2001 yil 10 dekabr, Oslo shahri
Hurmatli qirol janobi oliylari, Nobel qo‘mitasi a’zolari, xonimlar va janoblar!
Bugun Afg‘onistonda oddiy bir qizaloq tug‘ilishi mumkin. Uni onasi har qanday mamlakatdagi har qanday ona kabi bag‘riga bosadi, emizadi, erkalaydi, ovutadi. Bular insoniyatga xos bo‘lgan oddiy fazilatlardir. Ammo qizaloq dunyoga kelgan bugungi Afg‘oniston bashariyatning kichik bir qismi erishgan taraqqiyotdan yuz yillab orqada qolib ketgan. Qizcha shunday sharoitda yashashga mahkumki, ushbu zalda o‘tirganlarning ko‘pchiligi «bunday g‘ayriinsoniy muhitda yashab bo‘lmaydi» deb hisoblagan bo‘lur edi.
Men Afg‘onistondagi qizaloq haqida gapirayapman, biroq xoh o‘g‘il bola, xoh qiz bola bo‘lsin, Serra-Leonedagi go‘daklar haqida ham shunday deyish mumkin. Bugun dunyoda boylar va qashshoqlar o‘rtasidagi tafovut haddan ziyod oshib ketganini bilmaydigan odamning o‘zi yo‘q. Bugun hech kim mazkur tafovut kambag‘al va qashshoqlarga qanday ta’sir qilayotganini bilmayman deb aytolmaydi. Axir ular ham sizu biz kabi odam, odamday ovqatlanishga, hur, bexatar yashashga, asosiy erkinliklarga ega bo‘lishga, ta’lim olishga haqli. Lekin bunday bo‘linishning ta’siri ularning o‘zigagina sezilayotgani yo‘q. Afsuski, bu ta’sirni Shimol va Janub, boylar va qashshoqlar, barcha irq va dinlardagi erkaklar va ayollar — hammamiz his qilmoqdamiz.
Bugun davlatlar o‘rtasida emas, balki kuchlilar va ojizlar, erkin va kishanlangan kishilar, imtiyozlilar va kamsitilganlar o‘rtasida haqiqiy chegaralar yastanib yotibdi. Bugungi kunda hech bir devor dunyoning bir chetidagi gumanitar inqirozlar yoki inson huquqlari sohasidagi inqirozlar hamda dunyoning boshqa bir chekkasidagi milliy xavfsizlikka oid inqirozlar o‘rtasida to‘siq vazifasini o‘tay olmaydi.
Olimlarning aytishicha, tabiat olami shunchalik yig‘noq va undagi narsalar bir-biri bilan o‘zaro bog‘liqki, Amazonkadagi tropik o‘rmonlarda pirillab uchib yurgan kapalak dunyoning narigi chekkasida kuchli bo‘ron qo‘zg‘atishi mumkin. Bu printsipni «kapalak effekti» deb ataydilar. Biz bugun insonning intilishlarida ham — ular xoh yaxshi, xoh yomon bo‘lsin — o‘ziga xos «kapalak effekti» mavjudligini ehtimol har qachongidan ham teranroq anglayotgandirmiz.
Xonimlar va janoblar!
Biz uchinchi mingyillikka olovli darvozadan kirib keldik. Agar bugun, 11 sentyabr dahshatlaridan so‘ng, ko‘zimizni kattaroq ochib uzoq-uzoqlarga nazar solsak, insoniyat et bilan tirnoq kabi ajralmas ekanini ko‘ramiz. Yangi tahdidlar irq, millat yoki mintaqa tanlamay, hammaga birday xavf solayapti. Boy yo kambag‘alligidan, mavqeidan qat’i nazar har bir kishi ko‘nglini halovat tark etganini his qilmoqda. Qayg‘uda ham, shodlikda ham bizni bir xil rishtalar bog‘lab turishini hozir yoshu-qari chuqurroq anglayotir.
