Iosif Brodskiy. Nobel ma’ruzasi

1

Halol odam uchun, bu halollikni ijtimoiy roldan avlo bilgan odam uchun va bu avlolik yo‘lida juda uzoqqa, hatto vatandan uzoqqa qadam tashlagan odam uchun (axir, johillik ichida o‘y-fikrlar hukmdori bo‘lib yashagandan ko‘ra demokratiya ichida eng omadsiz bo‘lib yurgan yaxshiroq emasmi?) qo‘qqisdan mana bu minbarda paydo bo‘lib qolish juda katta o‘ng‘aysizlik va sinovdir.

Hissiyot yana shu bilan chuqurlashadiki, bu yerda mendan oldin ham kimlardir turib gapirgan, undan-da zo‘rroq sababi — bunday sharafga arziydiganu, lekin sazovor bo‘lolmay qolganlar, ushbu minbardan turib, “urbi et orbi” deganlaridek, sizlarga murojaat etolmay qolganlar bor, ularning yakdil sukunati sizlarga yetib borolmay qiynaladi.

Sizlarni bu holatga ko‘niktira oladigan yakkayu yagona narsa — stilistik sabablarga ko‘ra yozuvchi yozuvchi uchun, shoir shoir uchun gapira olmasligidek bir mushohadadir. Masalan, bu minbarda Osip Mandelshtam, Marina Svetayeva, Robert Frost, Anna Axmatova, Uiston Oden paydo bo‘lib qolganlarida edi, ular ham faqat o‘zlari haqida gapirolgan va ehtimol, qandaydir noqulay ahvolga tushgan bo‘lardilar.

Bu zotlarning ruhlari meni muttasil dovdiratadi, bugun ham shunday bo‘lyapti. Nima bo‘lgandayam, ular mening so‘zamolligimni maqtamagan bo‘lardilar. Eng baxtli onlarimda men o‘zimni ularning yig‘indisi, ya’ni ularning har biridan kichkina his qilaman. Chunki qog‘ozda ulardan yaxshiroq bo‘lish mumkin emas. Hayotda ham mumkin emas, qanchalik achchiq va fojiali bo‘lmasin, ayni shularning hayoti vaqtning o‘tishi haqida qayg‘urishga majbur etadi. Agar narigi dunyo bor bo‘lsa — ular bu dunyoda yashaganlarini unutib yuborishim mumkin-ku, ammo narigi dunyoda mangu hayot kechirish imkoniyatlarini rad etishga kuchim yetmaydi — agar narigi dunyo bor bo‘lsa, ular, umid qilamanki, men hozir sizlarga aytmoqchi bo‘lgan gaplarning sifati uchun kechiradilar. Axir, kasbimizning obro‘-e’tibori minbarda o‘zimizni tutishimiz bilan o‘lchanmaydi-ku.

Iosif Brodskiy Nobel mukofotini topshirish marosimida. 1987 yil

Men faqat besh kishini tilga oldim. Ularning ijodi va taqdiri menga shuning uchun ham qimmatliki, inson va yozuvchi sifatida ular bo‘lmaganida, mening qadrim ham bir pul va bugun mana shu minbarga chiqmagan bo‘lardim. Bu zotlarning ruhlari yorug‘lik manbai — chiroqlardan ziyodmi yo yulduzlardanmi? Ular beshovlon emas, ko‘proq va istalgan har biri odamni mutlaqo gung qilib qo‘yishga qodir edi. Ularning soni har qanday ongli adibning hayotida beqiyos ko‘p. Menga qolganda, yana ikki hissa ortiq, chunki men takdir taqozosiga ko‘ra ikki madaniyat odamiman. Bu ikki madaniyatga tegishli zamondosh va kasbdoshlarni, shoir va nosirlarni o‘ylasam ham mushkulim osonlashmaydi. Ularning iqtidorini o‘zimnikidan ortiq ko‘raman, chunki ular mening hozirgi o‘rnim — shu minbarda paydo bo‘lib qolganlarida, allaqachon asosiy gapga o‘tgan bo‘lardilar. Sababi, ular dunyoga aytishi mumkin bo‘lgan gaplar menikiga qaraganda ancha ko‘p edi. Shuning uchun men bu yerda bir qator tanbehlarni o‘zimga ravo ko‘raman. Ular, ehtimol, uzuq-yuluq, pala-partish, o‘zaro qovushmasligi bilan sizlarni hayron qoldirishi mumkin. Biroq o‘y-xayollarimni jamlab olish menga berilgan vaqt va kasb-korimning o‘zi meni, hech bo‘lmaganda, betartiblik malomatidan saqlab qoladi, deb ishonaman. Mening kasbimdagilar fikrlash izchilligiga kamdan-kam da’vogarlik qila oladilar, jilla qursa, fikrlash tizimiga da’vo qiladilar. Lekin bunisi ham, ularning odatiga ko‘ra, chetdan olingan: muhitdan, ijtimoiy tuzumdan, beg‘ubor yoshligida falsafa bilan shug‘ullanganidan. U yoki bu, mayli, doimiy bo‘lsin, maqsadlarga erishish uchun u foydalanadigan vositalar tasodifiyligiga ijodiy jarayonning o‘zidan boshqa, she’r to‘qish jarayonidan boshqa hech nima ortiqroq darajada ishontirolmaydi. Axmatovaning so‘ziga qaraganda she’r, haqiqatan ham axlatdan o‘sib chiqadi, nasrning ildizlari-da undan qolishmaydigan joylardan oziqlanadi.

