jabiga sabr chidamas.
Jallob — turgan-bitgani qallob.
Jangal o‘zini bog‘ aylar.
Jon berganga joy ber,
Joy beiganga jon ber.
Jon kuydirmasang, jonona qayda,
Toqqa chiqmasang, do‘lona qayda.
Zamonaning ozgani —
Otdan eshakning o‘zgani.
Zar ham zo‘rniki,
Zan ham zo‘rniki.
Insof — sari baraka.
Insofi borning barakati bor.
Insofi yo‘qning imoni yo‘q.
Insofli oshini yer,
Insofsiz — boshini.
Ish bitdi,
Eshak loydan o‘tdi.
Yiqilganni tepib o‘tma, suyab o‘t.
Ketmon olsang, zanglatma,
Egasini qatnatma.
Kimning moli, puli bo‘lsa,
Avliyoning o‘g‘li shul.
Dunyo, moli bo‘lmasa,
Tomni teshgan o‘g‘ri shul.
Kulni o‘z kumochingga tortma.
Ko‘mirni o‘g‘irlagan temirchi,
Baloga qolgan ko‘mirchi.
Ko‘pirsang ham, tupurma.
Ko‘r bo‘lsang ham, ko‘mamak bo‘lma.
Ko‘rgan kuningni unutma,
Xom chorig‘ingni quritma.
Noinsofga erk bersang, elni talar.
Noinsofni tuzkonda ko‘r.
Noshukurda shukur bo‘lmas,
Nonko‘rda — uzr.
Nohaq qon yerda yotmas.
Odil kishi oyday,
Oqib turgan soyday.
Otang — tarozi, onang — tarozi.
Otgan qolmas baloga,
Aytgan qolar baloga.
Otdan bo‘lgan o‘t yeydi,
Itdan bo‘lgan et yeydi.
Palla-palla — shu palla,
Adolatda — bir kalla.
Pora do‘zax eshigini ochar.
Pora kanda bo‘lmasa, parokanda bo‘lasan.
Poraxo‘r — boyimas,
O‘g‘ri — koyinmas.
Poraxo‘r besh qo‘lini og‘ziga tiqar.
Poraxo‘r — haromxo‘r.
Poraxo‘rning tavbasidan qo‘rq,
Mug‘ombirning — yig‘isidan.
Poraxo‘rning qo‘li to‘rtta,
Ko‘zi — beshta.
Semiz — «ko‘rkam»,
Boy — «chechan».
Sotuvchi sakkizga sotmaydi,
Oluvchi oltiga olmaydi.
Suv keltirgan — xor-u zor,
Ko‘za sindirgan — aziz.
Tegirmon navbati bilan.
Tomosha — ko‘rniki,
Zamona — zo‘rniki.
Tosh qo‘ygan tosh olar,
G‘isht qo‘ygan g‘isht olar.
Tog‘dagi kelib bog‘dagini quvibdi.
Turkistonda qo‘y bir so‘m,
Kela-kela o‘n bir so‘m.
To‘ng‘izdan o‘q ayama.
To‘yar-to‘ymas oshi,
Charchaguncha ishi.
Xatoning yo‘ldoshi — jazo.
Yuribsan bu so‘qmoqqa,
Chidarsan bu to‘qmoqqa.
Yursang sayoq,
Ersan tayoq.
Yaxshiga ipak ilashur,
Yomonga tikan ilashur.
Yaxshiga kun yo‘q,
Yomonga — balo.
Yaxshiga tinim yo‘q,
Yomonga o‘lim yo‘q.
Yaxshiga yaxshi bo‘l,
Yomonga — yomon.
O‘l, desang kampirga ham yoqmas.
O‘lmoqning jazosi — ko‘mmoq,
Yomonning jazosi — urmoq.
O‘t bergan o‘tini olar,
Suv bergan — suvini.
O‘tniki — o‘tga,
Suvniki — suvga,
Yonga qoldi qatiqning puli.
O‘qloq o‘qtalganga to‘qmoq o‘qtal.
O‘g‘ri bo‘l, qaroqchi bo‘l, insofli bo‘l.
O‘g‘rining uyi ko‘p,
To‘g‘rining uyi yo‘q.
Qarz, qarzni berish farz.
Qashqir tumshug‘idan ilinar.
Qovunning sarasini it yer,
Olmaning sarasini — qurt.
Qo‘yni ham o‘z oyog‘idan osarlar, echkini ham.
Har yerda xo‘roz bir xil qichqirar.
Har kim fe’liga yarasha olar.
Har kim qazigan chuqurga o‘zi yiqilar.
Haq joyda qaror topar.
Haq ishni xalq qo‘llar.
Haq nohaq bo‘lmas.
Haq egilar, nohaq sinar.
Haq egilsa ham, sinmaydi.
Haq o‘z do‘ppisining tagida.
Haq o‘tar, haqlik yutar.
Haq — hamisha g‘olib.
Haq haqqa chiqar,
Nohaqning bo‘yni sinar.
Haqiqat — osmonda,
Narvoni — hamyonda.
Haqiqat o‘tda ham kuymas,
Suvda ham cho‘kmas.
Haqiqat qilni qirq yorar.
Haqiqatning yuzi — yorug‘, qo‘li — uzun.