XXI asr tongida, butun dunyoda tinchlik hukm suradi, farovonlik bo‘ladi degan barcha umidlar chippakka chiqarilgan bir paytda ushbu yangi voqelikni e’tiborsiz qoldirib bo‘lmaydi. Vaziyatga to‘g‘ri baho berish kerak.
Yigirmanchi asr insoniyat tarixidagi eng qonli davrdir balki, chunki u juda ko‘p ziddiyatlar, behisob azob-uqubat va tasavvur qilib bo‘lmas jinoyatlar bilan kechdi. Muntazam ravishda bir guruh yoki millat boshqa guruh yoki millatga cheksiz zulm o‘tkazib keldi. Bunga ba’zan asossiz nafrat va shubha, gohida haddan ziyod takabburlik, pulga va hokimiyatga intilish sabab bo‘ldi. Bundan larzaga tushgan butun dunyodagi mamlakatlarning rahbarlari asr o‘rtalarida millatlarni har qachongidan ham jipsroq birlashtirish uchun yig‘ildilar.
Yangi yig‘in — Birlashgan Millatlar Tashkiloti tuzildi. Unda barcha millatlar har bir shaxsning qadr-qimmatini tan olish, hamma xalqlar uchun tinchlik va taraqqiyotni ta’minlash yo‘lidagi sa’y-harakatlarini birlashtirish imkoniga ega bo‘ldi. Bu yerda davlatlar huquq ustuvorligini mustahkamlash, kambag‘allarning ehtiyojlarini anglash va qondirish, odamning rahmsizligi va ochko‘zligini cheklash, tabiat go‘zalligi va resurslarini asrash, erkak va ayollarning tenghuquqliligini ta’minlash hamda kelgusi avlodlarning xavfsizligini kafolatlash uchun birlashishi mumkin.
Shu tariqa biz XX asrdan siyosiy va ilmiy-texnik mexanizmlarni meros qilib oldik. Agar bizda ularni ishlatishga xohish bo‘lsa, ushbu mexanizmlar qashshoqlikka, savodsizlik va kasalliklarga barham berish imkonini beradi.
Ishonamanki, XXI asrda Birlashgan Millatlar Tashkilotining yuksak vazifasi irqi yo dinidan qat’i nazar har bir insonning azizligi va hayotining muqaddasligini yangicha, yanada teranroq anglashdan kelib chiqib belgilanadi. Bu bizni davlat doirasidan tashqariga, shuningdek davlatlardan quyi darajaga yoki ijtimoiy guruhlarga nazar solishga majbur etadi. Biz barcha sa’y-harakatlarimizni davlat yo millatning boyligi va o‘ziga xosligini belgilaydigan konkret erkak va ayollarning turmush sharoitini yaxshilashga qaratishimiz shart. Biz bir kishini qutqarish insoniyatni qutqarishga tengligini e’tirof etgan holda ishni o‘sha afg‘on go‘dagidan boshlashimiz kerak.
Oxirgi besh yilda men Birlashgan Millatlar Tashkilotining nizomi «Biz, jahon xalqlari» degan so‘zlar bilan boshlanishi haqida ko‘p gapirdim. «Biz, jahon xalqlari» — bu asosiy huquqlari ko‘pincha davlat yoki millat manfaatlari yo‘lida qurbon qilingan odamlar ekanligi har doim ham tan olinavermaydi.
Genotsid bir kishini nima qilgani uchun emas, aslida kimligi uchun o‘ldirishdan boshlanadi. «Etnik tozalash» kampaniyasi bir qo‘shni boshqasiga qarshi chiqishidan boshlanadi. Qashshoqlik bir bolani asosiy huquqlaridan biri bo‘lmish ta’lim olish huquqidan mahrum qilishdan boshlanadi. Bir inson hayotini qadrlay olmaslikdan boshlanadigan muammo ko‘pincha butun bir millatlar uchun hayot-mamot masalasiga aylanib ketadi.