 

2

Agar san’at nimagadir o‘rgatishi (birinchi navbatda san’atkorni) rost bo‘lsa, bu “nimagadir” insoniy tirikchilikning xususiy ko‘rinishlari bo‘ladi. Ular xususiy tadbirkorlikning eng qadimgi va eng asl shakli sifatida bemalol yoki beixtiyor, odamning ayni individuallik, betakrorlik, o‘ziga xoslik hislarini, uni ijtimoiy hayvondan shaxsga aylantirgan holda rag‘batlantiradi. Hayotda ko‘p narsalarni: non, to‘shak, e’tiqod, ma’shuqa kabilarni birov bilan baham ko‘rish mumkin, ammo she’rni, aytaylik, Rayoner Mariya Rilkening she’rlarini emas. San’at asarlari, ayniqsa, badiiy adabiyot, xususan, she’r odam bilan bevosita muloqotga kirib, unga yuzma-yuz murojaat etadi. Shuning uchun ham umumiy farovonlik jonkuyarlari, ommaning hukmdorlari, tarixiy zarurat jarchilari umuman san’atni, ayniqsa, adabiyotni va xususan, she’riyatni yomon ko‘rishadi. Chunki she’r o‘qilgan joyda kutilgan kelishuvchilik va yakdillik o‘rniga befarqlik va har tomonga tortqilashni, qatiy harakat o‘rniga e’tiborsizlik va irganishni ko‘radilar. Boshqacha aytganda, umumiy farovonlik jonkuyarlari va ommaning hukmdorlari yaxshi ko‘radigan nollar ichiga san’at “nuqta — nuqta — vergul” qo‘yib, har bir nolni juda chiroyli bo‘lmasada, odam basharasiga aylantirib qo‘yadi.

Ulug‘ Baratinskiy o‘zining ilhom parisi haqida gapirganida uni “yuz ifodasi umumiy bo‘lmagan” deb ta’riflagan edi. Individual mavjudlikning ma’nosi ana shunaqa, umumiy bo‘lmagan ifodaga kirishdan iborat bo‘lsa kerak, chunki shunday noumumiylikka biz irsiy jihatdan tayyorlanganmiz. Odam kim bo‘lmasin, yozuvchimi yo o‘quvchi, vazifasi shundan iboratki, u qanchalik farovon ko‘rinmasin, majburlab tiqishtirilgan yoki chetdan ko‘rsatilgan hayotni emas, haqiqiy o‘zining hayotini yashab o‘tsin. Zero, u har birimizda yakkayu yagona va nima bilan tugashini yaxshi bilamiz. Ana shu yagona imkoniyatni begona qiyofa va begona tajribalarni, huda-behuda qaytariqlarni takrorlashga sarflash zoye bo‘lardi. Undan-da achinarlisi, tarixiy zaruratlilik vasvasasi ta’sirida qaytariqlarga rozi bo‘lgan odamning tobuti yonida ular birgalashib yotmaydilar va rozi bo‘lganlari uchun ham rahmat demaydilar.

