Sen-Jon Pers. Shoirlar olim-u, olimlar shoir (Nobel nutqi)

Sen-Jon Pers – haqiqiy ismi Aleksis Sen-Leje. Leje 1887 yili Karib dengizidagi Frantsiyaga qarashli orollardan birida tug‘ilgan, shoir va diplomat, 1960 yili Nobel mukofotiga sazovor bo‘lgan. Uning ulug‘vor, tantanali, haqiqiy epik quvvat ufurib turgan lirikasi («Madhiyalar» (1907), «Anabasis» (1924), «Mo‘ljallar» (1957), «Qushlar» (1963) olis Koinotdagi mavjudotlar, g‘alati, ekzotik tabiat, qudratli va dahshatli stixiya sirlariga qaratilgan.

Frantsiya ikkinchi jahon urushida bosib olinishidan oldin yuqori diplomatik lavozimni egallagan; hukumatga muxolif nuqtai nazarni yoqlagani uchun chet elga qochishga majbur bo‘lgan; Frantsiya fuqaroligidan mahrum qilingan, qo‘lyozmalari yoqib yuborilgan. Urush yillari, quvg‘inda yozilgan she’rlari «Quvg‘in» (1942), «Shamollar» (1946) Qarshilik davri she’riyatida alohida o‘rin tutadi. Shoir 1975 yili vafot etgan.

 

ShOIRLAR OLIM-U, OLIMLAR ShOIR

(Nutq)

Bu yerda menga ko‘rsatilgan izzat-hurmatni she’riyat sharafiga qabul qildim va unga qaytarishga oshiqyapman.

She’riyat har doim ham e’tiborga tushavermaydi. Chunki she’riy ijod bilan moddiy tashvishlar jilovida qolgan jamiyat faoliyati o‘rtasidagi farq murakkablashyapti, chog‘i. Shoir bu ayrolikni qabul qiladi, garchi unga intilmasa ham. Agar fanlarda amaliyot bo‘lmasaydi, olim ham shunday ahvolga tushardi.

Biroq, bu yerda olimni ham, shoirni ham beg‘araz fikrlari uchun sharaflashyapti. Hech bo‘lmaganda, shu yerda bularga «raqib» deb qarashmayapti-ku. Ular bittayu bitta choh tepasida surayotgan o‘y-fikrlar bir-biriga yaqin, o‘xshash, faqat anglab yetish usullarigina boshqacha.

Biz, hatto matematik mutlaqlik ichida fikrlash mumkin bo‘lgan chegaralarni kashf etayotgan zamonaviy fanning dramasini tushunib yetgan bir paytda; biz, fizikadagi ikki asosiy nazariya, bir tomondan, nisbiylikning umumiy printsipini, ikkinchi tomondan, jismoniy o‘lchamlar aniqligini butkul cheklab qo‘yishga qaratilgan noaniqlik va «kvant» printsipini ilgari surayotganini ko‘rib turganimizda; biz, ushbu asrning eng ulug‘ kashfiyotchisi — zamonaviy kosmologiya asoschisi va tenglamalar asosida buyuk xulosalar yasagan zot, ichki hislarni aqlga yordamga chaqirayotganini va «tasavvur ilmiy yetuklikning haqiqiy zamini» deya turib, olim uchun hatto haqiqiy badiiy mushohada huquqini talab qilayotganini eshitayotganimizda, she’riyat qurolini boshqa har qanday mantiqiy qurollar singari qonuniy deb hisoblashimiz joiz emasmi?

Haqiqatda ham, aqlning har qanday mahsuli avvalo tom ma’noda «poetik»dir. Olim bilan shoir mehnati hissiy va ma’naviy jihatdan bir xil va qadimdan shunday.

Nima narsa uzoqqa boradi: mulohazali fikrmi yo she’riy farosatmi? Faraz qiling, tun qorong‘iligida ikkita tug‘ma ko‘r paypaslanib borishyapti. Biri ilm bilan qurollangan, ikkinchisi ichki his bilan harakatlanayapti. Qaysi biri vaziyatdan oldin chiqadi? Qaysi birining dilida yo‘l ko‘rsatuvchi yorug‘lik ko‘p? Javoblarni farqlash qiyin. Sir — yagona.