Ushbu yangi asrda biz avvalo tinchlik faqat davlatlar yoki xalqlarga emas, balki o‘sha xalqlarni tashkil etuvchi har bir insonga ham kerakligini tushunishimiz zarur. Bundan buyon davlat suverenitetidan inson huquqlarining qo‘pol ravishda buzilishini yashiradigan qalqon sifatida foydalanilishiga yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi. Tinchlik haqiqiy bo‘lishi, ehtiyojmand har bir kishi uni har kuni his qilib yashashi lozim. Tinchlikka eng avvalo shuning uchun intilish kerakki, u har bir inson yaxshi va xotirjam turmush kechirishining birinchi sharti hisoblanadi.
Inson huquqlari Afg‘onistondagi ayollar yoki Afrikadagi bolalar uchun qanday ahamiyatga ega bo‘lsa, Yevropa va Amerika qit’asidagi muhojirlar va kam sonli xalqlar uchun ham shunday ahamiyatga ega. Ular qashshoqlar uchun ham, boylar uchun ham birday muhim ahamiyatga ega; ular rivojlanayotgan mamlakatlar xavfsizligi uchun qanchalik zarur bo‘lsa, rivojlangan mamlakatlar xavfsizligi uchun ham shunchalik zarur.
Birlashgan Millatlar Tashkilotining kelgusi yuz yildagi rolini shunday tushunishdan kelajakda hal qilinishi lozim bo‘lgan uchta muhim vazifa kelib chiqadi: qashshoqlikka barham berish, nizolarning oldini olish va demokratiyani rivojlantirish. Faqat qashshoqlikdan qutulgan dunyodagina barcha erkaklar va ayollar o‘z imkoniyatlarini to‘liq ro‘yobga chiqara oladi. Faqat inson huquqlari hurmat qilinadigan joydagina kelishmovchiliklar siyosiy usullar bilan, osoyishta hal qilinadi. Faqat xilmaxillik va muloqot hurmat bilan qo‘llanadigan demokratik muhitdagina o‘z-o‘zini boshqarishni, insonning o‘zligini namoyon qilishini ta’minlash, shuningdek birlashish erkinligini kafolatlash mumkin.
Bosh kotib lavozimida ishlayotganimdan buyon men biz nima qilmaylik — nizolarning oldini olishdan tortib rivojlanish va inson huquqlari sohasigacha — hammasida asosiy e’tibor insonga qaratilishiga erishishga intildim. Konkret erkak va ayollarning turmushini haqiqatan ham, uzoq muddatga yaxshilash — biz Birlashgan Millatlar Tashkilotida qilayotgan barcha ishlarning mezonidir.
Aynan shu bois men yangi asrning birinchi yilidagi Nobel tinchlik mukofotini tavoze bilan qabul qilaman. Bundan qirq yil oldin 10 dekabrda 1961 yilgi mukofot birinchi marta Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibiga topshirilgan edi. Dag Xammershild bu mukofot bilan vafotidan so‘ng taqdirlangan, chunki bu vaqtga kelib u Markaziy Afrikada tinchlikni qaror toptirish yo‘lida jon fido qilib bo‘lgan edi. 1960 yilning 10 dekabrida esa bu mukofot birinchi bor afrikalik kishiga — Janubiy Afrikadagi irqiy ayirmachilikka qarshi kurashning ilk rahnamolaridan bo‘lgan Albert Lutuliga topshirilgan. Kamina — bundan bir necha oy burun Birlashgan Millatlar Tashkilotida ish boshlagan yosh afrikalik uchun bu ikki kishi namuna bo‘lgan. Keyinchalik butun faoliyatim davomida men bu ulug‘larning izidan borishga harakat qildim.