O‘ylaymanki, til va adabiyot har qanday shakldagi ijtimoiy tashkilotga qaraganda qadimroq, muqarrarroq va chidamliroqdir. Adabiyot tomonidan davlatga nisbatan bildiriladigan qahr-g‘azab, piching yoki befarqlik, aslida doimiylikning, aniqrog‘i — cheksizlikning vaqtinchalikka, cheklanganlikka nisbatan bo‘lgan aks ta’siri, aksil amalidir. Hech bo‘lmaganda, modomiki, davlat adabiyot ishlariga aralashishini qo‘ymas ekan, adabiyot ham davlat ishiga aralashishga o‘zini haqli deb biladi. Siyosiy tizim, ijtimoiy qurilma shakli, bular umuman har qanday tizim kabi, ta’rifga ko‘ra, o‘zini hozirgi zamonga (goho kelajakka ham) zo‘rlab yondashtirishga intilayotgan o‘tgan zamonning shaklidir. Kasb-kori til bilan bog‘liq odam buni unutishga jur’at etadigan eng so‘ngti odamdir. Yozuvchi uchun haqiqiy xatar davlat tomonidan ta’qib etilish ehtimolligi (ko‘pincha, realligi)dan ko‘ra ko‘proq uning ustomonlik bilan yoki doimo yaxshi tomonga o‘zgarayotgandek qilib ko‘rsatadigan, ammo hamma vaqt muvaqqat chizgilariga sehrlanib qolish ehtimolligidir. Davlatning falsafasi, axloqi — estetikasi haqida gapirmasak ham — doimo “kecha”, til va adabiyot doimo — “bugun” va ko‘pincha, u yoki bu siyosiy tizim izchil bo‘lsa, hatto “ertaga” hamdir. Adabiyotning xizmatlaridan biri — u odamga yashab turgan vaqtini aniqlashda, salaflar va o‘ziga o‘xshaganlar to‘dasi orasidan o‘zini ajratib olishda, “tarix qurboni” degan faxriy nom bilan ataluvchi qaytariqlardan qochishda yordam beradi.

San’at va adabiyot takrorlanishdan doimo qochishi va benazirligi bilan hayotdan farq qiladi. Oddiy hayotda siz bitta latifani uch marta aytib, odamlarni uch marta kuldirishingiz va ularning e’tiborini qozonishingiz mumkin. San’atdagi bunday muomala shakli “klishe” deb ataladi. San’at misli orqaga tepmaydigan qurol va uning rivoji san’atkorning individualligi bilan emas, materialning dinamikasi va mantig‘i bilan, har safar sifat jihatdan yangi estetik yechim topishni talab etadigan (yoki aytib turadigan) vositalarning oldingi taqdiri bilan belgilanadi.

O‘zining nasabnomasiga, dinamikasi, mantig‘i va kelajagiga ega san’at tarixga sinonim emas, eng yaxshi holda, unga paralleldir va uning mavjudlik usuli har safar yangi, estetik reallikni yaratishdan iborat. Mana, nima uchun u “taraqqiyotdan oldinda” bo‘lib qoladi, asosiy quroli “Marksni aniqlashtirib olsakmikin?” deganga o‘xshash “klishe”ga yopishib qolgan tarixdan ilgarilab ketadi.

Hozirgi paytda yozuvchi, ayniqsa, shoir o‘z asarlarida ko‘chabop tildan, olomon tilidan foydalanishi kerak, degan fikr keng tarqalgan. Bu da’vo demokratik tamoyilli va shoir uchun ancha foydali bo‘lib ko‘ringani bilan bema’nilik va san’atni, adabiyotni tarixga bo‘ysundirib berishga urinishdan boshqa narsa emas. Agar odamzod o‘z taraqqiyotida to‘xtashi lozim, deb qaror qilgan bo‘lsak, adabiyot xalq tilida so‘zlashi kerak, aks holda, xalq adabiyot tilida gaplashishi kerak. Har qanday yangi estetik reallik uning real ekanligini odam uchun aniqlashtirib beradi. Chunki go‘zallik axloqning onasi, “yaxshi” va “yomon” degan tushunchalar birinchi navbatda estetik tushuncha, ular “yaxshilik” va “yovuzlik” tushunchalaridan ogoh qiladi. Estetikada “hamma narsa ruxsat etilmagan”i uchun axloqda ham shunday, chunki spektrdagi ranglar soni cheklangan. Hech narsani tushunmaydigan go‘dak begona odamni yig‘lab turib nari itarsa yoki aksincha, unga talpinsa, axloqiy jihatdan emas, instinktiv ravishda estetik jihatdan tanlayotib inkor etgan yoki intilgan bo‘ladi.

