Buyuk hakim, olim va faylasuf ibn Sino Buxoro shahri yaqinidagi Afshona qishlog‘ida tug‘ildi. U 19 yoshga to‘lganda ona shahri Buxoroni qoraxoniylar bosib oldilar. Bosqinchilar shaharni butkul vayron qilib, ko‘plab madaniy boyliklarni yo‘qotib yuborishdi. Bu vaqtga kelib, ibn Sino iste’dodli hakim va faylasuf sifatida tanilib ulgurgandi. Ko‘p o‘tmay Sharqda uni «Shayx ar-rais», ya’ni «Donishmandlar yetakchisi» deb atay boshladilar.
Ibn Sino juda ko‘p mutolaa qilardi. U ilm cho‘qqilariga mustaqil o‘qib-o‘rganish yo‘li bilan yetib bordi. Bu haqda allomaning o‘zi shunday yozadi: «O‘n yoshimda Qur’onni o‘rgandim, badiiy adabiyotlarni o‘qib chiqdim. Keyin mantiq ilmiga oid kitoblarni mutolaa qilib, mustaqil ravishda bu ilmning nozik qirralarini o‘zlashtira bildim. Shundan so‘ng tibbiyot ilmiga murojaat qilib, ko‘plab kitoblarni o‘qishga tutindim. Qisqa vaqt ichida mening tibbiyot sohasidagi bilimlarim va davolash san’atim shunday sarhadlarga yetdiki, o‘sha davrning eng hurmatli hakimlari mening huzurimga maslahat so‘rab kela boshladilar. Men hakimlik amaliyoti bilan ham tinmay shug‘ullandim va nihoyat menga insonlarni davolash ilmining darvozalari keng ochildi. Bu vaqtda endigina 16 yoshga to‘lgandim. Ana shu yoshimda tunlari uyqu, kunduzlari halovat neligini bilmay faqat ilm bilan mashg‘ul bo‘ldim, inson tabiati o‘z bilimlarini mustahkamlash va ilm yo‘lida olg‘a borishga qay darajada qodir bo‘lsa, men ham shu darajada harakat qilib, ter to‘kdim».
* * *
Ibn Sinoning falsafiy jihatdan shakllanishi oson kechmadi. U bir tasodif tufayli falsafa olamiga kirib bordi. Bu haqda o‘zi shunday yozadi: «Arastuning «Metafizika» asarini o‘qib chiqdim. Ammo muallifning maqsadi men uchun jumboqligicha qolaverdi. Asarni to yod bo‘lguncha qayta-qayta o‘qidim. Lekin baribir hech narsaga tushunmadim. Shundan so‘ng bu tushunarsiz asar ekan degan xulosaga kelib, uni tashlab qo‘ydim. Bir kuni muqovasozlar bozoridan o‘tayotib, bir savdogarning o‘z kitoblarini maqtayotganini eshitib qoldim. Do‘konga yaqin bordim. Savdogar menga kitoblardan birini ko‘rsatdi. Bu Abu Nasr Forobiyning «Metafizikaning asosiy qoidalari» deb nomlangan asari edi. Men jahl aralash bu tushunarsiz ilmdan hech qanday foyda yo‘qligini aytib, kitobni rad etdim. Sotuvchi esa qo‘yarda-qo‘ymay kitobni arzon bahoda sotib olishga undardi. Axiyri kitobni bor-yo‘g‘i uch dirhamga sotib oldim. Uyga qaytib, kitobni mutolaa qilishga kirishdim: u menga o‘z sirlarini ochdi va men falsafaga oid barcha savollarimga javob topdim».
* * *
Donishmandlik bizga hayot so‘qmoqlarida ulug‘ saodatni hozirlab in’om etuvchi vositadir.
* * *
Barcha fanlarning asosiy qonun-qoidalari metafizikaga asoslanadi (metafizika tabiatdan tashqaridagi hodisalar haqidagi fan). Garchi uni eng keyin o‘rgansalar-da, aslida u birinchi o‘rinda turadi.
* * *
Ruh — abadiy. U jism bo‘lgandan keyin ham mavjud bo‘lib qolaveradi.
* * *
Ruh — jismga bog‘liq bo‘lmagan ravishda mustaqil fikrlaydi.
* * *
Tiriklik jismning idrok va harakatga ega bo‘lmog‘i demakdir.
* * *
Aql tarozusida tortib ko‘rilmagan har qanday bilim asossizdir. Shu bois mantiq ilmini o‘rganmoq juda muhim.
* * *
Hakimning uch quroli bor: so‘z, giyoh va tig‘.
* * *
Yolg‘izlik halokatga olib keladi. Zero, inson o‘ziga kerakli narsalarni faqat jamiyat yordamida qo‘lga kiritishi mumkin.
* * *
Chala bilim egasi bo‘lishdan ko‘ra, bilimsizlik afzalroqdir.
* * *
Ruh — shamchiroqqa, bilim — ana shu shamchiroqdan taralayotgan yog‘duga, Allohning zakosi — moyga o‘xshaydi. Shamchiroq yonishdan to‘xtamas ekan — sen tiriksan. Agar u o‘chsa — sen halok bo‘lasan.