She’riy ruhning ulug‘vor jasorati zamonaviy fanning dramatik yangiliklaridan qolishmaydi. Astronomlar Koinotning kengaya borish nazariyasidan tashvishga tushdilar, biroq boshqa bir koinotda — insonning ruhiy cheksizligida undan qolishmaydigan kengayish ro‘y berayotgandi. Fan o‘z chegaralarini qanchalik nari surmasin, bu egri-bugri chegara chiziqlarining boshidan-oxirigacha biz, ilgaridek, shoirning tozi itlari to‘s-to‘polonini eshitamiz. She’riyat «mutlaq borliq»ni aks ettirmasa-da, shubhasiz, unga eng yaqin turgan hayajondir, uni anglashning eng munosib shakli bo‘lib, eng so‘nggi tutash nuqtasiga yetadi va bu nuqtada she’riyat o‘z-o‘zini ham anglaydi.

Odatiy va timsoliy fikr, ikki o‘rtadagi obrazning uzoqdan yilt etib, turfa hissiyotlar uyg‘otishi va nihoyat, Borliqqa xos barcha harakatlarni aks ettira oladigan nutqning qudrati, mana bularning bari shoirni mavjudlikdan yuqoriga chiqarib qo‘yadiki, bu narsa ilm ahliga nasib etmagan. Odamda, uni yanada to‘lqinlantiradigan va har tomonlama safarbar etadigan boshqa bironta dialektika bormikin? Faylasuflarning o‘zi metafizika ostonasidan chekinganlarida, shoir metafizikachi o‘rnini egallaydi va endi, poeziyaga o‘ta shubha bilan qaragan qadimgi faylasuf (Platon — tarj.) tili bilan aytganda, «hayratlar qizi» — falsafa emas, she’riyat bo‘lib chiqadi.

Biroq, she’riyat nafaqat bilish quroli, u, avvalo, hayot usuli. Shoirlik g‘orda yashagan ibtidoiy odamlarda ham bo‘lgan va atom asri odamlarida ham bo‘ladi, chunki u inson shaxsiyatining ajralmas bo‘lagidir. Shoirona ishtiyoq o‘z mohiyati bilan — ruhiy, she’riyatning qudrati inson qalbidagi chaqmoqtoshdan ilohiy uchqunlarni urib chiqaradi. Afsonalar barbod bo‘lganida ilohiylik she’riyatda boshpana va, ehtimol, kelajak uchun kafolat topadi. Va, hatto ijtimoiy hodisalarda, insoniy turmushning eng muhim o‘rinlarida, antik namoyishga chiqqan mash’alachi qizlar non-tuz ko‘targan qizlar o‘rniga kelganida, naq she’riy tasavvurda nur istagan xalqlarning yuksak ehtiroslari qaytadan alangalanadi.

Mangulik yukini yelkasiga olib yo‘lga chiqqan insonga ofarin! O‘zining insoniy mashaqqatlarini qabul qilib, yo‘lga chiqqan odamga ofarin! Ungagina yangidan-yangi, haqqoniy umuminsoniy va ruhan mukammal insonparvarlik namoyon bo‘ladi…

Bizning kunlardagi she’riyat insoniy sir-asrorni anglab yetishdek o‘z burchiga sodiq holda butun insoniyatni uzil-kesil birlashtirish bilan bog‘liq izlanishlarga chuqur kirib borayapti. Bunday she’riyatda hech qanaqa sof estetizm bo‘lmagani kabi hech qanaqa aljirash ham yo‘q. U mumiyolash yoki bezash san’ati emas. U madaniyat durdonalarini aslo sharaflamaydi, soxta narsa va nishonlar bilan savdo qilmaydi va hech qanaqangi musiqa bazmi uni qoniqtirmaydi. Dunyo kezishida u go‘zallik bilan qo‘shilib ketadi (Oliy ittifoq!), biroq bunda na maqsadni, na faqat ozuqani ko‘radi. U san’atni hayotdan, muhabbatni anglashdan ajratgisi kelmaydi va bunga yo‘l qo‘ymaydi; u — harakat, u — ehtiros, u — kuch-qudrat va u — davrlarni surib tashlaydigan mangu yangilanish. Muhabbat uning o‘chog‘i, bo‘ysunmaslik — qonuni va uning joyi — hammayoqda, oldindan payqashda. U hech qachon befarq va parishon bo‘lmaydi.