Estetik tanlov, individual va estetik qayg‘urish hamma vaqt xususiydir. Har qanday yangi estetik reallik qayg‘urayotgan odamni yanada ko‘proq xususiylashtiradi va bu xususiylik ba’zan badiiy did yoki boshqa qandaydir shaklga kirib, o‘z-o‘zidan qulga aylanib qolish xavfidan saqlanish, balki kafolat omili bo‘lib qolishi mumkin. Chunki badiiy didli odam har qanday siyosiy demagogiyaga xos qaytariqlarni va ritmik sehr-jodularni qabul qilishi qiyin. Gap faqat yaxshilik durdona fazilat yaratishga kafolat bo‘lolmasligida emas, zulm, ayniqsa, siyosiy zulm doimo yomon stilist ekanligidadir. Shaxsning tajribasi qanchalik boy, didi qanchalar mustahkam bo‘lsa, uning axloqiy tanlovi shunchalik aniq, u shunchalik erkin, ehgimol, u judayam baxtli bo‘lolmas.

Dostoyevskiyning “dunyoni go‘zallik qutqaradi” degan gapini yoki Metyu Arnoldning “bizni poeziya qutqaradi” degan fikrini sof ruhiy ma’nodan ko‘ra, mana shunaqa amaliy nuqgai nazardan tushunmoq kerak. Ehtimol, dunyoni qutqarib qolish imkoni endi yo‘qdir, lekin ayrim odamni har doim qutqarish mumkin. Odamning estetik hissi shiddat bilan rivojlanadi, chunki u o‘zining kimligiyu nimani istayotganini to‘liq anglab yetmay turib o‘ziga nima yoqyaptiyu, nima g‘ashiga tegayotganini ichki tuyg‘u bilan sezadi. Qaytaraman: antropologik ma’noda odamning estetikligi axloqiylikdan oldinda turadi (Yozuvchi Ivan Yefremovning “Tig‘ ustida” romani “Go‘zallik biologik maqsad” degan tezis ustiga qurilgan Q.D.). Shuning uchun san’at, xususan, adabiyot turlar taraqqiyotining ikkilamchi mahsuloti emas, ayni shuning teskarisi. Agar bizni jonivorlar saltanatining boshqa vakillaridan ajratib turadigan narsa nutq bo‘lsa, adabiyot va poeziya ijodiyotning eng oliy shakli sifatida, qo‘polroq qilib aytganda, bizning turga tegishli maqsadni anglatadi.

Men, yoppasiga she’r to‘qishu kompozitsiyaga o‘rgatish kerak degan fikrdan yiroqman, shunday bo‘lsa-da, jamiyatni ziyolilar va boshqa toifalarga ajratib tashlash, menimcha maqbul emas. Bunday bo‘linish, axloqiy jihatdan jamiyatni boy va kambag‘allarga ajratish bilan barobar. Biroq ijtimoiy tengsizlik mavjud bo‘lishi uchun yana qandaydir jismoniy, moddiy asoslarni tasavvur qilish mumkin bo‘lsa, aqdiy tengsizlik uchun ularga o‘rin yo‘q. Tengsizlik boshqa sohalarda bo‘lishi mumkin, ammo aqliy sohada tenglik tabiat tomonidan kafolatlangan. Gap odamning ma’lumoti haqida emas, balki nutqining hosil bo‘lishida va undagi qittaygina taxminiylik odam hayotiga soxta tanlov kirib kelishi xatarini tug‘diradi. Adabiyotning mavjudligi adabiyot darajasidagi mavjudlikni nafaqat axloqan, balki leksik jihatdan ham ko‘zda tutadi. Agar musiqaviy asar odamga tinglovchi sifatida passiv yoki ijrochi sifatida aktiv bo‘lishidan birini tanlash imkoniyatini bersa, adabiy asar — san’at Montalening, umidni uzsa bo‘ladigan ma’nodagi so‘ziga qaraganda, faqat ijrochilik rolini talab qiladi.