Ushbu mukofot faqat mengagina tegishli emas. Bu yerda men o‘z nomimdan gapirmayapman. Meni ushbu yuksak mukofotga loyiq deb topganlari uchun Birlashgan Millatlar Tashkilotining barcha tuzilmalarida, sayyoramizning barcha hududlarida xizmat qilayotgan, tinchlikni ta’minlashga umrini bag‘ishlagan, ko‘p hollarda hayotini xatarga qo‘ygan, hatto tinchlik uchun jon fido qilgan hamma hamkasblarim nomidan Nobel qo‘mitasi a’zolariga minnatdorchilik bildiraman. Oilamdagilar, barcha qit’alardagi do‘stlarim — ularning ayrimlari allaqachon vafot etib ketishgan — ustozlik qilmaganda, fidoyilik qilmaganda, dalda bo‘lmaganda Birlashgan Millatlar Tashkilotidagi xizmatim mobaynida men bugungi darajaga erishmagan bo‘lardim. Ulardan nihoyatda minnatdorman.
Urush qurollariga, buning ustiga urush haqidagi gap-so‘zlarga to‘lib-toshgan dunyoda Nobel qo‘mitasi tinchlik uchun kurashuvchi nufuzli qo‘mitaga aylandi. Afsuski, sayyoramizda tinchlik nodir ne’mat bo‘lib qoldi. Ko‘pchilik millatlar qahramonona janglarni ulug‘lovchi yodgorlik yoki memoriallar, birinj haykallar, zafar darvozalari barpo etmoqda. Tinchlikning esa o‘z tantanasi yo‘q, muzaffariyat uyi mavjud emas.
Biroq bizning umid va jasorat ifodasi bo‘lgan, noyob obro‘ va e’tiborga ega Nobel mukofotimiz bor. Faqat odamlarning tinchlikka, xavfsizlikka va hurmat-e’tiborga bo‘lgan ehtiyojini anglab va qondiribgina biz — Birlashgan Millatlar Tashkiloti vakillari — bugun bizga ko‘rsatilgan hurmatni oqlashimiz hamda BMTga asos solgan kishilarning orzularini ro‘yobga chiqarishimiz mumkin. Birlashgan Millatlar Tashkilotining xodimlari har kuni sayyoramizning har bir burchagida keng ko‘lamda amalga oshirayotgan tinchlik missiyasi mana shu.
Ushbu fidoyi erkagu ayollarning ayrimlari bugun shu zalda hozir bo‘lishgan. Ular orasida, masalan, Kongo Demokratik Respublikasida elementar xavfsizlikni ta’minlashda ishtirok etayotgan senegallik harbiy kuzatuvchi; Kosovoda huquq ustuvorligini o‘rnatishga ko‘maklashayotgan amerikalik noharbiy politsiya maslahatchisi; Kolumbiyaning tahqirlangan fuqarolarining huquqlarini ro‘yobga chiqarishga yordamlashayotgan YuNISEFning bola huquqlarini himoya qiluvchi ekvadorlik xodimi hamda Jahon oziq-ovqat dasturining Shimoliy Koreya aholisini ovqatlantirishga ko‘maklashayotgan xitoylik xodimi bor.
Muhtaram mehmonlar!
Bitta haqiqiy xalq bor, barcha musibatlarning birgina yechimi bor, insoniyat ehtiyojlarini qondirishning birgina usuli bor degan fikr o‘tmishda, ayniqsa o‘tgan asrda nihoyatda katta zarar keltirdi. Ammo bugun, hatto butun dunyoda millatlararo nizolar davom etayotgan bir paytda, insoniyatning turli-tuman millatlardan tashkil topganligi muloqotni shart qilib qo‘yuvchi va shunday muloqot uchun asos bo‘luvchi voqelik ekanini tushunish ko‘lami kengayib bormoqda.