U asrlardan hech nima tama qilmaydi; o‘z taqdiri bilan bog‘langan va har qanday mafkuradan xoli tarzda, o‘zini hech qanaqangi vaj-karsonni tan olmaydigan hayot bilan tenglashtiradi. Va, xuddi ulkan, hansirab turgan bayt singari hozirgi zamonni, o‘tmish va kelajakni, insoniylikni va undan yuqorilarni, sayyoralar makoniyu butun Koinotni yagona bir bag‘ri bilan qamrab oladi. Unga zulmatni tirkab ta’na qiladilar, garchi bu zulmat uning nurlanishga majbur qiladigan tabiatidan kelib chiqmagan, balki u tadqiq etadigan va shunday majburiyat olgan tun tufaylidir. Bu tun inson qalbida bo‘ladigan va unga mavjudoti botgan tundir. She’riyat tili hamma vaqt zulmatga qarshi bo‘lgan va bu til talabchanlikda ilm tilidan qolishmaydi.

Shunday qilib, shoir hamma narsaga shaksiz aloqadorligi bilan bizni Borliqning doimiyligi va yaxlitligi bilan bog‘laydi. Va uning sabog‘i ko‘tarinkidir. U, mutanosiblikning yagona qonuni voqelikning ajralmas dunyosini boshqarishiga ishonadi. Bu dunyoda hech nima, o‘z tabiatiga ko‘ra, inson ko‘lamidan o‘tib tusholmaydi. Tarixdagi eng dahshatli ag‘dar-to‘ntarlar ham nari borsa, bog‘lanishlar va yangilanishlar deb atalmish katta davr ichidagi muvaqqat davrchalardir. Qasoskor yuholar ham mash’alasini baland tutib, sahnadan bir-bir o‘tadilarda, cheksiz davom etadigan tarixning bir onini yoritib beradilar, xolos. Yetilib kelayotgan madaniyatlar «kunbotar» to‘lg‘og‘ida halok bo‘lmaydi, faqat po‘st tashlaydi. Faqat turg‘unlik xavfli. Shoir, odatlar ipini bizning o‘rnimizga uzatadigan shaxsdir.

Shoir ana shunday tarzda tarixning yolg‘onlari bilan bog‘langan bo‘lib chiqadi. Va uning davri dramasida hech narsaga befarq qaramaydi. Bu shiddatli davrda u hayot mazmunini hammaga ayon qilib ifoda etaversin! Chunki, o‘zligingni qaytadan topgan on ulug‘dir. Va biz, davrimizning shon-sharafini kimlarga qoldiramiz?

«Qo‘rqma, — deydi bir kuni Tarix, darg‘azab niqobini yechib va qo‘li bilan havoda allanimalarni chizarkan. — Qo‘rqma va shubhalanma, chunki gumon foydasiz, qo‘rqoqlik — xushomadgo‘ylikdir. Yaxshisi, mening qo‘llarimga qara, ular mangu ijod etilayotgan insoniy ifodalarning ulug‘vorligini oshiradi. Bunga ko‘maklashadigan yurak urishlarga quloq sol. Hayot o‘z-o‘zini inkor qiladi, degan gaplar bekor. Hech qanday tirik jon yo‘qlikdan paydo bo‘lmaydi va yo‘qlikni qidirmaydi. Va hech narsa Borliqning muttasil bosimiga bardosh berib, shakli va o‘lchamlarini saqlab qolishga qodir emas. Fojia bunday evrilishda emas. Asrning haqiqiy dramasi davr ichidagi odam bilan muvaqqat odam orasidagi jarlikda va uning kengayib, chuqurlashib borishida. Qiyalamalardan birida ilhomlangan odam boshqasida so‘nib qolishi kerakmi? Va uning jamiyatda, jamoasiz jadal yetilishi — soxta, yolg‘on yetilish emasmi?..»

Ichki qiyofasi ikkiga bo‘linmaydigan shoir odamlarning ikkiyoqlama mayllari haqida bizga so‘zlab berish vazifasini o‘z zimmasiga olgan. Bu — aqlning ro‘parasiga, ruhiy imkoniyatlarni yanada kuchli sezadigan ko‘zgu qo‘yish, demakdir. Bu — asr girdobida azaliy odamga xos insoniylikka chaqirish, demakdir. Nihoyat, bu — dunyoning ruhiy quvvati daryosiga ko‘pqiyofali ruhni yanada dadillik bilan quyish, demakdir… Atom quvvati turganida shoir o‘z maqsadlariga yetishi uchun qo‘lidagi jinchiroqning o‘zigina kifoyamikin? Kifoya, agarda u pilikni unutmagan bo‘lsa.

Va, agar shoir o‘z davrining xastalangan imonini gavdalantira olsa, unga boshqa talab yo‘q.

1960 yil

Ruschadan Qudrat Do‘stmuhammad tarjimasi