Menimcha, odam boshqa rollardan ko‘ra ana shunisini ko‘proq o‘ynashi lozim. Undan ham ko‘ra, farazimcha, bu rol ijtimoiy portlash va odamlarning maydalashib ketishi, ya’ni shaxsning borgan sari yakkalanib borishi natijasida muqarrarlashib boradi. Men, o‘zim tengi odamlarga nisbatan hayotni ko‘proq bilaman deb o‘ylamayman, biroq, nazarimda, kitob do‘stga yoki ma’shuqaga qaraganda ishonchliroq suhbatdosh ko‘rinadi. Roman yoki she’r — monolog emas, yozuvchining o‘quvchi bilan suhbati esa — suhbat, o‘ta xususiy, boshqa hammasi bunga kirmaydi, aytish mumkinki, ikki tomonlama odamovilik. Shunday suhbat chog‘ida yozuvchi va o‘quvchi bir-biriga teppa-teng, yozuvchi ulug‘mi yo oddiy, buning hech ahamiyati yo‘q. Bu tenglik ongning tengligidir va u odam bilan xotira sifatida aniq yoki elas-elas, bir umrga qoladi, shaxsning xatti-harakatini belgilaydi. Ijrochining roli deganda aynan shuni nazarda tutaman. Roman yoki she’r yozuvchi va o‘quvchining o‘zaro yolg‘izlik mahsuli sifatida yanada tabiiyroq ko‘rinadi.

Bizning insoniyat tarixida, kelajak odami tarixida kitob, mazmun e’tibori bilan g‘ildirak ixtiro qilinishiga o‘xshagan favqulodda antropologik hodisadir. Bizning manbalarimiz haqida ma’lumot berishdan ko‘ra, ko‘proq kelajak odami deganlari nimalarga qodir ekanligini ko‘rsatib qo‘yish uchun paydo bo‘lgan kitob tajribaning fazoda ko‘chib yurish vositasi hisoblanadi. Ko‘chib yurish tezligi esa kitob sahifalarini ochish tezligiga bog‘liq. Bu ko‘chish boshqa har qanday ko‘chish singari bir umumiy maxrajdan qochishga, bu maxrajni ilgari beldan yuqori chiqib, yuragimizga, ongimizga, tasavvurimizga yetib bormagan chiziqqa bog‘lab qo‘yishga aylanib ketadi. Bu qochish — umumiy bo‘lmagan yuz ifodasi tomonga, kasrning surati tomoniga, shaxs tomonga, xususiylik tomonga qochishdir. Biz, kimdan andaza olib yaratilganimizdan qat’i nazar, besh milliard kishi bo‘ldik va san’at chizib ko‘rsatganidan bo‘lak kelajak bizda yo‘q. Aks holda bizni o‘tmish, avvalo, o‘zining mirshabona hamma “chiroyi” bilan siyosiy o‘tmish kutib oladi.

Nima bo‘lganda ham san’at, xususan, adabiyot jamiyatda kamchilikning mulki bo‘lgan holat, nazarimda, nosog‘lom va xatarli ko‘rinadi. Men davlatni kutubxonaga aylantirishga chaqirmayman, garchi shunday fikr menda ko‘p marta bo‘lgan, biroq ishonchim komilki, agar biz hukmdorlarimizni siyosiy dasturiga qarab emas, o‘quvchilik tajribasiga qarab tanlaganimizda, yer kurrasida g‘am-anduh kamroq bo‘lardi. Bo‘lajak hukmdordan dastlab uning tashqi siyosat dasturini emas, Stendalga, Dikkensga, Dostoyevskiyga munosabatini so‘rash kerak. Hech bo‘lmasa, shuning uchun hamki, insoniy xilma-xillik va bema’nilik adabiyotning kundalik noni, adabiyot esa insoniy mavjudlik muammolarini yechishda qo‘llaniladigan ma’lum va bo‘lajak totalitar yondashishga urinishlar yo‘lida ishonchli to‘g‘anoq bo‘la oladi. Adabiyot, jilla qursa, axloqiy sug‘urtalash tizimi sifatida u yoki bu diniy e’tiqod yoki falsafiy doktrinaga qaraganda ancha samaraliroq. Chunki bizni o‘zimizdan saqlaydigan bironta qonunning bo‘lishi mumkin emas, hech bir jinoiy kodeks adabiyotga qarshi qilingan jinoyat uchun jazolashni ko‘zda tutmaydi. Va bunday jinoyatlar ichida eng og‘iri muallifni ta’qib etish, tsenzura cheklovlari, kitobni o‘tga tashlash emas. Bulardan og‘irroq jinoyatlar borki, u — kitobni mensimaslik, ularni o‘qimaslikdir. Bu jinoyat uchun odam o‘z hayoti bilan tovon to‘laydi. Agar uni millat sodir etsa, u o‘z tarixi bilan to‘lov beradi. Hozir men bir mamlakatda yashab turib, odamning moddiy farovonligi bilan ug‘shng badiiy nodonligi o‘rtasida qandaydir munosabat bor, deb birinchilar qatori ishongan bo‘lardim, biroq bunday fikrdan men tug‘ilib o‘sgan mamlakat tarixi qaytarib turibdi. Shunga ko‘ra, sabab-oqibatlar minimumiga, dag‘al formulaga keltirilgan rus fojiasi — jamiyat fojiasidir, undagi adabiyot kamchilikning — mashhur rus ziyolilarining alohida huquqi, imtiyozi bo‘lib qoldi.

