Epiktet Kichik Osiyoda joylashgan Giyerpolis shahrida tug‘ilib o‘sdi. Hozirgi Turkiya davlatining poytaxti Anqaradan 75 chaqirim uzoqlikda joylashgan bu shaharda savdo-sotiq juda rivojlangan edi.
Epiktet qul oilasida dunyoga keldi. Bolalik chog‘ida uni Rim shahridagi qul bozoriga keltiradilar. Epiktetni hukmdor Neronning tanqo‘riqchisi Epafrodit sotib oladi.
«Epiktet» so‘zi — «sotib olingan» degan ma’noni anglatadi. Epafrodit Epiktetni sotib olayotganda uning chidamliligini tekshirish maqsadida tayoq bilan tizzasining pastiga uradi. Epiktetning oyog‘i sinib, bir umrga oqsoq bo‘lib qoladi.
68 yilda 30 yoshli imperator Neron vafot etadi. Yangi hukmdor Domitsian uning tanqo‘riqchisi Epafroditni qatl qiladi. Egasining o‘limidan so‘ng Epiktet qullikdan ozod bo‘ladi. U faylasuflar Evrat va Muzoniy Ruf qo‘lida tahsil oladi.
Epiktet faylasuflarga xos qashshoqlikda kun kechiradi. U doimo: «Sabr qil va chida!» — degan naqlni takrorlashni xush ko‘rardi. Epiktet yoddan ta’lim olib, nutqini ham qog‘ozga tushirmasdan yodaki bayon etgan.
* * *
Eng muhimi — Xudoning mavjudligi va U butun Koinotni donishmandlik ila boshqarib turmog‘iga komil ishonch bilan qaramoqlik lozim. Sen Unga bo‘ysun, ro‘y berayotgan voqea-hodisalarga qarshilik ko‘rsatmay, barchasiga tan ber.
* * *
Men nimaman? Insonman. Agar o‘zimga boshqa narsalardan alohida va mustaqil bir jon deb qaragudek bo‘lsam, u holda men so‘zsiz uzoq umr ko‘rishim, boy-badavlat, baxtiyor va sog‘lom hayot kechirishim kerak. Agar o‘zimga butunning kichik bir zarrasi sifatida qaragudek bo‘lsam, u holda ana shu butunga nisbatan har qanday xastalikka, muhtojlikka bo‘ysunishim yoki hatto bevaqt o‘limga ham shay turmog‘im lozim. Shunday ekan, mening noshukrlik qilishga haqqim bormi? Axir men noshukrlik tufayli yurishdan bosh tortib, tanadan ajralib qolgan oyoq kabi insonlikdan mahrum bo‘lib qolish mumkinligini yaxshi bilaman-ku!
* * *
Sen dramada ishtirok etayotgan bir aktyor ekanligingni, katta yoki kichikligidan qat’i nazar, muallif tomonidan topshirilgan rolni o‘ynashing kerakligini unutma. Agar u sening qashshoq timsolini o‘ynashingni istasa, bu vazifani sidqidildan bajar. Biror nogiron kimsa yoki hukmdor, yo bo‘lmasa oddiy fuqaro timsolini ham astoydil ado et. Sening vazifang zimmangga yuklatilgan rolni yaxshilab bajarishdan iborat. Rollarni taqsimlab berish esa o‘zganing ishi.
* * *
Shuni yodda tutgilki, agar inson baxtsiz ekan, bunga uning o‘zi sababchi. Chunki Xudo barcha odamlarni baxt uchun yaratgan.
* * *
Bizning qalbimiz suvli idishga, fikrlarimiz esa suvga tushayotgan nurga o‘xshaydi. Idishdagi suv chayqalganda, unga tushayotgan nur ham chayqalib, sinayotgandek tuyuladi. Aslida esa bunday emas. Qalb hayajondan junbushga kelganda go‘yoki fikrlarimiz ham chalkashib, zaiflashgandek bo‘ladi. Ammo qalb osoyish topgach, fikrlarimiz ham o‘sha zahoti asliga qaytadi.
* * *
Voqealar o‘zing istagan tarzda sodir bo‘lishini talab etma. Inson voqea-hodisalarni boshqara olmasligini, aksincha, unga moslashmog‘i kerakligini doimo yodda tut. Ana shunda baxtiyor yashaysan.
* * *
Falsafa maktabi kasalxonaga o‘xshaydi. Siz uni xush kayfiyatda emas, balki og‘riq bilan tark etasiz.
* * *
Mavjud narsalarning ba’zi birlari bizning hukmimizda bo‘lsa, boshqalari ixtiyorimizdan tashqaridadir. Biz xohish-istaklarimiz, irodamiz, intilish va tonishlarimizga, jamiki xatti-harakatlarimizga hukmronmiz.
Bizning hukmimizdagi narsalar tabiatan erkin bo‘lib, to‘siq va cheklashlar nimaligini bilmaydi. Hukmimiz tashqarisida qolgan barcha narsalar zaif, mute, turli to‘siq va tazyiqlarga mahkumdir. Bas, shunday ekan, bir o‘ylab ko‘ring: agar siz tabiatan mute va tazyiqlarga mahkum narsalarni o‘zingizniki qilib olgudek bo‘lsangiz, albatta to‘siqlarga, turfa tashvishlaru notinchliklarga duch kelasiz. Tangridan va odamlardan norozi bo‘laverasiz. Agar siz, aksincha, faqat tabiatan o‘zingizga tegishli narsalargagina egalik qilib, tazyiqlarga mahkum narsalarni begona sanasangiz, u holda sizni hech kim hech narsaga majburlay olmaydi va maqsadingiz yo‘lida to‘sqinlik qilolmaydi. Natijada sizga biror ziyon yetkazishmagani bois hammadan minnatdor bo‘lib yashaysiz.
* * *
Meni ko‘ring: na fuqarolik huquqim, na bir boshpanam, na davlatim va na qulim bor. Tunlari ochiq osmon ostida uxlayman. Xotinim, farzandlarim ham yo‘q. Mening mana shu yer, osmon va yopinchig‘imdan o‘zga hech vaqom yo‘q. Xo‘sh, menga yana nima kerak? Hech narsa. Chunki men erkinman. O‘zimga xon, o‘zimga bekman. Badarg‘a?.. Qayerga badarg‘a qiladilar? Kim meni bu olamdan tashlab yuborishga qodir? Men qayerni istasam, o‘sha yerga boraman. Axir, quyosh, oy, yulduzlar, qushlar xonishi hamma joyda bir xil-ku…
* * *
Qo‘lida bolta yoki cholg‘u asbobi ushlagan odamni duradgor yoki musiqachi deb atash mumkin bo‘lmaganidek, aqlli gaplarni so‘zlovchi har qanday odamni ham donishmand deb hisoblash nojoizdir.
* * *
Kimki erkin bo‘lishni xohlar ekan, o‘zgalar izmida bo‘lgan hech bir narsani qo‘lga kiritishni xohlamasin va bu narsalardan jirkanmasin ham.