Biz barchamiz hamma odamlar uchun nihoyatda zarur bo‘lgan hurmat-e’tiborga loyiq ekanimizni har qachongidan ham yaxshiroq anglamoqdamiz. Biz hammamiz ko‘plab madaniyatlar, urf-odatlar va xotiralar egasi ekanimizni, bag‘rikenglik bizga boshqa madaniyatlarni tadqiq qilish, ulardan o‘rganish imkonini berishini, bilganlarimizga ulardan o‘rganganlarimizni qo‘shsak yanada qudratli bo‘lishimizni e’tirof etamiz.
Har bir buyuk din va urf-odatda bag‘rikenglik va hamfikrlik kabi qadriyatlarni topish mumkin. Masalan, Qur’onda: «Biz sizni erkak va ayol qilib yaratdik, bir-biringizni bilishingiz uchun sizlarni xalq va qabilalarga bo‘lib qo‘ydik», — deyilgan. Konfutsiy izdoshlariga shunday nasihat qilgan: «Davlat omon-eson bo‘lsa dadil gapir va dadil harakat qil, davlat yo‘ldan ozganda esa dadil harakat qilu sekin gapir». Yahudiy urf-odatlariga ko‘ra «yaqin kishingni o‘zingni yaxshi ko‘rganday yaxshi ko‘r» degan qoida Tavrotning tub mohiyatini tashkil qiladi.
Shu fikr Injilda ham aks etgan, unda shunday nasihat qilinadi: «Dushmanlaringizni ham yaxshi ko‘ring, sizga ozor berganlarning ham, sizni haydaganlarning ham haqiga duo qiling». Hindlar «haqiqat bitta, ammo donishmandlar unga har xil nom berishadi» deb o‘rgatadi. Buddizm ham odamlarni hamisha rahm-shafqatli bo‘lishga da’vat etadi.
Har birimiz o‘z dinimiz yoki o‘z milliy merosimiz bilan faxrlanish huquqiga egamiz. Biroq «bizniki» albatta «ularniki»ga zid degan tushuncha xato va ayni paytda xavfli tushunchadir. U cheksiz adovat va had-hisobsiz ixtiloflarni keltirib chiqardi, shuning oqibatida odamlar (vo imya vыsshey silы) juda og‘ir jinoyatlarni sodir etdi.
Buni shunday bo‘lishi muqarrar deb hisoblash yaramaydi. Dunyodagi deyarli barcha mamlakatlarda har xil din va madaniyatga mansub odamlar yonma-yon yashashadi va ko‘pchiligimizda bizni butkul begona guruhlarga yaqinlashtiruvchi umumiy xususiyatlar mavjud. Biz o‘zimizni borimizcha, bizda yo‘q narsalardan va bizdan farq qiluvchi kishilardan nafratlanmasdan yaxshi ko‘ra olamiz. Biz o‘z urf-odatlarimizga rioya qilgan holda taraqqiy etishimiz va ayni paytda boshqalardan o‘rganishimiz va ularning ta’limotini hurmat qilishimiz mumkin.
Ammo e’tiqod erkinligi, o‘zligini namoyon qilish va uyushish erkinligi, shuningdek qonuniy tenghuquqlilik bo‘lmasa, bu haqda gap-so‘z bo‘lishi mumkin emas. Aslida o‘tgan asr bizga achchiq saboq berib ketdi: qayerda inson qadr-qimmati toptalsa yoki xavf ostida qolsa — fuqarolar asosiy huquqlaridan bo‘lmish o‘z hukumatini saylash yoki uni muntazam almashtirib turish huquqidan mahrum bo‘lsa — tez-tez mojarolar yuz berib turar ekan, bundan esa tinch hayoti birdan izdan chiqib ketgan, atrofidagi hamma narsa vayrongarchilik girdobida qolgan mutlaqo aybsiz aholi jabr ko‘rar ekan.