Men bu mavzuda ko‘p to‘xtalmoqchi emasman, bu kechada million odam tomonidan siyosiy doktrinaning tantanasi yo‘lida xarob qilingan o‘n millionlab odamlarni eslatib, sizlarni qayg‘uga solmayman. XX asrning birinchi yarmida Rossiyada kechgan bunday voqeapar avtomatik o‘qotar qurol ixtiro qilinmasidan oldin sodir bo‘lganiga e’tiboringizni qaratmoqchiman, xolos. Rossiyadagi siyosiy doktrinaning nochorligini shundan ham bilsa bo‘ladiki, uni amalga oshirish uchun insoniy qurbonlar talab qilinardi. Bir narsani aytaman: tajribadan emas, afsus, faqat nazariy jihatdan kelib chiqib faraz qilamanki, o‘ziga o‘xshagan bir kimsaga, qanday bo‘lmasin, bir g‘oya yo‘lida o‘q otish Dikkensni mutolaa qilgan odam uchun uni o‘qimaganga qaraganda og‘irroq. Men savodlilik, ma’lumotli bo‘lish haqida emas, faqat o‘qish haqida, Dikkensni, Stendalni, Dostoyevskiyni, Floberni, Balzak, Melvill va shu kabilarni o‘qishni nazarda tutyapman. Savodli, ma’lumotli odam esa, siyosiy traktatni o‘qib bo‘lgach, o‘ziga o‘xshagan bir kimsaga qo‘li qilt etmay o‘q otishi va bundan hatto e’tiqod zavqini tuyishi mumkin.

Poeziyaga o‘tishdan oldin bir narsani qo‘shimcha qilaman: rus tajribasini ogoh sifatida qabul qilgan ma’qulroq, chunki G‘arbning ijtimoiy tuzilmasi hozirgacha 1917 yildan oldingi Rossiyadagiga o‘xshash (nafsilamrini aytganda, XIX asr rus psixologik romanining G‘arbda ommabop ekanligi va zamonaviy rus prozasiga nisbatan past qadrlanishi aynan shu sabab bilan izohlanadi. XX asrda Rossiyada yuzaga kelgan ijtimoiy munosabatlar o‘quvchiga personajlarning ismidan ko‘ra g‘alatiroq tuyulsa, ehtimol). Rossiyadagi siyosiy partiyalarning o‘zigina, masalan, 1917 yilgi oktyabr to‘ntarishi arafasida, hozirgi kunlarda AQShdagi yoki Buyuk Britaniyadagidan ko‘p bo‘lsa bor ediki, kam emasdi. Boshqacha aytganda, ehtirosga berilmagan odam G‘arbda XIX asr davom etayotganini sezgan bo‘lardi. Rossiyada esa u tugadi. Agar men, u fojia bilan tugadi, desam, avvalo shuning uchunki, yuzaga kelgan ijtimoiy va xronologik o‘zgarish o‘z ortidan ko‘plab insonlar qurbonini boshlab keldi. Haqiqiy fojiada qahramon emas, omma halok bo‘ladi.

 

3

Ona tilisi — rus tili bo‘lgan odam uchun siyosiy zulm haqida gapirish ovqat hazm qilishdek tabiiy hisoblansa-da, men endi so‘zimning mavzusini o‘zgartiraman. O‘z-o‘zidan ayon narsa haqidagi gaplarning kamchiligi shundaki, ular o‘zining yengilligi, yengil erishiladigan haqqoniylik hissiyoti bilan odamning ongini buzadi. Ularning qiziqtiradigan narsasi ana shunda, va u o‘z tabiatiga ko‘ra, bunday zulmni keltirib chiqaradigan ijtimoiy islohotchining vavasasiga o‘xshaydi. Bu vasvasani his etish va undan qochish qandaydir darajada mening zamondoshlarim, qalamkash maslakdoshlarim taqdiriga bo‘lmasa ham, ularning qalami ostidan chiqqan adabiyotga mas’ul. Bu adabiyot chetdan turib kuzatgandagidek, tarixdan qochish ham emas, xotirani bo‘g‘ish ham emas.

“Aushvitsdan keyin qanday qilib musiqa yozish mumkin?” deydi Adorno. Rus tarixi bilan tanish odam bu gapni faqat lager nomini o‘zgartirgan holda takrorlashi mumkin. Takrorlaganda ham kattaroq huquq bilan ayta oladi, chunki stalincha lagerlarda chirib ketganlar miqdori nemis lagerlarida qirilganlardan ancha o‘tib tushadi. “Aushvitsdan keyin qanday qilib lanch yeyish mumkin?” dedi bir vaqt amerikalik shoir Mark Strend. Nima bo‘lgandayam, men mansub bo‘lgan avlod shu musiqani yozishga qodir bo‘lib chiqdi. Bu avlod Aushvits krematoriylari to‘la quvvat bilan ishlayotganda, Stalin o‘zining xudosifat, mutlaq, go‘yo tabiat tomonidan ruxsat etilgan hokimiyat cho‘qqisiga ko‘tarilganda tug‘ilgan. Bu avlod krematoriylarda, stalincha arxipelagning nom-nishonsiz, umumiy qabrlarida nazariy jihatdan uzilib qolishi kerak bo‘lgan narsani davom ettirish uchun tug‘ilgan. Hamma narsa uzilib bitmagani, hech bo‘lmasa, Rossiyada ko‘p jihatdan shu avlodga bog‘liq va men o‘sha avloddan ekanligimdan g‘ururlanishim, bugun mana shu minbarda turganimdagi g‘ururimdan kam emas.

Men bugun shu yerda turishim o‘sha avlodning umummadaniyatga qo‘shgan hissasini tan olishdir. Mandelshtamni eslasam, dunyo madaniyatiga qo‘shgan hissa, degim keladi. Ortga nazar tashlab, aytishim mumkinki, biz bo‘m-bo‘sh yerdan, aniqroq aytsam, vayronaligi bilan odamni qo‘rqitadigan yerdan boshlaganmiz va biz ongimizdan ko‘ra hissiyotimiz bilan tezroq tushunib yetdikki, madaniyatning uzluksizlik samarasini qayta yaratish, uning havza va so‘qmoqlarini tiklash, unda-munda butun qolgan va obro‘sizlantirilgan havzalarni o‘zimiz yaratgan, yangi yoki bizga shunday tuyulgan mazmun bilan to‘ldira boshlash kerak.

Balki boshqa yo‘l ham bo‘lgandir. Bu — buzilishda davom etish, parchalar va vayronalar poetikasi, minimalizm, nafaslarning bo‘g‘ilish yo‘li. Biz bundan voz kechgan bo‘lsak, u o‘zimizni o‘zimiz dramalashtirish bo‘lib tuyulganidan yoki xayolimizda insoniy qadr-qimmatga teng madaniyatning bizga ma’lum havzalarining nasliy olijanobligini saqlab qolish g‘oyalari bilan juda ruhlanib ketganimizdan emas. Biz undan shuning uchun voz kechdikki, tanlov biz tomondan emas, madaniyatning o‘zidan va bu tanlov yana axloqiy emas, estetik jihatdan bo‘ldi. Albatta, odam o‘zini madaniyatning quroli emas, uni yaratuvchisi va saqlovchisi sifatida tasavvur etishi tabiiy. Agar men bugun buning aksini tasdiqlab tursam, sababi XX asrning so‘ngida Plotinni, lord Sheftsberini, Shelling yoki Novalisni boshqacha ifodalashda bir sehr bor-yo‘qligida emas, balki so‘zlashuv tilida ilhom parisining ovozi — tilning hukmronligi ekanidadir. Ya’ni, til shoirning quroli emas, aksincha, u tilning o‘lmay qolish vositasi. Tilni jonli mavjudot deb tasavvur qilsak-da (shunda adolat qaror topgan bo‘lardi), axloqiy tanlashga qodir emas.