Demokratiya yo‘liga qo‘yilayotgan to‘siqlarning madaniyat yoki dinga aloqasi yo‘q, ammo ular ko‘p jihatdan hokimiyatni nima qilib bo‘lsa ham o‘z qo‘lida saqlab qolishga intiluvchi ma’murlarning istaklariga mos keladi. Bu sira ham yangi paydo bo‘lgan favqulodda hodisa emas va bunday holat sayyoramizning ko‘p joylarida yuz berib turibdi. Barcha madaniyatlarga mansub odamlar o‘zlarining saylash erkinligini qadrlashadi va o‘z hayotiga taalluqli qarorlar qabul qilinishiga ta’sir etish imkoniyatiga ehtiyoj sezishadi.
Jahondagi deyarli barcha mamlakatlarni o‘z ichiga olgan Birlashgan Millatlar Tashkiloti hamma odamlarning tengligi printsipiga asoslanadi. Bu barcha davlatlar va barcha xalqlarning ehtiyojlarini qondirishi mumkin bo‘lgan vakillik muassasasini tashkil etish yo‘lidagi ilk qadamdir. Ushbu universal, insoniyat taraqqiyoti uchun nihoyatda zarur vosita yordamida davlatlar o‘z fuqarolarining ehtiyojlarini qondirishi mumkin, umumiy ehtiyojlarni tan olgan va ularni birgalikdagi sa’y-harakatlar ila qondirishga intilgan holda albatta. Aynan shuning uchun Nobel qo‘mitasi «yangi asrning ilk yilida muzokaralar yordamida global tinchlik va hamkorlikka erishishning yagona yo‘li Birlashgan Millatlar Tashkiloti bilan hamkorlik qilish» ekanini ta’kidlayotgani shubhasiz.
Bilishimcha, qo‘mita global xavf-xatarlarga to‘la bizning davrimizda global darajada hamkorlik qilishdan boshqa yo‘l yo‘qligini ham e’tirof etdi. Agar davlatlar huquq ustuvorligiga putur yetkazsa va o‘z fuqarolarining huquqlarini buzsa, nafaqat o‘z xalqi uchun, balki o‘z qo‘shnilari uchun ham, ustiga-ustak butun dunyo uchun xavfli davlatga aylanadi. Bugun bizga ma’rifatliroq boshqaruv — har bir insonga baxt-saodatga, har bir davlatga esa hamkorlik tufayli taraqqiyotga erishishga imkon beruvchi qonuniy, demokratik boshqaruv kerak.
Hurmatli qirol janobi oliylari, xonimlar va janoblar!
Yodingizda bo‘lsa, men o‘z nutqimni bugun Afg‘onistonda tug‘ilgan qizaloq haqidagi gaplar bilan boshlagan edim. Onasi uni himoya qilish, asrab qolish uchun qo‘lidan kelgan hamma ishni qilsa ham bu bolaning besh yoshga ham yetmay nobud bo‘lish xavfi nihoyatda katta. U shu yoshga kiradimi-yo‘qmi — bu bizning insoniyligimiz, o‘zimizning aka-ukalarimiz, opa-singillarimiz uchun shaxsan mas’ulligimizga bo‘lgan ishonchimiz sinovdan o‘tadigan savollarning bittasi xolos. Ammo u juda katta ahamiyatga ega.
Bu qizaloqni hamisha yodda tuting, shunda bizning keng ko‘lamli murod-maqsadlarimiz — qashshoqlikka qarshi kurash, nizolarning oldini olish yoki kasalliklarga barham berish — sizga puch yoki erishib bo‘lmas orzu-umidlarday tuyulmaydi. Aksincha, bu maqsadlar asosli va bemalol erishsa bo‘ladigan orzu-umidlarday tuyuladi. Shunday bo‘lishi ham kerak. Chunki ehtiyojmand odamlarning taqdiri davlatlar va millatlar, g‘oyalar va tillarning soyasida qolib ketgan. Ushbu ehtiyojlarni qondirish oldimizdagi yuz yillikda Birlashgan Millatlar Tashkilotining sharafli vazifasi bo‘lib qoladi.
Katta rahmat.
Hasan Karvonli tarjimasi