Odam she’r yozishga turli mulohazalar ila qo‘l uradi: ma’shuqaning yuragini zabt etish, tevarakdagi borliqqa — u xoh manzara bo‘lsin, xoh davlat munosabat bildirish, muayyan bir onda o‘z ruhiy ahvolini tasvirlash, shu onda o‘ylayotganidek, yer yuzida o‘zidan bir iz qoldirish uchun. U she’rga ongsiz — taqlid mulohazalari bilan qo‘l uradi, oppoq qog‘oz o‘rtasida tepadan pastga qarab tushgan ajibuji so‘zlar ustuni odamga, uning dunyoda tutgan holatini, fazoning o‘ziga munosabatini eslatsa kerak. Biroq, qo‘liga qalam tutqizgan mulohazalarga, qalami ostidan chiqadigan narsaning kattami-kichikmi auditoriyaga ta’siri qanday bo‘lishiga bog‘liq bo‘lmagan holda! Bu ishning izma-iz keladigan natijasi til bilan bevosita muloqotga kirish hissi, aniqroq aytganda, unga shu onda qaram bo‘lib qolish hissi, u aytgan hamma narsa yozib qoldirildi. Bu qaramlik — mutlaq va shafqatsizdir, lekin o‘zi ozod etadi. Chunki til yozuvchidan katta va o‘tgan zamon tomonidan berilgan salohiyat — markazdan qochuvchi juda ulkan quvvatga ega. Bu salohiyat muayyan tilda gaplashadigan millat miqtsori bilan emas (garchi bunga ham bog‘liq), shu tilda yozilgan she’rning sifati bilan aniqlanadi.

Qadimgi Yunon va Rim mualliflarini, Danteni esga olish kifoya. Hozirgi paytda, aytaylik, rus yoki ingliz tilida yaratilayotgan asarlar bu tillarni yana minglab yillar yashab qolishini kafolatlaydi. Qaytaraman: shoir til mavjudligining vositasi yoki ulug‘ Oden aytganidek, u tilni tirik tutib turadigan kimsa. Ushbu satrlarni yozayotgan men o‘lib ketsam-da, ularni o‘qiydigan sizlar yo‘qlikka rixlat qilsangiz ham satrlarni ifodalagan va siz o‘qiydigan til qoladi. Til odamdan uzoqroq yashash qobiliyatiga egaligi uchun emas, o‘zgarishlarga juda yaxshi moslashgani uchun saqlanib qoladi.

She’r yozadigan odam o‘limidan keyingi shon-shuhrat uchun yozmaydi, garchi she’rim o‘zimdan uzoqroq yashab qoladi, degan umidga tez-tez berilsa ham. Uning tili keyingi qatorni aytib turgani uchun she’r yozadi. She’rni boshlagan vaqtda u nima bilan tugashini bilmaydi va goho natijadan o‘zi ham hayron qoladi, chunki ko‘pincha o‘zi o‘ylaganidan ko‘ra yaxshiroq natija chiqadi, fikri o‘zi o‘ylaganidan ham teranlashgan bo‘ladi. Mana shu — tilning kelajagi, shoirning hozirgi zamoniga aralashganidir. Bizga ma’lumki, bilishning uchta usuli bor: analitik, hissiy va payg‘ambarlarga xos usul — vahiy. Poeziya adabiyotning boshqa janrlaridan uchala usuldan baravariga (birinchi va ikkinchisidan ko‘proq) foydalanishi bilan farqlanadi, chunki tilda uchala usul bor. Gohida she’r yozadigan odam bitta so‘z yordamida boshqa hech kim borolmagan, hatto o‘zining xayoliga kelmagan joylarni zabt etadi. Odam she’rni shuning uchun ham yozadiki, she’r to‘qish ongning, mushohadaning, dunyoni tushunishning azim tezlatgichidir. Odam bunday tezlanishni bir marta his qilgandan keyin, giyohlarga yoki ichkilikka bog‘lanib qolganidek o‘rganib, bog‘lanib qoladi. Tilga ana shu tarzda bog‘lanib qolgan odamni, o‘ylashimcha, shoir desa bo‘ladi.

1987 yil

Iosif Brodskiy. Nobel ma’ruzasi